Bolalar teatrining zamonaviy yoshlar dunyoqarashi va ma’naviy tarbiyasiga ta’siri. Annotatsiya




Download 31.18 Kb.
Sana11.03.2024
Hajmi31.18 Kb.
#169994
Bog'liq
Bolalar teatrining zamonaviy yoshlar dunyoqarashi va ma
ВОЗНИКНОВЕНИЕ И РАЗВИТИЕ СЛОВАКИЯ РУССКАЯ ПИСЬМА

Bolalar teatrining zamonaviy yoshlar dunyoqarashi va ma’naviy tarbiyasiga ta’siri.
Annotatsiya.
Hozirgi kundagi zamonaviy yosh bolalar uchun namoyish etiladigan teatrlashtirilgan tomoshalarning axloqiy-tarbiyaviy ta’siri hamda bola nutqining rivojlanishiga yordam berishi to’g’risida so’z yuritilgan. Shuningdek, o’zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrining hozirgi ijodiy faoliyati haqida qisqacha to’xtalib o’tilgan.
Tayanch so’z va tushunchalar: Zamonaviy yoshlar, maktabgacha ta’lim, oila, bolalar teatri, spektakl, komil inson.
Hozirgi zamonaviy yoshlar dunoqarashini va ma’naviyatini shakllantirishda bolalar teatrining o’rni beqiyos. Sababi, bolalar teatri spektakllar namoyishi orqali yosh tomoshabinlarga nimanidir o’rgata oladi. Umumuan olganda teatr san’ati, bugungi kun kishisini, ayniqsa zamonaviy yoshlarni o’z hayotida, o’z kelajagida sog’lom muhit tashkil etishida, ma’naviyatini oshirishda muhim o’rinni egallaydi. Yoshlar ma’naviyati deganda, tasavvurimizda ularning xulqi, ma’naviyati va odob-ahloqi gavdalanadi. Bular o’z-o’zidan ota-ona tarbiyasi, mahalla-ko’y nazorati, ilm dargohlaridan olgan ta’lim-u, hayotiy kuzatishlar orqali shakllanadi.Yana bir maskan borki, hayotning qiziqarli-yu ajoyib g’aroyibotlarga boy sehrli hayoti namoyon bo’ladi. Zamonaviy yoshlarning ma’naviyatini shakllantirishda esa tarbiyaviy spektakllarning o’rni nihoyatda beqiyos. Teatrga borish barchaga ayniqsa, bolalar uchun bayramga aylanishi kerak. Bu yerda bolalarni nafaqat spektakl balki zal, sahna va uning jihozlari ham lol qoldirishi bilan birga yana kelishga ishtiyoq uyg’ota olishi kerak. Go’dakligidanoq bolalarni telefon-u televizorga o’rgatish ularning ma’naviy dunyosini boyitib qo’ya olmasligi barchaga tayin bo’lganidek, ulardan chiqayotgan zaharli nurlardan zararlanish uchun vaqti va umri yetarli bo’ladi, hali.
