|
Muxbirimiz Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Sherzod ASADOV bilan shu mavzuda suhbatlashdi
|
bet | 2/2 | Sana | 15.05.2024 | Hajmi | 115,42 Kb. | | #236098 |
Bog'liq Farmon Tarix 5Muxbirimiz Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Sherzod ASADOV bilan shu mavzuda suhbatlashdi.
— Sherzod Ikromovich, keyingi yillarda Oʻzbekiston va Yevropa mamlakatlari oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirishda qanday yangi tendensiyalar koʻzga tashlanmoqda? Pandemiya sharoitida bu aloqalar qaysi sohalarda koʻproq namoyon boʻlmoqda?
— Darhaqiqat, Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqi va Yevropa davlatlari bilan hamkorlikni oʻz tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri deb biladi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning Yevropa mamlakatlari bilan barcha jabhalardagi munosabatlari jadal surʼatlarda rivojlanib borishi natijasida oʻzaro manfaatli hamkorlikning yangi davri boshlandi, deb aytsak boʻladi.
Birgina misol. Prezidentimizning Fransiya (2018-yil oktyabr), Germaniya (2019-yil yanvar) va Turkiyaga (2017-yil oktyabr va 2020-yil fevral) rasmiy tashriflari tashkil etilib, ularning natijalari boʻyicha siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda salmoqli kelishuvlarga erishildi. Oʻz navbatida, GFR Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer (2019-yil may) va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻan (2018-yil aprel) mamlakatimizga javob tashrifini amalga oshirganini alohida qayd etish joiz.
Hozirgi vaqtda Vengriya, Italiya, Belgiya, Buyuk Britaniya va Chexiya kabi davlatlar bilan bilan oliy darajadagi tashriflarni tashkil etish yuzasidan har tomonlama ishlar olib borilmoqda.
Soʻnggi bir yil davomida Yevropaning Avstriya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Slovakiya, Sloveniya, Ispaniya, Italiya, Turkiya, Fransiya, Shveysariya, Chexiya, Norvegiya, Finlyandiya, Latviya, Litva kabi mamlakatlari Tashqi ishlar vazirliklari bilan 20 dan ziyod siyosiy maslahatlashuv oʻtkazildi.
Biz soʻnggi vaqtlarda Yevropa Ittifoqi bilan eng yuqori va oliy darajadagi muloqot ilgari kuzatilmagan darajada faollashayotganiga guvoh boʻldik. Xususan, 2019-yil may oyida Yevropa Kengashi rahbari Donald Tusk ilk marotaba Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Bundan tashqari, YEIning Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha endilikda sobiq oliy vakili Federika Mogerini ikki marta (2017-yil noyabr va 2018-yil mart oylari) respublikamizga tashrif buyurdi.
2020-yilning aprel oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel oʻrtasida telefon muloqoti oʻtkazildi. Tashqi ishlar vaziri A.Komilov YEIning Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha oliy vakili, Yevropa Ittifoqi Komissiyasi vitse-prezidenti Jozep Borrel (2020-yil yanvar oyida Berlin shahrida va may oyida telefon orqali) bilan ikki marta suhbatlashdi. Muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalarda koʻp qirrali hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Mazkur muzokaralar chogʻida Yevropa tomoni iqtisodiyot, savdo, innovatsiya va investitsiya, transport, ilm-fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Shu oʻrinda Yevropa mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy yoʻnalishda hamkorlikni sezilarli tarzda oʻsib, rivojlanib borayotganini alohida taʼkidlab oʻtish lozim. Jumladan, 2019-yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston va YEI mamlakatlari oʻrtasidagi savdo hajmi 2016-yil bilan taqqoslaganda deyarli 60 foiz oʻsib, 4 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Shu bilan birga, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Yevropaga eksport qilish 1,5 baravar ortgan holda 580 millionAQSH dollari miqdoriga yetgan boʻlsa, bu davrda import hajmi 1,5 barobar oshdi va 3,42 milliard dollarni tashkil etdi.
Joriy yil yanvar-may oylarida tovar ayirboshlash hajmi 1,315 milliard dollarni, shu jumladan, eksport 196,6 million dollarni, import 1,11 milliard dollarni tashkil etdi.
Oʻzaro munosabatlarni sifat jihatidan yangi va yuqori darajaga koʻtarish maqsadida rasmiy Toshkent va Bryussel oʻrtasida yangi keng qamrovli ikki tomonlama hujjat — Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni tuzish boʻyicha 2019-yildan boshlab faol muzokaralar oʻtkazilmoqda.
