MIM HARFINING MAHBUBLARINING MALOHATI «G‘AROYIB»DIN
393
Bo‘lmish andoq munqati’ ahli zamondin ulfatim
Kim, o‘zum birla chiqishmas ham zamone suhbatim.
Ey xush ulkim, tutmish erdi vahsh ila sahroda uns,
Muhish ahvole mangakim, bor o‘zumdin vahshatim.
Istaram qochmoq adam vodiysidinkim, kirgali
Vomiqu Farhodu Majnun bas g‘uluvdur xilvatim.
To‘lg‘anurmen o‘zlugumdin chiqg‘ali bukim erur,
Dard vodiysida sargardon quyundek hay’atim.
Ey ajal, tan xirqasin kuydurki, bo‘lmish bas og‘ir,
Bu malomat o‘qlari birla tikilgan kisvatim.
Ey falak, anjum ushoq toshin yig‘ib boshingg‘a ur,
Chun fano mayxonasi xishtidin o‘ldi turbatim.
Yetti ko‘kni ko‘k varaqlardek sovurg‘ay har taraf,
Toqi minoyiy aro chirmalsa ohi hasratim.
Qo‘y duru feruza bahsinkim, nujumu charxni
Nilufar bargi uza shabnamcha ko‘rmas himmatim.
La’ldek boshim osilsun g‘arqai xunob o‘lub,
La’l tikkan saltanat tojig‘a bo‘lsa rag‘batim.
Turfa ko‘rkim, xalq komi birla umrum bo‘ldi sarf,
Turfaroq bukim birovga yoqmadi bir xidmatim.
Ey Navoiy, ikki olamdin kechib toptim visol,
Bu iki butxonadin ermish bu yo‘lda ofatim.
394
Ul pariy nazzorasig‘a, vahki, yo‘qtur toqatim
Kim, qachon qilsam nazar devona aylar hayratim.
Bas, ne nav’ aylay tamannokim, visoli sham’idin
Hajr shomi gah-gahe bo‘lg‘ay munavvar suhbatim.
Suhbatida bor ham topsam bu toli’ qaydakim,
Bir nafas mahramlari silkida bo‘lg‘ay xidmatim.
Xidmatig‘a mahram o‘lsam ham qachon imkoni bor
Kim, degay bir lahzae bo‘lg‘il harifi xilvatim.
Bo‘lsa ham xilvat muyassar, vahki, hargiz yo‘qturur
Poybo‘si davlatin zohir qilurg‘a jur’atim.
Gar oyoq sunsa ko‘zumga ham ko‘ngul ne voykim,
Ul zamon ko‘z rashkidin kuydurgusidur g‘ayratim.
Vasl umidin qo‘y Navoiykim, xayoledur muhol,
Bu muhol ummid ila har lahza berma zahmatim.
395
Chamanda munisim ne sarv erur, ne gul, ne sunbul ham,
Manga sarve kerakkim, sochi sunbuldur, yuzi gul ham.
Ajab yo‘q to‘lg‘anib jismim, qorarsa subhi ayshimkim,
Tushub ul kokul uzra chin, yuziga tushti kokul ham.
Demang ul sho‘x ila ashob bazmin qil tafarrujkim,
Talaffuz aylay olman bu hikoyatni, taxayyul ham.
Yuzung birla quyosh ta’rifida gar davr erur hosil,
Kelur zanjiri zulfung vasfida lozim tasalsul ham.
Yuzu qaddig‘a huru tubiy o‘xshar debsen, ey voiz,
Yiroq ermas so‘z ayturda gahe qilsang taammul ham.
Chekib ko‘hi firoqiya sabr qildim, vaslig‘a yetkach
Fig‘on cheksam ajab yo‘q muncha-o‘q bo‘lg‘ay tahammul ham.
Yuzung shavqida ko‘nglum ohi sham’u gulga o‘t soldi
Ki, kuydi notavon parvonavu kul bo‘ldi bulbul ham.
G‘animat anglasun bulbulni gul yetgachki, bo‘stondin
Uchar gul yafrog‘i ham, qolmas uchmay garchi bulbul ham.
Xumor o‘lturmish erdi bo‘lmasang mug‘ dayrig‘a ozim,
Bu ishga, ey Navoiy, ayladi tengri seni mulham.
396
Ne tong uzorim agar sarg‘arib, qizardi yoshim
Ki, yuz qoralig‘u isyon bila oqardi boshim.
Quyosh kebi yuz ila tog‘dek g‘amin netayin,
Meningki tog‘ boshig‘a yetibdurur quyoshim.
Magarki jon talashur vaqt uchun ayon bo‘lg‘ay
Muloaba yuzidin xo‘blar bila talashim.
Zamon eli gar urushsunu gar yarashsunlar
Ki, ne urushim alar birla boru ne yarashim.
O‘qug‘an elni halok aylagay kitobasida,
Ichimdagini ayon qilsa qabrim uzra toshim.
Yasasalar ne ajab dayr uza mazorimni
Meningki mug‘bachalardur harifi jur’akashim
Navoiyo, magar idbor gardini yuzdin
Yug‘ay nadomatu hasrat bila to‘kulsa yoshim.
397
Hajr toshining ko‘kumtul dog‘idin kuydi tanim,
Ohkim, ko‘kurd o‘ti birla tutashti xirmanim.
Tiyra kulbam ichra o‘t soldi firoqing, voykim,
Yorudi kuymak o‘ti birla qorong‘u maskanim.
Nildin xolu alif yuz uzra to naqsh aylading,
Dog‘ kuydurmak ishim bo‘lmish, alif kesmak fanim.
Ishq aro bo‘ldum g‘aniy, ko‘nglum aro paykonidin
Kim, to‘luptur ul javohir birla ushbu maxzanim.
Zarvaraq birla bezabdur gul yuzin, vah, turfa ko‘r
Kim, bahor ichra xazon zohir qiliptur gulshanim.
Emin o‘lman xonaqohu xilvat ichra ujbdin,
Zohido, mayxona mulkim, kup ichidur ma’manim.
