Reja. Olimning ma’suliyati va erkinligi




Download 0,72 Mb.
bet105/146
Sana05.01.2024
Hajmi0,72 Mb.
#130374
1   ...   101   102   103   104   105   106   107   108   ...   146
Bog'liq
Kompyuter falsafasi-fayllar.org

Reja. Olimning ma’suliyati va erkinligi


Fan etosi – olimlar orasida avloddan avlodga o‘tib kelayotgan, inson va fan uchun majburiy hisoblangan ma’naviy qadriyatlar va qoidalar majmui. Shu bilan birga, fan etosi bu fanning insonparvarlashuvi, uning ma’rifiy, ma’naviy va falsafiy, bilish, axloq va dunyoqarash elementlarini unsurlarni o‘zida uyg‘unlashtirgan xolda insoniylik kasb etishi haqidagi masala hamdir.
Ma’lumki, har qanday bilim, ayniqsa, ilmiy bilim insonga, uning intellektual va psixofiziologik imkoniyatlariga bog‘liq bo‘lgan usullar va vositalar yordamida yaratiladi.
«Fan etosi» va «ilmiy axloq» tushunchalari ma’nosiga ko‘ra ham, mohiyatiga ko‘ra ham, mazmuniga ko‘ra ham yaqin. Ikkala tushuncha ham fan insonsiz mavjud bo‘la olmasligini anglatadi. V.I.Vernadskiy ta’biri bilan aytganda, «ilmiy tafakkur ham individual, ham ijtimoiy hodisa, u insondan ajralmasdir»1.
Shu bilan birga, hozirgi zamon faniga fan etosi tushunchasi ko‘proq mos keladi, chunki u, sof axloqiy kategoriyalar bilan birga, falsafiy-sosiologik jihatni ham o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, ular o‘rtasidagi farq bilish obyektining o‘ziga xosligida va ular ijtimoiy ahamiyatining xususiyatida ham ko‘zga tashlanadi. Borliqni faqat ma’naviy-axloqiy shakllarda aks ettiradigan axloqdan farqli o‘laroq, fan buni axloq normalari yashirin tarzda mavjud bo‘lgan abstrakt tushunchalar, qoidalar, gipotezalar, qonunlar, nazariyalar shaklida amalga oshiradi.
«Fan etosi» tushunchasi amerikalik sosiolog Robert Mertonning «Fanning me’yoriy tarkibi» (1942) asarida yanada to‘la ifodasini topgan. Muallif unda fan normalarini to‘rt asosiy qadriyat atrofiga foylashtiradi.
Bu, eng avvalo, fanda universallashuv talabi. Fanda o‘rganiladigan tabiiy hodisalar bir xilda kechishi tufayli, ularning haqiqiyligi ushbu haqiqatni ta’riflovchi shaxsga bog‘liq bo‘lmagan tarzda baholanmog‘i kerak. Bu demak, yosh olimning ham, tajribali olimning ham ishlari bir xilda qattiq tekshirilishi va tanqid qilinishi lozim.
Ikkinchidan, ilmiy bilim monopoliyalashtirilishi mumkin emas. U umumxalq mulki bo‘lishi kerak.
Uchinchidan, haqiqatni beg‘araz izlash, undan hyech qanday shaxsiy manfaatni ko‘zlamaslik olim faoliyatining birinchi va eng asosiy mezoni bo‘lishi kerak.
Nihoyat, to‘rtinchidan, fanda bironta ham mashhur shaxsga ko‘r-ko‘rona ishonmaslik kerak, olim nafaqat o‘z manfaatlarini qattiq turib himoya qilishi, balki fikrlari xato bo‘lib chiqqan taqdirda, ulardan voz kechishda ham jasorat ko‘rsata bilishi lozim1.
Keyinchalik Merton «Olimning ambivalentligi» (1962) asarida fan etosi talqiniga ma’lum tuzatishlar kiritdi. Bunda u asosan ayni bir obyekt ikki qarama-qarshi sezgilar uyg‘otgan holda, olim qarama-qarshi normativ talablarni muvozanatga keltira olishi kerak, degan qarashdan kelib chiqdi.
Mana, R.Merton keltirgan olimning ambivalentligiga ba’zi bir misollar:
1) U (olim) o‘z natijalarini hamkasblarini ham mumkin qadar tezroq xabardor qilishi kerak;
Ayni vaqtda, u, ushbu natijalarni nashriy e’lon qilishdan oldin, ularni sinchiklab tekshirib ko‘rishi kerak
2) U yangi g‘oyalarga ta’sirchan bo‘lishi kerak;
Ammo u fandagi modaga ko‘r-ko‘rona ergashmasligi kerak2.
6-sxema

