QISHLOQ JOYLARDA NAMUNAVIY LOYIHALAR BO'YICHA YAKKA TARTIBDAGI UY-JOYLAR QURILISHINING 2014 YIL DASTURI TO'G'RISIDA
Qishloq aholi punktlarining arxitektura-rejalashtirish qiyofasini yanada yaxshilash, namunaviy loyihalar bo'yicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishi ko'lamini kengaytirish, qishloq joylarda transport va muhandislik kommunikatsiyalarini, ijtimoiy va bozor infratuzilmasi ob'ektlarini jadal rivojlantirish hisobiga qishloq aholisining turmush darajasi va sifatini oshirish maqsadida:
1.O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, «Davarxitektqurilish» qo'mitasi, «Qishloq qurilish bank» OATB, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, «Ipoteka bank» ATIB va «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi tomonidan Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo'yicha yakka tartibdagi uy-joylar qurilishi bo'yicha 2014 yil dasturi ma'qullansin, unda:
1-ilovaga* muvofiq 2014 yilda qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo'yicha «kaliti bilan topshirish» sharti asosida 11,0 mingta yakka tartibdagi uy-joylar qurishning;
2-ilovaga* muvofiq 2014 yilda yakka tartibdagi qishloq uy-joy massivlarida tashqi muhandislik tarmoqlari va transport kommunikatsiyalarini barpo etishning;
3-ilovaga* muvofiq 2014 yilda yakka tartibdagi qishloq uy-joy massivlarida ijtimoiy va bozor infratuzilmasi ob'ektlari qurishning asosiy parametrlari nazarda tutilsin.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari, «Qishloq qurilish invest» IK, «Davarxitektqurilish» qo'mitasi, «O'zbekenergo» DAK, «O'ztransgaz» AK, loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etuvchi tijorat banklari rahbarlari zimmasiga mazkur qaror bilan ma'qullangan Dastur parametrlari o'z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.
2. Ma'lumot uchun qabul qilinsinki, 2014 yilda qishloq joylarda uy- joylar qurilishiga Osiyo taraqqiyot bankining «Qishloq joylarda uy-joy qurilishini rivojlantirish» loyihasining ko'p transhli moliyalashtirish dasturi doirasida jami 500,0 mln. AQSh dollari miqdorida bo'lgan ikkinchi transhning 100,0 mln.AQSh dollari miqdoridagi qismi yo'naltiriladi.
3. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
«Qishloq qurilish bank» OATB, O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, «Ipoteka bank» ATIBlar uchun qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo'yicha yakka tartibdagi uy-joylarni «kaliti bilan topshirish» sharti asosida qurilishini moliyalashtirish uchun, milliy valyutada foiz stavkasi yiliga 3 foiz, imtiyozli davri 5 yil bo'lgan 15 yil muddatga kredit liniyalarini ochsin;
O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo'l jamg'armasi mablag'lari hisobidan Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining asoslangan hisob- kitoblariga binoan 2014 yilda massiv ichidagi va massivga olib boruvchi yo'llar qurilishi uchun zarur kapital qo'yilmalar limitlari ajratilishini nazarda tutsin.
4. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:
2013 yilning 1 dekabrigacha O'zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo'mitasi, «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi bilan birgalikda 2014 yilda namunaviy loyihalar bo'yicha qishloq joylarda yakka tartibdagi uy-joylarni «kaliti bilan topshirish» sharti asosida qurilishini amalga oshirish uchun pudrat tashkilotlarini aniqlash bo'yicha tanlov savdolari o'tkazilishini;
«Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi va tijorat banklari bilan birgalikda bir hafta muddatda, o'tkazilgan savdo tanlovlari natijalariga ko'ra, 2014 yilda namunaviy loyihalar bo'yicha yakka tartibdagi uy-joylarni «kaliti bilan topshirish» sharti asosida qurish uchun buyurtmachi bilan pudrat tashkilotlari o'rtasida shartnomalar tuzilishini;
2* va 3-ilovalarda* ma'qullangan parametrlarga muvofiq yakka tartibdagi qishloq uy-joy massivlarida ijtimoiy va bozor infratuzilmasi ob'ektlari, transport kommunikatsiyalari hamda tashqi muhandislik tarmoqlari qurilishini tashkil etishni ta'minlasinlar.
