|
Ijtimoiy himoya siyosati va uning Qonunchilik asoslarini
|
bet | 13/30 | Sana | 12.07.2023 | Hajmi | 495.79 Kb. | | #76637 |
Bog'liq 848e41c444f503fb519f14768a12d3d0 IJTIMOIY ISH HUQUQ ma`ruza (1) Axborot xati konf. ADU, Mayers- Briggs qo\'shimcha, 36-qo\'shma qaror, 27.04.2022, Oila tushunchasi, uning turlari va shakillari, fHy1I56Pj1m1Sqci4f9q3e28B9S0AiBM, dars ishlanma, 11-21-ALGORITMIK TILLAR VA DASTURLASH, Мустақил ишни ташкиллаштириш, Иқтибослик учун, Документ Microsoft Word, Calendar plan-RAQAMLI VA AXBOROT TEXNOLOGIYALARI (2), статья, Исмаилова Н С , Шагазатов У У Жахон иқтисодиёти ва халқаро (1), A51.2. Ijtimoiy himoya siyosati va uning Qonunchilik asoslarini
takomillashtirish masalalari
Aholini ijtimoiy himoyalash muayyan tashkiliy tizimlar orqali amalga oshiriladi. Ular faoliyatining huquqiy asoslari, shuningdek ijtimoiy yordam ko’rsatish jarayonida yuz beruvchi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishning huquqiy tizimlari mavjud milliy Qonunchilik normalari bilan belgilab qo’yilgan.
Ijtimoiy himoya, eng avvalo fuqarolarimizning ijtimoiy ta’minot hamda yordam olishga bo’lgan Konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishdan iboratdir.
Ijtimoiy himoya siyosatini huquqiy ta’minlash vositalari bo’lgan qonunlar va boshqa qonun hujjatlari o’zining yuridik kuchi, ta’sir doirasi, maqsad va vazifalari hamda boshqa xususiyatlariga ko’ra tasniflanadi. «Ijtimoiy ishning huquqiy asoslari” kursining manbalari bunday yordam olish huquqini belgilovchi, uni amalga oshirish tamoyillari, asosiy shakllarini nazarda tutuvchi qonunlar hamda boshqa qonun hujjatlaridan iborat. Uning manbalari qonun va qonunosti hujjatlariga bo’linishi ko’rsatib o’tilmog’i lozim. Bugungi kunda fuqarolarga ijtimoiy yordam ko’rsatish masalasiga oid maxsus qonun qabul qilinmagan bo’lsa-da, bunday yordamning u yoki bu shakllari haqida ayrim qonunlarda belgilab qo’yilgan.
«Ijtimoiy ishning huquqiy asoslari” kursining universal manbai-O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidir. Unda fuqarolarning qonun oldida teng ekanliklari, davlat va jamiyatning asosiy maqsadi odamlar haq-huquqlarini ta’minlash hamda kafolatlashdan iboratligi belgilangan.. Konstitutsiyaning 39, 40, 41 va 42-moddalari bevosita ijtimoiy ta’minot hamda yordam olish huquqlari, ularning kafolatlariga bag’ishlangan.
Fuqarolarga Konstitutsiyamizning ushbu moddalarida kafolatlangan ijtimoiy ta’minot olish huquqi Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Inson huquqlari umumjahon Deklarasiyasi”, “Ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy huquqlar to’g’risidagi xalqaro Pakt”, Xalqaro Mehnat Tashkilotining ijtimoiy ta’minotga oid hujjatlarida nazarda tutilgan standartlarga mos keladi.
O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi asosida ijtimoiy himoyaga oid qonunlar va qonun hujjatlari qabul qilingan bo’lib, bu sohada huquqlarni belgilash va amalga oshirilishini kafolatlashda ularning ahamiyati kattadir. Bunday qonunlar qatoriga 2008 yil 11 iyulda yangi taxrirda qabul qilingan “Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to’g’risida”gi, “Fuqarolar sog’lig’ini saqlash to’g’risida”gi, “Yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to’g’risida”gi, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida”gi, “Harbiy xizmatchilarning pensiya ta’minoti to’g’risida”gi qonun, tibbiy va reabilitatsiya xizmatiga oid qonunlar taalluqli bo’lib, ularda ham ijtimoiy yordam va uni ko’rsatilishi bilan bog’liq bo’lgan munosabatlar tartibga solingan.
Ijtimoiy himoyaning tashkil etilishi, amalga oshirilishi, u yoki bu shakldagi ijtimoiy yordamning rivojlantirilishida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari va Qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari katta o’rin tutadi. Ular vositasida yangi ijtimoiy himoya shakllari joriy etiladi, ijtimoiy himoya tizimi o’zgartiriladi va hokazo.
Keng ma’noda ijtimoiy himoya, bu davlat hisobidan, davlat organlari hamda fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish idoralari tomonidan fuqarolarga (oilaga) ko’rsatiladigan har qanday moliyaviy, moddiy, natural xizmatlar tarzidagi qo’llab-quvatlash chora-tadbirlaridan iborat. Bunday qo’llab-quvvatlash ishlari davlatning turli ijroiya-boshqaruv organlari, idoralari tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Ana shu nuqtai-nazardan Respublika tarmoq (funksional) vazirliklari, davlat qo’mitalari, idoralari tomonidan qabul qilinadigan normativ huquqiy hujjatlar ijtimoiy himoyani real tashkil etilishi hamda amalga oshirilishida juda katta o’rin tutadi.
Odatda qonunlar, Respublika Prezidenti Farmonlari, Xukumat qarorlarida ko’zda tutilgan ijtimoiy himoya turlarini amalga oshirishning huquqiy va tashkiliy mexanizimlari aynan ushbu idoraviy huquqiy hujjatlar bilan belgilab qo’yiladi.