Fan etosi


(R.Merton talqini)

    


Fanning univer-sallashuvi




Fan – umumxalq mulki




Fanda haqiqatni beg‘araz izlash




Skeptisizm, shaxsiy manfaatlardan voz kechish




Olimning ambiva-lentligi



Sxemadan ko‘rinadiki, olim har qanday, hatto chorasiz tuyulgan vaziyatlarda ham ma’lum yo‘l topa olishi va, ayni vaqtda, o‘ziga nisbatan ham, o‘z hamkasblari – olimlarga nisbatan ham mumkin qadar hurmat ko‘rsatishi lozim. Fan axloq normalarining buzilishi, eng avvalo, qoidabuzarning o‘zini ko‘ngilsiz oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ammo ular ommaviy tus olgudek bo‘lsa, nafaqat qoidabuzar, olimning hamkasblari, balki fan ham xavf ostida qolishi mumkin. Shuning uchun olimlar o‘zaro ishonch muhiti saqlanishidan o‘zlari manfaatdor bo‘lishlari kerak.

Falsafa fan uchun ishlab chiqqan umumiy tamoyillar orasida fanning insonparvarlashuvi tamoyili ham muhim o‘rin tutadi. Ushbu tamoyil ilmiy kashfiyotlar bilan ular keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlar o‘rtasidagi aloqani yanada chuqurroq tahlil qilish imkonini beradi. Ilmiy tadqiqot jarayoniga va uning pirovard natijalariga katta ta’sir ko‘rsatadigan falsafiy qarashlar va qadriyatlardan kelib chiqadigan fanning insonparvarlashuvi masalalari epistemologiyaning muammolar maydoniga tobora kengroq kirib bormoqda.