Ey Navoiy, ul xat etmish ro‘zgorimni qora,
Tong emas yirtuq yoqa birla qalamdek shevanim.
398
Qilg‘ali yuz til kebi ko‘nglumni chok ul qotilim,
Tiyg‘i ishqi lazzatin aylar hikoyat har tilim.
Har kecha g‘am tog‘i ichra jon yetib og‘zimg‘a, bor
Mushfiqim bosh uzra bumu ko‘zi sham’i mahfilim.
Yig‘lag‘an soyi sarig‘roqdur yuzum, toli’ ko‘rung
Kim, socharmen donavu andin somondur hosilim.
Halqa-halqa zulfi domi ichramen, vahkim, kelur,
To‘sh-to‘shumdin nishi hajru bu zirihdur hoyilim.
G‘am sipohi ollidin qochmoq ne imkonkim, berur
Oh o‘tiyu ashk qonidin nishon har manzilim.
Nega dahr oyo vafo ahlining istar o‘lmagin,
Ohkim, o‘lgumdurur hal bo‘lmayin bu mushkilim.
Ey Navoiy, qilma ko‘p Majnun hadisi naqlini
Kim, men etsam naql, Majnun bo‘lg‘usidur noqilim.
399
Bahor bo‘ldiyu gul mayli qilmadi ko‘nglum,
Ochildi g‘unchavu lekin ochilmadi ko‘nglum.
Yuzung xayoli ila vola erdim andoqkim,
Bahor bo‘ldiyu gul mayli qilmadi ko‘nglum.
Gum o‘ldi bog‘da og‘zing xayolidin, yuz vah
Ki, g‘unchalar ora istab, topilmadi ko‘nglum.
Ko‘zumda jilva qilib, ko‘nglum olmoq istadi gul,
Iting izicha ani ko‘zga ilmadi ko‘nglum.
Yuzung nazorasida mastu mahv edi, ya’ni
Ki, gul chog‘ida zamone oyilmadi ko‘nglum.
Zamona gulbunida g‘unchadekdur el ko‘ngli,
Alarg‘a shukrki bore qotilmadi ko‘nglum.
Navoiy g‘uncha tilab, ko‘nglum og‘zin etti havas.
Agarchi topmadi, lekin yongilmadi ko‘nglum.
400
Magarki ko‘z yo‘lidin oqti qon bo‘lub yuragim
Ki, tog‘ etaklaridek lolagundurur etagim.
Ne tushki, hajri balosin ko‘rarda seskansam,
To‘kuldamak bila qo‘shnini uyg‘otur yuragim.
G‘aming bo‘g‘un-bo‘g‘unumni oyirdi, ham xushtur
Itingga tashlamoq uchun birin-birin so‘ngagim.
Emas bu xolki, ko‘z orazingg‘a yetkanda
Qolibdurur yopishib, ayni shavqdin nenagim.
Ne bazm erur mayi hajring sumurmagim, hayhot
Ki, hasrat ilgi ovuch qoqmog‘imdurur gazagim.
Demangki, qoshlari mehrobida tilak tilagin
Mangaki, qoshlari mehrobi-o‘qdurur tilagim.
Chamanda savsanu ra’no qadig‘a moyilmen
Ki, savsaniy to‘n ila jilva ko‘p qilur miragim.
401
Ko‘ngul jon birla bordi hamrahing, men dard ila turdum,
Sanga jon birla ko‘nglumni, seni tengriga topshurdum.
Nishondur tiyra bo‘lg‘an axtari baxtim savodidin
Tuganlarkim, firoqing o‘tidin g‘am shomi kuydurdum.
Yig‘och birla boshoqkim, tanda qolmish uldurur marham
Junundinkim, firoqing o‘qlarin jismimda sindurdim.
Tutashti sham’dek har barmog‘im hijron sharoridin,
Ilig marham qo‘yay deb chun ko‘ngul chokiga yetkurdum.
Chu ul kofir chiqar ko‘z solmag‘aysiz, ey musulmonlar
Ki, men bechora ko‘nglumni boqib turg‘uncha oldurdum.
Qotibdur ko‘zlarimkim, ne yopilmoq, ne taharruk bor,
Qiyo boqqaymu bir deb azm etarda baski telmurdum.
Yuzin ko‘rgach boshimg‘a tushti mushkin zulfi savdosi,
Fig‘onkim, bir boqishda yuz balo boshimg‘a kelturdum.
Ko‘ngul tinmasqa qolmish erdi, har nav’ orzu birla,
Rizo ko‘yida to qo‘ydum qadam ko‘nglumni tindurdum.
Makon gulxan kulin qildim Navoiy, telbadek ya’ni
Junun torojidin oxir qora tufroqqa o‘lturdum.
402
Ayni za’fimdin qo‘lum chun qo‘ldading, ey dilbarim,
Qo‘yma ilgimniki, qo‘rqarmen to‘kulgay paykarim.
To junun bemorimen, gulxanning o‘tluq kullari
Bo‘ldi gulgun rishtadin gullar tiqilgan bistarim.
Sovuq ohimdin zarar topqay edim g‘am bazmida
Jism uyinda bo‘lmasa o‘tlug‘ ko‘nguldin mijmarim.
Qatra xaylar ichra ul orazni ko‘rdum, ey rafiq,
O‘lmagim ermas ajabkim, sug‘a tushmish axtarim.
Dema, la’lim shavqidin sipqarmading qon bir qadah,
Men icharmen, ko‘z to‘kar, netib tugansun sog‘arim.
Gulshani faqr ichra to kirdim, erur balkim emas
Gunbadi nilufariy gulshanda bir nilufarim.
Hajr tig‘i ko‘p uchun jismimda har yon chekti bosh
Ey Navoiy, men mazallat toyiri, budur parim.
403
Tun oqshom bo‘ldiyu kelmas mening sham’i shabistonim,
Bu anduh o‘tidin har dam kuyar parvonadek jonim.
Ne g‘am ko‘rguzsa ko‘ksum porasin choki giribonim,
Ko‘runmas bo‘lsa ko‘ksum yarasidin dog‘i pinhonim.
