So'zboshi
Ushbu kitob mualliflari hayotingiz muvaffaqiyatli va mukammal bo'lishini istaydilar.
Shuningdek, biz siz va har bir inson o'z salohiyatidan to'laqonli foydalanishga
rag'batlantiradigan va imkoniyat beradigan muhitda yashashini istaymiz. Fikrimizcha,
ushbu maqsadlarga erishish rahbarlardan ham, fuqarolardan ham iqtisodiyotning
asosiy tamoyillarini tushunishlarini talab qiladi. Iqtisodiy qarorlar va iqtisodiy siyosat,
ko'pincha biz buni to'liq anglamagan holda, kundalik hayotimizning deyarli barcha
sohalariga ta'sir ko'rsatadi. Siyosatchilar va saylovchilarning iqtisodiy savodsizlik
darajasi bizni doimo hayratga soladi. Iqtisodiy savodsizlik barcha mamlakatlar uchun
xatarli, lekin u, ayniqsa, rivojlanayotgan va post-kommunistik o'tish davri
iqtisodiyotlarida keng tarqalgan va zararli hisoblanadi. «Mantiqiy Iqtisodiyot»
loyihasining asosiy maqsadi kasbimizning asosiy tushunchalarini barcha uchun
tushunarli bo'lishini ta'minlashdan iborat.
Vaqt qimmatli bo'lganligini hisobga olib, biz ushbu nashrni yangi atamalarni
o'rganish, formulalarni yodlash yoki faqat iqtisodchi mutaxassislar uchungina muhim
bo'lgan murakkab tafsilotlarni tushunish kabi talablarni qisqartirgan holda tayyorladik.
Aksincha, biz iqtisodiyotning haqiqatan ham muhim bo'lgan asosiy tushunchalariga
e'tiborni qaratdik. Bu sizga to'g'ri qarorlar qabul qilishga, tobora murakkablashib
borayotgan dunyoni tushunishga va yanada mazmunli hayot kechirishga yordam
beradi.
Iqtisodiy bilimingiz darajasidan qat'i nazar, ushbu kitob sizga muhim
tushunchalarni taqdim etadi. Biz uni qisqa, puxta va o'qishga qulay qilishga harakat
qildik. Kitobning nomi dalolat berganidek, biz iqtisodiyotning asosiy tamoyillari,
avvalambor, mantiqiy fikrlashni aks ettiradi deb hisoblaymiz. Kitob ushbu tamoyillarni
qo'llab, ular haqiqiy dunyo voqealarini tushuntirishga qodirligini namoyish etadi.
Bizning maqsadimiz sizga nima uchun ba'zi mamlakatlar gullab-yashnashi,
boshqalari esa muvaffaqiyatsizlikka uchrashini tushuntirishdan iborat. Bunda siyosiy
jarayonlar o'rganilib, davlat va bozor taqsimoti o'rtasidagi tafovutlar tadqiq etiladi.
Bizning umumiy ahvolni ko'rsatish bo'yicha harakatlarimiz tufayli kitobni hatto
7
iqtisodiyot va biznes sohalarining yuqori kurs talabalari ham foydali topishlari
mumkin. Siz ushbu kasbga xos murakkab formulalarni, modellarni va matematik
usullarni vaqtincha chetga surib, sizni birinchi navbatda iqtisodiyotga jalb qilgan
iqtisodiy tamoyillarga e'tiboringizni qaratishingiz mumkin.
Kurs materiallari, ayniqsa iqtisodiyot bo'yicha o'qishni davom ettirmaydigan
talabalar, shuningdek, atrof dunyo qanday ishlashi bilan tanishishni istagan keng
jamoatchilik uchun mustahkam poydevor yaratishni nazarda tutgan holda ishlab
chiqilgan. Kitob o'rta maktab o'quvchilari, iqtisodiyotdan boshqa sohalarda (masalan,
huquq yoki jurnalistika) o'quvchi talabalar va, ayniqsa, barcha fuqarolarni ko'zlab
yozilgan.
«Mantiqiy Iqtisodiyot» jamoasi ushbu materiallarni o'qituvchilar bilan baham
ko'rishni istaganligi sababli biz ushbu materiallardan yanada unumli foydalanishni
ta'minlash maqsadida o'qituvchilar uchun malaka oshirish kurslarini taklif qilishimiz
mumkin. Ushbu tadbirlar to'g'risida ko'proq ma'lumot olmoqchi bo'lsangiz,
http://www.econfun.org
veb-saytimizga tashrif buyuring.
Berlin devori qulaganidan o'ttiz yil o'tib, ko'pchilik o'tish davrining sur'ati va
yo'nalishini shubha ostiga olmoqda. Mintaqa aholisi «noliberal demokratiya» yoki
«davlat kapitalizmi» kabi yolg'on va'dalarga berilmasliklari juda muhimdir. Ushbu
mintaqaga siyosiy va iqtisodiy erkinliklar kelishi uchun ko'p odamlar o'z vaqtlarini,
mavqelarini va hatto hayotlarini qurbon qildilar. Biz kitobni erkinlikning ushbu
qahramonlariga bag'ishlaymiz.
|