94
O’zbekistonda milliy valyutani joriy etishda dastlab «so’m-kupon»ning
muomalaga kiritilishi quyidagilarga imkon yaratdi: birinchidan, milliy pul islohotining
iqtisodiy, texnik va ijtimoiy tomonlarini optimallashtirish uchun respublika ichki
iqtisodiyotidagi barcha real omillarni to’la aniqlash va hisobga olish; ikkinchidan,
mustaqil moliya-kredit va narx siyosatini yuritish bo’yicha muayyan tajriba orttirish;
uchinchidan, milliy pul birligini joriy etish strategiyasi va mexanizmini o’rganish,
inflyatsiya jarayoniga qarshi kurash tadbirlari ishlab chiqish va sinovdan o’tkazish,
o’zaro hisob-kitoblar mexanizmini yo’lga qo’yish va hokazo.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 122-moddasi hamda «O’zbekiston
Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to’g’risida»gi Qonunning 111-
moddasiga, shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993 yil 3
sentyabrdagi 952-XII-sonli qaroriga muvofiq, 1994 yilning 1 iyulidan boshlab
O’zbekiston Respublikasi hududida milliy valyuta – «so’m» muomalaga kiritildi.
Milliy valyutaning joriy etilishi munosabati bilan O’zbekiston Markaziy
bankining kassa ishini tashkil etish to’g’risida, miliy valyutani muomalaga chiqarish
va hisobga olish tartibi to’g’risidagi ko’rsatmasi, shuningdek, qimmatliklarni qayta
baholash hamda yuridik shaxslarning buxgalteriya hisobi va hisobotiga o’zgartirishlar
kiritish tartibi ishlab chiqildi. Bank muassasalari tomonidan 1994 yilning 1 iyuli holati
bo’yicha yuridik shaxslarning hisob va joriy raqamlaridagi barcha pul mablag’larini va
boshqa qimmatliklarni inventarizatsiya qilish va buxgalteriya hisobi ma’lumotlari
asosida 1000 so’m-kuponni 1 so’m nisbatida qayta hisoblash ishlari amalga oshirildi.
Tovar-pul munosabatlarining samarali amal qilishi ko’p jihatdan milliy
valyutaning barqarorligiga ham bog’liq. bunga erishish uchun aniq vazifalarni hal
etishga qaratilgan to’rtta alohida dasturlar to’plamini ko’rsatib berdi (4.3-jadval).