Ijtimoiy himoyaning muayyan mintaqaviy turlarini joriy etilishi va amalga oshirilishida joylardagi davlat hokimiyati organlari (tuman (shahar), viloyatlarning hokimlari, xalq deputatlari kengashlari) normativ huquqiy aktlari ham ma’lum darajada ahamiyat kasb etadi.
Ijtimoiy himoya manbalari orasida lokal normativ hujjatlar ham sezilarli o’rinni egallaydi. Bular jumlasiga korxona, muassasa va tashkilotlar tomonidan o’z xodimlari va ularning oila a’zolarini moddiy - ijtimoiy qo’llab-quvvatlashga yo’naltirilgan maqsadlarda qabul qilingan aktlar kiradi. Bunday lokal me’yoriy hujjatlar orasida korxonada amal qiladigan jamoa shartnomalari, turli nizom va qoidalar, tarmoq jamoa kelishuvlari hamda boshqalar kiradi.
Kuchli davlatdan kuchli jamiyat tomon rivojlanish, fuqarolik jamiyati barpo etish kelgusida ana shunday lokal me’yoriy hujjatlar ahamiyati ortishiga olib kelishi aniq. Bundan tashqari, ijtimoiy himoyani amalga oshirilishida davlat mablag’lari bilan bir qatorda nodavlat mablag’larining ham keng jalb etilish yo’li tutilayotganligi, 2006 yilni “Homiylar va shifokorlar yili” deb e’lon qilinishi ijtimoiy himoyalash sohasida korxona va tashkilotlar salmog’i uzluksiz ortishini anglatadi.
Qayd etilganidek, “Homiylar va shifokorlar yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlash uchun 284 mlrd, shu jumladan, 151 mlrd. So’mdan ziyod nodavlat mablag’lari sarflandi. 2007 yilda “ Ijtimoiy himoya yili” Davlat dasturi doirasida sarflangan nodavlat mablag’lari 270 mlrd.400 mln sumni tashkil qildi. “Yoshlar yili” deb e’lon qilingan 2008 yil va “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” deb e’lon qilingan 2009 yilda ham bu tendensiya davom etmoqda.
Aholini ijtimoiy himoyalashning jahon me’yorlari xalqaro huquqiy hujjatlarda belgilangan bo’lib, O’zbekiston Respublikasi ushbu sohadagi ishlarni tashkil etilishida ularga og’ishmay amal qilishga harakat qilmoqda. Bunda Birlashgan Millatlar Tashkiloti hujjatlari, Yevropa Hamjamiyati aktlari, Xalqaro Mehnat Tashkilotlarining Konvensiyalari hamda Tavsiyalari, boshqa mintaqaviy xalqaro tashkilotlarning qarorlari yetakchi o’rinni egallaydi.
O’zbekiston Respublikasi e’tirof qilgan (ratifikasiyalagan) xalqaro huquqiy hujjatlar mamlakatimiz milliy Qonunchilik tizimining tarkibiy qismi bo’lib sanaladi va ular huquqimiz manbaidir. Ijtimoiy himoyani tashkil etish sohasida ham xalqaro huquqiy hujjatlarga yuqoridagi nuqtai nazardan munosabatda bo’lmoq lozim.
Mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoyalash umuminsoniy tamoyillar, ma’naviy-axloqiy qadriyatlar, demokratik-insonparvar g’oyalar asosida amalga oshiriladi. Bunda BMTning “Inson huquqlari umumjahan Deklarasiyasi”da belgilangan umumbashariy prinsiplar yetakchi o’rin tutadi.
Ijtimoiy himoya muhtoj fuqarolarni moddiy va ijtimoiy qo’llab-quvvatlash ko’rinishlaridan biri sifatida o’z huquqiy manbalariga tayanadi. Bu manbalar ijtimoiy himoyani amalga oshiruvchi davlat va nodavlat tizimlari huquqiy statusini, maqsad va vazifalari hamda vakolatlarini, faoliyat yuritish shakl va uslublarini belgilab beradi.
Bu manbalar shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo’lgan fuqarolar toifalarini, bunday himoya choralari qo’llanilishiga asos bo’ladigan sosial xatar holatlarini (yoshi, salomatlik ahvoli, ko’p bolali, voyaga yetmaganlik, tabiiy yoki texnogen holatlar yuz berishi, ijtimoiy ziddiyatlar va hokazolar) aniqlaydi, ijtimoiy himoya mezonlari, shartlari va asoslarini ko’zda tutadi.
Bozor munosabatlariga o’tishning o’zbek modeli asosiy tamoyillaridan bo’lgan aholini kuchli ijtimoiy himoya qilish siyosati huquqiy jihatdan ta’minlangan bo’lib, ushbu sohadagi davlat faoliyatini samarali amalga oshirilishiga xizmat qiluvchi zarur huquqiy tizim hamda infrastruktura barpo etilgan.
Mustaqilligimizning dastlabki davrlarida aholini ijtimoiy muhofaza qilish ishlari sobiq ittifoq davrida qabul qilingan qonunlar hamda qonunosti hujjatlari bilan tartibga solingan bo’lsa, keyinchalik bu masalalarda mustaqil Qonunchilik tizimi shakllana boshladi. Bunda dastlabki davrlarda Respublika Prezidentining Farmonlari va O’zbekiston Hukumati qarorlari yetakchi o’rin tutganligi, ijtimoiy himoyalash masalalari operativ (kundalik) farmon hamda qarorlar bilan tartibga solinganligi qayd etib o’tilmog’i lozim.