5. O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining «O'zsanoatmashimpeks» DATK tomonidan «Qishloq qurilish invest» MChJ injiniring kompaniyasi bilan tuziladigan shartnomalarga muvofiq namunaviy loyihalar bo'yicha qishloq joylarda yakka tartibdagi uy-joylar qurish uchun respublikada ishlab chiqarilmaydigan yog'och-taxta, tomga yopiladigan metall tunukalar va yog'och-payraha qirindilaridan tayyorlangan plitalarni 4-ilovaga* muvofiq hajmlarda import bo'yicha olib kelinishi to'g'risidagi taklifi qabul qilinsin.
6. 2015 yilning 1 yanvarigacha:
«O'zsanoatmashimpeks» DATK — 4-ilovaga* muvofiq hajmlarda chetdan olib kiriladigan tomga yopiladigan metall tunukalar uchun bojxona to'lovlaridan (bojxona yig'imlaridan tashqari), shuningdek import bo'yicha olib kelingan yog'och-taxta, tomga yopiladigan metall tunukalarni va yog'och- payraha qirindilaridan tayyorlangan plitalarni «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasiga sotilganida qo'shilgan qiymat solig'i to'lashdan;
subpudrat tashkilotlari — yakka tartibdagi uy-joylarni «kaliti bilan topshirish» sharti asosida qurish doirasida, «Qishloq qurilish invest» MChJ injiniring kompaniyasi bilan shartnomalar tuzgan pudrat tashkilotlari bilan shartnoma bo'yicha ular tomonidan bajariladigan ishlar hajmi qismida yagona soliq to'lovi to'lashdan;
5-ilovaga* muvofiq ro'yxat bo'yicha qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi korxonalar — barcha turdagi soliqlardan, davlatning maqsadli jamg'armalariga (yagona ijtimoiy soliq bundan mustasno) hamda Ta'lim va tibbiyot muassasalarini rekonstruktsiya qilish, mukammal ta'mirlash va jihozlash jamg'armasiga to'lanadigan majburiy ajratmalardan ozod etilsin.
7. O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi ushbu qarorni amalga oshirish doirasida olib kelinadigan yog'och-taxta, tomga yopiladigan metall tunukalar va yog'och-payraha qirindilaridan tayyorlangan plitalar, shuningdek qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo'yicha yakka tartibdagi uy-joylar qurilishi uchun 5-ilovaga* kiritilgan korxonalarda ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallarining maqsadli ishlatilishi ustidan qat'iy nazorat o'rnatsin.
*1—5-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
Belgilab qo'yilsinki, ko'rsatilgan qurilish materiallari maqsadga muvofiq ishlatilmagan taqdirda, soliq va boj imtiyozlari berilishi munosabati bilan ozod etilgan mablag'lar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan moliyaviy sanktsiyalar qo'llanilgan holda O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjetiga undirib olinadi.
8. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, «Qishloq qurilish invest» MChJ injiniring kompaniyasi va manfaatdor tijorat banklari, O'zbekiston matbuot va axborot agentligi, O'zbekiston Milliy axborot agentligi, O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa tashkilotlar ishtirokida qishloq qiyofasini tubdan yaxshilash, qishloq aholisining turmush darajasi va sifatini oshirishga yo'naltirilgan namunaviy loyihalar bo'yicha qishloq joylarda uy-joy qurilishini rivojlantirish borasida ko'rilayotgan chora-tadbirlarni keng yoritish bo'yicha teleko'rsatuv va radioeshittirishlar turkumini hamda maqolalar chop etilishini tashkil qilishni ta'minlasin.
9. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 6-ilovaga muvofiq o'zgartish va qo'shimchalar kiritilsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoev zimmasiga yuklansin.
|