1.2. Informatsion texnologiyalarning o’quv jarayonidagi o’rni va ahamiyati.
Kelajak o’tmishda shakllanadi. Vaqtning uzviy bog’liqligini insoniyat rivojlanishda, ayniqsa fan va texnikaning rivojlanishida yaqqol tasavvur qilishi mumkin. Fizika va u bilan chambarchas bog’langan aloqa texnikasi bundan istisno emas. Axborot almashuvi, aniqroq qilib aytganda, aloqa insoniyat rivojlanishi uchun zarur asos hisoblanadi.
Aloqa tizimlarining hozirgi kunda bizga xizmat ko’rsatayotgan namunalarining bir qismi XIX va XX asrlarda yaratilgan. Bu elektr aloqa tizimlar – telegraf, telefon, radio va komp’yuter tarmoqlaridir [5].
Boshlanishda ular o’zlaricha alohida, raqobat tariqasida rivojlana boshladi. O’zaro texnikaviy raqobat, vaqt o’tishi bilan, o’zaro bog’liqlik, bir maqsadni bajarish uchun birlashishga olib keldi. Uch elektrodli lampaning yaratilishi ularga birinchi asos bo’ldi va radiotexnikani rivojlanishiga, elektron apparatlarning yangi avlodlarini paydo bo’lishiga olib keldi.
O’tgan asrning o’rtalarida kichik o’lchamli aktiv yarim o’tkazgich asboblaridan biri - tranzistor kashf etilishi aloqa tizimlarida, radioeshittirish va televideniyeda ikkinchi (inqilob) revolyustiyaga, diskret yarim o’tkazgich asboblarning yaratilishi esa elektronikaning shakllanishiga olib keldi. Radiotexnika va elektronikaning asta-sekin o’zaro bog’lanishi radiosxema va elektron komponentalar o’rtasidagi chegaraning yo’qolishiga sabab bo’ldi. Integral sxemalarning yaratilishi va qo’llanilishi mikroelektronikaning shakllanishiga imkon berdi. Santimetr kvadratining yuzdan biri bo’laklarida tayyorlanadigan integral sxemalar bir necha o’n mingdan iborat aktiv va passiv elektron elementlarni o’z ichiga oldi. Natijada, integral sxemalarga asoslangan, aloqa tizimlarining uchinchi avlodlari paydo bo’ldi [6].
Kristall hajmi bo’yicha taqsimlangan aktiv va passiv elementlarning, alohida funkstiyani bajarishi uchun, o’zaro yuqori integrastiyali integral sxemalarning yaratilishga olib keldi. Masalan, zaryadlarni ko’chirish asbobi bo’lgan televizion kamera 3x4 mm2 sirtga ega bo’lib, milliondan ortiq aktiv elementlarni o’z ichiga oladi va murakkab funksiyalarni bajarishga xizmat qiladi. Katta integral sxemalar yaratilishi komp’yuterlarning yangi avlodini, mobil telefonlar, televizion kameralar va boshqa hozirgi zamon aloqa tizimlarini yaratilishiga asos bo’ldi.
Hozirgi vaqtda, qattiq jism elektronikasida, o’ta yangi elektron qurilmalarni yaratish uchun yangi fizikaviy prinsiplar va hodisalarni aniqlashda izlanish ishlari olib borilmoqda. Bu fizikaviy jarayonlarning xarakterli xususiyati-qattiq jism hajmidagi dinamik nojinsliliklardan axborotni saqlash va qayta ishlashda foydalanishdir. Dinamik nojinsliliklarga Gann elektr domenlari, silindrik va magnit domenlar, zaryadni ko’chirish asboblaridagi paket va «cho’ntaklar», sirtqi va hajmiy akustik hamda spinli to’lqinlar kiradi. Natijada hozirgi, eng yangi elektron qurilmalarni yaratish uchun akustikaviy–magnitoelektronika, kvant elektronikasi, spinotronika va nanotexnologiya yo’nalishlari yaratilmoqda.
Bu yangi texnologiyalar o’z navbatida insoniyat faoliyatining barcha sohalarini rivojlanishiga olib kelishi hech shubhasizdir. Yuqorida keltirilgan fan va texnikaning yutuqlari istalgan davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga xizmat ko’rsatadi.
Hozirgi davr talabiga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlashda, bakalavriyat bosqichidagi talabalarga fizika fani asoslarini o’rgatishdan asosiy maqsad – ularda hozirgi zamon ilmiy – texnikaviy dunyoqarashni shakllantirish, ularga zamonaviy texnika vositalari asoslarini tanishtirish va ulardan foydalanishga zamin yaratishdan iborat. Shuni unutmaslik kerakki, fizika fani oliy o’quv yurtlarida o’qitiladigan oliy matematika, informatika, axborot texnologiyalari, elektr zanjirlar nazariyasi, radioelektronika va mikroelektronika asoslari va boshqa fanlar bilan uzviy bog’langan [6].