G‘amidin durri maknundek, sirishkim oqti Jayxundek,
Muzayyan qildi gardundek jahonni ashki g‘altonim.
Falak ham to‘ldi kavkabdin, quyosh ham tushti ashhabdin,
Kelib tushmas bu markabdin mening xurshidi raxshonim.
Jahonni zulmat etti chah, bu zulmat ichra o‘lgum, vah,
Manga bo‘lsang ne Xizri rah, yetib, ey obi hayvonim.
Dema ko‘ktin quyosh ketmish, falakka tiyralik yetmish,
Ul oy hajrida tor etmish falakni dudi afg‘onim.
Navoiy kebi hijrondin, bu oqshom o‘ldum afg‘ondin,
G‘amim yo‘q buyla yuz jondin, yetib gar kelsa jononim.
404
Ishq ila bo‘ldum masal, savdo bila afsona ham,
Shukrlillohkim, yana oshiqmenu devona ham.
To unutdi oshnolig‘ rasmin ul begonavash,
Oshno yig‘lar mening holim ko‘rub, begona ham.
G‘am tuni mendurmen ohu ashkdin sham’im o‘chub,
Boshima yemrulgali turmish buzug‘ koshona ham.
Elga mehring bor, buzuq ko‘nglumga ham bir zarra boq
Kim, quyoshning tobidin mahrum emas vayrona ham.
Ey malohat sham’i har soat meni kuydurmakim,
Ko‘p yorumas sham’ agarchi o‘rtanur parvona ham.
Yo‘q, bu dayr ichra berur jomi ajal ta’mini may
Kim, erur paymona to‘lmoqdin nishon paymona ham.
Ey Navoiy, gar desang, ul turfa qushni sayd etay,
Rishtayi jismingni dom et, ko‘z yoshingni dona ham.
405
Kecha ul mahvashni yod aylab farovon yig‘ladim,
Mehrim oshti subhdek har nechakim qon yig‘ladim.
Sham’ avval ohshom-o‘q kuydi fig‘onim o‘tidin
Kim, men o‘t sochqon bulutdek tortib afg‘on yig‘ladim,
Tun qorong‘u, kulba xilvat, hajrdin ko‘nglum to‘la,
Tosh urub ko‘ksumga to bor erdi imkon yig‘ladim.
Yor hajridin kishiga ayta olmas g‘ussani,
Ko‘nglum etti sharhu men mahjuru pajmon yig‘ladim.
Charx ham to‘kti quyoshning hajridin kavkab, vale
Yig‘lamoq ul erdikim, men zor giryon yig‘ladim.
Subhdek xurshid vaslidin agar kulsam ne tong
Menki, subhi vasl uchun ko‘p shomi hijron yig‘ladim.
Ey Navoiy, tosh eshitsa navha qilg‘ay oshkor,
Yo‘q ajab gar bir tun o‘z holimg‘a pinhon yig‘ladim.
406
Soqiyo, kechagi may nash’asidin jon toptim,
Zulmat ichra masala chashmai hayvoi toptim.
Og‘zinga olma olibkim manga tishlab berding,
Ham o‘shul og‘iz ila go‘yi zanaxdon toptim.
Boda tobiyu yuzung partavidin tiyra kecha
To‘lun oy ko‘rdumu xurshidi daraxshon toptim.
Mehrdin ko‘p nafas urma der edim tongg‘a boqib
Kim, men ushbu kecha xurshidni mehmon toptim.
Men to‘kub ashk falakdek vale bexudlug‘uma
Dam-badam yorumag‘ur subhi xandon toptim.
Telba ko‘nglumki, labu zulfung uchun itmish edi,
Kecha mayxona aro mastu parishon toptim.
Charxdin mehr tama’ tuttumu ofat ko‘rdum,
Yordin vasl talab qildimu hijron toptim.
Zulfi fikrida Navoiyni labi tirguzdi,
Soqiyo, kechagi may nash’asidin jon toptim.
407
Bitigingdinki, savodini ko‘rub jon toptim.
Zulmat ichra masala chashmai hayvon toptim.
Bahrdin qatrag‘a ta’zim ila tahsin ko‘rdum,
Mehrdin zarrag‘a e’zoz ila ehson toptim.
Har alif sarv edi, he g‘unchavu doli sunbul
Demayin nomaki, bir toza guliston toptim.
Anbarin madlarikim mehr edi mazmuni aning,
Har uzun kechada bir mehri daraxshon toptim.
Qatra qonlarki, ko‘zum sochti o‘qur holatida
Har shaba ustida bnr la’li Badaxshon toptim.
Ne shaba erdiki, mazmuni bila ashkimdin
Har shaba ustida bir la’li Badaxshon toptim.
Gah-gahe xasta Navoiy tanig‘a jon yetkur
Bitigingdinki, savodin ko‘rub jon toptim.
408
Visol tuxmini ektim firoq bar toptim,
Vafo niholini tiktim, jafo samar toptim,
Muhabbat o‘tiki, yoqtim visol sham’i uchun
O‘zumni oqibat ul o‘tdin-o‘q sharar toptim.
Men ashk birla yudum g‘ayr naqshini ko‘zdin,
Valek g‘ayrg‘a-o‘q yordin nazar toptim.
Umid bahrida har necha g‘o‘takim urdum,
Sadaf ko‘zumdinu ko‘z yoshidin guhar toptim.
Dedim: bu ramzni anglay, vale xirad pirin
Bu nukta kayfiyati ichra bexabar toptim.
Chu dardi ishq biyobonlarini qildim qat’,
Adam viloyatidin nari yuz xatar toptim.
Navoiyo, kecha-kunduz xatu yuzini tilab,
Shabona navha bila nolai sahar toptim.
409
Vasl bargin uzki, men hijron gulin bo‘y etmisham,
Mehr tarkin tutki, men mehnat bila xo‘y etmisham.
Naxli qaddingg‘aki, berdim ko‘z yoshidin parvarish,
Emdi bosh tortarki, yoshdin yuz sari jo‘y etmisham.
Har sari javlon qilib yetkach manga chekting, inon
Bu ekin jurmumki, yo‘lungda boshim go‘y etmisham.
