Robototexnika. Ma’lumki «robot» so’zi bizning tilmizga ilmiy fantastikadan kirib kelgan. Birinchi bor bu so’zni oltmish yil oldin taniqli chex fantast yozuvchisi Karel Chepek ishlatgan, ammo «mexanik odamlar» undan oldinroq ham ma’lum edi. O’rta asrlarda inson talantlariga ega bo’lgan musiqachi - qo’g’irchoq yoki rassom - qo’g’irchoqlar paydo bo’lganligi ma’lum. Komp’yuter asri boshlanishi bilan insonni og’ir va zararli mehnatdan ozod etadigan robotlar paydo bo’ldi. Ular garchi odam qiyofasida bo’lmasada, ko’plab funksiyalarni (ishlarni) bajara oladilar. Masalan O’zDAEWOO avto O’zbekiston – Koreya qo’shma avtomobil korxonasida turli ishlarni bajaradigan robotlar keng qo’llanilmoqda.
Bugungi kunda robotlar mashinasozlik zavodlarida, po’lat quyish stexlarida, himiyaviy laboratoriyalarda, qurilishda keng qo’llanilmoqda. Robotlarni yaratish bilan shug’ullanadigan texnikaning maxsus shaxobchasi – robototexnika paydo bo’ldi. Robotlar orasida keng tarqalgani bu robot manipulyatorlardir. Manipulyatorlar - o’ta sezgir va kuchli mexanik qo’ldir. Robotlarni komp’yuter boshqarib turadi, ya’ni komp’yuter robotning «miyasi»dir, ular telekameralar orqali «ko’rib», mikrofonlar yordamida «eshitadilar», ya’ni axborot qabul qiladilar. Maxsus datchiklar «sezgi» organi vazifasini o’taydi.
Ishlab chiqarish sohasi. Ishlab chiqarishning dyarli barcha sohalarida komp’yuterlar qo’llanilib kelmoqda. Komp’yuterlar ko’pgina texnologik jarayonlarni boshqarmoqda. Ular yordamida yangi mahsulotni chizmasini yaratishdan toki tayyor mahsulot bo’lib chiqqunga qadar bo’lgan barcha jarayonlarni avtomatlashtirish mumkin. Mahsulotni shaklini konstruktor komp’yuter ekranida chizib, tegishli o’zgartirishlar yasab, qog’ozga chop etishi mumkin. Mahsulotni ishlab chiqarish uchun kerakli barcha qurilmani imkoniyatlari, unga ketadigan sarf harajatlarni hisob – kitob qilishi va boshqa ishlarni bajarishda ham komp’yuter beg’araz yordamchidir. Mahsulotni ishlab chiqarishda axborot asosiy komp’yuterladan ishlab chiqarish liniyalariga yetkaziladi. U yerda axborotni qabul qilishga tayyor turgan robotlar komp’yuter uzatgan dastur asosida mahsulotni yig’a boshlaydi. Tayyor mahsulotlar esa robotlar yordamida tekshirilib, omborlarga jo’natiladi.
