|
Yangi tovar ishlab chiqarish strategiyasi
|
bet | 21/57 | Sana | 16.12.2023 | Hajmi | 0,53 Mb. | | #120356 |
Bog'liq Navoiy texnika-iqtisodiyot kasb-hunar kolleji3. Yangi tovar ishlab chiqarish strategiyasi
Korxonaning raqobatchilari, texnologiya jarayonlari va iste’molchilarning didida bo’ladigan o’zgarishlar faqat mavjud tovarlar bilangina faoliyat yuritish yetarli emasligidan dalolatdir. Iste’molchilar yangi va takomillashgan mahsulotlarni xohlaydilar va kutadilar. O’z navbatida raqobatchilar ham xaridorlarni shunday yangi tovarlar bilan ta’minlashga jon-jahdi bilan harakat qiladilar. Shu sababli ham, har qanday firma yoki korxonaning yangi tovarlar yaratish bo’yicha o’z dasturi bo’lmog’i kerak.
Korxona yangilikni ikki xil usul bilan qo’lga kiritishi mumkin. Birinchidan, yangi korxonani butunlay yoki begona korxonaning tovarini ishlab chiqarishga ruxsat beradigan patent va lisenziyalarni, nou-xaularni sotib olish yo’li bilan. Ikkinchidan, o’z korxonasida tadqiqot va ishlab chiqarish bo’limlarini tashkil etib, shular orqali ishlab chiqarishni amalga oshirish yo’li bilan.
Yangi tovar – mahsulot, g’oya va xizmatlarning ma’lum bir potensial iste’molchilar tomonidan «yangi» deb qabul qilinishidir.
Yangi tovar ishlab chiqarish – original tovar yaratish, tovarning xususiyatini yaxshilash va uni modernizasiya qilish, korxonanig o’z ilmiy-tadqiqot va loyihalash bo’linmalarini tashkil etib, ular orqali tovarning yangi markasini ishlab chiqarishdan iboratdir. Yangi tovar ishlab chiqarish jarayoni quyidagi sakkiz bosqichni o’z ichiga oladi: g’oyani izlash, g’oyani tanlash, yangi Tovar konsepsiyasini ishlab chiqish va uni tekshirish, marketing strategiyasini ishlab chiqish, biznes tahlili, tovarni ishlab chiqarish, tovarni bozorga chiqarish va tijorat uchun ishlab chiqarish.
G’oyani izlash. Yangi tovarni ishlab chiqarish g’oyani izlashdan boshlanadi.
G’oyani izlash sistematik ravishda olib borilishi kerak. Yangi g’oyani izlash asosan korxonaning ichki manbalari (yangi texnika bo’limi, tadqiqot laboratoriyasi, marketing bo’limi), iste’molchilarning, raqobatchilarning, ishlab chiqaruvchilarning, distribyutorlarning xohish-istaklarini o’rganish, ommaviy axborot vositalari ma’lumotlari asosida, g’oyalarni generasiya qilishning maxsus uslublaridan foydalanib olib boriladi.
Yangi g’oyalarni generasiya qilish uslublaridan biri «miya hujumlari» uslubi hisoblanadi. Bu uslubning asl mohiyati shundaki, g’oyani muhokama etishda ishtirok etuvchilarning har biriga o’z fikrlarini bemalol bayon etishlari uchun imkoniyat yaratiladi va har qanday fikr qanchalik g’ayri oddiy bo’lishidan qat’i nazar tanqid qilinmaydi.
G’oyani tanlash. G’oyani shakllantirish bo’yicha faoliyatdan maqsad mumkin qadar ko’proq g’oyaga ega bo’lishdan iboratdir. Keyingi bosqichdagi maqsad esa ularning sonini qisqartirishdan iboratdir. Demak, g’oyani tanlash deganda yangi tovar haqida ilgari surilgan g’oyalarning hammasini tahlil qilib, shular orasidan uncha ahamiyatga ega bo’lmagan g’oyalarni qoldirib, ilg’or g’oyalarni ajratish tushuniladi. Buning natijasida korxona bozorga taklif etilishi mumkin bo’lgan tovar bo’yicha yangi g’oyani tanlash imkoniyatiga ega bo’ladi.
Yangi tovar konsepsiyasini ishlab chiqish va uni tekshirish. G’oya tanlangandan keyin uni tovar konsepsiyasiga aylantirish kerak. Bu konsepsiya potensial iste’molchilarda sinab ko’riladi.
Marketing strategiyasini ishlab chiqish. Marketing strategiyasi – bu dastlab yangi mahsulotni bozorga chiqarish strategiyasini aniqlashdan iboratdir. Bu yerda quyidagi savollar ko’rib chiqiladi. Eng avvalo, maqsadli bozorning hajmi, strukturasi va xarakteri aniqlanadi. So’ngra, sotish hajmi, narxi, keladigan foyda baholanadi va sotish kanallari tanlanadi. Tabiiyki, bu prognozlash yo’li bilan baholash aniq bo’lmasada, ma’lum bir mo’ljalni ko’zlagan bo’ladi.