Yevropa Ittifoqi bilan koʻp jabhali muloqotni rivojlantirishga xizmat qilayotgan mazkur yoʻnalishga, asosan,
2017-2021-yillarga moʻljallangan Harakatlar strategiyasi doirasida Oʻzbekistonda amalga oshirilgan tub islohotlar tufayli erishildi.
Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyoda kuzatilayotgan hamkorlikning ijobiy dinamikasi, shuningdek, Oʻzbekistonning mintaqa davlatlariga nisbatan yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash va konstruktiv muloqot orqali barcha masalalarni hal etishga qaratilgan yangi siyosati asosida Bryussel mintaqaga nisbatan siyosatini mintaqalararo aloqalarni rivojlantirish sari tubdan qayta koʻrib chiqdi.
Bularning barchasi Bryussel tomonidan Markaziy Osiyo uchun tasdiqlangan (2019-yil iyun oyida) yangi strategiyada yaqqol namoyon boʻldi. Yevropa tomonining pozitsiyasiga koʻra, Yevropa Ittifoqi va unga aʼzo davlatlar Markaziy Osiyoning siyosiy barqarorligi va izchil rivojlanishidan, shuningdek, ikki mintaqa oʻrtasidagi integratsiya aloqalarini faol rivojlantirishdan manfaatdordir.
Mintaqamizdagi barqaror vaziyatni eʼtirof etgan holda, rasmiy Toshkent tomonidan ilgari surilgan yaxshi qoʻshnichilik siyosati tufayli rasmiy Rim ilk marta “Italiya — Markaziy Osiyo” formatidagi vazirlar uchrashuvini (2019-yil dekabr) oʻtkazdi. Oʻz navbatida, Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni kuchaytirish maqsadida rasmiy Parij ham shu singari muloqotning ikkinchi bosqichini davom ettirishga qaror qildi.
2020-yilning aprel va iyun oylarida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov Yevropa Ittifoqi savdo komissari F.Xogan bilan ikki marotaba videokonferensiya shaklida uchrashuvlar oʻtkazdi. Muzokaralar davomida Oʻzbekiston va YEI oʻrtasida kengaytirilgan sherikchilik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim loyihasi boʻyicha kelishish jarayonini faollashtirish borasida kelishuvga erishildi. Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha ishchi guruhning 4-yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrish doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga, shuningdek, Oʻzbekistonning YEI “PBT+” imtiyoz tizimida benefitsiar mamlakat maqomini olishi jarayoniga alohida eʼtibor qaratildi.
Taʼkidlash kerakki, bugungi kunda COVID-19ning global miqyosda tarqalishi va butun dunyo iqtisodiyotiga salbiy taʼsiri sharoitida Yevropa Ittifoqi uning salbiy oqibatlarini bartaraf etish uchun Oʻzbekistonga 30 million yevrodan koʻproq mablagʻ ajratishga qaror qildi.
Bundan tashqari, BMT shafeligida Oʻzbekistonning Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik Trast fondiga Yevropa Ittifoqi 5 million yevro, Norvegiya 1,1 million AQSH dollari va Finlyandiya 1 million yevro miqdorida mablagʻ ajratdi.
Fursatdan foydalanib, Yevropadagi hamkorlarimizga Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi hamda respublikaning “GSP+”tizimi doirasida benefitsiar maqomini olishi boʻyicha saʼy-harakatlari, shuningdek, keng qamrovli oʻzgarishlar sharoitida mamlakatimizga koʻrsatayotgan moliyaviy va texnik koʻmagi uchun minnatdorlik bildirmoqchiman.
Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston Respublikasi uchun 2014 — 2020-yillarga moʻljallangan begʻaraz yordami toʻgʻrisidagi koʻp yillik indikativ dasturi doirasida respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish uchun qariyb 168 million yevro mablagʻ ajratildi.
Shu bilan birga, biz Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan Oʻzbekiston Respublikasi rahbariyati tomonidan Afgʻonistondagi mavjud vaziyatni tinch yoʻl bilan hal etish boʻyicha olib borayotgan xalqaro maydondagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlagani uchun minnatdormiz. Oʻzbekiston uchun qoʻshni davlatda uzoq kutilgan tinchlikni oʻrnatish ustuvor ahamiyatga egadir.