Shu sababli olimning ilmiy izlanish erkinligi, uning ma’naviy va ijtimoiy mas’uliyati, hozirgi zamon fanining gumanistik mohiyati masalalari bugungi kunda o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Yuqorida qayd etib o‘tganimizdek, hozirgi sharoitda olimning xulq-atvorini belgilovchi axloq qoidalari majmuini o‘zida mujassamlashtirgan «fan etosi» tushunchasi tobora keng tatbiq etilmoqda.
R.Mertonning hozirgi fan qoidalari yuqorida qayd etilgan to‘rt qadriyat atrofida tiziladi, degan fikriga qo‘shilgan holda, fanda, A.Eynshteyn ta’biri bilan aytganda, olim ijodining mahsulini emas, balki uning ma’naviy fazilatlari – ma’naviy kuchi, insoniy olijanobligi, halolligi, niyatlarining sofligi, sotilmaslik ishga sodiqligi, tirishqoqligi ham muhimligini1 qayd etib o‘tmoqchimiz.
Ilmiy faoliyat natijalari odamlar va butun jamiyat hayotiga asosan ijobiy ta’sir ko‘rsatgan oldingi zamonlarda bilim, fan ezgulikka xizmat qiladi degan qarashdan kelib chiqish mumkin edi. Shu sababli o‘sha davrda fanga faqat bilimlarni o‘stirish shakli va shu nuqtai nazardan u axloqan e’tibor etilgan deb qaralardi.
Fan rivojlanishining hozirgi sharoitida ushbu qarashning biryoqlamaligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Umuman olganda avval boshdan fanni o‘zi aybsiz, beg‘ubormidi yoki azaldan gunoxkormi? – degan savolni muhokama qilish o‘rinsizdir. Fan taraqqiyoti muammoli holatlar doirasini shu qadar kengaytirmoqdaki, olimlar va butun insoniyat to‘plagan ma’naviy tajriba ularni yechishga ojizlik qilmoqda.
Shu munosabat bilan inson yuragi va boshqa a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish bilan bog‘liq olib borilayotgan ishlar yuzasidan tibbiyot sohasidagi olimlarning ma’naviy va kasbiy mas’uliyatini belgilash va baholash juda muhim ahamiyat kasb etadi.
AQShda va jahonning boshqa ko‘pgina mamlakatlarida inson embrionlari bilan bog‘liq tajribalar ham, inson klonini yaratish bilan bog‘liq tajribalar ham taqiqlangan. Bunday tajribalar inson va insoniyatga qarshi hatti-harakatlar deb e’lon qilingan.
Yuqorida aytilganlar fanda axloq muammolari evolyusiyasi murakkablashmoqda, muammolar esa yanada keskin tus olmoqda, deb xulosa chiqarish imkonini beradi.
XX asrning 60-yillari o‘rtalarida urushdan keyingi yillar tajribasi haqida fikr yuritar ekan, mashhur nemis fizigi M.Born (1882-1970) «real fanda va uning axloqida o‘zgarishlar ro‘y berdi, natijada bizning avlod ishongan eski idealning saqlanishi mumkin bo‘lmay qoldi. Biz fan hyech qachon yomonlik keltirmasligiga, haqiqatni izlash o‘z holicha yaxshilik ekanligiga ishonchimiz komil edi. Jahonda ro‘y bergan voqyealar buning shirin tush ekanini ko‘rsatdi»1, deb qayd etgan edi.
Ko‘rib turganimizdek, ushbu mashhur olimning fikr-mulohazalari fan rivojlanishida paradigma o‘zgarganini, fan romantiklari (M.Born, V.Geyzenberg, P.L.Kapisa, M.Plank, A.Eynshteyn va b.) ular hayotining mazmuni – atom energiyasidan inson manfaatlarida foydalanish tinch aholi ustiga atom bombalari tashlanishiga olib kelgan boshqa zamonga, boshqa qadriyatlar paradigmasiga tushib qolganini tavsiflaydi.
Bundan fan endi axloqiy nuqtai nazardan baholash obyekti bo‘la olmaydi, olimlar qarshisida qolgan birdan-bir istiqbol – fan-texnika taraqqiyoti va uning oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlariga, fanga yutuqlariga tijoratning faol aralashuviga ko‘r-ko‘rona ta’zim qilish, degan xulosa kelib chiqadimi?
Masalan, hozir qurol-aslaha, harbiy texnika va boshqa qirg‘in qurollari bilan savdo qilish keng yo‘lga qo‘yilganiga qanday yondashish mumkin? Axir bunga olimlar va boshqa harbiy texnika yaratuvchilari bevosita ishtirokchilar-ku. Boz ustiga, taniqli olimlarning aksariyati qurol-aslaha yaratuvchi firmalar va korporasiyalarga rahbarlik qilmoqda. Ular rahbarlik qilibgina qolmasdan, harbiy mahsulotni sotishda ham faol ishtirok etmoqda. Buni qurol-aslahalari va harbiy texnikasi jahonda keng tarqalgan, nafaqat mudofaa, balki hujum maqsadlarida, turli terrorchilik tadbirlarini tayyorlash va amalga oshirishda ham qo‘llanilayotganini AQSh, Rossiya, Chexiya, Fransiya, Xitoy, Isroil va boshqa davlatlardagi misollarda ko‘rish mumkin.
