8-Mavzu: Ekologik ong va Etnomadaniyat
Reja:
1. Ekologik ong va ekologik madaniyatning asosiy vazifasi.
2. Jamiyatdagi ekologik muammolar.
Jamiyatning rivojlanib borishi bilan insonlarning atrof-muhitga bo’lgan ta’siri
o’sib boradi. Inson tabiat bilan, ya’ni o’simliklar hamda hayvonot dunyosi hamda
yer osti va yer usti boyliklari bilan o’zaro muloqotda bo’ladi.
Ekologik muammolar kengayib, ularni hal etish dolzarb vazifa bo’lib qolgan
hozirgi davrda bu muammolarni hal qilishda insoniyat uchun asosan ekologik ong
va ekologik madaniyatning o’rni beqiyosdir.
Tabiat va inson o’rtasidagi munosabat ma’lum bir qonunlar orqali boshqariladi,
ularga rioya qilmaslik ertami kechmi, albatta ekologik halokatga olib keladi. Bu
muammo o’zining insoniyatga keltirayotgan va keltirishi mumkin bo’lgan fojiali
oqibatlari jihatidan yadro urushi halokatidan keyin ikkinchi o’rinda turadi. Albatta,
ilmiy-texnikaviy rivojlanish natijasida, turli soha ilm va texnologiyalarining
taraqqiyoti, yangi energiya manbalari va kimyoviy moddalarning paydo bo’lishi,
tabiiy resurslardan yovuzlarcha foydalanish natijasida havo, suv ifloslanadi,
insoniyatni boquvchi yer yaroqsiz holga kelib, oqibatda uni yashash muhitidan
mahrum etadi.
Hozirgi davrda insoniyat, u qanday xavf qarshisida kelib qolganligini tushunib
yetdi, atrof-muhitga inson faoliyati tufayli yetkazilayotgan zarar qanday natijalarga
olib kelganligini yaqqol his etdi.
Inson faoliyatining natijasida atrof muhitga ancha sezilarli o’zgarishlar ro’y
bermoqda. Bular asosan hozirgi kunda mavjud bo’lgan ekologik xavfsizlik
klassifikatsiyasida bo’lgan: umumsayyoraviy, mintaqaviy, milliy, lokal ekologik
xavfsizliklar mamlakatimiz hududini ham chetlab o’tmadi. Bu xavflardan ozon
qatlami muammolari, ya’ni yemirilishi, iqlimning o’zgarishi, cho’llanish, toza
ichimlik suvi tanqisligi, Orol dengizi muammosi, hayvonot va o’simlik dunyosi
turlarining qisharib borishi, o’simlik dunyosining noqonuniy kesilib borishi, yer
degradatsiyasi, suv resurslari tanqisligi, atmosfera ifloslanishi shular jumlasidandir.
Ekologik fojialarning bu darajadagi jadallashib borishida ekologik ong va
ekologik madaniyat alohida o’rin tutadi.
Ekologik ong va ekologik madaniyatning asosiy vazifasi xalqimiz ekologik
madaniyatini oshirish orqali huquqiy fuqarolik jamiyati tamoyillari asosida
tabiatdan foydalanishni yo’lga qo’yish, tabiatni muhofaza qilish sohasida Davlat
nazorati bilan bir qatorda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, xalqimiz ongi va
madaniyatida ona Vatanimiz tabiatiga bo’lgan mehr-muhabbatini oshirish, uni
asrab-avaylash va kelgusi avlod uchun zarur hayotiy sharoitlar qoldirishimiz
kerakligini ko’rsatishdir.
Davlatimiz bozor iqtisodiyotiga o’tish davrini boshdan kechirayotgan hozirgi
kunda ko’p sarmoya talab qiladigan ekologik tadbirlarni o’tkazish qiyindir. Lekin
xalqimiz eng avvalo yosh avlodni ona Vatanga muhabbat, xalqiga sodiqlik, ongida
millatimiz va davlatimiz rivojiga xavf solib turgan hodisalarga, shu jumladan,
ekologik xavfga ham, faqat ularni bilishi va sodiqligi, tadbirkorligi va
mas’uliyatliligi bilan javob bera olishi hamda xavfni bartaraf etish mumkinligini
singdira olishimiz, shu jumladan, ekologik ong va madaniyatni yo’lga qo’yish orqali
kelajakda sodir bo’lishi mumkin bo’ladigan ko’p ofatlarning oldini olish mumkin
bo’ladi.