Biz Yevropa bilan ikki va koʻp tomonlama istiqbolli munosabatlarni davom ettiramiz. Savdo-sotiq, investitsiya va moliya, yuqori texnologiyalar transferi, ilm-fan, texnika, taʼlim, ekologiya, sogʻliqni saqlash va madaniyat sohalaridagi hamkorlik, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash Oʻzbekiston — Yevropa munosabatlarining asosiy ustuvor yoʻnalishlari hisoblanadi.
— Oʻzbekistonning dunyodagi nufuzli xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, YUNISEF bilan hamkorligi bugungi global pandemiyaga qarshi kurashda qanday samaralar bermoqda?
— Oʻzbekistonning nufuzli xalqaro tashkilotlar, shu jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan agentliklari bilan samarali hamkorligi pandemiya davrida ham susaygani yoʻq.
Joriy yilning iyun oyida Prezidentimiz taklifi bilan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha tadbirlar rejasi (“yoʻl xaritasi”) fikrimizning yaqqol isbotidir. Mazkur hujjat davlatimiz rahbari tashabbuslarini BMT doirasida ilgari surish, respublika va uning vakillari nomzodlarini BMTning saylov organlari aʼzoligiga ilgari surish va mamlakatimizning xalqaro maydondagi imijini oshirishga qaratilgan siyosiy-diplomatik tadbirlarni tashkil etish boʻyicha xalqaro maydondagi faoliyatni jadallashtirish borasidagi saʼy-harakatlarni koʻzda tutadi. Tadbirlar rejasi sayyoramizdagi eng universal xalqaro tashkilot — BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan bundan keyingi hamkorlikni sifat jihatdan yangi pogʻonaga koʻtarishi shubhasiz.
Shu bilan birga, mamlakatimizda koronavirusning kirib kelishi va uni respublika hududida tarqalishiga qarshi birgalikda kurashishda BMT, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, YUNISEF va Xalqaro mehnat tashkiloti bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqdamiz.
8-iyul kuni Jeneva shahrida dunyoning 80 dan ortiq mamlakati davlat va hukumat rahbarlari ishtirokida Xalqaro mehnat tashkilotining mehnat sohasida COVID-19ga qarshi kurash masalalari boʻyicha global virtual sammiti boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur tadbir ishtirokchilariga yoʻllagan murojaatnomasi mamlakatimizda pandemiya sharoitida olib borilayotgan saʼy-harakatlarning jahon hamjamiyati tomonidan keng eʼtirof etilayotganidan dalolat beradi.
BMT Taraqqiyot dasturi birinchilardan boʻlib Oʻzbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olish boʻyicha aniq maqsadli saʼy-harakatlarni amalga oshirish uchun 250 ming dollar miqdoridagi moliyaviy-texnik yordamni ajratdi. Shuningdek, BMTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan koronavirus pandemiyasining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini yumshatish borasida Oʻzbekiston hukumatiga koʻmak berish maqsadida qoʻshimcha ravishda 1 million dollar miqdoridagi grant mablagʻlari ajratishi masalasi ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, BMTning Toshkentdagi tegishli agentliklari tomonidan COVID-19 bilan bogʻliq vaziyatni baholash hamda bu boradagi dolzarb vazifalarni oʻz ichiga olgan “Ijtimoiy-iqtisodiy choralar boʻyicha umumlashtirilgan koʻp tomonlama taklif” deb nomlangan tahliliy hujjat ishlab chiqildi.
Hujjatda koronavirus pandemiyasi sharoitida hal etilishi lozim boʻlgan dolzarb ijtimoiy, shu jumladan, sogʻliqni saqlash sohasiga oid masalalar bilan bir qatorda, BMT va uning respublikada faoliyat yuritayotgan agentliklarining Oʻzbekiston hukumatiga kechiktirib boʻlmaydigan makroiqtisodiy chora-tadbirlarni amalga oshirish, iqtisodiyotni tiklash, xususan, mahsulot eksportining kamayishiga, kichik va oʻrta biznes korxonalarining yopilishiga va tegishli ish joylarining qisqarishiga yoʻl qoʻymaslik borasida yaqindan koʻmak berish boʻyicha taklif va tavsiyalari oʻz aksini topgan.
