|
Oila ma’naviyati fanini o‘qitish metodikasi (o‘quv-uslubiy qo‘llanma) Toshkent – 2012
|
bet | 62/147 | Sana | 21.03.2017 | Hajmi | 11,8 Mb. | | #732 |
Birinchidan, ta’kidlab o‘tish joizki, islom va musulmonchilik tushunchalari ayni bir narsa emas. Islom dini barcha musulmonlar uchun umumiy bo‘lib, avvalo, Allohning kalomi bo‘lmish Qur’oni karimga tayanadi. Islom dinining ikkinchi asosiy manbasi hisoblanmish janobi Payg’ambarimiz Muhammad (sav) Hadisi shariflariga kelsak, hadis ilmida sahih (ishonchli) va zaif, mutavotir, ohod, hasan, hatto mavzu’ (ya’ni yolg’on, to‘qima) hadis kabi tushunchalar uchraydiki, ularni o‘zaro farqlashda oddiy musulmonlar uyoqda tursin, tarixda tan olingan ulug’ allomalarimiz ham ba’zan chalkashtirib yuborishlari bugungi kunda sir emas.1 Musulmonchilik deganda “la ilaha illallah, Muhammadin rasulillah” kalimasini tili bilan tan olib aytgan (dilida ta’kid etgan-etmaganini Alloh biladi, biz bilmaymiz) barcha insonlarning e’tiqodiy qarashlarini tushunadigan bo‘lsak, ularning 72 firqaga bo‘linishi (shu qatori, masalan, shia firqasiga 80 milliondan ortiq o‘zini musulmon deb hisoblovchi aholi ergashuvi) hisobga olinmagan taqdirda ham, faqat ahli sunna va jamoa tarkibida xanbaliya, shofeiya, molikiya va xanafiya fiqhiy mazhablari mavjudki, ular orasidagi farqlar, ibodatda ham, axloqiy meyorlarda ham ba’zan sezilarli darajadadir. Biz o‘zbeklar Markaziy Osiyo mintaqasining boshqa aksariyat aholisi singari musulmonchilikning xanafiya mazhabi moturidiya aqidasini qabul qilganmiz. Shofeiya, molikiya yoki xanbaliya mazhabiga ergashuvchi dunyo musulmonlari bilan inoq-ittifoqligimizga shubha yo‘q, ammo bu mazhablar orasidagi ba’zi juz’iy farqlar islomni ilm sifatida yaxshi o‘zlashtirib olmagan oddiy odamlarni ba’zan dovdiratib qo‘yishi ham mumkin. Tarixda bunday farqlar ba’zi o‘ta nozik masalalarda jiddiy bahslarni ham keltirib chiqarganlik holatlari ilm ahliga sir emas. Masalan, xanbaliya mazhabining e’tiborli ulamolaridan Ibn al-Javziy (1116-1201) ulug’ sufiy pirlaridan Mansur Xalloj va Muhyiddin Abdulqodir al-Jiloniylarni, Ibn Taymiya (1263-1328) esa Ibn al-Arabiy va Ibn al-Farid singari jahon tan olgan irfoniy she’riyat va tasavvuf falsafasining buyuk namoyandalarini keskin qoralab risolalar yozganlar. Holbuki, Mansur Xalloj, Abdulqodir al-Jiloniy, Ibn al-Arabiy kabi ulug’ mutafakkirlar bizning mintaqada tasavvufning piri komil buzrukvorlari sifatida doim e’zozlanib kelgan1. Milliy ma’naviyatimizning islom mintaqa madaniyatiga yondoshuvidagi bu kabi o‘ziga xosliklarni e’tibordan chetda qoldirish jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
|
| |