Inson tabiatning bir bo’lagi bo’lgan holda u bilan bo’lgan munosabat orqali
ekologik madaniyat shakllana borishi tufayli tabiatni muhofaza qilish va ulardan
oqilona foydalanishni tartibga solishda uni boshqarish uchun tabiat qonunlarini
kashf qilib kelgan. Ammo inson o’zining tabiatga ta’siri orqali undagi muvozanatni
buzdi va tabiat hodisalarining davriy muvozanatini izdan chiqardi.
Xalqimizda bir maqol bor: «Buloq suvi qurimaguncha inson uning qadriga
yetmaydi». Darhaqiqat, necha asrlar davomida inson o’zining taraqqiyoti jarayoni
bilan birga ekologiya inqirozi jarayonini tezlashtirdi. Bir so’z bilan aytganda,
ekologik muammolar aksariyat hollarda insoniyat ta’siri ostida vujudga kelar ekan.
O’zbekistonda hozirgi kunda azaldan yig’ilib kelgan maishiy va ishlab chiqarish
chiqindilari 1 milliard 400 million tonnadan oshib ketdi.
Ijtimoiy ongning o’zgarishi, qadriyatlarga nisbatan munosabatlarning ekologik
yo’nalishdagi ma’naviy madaniyatning rivojlanishi, sayyoramiz hayotiga yangicha
qarashning shakllanishi uzoq yillar davomida va qiyin kechadigan jarayon bo’lib, bu
o’rinda ekologik madaniyat alohida ahamiyat kasb etadi.
Ekologik madaniyatni shakllantirishda, ekologik ong va dunyoqarashni
shakllantirish va rivojlantirishda bir qator yutuqlarga erishilayotgan bir vaqtda ushbu
sohani singdirishda muhim o’rin tutadigan maktab tarbiyasiga, o’rta va oliy ta’lim
muassasalariga e’tibor qaratishimiz lozim.
Ekologik bilimlar tashviqoti, aholini ekologik tarbiyalash va ularni o’qitish
bo’yicha ishlar avj oldirilganligiga qaramay, Respublikamiz oliy va o’rta maxsus
bilim yurtlarida atrof muhit muhofazasi, ya’ni ekologiya sohasida boshqa sohalar
kabi Davlat noziri singari mutaxassislarni tayyorlash hozirgi kunga qadar yo’lga
qo’yilmagan. Ushbu soha uchun bu kabi mutaxassislarni tayyorlash hozirgi kun
talabidir.
Bundan tashqari, insoniyat tarbiyasi uchun uning mahallasi ham alohida o’rin
egallaydi. Mahallalar ham ushbu ishlarga jonbozlik ko’rsatishi lozim, deb
o’ylayman.
Shuni tashvish bilan aytish mumkinki, har kuni bitta tur o’simlik yoki bitta
hayvon turi yer yuzidan yo’qolib boryapti. 1983 yili hayvonlarning 63 turi va 1984
yil o’simliklarning 163 turi «Qizil kitob»ning birinchi nashriga kiritildi. Mana,
oradan vaqt o’tib tabiat muhofazasiga munosabat o’zgardi. O’zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 9 martdagi 190-sonli «Qizil kitobni
yuritish to’g’risida»gi Qarori qabul qilindi.
1998 yil O’zbekiston Respublikasi «Qizil kitobi»ning 1-jildi (O’simliklar
qismi) nashr qilindi va bunda o’simliklarning 301 turi (163 tadan 301 taga oshgan)
kiritilganligi qayd qilingan bo’lsa, 2006 yildagi yangi nashrida esa «Qizil kitob»ga
kiritilgan o’simliklar turi 305-turni tashkil etadi. Bu ko’rsatkich oshib bormoqda.
