Hududiy tizim (sistema) va tizim-tarkib ilmiy g‘oyasining mohiyati.
Hududiy majmualarga taniqli olimlar V.A.Anuchin, V.V.Pokishevskiy va boshqalar ham katta ahamiyat berishgan. Biz ham ushbu tushunchani xududiy rivojlantirishning «jonu-tani» deb bilamiz. Kompleks yondoshuvga esa A.Gumboldt, V.V.Dokuchaev kabi mashhur olimlar asos solishgan. YU.G.Saushkin geografiyada «daraxt emas o‘rmon, inson yoki odam emas aholi,» N.N,Baranskiy «pianinoni bir barmoq bilan emas, barcha barmoqlar bilan o‘ynash kerak», I.M.Maergoyz «geografiyaning eng jozibali xususiyati uning ko‘p masshtabli, turli miqyos va ko‘lamda fikrlay olishidadir» deganlarining negizida kompleks yondoshuv yotishi aniq. Ammo, yuqorida ta’kidlaganimizdek, kompleks yondoshuv oddiy ko‘pchilik, masalan, xor, cholg‘u ansambilining baravariga birday chalinishi emas, ularning yakkaxoni, navbat bilan yakka alohida-alohida chalinishi shaklida ham bo‘lishi, yoki har qanday masalaning «egasi», murodu-maqsadi bo‘lmog‘i zarur.
Kompleks yondoshuv ko‘pgina iqtisodiy geografik fanlar (sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, shaharlar geografiyasi va h.k.) ta’rifida ham o‘z ifodasini topgan. Ularning har qaysisida avval o‘rganilayotgan hodisa va voqealar dialektik nuqtai nazardan alohida-alohida ajratilib tahlil qilinadi, taqqoslanadi, so‘ngra shu sohaga taalluqli hududiy majmualar (sanoat va transport tugunlari, shaharlar aglomeratsiyalari) aniqlanadi, ularning shakllanish va rivojlanish qonuniyatlari o‘rganiladi.
Ma’lumki, kompleks (majmua) va sistema (tizim) tushunchalari ham o‘zaro ancha o‘xshash. Sistema konsepsiyasini yaratgan biolog nazariyotchi olim Lyudvig fon Bertalanfi uni o‘zaro aloqadorlikda bo‘lgan elementlar majmuasi, kompleksi sifatida talqin qilgan. Ko‘rinib turibdiki, sistema ta’rifida kompleks tushunchasi ham mavjud. Ammo, shu bilan birga u bu tushunchalarning ma’nodosh ekanligi fikridan uzoq bo‘lgan.
Darhaqiqat, sistema yoki tizim (aniqrog‘i-sistema) kompleksga nisbatan murakkabroq va kengroq mazmunga ega. Sistema uchun ichki va tashqi, gorizontal va vertikal aloqalar, boshqaruvchanlik, mustaqil va barqaror holda faoliyat ko‘rsatish, tashkil etish kabilar xos. Ular oddiy, additiv (yig‘indi) va murakkab ko‘rinishlarga ega. Qolaversa, har qanday kompleks ham sistema bo‘lavermaydi, masalan, aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish, sport, yoki tug‘ruqxona majmualarini sistema deb atash noto‘g‘ridir.
Ta’kidlash joizki, har ikkala tushunchada ham ko‘plik, ularning bir necha (ikki va undan ortiq) elementlardan tarkib topishi nazarda tutiladi. Ammo, majmuada element va komponentlar o‘rtasida aloqalar shart bo‘lmasa-da, ular sistema uchun zarur hisoblanadi. Sistemaning umumiy nazariyasiga muvofiq, murakkab sistemalarda bir elementning yo‘qolishi yoki to‘xtab qolishi sistemaning umumiy faoliyatiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Komplekslar uchun elementlar sanog‘i, sistema uchun esa, eng avvalo, element va komplekslar o‘rtasidagi aloqadorlik shartdir. Kompleksda tadqiqot chegarasini belgilash muammo bo‘lsa, sistemada birlamchi elementni aniqlash muhimdir. Kompleksda fikr tashqariga, kenglikka yo‘naltiriladi, o‘rganilayotgan hodisaning boshqa hodisalar bilan bog‘lig‘iga qaratilsa, sistemada asosiy e’tibor hodisa va voqelikning ichki xususiyatlari, aloqa va munosabatlariga beriladi.
Har qanday sistema o‘z ichki tuzilishiga, ya’ni tarkibiga (strukturasiga) ega. Binobarin, fanda sistema-struktura yoki tizim-tarkib yondoshuv iboralari mavjud. Tarkib ham, o‘z navbatida, turli bosqichdagi (ierarxiyadagi) «tarkibchalardan», komponent va elementlardan tashkil topadi. Element sistemaning birlamchi qismi bo‘lib, u bo‘linmaydi, komponent yoki boshqa yuqori pog‘onalardagi tarkiblar esa o‘sha darajadagi o‘ziga xos sistemalarga mos keladi.
