|
O’zbekiston Respublikasining ekologik muammolari
|
bet | 3/3 | Sana | 16.01.2024 | Hajmi | 23,93 Kb. | | #138861 |
Bog'liq 2-maruza O’zbekiston Respublikasining ekologik muammolari
Ekologik muammolarga yechim bormi?
O‘zbekiston iqlimi keskin quruqlashib bormoqda. Kuzda yomg‘ir, qishda esa qor yog‘ishi sezilarli darajada kamaydi.Yoz oylarida anomal issiq harorat kuzatilmoqda, Yil davomida yurtimizga kirib keladigan sovuq havo oqimi 2 barobargacha qisqardi. Bularning barchasi global iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq bo‘lib, havo va tuproqda suv tanqisligini kuchaytirib, mintaqamizga ham jiddiy ta’sir qilayotganini anglatadi.
2021-yil may oyida Toshkent shahri va ayrim hududlarda kuzatilgan noodatiy chang-qum bo‘roni mahalliy xususiyatga ega va u hududning o‘zidagi tuproq, chang va qum zarrachalarini havoga ko‘tarib, havoni bir muddat xiralashtirdi. Ushbu holat shu bilan to‘xtab qolmasligi ehtimoli kuchli.Chunki iqlim o‘zgaryapti, yashil qoplam esa juda kam.
Qolaversa, yashil maydon va yaylovlarni ko‘paytirganimiz bilan qo‘shnilarda vaziyat yaxshi bo‘lmasa, ulardagi ofatlarning bizga ham ta’siri seziladi. Ya’ni, bunda hamma teng chora ko‘rishi lozim. Chang bo‘ronlari O‘zbekistonning g‘arbiy va janubiy qismida ko‘p bo‘lgan. Toshkent shahrida esa bu holat birinchi marta yuz berdi.
Chang, qum bo‘ronlarining ko‘tarilishi, yerlar eroziyasi va degradatsiyasi suv resurslarining kamayishida ko‘rinmoqda. Endilikda O‘zbekiston mazkur oqibatlarning oldini olish uchun “yashil” iqtisodiyotni ilgari surish, ekologiya va bioxilma-xillikni saqlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga bel bog‘ladi.
Afsuski, har daqiqada O‘zbekistonning 9 kvadrat metr hududi cho‘llanib boryapti. Ekologik va geoekologik muammolar kun sayin o‘sib bormoqda. Ammo cho‘llanishga qarshi kurashish masalasi hozircha kun tartibiga yetarli darajada aniq qo‘yilmagan. Shuningdek, dunyo bo‘yicha har yili 12 million va har daqiqada 23 gektar maydon cho‘llanyapti va bu hozir yer yuzining 75 foizini tashkil qiladi. Bu holat davom etaversa, 2050-yilga kelib yer yuzining 95 foizi cho‘llanishi va bu 3 milliarddan ziyod odam oziq-ovqat tanqisligida qolishi mumkin degani. Bunday o‘lkalarda ekologik tizimlar buziladi, organik hayotning barcha shakllari yomonlashadi.
Cho‘llanish – yerning ekin ekilmaydigan yaroqsiz holga kelish jarayoni.U qashshoqlikni keltirib chiqaruvchi omillardan biri hisoblanadi. Bunda qurg‘oqchil iqlimli o‘lkalarda ekologik tizimlar buziladi, o‘simlik va hayvonot olami populyatsiyasiga salbiy ta’sir kuchayadi. Dunyoni tabiiy-iqtisodiy inqirozga olib keladi.
Ana shunday cho‘llangan suvli hududlarning 87 foizi oxirgi 300 yil ichida yaroqsiz holga kelgan. Yana ham yaqin tarixga nazar tashlasak, cho‘llanishning 54 foizi oxirgi 100 yilga to‘g‘ri keladi. Janubi-Sharqiy Osiyo va Afrikada bu jarayon hamon davom etmoqda. Shuningdek, dunyo aholisining o‘sib borishi – cho‘llanishning asosiy sabablaridan biri. Chunki odamlar soni ko‘paygani sari oziq-ovqat va moddiy boyliklarga talab ham oshadi. Bu esa yerdan ko‘proq hosil olish kerakligini anglatadi. Natijada dehqonchilik maydonlari ayovsiz ishlatilib, yaroqsiz holga keladi.