O’zbekiston Respublikasida ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy islohotlar maromiga mos ravishda mustaqil huquqiy baza vujudga keltirila boshlandi. Bunda ijtimoiy himoyaga oid Qonunchilik tizimi ham asta-sekinlik bilan shakllantirildi.
Mamlakatimiz taraqqiyotida 1992 yil 8 dekabrda yangi, mustaqillik Konstitutsiyasining qabul qilinishi yangi davrga asos soldi. Xalqaro huquqiy standartlarga o’zining barcha asosiy ko’rsatkichlari bilan to’la mos keluvchi yangi Konstitutsiya amalga oshirilayotgan barcha islohotlarimiz uchun huquqiy asos bo’lishi bilan birgalikda, Qonunchilik tizimlarimiz rivojining asosiy tendensiyalarini ham belgilab berdi. Konstitutsiya qabul qilingach, uning asosida qonun qabul qilish jarayoni jadallashdi va mustaqil davlatning rivojlanishi maqsad hamda vazifalariga mos keluvchi o’z Qonunchilik tizimlari yuzaga kela boshladi. Ijtimoiy ta’minot va ijtimoiy himoya sohasida ham ayni jarayonni kuzatish mumkin.
Bunda 1993 yil 3 sentyabrda qabul qilingan hamda 1994 yil 1 iyuldan boshlab amalga kiritilgan O’zbekiston Respublikasining «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’risidagi» qonuni muhim voqyea bo’ldi. Ushbu yangi qonunni qabul qilinishi pensiya ta’minoti tizimini yangi huquqiy asosga qo’ydi va pensiya ta’minotining amalga oshirilishida shaxsning davlat va jamiyat iqtisodiy taraqqiyotiga qo’shgan ulushini amalga oshirishga imkon beruvchi yangi huquqiy mexanizmlarni joriy etdi.
Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari pensiya ta’minotini amalga oshirilishida sobiq ittifoq davrida qabul qilingan 1990 yil 28 apreldagi «Harbiy xizmatchilarning pensiya ta’minoti to’g’risida»gi qonunga amal qilib kelayotgan bo’lsada, ammo uning qo’llanilishi chog’ida milliy maqsad va manfaatlar, mustaqillik tamoyillariga tayanib ish ko’riladi.
O’zbekistonda «Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to’g’risida»gi qonundan boshqa ijtimoiy himoya masalalariga oid maxsus qonun hozircha mavjud bo’lmasa-da, bu masalalar O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, Hukumat qarorlari, idoraviy me’yoriy huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinib kelinmoqda.
Ijtimoiy himoya bozor munosabatlariga o’tish davridagi taraqqiyotimizning ustuvor jihatlaridan biri ekanligini e’tiborga olib ham MDH a’zosi bo’lgan, ijtimoiy iqtisodiy taraqqiyot ko’rsatkichlariga ko’ra bizning mamlakatimiz bilan taxminan bir xil darajada bo’lgan davlatlar (Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Belorus’, Qozog’iston) tomonidan aholini ijtimoiy himoyalashga oid bir qator maxsus qonunlar qabul qilinganligini hisobga olib, O’zbekistonda ham «Davlat ijtimoiy himoyasi to’g’risida», «Minimal iste’mol dasturxoni to’g’risida», «Ijtimoiy yordam to’g’risida», «Ijtimoiy xizmatlar ko’rsatish to’g’risida»gi maxsus qonunlarni qabul qilish vaqti keldi, deb hisoblaymiz. Ushbu qonunlarning qabul qilinishi aholini ijtimoiy himoyalashning huquqiy jihatdan mustahkamlanishiga, ijtimoiy himoya va ijtimoiy yordamni yagona huquqiy tizimga birlashtirilishiga olib keladi.
O’zbekiston Respublikasi o’z davlat mustaqilligiga erishgan dastlabki kunlardan boshlaboq mamlakatimizda bozor munosabatlariga asoslangan huquqiy davlat barpo etish, unda shaxs huquqlari va erkinliklari ustuvor mavqyeiga ega bo’lishini e’lon qildi.
O’zbekiston Respublikasining 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan Konstitutsiyasi shaxs va davlat, shaxs va jamiyat o’rtasidagi munosabatlarning o’zaro nisbatini belgiladi. Bunda davlat o’z fuqarolari oldida mas’ul ekanligi, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kafolatlashi hamda har tomonlama himoya qilishi belgilab qo’yilgan.
Konstitutsiyaning Muqaddimasida Respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini ta’minlash - davlat oldida turgan ustuvor maqsadlardan ekanligi ko’rsatib qo’yilgan.
Respublikamiz Prezidenti I.A.Karimov ta’kidlaganlaridek, «Bozor itisodiyotini barpo etish - shunchaki bir maqsad emas. Barcha iqtisodiy, demokratik siyosiy islohotlarning pirovard maqsadlarining o’zi, bu eng avvalo inson uchun munosib turmush va faoliyat sharoitlarini yaratishdir».
Bozor iqtisodiyotiga o’tish, bozor munosabatlarini keng joriy etish davr taqozosi va obektiv zaruriyatdir. Bozor munosabatlari umumbashariy voqyelik bo’lib, jahon sivilizasiyasi rivojidagi zaruriy bosqich bo’lib sanaladi. Bozor munosabatlarigina odamlarning mehnat va ijodiy imkoniyatlarini yuzaga chiqarishga, tayyorga ayyorlikka barham berishga, tashabbus va ishbilarmonlik salohiyatini ro’yobga chiqarishga, manfaatdorlik va xo’jayinlik institutlarini uyg’otishga qodir bo’ladi.
Respublikamizdagi ishlab chiqarish kuchlarining ulkan imkoniyatini to’la ishga solish, bu imkoniyatdan odamlar baxt-saodati, turmush farovonligini yuksaltirish yo’lida foydalanishi - faqat bozor mexanizmlari orqaligina amalga oshirilishi mumkin.
