Poytaxtimizdagi «O‘zekspomarkaz»da VII Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi o‘z ishini davom ettirmoqda.
Unda sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, fan va ta’lim sohalaridagi yuzlab innovatsion mahsulotlar namoyish etilayotir. Ushbu tadbir istiqbolli g‘oya va ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish borasida yangi imkoniyatlar ochmoqda. Bu ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, mablag‘ va vositalarni tejash, ichki bozorda milliy mahsulotlar ulushini ko‘paytirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirishga yordam bermoqda.
Bu yirik korxonalar va jadal rivojlanayotgan xususiy sektorning ishlab chiqarishni texnik modernizatsiyalash va texnologik yangilashga bo‘lgan qiziqishi ortayotgani bilan izohlanadi. Korxonalar rahbarlari, fermerlar olimlar taklif etayotgan loyiha va asbob-uskunalarni sinchiklab o‘rganib, ulardan eng samaradorlarini tanlab olmoqda va ishlab chiquvchilar bilan xarid qilish shartlarini muhokama qilmoqda, o‘zaro manfaatli shartnomalar tuzmoqda.
Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari stendlari ko‘pchilikni o‘ziga jalb etmoqda. Ular iqtisodiyotning tayanch tarmoqlari, jumladan, neft-gaz, kimyo sanoati, farmatsevtika sanoati, qurilish, qishloq xo‘jaligi, muqobil energetika va boshqa jabhalardagi ustuvor vazifalarni bajarishga yo‘naltirilgan yuzdan ziyod innovatsion ishlanma va loyihalarni namoyish qilmoqda. Oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari va talabalarining innovatsion mahsulotlari ular bilan munosib raqobatga kirishmoqda.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining iqtisodiyot fakulteti yosh ixtirochilarining ishlanmalari tejamkorligi va ekologik tozaligi bilan ajralib turadi. Chunonchi, universitet talabalari bioetanol ishlab chiqarishning yangi texnologiyasini taqdim etib, yangi avlod mexanik samokati imkoniyatlarini namoyish qilmoqda. Mualliflarning tasdiqlashicha, mazkur samokat tezkor va shovqinsiz bo‘lish bilan birga, atrof-muhitga hech qanday zarar yetkazmaydi.
Yarmarkada qishloq xo‘jaligi, xususan, paxtachilikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan turli innovatsion ishlanmalarning keng taqdim etilayotgani ushbu tadbirning o‘ziga xos jihatlaridandir. Mamlakatimizning turli hududlari iqlim sharoitiga mos istiqbolli yangi g‘o‘za navlarini yaratish bu boradagi ishlarning ustuvor yo‘nalishidir.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Genomika va bioinformatika markazi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, «O‘zpaxtasanoat» uyushmasi mutaxassislari erishayotgan muvaffaqiyatlar diqqatga sazovordir. G‘o‘zaning markerlarga asoslangan seleksiyasi asosida olib borilgan ilmiy tadqiqotlar samarasida g‘o‘zaning «Ravnaq-1» va «Ravnaq-2» navlari yaratildi. Ushbu navlar tolasining yuqori sifati, tezpisharligi va serhosilligi bilan ajralib turadi.
– Markazimizda g‘o‘zaning qurg‘oqchilik va sho‘rga chidamli, erta pishar, serhosil, tolasi sifatli, turli kasallik va zararkunandalarga bardoshli genlarini identifikatsiyalash bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilmoqda, – deydi Genomika va bioinformatika markazining markerlarga asoslangan seleksiya laboratoriyasi rahbari Faxriddin Qo‘shanov. – Yarmarkada namoyish etayotgan yangi ishlanmalarimiz fermerlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ayni paytda amaliy tajribalaridan kelib chiqib, tavsiya va takliflar bildirmoqda. Bu innovatsion faoliyat samaradorligini sezilarli darajada oshiradi.
Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanidagi «Oq suv» fermer xo‘jaligi stendi ham ko‘pchilikning e’tiborini tortmoqda. Ular tuproq unumdorligini saqlash, hosildorlikni oshirish, suv va boshqa resurslarni tejash imkonini beradigan yangi agrotexnika usulini taqdim qilmoqda. Fermer xo‘jaligi rahbari Alijon Ahmedov qishloq xo‘jaligiga joriy etilgan ishlanma va ratsionalizatorlik takliflari uchun yuzdan ortiq patent va mualliflik guvohnomalari olgan.