Oʻz vaqtida ishlab chiqilgan ushbu tahliliy hujjat hozirgi sharoitda juda muhim ahamiyatga ega boʻlib, respublikada pandemiyaga qarshi jadal olib borilayotgan tadbirlarni BMT va uning ixtisoslashgan agentliklari tajribasi va imkoniyatlarini hisobga olgan holda manzilli yoʻnaltirish imkoniyatini beradi. Oʻzbekiston tomoni, albatta, BMTning mazkur hujjatni tayyorlash borasidagi faoliyatini yuqori baholaydi va shu kabi masalalarda bundan keyin ham tashkilotning Toshkentdagi vakolatxonasi bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini bildiradi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Oʻzbekistonga laboratoriya va sinov toʻplamlarini sotib olishda, infeksiya tarqalishini nazorat qilishda, xalqaro sogʻliqni saqlash qoidalari va COVID-19 maʼlumotlarini toʻplashda yordam bermoqda.
BMTning bolalar jamgʻarmasi —
YUNISEF Osiyo taraqqiyot bankining moliyaviy koʻmagi asosida respublika uchun 1,56 million dollarlik tibbiy asbob-uskunalar va jihozlarni xarid qildi. Dori-darmon vositalari, tibbiy buyumlar va boshqa kerakli anjomlar Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga oʻz vaqtida yetkazib berilmoqda.
— Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishga intilmoqda. Bu mamlakatimizning ertangi taraqqiyoti uchun qanday xizmat qiladi?
—Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar tashqi siyosiy va iqtisodiy aloqalarni yana-da rivojlantirishda hamda ularni yuqori bosqichga olib chiqishda muhim omil sanaladi.
Hozirgi kunda dunyoning 164 ta mamlakatini oʻz tarkibiga olgan yirik iqtisodiy integratsiyalardan biri Jahon savdo tashkilotidir. Tashkilot alohida nizomga ega boʻlmay, shartnoma va muzokaralarga tayangan holda tashkil etilgani va hozirgi kunga qadar faoliyat yuritib kelayotgani uning oʻziga xos jihatlaridan biridir. Mazkur tashkilotga aʼzo boʻlish uzoq muddatli muzokaralar va turli yoʻnalishlarda kompleks ishlarni amalga oshirishni taqozo etadi. Bunda asosiy eʼtibor aʼzo davlatlar bilan olib boriladigan ikki va koʻp tomonlama muzokaralarga qaratilgan.
Tashqi savdo yoʻnalishlarini diversifikatsiyalash va ularning xalqaro infratuzilmalar bilan integratsiyalashuviga qaratilgan tadbirlar doirasida Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi uchun salmoqli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, joriy yil 29-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov rahbarligida Jahon savdo tashkiloti (JST) bilan ishlash boʻyicha Idoralararo komissiyasining navbatdagi yigʻilishi videokonferensiya shaklida oʻtkazildi.
7-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasining JSTga qoʻshilishi boʻyicha ishchi guruhning 4-yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbirda 60 dan ortiq mamlakat vakillari, jumladan AQSH, Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya, Yaponiya, Kanada, Braziliya, Panama, Paragvay, Urugvay, Nikaragua, Moʻgʻuliston, Gonduras, Hindiston va boshqalar ishtirok etdilar.
Yigʻilish davomida aʼzo davlatlarning savollariga oʻzbek ekspertlari tomonidan batafsil javoblar taqdim etildi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekistonning tashkilotga qoʻshilishi jarayonining keyingi bosqichlari, yaʼni faktologik rezyume ishlab chiqish, ikki tomonlama uchrashuvlarni tashkillashtirish va ularni oʻtkazish, ilgari taqdim etilgan hujjatlarni yangilash kabi muhim masalalar yuzasidan kelishib olindi.
Hozirgi kunda JSTga aʼzo davlatlarning aksariyati, jumladan, Xitoy, YEI, Turkiya, Yaponiya, Rossiya kabilar Oʻzbekistonning JSTga kirishi uchun amalga oshiriladigan tadbirlarda har tomonlama koʻmak koʻrsatishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
— Oʻzbekistonda keyingi yillarda inson huquqlari himoyasi, soʻz erkinligini taʼminlash yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar Yevropa mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan qanday baholanmoqda?
— Yurtimizda oxirgi uch yilda “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyili asosida xalqimiz hayotini tubdan yaxshilashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanmoqda. Jumladan, BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Mishel Bacheletning 2019-yil yakuni boʻyicha taqdim etgan yillik hisobotida ilk bor Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida ijobiy urgʻu berilgan.