Insoniyat sivilizasiyasi taraqqiyoti to’plangan tajriba bozor munosabatlarining shakllanishi va rivojlanishi xech bir mamlakatda ravon va silliq kechmaganligini ko’rsatib turibdi. Bozor munosabatlariga ijtimoiy qadriyatlar doirasida o’tilgan va har bir iqtisodiy rivojlangan mamlakat iqtisodiyoti ijtimoiy yo’naltirilganligi bilan ajralib turgan. «Ijtimoiy yunaltirilgan bozor iqtisodiyoti to’la-to’kis ham bozor iqtisodi, ham ijtimoiy iqtisodiyot hisoblanadi. Iqtisodiy rivojlanish samaradorligini ijtimoiy kafolatlar va ijtimoiy adolat bilan bog’lash maqsadini ko’zlaydi».
Mamlakatimizda amalga oshirib kelinayotgan yangilanish va rivojlanish asosi o’tish davrining barcha bosqichlarida oldindan kuchli ijtimoiy himoya tadbirlarining o’tkazilishidan iborat. Bozor munosabatlariga o’tishning bosh maqsadi - uning afzalliklaridan keng foydalangan holda odamlar hayot sharoitlari, moddiy farovonliklarini yuksaltirishdan iboratdir. Shu sababli jamiyatning sifat jihatidan yangi holatga o’tishida - deya ta’kidlagan edi Respublikamiz Prezidenti I.A.Karimov-«bizga islohot chog’ida odamlar moddiy ahvoli keskin yomonlashadigan, axloqiy qadriyatlar, ma’naviy tayanchlar barbod bo’ladigan, o’tish davrining barcha qiyinchiligi aholi yelkasiga tushadigan andoza maqbul emas».
Aholining nochor va muhtoj tabaqalarini qo’llab-quvvatlash, o’z vaqtida ijtimoiy himoya qilinishlarini ta’minlash fuqarolar osoyishtaligi, ijtimoiy barqarorlik, millatlararo totuvlikka erishishning eng maqbul yo’li va ishonchli kafolatidan iboratdir.
O’zbekistonda bozor munosabatlarini shakllantirishning ilk bosqichi iqtisodiyotdagi nobarqarorlik, kuchli inflyasiya jarayoni shaxslarning erkinliklarini, sobiq Ittifoq tarkibiga kirgan va mustaqil davlatlarga aylangan sobiq Respublikalar o’rtasida xo’jalik aloqalarini tubdan izdan chiqishi oqibatida keskin qisqarib borayotgan ishlab chiqarish jarayonida aholining barcha tabaqalarini ijtimoiy himoyalash, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari iste’mol qilish darajasini keskin pasaytirmaslik kabi maqsadlarini ko’zladi. Narxlarning o’sishi, inflyasiya jarayonlarining salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida ish haqi, pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalarni oshirish muntazam ravishda amalga oshirib kelinmoqda.
Bozor munosabatlariga o’tishning dastlabki bosqichida va keyinchalik demografik vaziyatdan kelib chiqilgani holda hamda iqtisodiy jihatdan faol bo’lgan aholi qatlami tez o’sib borayotganligi e’tiborga olinib, zarur bandlik va aholini ish bilan ta’minlash siyosati amalga oshirib kelindi. Bunda kichik va xususiy biznesni rivojlantirish yo’li bilan qo’shimcha ish joylari barpo etilishiga ko’maklashish odamlarga tadbirkorlik va boshqa o’zlari uchun foydali faoliyat turlari bilan shug’ullanganlari holda o’zlarini-o’zlari ish bilan ta’minlashlariga yordam berish ijtimoiy himoyalash shakllaridan biri sifatida keng qo’llanildi.
O’zbekistonning bozor munosabatlariga o’tishning birinchi bosqichi tugallanishi va ushbu bosqich uchun mo’ljallangan ijtimoiy siyosatni to’liq ro’yobga chiqarilishi bozor sharoitlari uchun zarur bo’lgan minimal ijtimoiy-iqtisodiy kafolatlarni vujudga keltirishga olib keldi.
Shu tufayli mamlakatimiz ijtimoiy siyosatida aholini ijtimoiy himoyalashning yo’nalishi, maqsadlari, shakl hamda usullarida zarur o’zgarishlar amalga oshirildi, uning asosiy mohiyati - aholini yalpi ijtimoiy himoyalashda,yehtiyojmand, iqtisodiy nochor qatlamlarga aniq yo’naltirilgan holdagi yondashuvlarda namoyon bo’ldi.
O’sha davrgacha amalga oshirib kelingan ijtimoiy himoyalash isrofgarchilikka yo’l qo’yadigan va ijtimoiy samarasi past, dotasiyalar, nafaqalar va imtiyozlar butun aholiga mo’ljallanganligi tufayli haqiqatdan ham yordamga muhtoj tabaqalarning ulardan foydalanish imkoniyatlari cheklab qo’yilayotgan, ushbu imtiyozlardan aholining o’ziga to’q qatlamlari ham foydalanishlari uchun imkoniyat beradigan tizimdan iborat bo’lib, boqimandalik kayfiyatlarini kuchaytirar, mehnatga rag’batni pasayishiga sabab bo’lar edi. Kundalik ehtiyoj mollariga (ayniqsa, non va boshqa eng zarur oziq-ovqat mahsulotlariga) belgilangan dotasiyalar hamda shu asosda past sotish narxlari tufayli bu imtiyozdan foydalanish huquqi o’ziga to’q fuqarolarda ko’proq bo’lib, haqiqatda nochor aholi tabaqalari (nogironlar, nafaqaxo’rlar, kambag’al oilalar) undan to’liq foydalanish imkoniga ega emas edi. Shu tufayli nochor fuqarolar uchun belgilangan ijtimoiy himoyalash choralari aslida o’ziga to’q hamda shunday himoyaga muhtoj bo’lmagan fuqarolarga nisbatan qo’llanila boshlandi. Faqat Respublika budjeti mablag’lari hisobiga 30dan ortiq ijtimoiy imtiyozlar berilgan edi va bu hol ana shu maqsadga ajratilgan moliyaviy mablag’larning sochilib ketishi, past samarali bo’lishiga olib kelgan. Bunday yondashuv odamlardagi sobiq sosializm tuzumidan qolgan boqimandalik, ijtimoiy sustlik kayfiyatlarining saqlanib qolishiga yordam berdi va o’tkazilayotgan islohotlar jarayoniga salbiy ta’sir qila boshladi.