“Teatr bu– tarbiya maskani. Yoshlarimizni turli mafkuraviy tahdidlar va g’araz niyatli kuchlardan, ta’sirlardan asrab-avaylashga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz. Yoshlarni to’g’ri yo’lga boshlashda esa faqatgina pand-nasixat berish bilan kifoyalanib bo’lmaydi. Ezgulikni, vatanparvarlikni, insoniy fazilatlarni kamol toptirishga xizmat qiladigan amaliy ishlar qilish kerak. Ana shunday amaliy tarbiya omillaridan biri bu teatrdir.” 1 Bejizga, teatr – jamiyat hayotining ko’zgusi deyishmaydi. Injiq va qaysar bolakaylarni ham, bir narsa o’qishga qiziqmaydigan, qo’liga umuman kitob olmaydigan o’quvchi yoshlarni ham teatr orqali tarbiyalash, o’qishga qiziqtira olish mumkin. Yoshlarga hayot haqiqati borasidagi tushunchalarni to’g’ri anglatish teatr san’atining eng oliy maqsadi bo’lib kelgan. Albatta, hayotning o’zi yaratgan eng oliy maqsadi bor. Biroq, uni yosh tomoshabinga yetkazish uchun butun boshli fidoyi ijodkorlar jamoasi bo’lish kerak. Shu jumladan, teatr ko’p qirrali sintetik san’at turi hisoblanadi. Teatrni dramaturgiya, rejissura, aktyorlk san’ati, musiqa, raqs, chiroq, dekoratsiya, liboslar va grim kabi komponentlarsiz tasavvur etib bo’lmaydi. Bolalar teatrning asosiy vazifasi –yosh tomoshabin bilan bolalar teatri o’rtasidagi aloqani mustahkamlash, bolalarni, zamonaviy o’quvchi yoshlarni teatrga yana qaytib kelishi uchun zamin yaratish, aktyorlar mahoratli ijrosi bilan bolalarning murg’ak qalbiga teatrga bo’lgan muhabbatini oshirish, teatrdan olgan tarbiyaviy xulosalarni kelajakdagi hayotida qo’llashdan iborat. Bu orqali esa bolalar teatri ezgulik hissini zamonaviy yoshlar qalbida shakllantirib boradi. Agar yosh tomoshabinlar teatrlari sahnasidagi aksariyat spektakllar yosh tomoshabin yoshiga to’g’ri kelmasa, mavzu va g’oyasi keng mushoxadaga chorlaydigan, jiddiy, tarixiy matnlardan iborat bo’lsa tabiiyki, yoshlar ularga darxol ergashavermaydi, yosh tomoshabin ushbu tomoshani hazm qilishi qiyinroq kechadi. Shu sababdan ham, yosh tomoshabinlar teatri targ’ibot ishini eng avvalo bolalar bog’chasidan boshlash kerak, bolalarni haqiqiy qadriyatlarga va sahnaviy madaniyat bilimlariga o’rgatish lozim. Bugungi kunda maktabgacha ta’lim muassasalarida teatr jamoalarining sahnalashtirilgan spektakllar namoyishini kuzatamiz. Asosan yangi yil, Navro’z sayllarida ularning ijodiy ishlariga guvoh bo’lamiz. Aytib o’tish joizki, kichkintoylar faqat qorboboyu, qorqizlar, yalmog’izu ayiqpolvonlarning chiqishlari bilan cheklanib qolmasligi, ularga tarbiyaviy jihatdan muhimroq va saviyali kichik spektakllar namoyishi zarur. Bu borada dramaturgiyani ham ma’suliyatga chorlaymiz. Yoshlikdagi his tuyg’ular keyinchalik shakllanib borishi sir emas. Ezgulikning, adolatning va halollikning hamisha g’olib bo’lishi, ularda tarbiyaning ijobiy tomonlari ochilishiga sabab bo’ladi. Ertak qahramonlari deymizmi, yo bo’lmasam zamonaviy qahramonlarmi ularni olib chiqish, o’rnak sifatida ko’rsatishimiz muhim masaladir. Shu o’rinda yosh tomoshabinlar teatriga bir muncha mas’uliyatni yuklaymiz.
Mamlakatimizda yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, o’g’il qizlarning badiiy –estetik didini to’g’ri shakllantirish, uni yuksaltirish masalalariga doimiy e’tibor qaratib kelinmoqda. Yosh avlodga mustaqillik mafkurasini singdirish, ongi va qalbini ezgulik hislariga to’ldirish ularni barkamol, vatanparvar shaxslar qilib tarbiyalash mamlakatimizda yangi davrning vazifasidir. Sababi, hozirgi davr- zamonaviy yosh bolalarning bilim olishga intilishi kuchli bo’lgan, taqlid hissi kuchli rivojlangan davrdir. Ularni barkamol shaxs bo’lib yetishishida ota-ona, tarbiyachi va pedagog, shuningdek yosh tomoshabinlar teatrining o’rni muhimdir.
