[
OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.21.00.00 Bank faoliyati / 07.21.16.00 Bank siri (shuningdek, 12.03.05.03ga qarang);
2.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.03.00.00 Axborot resurslari. Axborot resurslaridan foydalanish / 12.03.05.00 Foydalanish cheklangan axborot / 12.03.05.03 Bank siri (shuningdek, 07.21.16.00 ga qarang);
3.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.04.00.00 Axborotlashtirish.
Axborot tizimlari, texnologiyalari va ularni ta’minlash vositalari / 12.04.02.00 Axborot tizimlari, texnologiyalari va ularni ta’minlash vositalari]
[
TSZ:
1.Iqtisodiyot / Axborot va axborotlashtirish. Elektron tijorat (hujjat aylanishi);
2.Moliya / Banklar va boshqa kredit muassasalari. Kreditlar]
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
AVTOMATLAShTIRILGAN BANK TIZIMIDA AXBOROTNI MUHOFAZA QILISh TO‘G‘RISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan
2005-yil 16-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2006-yil 24-fevralda
ma’qullangan
1-modda.
Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik
Avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni
tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Avtomatlashtirilgan bank tizimi
Avtomatlashtirilgan bank tizimi bank faoliyati sohasida axborotni to‘plash, saqlash, izlash, unga ishlov berish va undan foydalanishni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan axborot tizimidir.
4-modda. Avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotni muhofaza qilishning maqsadlari
Avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotni muhofaza qilish quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:
banklarning axborot xavfsizligini ta’minlash
va bank sirini muhofaza qilish;
axborotning tarqalib ketishi, o‘g‘irlanishi, yo‘qotilishi, buzib talqin etilishi, to‘sib qo‘yilishi, qalbakilashtirilishi va undan o‘zgacha tarzda ruxsatsiz foydalanilishi, shuningdek nusxa olinishining hamda avtomatlashtirilgan bank tizimiga boshqacha shakldagi aralashuvlarning oldini olish.
5-modda. Avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotning muhofaza qilinishini tashkil etish
Avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotning muhofaza qilinishini tashkil etish:
axborotni muhofaza qilish qoidalarini ishlab chiqish
hamda ularga rioya etish, shuningdek avtomatlashtirilgan bank tizimida ishlov beriladigan axborotni muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlarning bajarilishi ustidan nazorat qilish;
sertifikatlangan texnika vositalari va axborotni muhofaza qilish vositalaridan foydalanish;
avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish;
LexUZ sharhi
Qarang: “O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklari avtomatlashtirilgan bank tizimlarida axborotni muhofaza qilish to‘g‘risida nizom”ning (ro‘yxat raqami 3224, 10.03.2020-y.) 3-bandiga muvofiq, banklar va ularning filiallarida axborot xavfsizligini ta’minlash maqsadida axborotni muhofaza qilish xizmati tashkil etiladi.
avtomatlashtirilgan bank tizimida axborot to‘plashga doir faoliyatni va unga ishlov berish usullaridan foydalanishni muvofiqlashtirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
[
OKOZ:
1.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.03.00.00 Axborot resurslari. Axborot resurslaridan foydalanish / 12.03.08.00 Axborotni taqdim qilish. Axborot xizmatlari]
6-modda. Avtomatlashtirilgan bank tizimida
axborotdan foydalanish
Avtomatlashtirilgan bank tizimidan foydalanuvchi avtomatlashtirilgan bank tizimida axborot mulkdorining ruxsati bilan axborotdan foydalanadi.
Avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotdan axborot mulkdorining ruxsatisiz foydalanishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda yo‘l qo‘yiladi.
7-modda. Avtomatlashtirilgan bank tizimi mulkdori
Avtomatlashtirilgan bank tizimi mulkdori yuridik shaxs bo‘lishi kerak.
Avtomatlashtirilgan bank tizimi mulkdori axborot mulkdori va avtomatlashtirilgan bank tizimidan foydalanuvchi o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni muvofiqlashtiradi.
Avtomatlashtirilgan bank tizimi mulkdori axborot mulkdorini va avtomatlashtirilgan bank tizimidan foydalanuvchini avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotga ishlov berish usullarining o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risida xabardor qilishi, axborot mulkdori va avtomatlashtirilgan bank tizimidan foydalanuvchi esa taklif etilgan ishlov berish usullarining qo‘llanilishiga rozi ekanligini va e’tirozlari yo‘qligini tasdiqlashi shart.
Avtomatlashtirilgan bank tizimi mulkdori O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan qoidalarga muvofiq axborotning muhofaza qilinishini ta’minlashi hamda axborot mulkdorini uning axboroti muhofazasi buzilishining barcha hollari to‘g‘risida xabardor qilishi shart.
LexUZ sharhi
Qarang: “O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklari avtomatlashtirilgan bank tizimlarida axborotni muhofaza qilish to‘g‘risida nizom” (ro‘yxat raqami 3224, 10.03.2020-y.).
Avtomatlashtirilgan bank tizimi mulkdori davlat sirlarini o‘z ichiga olgan yoki maxfiy hisoblangan axborotning muhofaza qilinishini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda ta’minlashi shart.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 3-apreldagi PQ-614-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida axborotni kriptografik muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Nizomga qarang.
[
OKOZ:
1.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.02.00.00 Axborot va axborotlashtirish sohasida boshqaruv. Elektron hukumat / 12.02.02.00 Axborotlashtirish sohasida standartlashtirish va sertifikatlashtirish]
8-modda. Avtomatlashtirilgan bank tizimidagi texnika vositalarini
sertifikatlashtirish
Oldingi tahrirga qarang.
Avtomatlashtirilgan bank tizimidagi texnika vositalarini, shuningdek bu tizimning davlat sirlarini o‘z ichiga olgan yoki maxfiy hisoblangan axborotga ishlov beruvchi muhofaza vositalarini (shu jumladan kriptografiya vositalarini) sertifikatlashtirish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(8-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni
tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi va “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida”gi qonunlariga hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 3-apreldagi PQ-614-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida axborotni kriptografik muhofaza qilish vositalarini sertifikatlash to‘g‘risida”gi Nizomga qarang.
9-modda. Avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotni muhofaza qilish xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida va banklarda avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotni muhofaza qilish xizmati tashkil etilishi kerak.
Avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotni muhofaza qilish xizmati:
axborotning saqlanishini ta’minlash ustidan
nazoratni tashkil etadi;
axborotni muhofaza qilish masalalarida uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatadi;
avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotni muhofaza qilish tizimini loyihalash, sinovdan o‘tkazish va qabul qilib olishda ishtirok etadi;
avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotdan ruxsatsiz foydalanishga urinishlar bo‘lganligi, unga boshqacha shaklda aralashilganligi aniqlanganda hamda tizimning ishlash qoidalari buzilganda mazkur tizimdagi axborotni muhofaza qilish chora-tadbirlarini ko‘radi;
axborotni muhofaza qilish chora-tadbirlarining holati va samaradorligini tahlil etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
(9-modda ikkinchi qismining yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni
tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
10-modda.
Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotni muhofaza qilish sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(10-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni
tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
11-modda. Avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
(11-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni
tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
12-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
LexUZ sharhi
Ushbu Qonun “Xalq so‘zi” gazetasining 2006-yil 7-apreldagi 66 (3865) - sonida e’lon qilingan.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 4-aprel,
O‘RQ–30-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 14-son, 112-modda;
Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)