Inson o’z hayoti va faoliyati, shuningdek, barcha tirik mavjudot dunyosi -
biosfera uchun ko’z ko’rib, quloq eshitmagan miqyosdagi buzuvchanlik qudratiga
ega bo’lgan, katta va kutilmagan salbiy o’zgarishlar, atrof-muhitga uzoqni o’ylamay
qilingan munosabat, xatolar va yangi ishlarning hosilasi sifatida hozirgi yer yuzidagi
vaziyat yuzaga keldi.
O’zbekistonda har bir kishi 1 sutkada 2-3 litr chuchuk suv ichadi.
Gidrosferaning faqatgina 2,5 foizini chuchuk suv tashkil qiladi. Qishloq
xo’jaligining ayrim sohalaridagi suv sarfini qiyosiy hisoblab ko’rsak, 1 tonna
bug’doy yetishtirish uchun 1,5 tonna, 1 tonna sholi uchun - 4-5 ming tonna, 1 tonna
paxta yetishtirish uchun 10 ming tonna suv sarflanadi.
O’simlik dunyosi yer yuzidagi hayot muvozanatini ta’minlash va ijtimoiy
hamda iqtisodiy sharoitlarni yaxshilash uchun hayotiy zarur bo’lgan ekzotizmlar,
turlar, genetik tiplar va ekologik jarayonlarning rang-barangligini saqlaydi,
insonning hayotiy ehtiyojlari talablariga javob beradigan genetik xilma-xillik va
turlarni himoya qiladi.
Ekologik madaniyatni rivojlantirishda boshqaruvning o’rni faqatgina Davlat
xizmati bilangina emas, balki jamoatchilik rolini oshirish bugungi demokratik,
huquqiy davlat qurish yo’lidagi ekologik bilimlarni targ’ibot qilish, aholining
ekologik saviyasini ko’tarish borasida bir muncha ishlar amalga oshirilmoqda. Lekin
shunga qaramay bu sohada bir qator kamchiliklar ham mavjud.
Insoniyat qadimgi zamonlardanoq tabiatning bir qismi ekanligini anglab, u
o’zining harakatlari bilan tabiat o’rtasidagi munosabatlarni ongli ravishda
boshqariladiganligini his qilib kelgan. Lekin insoniyat tabiatdan foydalanib uni
qayta tiklanishiga e’tibor qaratilishini kech bo’lsada, tushunib yetdi. Insonlar
madaniyati shakllanib rivojlana borar ekan, tabiat in’omlari bo’lmish o’simlik va
hayvonot dunyosi turlarini bir qanchasini madaniylashtirib, o’zlari uchun
foydalanishni amalga oshirish jarayoni hozirda ham davom etayotgan jarayondir.
Atrof-muhit sofligi, uning rang-barangligi-yu xilma-xilligini saqlash, ekologik
madaniyatni rivojlantirish va uni boshqarish asosan tabiatni muhofaza qilish Davlat
qo’mitasi va uning joylardagi tashkilotlari faoliyatiga bog’liq bo’libgina qolmay,
joylardagi davlat hokimiyati organlarining ham burchidir. Ularning atrof-muhit
muhofazasiga oid Qonun va hukumatimiz qarorlarini bajarishda ma’lum bir
sustkashliklarga yo’l qo’yilmoqda. Sabab esa, qishloq xo’jaligida foydalanish uchun
qaysidir yillarda eqilgan daraxtlarni parvarishlash, ularning qurigan turlari o’rniga
qayta ko’chat ekish yo’li bilan tiklash ishlari qoniqarli darajada emas. Chunki
mahsulot hosildorligini oshirish maqsadida tashkil etilgan ixotazorlarning
zarurligini tasavvur etolmagan holda ayrim fermyerlar tomonidan ixota
daraxtzorlarini kesish hollari davom etmoqda.
Atrof-muhitni muhofaza qilishda va tabiat resurslaridan oqilona foydalanishda
hozirgi kunda qo’llanilayotgan iqtisodiy mexanizmlarni yanada takomillashtirish,
tabiatdan noto’g’ri foydalanganlarga tabiat solig’ini qo’llash hamda jamiyatning
ekologik madaniyatini shakllantirishni rivojlantirishda ekologik ta’lim-tarbiyaning
samarali mexanizmlarini ishlab chiqish kerak. Bu bilan respublikamizda ishlab
chiqarishni va insonning tabiatga bo’lgan munosabatini tartibga solish imkoniyati
tug’iladi.