Bugun o’sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama yetuk, ma’naviy barkamol inson qilib tarbiyalashda avvalo, ota-ona va maktabgacha ta’lim muassasalarining o’rni beqiyosdir. Mamalakatimizning barcha jabhalarida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Uning samarali rivoji uzluksiz ravishda ta’lim sohasiga singib borayotgan islohotlarda ham yaqqol namoyon bo’lmoqda. Bu kabi islohotlardan ko’zlangan maqsad yosh avlodning tarbiyasiga atroflicha yondashish, turli yosh guruhdagi bolalarning bilim doirasini kengaytirish, o’quv- tarbiya ishlarini rivojlantirishdan iboratdir. Ushbu jarayon jamiyatimizning ijtimoiy va ma’naviy rivoji borasida olib borilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo’nalishlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Bu esa uzluksiz ta’lim tizimining ilk bo’g’ini sifatida maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilariga har tomonlama e’tibor berish zaruratini kun tartibiga olib chiqadi.
Maktabgacha ta’lim muassasalari ishini ko’p qirrali deb hisoblash mumkin. Shu jihatdan olib qaralganda, bolalarda axloqiy sifatlarni shakllantirishda teatrlashtirilgan tomoshalar, spektakllar o’ziga xos muhim ahamiyat kasb etadi. Teatrlashtirilgan tomoshalar bolalar bilan bevosita muloqotda bo’lish, ularning “tili”da fikr almashish, bolalarni ishontirish, voqea-hodisalarga nisbatan his-tuyg’ularini bildira olish xususiyatiga ko’ra muhim ahamiyatga ega.
Maktabgacha yoshdagi bolalarni axloqiy tarbiyalashda teatrlashtirilgan tomoshalar bolalarning iqtidori, obyektiv borliq haqidagi tasavvuri va dunyoqarashini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitni yaratish bilan yanada ahamiyatlidir. Boolalarni milliy madaniyat va umuminsoniy qadriyatlar bilan tanishtirish, ularni rivojlantirish davlat talablarining maqsadidadir. Bolaga maktabgacha yoshda berilgan bilim uning butun hayoti davomida yetakchi o’rinni egallaydi.
Jamiyatimizda olib borilayotgan islohotlar ko’lami, rivojlanib borayotgan fan-texnika taraqqiyoti davrida ota-onalar farzandlariga bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda, ularning yoshiga munosib va o’ziga xos xususiyatlarni inobatga olgan holda kerakli ta’lim-tarbiyani berib borish, ma’naviyati yuksak har tomonlama yetuk inson qilib voyaga yetkazish lozimligini tobora anglab yetmoqdalar. Maktabgacha yoshdagi bolalarni mazmunan bog’lanishli nutqini rivojlantirish qobilyati, teatrga borish va spektakl tomosha qilish madaniyatini shakllantirish, bolalarni milliy qadriyatlar asosida axloqiy tarbiyalash biz bo’lajak pedagog kadrlarning asosiy vazifamizdir. Maktabgacha yoshdagi bolalarda teatrlashtirilgan tomoshalar (yosh tomoshabinlar uchun mo’ljallangan spektakllar) vositasida axloqiy sifatlarni shakllantirish, spektakl qahramonlarining xatti-harakatlariga munosabat bildirish, bolalarda spektakl tomosha qilish odobi, hamda qalban go’zallikni ko’ra bilish, jajji qalbida ezgulik hissini uyg’otuvchi samarali ishlar olib borilmoqda. Hattoki tili endigina chiqib, so’zlarni buzib gapirayotgan bolajonlar tarbiyasida ham teatrlashtirilgan tomoshalarning o’rni beqiyosdir. Chunki, bolalar oddiygina salomlashish, hayrlashish odobini, adabiy tilda so’zlashish madaniyatini jamoat joyida o’zini chiroyli tutish, yaxshilik va yomonlik ,ezgulik va yovuzlik tushunchalarini teatr qahramonlari misolida o’rganishlari ehtimoldan holi emas.