Noma ichra chirmashibon sanga yetkaymenmu deb,
Orazim kahbargu jismim rishtasin mo‘y etmisham.
May bo‘lub ashkim, g‘izo bag‘rim, surud afg‘onlarim,
Keling ahli ishqkim, g‘am xaylig‘a to‘y etmisham.
Shayx boqiy bo‘lsunu zarq ichra tinmaslig‘ki, men
Tinmisham tokim fano dayri sari ro‘y etmisham.
Topmadim gulchehralardin shammae bo‘yi vafo,
Ey Navoiy, nechakim yeldek taku po‘y etmisham.
410
Tirig yururmenu bor mendin ayru jononim,
Bu umr birla yurub o‘lmagan mening jonim.
Bag‘irda yuz xalavu, vah, demakka yo‘q zahram,
Ko‘ngulda qon to‘lavu yo‘q dam urmoq imkonim.
Ne bir aniski, aritsa lolayi ashkim,
Ne bir rafiqki, anglasa dog‘i pinhonim.
Ko‘rub qoshida muhiblarni jam’u men mardud,
Mungayibon buzulur xotiri parishonim.
Ko‘ngul xud ittiyu jon hamdami bo‘la olman
Bir-ikki lahzaki, bor ul zaif mehmonim.
Azimat etkali ul ganji husn andoqdur
Ki, chug‘z or qilur ko‘rsa emdi vayronim.
Navoiyo, bu navolarki kecha tortarmen.
Zuhal eshituru xurshid eshitmas afg‘onim.
411
Ey qading sarvi ravon, ko‘yung bahori gulshanim,
Mehnatu afg‘on sening hajringda ko‘rgan-bilganim.
Qabr toshidur bezaklik sarbasar gul bargidin,
Toza-toza dog‘ ila ko‘hi balo bo‘lg‘an tanim.
Charx mehnat toshidin to ravzan ochti har taraf,
Men malomat bulbuli, go‘yo qafasdur maskanim.
Mehnatu g‘am o‘qlarig‘a, vahki, yuz ming zaxmliq,
Ashki siymandud qilg‘an hay’at o‘ldi javshanim.
Tiyg‘ekim, ko‘ksum uyin ochti, eshikdekdur anga
Ochilib yopilsa har dam choklig pirohanim.
Do‘stlar, meni ko‘ngulsiz deb so‘rarsiz, shodmen,
Bo‘lmayinmu shodkim, daf’ o‘lmish andoq dushmanim.
Ishq naqdi dog‘i g‘am kirmish Navoiy, ko‘ngliga,
Vahki, bir dam ajdahodin holiy ermas maxzanim.
412
Mehr ko‘p ko‘rguzdum, ammo mehribone topmadim,
Jon base qildim fido, oromi jone topmadim.
G‘am bila jonimg‘a yettim g‘amgusore ko‘rmadim,
Hajr ila dilxasta bo‘ldum, dilsitone topmadim.
Ishq aro yuz ming malomat o‘qig‘a bo‘ldum nishon,
Bir kamon abruda tuzlukdin nishone topmadim.
Ko‘nglum ichra sarv o‘qdur, g‘uncha paykon, gul tikan
Dahr bog‘i ichra mundoq gulsitone topmadim.
Husn mulki ichra sendek shohi zolim ko‘rmadim,
Ishq ko‘yida o‘zumdek notavone topmadim.
Ko‘p o‘qudum Vomiqu Farhodu Majnun qissasin,
O‘z ishimdin bul’ajabroq dostone topmadim.
Ul amon ichinda bo‘lsun, ey Navoiy, garchi men
Bir zamon ishqida mehnatdin amone topmadim.
Tab’ ganjidin maoni xurdasin, yuz qatla hayf
Kim, nisor etmakka shohi xurdadone topmadim.
413
Oqizdi limuyiy bo‘rkungni ko‘rgach, oncha qon ko‘nglum
Ki, za’f etti sarig‘ gul g‘unchasidek notavon ko‘nglum,
Ko‘ngulda baski g‘unchang fikratidin xurdayi ma’no,
Yig‘ibmen g‘uncha ko‘nglidek, bo‘luptur xurdadon ko‘nglum.
Sanavbar ko‘ngliga ko‘nglumni o‘xshatmangki, o‘rtabdur
Nihon har tuxm ummidig‘a bir dog‘i nihon ko‘nglum.
Badan vayronida ul husn ganji hajridin gohe
Gah o‘z yolg‘uzlug‘idin chug‘zdek tortar fig‘on ko‘nglum.
Duri ishqingni to topmish, agar chok o‘lsa sartosar
Guhar yutqan balig‘ yanglig‘ dam urmas notavon ko‘nglum.
Aningdek topti siymin soiding yodi bila ulfat
Ki, dastomuz qushdek onsiz ermas har zamon ko‘nglum.
Maqomi gah balo tog‘idurur, gohe fano dashti
Ki, ishq ichra berur Farhodu Majnundin nishon ko‘nglum.
Falak zoli g‘amu dardin chekardin o‘ldum, ey soqiy,
Keturgin raz qizin botkim, tilar bir navjuvon ko‘nglum.
Navoiy derki, ko‘nglungni keturgil ishq ko‘yidin,
Bag‘oyat yaxshidur, gar bo‘lsa roziy ul yomon ko‘nglum
414
Ne ayb, agar mayi sofiy g‘amidadur ko‘nglum
Ki, changi halqayi zulfi xamidadur ko‘nglum.
Falak haqiqati fikrida kuydi ersa ne tong
Ki, ajdahoe damonning damidadur ko‘nglum.
Mug‘anniyo, kelu tuzgil xaroshliq unuma
Hazin taronaki, rudung bamidadur ko‘nglum.
Nishotdin dema so‘z, navha birla boshla surud
Ki, dardu g‘amzadalig‘ olamidadur ko‘nglum.
Firoq o‘tig‘a tushub dam-badam to‘kar qon yosh
Ki, oxir o‘lgusi o‘z motamidadur ko‘nglum.
Ne ayb vaslidin ar marham o‘lsa ko‘nglumda,
Hamesha chunki aning marhamidadur ko‘nglum.