Ommaviy qirg‘in qurollari, masalan, termoyadro qurolini ishlab chiqarish va sinovdan o‘tkazish xalqaro hamjamiyat tomonidan taqiqlanganiga qaramay, ayrim mamlakatlar (Isroil, Pokiston, Hindiston va b.) go‘yoki mudofaa maqsadlarida atom zaryadlari va ularni nishonga yetkazish vositalarini ishlab chiqardi. Tabiiyki, ushbu qurollar ham asosan olimlar-konstruktorlar tomonidan yaratildi.
Ha, XX asr oxiri va hozirgi asr boshida jahonda katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Romantika o‘rnini aniq mo‘ljal egalladi, olimlar ilmiy faoliyatining shart-sharoitlari ham o‘zgardi.
Fan-texnika taraqqiyoti fanni jamiyatning ishlab chiqarish kuchiga aylantirgan davrda u olim bir o‘zi ishlaydigan soha bo‘lmay qoldi. Hozirda fan deyarli hamma joyda davlat yoki ilmiy-sanoat korporasiyalari nazorati ostida kompleks rivojlanmoqda. Bunday sharoitda iste’dodli ixtirochi-olim qudratli, lekin ruhsiz konveyer tarzida aylanadigan ilmiy-sanoat ishlab chiqarishining juda ko‘p omillariga to‘la bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Shu bilan birga, fan taraqqiyotining salbiy tomonini mutlaqlashtiruvchi, fan va texnikada insoniyatning tinch-totuv yashashiga asosiy tahdidni ko‘ruvchi, fan va texnikani, ular bilan birga olimlarni ham qattiq tanqid qiluvchi antissiyentistlar tomoniga uzil-kesil o‘tish ham yaramaydi.
Ssiyentizm («fan hamma narsadan ustun turadi») ham, antissiyentizm ham, muayyan kamchiliklar bilan birga, ijobiy jihatlarga ega ekanligi shubhasiz. Bu ikki yo‘nalishni sintez qilish fanning hozirgi dunyodagi o‘rni va ahamiyatini yanada aniqroq belgilash imkonini beradi. Shu nuqtai nazardan fanni ijtimoiy ongning boshqa shakllari bilan dialektik aloqada tadqiq qilish, ushbu aloqaning murakkab va ko‘p darajali xususiyati-tomonlarini yoritish zarur.
Bugungi kunda olimning ilmiy izlanish erkinligi va mas’uliyati, fanni tartibga solish imkoniyatlari va chegaralari, ilmiy ixtirolar oqibatlarining xususiyati masalalari ham o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Bu yerda V.I.Vernadskiyning quyidagi fikrlariga qo‘shilmay ilojimiz yo‘q. U, ilmiy tadqiqot erkinligi muammosini yoritar ekan, hozirgi fundamental tadqiqotlar, qoida tariqasida, ko‘p sonli olimlar jamoasining bahamjihat mehnatini va ancha ko‘p moddiy xarajatlarni talab qilishini qayd etadi. Shu sababli cheksiz tadqiqot erkinligi g‘oyasi hozirda ushbu erkinlik uzviy bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy mas’uliyatni hisobga olmasdan idrok etilishi mumkin emas. «Olimlar o‘z ilmiy izlanishlari, ilmiy taraqqiyot keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan oqibatlardan ko‘z yummasliklari kerak, - deb ta’kidlaydi Vernadskiy. – Ular o‘z kashfiyotlari keltirib chiqargan oqibatlari uchun o‘zlarini javobgar deb bilishlari lozim»1.
Ilmiy izlanish erkinligi to‘g‘risida so‘z yuritar ekan, Vernadskiy hokimiyat ilmiy tafakkur erkinligini (ochiq yoki yashirin tarzda) cheklamasligi, uning rivojlanishiga har tomonlama imkoniyat yaratishi uchun davlat hokimiyati bilan fan o‘rtasida murosaga kelinishi kerakligiga e’tiborni qaratadi. Umuman olganda, ilmiy tafakkur, davlat o‘z ishini to‘g‘ri olib borgan taqdirda, uning kuchi bilan to‘qnash kelmasligi kerak, chunki fan xalq boyligining asosiy manbai, davlat qudratining negizi hisoblanadi2.
Bu yerda biz ushbu muammoning kamida uch jihatiga, chunonchi: olimning axloqiy, ijtimoiy va huquqiy mas’uliyati masalalariga duch kelamiz.
Ushbu muammoni yoritishda olimning har bir mas’uliyati darajasini aniqlash, bunda solishtirish uchun badiiy adabiyotdagi shunday muammolarga tayanish muhimdir.
Misol uchun o‘tgan asrning 30-yillarida dong taratgan sovet fantast-yozuvchisi A.Belyayevning uch badiiy asariga murojaat etamiz.