Yarmarkada axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi ishlanmalar keng namoyish qilinayotir. Masalan, O‘zbekiston radiotexnika, elektronika va aloqa ilmiy-texnika jamiyati yangi «ProMark» dasturiy mahsulotini taqdim etmoqda. Ushbu dastur savdo tarmog‘ida tovar aylanmasini hisobga olish jarayonini avtomatlashtirishga mo‘ljallangan. Shuning uchun kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillari mazkur dasturga qiziqish bilan qaramoqda. «Unicon» davlat unitar korxonasi ijro tartibini nazorat qilish uchun «elektron hukumat» tizimining «Ijro intizomi» modulini, shuningdek, ta’lim muassasalarining lingafon xonalariga mo‘ljallangan «Dialog-16» jihozi to‘plamini namoyish qilmoqda. «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi ham ko‘plab innovatsion loyihalar bilan qatnashayotir. Ular orasida CDMA-450 standartidagi yuqori texnologiyali, qo‘shimcha ravishda ratsiya vazifasini bajaradigan mobil telefonlar mavjud.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, yarmarkaning ikki kunlik ishida innovatsiyalarni joriy etish borasidagi hamkorlik bo‘yicha 4 milliard so‘mlikdan ziyod yuzdan ortiq shartnoma va kelishuv imzolandi.
Ta’lim - fan - ishlab chiqarish integratsiyasi mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladi. Ta’lim tizimini tubdan isloh qilishda xalqimizning jahon tamadduniga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilgan boy ma’naviy merosi va salohiyatiga, rivojlanib borayotgan texnika va texnologiyalarga hamda ilm-fan yutuqlariga asoslangan holda Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi va rahbarligida ishlab chiqilgan, dunyoda noyob hisoblangan, bugun o‘zining yuksak samarasini berayotgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Bu dastur o‘zbek modeli sifatida butun dunyoda tan olindi. Kadrlar tayyorlash milliy dasturida oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim sifatini oshirish, bunda jahon miqyosida raqobatbardosh bo‘lgan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash masalasiga alohida ahamiyat berilgan.
Prezidentimizning 2012 yil 24 iyulda qabul qilingan «Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoni yurtimizda ilm-fan va ta’lim sohalarida o‘tkazilayotgan islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda. Mazkur hujjat oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va ularni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirishga, jahon tajribasi va bu boradagi xalqaro standartlarni hisobga olgan holda tadqiqot ishlarining sifati va ilmiy-amaliy ahamiyatini oshirishga, bugungi kun yoshlari o‘z ijodiy va intellektual salohiyatini namoyon etishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilmoqda.
O‘tgan ikki yil mobaynida davlatimiz rahbarining mazkur farmoni asosida ilmiy kadrlar tayyorlashning zamonaviy, xalqaro miqyosda tan olingan talablarini amalga tatbiq qilish borasidagi ishlarimiz izchil davom ettirilmoqda. Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning bir bosqichli – to‘g‘ridan-to‘g‘ri fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoya qilish tizimiga o‘tilgani oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashda taraqqiy etgan davlatlardan kam bo‘lmagan rivojlanish istiqbollarini yanada kengaytirishi shubhasizdir.
Aytish joizki, bu borada manfaatdor vazirlik va idoralar, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda mutaxassis-olimlarimiz tomonidan tegishli ishlar olib borilmoqda. Rivojlangan mamlakatlarning raqobatbardosh oliy malakali kadrlar tayyorlash borasidagi ilg‘or tajribalari atroflicha o‘rganib chiqilib, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar instituti tubdan qayta tashkil etildi. Amaldagi ixtisoslashgan kengashlar faoliyati chuqur tahlil qilinib, fan yo‘nalishlari va ixtisosliklarning yangi ro‘yxatini hisobga olgan holda, mamlakatning yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari huzurida tegishli fan yo‘nalishlari bo‘yicha fan doktori ilmiy darajasini beruvchi 40 ta ilmiy kengash tuzildi.
Yuqorida qayd etilgan yangi tizimning joriy etilishi dissertatsiyalar mavzularini mamlakatimiz iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda tanlash, ilmiy ishlarni innovatsion faoliyatni rivojlantirishga, fan va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini ta’minlashga qaratishga zamin yaratmoqda.