Tibbiyot. Ma’lumki shifokorga borishni ko’pchilik xush ko’rmaydi. Birinchidan – demak siz bemorsiz. Sog’lom odam u yerga bormaydi. Ikkinchidan, u yerda hamma joyda navbatda turishga to’g’ri keladi. Masalan, registraturada kasallik varaqasi uchun, shifokorlar qabuliga kirish uchun va hoqazo. Uchinchidan – shifokor yozib bergan dorilarni dorixonalardan izlash kerak bo’ladi. Komp’yuterlarning shifoxonalarda va poliklinikalarda paydo bo’lishi ko’p narsalarni, jumladan yuqoridagi muammolarni ham tubdan o’zgartirib yuboradi. Endi siz to’g’ridan to’g’ri shifokor huzuriga yo’l olasiz. Uning ish stolida odatdagi tibbiyot ish qurollaridan tashqari komp’yuter ham joy olgan: uning hotirasida barcha bemorlarning kasallik tarixi yozib qo’yilgan. Birinchi bor murojoat etayotgan bo’lsangiz siz haqingizdagi barcha axborotni shu yernining o’zida shifokor komp’yuterga kiritib qo’yadi. Kasalligingiz haqidagi barcha ma’lumotlar komp’yuterga kiritilgach, sizning kasalligingiz haqida tashhis qo’yiladi va chop etish qurilmasi yordamida dorilar uchun retsept chop etib beriladi. Retseptning olib, boshqa komp’yuter yordamida ushbu dorilarni eng yaqin bo’lgan qaysi aptekalardan topish mumkinligi haqida axborot olishingiz mumkin;
Komp’yuter tibbiyotda boshqa ishlarga ham qodir. Masalan, tomograf – ya’ni siljib harakatlanadigan rentgen apparati insonning ixtiyoriy organi haqida to’liq ma’lumot olishi, ulardagi mikroskopik defektlar, chet jinslar, (masalan buyrakdagi tosh kabi) haqida ma’lumot berishi mumkin. Tomograf uzatgan axborotni tezda qayta ishlash va ekranda ko’rsatish uchun albatta u komp’yuter bilan bog’langan bo’lishi shart.
Komp’yuter va san’at. Komp’yuterning san’atga qanday aloqasi bor? Komp’yuterlar aniq programma asosida ishlaydi. San’at esa–bu ijod, fantaziyadir. Lekin bu sohada ham komp’yuter ijod ahliga yordam berishi mumkin. Kompozitor musiqa yaratishda komp’yuterdan unumli foydalanishi mumkin. Buning uchun kichik royal yoki elektroorgan yordamida komp’yuterga ulanib yozayotgan musiqa notalarini ekranda ko’rib turgan holda yangi asar yaratishi va shu yerning o’zida, shu onda eshitib ko’rishi ham mumkin.
Hozirgi kunda axborot va komp’yuter texnologiyalari atamalari kundalik turmushda eng ko’p qo’llaniladigan tushunchalar desak mubolog’a bo’lmaydi. Chunki hayotning qaysi sohasini olmaylik, qanday amallarni bajarmaylik, albatta, axborotlar bilan ish ko’ramiz. Ya’ni axborotlardan foydalanish, axborot almashish, ularni uzatish, o’zlashtirish inson faoliyatining asosiy negizini tashkil etadi.
Hozirgi kunda axborot texnologiyasi jamiyatning jadal rivojlanishiga ta’sir etuvchi eng muhim omildir. Axborot texnologiyasi insoniyat taraqqiyotining turli bosqichlarida ham mavjud bo’lgan bo’lsa-da, hozirgi zamon axborotlashgan jamiyatning o’ziga hos xususiyati shundaki, sivilizatsiya tarixida birinchi marta bilimlarga erishish va ishlab chiqarishga sarflanadigan kuch – energiya, xom – ashyo, materiallar va moddiy iste’mol buyumlariga sarflanadigan harajatlardan ustunlik qilmoqda, yani axborot texnologiyalari mavjud yangi texnologiyalar orasida yetakchi o’rinni egallamoqda.
Axborot texnologiyalari industriyasi majmuini komp’yuter, aloqa tizimi, ma’lumotlar ombori, bilimlar ombori va u bilan bog’liq faoliyat soxalari tashkil qiladi. Axborot texnologiyalari sohasida bevosita ishlamaydigan odamlar ham kundalik ishlaridan uning imkoniyatlaridan foydalanadi. Axborot texnologiyalari turmushning barcha sohalariga borgan sari ko’proq singib borib, uning harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda.
Bugungi kunda axborot texnologiyasini shartli ravishda saqlovchi, ratsionallashtiruvchi, yaratuvchi turlarga ajratish mumkin. Birinchi turdagi texnologiyalar mehnatni, moddiy resusrlarni, vaqtni tejaydi. Ratsionallashtiruvchi axborot texnologiyalariga chiptalar buyurtma qilish, mehmonxona hisob – kitoblari tizimlari misol bo’ladi. Yaratuvchi (ijodiy) axborot texnologiyalari axborotlarni ishlab chiqadigan, undan foydalanadigan va insonni tarkibiy qism sifatida o’z ichiga oladigan tizimlardan iborat.
