Umumiy simptomatologiyasi




Download 2.74 Mb.
bet5/23
Sana04.04.2017
Hajmi2.74 Mb.
#2867
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   23
Umumiy simptomatologiyasi

Yutish faoliyati buzilishi, yoqimsiz sezgilar, ovqat yutish vaqtida paydo bo‘ladigan og‘riqlar qizilo‘ngach zararlanganidan dalolat beradigan eng muhim shikoyatlardan hisoblanadi.

Disfagiya (yutishning buzilishi) - yutinish harakatini bajara olmaslik, halqumda va qizilo‘ngach bo‘ylab ovqat luqmasi harakatining buzilishi, shuningdek bu a'zolarda ovqat tutilib qolishi bilan bog‘liq yoqimsiz sezgilar. Disfagiya og‘riq bilan o‘tishi mumkin - disphagia dolorosa yutishda og‘riq odatda zararlangan sathda seziladi, u orqaga, bo‘yinturuq venaga ham o‘tishi ehtimol.

Ko‘pchilik bemorlar ovqat luqmasi qaerda tutilib qolayotganini aniq aytib bera oladilar. Biroq bu sezgi qator hollarda odatda xaqiqiy tutilib qoladigan joydan birmuncha yuqorida bosilish, qisilish sezgisi sifatida o‘tadi. Yutish boshlanishidan tutilish sezgisi paydo bo‘lguncha o‘tgan sekundlar bilan hisoblanadigan vaqt qizilo‘ngachning xaqiqiy zararlangan joyini aniqlashga yordam beradi. Yutilgandan keyin 1-1,5 sekund o‘tgach ovqat luqmasi qizilo‘ngachning bo‘yin bo‘limida bo‘ladi, keyingi 5-6 sekundda qizilo‘ngachdan o‘tadi va yutish boshlangandan 6- 8 sekund keyin me'daga tushadi.

Disfagiyada qizilo‘ngachning organik zararlanishi (rak, stenozlar va b.) natijasida birinchi navbatda qattiq ovqat (non, olma, go‘sht bo‘lagi va b.) tutilib qoladi. Ustidan suv ichib yuborish ko‘pincha yengillik beradi. Funksional disfagiyada (ezofagospazm oqibatida) suyuqlik, ayniqsa juda issiq yoki sovuq suyuqlik ichilganda aksariyat qiyinchiliklar paydo bo‘ladi. Juda quruq ovqat yoki katta bo‘laklarni yutish soppa-sog‘ odamlarda disfagiya keltirib chiqarishi mumkin. Disfagiya doimiy yoki o‘zgarib turadigan bo‘ladi. Doimiy disfagiya qizilo‘ngach bo‘shlig‘ini yanada torayishga olib keladigan organik kasalliklarda kuzatiladi. O‘zgarib turadigan disfagiya ezofagospazmga bog‘liq.

Qator hollarda disfagiya sababini aniqlab bo‘lmaydi. Disfagiya sabablarini izohlab beradigan quyidagi ma'lumotlarni keltirish diqqatga sazovor. A. A. Shtuss va D. D. Ashurbekov ma'lumotlariga ko‘ra rentgenolo-gik tekshirishga yuborilgan, disfagiyasi bo‘lgan 534 nafar bemor orasidan 290 nafarida qizilo‘ngach raki, 59 nafarida funksional buzilishlar, 20 nafarida qizilo‘ngachning surilishi va ezilishi, 1 nafarida diafragma - qizilo‘ngach teshigi churrasi, 34 nafarida esa boshqa kasalliklar topilgan. 120 nafar odamda hyech qanday o‘zgarishlar aniqlanmagan.

To‘sh orqasida bosim, to‘lib ketish sezgisi ovqat yeyish vaqtida paydo bo‘ladi va aksariyat kardiya axalaziyasida kuzatiladi. Bosim yoki to‘lib ketish sezgisi ovqat yeyish boshlangan vaqtda paydo bo‘lgan hollarda vrach bu simptomga ayniqsa diqqat-ehtiborini qaratishi zarur. Odatda bu jiddiy kasallik belgisi (qizilo‘ngach raki, me'daning skirri, kardiya axalaziyasi va b.) hisoblanadi. Uni ishtaha pasayib ketgandagi tez to‘yib qolish belgisi deb o‘ylamaslik kerak.

Og‘riq (dolor). Qizilo‘ngach kasalligiga uchragan ko‘pgina bemorlar og‘riqdan shikoyat qiladilar. Odatda u to‘sh orqasida o‘rta chiziq, bo‘ylab zararlanish sohasiga taxminan mos keladigan joyda bo‘ladi, biroq u o‘ng tomondan orqaga va to‘shdan chap tomonga berilishi ham mumkin. Og‘riqlar ovqat yeyish bilan bog‘liq bo‘lishi va yutinishning buzilishi bilan o‘tishi mumkin (rak, stenoz, diskineziyada). Ko‘pincha bunday hollarda atayin qayt qilish bemor ahvolini yengillashtiradi.

Kardiya raki va axalaziyasi bo‘lgan bemorlarda spontan (o‘z-o‘zidan bo‘ladigan) og‘riqlar bo‘ladi. Ular og‘riq krizlari xarakterini olishi mumkin. Odatda «og‘riq krizlari» kasallikning birmuncha ilk davrida, aksariyat tunda boshlanadi. Og‘riqlar juda qattiq bo‘ladi, orqaga, qizilo‘ngach bo‘ylab yuqoriga, bo‘yinga, jag‘ga o‘tadi, bir necha minutdan bir necha soatgacha davom qiladi. Krizlar oyiga 1-3 marta, kamdan-kam hollarda bundan ko‘proq paydo bo‘ladi.





Download 2.74 Mb.
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   23




Download 2.74 Mb.