|
O’zbеkistоn rеspublikasi хalq ta’limi vazirligi jizzaх davlat pеdagоgika instituti
|
bet | 85/311 | Sana | 20.12.2023 | Hajmi | 4,4 Mb. | | #125403 |
Bog'liq IJTIMOIY-FALSAFAUtopik sotsializm
XVI-XVII asrlarda Yevropa mamlakatlaridagi ijtimoiy fikrlar tarkibida jamiyatning kelajagi to‘g‘risidagi sotsialistik qarashlar ham vujudga keldi. Sotsial-utopistlar nomini olgan mazkur yo‘nalish vakillari davlat, hokimiyat, huquq muammolariga o‘tmishdagi ozchilikning irodasini ifodalovchi boshqarish shakllarini tugatib, moddiy tengsizlikka chek qo‘ygan va xususiy mulkka barham berib, umumiy mulkchilikka asoslangan jamiyatning siyosiy-yuridik sohalari qanday bo‘lishi kerak, degan masalalar sababli e’tibor qaratdilar.
Quyi tabaqa vakillarining asrlar mobaynida ijtimoiy adolatga intilishining aksi sifatida qaror topgan ana shu harakat tarkibida bir-biridan farqlanuvchi turli-tuman qarashlar vujudga keldi. Ularning ba’zilari kelgusi jamiyat amal qilishining asosiy tamoyili sifatida tafakkurni, boshqalari – erkinlikni, uchinchilari – tenglikni va hokazolarni ilgari surardilar.
Tomas Mor(1478-1535) ingliz gumanisti, "Utopiya" asarining muallifi, xayoliy sotsializm sarchashmalaridan biri. U parlament a’zosi sifatida qirol Genrix VIII ning moliyaviy kirdikorlariga, uning zulmkorligiga qarshi chiqadi va bu harakati bilan London mayda burjuaziyasi o‘rtasida hurmat qozonadi. U Genrix VIII ning katsleri sifatida qirolning reformatorlik intilishlariga qarshilik qilgani uchun qatl qilinadi.
"Utopiya" asarida u o‘z davrining ijtimoiy va siyosiy masalalari haqida fikr yuritadi. Bu asar dialog shaklida yozilgan bo‘lib, unda rasmiy siyosiy qarashlarni yoqlash va ularni inkor qilish o‘z aksini topadi. Asarning birinchi qismida Angliya ijtimoiy hayoti tanqid qilinadi, ikkinchi qismida esa xayoliy Utopiya orolidagi jamiyat va hayot haqida gapiriladi.
Angliya voqeligida shafqatsizliklar bilan sodir bo‘lgan kapitalning dastlabki to‘planishini tanqid ostiga olgan Mor ularning sababchisi xususiy mulk ekanligida, hayotni xuddi Utopiya oroligidagidek tashkil qilish uchun ijtimoiy mulkchilikka o‘tish kerakligini ta’kidlaydi. Bunda ijtimoiy mulkchilik, yuqori darajada tashkil qilingan ishlab chiqarish, boshqaruvning maqsadga muvofiqligi natijasida ijtimoiy boyliklarni adolatli va baravar taqsimlanishiga erishilgan. Barcha kishilarning huquqlari teng va ular mehnat qilishlari kerak.
U ana shu jamiyatni ma’rifatli podshoh yordamida yaqin kelajakda amalga oshirish mumkin, deb hisoblaydi. Xuddi ana shu holat mazkur dunyoqarashning xayoliy bo‘lib qolganligini belgilab berdi.
Uning fikricha, jamiyat – boylarning fitnasi natijasidir. Davlat esa – ularning oddiy qurolidir. Undan boylar xalqni itoatda tutib turish, o‘zlarining g‘arazli maqsadlarini himoya qilish uchun foydalanadilar. Ular aldov, kuch va ayyorlik bilan kambag‘allarni o‘zlariga bo‘ysundiradilar. Bu narsalarni ular qonun yordamida, hokimiyatning buyrug‘i, davlatning irodasi sifatida va davlat nomidan amalga oshiradilar.
Utopiya orolida xususiy mulk yo‘q. Er – ijtimoiy mulkdir. Ishlab chiqarilgan barcha mahsulot jamiyatniki. Ularni esa biror bir narsa ishlab chiqarishga ixtisoslashgan hunarmand-oilalar ishlab chiqaradi. Ish kuni 6 soatdan iborat. Barcha ishlaydi.
Utopiyada muhtojlik nimaligini hech kim bilmaydi. Bunga esa o‘ziga xos yo‘l bilan erishiladi. Birinchidan, barcha erkak va ayollar majburiy ravishga mehnatga jalb qilinadi. Ikkinchidan, ehtiyojlarning eng minimal darajaga qisqartirilishiga erishiladi, ya’ni har qanday dabdababozlik, taqinchoqlar, ortiqcha kiyim-kechak, uy-joy va ovqatlanishga chek qo‘yilgan.
Shuni ta’kidlash kerakki, Utopiyada qullar ham mavjud. Morning fikricha mazkur orol odamlari uchun eng iflos ishlarni bajarish uyat, shuning uchun qassoblik, turli-tuman chiqindilarni chiqarish kabi ishlar qullar zimmasiga yuklatilgan. Bunday ishlarni bajarishga ko‘ngillilar deyarli bo‘lmaganligi sababli qullarga ehtiyoj tug‘ilgan. Harbiy asirlar, jazoni o‘tayotgan jinoyatchilar, boshqa davlatlarda o‘limga hukm qilingan, ammo o‘topiyaliklar tomonidan sotib olingan kishilar qullar hisoblanishadi. Qullik avloddan avlodga o‘tmaydi, ularning farzandlari – ozod odamlardir. Ularning o‘zlari ham qullikdan ozod bo‘lish imkoniyatlariga ega.
Morning Utopiya davlati federativmi yoki unitarligi unchalik aniq aks ettirilmagan. Ammo unda boqaruv tizimi aniq ifodalangan: har 30 oila filarx deb ataluvchi boshqaruvchini saylaydi, 10 filarx esa bitta protofilarxni saylaydi. Maxsus yig‘ilishda filarxlarning barchasi yopiq ovoz berish yo‘li bilan davlat boshlig‘ini (prinsepsni) saylashadi, u umrbod saylanadi. Ammo u zulmkorlikka intilsa, uni bo‘shatadilar. Qolgan mansabdorlar esa tajribali kishilar bo‘lib, har yili saylanadilar. Muhim ishlar prinseps, senat va xalq vakillari bilan birgalikda echiladi. Bunday muhim ishlar jumlasiga ma’muriyat ishlari, xo‘jalik rejalari, ijtimoiy omborlardan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni tarqatishni hisobga olish va hisobot ishlari va boshqalar kiradi.
|
| |