Shu sababli o’tgan asrning 90-yillari o’rtalariga kelib, ijtimoiy himoyalash siyosatida tub burilish yasash obektiv zaruratga aylanib qoldi. Aholini yalpi ijtimoiy himoyalash tizimidan ishonchli ijtimoiy kafolatlar berish, aniq yo’naltirilgan ijtimoiy qo’llab-quvvatlash tizimiga o’tish maqsadga muvofiq ekanligi belgilandi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning ta’kidlashicha: «Bu qoidaning mohiyati shundan iboratki, davlat tomonidan qo’llab-quvvatlanishiga haqiqatdan muhtoj bo’lgan aholi tabaqalari toifasini belgilashda amal qilinishi lozim bo’lgan mezonlar ham, bu madadni ularga yetkazish vositasi bo’lgan omillar ham aholiga ravshan, juda sodda va ular nazdida adolatli bo’lishi lozim. Ijtimoiy himoya maqsadli va aholining aniq tabaqalarini qamrab oladigan bo’lishi kerak».
Ijtimoiy himoyalash siyosati sohasidagi bunday tub burilish uning shakl va uslublarinigina jiddiy o’zgarishiga olib kelmasdan, shu bilan birga ushbu maqsadga xizmat qiluvchi barcha vositalarni ham keng ishga solinishini taqozo eta boshladi.
Ana shunday qo’shimcha vositalardan biri-aholi nochor qatlamlarini ijtimoiy qo’llab-quvvatlashda budjet mablag’lari bilan bir qatorda nodavlat mablag’ manbalaridan ham keng foydalanish imkoniyatini ishga solinishi lozimligi edi.
Davlat ayrim toifadagi shaxslarning ma’lum xususiyatlaridan kelib chiqib, o’ziga xos huquqiy maqom belgilashi mumkin. Biroq bu huquqiy maqomda shaxsning eng asosiy erkinliklari, siyosiy huquqlari o’zgarmasdan qoladi. Davlat insonparvarlik, ijtimoiy adolat nuqtai nazaridan kelib chiqib, ayrim toifadagi shaxslarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini kuchaytirishi mumkin. Odatda, yuridik adabiyotlarda bunday holatlar «falon toifadagi shaxslar doirasining imtiyozlari» tariqasida ishlatiladi. Umumiy jihatdan olganda, bu ibora e’tiroz tug’dirmaydi, chunki oddiy kishilar diqqat-ye’tiborini darhol o’sha alohida huquq va imtiyozlarga jalb etadi va binobarin kundalik amaliyotda bu holat o’rinli ham,-deb aytish mumkin. Ammo ilmiy jihatdan olganda, bunday huquq va imtiyozlar o’sha toifadagi kishilar huquqiy maqomining tarkibiy qismidir.
Mehnat layoqatining pasayishi daromadlarning kamayishiga olib keladi, sog’lik zaiflashadi, keksa shaxs boshqalar ko’magiga muhtoj bo’lib qoladi. Keksalarning ehtiyojlari ham o’zgaradi. Odatda ehtiyoj deyilganda, inson organizmida hayot faoliyatini saqlash va rivojlantirishga bo’lgan obektiv zaruriyat tushuniladi. Albatta, inson ehtiyojlari keng va rang - barangdir. Biroq keksalik ehtiyojlari asosan vitalistik, ya’ni hayot faoliyatini ta’minlash bilan bog’liq, bunda ijtimoiy ehtiyojlar mazmuni o’zgaradi.
Keksa inson jamiyatda alohida g’amxo’rlikka muhtoj bo’lib qoladi va ularga davlat va jamiyat tomonidan bunday ijtimoiy ko’mak ko’rsatiladi. Bu g’amxo’rlik zamirida nafaqat achinish, mehr-sahovat, insoniylik balki ijtimoiy adolat ham yotadi.
Inson necha yoshdan keksa maqomiga ega bo’ladi? Bunday yosh turli mamlakatlarda turlicha belgilangan bo’lib, rasman asosan qarilik pensiyasini olishga bo’lgan huquq vujudga kelgan paytdan hisoblanadi. Bu qarilikning yuridik mezonidir.