Tabiatimizni asrash, uni muhofaza qilish, tabiatdan oqilona foydalanish va
jamiyatda ekologik madaniyat va ekologik ongni rivojlantirish nafaqat tabiatni
muhofaza qilish organlarining ishi, balki shu zaminda yashayotgan har bir insonning
ona Vatanimizga, uning tabiatiga bo’lgan farzandlik burchidir.
Amaliy jihatdan qaralganda Inson dialektika qonunlariga ko’ra paydo
bo’lganidan boshlaboq ekologiya bilan bog’liqdir. Shuning uchun ham jamiyat va
tabiatning o’zaro bog’liqligi va birligini noto’g’ri baholash tuzatib bo’lmas
oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bu jarayonni aynan keng ma’noda ekologiya
o’rganadi. Ingliz olimi Julian Xaksli (1972) fikriga ko’ra bu bog’liqlik yerda hayot
paydo bo’lgan - 2700 000 000 yil oldin boshlangan. Insonning tabiatga faol ta’siri
esa Kichik Osiyoda 10000 yil oldin boshlangan yoki boshqacha qilib aytganda neolit
davrida 375 avlod oldin boshlangan. Chex olimi Ya.Elinek (1982) ma’lumotlari
bo’yicha Yaqin Sharqda eramizgacha bo’lgan VIII – VII ming yillarda aholining
uyushib yashashi mavjud bo’lib suyakka ishlov berish texnikasi ancha
takomillashgan edi. Lekin, V.S.Altunin va A.S.Shulyak (1991), insonning tabiiy
muhitga faol ta’siri ancha erta – mezolit (eramizgacha 10-5 ming y.) davridan
boshlangan deb qayd etishgan. Yaqin Sharqda ancha rivojlangan mezolit madaniyati
10500 yil oldin paydo bo’lgan.
Akademik B.A.Ribakov tahriri ostidagi arxeologik ma’lumotlar turkiy xalqlar
tarixi eramizgacha bo’lgan X-VI ming yillardan boshlanishini ko’rsatadi. Unda
mezolit davrida ular joylashgan yyerlarning tabiiy sharoiti xaritasi keltirilgan bo’lib,
bugungi respublikamiz hududi sahro va yarim sahro mintaqasiga kiritilgan.
E.D.Mamedov va G.N.Trofimov ma’lumotlari (1996 y.)ga ko’ra Lyavlyakon-
plyuvial (eramizgacha 7-4 ming yillar) davrida hozirgi sahro hududida boshqa iqlim
hukmronlik qilgan. Amudaryo va Zarafshon daryolari oqimi hozirgiga nisbatan 2,5
marta ko’p bo’lgan. Keyinchalik antropogen omilning atrof-muhitga ta’siri kuchayib
borgan. Eramizgacha bo’lgan VII (Avesto) asrda tabiat o’zgarishi shu darajaga
yetganki, uni muhofaza qilish bo’yicha «Inson o’zini doimo ozoda tutishi, tabiatni
asrab avaylashi, havo, suv va zaminning pokligini ta’minlashi lozim» degan
chaqiriqlar paydo bo’la boshladi. Tabiatning uch unsuri bo’lmish yer, suv va havo
ekologiyada fundamental tushuncha bo’lgan «biogeotsenoz»ning tarkibiy qismlari
hisoblanadi. «Ekotop» aynan shu elementlar - «klimatop» (havo), «gidrotop» (suv)
va «edafatop» (tuproq) dan tashkil topgan (G.Yu.Valukonis, Sh.O.Muradov, 2001,
21- b.). Shu davrdan boshlab atrof-muhitda salbiy hodisalar kuzatilib, ekologik
qonuniyatlarni o’rganish zaruriyati paydo bo’ldi.