Bolalar uchun mo’ljallangan spektakllar eng avvalo, bolalarning ma’naviy, intellektual hamda etik va estetik rivojlanishiga yo’naltirilgan bo’lishi kerak. Odam jismonan baquvvat, bilimli, har ishda chaqqon, epchil bo’lishi mumkin. Ammo, oqko’ngill, samimiy, iymon-e’tiqodli, insonparvar, yurtparvar, bo’lmasa hayotda o’zidan yaxshi nom, yaxshi iz qoldirolmaydi. Teatr san’ati bolaning ana shunday go’zal tuyg’ular, insoniy fazilatlar sohibi bo’lib shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
O’zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatri o’zining tabiatiga ko’ra jozibali bo’lishi bilan bir qatorda doimiy tomoshabinga egaligi bilan ajralib turadi. Lekin sharti shuki, tomosha albatta qiziqarli shuningdek ibratli bo’lishi lozim.O’sha spektakldan keyin tomoshabinlardan hech bo’lmaganda bittasi bo’lsada o’ziga ibratli xulosa chiqara olsa teatr o’z vazifasini bajargan hisoblanadi. Teatr donishmandlaridan biri – “Bolalar spektakli xuddi kattalarniki kabi, lekin undan o’n chandon mukammalroq, badiiy barkamolroq bo’lishi lozim”- degan ekan. Xalq og’zaki ijodining eng yuksak namunalaridan bo’lmish doston va afsonalarning zamonaviy yoshlar ma’naviyatidagi o’rni beqiyos. Ulardagi millatimizga xos bo’lgan ulug’vorlik, bag’rikenglik, oqillik, bunyodkorlik, yuksak g’urur va bahodirlik ifodasi har bir bola qalbida fahr tuyg’usini uyg’otadi. Jumladan, O’zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrida mahorat bilan sahnalashtirilgan va ijro etilgan, “Shiroq” spektaklida Sak qabilasining oddiy cho’poni Shiroqning qahramonliklari yosh avlod ma’naviy dunyosining boyishida nihoyatda muhim o’rinni egallaydi.
Bolalarga ana shunday spektakl tomoshalarini ko’rsatish, ularning ongiga milliy urf-odatlarimiz, an’analarimizni singdirish, shu aziz vatan barchamizniki ekanligini uqtirish, har tomonlama ma’naviy barkamol inson qilib tarbiyalash, tevarak-atrofda bo’layotgan voqea-hodisalarga adolatli munosabat bildirish, o’zining odobidagi kamchiliklarni anglashiga, tabiatni asrab- avaylab, beg’ubor qalbida mehr uyg’otishga yordam beradi.
Yurtimizda milliy madaniyat va san’atni ravnaq toptirish borasidagi amaliy sa’y harakatlarda bolalar teatrlariga e’tiborni kuchaytirish, ularni moddiy va ma’naviy qo’llab-quvvatlash, repertuarini boyitish masalasiga doimiy e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda bolalarning yosh toifasi uchun mos bo’lgan, badiiy jijatdan puxta sahna asarlarini yaratish, o’g’il-qizlar ongini turli xatarli va zararli axborot xurujlaridan himoyalash yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilishi ko’zlanmoqda. Sababi, bugungi shiddatli global o’zgarishlar davrida bolalarni internetdan, mobil telefondan, kompyuter o’yinlaridan ayri tasavvur etish mushkul. Shuning uchun ota-onalar o’z farzandlarini yoshligidanoq muttasil internetda o’tirishiga imkoniyat yaratib bermasdan imkon qadar farzandlarini teatrga, rostmana hayotga, tabiatga jalb etishga harakat qilishlari lozim. Sababi, bolalarni haqiqiy san’atga, sahnaga oshufta eta olish ular qalbida go’zallikning kurtak yozishi bilan barobar. Bunda teatr ijodkorlari, barcha ota-onalarning ma’suliyati g’oyat kattadir. Bunday ma’suliyatli ishda befarqlikka yo’l qo’ymaslik muhim. Kichkintoylar go’yo ko’zguga o’xshaydi. Bugun qanday voqelikni ko’rsa, ertaga albatta shu jarayonning ifodasini hayotda takrorlaydi. Shu bois bolalar uchun spektakllarni tayyorlashda alohida did, ma’suliyat, jiddiylik, yuqori professional mahorat bilan yondashish muhimdir.