Shu bilan birga, joriy yilning mart oyida BMTning Inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan taqdim qilingan Beshinchi davriy hisobotni koʻrib chiqib, yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurash, ayollarga nisbatan zoʻravonlikning oldini olish, sud-huquq sohasini isloh qilish, bolalar va majburiy mehnatga barham berish sohasidagi yutuqlarga ijobiy baho bergan. Hozirgi kunda qoʻmitaning bu boradagi tavsiyalarini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqilmoqda.
Bundan tashqari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining OAV erkinligi boʻyicha vakili Arlem Dezir Oʻzbekistonda soʻz erkinligini taʼminlash sohasidagi ishlarga yuqori baho bermoqda. Jumladan, uning ofisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi bilan hamkorlikda qator tadbir va loyihalarni amalga oshirmoqda. 2020-yilda
YEXHTning Markaziy Osiyoda soʻz erkinligi xalqaro forumini Toshkentda oʻtkazish rejalashtirilgan.
Joriy yilning 22-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasining Inson huquqlari boʻyicha milliy strategiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjat asosida yurtimizda inson huquqlari sohasida yana-da keng koʻlamli islohotlarni va xorijiy hamkorlar bilan keng qamrovli ishlar koʻzda tutilgan.
Xorijiy sheriklarimiz va xalqaro tashkilotlar bilan muloqot jarayonida Oʻzbekistonda inson huquqlari sohasidagi islohotlarning ortga qaytmasligi va davomiyligini alohida taʼkidlab kelmoqdamiz. Mazkur sohada mamlakatimizning nufuzini yana-da oshirish maqsadida Oʻzbekistonning 2021-2023-yillar mobaynida BMTning Inson huquqlari kengashiga aʼzo boʻlishi masalasi boʻyicha respublikamizning tegishli vazirlik va idoralari hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan izchil faoliyat amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarda inson huquqlari va qonun ustuvorligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Respublikamiz Markaziy Osiyoda birinchilardan boʻlib adliya, ichki ishlar, inson huquqlari va aloqador masalalar boʻyicha Oʻzbekiston — Yevropa Ittifoqi quyi qoʻmitasi doirasida “Inson huquqlari boʻyicha muloqot”ni tashkil etdi. Bugungi kunga qadar tomonlar oʻrtasida 12 raund muloqot boʻlib oʻtdi.
Harakatlar strategiyasi doirasida koʻp qirrali islohotlar boshlangan paytdan buyon yevropalik hamkorlarimiz jamiyatni demokratlashtirish, qonun ustuvorligini mustahkamlash, fuqarolik jamiyati, soʻz erkinligi va inson huquqlari sohasidagi chuqur oʻzgarishlarni qoʻllab-quvvatlab kelmoqdalar.
Oʻzbekistonning majburiy mehnatga barham berish, sud islohotlari, qiynoqlarning oldini olish va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar bilan bogʻliq muammolarni hal etish borasidagi yutuqlarini Yevropa tomoni alohida taʼkidlaydi.
Ushbu sohalardagi sezilarli yutuqlar tufayli 2019-yilda Yevropa Ittifoqi “individual holatlar” deb nomlanuvchi roʻyxatni birinchi marta taqdim etmadi. Albatta, bu mamlakatimizda mazkur sohalarda olib borilayotgan islohotlardagi sezilarli oʻzgarishlardan dalolat beradi.
Maʼlumot uchun: “Oʻzbekiston-YEI” quyi qoʻmitasining adliya, ichki ishlar, inson huquqlari va aloqador masalalar boʻyicha yigʻilishlari doirasida Yevropa tomoni qamoqdan ozod qilish talabi bilan “siyosiy mahbuslar” deb ataluvchi 10-15 kishining roʻyxatini anʼanaviy tarzda taqdim etar edi.
Bundan tashqari, Yevropa tomonining taʼkidlashicha, 2019-2020-yillarda oqlanganlarning oʻtgan yillarga nisbatan juda koʻpligi Oʻzbekiston sud tizimidagi islohotlar amalda ijobiy natijalarni koʻrsatayotganidan dalolat beradi.