Joriy yilning 30 sentabrida oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning bir bosqichli tizimi sharoitida ilk bor attestatsiya jarayonining barcha bosqichlaridan o‘rnatilgan tartibda ijobiy o‘tgan 6 nafar talabgorning attestatsiya ishlari yuzasidan yakuniy qaror qabul qilinib, ularga yangi namunadagi fan doktori diplomlari topshirildi. Mazkur doktorlik dissertatsiyalari mamlakatimizda oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning bir bosqichli tizimiga o‘tilgani nechog‘liq o‘z vaqtida va to‘g‘ri bo‘lganidan dalolat beradi. Bu tadbir mamlakatimiz ilmiy hayotida muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, ular Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan 2012 yilning 24 iyulida imzolangan farmonda belgilab berilgan g‘oyalarning ilk natijalaridan biri hisoblanadi. Himoya qilingan bu dissertatsiyalardan olingan ilmiy natijalar sifatining yuqoriligi, ularning jahon ilmiy-texnik bozorida raqobatbardoshligi va olingan ilmiy natijalarning amaliyotga joriy etilgani bilan xarakterlidir.
Toshkent davlat texnika universiteti hamda O‘zbekiston Milliy universiteti huzurida fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash tashkil etildi va o‘z faoliyatini boshladi.Ilmiy kengashda fizika-matematika fanlari doktori ilmiy darajasiga talabgor Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali dotsenti Ravshan Indiaminovning «Ortotrop elektr o‘tkazuvchanlikni hisobga olgan holda toktashuvchi aylanma qobiq magnitoelastikligi nazariyasini rivojlantirish» mavzusidagi dissertatsiyasining himoyasi o‘tkazildi. To‘rt soat davomida qizg‘in bahs va muhokamalar tarzida o‘tgan himoyada taniqli olimlar, doktorlik dissertatsiyasini tayyorlayotgan izlanuvchilar, magistrantlar va izlanuvchilar ham ishtirok etishdi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, ushbu dissertatsiya mavzusi yo‘nalishida AQSh, Germaniya, Angliya, Fransiya, Yaponiya, Ukraina va boshqa davlatlarning ilmiy markazlarida, oliy ta’lim muassasalarida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Dissertatsiyaga kelgan bir qator taqrizlar va munozarada ishtirok etgan olimlarning ta’kidlashicha, ortotrop (ayniqsa, anizotrop) elektr o‘tkazuvchanlikni hisobga olgan holda toktashuvchi aylanma qobiq magnitoelastikligining chiziqli bo‘lmagan bog‘lanishdagi masalasi qo‘shma maydonlar mexanikasida hal etilmagan muammolardan biri bo‘lib qolayotgandi. Dissertatsiyada dinamik masalalarning matematik qo‘yilishi va ikki o‘lchamli modeli jahonda birinchi marta shakllantirilgan. O‘zbek olimining bu fundamental yo‘nalish bo‘yicha yaratgan va rivojlantirgan nazariyasi asosida ushbu ilmiy muammoning yechimi topildi va ushbu muammo ustida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borayotgan chet ellik olimlar tomonidan e’tirof etildi. Zeroki, ilmiy-tadqiqot natijalari 20 ta xalqaro anjumanda aprobatsiyadan o‘tkazilgan. Dissertatsiya mavzusi bo‘yicha 51 ta ilmiy ish, jumladan, 12 ta ilmiy maqola xalqaro jurnallarda chop etilgan.
Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash sifatini oshirishda magistratura hal qiluvchi bosqich hisoblanadi. Magistrlar ilmiy-tadqiqot ishini samarali olib borishi uchun zarur moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, ularning ilmiy amaliyotini tanlangan yo‘nalishga mos ilmiy-tadqiqot muassasalarida keng tashkil etish, ishlab chiqarish korxonalarida amaliyot o‘tkazish muddatini uzaytirish lozim. Magistrlarning ilmiy faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash, ularning qiziqishlarini tizimli rag‘batlantirib borish zarur. Bular, o‘z navbatida magistraturani kutilganidek fan doktorlari tayyorlashning dastlabki bosqichi darajasiga ko‘tarishda tayanch omillar bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, magistraturada talabalarning kreativ va tahliliy fikrlash qobiliyatlarini rivojlantiruvchi fanlar o‘qitilishini yanada kengaytirish, ta’lim jarayoniga ilmiy-tadqiqot muassasalari olimlarini, shuningdek, rivojlangan xorijiy davlatlardan mutaxassislarni ham jalb etish ko‘zlangan natijani beradi, albatta.