Yuqorida ta’kidlab o’tganimdek, hozirgi zamonaviy yosh bolalarda taqlid hissi yuqori darajada rivojlangan bo’ladi. Shuning uchun ham bolalarga mo’ljallangan teatrlashtirilgan tomoshalar qahramonlarini to’g’ri tanlay bilish, ularning kiyinishi, bir-birlari bilan so’zlashishlari, odob- axloqiga alohida e’tibor berilishi lozim. Shunday ekan, salbiy rolda o’ynayotgan qahramonlarimizni ham bolalar ongiga yomon ta’sir etmaydigan qilib, aksincha bunday obrazlar oqibati yomonlikka olib kelishi haqida tushuntira olishimiz zarur. Shundan kelib chiqib, maktabgacha ta’lim muassasalarida katta yoshdagi bolalar bilan hamkorlikda turli ertak va hikoyalardan foydalangan holda, o’zlari teatr qahrmonlarini yaratishsa, ularning estetik didi va shu bilan bir qatorda tasavvur olami yanada rivojlanib boradi. O’zlari yaratgan qahramonlar obrazi yordamida do’stlari yoki o’zlaridan kichik guruh bolalari uchun milliy urf-odatlarimizdan kelib chiqib kichik sahna ko’rinishlarini tashkil qilishsa yanada bola rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Jumladan, ularning nutqi rivojlanadi, fikrlash qobilyatlari kengayadi, tafakkuri yanayam boyib boradi. O’sib kelayotgan yosh, zamonaviy avlod nafaqat teatrlashgan tomoshalar namoyishini professional aktyorlar ijrosida tomosha qilishlari bilan bir qatorda, o’zlari ham o’sha tomoshaning qahramoniga aylanishlari kerak deb o’ylayman. Katta yoshdagi tarbiyalanuvchi bolajonlar tomonidan sahnalashtirilgan asarlar ularning bilim, ko’nikma va malakalarini hamda iqtidorini namoyon qilish maqsadida ta’lim muassasalari boshqa tarbiyalanuvchilari uchun namoyish etilsa yanayam maqsadga muvofiq bo’ladi, nazarimda. Bunda nafaqat aktyorlik mahoratini sinovdan o’tkazayotgan bolalarning sahna mahoratlari, balki tomoshabin oldida o’zini tutishi, berilgan obrazlarni to’laligicha ochib berish kabi ijodiy fazilatlari yuksaladi. Shungga muvofiq, maktabgacha ta’lim muassasalarida kunning ikkinchi yarmida ko’ngilochar tadbirlarning tashkil etilishi, kitobxonlik kunlarini o’tkazish va o’qigan ertak-hikoyalari asosida bolalarning o’zlari ishtirokida sahnalashtirilgan tomoshalarni amalga oshirish tizimini yo’lga qo’ysak, kelajakda albatta o’z samarasini isbotlaydi.


1 I.A.Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. T. “Ma’naviyat” 2015

Download 31.18 Kb.




Download 31.18 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Bolalar teatrining zamonaviy yoshlar dunyoqarashi va ma’naviy tarbiyasiga ta’siri. Annotatsiya

Download 31.18 Kb.