Oʻzbekistonning ushbu sohada erishgan ijobiy natijalari Yevropa Ittifoqining dunyoda inson huquqlari va demokratiya boʻyicha yillik hisobotida (2020-yil iyun oyida eʼlon qilingan) ham yuqori baholandi. Hujjatda 2016-yildan boshlab Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oʻzbekistonda jamiyatni bosqichma-bosqich liberallashtirish va demokratlashtirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar dasturi, shu jumladan, siyosiy dasturlar amalga oshirilayotgani taʼkidlangan.
Alohida qayd etilishicha, bu yoʻnalishda jiddiy yutuqlarga 2019-yilda va uning yakunida (22-dekabr) boʻlib oʻtgan parlament saylovida erishildi. Bu esa, oʻz navbatida, respublikamiz rahbariyatining tub oʻzgarishlarni amalga oshirishga boʻlgan intilishlarini yaqqol namoyish etdi.
Bundan tashqari, YEI hisobotida soʻz erkinligi sohasida erishilgan ijobiy oʻzgarishlarga eʼtibor qaratilgan. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi turli davlat idoralari bilan ishlashda qiyinchiliklarga duch kelgan oʻzbekistonlik jurnalistlarga jiddiy yordam koʻrsatgani qayd etilgan.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston 2019-yilda “Chegarasiz OAV” tasnifiga koʻra, “qora hudud”dan chiqarildi.
Respublikaning inson huquqlarini taʼminlash borasidagi yutuqlarini inobatga olgan holda, YEI va unga aʼzo davlatlarning aksariyati Oʻzbekistonning global siyosiy jarayonlar, jumladan, BMTning Inson huquqlari kengashiga aʼzo boʻlishidagi faol ishtirokini qoʻllab-quvvatlamoqda.
— Mamlakatimizda xalqaro turizmni rivojlantirish tobora jadal rivojlanmoqda. Oʻzbekistonning bu sohadagi tashabbuslarini Jahon sayyohlik tashkiloti qay darajada qoʻllab-quvvatlamoqda?
— Albatta, Oʻzbekistonda turizm sohasini rivojlantirish, yurtimizga chet ellik sayyohlarni jalb qilish, umuman, mamlakatimizning turistik salohiyatini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarimiz BMTning Jahon sayyohlik tashkiloti (YUNVTO) tomonidan ijobiy qabul qilinmoqda.
Respublikamiz vakillari YUNVTO shafeligida tashkil etiladigan yirik va nufuzli turistik yarmarkalar — FITUR, ITB, JATA, World Travel Market, Top Resa va shunga oʻxshash qator xalqaro tadbirlarda hamda ular doirasida oʻtkaziladigan vazirlar darajasidagi anjumanlarda doimiy ravishda faol ishtirok etib kelmoqdalar. Bu esa hozirgi kunda turizm sohasidagi muhim masalalar yuzasidan xalqaro hamkorlar bilan fikr almashish imkonini bermoqda.
Tashkilot Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi tashabbuslarini har tomonlama va keng qoʻllab-quvvatlamoqda. Jumladan, mamlakatimiz tashabbusi bilan joriy yilning 1-iyun kuni Jahon sayyohlik tashkilotining “Tiklanish yoʻli” mavzusidagi xalqaro anjumani tashkil etildi. Ushbu onlayn muloqot jarayonida SAFE TRAVEL GUARANTEED tashabbusi, yaʼni Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi kurashish, xavfsiz turizmni joriy etish, yurtimizda xorijiy sayyohlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqidagi yangilik tashkilot aʼzo davlatlari oʻrtasida ilgari surildi.
Bundan tashqari, joriy yilning 25-iyun kuni Oʻzbekiston raisligida YUNVTOning Yevropa mintaqaviy komissiyasining navbatdagi 65-sessiyasi videomuloqot tarzida tashkil etildi. Tadbir davomida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov 2023-yilda BMT Jahon sayyohlik tashkilotining Ijroiya kengashiga 2021-2023-yillar uchun va Bosh assambleyasining 25-sessiyasini oʻtkazishga Oʻzbekiston nomzodini ilgari surish tashabbusini eʼlon qildi hamda bu aʼzo davlatlar tomonidan iliq kutib olindi.
Xullas, Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligini xalqimiz xalqaro miqyosda erishilayotgan ana shunday salmoqli natijalar, zalvorli yutuqlar bilan qarshilamoqda. Ishonchimiz komilki, bunday xayrli ishlar kelgusida ham davom etadi. Buning natijasida mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi mustakamlanib, Vatanimizning kuch-qudrati yuksalib boraveradi.
|
| |