Ayniqsa, kadrlar tayyorlashning barcha bo‘g‘inlarida fundamental fanlar salmoqli o‘rin egallaydi. Ular tatbiqiy va umummuhandislik fanlarini rivojlantirishda dasturulamal, zamonaviy ilm-fan va texnologiyalarning eng muhim muammolarini hal etish uchun asos bo‘la oladi. Bu esa, o‘z navbatida, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash jarayonini ilmiy va amaliy tadqiqot jihatidan ta’minlash infrastrukturasini vujudga keltirib, mamlakatimiz ilm-fanining jahon ilm-faniga bo‘lgan integratsiyasini mustahkamlaydi. Shuning uchun ham fundamental ilmiy tadqiqotlarimiz natijalari kelajak texnikasi va texnologiyasi uchun asos bo‘lishi kerak.
Umuman, bakalavr va magistrlar tayyorlash jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya hamda pedagogik texnologiyalarni samarali qo‘llash, fundamental va ixtisoslik fanlarini yanada chuqurlashtirilgan dasturlar asosida o‘qitish, ma’ruzalarni ingliz tilida o‘tish, talabalarni jahon fan-texnikasi sohasidagi yangiliklardan doimiy ravishda xabardor qilib borish alohida ahamiyat kasb etadi.
Ilmiy tadqiqotlar sifati va samaradorligini oshirish maqsadida dolzarb va mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qiladigan mavzular bo‘yicha dissertatsiya tadqiqotlarini amalga oshirishni tashkil etishni yangi pog‘onaga ko‘tarish olimlarimiz bajarishi kerak bo‘lgan muhim vazifalardan biridir.
Yana bir o‘ta muhim masala – fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlar faoliyati samaradorligini oshirishdan iborat. Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlar xalqaro miqyosda raqobatbardosh bo‘lgan salohiyatli va yuksak ma’naviyatli oliy malakali ilmiy kadrlar tayyorlashga xizmat qilishi darkor. Shu bois ular fundamental va tatbiqiy fanlar sohasida dolzarb muammolar bo‘yicha ilmiy yo‘nalishlarni aniqlashi, tegishli sohalarda kadrlar tayyorlash yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqishi, umuman, o‘z faoliyatini samarali tashkil etish masalasiga jiddiy e’tibor qaratishi taqozo etiladi. Bo‘lajak olimlarimizning kasbiy darajasi, bajarilayotgan doktorlik dissertatsiyalarining sifati va ularning yuksak ilmiy-amaliy saviyasini ta’minlash ko‘p jihatdan mazkur jarayonda ishtirok etayotgan olimlar, ayniqsa, ilmiy kengashlar a’zolariga bog‘liq ekanini unutmasligimiz lozim.
Doktorlik dissertatsiyalari sifatini oshirish uchun ta’lim - fan - ishlab chiqarish integratsiyasini yanada chuqurlashtirish masalasi muhim hisoblanadi. Bu esa, o‘z o‘rnida, ta’lim olishni ilmiy izlanish bilan, ilmiy izlanishni esa ishlab chiqarish bilan bog‘laydi. Shuning uchun ham mamlakatimiz olimlari, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari kengashlari, ilmiy kengashlar ushbu uzluksizlikni ta’minlash yuzasidan amalga oshiralayotgan ishlarimizni yanada jadallashtirishimiz zarur. Bu borada, masalan, texnika fanlari sohasida ilmiy-tadqiqot institutlari laboratoriyalaridan va mamlakatimizning gigant korxonalari texnik imkoniyati va uskunalaridan foydalanishni yanada kengaytirish maqsadga muvofiqdir.