Eramizgacha bo’lgan V asrda Suqrot (eramizgacha 469-399 yy.) ishlarida ham
atrof-muhit haqidagi fikrlar paydo bo’ldi. Kimlardir unga «Afinaliklar seni o’limga
hukm etdi» deyishganda u «Ularni esa tabiat o’limga hukm etgan» deb bemalol
javob bergan edi (V.S.Nersenyants, 1996, 203-b.). Keyinchalik Gippokrat
(eramizgacha 480-377-yy.) iqlim-milliy xarakter xususiyatlarini belgilaydi, deb
ta’kidlagan paytda, qadimgi grek tarixchisi Gerodot jamiyat rivojlanishi tabiatga
bog’liq degan fikrni bildirgan.
Fuqidid (eramizgacha 460-400 yy.), Ksenofont (eramizgacha 430-355 yy.)
tabiiy omillarni shaharlar va iqtisodga ta’sir etishini aytishgan.
Angliyalik tarixchi va sotsiolog A.Toynbi (1889-1975) qadimgi grek faylasufi
Platonning (Aflotun) (er.av 427-347yy.) Gretsiya hududida insonlarning
tajovuzkorona ta’siri ostida tuproqning ifloslanishi hamda qurib ketishi haqidagi
fikrlarini aytgan. Platon shuningdek insonlar xarakteri geografik muhitga bog’liq
deb ta’kidlaydi. (A.V.Losev, G.G.Provadkin, 1998 y. 40-b.). Aristotel (Arastu)
(er.av. 384-322 yy.) ham xuddi shunday fikrda edi. Qadimgi grek olimlari
K.Eratosfen (er.av. 276-194 yy.), Galen (er.av. 136-200 yy.), Polibiy (er.av. 200-120
yy.),Strabon (eram. 1 asr), rimlik Tit Lukretsiy Tatsit (er.av. 58-117 yy.) va
boshqalar jamiyat rivojlanishida tabiiy omillar ahamiyatiga yuqori baho berishgan.
Markaziy Osiyoning buyuk allomalari Al-Xorazmiy (782-847), Al-Farg’oniy
(Al-Fraganus) (IX a. bosh. 861 y.), Al-Forobiy (870-910), AbuRayhon Beruniy
(973-1048), Ibn Sino (980-1937), Zahiriddin Bobur (1483-1530), Mirzo Ulug’bek
(1394-1449) tabiat haqidagi fanlarga katta hissa qo’shganlar. Ular tabiat
qonuniyatlarini, o’simliklar va hayvonot dunyosini har tomonlama o’rganib,
atrofimizni o’rab turgan muhitga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo’lishga
chaqirganlar.
O’rta asrlarda ingliz faylasufi Frensis Bekon (1561-1626) jamiyatning ta’sir
etishidan tabiiy muhitni saqlash vazifalarini qarab chiqqan edi. XVIII asr o’rtalarida
taniqli tabiatshunos Karl Linneyning (1707-1778 y.) «Tabiat tizimi» nomli ajoyib
asari e’lon qilinib, u o’simliklar va hayvonlarni ilmiy tizimlarga ajratishga asos
bo’ldi. Fransuz naturalisti Jan Batist Lamark (1744-1829) organizmlarga muhitning
ta’siri masalasini o’rganishni birinchilardan bo’lib o’rtaga tashladi. Shvetsiya
olimlari Bengt Xultman va Erik Levli (2000) ingliz yozuvchisi, tabiatshunos Gilbert
Uaytni ekologiya fanining asoschisi deb hisoblaydi (1720-1793). Uning «Qadimiy
Zelburnning tabiat tarixi» asari zamon ekologik harakatining dasturi deb
hisoblanadi. Tabiat haqidagi fanlarning keyingi rivojini nemis olimi A.Gumboldt
(1769-1859), rus zoologi va naturalist Karl Rule (1814-1858) va N.A.Severtsov
ishlarida kuzatishimiz mumkin. Amerikalik geograf-olim G.Marsh (1801-1882)
birinchi bo’lib insonning tabiatga salbiy ta’siri haqida (1864) alohida kitob yozdi
(X.T.Tursunov, T.U.Rahimova, 2006, 10-b.). Ch.Darvinning (1809-1882)
evolyutsion ta’limoti, «Turlarning tabiiy yo’l bilan tanlanishdan kelib chiqishi»
kitobi (1859) ekologiya fanining mustaqil fan sifatida yuzaga kelishiga katta hissa
qo’shdi.
|