May ich, Navoiyu, ahli zamondin aylama yod
Ki, ushbu xayldin asru ramidadur ko‘nglum.
415
Vayronaedur maskanim, andin manga bisyor g‘am,
Ohim bila eshikta o‘rt, ashkim bila devor nam.
No‘shidin elga guftugo‘, ey hajr icharmen men og‘u,
Kosh o‘lsumu ko‘nglumni bu anduhdin qutqorsam.
Qil ishq dayrida maqar, sukkonig‘a solg‘il nazar
Kim, bor bu majma’ ichra har durdiykashi xammor Jam.
Har yerki anda bir nafas, ishratqa topsam dastras,
Yuz qatla aylarmen havaskim, bo‘lsa erdi yor ham.
Soqiy, bugun mayni unut, mendek dame xunoba yut,
Mutrib navoyi navha tut, sozingg‘a bog‘la tori bam.
Desamki, ey badmehr o‘g‘ul, yuzung ko‘rub oy tutti yo‘l,
Der: yer quyi gar bordi ul, bir shabravi ayyor kam.
Miskin Navoiy bersa jon, ey diyda, har dam to‘kma
qon,
Ul har necha qilsa fig‘on, sen asrag‘il zinhor dam.
416
Oncha kavkab to‘kti shomi g‘am xayolingdin ko‘zum
Kim, yorudi oqibat subhi visolingdin ko‘zum.
Xoldin ko‘z tiyra bo‘lmoq rasm erur, bu turfakim,
Yorudi ko‘z mardumidek turfa xolingdin ko‘zum.
Quy aqiqi may suhayli jom aro, ey mug‘bacha
Kim, yorur ul axtari farxunda folingdin ko‘zum.
Vaslinga yettim bihamdillahki, zoni’ bo‘lmadi,
Ulki, qon yig‘lar edi har dam xayolingdin ko‘zum.
Bu sababdinkim, nedin sensiz qolib ko‘r o‘lmadi,
Boqa olmaydur yuzungga infiolingdin ko‘zum.
Yangi oy ko‘rgach xaloyiq, ko‘zni tutmoq rasm erur,
Lekin ochildi ko‘rub mushkin hilolingdin ko‘zum.
Shukr lillahkim, Navoiydek munavvardur yana
Xoki poyingdin yuzum, sham’i jamolingdin ko‘zum.
417
Yer yuzini tutti ashkim, ko‘kka yetti nolishim,
Yuqori tengriyu quyi sendin o‘zga yo‘q kishim.
Lojaram devonavu rasvoyi olam bo‘lg‘amen,
Chun tushuptur, ey pariypaykar, sening birla ishim.
Tish qadabmen la’linga uzmasmen andin bu tama’
Anburi hijron bila bir-bir sug‘ursalar tishim.
Har dam issig‘ ashku sovug‘ ohdin darmondamen,
Yuzu zulfung davrida mundoq kechar yozu qishim.
Tiyralik dudu shafaqdur shu’lavu anjum sharor
Go‘yiyokim soldi o‘t hijron tuniga qarg‘ishim.
Mehri yo‘qluqtin erur har tun sinoni oh ila,
Ko‘k hisori xayli birla tongg‘a tegru sanchishim.
Ey Navoiy, gar sening nolangg‘a yig‘lar andalib,
Bir kun ul gul ko‘ngliga ham kor qilg‘ay nolishim
418
La’ling g‘amidin diydayi giryon bila bordim,
Ko‘rmay seni yuz nolavu afg‘on bila bordim.
Vaslingg‘a yetay dedimu hajringg‘a yo‘luqtum,
Ummid ila keldim, vale armon bila bordim.
Vaslingg‘a shitob aylab o‘kush g‘am bila yondim,
O‘qdek kelibon bir necha paykon bila bordim.
Olamg‘a vido’ ettim o‘shul yuz havasidin,
Yuz shukrki, oxir dami iymon bila bordim.
Umre tilab ish sirrini ketmak kerak oxir
Kim, shammae andin meni hayron bila bordim.
Olamg‘a vido’ ettim, och ul yuzni damekim,
Zodi abad eltay chu bu borg‘an bila bordim.
Dedimki Navoiydek o‘lay mehring ilan-o‘q,
Yuz shukrki, ul va’davu paymon bila bordim.
419
Vodiyi hajringda bir dam qon yutardin qonmadim,
Ushbu o‘tlug‘ vodiy ichra tinmadim to yonmadim.
O‘lganimdin so‘ngra keldi so‘rg‘ali dardimni yor,
Uyqu ko‘rkim, boshima yetib quyosh uyg‘onmadim.
Orazim sarg‘ardi oltundek soching savdosidin,
Mundin o‘zga naqd ul savdo aro qozg‘anmadim.
Ko‘yiga aylandurung na’shimki, hijron za’fida
O‘lturub hasrat meni bir ul taraf aylanmadim.
Nol yanglig‘ garchi xatting shavqidin bo‘ldum zaif,
Lek javring tiyg‘i boshimg‘a kelib to‘lg‘anmadim.
Saltanat ko‘rkim, nuhole mehrdin arz ettilar,
Juz fano mayxonasining kerpichin yostanmadim.
Ishq aro iqror ko‘p chekma meni o‘lturgali,
Ey Navony, chunki men hargiz bu ishtin tonmadim.
420
Oncha yig‘latti jafodin do‘stdur deb sevganim
Kim, kular ahvolima har qayda ko‘rsa dushmanim.
Do‘stkim qilg‘ay meni bedodi dushman kulgusi,
Buyla dushmankomlig‘din yaxshiroqdur o‘lganim.
Do‘st dushmandin manga ko‘prak chu tekurdi jafo,
Ne ajab gar emdi dushmando‘stlug‘ bo‘lg‘ay fanim.
Ursa dushman zaxm erur marham tavaqqo‘‘ do‘stdin,
Ikkisi zaxm ursa tong yo‘q chok-chok o‘lmoq tanim.
Ta’na birla buzma, ey dushman, ko‘ngul uyin dag‘i,
Ushbu baskim, do‘st zulmidin buzulmish maskanim.