Fizika fani – tabiat hodisalarining oddiy va umumiy qonuniyatlarini, moddalar tuzilishi va xususiyatlarini, ularning harakat qonunlarini o’rgatuvchi fandir.
Fizikaning qonunlari ma’lumotlarga asoslangan bo’lib, asosan tajribalarda o’rnatilgan va matematik tilda ifodalangan miqdoriy tenglamalardan iboratdir. Shu sababli, u aniq fanlar qatoriga kiradi.
Yangi informatsion texnologiyalari hozirgi vaqtda eng dolzarb mavzulardan biri bo’lib kelmoqda, sababi har bir sohani o’rganish, izlanish va tajriba orttirish uchun turli usullardan foydalanish kerak bo’ladi. Shuning uchun bog’chadan tortib to yuqori saviyadagi ishlarni o’rganishda hozir yangi axborot texnologiyalaridan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Hozirgi zamon mutaxassislari, faoliyat doiralari qanday bo’lishidan qat’iy nazar, informatika bo’yicha keng ko’lamdagi bilimlarga, zamonaviy hisoblash texnikasi, informatsion aloqa va kommunikatsiya tizimlari, orgtexnika vositalari va ulardan foydalanish borasida yetarli malakalarga ega bo’lishi, hamda, yangi informatsion texnika va texnologiya asoslarini uning ertangi kuni, rivoji to’g’risidagi bilimlarni o’zida mujassamlashtirgan bo’lishi kerak. Zamonaviy hisoblash texnikalari va informatsion texnologiyaning kun sayin rivojlanib, jamiyatning esa tobora informatizatsiyalashib borishi sababli, uzluksiz ta’lim tizimining o’rta va yuqori bosqichlariga fizika, informatika, ishlab chiqarish va boshqarish jarayonlarini komp’yuterlashtirish bo’yicha bir qator o’quv fanlari kiritilgan.
Yigirmanchi asr o’rtalariga kelib tezkor mashina mexanizmlardan foydalana boshlandi, murakkab texnika va texnologiyalar o’ylab topildi. Ko’pgina masalalarni hal qilish jarayonida axborot hajmi behisob bir majmuaga aylanadi, hamda bu axborotlarni yig’ish va uzatish vositalarni yaratish, ularni vaqtida qayta ishlab, boshqarish uchun zarur bo’lgan choralarni belgilab chiqish kerak bo’lib qolgan. Ko’pchilik vazifalarni bajarishda boshqarish jarayonlarini takomillashtirish, axborot tizimini joriy etish, mutaxassislarni komp’yuterda ishlashga o’rgatish muhim ahamiyatga ega [7].
Informatsion texnologiya o’quvchilarni rag’batlantiradi va qiziqishini oshiradi. Informatsion texnologiya o’quvchilarni kelajakdagi faoliyatiga tayyorlashga ko’mak beradi. Hozirgi zamonda mehnat faoliyati o’quvchilar qoniqish bilan ishlatayotgan komp’yuterlar, texnologiyalar, dasturlar va qurilmalar yordamida boshqariladi.
Informatsion texnologiya o’rganish va o’qitishning yangi imkoniyatlarini ochib beradi. Informatsion texnologiya o’qituvchilarning kasbiy o’sishi uchun ularga o’z fanlari bo’yicha o’qitishning yangi usullarini kiritishga, yangi yondashuvlarni qo’llashga, g’oyalarni ro’yobga chiqarish va yangi ko’nikmalarni rivojlantirishga imkoniyat yaratadi.
Informatsion texnologiya o’z resurslaridan oqilona foydalanishga imkoniyat yaratadi, o’quv jarayonini oqilona boshqarish va nazorat qilish orqali vaqtni va mablag’ni tejaydi, darslarga tayyorgarlik jarayonini qisqartiradi va o’qish jarayonini o’quvchilar uchun qiziqarli hamda ko’ngilochar qiladi.
Informatsion texnologiya turli yoshdagi o’quvchilar, turli darajadagi o’qituvchilar uchun moslashtirilishi mumkin, hamda ta’lim jarayonida o’qituvchilar va o’quvchilar uchun ko’mak. Axborot texnologiyalari faqat fan va texnika hodisasi bo’lmasdan, iqtisodiy rivojlanishning muhim omilga aylanmoqda. Axborot bilan qamrab olinmagan biror muhim xo’jalik sektorini (ishlab chiqarish, transport, kredit-moliya sohasi, savdo) keltirish qiyin. Ayni paytda hisoblash texnikasi va aloqa vositalari asosida axborotni to’plash, saqlash va taqdim etishning zamonaviy usullari yangi axborot texnologiyalari va xizmatlarni sotish (tarqatish) maqsadlarida ishlab chiqarish mustaqil tarmoq sifatida shakllandi va ajralib chiqdi. Shunday qilib xalq xo’jaligini axborotlashtirish kelgusiga yorib o’tish demakdir. Komp’yuterlarda keng qo’llanilib kelayotgan ayrim sohalarni ko’rib chiqamiz.
|