Bundan tashqari, tabiiy mezonlar ham mavjud. Umumjahon sog’liqni saqlash tashkiloti Yevropa regional byurosi tomonidan keksalar va qariyalarning sog’lig’ini muhofaza qilish va kishilarning erta qarishining oldini olish bo’yicha 1963 yil Kiyevda o’tkazilgan seminarda mutaxassislar tomonidan yosh bosqichlari bo’yicha ishchi klassifikasiyasi qabul qilindi. Bu tasniflashga asosan 60-74 yoshli keksa, 75-89 yoshgacha qariya, 90 yoshdan boshlab esa uzoq umr ko’ruvchilar hisoblanishi ko’rsatib o’tilgan. Biroq, bu ma’lumotlar statistik-tavsifiy ahamiyatga ega. Huquqiy jihatdan olganda esa, umumiy asoslarda qarilik pensiyasi ayollarga 55 yoshdan, erkaklarga esa 60 yoshdan tayinlanadi. Bundan tashqari imtiyozli asoslarda ba’zi hollarda bu yosh 10 yilga qisqartirilishi mumkin. Lekin fikrimizcha, keksalik davri umumiy asoslarda qarilik pensiyasi tayinlash yoshi bilan belgilanishi maqsadga muvofiq. Aslini olganda bu mezon ham nisbiy, chunki 50 yoshda keksalikning barcha alomatlari bo’lgan, munkillab qolgan shaxslar uchrashi, ba’zan odam 80 yoshda ham navqiron ko’rinishda bo’lishi mumkin. Ammo bu umumiy holdan istisnodir.
Ayni vaqtda shuni ham ta’kidlab o’tish o’rinliki, qarilik pensiyasi Daniyada 67 yoshdan, Irlandiyada 66 yoshdan, AQSh, Germaniya, Shvesiya, Kanada, Niderlandiya, Norvegiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Avstriya, Bel’giyada 65 yoshdan beriladi. Ularning ba’zilarida qarilik pensiyasi yoshi erkak va ayollar uchun bir xilda belgilangan.
O’zbekiston Respublikasida ayollar uchun 55 yoshdan , erkaklar uchun esa 60 yoshdan yoshga doir pensiyaga chiqish belgilangan.
Odatdagi shaxs huquqiy maqomidan bir oz farq qiluvchi huquqiy maqom keksalar va nogironlar uchun huquqning boshqa sohalarida ham mavjud. Ko’p hollarda huquq normalarida odatdagi normal odamlarga nisbatan qo’yiladigan talablar keksalar va nogironlarga qo’yilmaydi yoki yengillashtirilgan, yumshatilgan holda qo’yiladi. Biz yuqorida ko’rdikki, keksalar va nogironlar ko’p hollarda alohida huquqiy muhofaza subekti bo’lib hisoblanadi.
Ma’lumki, hozir Respublikamizda huquqiy islohotlar jadal amalga oshirilmoqda, ko’pgina qonunlar va kodekslar yangilanmoqda. Fikrimizcha, O’zbekiston davlatining sosial mohiyatidan kelib chiqqan holda yuqoridagi holatlarni yangi qonunlar va kodekslarda saqlab qolish maqsadga muvofiq bo’lur edi. Tahlil etilganlardan kelib chiqib, O’zbekistonda keksalar va nogironlar alohida imtiyozli huquqiy maqomga ega,-deb aytish mumkin.
1.3. «Aholini yo’naltirilgan ijtimoiy qo’llab-quvvatlash va uning huquqiy muammolari» kursining predmeti, vazifalar
Ijtimoiy himoya dunyoviy va hozirgi zamon davlatining muhim funksiyasi sifatida uning insonparvarlik xususiyatlarini namoyish etish vositasidir va har qanday mamlakatdagi siyosiy rejim mohiyati, umuminsoniy tamoyillarga so’zda hamda amalda rioya etilishi ahvoli, inson huquqlariga, uning qadr-qimmatiga munosabat ko’p jihatdan ana shu ijtimoiy yordam ko’rsatish darajasi bilan belgilanadi.
Bozor munosabatlariga o’tish bosqichida va bunday bosqichni boshidan kechirayotgan mamlakatlarda ijtimoiy yordamning samarali va adolatli tashkil etilishi nafaqat muhtoj fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish vositasi bo’lib, balki jamiyatda barqarorlik va barqaror rivojlanishni ta’minlashning ham muhim omillaridan bo’lib xizmat qiladi.
Bugungi kunda shakllanib kelayotgan ijtimoiy himoya o’zining mazmun-mohiyati, shakli, uslublari hamda boshqa jihatlari bilan ijtimoiy ta’minotning sovet davlati davridagi tizimlaridan jiddiy farq qiladi. O’zbekistonda aholiga ijtimoiy yordam ko’rsatishning keng tarmoqli tizimi mavjud bo’lib, unga yuklatilgan vazifalarni muayyan darajada bajarib kelmoqda.
Aniq yo’naltirilgan ijtimoiy qo’llab-quvvatlash tizimi, uning amalga oshirilish shakl hamda usullari haqida so’z yuritishdan avval “ijtimoiy qo’llab-quvvatlash” tushunchasi, ta’rifini to’g’ri anglab yetish zarur.
Bugungi kunda “ijtimoiy qo’llab-quvvatlash ” tushunchasi iqtisodiy, ijtimoiy , falsafiy va huquqiy fenomen sifatida ta’riflanadi hamda har bir fan sohasi o’z predmeti nuqtai nazaridan unga muayyan ma’no-mazmun joylashtirishga harakat qiladi. Ammo, kundalik turmush sharoitlarini yaxshilash, ayniqsa turli obektiv sabablar bilan qiyinchiliklarga duchor bo’lish tufayli nochor ahvolga tushib qolgan shaxslarga moddiy va natural ko’mak ko’rsatishdan iborat vosita sifatida qabul qilinadi.
Huquqiy nuqtai-nazardan “ijtimoiy qo’llab-quvvatlash ”tushunchasiga ham olim va mutaxassislar tomonidan turlicha ta’rif beriladi. Masalan, ayrim mualliflar tomonidan ijtimoiy yordam muhtoj fuqarolarga muntazam bo’lmagan, bir martalik ko’mak sifatida va hatto u yoki bu shakldagi natural xizmatlar ko’rsatishdan iborat deb talqin etilishi holatlarini kuzatish mumkin.