Do‘stqa jon berdimu dushmandur emdi, vah, ne tong
O‘rtasa ham do‘st, ham dushmanni ohu shevanim.
Ey Navoiy, do‘st xud yo‘q, vah, ne holatdurki, bor
Boshim uzra dushman ikki diydayn tar domanim.
421
Xazon rangi yuziga bersa tong yo‘q shu’layi dardim
Kim, elga sham’i bazm o‘lmish bahori nozparvardim.
Aning vasli muholu hajrida dardim fuzun har dam,
Birovni hamdami gar ko‘rsam, afzunroq bo‘lur dardim.
Sabo birla bulut tufrog‘imen, ko‘yiga gardimni
Biri eltib, biri qo‘ymasa andin chiqqali gardim.
Chu sursang tiyg‘i zahrolud ko‘nglum ochilur, nevchun
Kim, uldur sabzamu qonkim, bag‘irdin oqizur vardim.
Agar hijron tunida umrum o‘tti, ey ko‘ngul, g‘am yo‘q,
Toparmen jon agar bir tun yo‘luqsa mohi shabgardim.
Xazon birla bahorin dahrning naylay, chu yoshurdi
Birisin lolayi ashkim, birisin chehrayi zardim.
Falakdek, ey Navoiy, bo‘lmasam bir oy firoqinda
Nedur bas charxdek tun-kun jahon girdida novardim
422
Aqlu jon qasdida ko‘rdum ul ko‘zu mujgonni ham,
Chektim ul mujgonu ko‘z ollida aqlu jonni ham.
Novaking yetkach qiziq ko‘nglum yig‘ochin kuydirib
Qatrayi su yanglig‘ oshom ayladi paykonni ham.
Ko‘z yoshimni qon qilib, bag‘rim su etting ey firoq,
Yo‘qki yolg‘uz suni qon qilding, su qilding qonni ham.
Ishq dashtida quyundek xoksoringmen, gahe,
Istasang ushshoqni, yod et bu sargardonni ham.
Go‘ydek boshim necha raxshing ayog‘i zarbidan.
Po‘ya qilg‘an, gah-gahe yetkur anga chavgonni ham.
Ey tavongar, nechakim qasringni qilding zarnigor
Asru holiy ko‘rma darvesh o‘lturur vayronni ham.
Ko‘nglum olib bordingu qolmish manga bir xasta jon,
Har qachon kelsang Navoiy topshurur qolg‘anni ham.
423
Ajoyib tiyradur hajrim tuni, ey mehri yo‘q mohim,
Magar sovurdi ishqing o‘rtaganlarning kulin ohim.
Vujudum ul quyosh hajrida andoq murtafi’ bo‘ldi
Ki, mumkin yo‘q ani istarda bo‘lmoq soya hamrohim.
Yuzumningg aksi kohiy qildi ko‘yungning ushoq toshin
Kamoli ishq ko‘rkim, qahrabo ijod etar kohim.
Ko‘ngul har g‘amzasi o‘qinki, bordur, orzu qildi,
Bihamdillahki, yetkurdi nekim, bor erdi dilxohim.
Yasay dard o‘qlaridin bir oq uy jon gulshani ichra
Ki, ko‘nglumda toriqsa, anda kirgay mohi xirgohim.
Ko‘ngul afsonasin gohe desam, elni tutar uyqu,
Va lekin har zamon seskandurur afg‘oni nogohim.
Qilib mayxona tufrog‘in vatan qon yutmog‘im ko‘rgil
Ki, bu bir bodayi ayshimdurur ul masnadi johim.
Erur bir mug‘bacha ilgidin ichmak orzusidin
Fano dayrida har dam bir eshikdin shay’ilillohim,
Umid ulkim qadam sarvaqtima yetkurgan ogohe,
Navoiy gar talab yo‘lida bo‘lsa joni ogohim.
424
Tandin o‘qungni cheksalar, og‘rirdin ermas shevanim,
Andin qilurmen navhakim, ayru tushar jondin tanim.
Gulxan kuli ichra nihon, jismim junundindur nishon,
To telbalik barqi ayon bo‘lg‘ach kuyuptur xirmanim.
To ishq aro afsonamen, o‘t ichraki devonamen,
Ul sham’ uchun parvonamenkim, bo‘lmish o‘rtanmak fanim.
Ul sho‘x sekritti samand, ermas nasihat sudmand,
Har do‘st bersa emdi pand, uldur ulug‘roq dushmanim.
May ichkali ul no‘shlab zohir qilur har dam tarab,
Bu nav’ ochilmoq ne ajab, andoq su ichkan gulshanim.
Chun odamiyda yo‘q vafo, ko‘r ul pariy ishqi aro
Javlongahim dashti fano, vayronayi g‘am maskanim.
Ram tig‘idin qochmoq havas qilma, Navoiy, har nafas,
Ul tiyg‘ning daf’ig‘a bas, yuz pora xirqa javshanim.
425
Quruq tanimg‘a tugan kuydururda bebokim
Fatila o‘ti yetishkach tutashti xoshokim.
Tan ichra telba ko‘ngul iztirob etar asru,
Tikib ne nav’ o‘ngansun bu siynayi chokim.
Hazin ko‘ngulni magar chok qilgasen, ey gul
Ki, g‘uncha yanglig‘ ochilg‘ay dame bu g‘amnokim.
Havoyi ishqing aro o‘zga olamim bordur
Ki ashkim anjum erur, oh dudi aflokim.
Dedim: boshimni chopib tu’ma elt itlaringga,
Dedi: bu yukdin uzulmish yaqinda fitrokim,
Fig‘onki, ishq hadisi daqiq erur andoq
Ki, qosir o‘lmish ani anglamoqdin idrokim.
Deding: Navoiy emish hushmand, bore degil,
Jahonda kim durur andoq xarobu rasvo kim?
426
Visol ichra ul oyning furqatin oson gumon qildim,
Chu bordi, voykim, ne nav’ dushvor erkanin bildim.
