Ma'lumotlar qanday saqlanadi?
Biz ma'lumotlarni (kino, klip, qo'shiq, musiqa, rasmlar, hikoyalar, referatlar) daftarlar, kitoblar, magnit tasmalar va boshqa vositalar yordamida uzoq vaqt saqlay olamiz. Kompyuterda ham ma'lumotlarni uzoq vaqt saqlab qo'yish imkoniyati bor. Buning uchun asosan magnit disklar va kompakt disklar ishlatiladi. Magnit disklarning qattiq va egiluvchan turlari bor.
Qattiq disklar vinchester deb atalib, odatda u sistema blokida joylashtiriladi. Egiluvchan disklar disket deb atalib, asosan bir kompyuterdan boshqasiga ma'lumotlarni ko'chirish uchun ishlatiladi. Disketlarga ma'lumot yozish va undagi ma'lumotni o'qish diskyuritgich (diskovod) qurilmasi yordamida amalga oshiriladi.Vinchesterlarda disketlarga nisbatan bir necha ming marta ko'p ma'lumot saqlash mumkin. Kompakt disklardagi ma'lumotlarni o'qish uchun CD-ROM qurilmasi ishlatiladi.
Vinchester, kompakt disk va disketlardagi ma'lumotlar kompyuter elektr manbasidan uzilgan holda ham saqlanib qoladi. Shu sababli ularni umumiy nom bilan kompyuterning tashqi xotirasi deb ataymiz.
|