Ulardan biri – «Odam amfibiya» romanida o‘pkasi kasal bolaning hayotini saqlab qolish maqsadida uning organizmiga baliq jabrasini o‘rnatgan, bolani qutqarish asnosida unga havoda ham, suvda ham yashash imkonini bergan olim to‘g‘risida so‘z yuritiladi.
Ammo olim bola kelajakda manfaatparastlikka asoslangan shafqatsiz dunyoda yashashiga to‘g‘ri kelishini hisobga olmaydi, natijada undan yovuz odamlar dengiz tubidan marvarid qidirish uchun foydalanadi va uni havodan nafas olish imkoniyatidan mahrum qilib, o‘limga mahkum etadi.
Ikkinchi asar – «O’z yuzini topgan odam» romanida iste’dodli, lekin manfaatparast olimning ijtimoiy mas’uliyati to‘g‘risida so‘z yuritiladi. Roman qahramoni o‘zining noyob iste’dodi – badbashara va katta jismoniy nuqsonga ega odamlarga normal insoniy qiyofani qaytarish qobiliyatidan faqat boylik orttirish maqsadida foydalanadi, tabiatdan yoki ijtimoiy turmush sharoitidan jabr ko‘rgan, ammo katta mablag‘ga ega bo‘lmagan minglab odamlar azob chekayotgani haqida o‘ylamaydi.
Nihoyat, A.Belyayevning uchinchi asari – «Professor Douelning boshi» romanida o‘z ustozini xiyonatkorona o‘ldirib, uning bilimidan jahon fanida dovruq taratish uchun foydalangan Kern ismli olimning makkorligi va shafqatsizligi haqida hikoya qilinadi. Bu yerda biz olimning huquqiy va jinoiy javobgarligi masalasi bilan to‘qnash kelamiz.
Ko‘rib turganimizdek, keltirilgan holatlarning har birida olimlar mas’uliyati har xil ko‘rinishda namoyon bo‘ladi.
Ammo bu olimlarning hammasini bir narsa birlashtiradi: fanda joiz va nojoiz harakatlar chegarasi haqidagi masalani ularning har bir o‘zi uchun hal qilishi talab etiladi va ularning har biri bu masalani o‘zicha hal qiladi. Fanda joiz harakatlar chegarasini buzgan olim amalda bu yuksak nomdan mahrum bo‘ladi va eng yaxshi holda bilim bilan savdo qiluvchiga, eng yomon holda esa – jinoyatchiga aylanadi.
Shu munosabat bilan taniqli rus biologi V.A.Engelgardtning olimning roli va uning erkinligi va mas’uliyati chegarasi haqidagi so‘zlarini keltirish o‘rinli bo‘ladi deb o‘ylaymiz.
«Dunyo miqyosida muammolar, tangliklar ro‘y bergan hollarda olimlar o‘z vijdoniga qayta-qayta murojaat etishiga, yuzaga kelayotgan xavf-xatarlarni yengishning to‘g‘ri yo‘lini topish uchun mas’uliyat sezishga chaqirishiga to‘g‘ri kelishi shubhasiz. O’z-o‘zidan ravshanki, zararli oqibatlarga olib keladigan sabablarga qarshi har tomonlama kurashish, ilmiy izlanishlarni fanning o‘zi oxir-oqibatini o‘ylamasdan u yoki bu global muammolarni keltirib chiqarish oqibatida yetkazilgan zararni bartaraf etishga yo‘naltirish jahon olimlarining burchidir»1.
Olimning ushbu so‘zlari ayrim ilmiy tadqiqot natijalarini oldindan aytib bo‘lmasligi olimlarni javobgarlikdan ozod qilmasligini va ular buni yaxshi o‘zlashtirib olishlari kerakligini anglatadi.
Shu borada esda tutgan holda tarixiy davrning har bir bosqisida olimning ma’lum tadqiqot chegaralari ilmiy bilishning yo‘l beruvchi axloqiy-xulqiy chegaralarini bo‘g‘ib o‘tmay, qulay vaqt-soati yetguncha kutishi lozim.
Bugungi kunda favqulodda va fojiali oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan faoliyatga misollar juda ko‘p. Yadro tadqiqotlari, irsiy injeneriya sohasidagi hamda harbiy va fuqarolar ahamiyatga molik boshqa sohalardagi ilmiy izlanishlar, ommaviy qirg‘in qurollarining «odatdagi» turlari, shuningdek «irsiy», «plazmali», «psixotrop» va boshqa qurollarning yangi turlari ishlab chiqilishi va takomillashtirilishi shular jumlasidan.
Shu sababli bugun o‘ta og‘ir va hatto halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan ilmiy kashfiyotlarni ishlab chiqarish faoliyatiga joriy etishning maqsadga muvofiqligi masalasi keskin qilib qo‘yilishi kerak. Zero, bugun Yer yuzidagi ekologik tanglik o‘z cho‘qqisiga yetdi, ijtimoiy, milliy va diniy adovat o‘ta keskin tus oldi, xalqaro terrorizm xavfi kuchaydi.
O’z-o‘zidan ravshanki, bu yerda mazkur yo‘nalishda ishlaydigan olimlar ilmiy faoliyatini cheklash, ularning ma’naviy va ijtimoiy mas’uliyatini oshirish, ular birgalikda harakatni kuchaytirish zarurligini anglab yetishi kerakligi haqidagi masala ko‘ndalang bo‘ladi. Bunga misollar bisyor.