Der erdim, hajrida shoyad o‘zumni asray olg‘aymen,
Bu so‘z hashv erkanin bildim hamul soatki ayrildim.
Fig‘onkim, dardu g‘am kirmakka xush-xush raxnalar bo‘ldi,
Ko‘ngulkim to‘sh-to‘shidin dardu g‘am chiqsun debon tildim.
Hamul dam ishq dashtida meni gum qildi bexudlug‘,
Agar hushu xirad sa’yi bila bir lahza topildim.
Fano yo‘lig‘a tushtum yetkali Farhodu Majnung‘a,
Nechuk yo‘l bormayinkim, yaxshi hamrahlarg‘a qotildim.
Chu ichtim ishq jomin bexud o‘ldum tarki hush aylab,
Aningdek may ichib bu nav’ usruklukdin oyildim.
Firoqi mushkil ermish, bilmayin men ham Navoiydek
Visol ichra ul oyning furqatin oson gumon qildim.
427
Hajr ila ko‘rma ravo jonimg‘a bepoyon o‘lum,
Tiyg‘ surkim, xushturur oz og‘rig‘u oson o‘lum.
Jon berib istarmen o‘lmakni, o‘lum xo‘broqki, jon,
Jonim o‘lmakdur chu istaydur manga jonon o‘lum.
Xalq dushvor o‘lmagim hayronidurlar, turfa ko‘r
Kim, erur dushvor hajrim ollida hayron o‘lum.
Hajr qolmas yoshurun ohu fig‘on chek, ey ko‘ngul
Kim, yashurmoq birla hargiz qolmadi pinhon o‘lum.
Dardi hijron sa’bu yetmas sharbati vasl, ey tabib,
Go‘yiyokim ushbu dardimg‘a erur darmon o‘lum.
Foniy o‘lmay qilg‘an izhori fano, bilkim, erur
Ul gadokim rizq uchun zohir qilur yolg‘on o‘lum.
Ey Navoiy, jahl ila o‘lmak qatiq ishdur, vale
Chun kamoli ma’rifat kasb o‘ldi, ne nuqson o‘lum.
428
Bo‘lmasun ko‘nglung qushig‘a durru gavhar vasli kom
Kim, qazo ul donalarg‘a bahr mavjin qildi dom.
Gar malak tasbihi dona, hur zulfi dom erur
Kim, bu domu donag‘a ziyrak qush ersang, bo‘lma rom.
Dahr bog‘ining havosidur samumu suyi zahr,
Anda bo‘lmas bu havovu su bila qilmoq maqom.
Bog‘kim, nilufariy ko‘kurd o‘tidur anglakim,
Ne muattar bo‘lg‘ay andin tarbiyat topqan mashom.
May o‘ti birla dimog‘ingni qizitmakim, bu o‘t
El dimog‘ida pishirmaydur bajuz savdoyi xom.
To o‘zungni xascha ko‘rgungdur emassen odamiy,
Gar havoda sayr qil, gar su uza ko‘rguz xirom.
Kul qil ul xasni fano otashgahig‘a tashlabon,
To ko‘ngul mir’oti ul kuldin jilo topqay tamom.
Istaram, ko‘zguda ko‘rsam yor aksin bir nafas,
Soqiyo, maykim! Erur ishq ahlining ko‘zgusi jom.
429
Menki, davron zulmidur ko‘nglumga, balkim jong‘a ham,
Naylay olg‘aymen angakim, zulm etar davrong‘a ham.
Ko‘r g‘amim afzunlug‘in har damki, ashkim xaylining
Qatrasi bahr o‘ldi, emdi aylaniptur qong‘a ham.
Yopmangiz Farhod ila Majnunnikim, mehnat to‘zi
Satr uchun basdur manga ham, ul iki uryong‘a ham.
To topibmen ishqi o‘ti birla tiyg‘i zahrini,
Iso anfosig‘a boqman, chashmai hayvong‘a ham.
Goh ko‘nglum g‘unchasin istar, gahe paykonini
Kim, ko‘ngul bordur munosib g‘unchag‘a, paykong‘a ham.
Nilufar naqsh aylab ayvoningg‘a mag‘rur o‘lmag‘il,
Yo‘q, vafo naqshi chu bu nilufariy ayvong‘a ham.
Muddaiylar chun Navoiy ishqin anglab, jonig‘a
Qasd qilg‘anlar emish, bore dengiz jonong‘a ham.
430
Ul quyosh vaslida o‘zni rashkdin gum aylaram,
Soyadin yonimda tebrangach tavahhum aylaram.
Ul pari ko‘nglumdadurkim, so‘zlashurmen demakim,
Telbalikdin o‘z-o‘zum birla takallum aylaram.
Shomi hajrim tongsiz o‘lmish ne ajabkim, ajzdin
Shomdek yig‘lamsinib, tongdek tabassum aylaram.
Qatl hukmi aylasa o‘lturtubon ushshoqni
Ishq aro, chunkim men akmalmen, taqaddum aylaram.
Elga rahm etman, uqubatlar bila qatl aylasang,
O‘z-o‘zumga mahzi hirmondin tarahhum aylaram.
Poklik da’bi gar ermastur suluk ichra, ne sud,
Bahru barda gar tahorat, gar tayammum aylaram.
Ey Navoiy, to muqarrar qildim ohangi Hijoz,
Gah Iroqu gah Ajam sari tarannum aylaram.
431
Sensiz ashkim yomg‘uri saylini to‘fon ayladim
Kim, aning tug‘yonidin olamni vayron ayladim.
Buyla to‘fong‘a ko‘zumni abr etib, nolamni ra’d,
Oh o‘ti uchqunlarin barqi daraxshon ayladim.
Yo‘qki, ko‘nglum shu’lasidin dahr aro soldim bir o‘t
Kim, tomug‘ni el ko‘ziga bog‘i rizvon ayladim.
Muncha, bal yuz muncha ham ermas ekin mingdin biri,
Ulcha men ul oydin ayru shomi hijron ayladim.
Sa’b erur hajr o‘lmang, ey ahbob, oshiq zinhor
Kim, bu ish tahqiqini men ulcha imkon ayladim.