Axborot texnologiyalarining hozirgi zamon taraqqiyoti hamda yutuqlari fan va inson faoliyatining barcha sohalarini axborotlashtirish zarurligini ko’rsatmoqda, chunki, aynan shu narsa butun jamiyatning axborotlashtirilishi uchun asos va muhim zamin bo’ladi.
Jamiyatni axborotlashtirish deganda, axborotdan iqtisodni rivojlantirish, mamlakat fan – texnika taraqqiyotini, jamiyatni demokratlashtirish va intellektuallashtirish jarayonlarini jadallashtirishni ta’minlaydigan jamiyat boyligi sifatida foydalanish tushuniladi. Darhaqiqat jamiyatni axborotlashtirish – inson hayotining barcha jabhalarida intellectual faoliyatning rolini oshirish bilan bog’liq ob’yektiv jarayon hisoblanadi. Jamiyatni axborotlashtirish respublikamiz xalqi turmushi darajasining yaxshilanishiga, ijtimoiy ehtiyojlarning qondirilishiga, iqtisodning o’sishi hamda fan – texnika taraqqiyotining jadallashishiga xizmat qiladi.
Axborotlashtirish jarayonini 5 asosiy yo’nalishga ajratish mumkin:
Mehnat, texnologik va ishlab chiqarish jarayoni vositalarini kompleks avtomatlashtirish.
Ilmiy tadqiqotlar, loyihalash va ishlab chiqarish jarayonlarini axborotlashtirish.
Tashkiliy – iqtisodiy boshqarishni avtomatlashtirish.
Aholiga xizmat ko’rsatish sohasini axbomatlashtirish.
Ta’lim va kadrlar tayyorlash jarayonini axborotlashtirish.
Har qanday fan borliqning ba’zi tushunchalarini umumlashgan, bir-biriga bog’langan holda o’rganadi. Masalan, fizika tabiatdagi voqealar, hodisalar, ularning kelib chiqish shart – sharoitlari, ulardan inson hayotida foydalanish kabilarni o’rganadi. Fizikani o’qitishda turli usul va uslublardan foydalaniladi. Fizikada bilishning asosini nazariy bilim va o’zlashtirilgan bilimni amaliyotda tekshirish tashkil etadi. Har ikkala holda ham materialni o’zlashtirishda ma’lum darajadagi axborotlar majmui o’quvchilar ongiga yetkaziladi.
Bilim olishda, yani ma’lum turdagi axborotlarni o’zlashtishda komp’yuter tizimining yordami benihoyat kattadir. Axborot qanday ko’rinishda ifodalanishdan qat’iy nazar, uni yig’ish, saqlash, qayta ishlash va foydalanishda komp’yuter texnikasining rolini quyidagilar belgilaydi :
Birinchidan, o’qitishda yangi axborot texnologiyalaridan foydalanish standart (an’anaviy) tizimga nisbatan o’quv jarayonini jadallashtirib, o’quvchida ilmga qiziqishni oshiradi, ular ijodiy faoliyatini o’stiradi, bilim berishga differensial yondashish, olingan bilimlarni takrorlash, mustahkamlash va nazorat qilishni yengillashtiradi, o’quvchini o’quv jarayonining sub’yektiga aylantiradi.
Ikkinchidan, yangi axborot texnologiyalaridan ta’lim – tarbiya jarayonida quyidagi shakllarda foydalanish mumkin bo’ladi:
Muayyan predmetlarni o’qitishda komp’yuter darslari;
Komp’yuter darslari – ko’rgazmali material sifatida;
O’quvchilarning guruhli va frontal ishlarini tashkillashtirishda;
O’quvchilarning ilmiy izlanishlarini tashkillashtirishda;
O’quvchilarning o’qishdan bo’sh vaqtlarini to’g’ri tashkil qilish masalalarini hal etishda va h. k.
|