Sho‘rlanish, qurg‘oqchilik kabi boshqa ekologik muammolarning eng oxirgi natijasi cho‘llanish hisoblanadi. Shu bois ularni nisbatan tezroq bartaraf etsa bo‘ladi. Cho‘llanishni to‘xtatish esa birmuncha qiyin, chunki bunday hududda yerlar unumdorligini yo‘qotadi. Hech qanday maqsadda foydalanib bo‘lmaydi, ya’ni qishloq xo‘jaligi, chorvachilik maqsadida foydalanish uchun yaroqsiz bo‘ladi. Bunday hududlarda faqat yantoq, saksovulga o‘xshagan o‘simliklar o‘sadi, lekin iste’molga yaroqli mahsulot olib bo‘lmaydi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston hududining 70 foizi cho‘llangan.Cho‘llanishga olib keladigan yana bir omil – qishloq xo‘jaligining oqilona tashkil qilinmaganidir. Ikkinchidan, qishloq xo‘jaligi chorva mollarining noto‘g‘ri o‘tlatilishi ham bunga sabab bo‘ladi. Chorva mollarini o‘tlatish jarayonida hayvonlar o‘simliklarni ildizi bilan yeb yuboradi. Bu esa degradatsiya jarayonini yanada tezlashtiradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2021-yilning 2-noyabrida “Aholini uy-joy bilan ta’minlash hamda yashil maydonlarni kengaytirish chora-tadbirlari” muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda Prezidentimiz tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi e’lon qilingan edi. Unda yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilishi, shaharlardagi yashil maydonlar hozirgi 8 foizdan 30 foizgacha oshirilishi ma’lum qilindi. “Shuncha yillarda “qog‘ozda” ekilgan daraxtlarni hisoblasa, O‘zbekistonda bo‘sh joy qolmasligi kerak edi. Qarovsiz bo‘lgani sababli ekilganining ham ko‘pi qurib ketdi. Bugungi va kelgusidagi ekologik vaziyatni inobatga olib, daraxt ekishni davlat siyosati darajasiga ko‘taryapmiz. Shuning uchun bu umummilliy loyihani puxta tayyorgarlik bilan puli, egasi, sug‘orish tizimi bilan amalga oshirish kerak”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ma’lumotlarga qaraganda, keyingi yillarda Buxoro viloyatining har gektar maydoniga faqatgina atmosfera orqali bir yilda o‘rtacha 400–500 kg chang va tuzlar aralashmasi yog‘iladi. Shularning 40–50 foizi Orol bo‘yidan kirib kelmoqda. Viloyat hududida tabiiy namlik yetarli emas. Atmosfera yog‘inlarining yillik miqdori 90–150 mm.ni tashkil qiladi. Yer sathidan bug‘lanish esa 2000 mm.gacha yetadi. Bu jihatdan Buxoro viloyati o‘ta qurg‘oqchil(adir) zonaga mansubdir. Orol dengizi suvining chekinishi natijasida keyingi 10 yilda viloyatda shamolning doimiyligi yoz mavsumidagi garmsellar bilan birgalikda 40 foizga oshganligi qayd etilgan. So‘nggi bir-ikki yil ichida faqat yoz oylari emas, balki to‘rtala fasl davomida ham shamollar, ba’zida chang-qumli bo‘ronlar kuzatilmoqda.
Buxoro viloyati sharoitida g‘o‘za, g‘alla va boshqa qishloq xo‘jaligi o‘simliklari nafaqat tuproq sho‘rlanishi, balki boshqa noqulay ekologik omillar – qurg‘oqchilik, suv tanqisligi, garmsel (issiq shamollar) va yuqori harorat ta’siridan ham qattiq zararlanmoqda. Masalan, ko‘pincha yoz oylari tuproqda suv yetishmasligi (tuproq qurg‘oqchiligi), havo haroratining yuqori (45–50 o C) va nisbiy namlikning past bo‘lishi (10–20 foiz), garmsel (issiq shamollar), atmosfera qurg‘oqchiligi va boshqa noqulay omillar g‘o‘za, g‘alla kabi ekinlarning hosil salmog‘i hamda sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirini kamaytirish, sog‘lom ekologik muhitni yaratish borasida Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Hamidov tashabbusi bilan viloyatning Olot va Qorako‘l tumanlarida 2021-yil fevral oyi ko‘chat ekish oyligi deb e’lon qilingan edi. Mahalla, bog‘cha, maktablar atrofi, hovlilarga jami 100 mingdan ortiq har xil turdagi daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi va ularni parvarishlash bo‘yicha monitoring yo‘lga qo‘yildi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bilan birga quyidagi takliflarni ham hisobga olish kerak:
Suvni nisbatan ko‘p hududlardan suv tanqis mintaqalarga yetkazish, suv ko‘p bo‘lgan yillari zaxirada suv g‘amlab, qurg‘oqchil yillarda sarf qilish, oqova suvlarni qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun qayta tozalashni ilmiy asoslash, cho‘l hududida daraxtlarni ko‘paytirish, suvsizlikka chidamli o‘simliklarni tuproq va iqlim sharoitiga moslashtirish.
Cho‘l-adir hududida o‘sayotgan o‘simlik dunyosiga juda e’tiborli bo‘lishimiz kerak. Chunki cho‘l hududida o‘simlik o‘sishi uchun sharoit deyarli yo‘q. Shuningdek, bunday hududlarda chorva mollarini boqish masalasiga ham alohida e’tibor qaratish zarur.Ularni tizimli ravishda o‘tlatishni rejalashtirish lozim. Aytaylik, 1 gektar yerda 1–3 kun davomida chorva o‘tlatilib, keyin boshqa joyga ko‘chirilishi kerak. Bundan maqsad – chorva o‘simlik ildizini yeb qo‘ymasligi yoki ildizlarini tuyoqlari bilan ezib yubormasligi zarur.
Cho‘l hududida o‘sgan buta, daraxtlarning aholi tomonidan ayovsiz kesilishini to‘xtatish shart. Qolaversa, kuz-qishki mavsumga tayyorgarlik vaqtida daraxtlarni kesmaslik, cho‘l hududida o‘sayotgan o‘simlikning qirqilishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim.
4. Eng muhimi, insonning tabiatga bo‘lgan munosabatini yaxshilash kerak. Bunda, avvalo, ekologik bilim va tushuncha, ekologik madaniyat, insonlarning tabiatga bo‘lgan mehrini oshirish zarur.
5. Avtomobil yo‘llari chetlariga ekilgan manzarali daraxt va buta ko‘chatlarini parvarish qilishda ularni har xil holatlardan(uy hayvonlari tomonidan payhon qilinishi, o‘zboshimchalik bilan kesib tashlash, o‘g‘irlash) himoya qilishda jamoatchilik bilan uyushqoqlikda ishlarni amalga oshirsak, yurtimizda “Yashil maydonlar”ning ko‘payishiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
|
| |