Sevganim bu ahd aro maydur, qani paymonae
Kim, kishi sevmakdin emdi ahdu paymon ayladim.
Ey Navoiy, ishq tarkinkim, dedim, ma’zur tut
Kim, muhiqdurmen bu ishda garchi tug‘yon ayladim.
432
Husnungga hayratdin o‘ldi barcha besomonlig‘im,
Men kimu somon, chu ortar har nafas hayronlig‘im.
Ko‘yida tun-kun kezay dermen nihon qolmas, valek
Oh o‘tiyu ashk qoni rangidin pinhonlig‘im.
G‘ayr xoshokin agar sovurmas ersam bas nedur,
Ko‘yi davrida quyundek muncha sargardonlig‘im.
Ul etak qonim bila ko‘rguzdi gulgun hoshiya,
Ne ajab, tutsam ani bu dam chu uldur qonlig‘im.
Tifllar toshi terimni eltibon, qoldi so‘ngak,
Ul pariy savdosida bordur ajab uryonlig‘im.
Dinu dunyo naqdini sochtim, chu kirdim dayr aro,
Bu edi avval qadah ichkanda dastafshonlig‘im.
Dedi zohid: ul pariydin hur umidi birla kech,
Ey Navoiy, bo‘lmag‘ay bu hadqacha nodonlig‘im.
433
Jonima dog‘e qo‘yuptur la’ling uzra xolkim,
Ko‘ngluma o‘t tushmish andin yuzga burqa’ solkim.
Tushmagay el ko‘ngliga o‘t hamki, aning rashkidin
Biym erur, bo‘lg‘aymen andoq ojizu beholkim.
Ashk sayli aylagay ko‘yungdin ovora meni,
Bu sifat ovoralig‘din ayla forig‘bolkim.
Garchi majnunmen sening ko‘yungni-o‘q aylab vatan,
Anda-o‘q bo‘lsam bo‘lay bozichayi atfolkim.
Yog‘sa uryon jismima o‘t anda aylarmen qabul,
O‘zga yerda gar yog‘ar gul, aylaram ehmolkim.
Anda yog‘qan tosh erur jannat gulidin yaxshiroq,
Bu jihatdin anda bo‘lmoq istaram pomolkim.
Qatl qilg‘aysen meni bir kun vale aytur ko‘ngul:
Ey Navoiy, kech bu so‘zdin, sen kim, ul iqbol kim?
434
Yuzung g‘amidin erur abri navbahor ko‘zum,
Ne ayb, yer yuzini qilsa lolazor ko‘zum.
Savodu qoni bila bir g‘arib lola erur
Ki, lolazor base qildi oshkor ko‘zum.
Ne qoni lola erur, ne savodi dog‘i aning
Ki, qo‘ydi hajr o‘tidin dog‘i intizor ko‘zum.
Agarchi qildi meni xoru zor ko‘nglumu bas
Valek ayladi ko‘nglumni xoru zor ko‘zum.
Ne konu bahr ekinkim, labu tishing g‘amidin
Gulu sumang‘a qilur la’lu dur nisor ko‘zum.
Bukim qorardi chu tardoman erdiyu g‘ammoz
Firoq shomidadur tiyraro‘zgor ko‘zum.
Navoiy, ayla nazar tarkini demang, chunkim
Men ixtiyor etibon, qilmas ixtiyor ko‘zum.
435
Sendin ayru to asiri dardi hijron qolmisham,
Buki o‘lmay qolmisham, holimg‘a hayron qolmisham.
Xonumonimni g‘aming toroji barbod ayladi,
Xonumon borib aloxonu alomon qolmisham.
Ishq dashtining samumi hullasin aylay panoh,
Xayli g‘am yag‘mosidin mundoqki uryon qolmisham.
Dardu g‘amdin yoshuna olman kamoli za’fdin,
Xurdabinlarning ko‘zidin garchi pinhon qolmisham,
Dashtdin Farhodu Majnunni yig‘ib mushfiqlari,
Men g‘arib ul nav’kim, g‘uli biyobon qolmisham.
Vasl davri jomidin ahbob sarmast o‘ldilar,
Dayr aro tek bir man-o‘q maxmuri davron qolmisham.
Ey Navoiy, uchti bulbullar xazonda bog‘din,
Men qanotsiz qush masallik aylab afg‘on qolmisham.
436
Ne ul quloqqa yetar, arzi hol ado qilsam,
Ne ul ko‘ngulga yoqar, naqdi jon fido qilsam.
Ko‘ngul shikofig‘a ul ko‘y tufrog‘i qanikim,
Bu xushk doru ila zaxmima davo qilsam.
Kerak quyosh dirami tanga bo‘lsa bay’ona.
Chu Yusufumni iki dahrg‘a baho qilsam.
Fig‘onki, ishq chekar bog‘lab ani bo‘ynumg‘a
Nechaki zuhdu vara’ pardasin rido qilsam.
Ko‘zumga dahrni har lahza tiyraroq aylar,
Savodi xolingga har necha ko‘z qaro qilsam.
Ishim chu savmaa shayxi bila tuzalmadi, kosh
Ki, emdi maykada pirig‘a iltijo qilsam.
Navoiyo, chu sabo hamnafasdur ul gulga
Ne bo‘ldi, sarsari ohimni gar sabo qilsam.
437
Ko‘ngulni bag‘ir qonidin lola qildim,
Qo‘yub dog‘ pargola-pargola qildim.
Sovug‘ ohdin qatra paykonlaringni
Yurak g‘unchasi javfida jola qildim.
Ko‘zumda ul oy mardum o‘rnini tutti,
Savodin aning davrig‘a hola qildim.
Ne qavmog‘ki, uyg‘onmadi garchi tunlar
Tong otquncha itlar kebi nola qildim.
Ko‘rub obi hayvon yuzinda xubobin,
Tasavvur labing uzra tabxola qildim.
Falak zolining makridin bo‘ldum emin,
Nedinkim, taloqi bu muhtola qildim.
Navoiy sarig‘ yuzida dog‘i idbor
Chu ko‘rdum, gumon sarig‘ lola qildim.
|