Xalqaro huquq
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi Birlashgan Millatlar Tashkiloti oldiga xalqaro huquq va uning kodifikatsiyasini ilg`or taraqqiyot yo`liga burishdan iborat aniq vazifa qo`ygan. Bu ishning natijasi hisoblangan konvensiyalar, shartnomalar va normalar xalqaro tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga yordam berish uchun asos yaratadi. Bu konvensiyalarni ratifikatsiya etgan davlatlar huquqiy jihatdan uni bajarishga majburdirlar.
Xalqaro huquq komissiyasi xalqaro huquqiy mavzudagi hujjatlar loyihalarini tayyorlaydi, ular keyin konvensiyaga qo`shilishi va davlatlarning ratifikatsiyasi uchun zarur bo`lishi mumkin. Bu konvensiyalarning ba`zilari davlatlar o`rtasidagi munosabatlarni reglamentga solish huquqiy normalarining asosini tashkil etadi. Jumladan, diplomatik aloqalar haqidagi konvensiya, xalqaro ochiq suv oqimlaridan foydalanish turlarini reglamentlaydigan konvensiya shunday hujjatlardandir. Dengiz huquqi bo`yicha konvensiya barcha mamlakatlarga Dunyo okeani boyliklariga teng huquq bilan kirib borish, uni ifloslanishdan muhofaza qilish va kema qatnovi hamda tadqiqotlar erkinligiga yordam berish uchun yo`naltirilgan. Giyohvandlik vositalarini noqonuniy aylantrishga qarshi kurash haqidagi konvensiya giyohvand moddalarni tarqatishga qarshi kurashda g`oyat muhim xalqaro-huquqiy vosita hisoblanadi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining xalqaro savdo huquqi bo`yicha komissiyasi o`zaro muvofiqlashtirish va xalqaro savdo sohasida huquqiy normalarni tayyorlashga yordamlashish maqsadida qoida va boshqarish tamoyillarini ishlab chiqmoqda. Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti xalqaro ekologik huquqni ishlab chiqish kashshofi hamdir. Yerlarning cho`lga aylanishiga qarshi kurash to`g`risidagi konvensiya, xavfli chiqindilarni tashish haqidagi konvensiya kabi kelishuvlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining atrof muhit dasturida o`z takomilini topmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashtirilgan muassasalari tomonidan terrorizmga qarshi kurashning asosiy huquqiy quroli hisoblangan xalqaro bitim ishlab chiqildi.
|