1-ma’ruza
Mehnatni muhofaza qilish qonuniyatlari. Fanning maqsadi va vazifalari
Reja:
1. “Mehnat muhofazasi” fanining dunyoga kelishi.
2. MM fanining maqsadi va vazifalari.
3. MM fanining tarkibiy qismlari.
4. O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida” gi
qonuni.
5.
Instruktajlarni turlari.
6.
Javobgarlik turlari.
Insoniyat
jamiyati mavjudligining, yashashining va taraqqiy etishining
asosiy shartlaridan biri unda turli shakllarga ega bo‘lgan faoliyatning olib
borilishidir. Faoliyatni olib boruvchi subyekt esa faqat – ong va tafakkurga ega
bo‘lgan insondir.
Jamiyat uchun eng katta ahamiyatga ega bo‘lgan faoliyat shakli mavjud. Bu
faoliyatning oliy shakli hisoblangan – mehnatdir. Chunki,, faqat mehnat tufayligina
insoniyatning
barcha moddiy, ma’naviy va boshqa turdagi boyliklari yaratiladi.
Mehnatning shakllari xilma-xildir. Ular turmushda, jamiyat hayotida, madaniyatda,
ishlab chiqarishda, ilmda va hayotning boshqa sohalarida kechadigan amaliy, aqliy
va ma’naviy jarayonlarni o‘z ichiga oladi.
Inson o‘z mehnatining sifati va unumdorligini oshirish maqsadida mehnat
qurollarini va ishlab chiqarish vositalarini doimiy va to‘xtovsiz ravishda o‘zgartirib
va mukammallashtirib boradi. Buning natijasida u mehnat jarayonida doimiy
ravishda yuzaga chiqadigan turli zararli va xavfli omillar ta’siri ostida qoladi.
Тurli zararli va xavfli omillar ta’siri ostida qolish hozirda,
insoniyat XXI
asrga qadam qo‘yganda, dolzarb muammoga aylandi. Iqtisodiyot obyektlarining
turli sohalarida murakkab texnik qurilmalar va mashinalarning qo‘llanilishi
natijasida ishlovchilarda nerv-psixologik, statik yuklanishlar, nevroz holatlari, kasb
kasalliklari ko‘paydi, avariya va falokatlar sodir bo‘lishi ortdi. Bular o‘z navbatida
ishlab chiqarishda mehnat xavfsizligini ta’minlash masalasining ahamiyatini
oshiradi.
Ishlab chiqarishda mehnat xavfsizligini ta’minlashni samarali yechish
muammosi
jamiyat tomonidan qonuniy, ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy, texnik,
gigiyenik va davolash-oldini olish tadbirlari va vositalari tizimini ishlab chiqishni
va amalga joriy qilishni talab etadi. Jamiyatdagi bu
faoliyat va jarayon mahsuli
sifatida mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bilim sohasi hosil bo‘ladi va
shakllanadi. Bu bilim sohasidan esa jamiyat hayotida juda katta ahamiyatga ega
bo‘lgan “Mehnat muhofazasi” fani dunyoga keladi.
“Mehnat muhofazasi” ijtimoiy-texnik fan bo‘lib u ishlab chiqarishdagi
zararli va xavfli omillarni aniqlaydi va o‘rganadi, ishlab chiqarishdagi baxtsiz
hodisalarning va ishchilar kasb kasallanishlarining oldini
olish yoki kamaytirish
tadbirlarini, hamda avariya va portlash sodir bo‘lishini bartaraf etish uslublarini
o‘rganadi va ishlab chiqadi.
GOSТ 12.0.002-80 (2003) bo‘yicha “Mehnat muhofazasi” deganda mehnat
jarayonida ishlovchilar sog‘lig‘ini va ish qobiliyatini saqlashga,
hamda
xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qonuniy hujjatlar, ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy,
texnik, gigiyenik va davolash-oldini olish tadbirlari va vositalari tizimi tushuniladi
[26, 35].
Yuqoridagi ta’rifdan ko‘rinib
turibdiki, “Mehnat muhofazasi” fani bir
qancha bilim sohalari chegarasida vujudga keladi.
MM fanning asosiy o‘rganish obyektlari bo‘lib mehnat jarayonidagi inson va
uning holati, ishlab chiqarish muhiti, inson bilan ishlab chiqarish uskunalari va
texnologik jarayonlarning o‘zaro bog‘lanishlari va ta’sirlari,
mehnat va ishlab
chiqarishni tashkillashtirish, hamda boshqa barcha mehnat xavfsizligini
ta’minlashga ta’sir qiluvchi omillar va jarayonlar xizmat qiladi.