Biznes tahlili – bu korxonaning maqsadidan kelib chiqqan holda yangi mahsulotning kelgusida qancha miqdorda sotilishi, xarajatlari va foydasini baholashdan iboratdir.
Tovarni ishlab chiqarish. Bu bosqichda tovar g’oyasi fizik shaklda mujassam qilinadi va mahsulotni loyihalash, o’rash, markani ishlab chiqish, mahsulot va vaziyatni aniqlash, iste’molchining munosabatini va foydalanishini tekshirish yo’li bilan marketing strategiyasi belgilanadi. Tayyor mahsulotni odatda test orqali sinaydilar. Test natijalariga qarab tovardagi ba’zi kamchiliklar va nuqsonlar tuzatiladi. Umuman, olganda yangi tovar iste’molchilar talabiga to’liq javob berishi kerak.
Tovarni bozorga chiqarish. Yangi tovar yaratishning oxirgi bosqichi uni bozorda sinab ko’rishdan iboratdir. Bozorda sinab ko’rishdan asosiy maqsad mahsulotni va bu mahsulotning marketing dasturini (narx, reklama, marka, o’rabjoylash, servis xizmati va boshqalar) baholashdan iboratdir. Bu yerda iste’molchilar va vositachilarning tovarga bo’lgan munosabati muhim ahamiyat kasb etadi. Natijalar esa sotiladigan mahsulot va olinadigan foyda hajmini belgilashga asos bo’lib xizmat qiladi. Xalq iste’mol tovarlarining marketing sinovida bozorni standart testlash, bozorni nazorat testlash va bozorni imitasion testlash uslublaridan foydalaniladi. Ba’zi firmalar sinab sotishni faqatgina iste’molchilar e’tirofiga ega bo’lish, boshqalari esa mahsulotda va marketing rejasida amalga oshirish kerak bo’lgan o’zgarishlarni aniqlash uchun, uchinchilari esa mahsulot taqdirini hal qilish uchun qo’llaydilar.
Tijorat uchun ishlab chiqarish. Bu oxirgi bosqichda mahsulot tanlangan bozorga katta hajmda chiqariladi va sotiladi. Yangi mahsulot ishlab chiqarishning bu bosqichida ishlab chiqaruvchi bozorga chiqish vaqtini, tartibini va har bir bozordagi faoliyat hajmini, tovar tarqatish va siljitishning eng samarali usullarini to’g’ri tanlay bilishi va marketing faoliyatining batafsil bitilgan rejasini ishlab chiqishi kerak.
Amaliyot shuni ko’rsatadiki, har qanday g’oya ham real tijorat mahsulotga aylana bermaydi. Ko’pchilik hollarda 10-15 ta g’oyalardan bittasi real mahsulotga aylanar ekan.
Yangi mahsulotning bozordagi taqdiri iste’molchining bu mahsulotni qabul qilishga tayyor va tayyor emasligiga ham bog’liqdir.
Yangi mahsulotni qabul qilish – mushohada qilish jarayoni bo’lib, bu jarayon yangi mahsulot to’g’risida birinchi axborotga ega bo’lishdan boshlab, to mahsulotning doimiy iste’molchisiga aylangungacha bo’lgan jarayonni o’z ichiga oladi. Iste’molchilar yangi mahsulotni sinab ko’rishga tayyorlik darajasiga qarab ham bir-biridan keskin farq qiladi. Ba’zilari yangi mahsulotni tezda qabul qilishsa, ba’zilari esa sekinlik bilan qabul qiladi.
Iste’molchilar yangilikni qanday qabul qilishga tayyor ekanligi darajasiga qarab ularni supernovator, novator, oddiy iste’molchilar, konservator, superkonservator deb guruhlarga ajratiladi.
Supernovatorlar – bu iste’molchilarning shunday guruhiki, ular no’malum mahsulotni sinab ko’rishga har doim tayyor turadilar. Novatorlar esa iste’molchilarning shunday guruhiki, ular yangi mahsulotni sotib olgandan keyin uning taqdirini chuqur o’ylab, tovarni birinchilar qatorida sotib oladilar. Oddiy iste’molchilar – bular novatorlar guruhiga kiruvchi iste’molchilardan keyingi o’rinda turib, yangi tovarlarni oddiy tovarlar kabi qabul qiladilar.
Konservatorlar – skeptiklar, boshqa iste’molchi guruhlari singari, yangi mahsulotlarni ulardan foydalanish tajribasiga ega bo’lganlari uchungina sotib oladilar.
Superkonservatorlar – bu iste’molchilarning shunday guruhiki, ular har qanday o’zgarishlarga shubha bilan qaraydilar, ular yangi tovarlarni faqatgina o’zlarining an’analariga va odatlariga mos kelgandagina sotib oladilar.
Yuqorida keltirilgan ma’lumotlardan ko’rinib turibdiki, yangi tovarlarni ishlab chiqaruvchilar birinchi navbatda supernovator va novatorlarning iqtisodiy, psixologik, demografik va boshqa tavsiflarini o’rganishlari kerak.
|
| |