Xalqaro Qonunchilik va xorijiy mamlakatlar tadqiqotchilari tomonidan ijtimoiy yordam keng ma’noda talqin qilinadi.
Ayrim Skandinaviya mamlakatlarida ijtimoiy ta’minot tizimlari ayrim shaxslarning qo’shgan badallaridan emas, balki davlat mablag’lari hisobidan shakllantiriladigan ijtimoiy yordam dasturlari asosida vujudga kelganligi qayd etiladi. Aholining ijtimoiy yordam bilan qamrab olingan dastlabki guruhlari – keksalar, kasallik tufayli vaqtincha ishlamayotganlar, nogironlar, boquvchisiz qolganlar, ishsizlardan iborat bo’lgan.
Keyinchalik ijtimoiy yordam ko’rsatish orqali davlat ta’minoti qoida bo’yicha badallar hisobiga amal qiluvchi ijtimoiy sug’urta bilan almashtirila boshlandi. Ammo, ayrim mamlakatlarda bularning har ikkalasi ham, hatto boshqacha shakllari ham majud bo’ldi, masalan Avstraliya va Yangi Zelandiyada ularning qo’shilishi asosida ijtimoiy ta’minot yuzaga keldi.
Ijtimoiy sug’urtalashga asoslangan ijtimoiy ta’minot mavjud bo’lgan ayrim davlatlarda bu yo’l bilan beriladigan yordam yetarli bo’lmagan shaxslar uchun qo’shimcha maxsus “ijtimoiy himoya tarmog’i” tashkil etilgan.
Xalqaro Qonunchilikka muvofiq ijtimoiy yordamning asosiy xususiyatlari sifatida quyidagilar ko’rsatilishi mumkin:
A) ushbu yordam bo’yicha barcha harajatlar davlat yoki uning mahalliy hokimiyat orgnlari tomonidan qoplanadi;
B) ijtimoiy yordam nafaqalari ijtimoiy sug’urta qilinmaydigan shaxslarga tayinlanadi;
V) yordamga muhtojlik mezonini belgilash chog’ida shaxsiy mablag’lar vayordamchi daromadlar hisobga olinadi (uncha ko’p bo’lmagan shaxsiy jamg’armalar hisobga olinmaydi);
G) ko’rsatiladigan yordam shaxs yoki oilaning umumiy daromadlari jamiyat beliglaydigan eng kam ko’rsatkichdan (minimal iste’mol savati, minimal iste’mol dasturxoni) pasayib kelishiga yo’l qo’ymaslik maqsadini ko’zlaydi;
D) ijtimoiy yordam hayriya va ehson faoliyatiga o’xshash bo’lib, fuqarolarning muayyan iqtisodiy muammolarini hal etishga qaratiladi.
O’zbekiston Respublikasi ham ijtimoiy yordam mohiyatiga ko’ra davlat ijtimoiy sug’urtasi va ijtimoiy yordam bir vaqtda amal qiladigan mamlakatlar sirasiga kiradi.
Yuqoridagi tahlil asosida ijtimoiy yordam tushunchasiga quyidagicha ta’rif berilishi mumkin: “Ijtimoiy yordam, bu -yoshi, salomatligi ahvoli va boshqa obektiv jihatdan yordamga muhtoj, muammolarini mustaqil ravishda hal etishga imkoni bo’lmagan shaxslar (oilalar)ga davlat (mahalliy davlat hokimiyati) organlari mablag’lari hisobidan moliyaviy, moddiy va boshqa shakllarda ko’rsatiladigan ko’makdan iboratdir”.
Mamlakatimizda aholi manfaatlari ko’zlangan holda amalga oshirilayotgan islohotlar chuqurlashib borgani sari ijtimoiy muhofaza ishlari ham rivojlanib borishi tabiiydir. Bunday tendensiya ijtimoiy himoya va ijtimoiy yordam ko’rsatish faoliyatining huquqiy asoslari ham takomillashtirilishini, bu soha bilan tanish bo’lgan yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlanish lozimligini talab qiladi.
«Ijtimoiy ishning huquqiy asoslari” o’quv kursining maqsadi – bo’lg’usi mutaxassislarni uning huquqiy asoslari hamda muammolari bilan yaqindan tanishtirishga qaratilgan.
«Ijtimoiy ishning huquqiy asoslari” kursining predmeti bo’lib –fuqarolar (oilalar) ga Respublika hamda mahalliy budjet mablag’lari hisobidan moddiy-moliyaviy yordam ko’rsatish, natural xizmatlarni amalga oshirish, davlat ijtimoiy muassasalari homiyligiga olish, o’zga shakllarda boshqa turdagi xizmatlar ko’rsatish chog’ida yuzaga keluvchi hamda qonun hujjatlari bilan tartibga solinishi lozim bo’lgan ijtimoiy munosabatlar sanaladi.
Ijtimoiy ta’minot va ijtimoiy himoyaning boshqa shakllaridan (xususan, davlat ijtimoiy sug’urtasi, homiylik va hayriya mablag’lari hamda boshqa nodavlat mablag’lari hisobidan amalga oshiriladigan shakllardan) farq qilib, ijtimoiy yordam asosan davlat mablag’lari hisobidan hamda odatda davlat organlari va muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.
Ijtimoiy himoyalash shakllaridan biri sifatida fuqarolarga aniq yo’naltirilgan ijtimoiy yordam ko’rsatish endilikda asta-sekin shakllanib kelmoqda va ijtimoiy muhofazaning yo’nalishlaridan biri sifatida tarkib topmoqda.