AQSh, Germaniya, Yaponiya, Xitoy va Janubiy Koreya singari rivojlangan davlatlarning ishlab chiqarish va eksport salohiyati aynan ilmiy texnologiyalarga asoslangani sir emas. Bizda ham ana shunday imkoniyat va salohiyat mavjud. Misol uchun, Toshkent davlat texnika universitetida Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi fundamental, amaliy va innovatsiya loyihalar bo‘yicha keng ko‘lamda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda va muayyan ilmiy natijalarga erishilmoqda. 2011-2014 yillarda mazkur universitetda davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirilayotgan loyihalar bo‘yicha umumiy hajmi 7 milliard so‘mdan ortiq ilmiy-tadqiqot ishlari bajarilgan. So‘nggi uch yil davomida 96 ta monografiya, 50 dan ziyod darslik va o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 1189 ta ilmiy maqola (shundan 247 tasi xorijiy jurnallarda) va 1400 dan ortiq ma’ruza tezislari xalqaro va respublika anjumanlar ilmiy to‘plamlarida chop etilgan. Keyingi uch yil davomida universitet olimlari tomonidan 50 dan ziyod patentlar olingan bo‘lib, 18 ta patent mamlakatimizning istiqbolli ixtirolari tarkibida munosib o‘rin egallagan [27].
Bugungi kunda yosh, iste’dodli olimlarimizning salohiyatini ilm-fanning ustuvor yo‘nalishlaridagi dolzarb muammolar yechimiga safarbar etish, oliy ta’lim muassasalarida bajarilayotgan fundamental va amaliy tadqiqotlarda iqtidorli talabalar ishtirokini yanada kengaytirish olimlar oldida turgan muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Biz buyuk mutafakkir allomalarning vorislarimiz. Ular erishgan ilmiy yutuqlar hanuz jahon ahlini hayratga solib kelmoqda. Shunday ulug‘ mutafakkirlarimiz bilan faxrlanish barobarida, ular erishgan olamshumul yutuqlarni muntazam ravishda yangi muvaffaqiyatlar bilan boyitib borishimiz, fanning turli sohalarida dunyo olimlari tan oladigan yangidan-yangi ilmiy kashfiyot va ixtirolar qilishimiz zarur.
Shu yilning 15-16 may kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan «O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati» mavzusidagi xalqaro konferensiyada Prezidentimiz: «Men yoshlarimizga murojaat qilar ekanman, ularga doimo: «Biz buyuk ajdodlarimiz bilan faxrlanishimiz, g‘ururlanishimiz kerak», deb aytaman. Ayni vaqtda «Faqat g‘ururlanishning o‘zi yetarli emas, kelinglar, o‘zimiz ham, xuddi ular kabi, mana shu bebaho merosga o‘z hissamizni qo‘shaylik!» deb takrorlayman» deya alohida ta’kidladi [26].
Ana shunday sharoitda olimman, ziyoliman degan har bir vatandoshimiz jamiyat hayotini isloh qilish bo‘yicha mamlakatimizda olib borilayotgan olamshumul ishlarning faol ishtirokchisiga aylanmog‘i shart. Zero, chinakam vatanparvar olim o‘zining tushuncha va qarashlari bilan cheklanib qolmasdan, davrning o‘zi ziyolilar oldiga qo‘yayotgan o‘tkir muammolarni chuqur anglashi va eng muhimi, bunga munosib javob berishga qodir bo‘lishi kerak. Olimlik va fuqarolik burchini to‘liq anglash, beparvolik kayfiyatidan to‘la xalos bo‘lish, butun kuchi va salohiyatini ilm-fan ravnaqi yo‘lida safarbar etish har bir ziyolining burchiga aylansagina oldimizga qo‘yilgan ulkan vazifalarni bosqichma-bosqich bajarib boramiz.
Prezidentimiz «Yuksak ma’naviyat - yengilmas kuch» asarida olimlar va ijodkorlarning mashaqqatli mehnati haqida alohida to‘xtalib, ezgu insoniy g‘oyalar va yuksak mahorat bilan yaratilgan asarlar orqali xalqimizning madaniy saviyasini yuksaltirish, boshqacha aytganda, bugun jahon maydonida yuz berayotgan keskin aql-zakovat va iste’dod musobaqasida bellashuvga qodir bo‘lish bugungi kunda ilm-fan sohasi xodimlarining mas’uliyatli burchi ekanini ta’kidlagan edi.
Haqiqatan ham, yangidan-yangi ilmiy asarlari va ixtirolar bilan mustaqil Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida xizmat qilish mamlakatimiz – olimlari uchun yuksak sharafdir.
|