O’tgan asrning 60-yillarida yuqorida zikr etilgan muammolarga jamoatchilik e’tiborini tortishda ekologik harakat katta rol o‘ynadi. «Rim klubi» atrofida birlashgan olimlar, boshqa xalqaro ekologik harakatlar («Grinpis» va h.k.) faoliyati shular jumlasidan.
70-yillarda biokimyoviy va genetik tadqiqotlarning natijalari va istiqbollaridan qattiq tashvishga tushgan P.Berg (AQSh) boshchiligidagi molekulyar biolog va genetiklar olimlar guruhi o‘zlarining ba’zi bir xavfli tajribalariga ixtiyoriy moratoriy e’lon qilishga chaqirdi.
O’zaro munozaralar mavzusiga aylangan muhokamalarda yo‘naltiruvchi va ahloqiy mezonlar xavfli tadqiqotlarni to‘xtatib qolishga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.
Bu misol shu ma’noda diqqatga sazovorki, olimlar dunyo jamoatchiligiga murojaat etib, birinchi marta ilmiy kashfiyotlar odamlarga keltirishi mumkin bo‘lgan foydaga emas, balki jahonga tahdid solayotgan xavf-xatarlarga e’tiborni qaratishga harakat qildilar.
Shunga o‘xshash misollarni davom ettirish mumkin. Bu fanning axloqiy muammolari muayyan darajada rivojlanganini ko‘rsatadi, ammo yuqorida zikr etilgan xavf-xatarlarni to‘xtatishda ularning samaradorligi yetarli emas. Bizning nazarimizda, ekologik harakat XX asr oxiriga kelib ancha susaygani va olimlar o‘z milliy xonadonlariga tarqalib keta boshlagani ham bunga ancha jiddiy ta’sir ko‘rsatdi.
Hozirgi dunyoning umumiy ilmiy manzarasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan yana bir omil XX asr oxirida ikki qutbli dunyoni vayron qilgan, ammo ko‘p qutbli dunyoni hali yarata olmagan voqelikdir.
Keyingi yillarda butun dunyo miqyosida va mintaqalar darajasida vujudga kelayotgan tashqi munosabatlarni tanqidiy tahlil qilish, I.A.Karimov ta’biri bilan aytganda, bizni qurshab turgan olam g‘oyat murakkab va muammoli bo‘lib kelgani, shunday bo‘lib qolayotgani va yaqin istiqbolda ham shunday bo‘lib qolishini ko‘rsatadi1.
Shu sababli ilmiy kashfiyotlar olib kelishi mumkin bo‘lgan fojiali oqibatlarning oldini olish, ommaviy qirg‘in qurollari tarqalishiga barham berishning muhim omillaridan biri bugungi kunda faqat ilmiy izlanish erkinligi va olimning ijtimoiy mas’uliyati masalalari emas, balki fan va hokimiyatning o‘zaro munosabati masalalari hisoblanadi. Zotan, davlatni aql-idrok bilan boshqarish,- buyuk mutafakkir Abu Nasr Forobiy IX asrda saboq berib aytganidek, - xalq boshiga tushgan xavf-xatarni kamaytirish va bartaraf etishdan iboratdir.
Xalqaro munosabatlarning yangi tizimi shakllanayotgan bugungi kunda fan manfaatlari va davlat manfaatlari rivojlanishi muammosining hal qilinishi ayniqsa muhimdir. Zero, hozirgi tarixiy taraqqiyotda ular, afsuski, ko‘pincha mos kelmaydi. Ayniqsa, ilmiy ijodga davlat o‘z siyosiy manfaatlarini bahona qilib, zo‘ravonlik bilan aralashishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Ilmiy tafakkur, V.Vernadskiy ta’biri bilan aytganda, «davlat o‘z ishini to‘g‘ri olib borgan taqdirda, uning kuchi bilan to‘qnash kelmasligi kerak, chunki u (ilmiy tafakkur – mualliflar) xalq boyligining asosiy manbai, davlat qudratining asosidir»2.
Bugungi kunda fan, ilmiy tafakkur ayrim davlatlarning siyosiy manfaatlariga qo‘shimcha bo‘lishi kerak emas. Aksincha, u ijtimoiy va madaniy taraqqiyot sari umumbashariy harakatning ajralmas tarkibiy qismiga aylanmog‘i darkor.
Buni anglab yetish dunyoning taqdiri va rivojlanish istiqbollari haqidagi barcha fikr-mulohazalarning tayanch nuqtasiga aylanishi kerak. Zero, Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda: «O’z erkimizni qanday tasarruf etish, uni bugungi murakkab va ba’zan shafqatsiz dunyodagi haddan ziyod xavf-xatarlardan saqlash har birimizga bog‘liqdir»1.
1   ...   101   102   103   104   105   106   107   108   ...   146




Download 0,72 Mb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Reja. Olimning ma’suliyati va erkinligi

Download 0,72 Mb.