SHunday qilib, geografiyada hududiy tizim va hududiy tarkib to‘g‘risida so‘z yuritish mumkin. Tabiiy geografiyada hududiy tizim, to‘g‘rirog‘i-geotizim yoki geosistema nazariyasining asoschisi V.B.Sochava bo‘lgan (1963). U geosistemani tabiiy geografiya fanining ob’ekti sifatida qaragan va geosistema faqat mazkur fanga taalluqli, deb hisoblagan (iqtisodiy geografiyada esa, V.B.Sochavaning fikricha, hududiy ishlab chiqarish sistemalari mavjud). Demak, geografiya, landshaft, mintaqa kabi tushunchalar ko‘proq an’anaviy holda tabiiy geografiya ma’nosida qo‘llanishiga o‘xshash geosistema ham shu mazmunga ega, vaholanki, ularning barchasi ayni vaqtda notabiiy geografiyaga ham tegishlidir. Ammo tabiiy va ijtimoiy (iqtisodiy, siyosiy) sistemalar o‘rtasida ma’lum farqlar mavjud; notabiiy sistemalar ancha harakatchan bo‘ladi va ularning boshqaruv imkoniyatlari ko‘proq inson faoliyati bilan bog‘liq.
Hududiy rivojlantirishda hududiy ishlab chiqarish sistemasi yoki hududiy ijtimoiy-iqtisodiy sistemalar haqidagi g‘oyalarni asosan Boltiqbo‘yi (S.YA.No‘mmik) va Ural (M.D.SHarigin) olimlari hamda Moskva Davlat universiteti professorlari- T.M.Kalashnikova va K.I.Ivanovlar ishlab chiqishgan va qo‘llashgan. B.S.Xorev va F.M. Listengurtlar ushbu tushunchani o‘zlari yaratgan «aholi joylashuvining yagona sistemasi» va «aholi manzilgohlarining guruh sistemalari» ilmiy g‘oyalarida ishlatishgan, V.S.Preobrajenskiy rekreatsiya geografiyasi hududiy rekreatsion sistemalarni, hududiy siyosiy sistemalarni esa V.A.Kolosov, N.S.Mironenko, M.M.Golubchik siyosiy geografiya fani o‘rganadi, deb ta’riflashgan. Hududiy tarkib yoki xalq xo‘jaligining hududiy tarkibi to‘g‘risidagi ilmiy ishlarning asoschisi esa, shubhasiz, I.M.Maergoyzdir. O‘zbekistonda sistemali yondoshuvni ko‘proq A.R.Ro‘ziev va uning shogirdlari asarlarida uchratamiz.
SHu bilan birga sistema va tizimli yondoshuv o‘zbek olimlarining ilmiy tadqiqotlarida ham qo‘llaniladi. Bu, albatta, metodologik nuqtai nazardan to‘g‘ridir. Ammo, aholi migratsiyasi, uning tabiiy ko‘payishi, tug‘ilishi, o‘lishi kabi jarayonlarni ham hududiy tizim (sistema) darajasida talqin qilish nodurustdir. CHunki, jarayonlarning hududiy tizimi emas, balki hududiy tizimlar ichida turli ko‘lam va yo‘nalishdagi jarayonlar mavjud bo‘ladi, tizimlar esa jarayonlar natijasidir. SHu jihatdan qaraganda, aholi joylashuvi, shahar va qishloq manzilgohlarining hududiy tizimi bor, ammo aholining tabiiy harakati yoki migratsiyasi, tug‘ilishi yoki o‘limining hududiy tizimi yo‘q.
SHunday qilib, hududlarni rivojlantirishda ikki, bir-biriga yaqin kompleks (majmua) va sistema, sistema-struktura (tizim-tarkib) kategoriya va tushunchalar, yondoshuvlar mavjud. Asosiy vazifa-ularni o‘z o‘rnida va vaqtida qo‘llashdan iboratdir.
Bunday ilmiy g‘oya va qonuniyatlar fanlarning tarixi, ta’rifi va taqdirida ham o‘z aksini topgan..
Endi hududiy majmua, hududiy tizim va hududiy tarkibning hududlarni rivojlantirishda bosh, birlamchi tushunchasi rayon bilan aloqasiga to‘xtab o‘taylik. Biroq, bu oson ish emas, sababi ularning barchasini gnesologik ildizlari, mazmuni bir-biriga o‘xshash va tutashib ketadi. Zero, rayon ham ma’lum ma’noda hududiy tizim va majmuadir.
Rayonni o‘ziga xos sistema sifatida o‘rganish faqat uning morfologiyasini (dotsent R.A.Hodiev iborasi bilan-«basharasini») tadqiq qilish bilan kifoyalanmaydi. Binobarin, buning uchun rayonning ichki tuzilishi, «kesimi va profili», aloqalari, to‘ri va turi, funksional tarkibini tahlil qilish talab etiladi.
|