Sobiq ittifoq davrida va mustaqillikka erishganimizdan keyingi yillarda ijtimoiy yordamning u yoki bu shakllari mavjud bo’lgan hamda aholiga bunday yordamlar ko’rsatib kelingan bo’lsa-da, ularda yagona tizimlilik, umumiylik mavjud bo’lmagan hamda tarqoq holda amalga oshirilib kelingan. Ular turli huquqiy asoslraga tayangan va odatda hukumat qarorlari, idoraviy me’yoriy hujjatlar bilan tartibga solib kelingan. Bugungi kunda ham ana shunday ahvol davom etib kelmoqda.
«Ijtimoiy ishning huquqiy asoslari” o’quv kursining asosiy vazifasi uning tushunchasi, shakllari ijtimoiy yordam ko’rsatish usullari, huquqiy asoslari bilan talabalarni tanishtirish, bu sohadagi huquqiy bilimlarni berishdan iborat.
Ayni paytda ijtimoiy himoyaning ilmiy, nazariy asoslarini ishlab chiqish, bunday yordam ko’rsatishning mavjud tizimlari, ular faoliyatining samaradorligi ahvoli, huquqiy asoslari, bu sohadagi Qonunchilik tizimlarini o’rganish, tahlil qilish asosida ularni rivojlantirish – takomillashtirish muammolari, ularning yechimlari ustida ishlash ham mazkur kurs predmeti doirasiga kiradi va muhim vazifalardan bo’lib sanaladi.
«Ijtimoiy ishning huquqiy asoslari” kursi o’ziga xos uslublarga tayanadi va bunda imperativ normalarni qo’llagan holda ma’muriy boshqaruvni amalga oshirish ustun mavqyega ega. Bu narsa ushbu kurs ommaviy-huquqiy fanlar oilasiga mansubligi bilan belgilanadi.
«Ijtimoiy ishning huquqiy asoslari” o’quv kursi boshqa fanlar, chunonchi: iqtisodiyot nazariyasi, tibbiyot, aholishunoslik va boshqa gumanitar fan sohalari bilan bevosita aloqadordir. Fuqarolarning iqtisodiy huquqlaridan biri bo’lgan ijtimoiy ta’minot huquqi mohiyat jihatidan iqtisodiy kategoriyadir. Shu tufayli bunda iqtisodiy fanlar bilan bog’liqligini kuzatish mumkin.
Ijtimoiy himoya odatda keksa, nogiron va boshqa shaxslarga ularning jismoniy yoki ruhiy holati hisobga olinib amalga oshiriladi. Bunda tibbiyot fani tushunchalari, mezonlaridan foydalaniladi. Aholishunoslik (demografiya) fani aholi toifalari, ularning jamiyatdagi o’rni- mavqyeini belgilaydi, ijtimoiy yordam ko’rsatilishida muhim ahamiyatga ega bo’ladi.
«Ijtimoiy ishning huquqiy asoslari” o’quv kursi milliy huquq tizimimizning bir bo’g’ini hamda fuqarolar huquqlarini amalga oshirish vositasi sifatida boshqa huquq sohalari bilan, jumladan, “Davlat va huquq nazariyasi”, “Fuqarolik huquqi”, “Oila huquqi”, “Fuqarolik protsessi”, “Ma’muriy huquq” va boshqa bir qator huquq sohalari bilan mustahkam bog’liqdir.
Davlat va huquq nazariyasi fani ishlab chiqqan nazariy va amaliy tushunchalar, kategoriyalar va prinsiplar asosida ijtimoiy yordam tashkil etiladi.
Yuridik shaxslar, jamoat birlashmalari, boshqa ijtimoiy yordam ko’rsatuvchi davlat organlarining huquqiy maqomi, ijtimoiy yordam olish huquqiga ega bo’lgan fuqarolarning huquq va muomala layoqati fuqarolk qonunchiligi normalari bilan belgilanadi hamda ijtimoiy yordam ko’rsatish mezonlarini belgilashda katta ahamiyat kasb etadi.
Oila qonunchiligi normalari bilan esa oila, uning tarkibiy qismlari o’zaro munosabatlari, oila a’zolariga yordam ko’rsatish mezonlari belgilanadi.
Ma’muriy huquq fani ijtimoiy yordamni tashkil etish, boshqarish, uni amlaga oshiruvchi subektlar vakolatlari bilan bog’liq qoidalarni belgilab beradi.
«Ijtimoiy ishning huquqiy asoslari” kursi ayniqsa “Ijtimoiy ta’minot huquqi” va “Mehnat huquqi” fanlari bilan chambarchas bog’liqdir.Chunki mehnat huquqi ijtimoiy himoya olishning moddiy-huquqiy asosiga taalluqli bo’lsa, ijtimoiy ta’minot huquqi esa ijtimoiy yordamning ilmiy – nazariy va huquqiy asoslarini tashkil etadi.
Ijtimoiy himoyani amalga oshirilishida qonun talablariga amal qilinishi jamiyatimizning demokratik yuksalishining asosiy shartlaridan sanaladi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov o’z vaqtida ta’kidlab ko’rsatganidek: “Huquqiy davlatning quroli ham, himoyasi ham, ko’zi ham, so’zi ham qonundir”. Zeroki, demokratik qonunlar asosidagina huquqiy tartibot ta’minlanadi.
Nazorat savollari
1. O’zbekistonda aholini aniq yo’naltirilgan ijtimoiy himoyalashning mohiyati nima?
2. Fuqarolarning ijtimoiy himoyaga bo’lgan huquqi va bu huquqning ta’minlanishi haqida nimalar bilasiz?
3. «Ijtimoiy ishning huquqiy asoslari” kursining predmeti va vazifalari nimalardan iborat?
4. «Ijtimoiy ishning huquqiy asoslari” o’quv kursining boshqa huquqiy fanlar bilan o’zaro aloqadorligi nimalarda ko’rinadi?
|
| |