III.Yangi mavzu bayoni:
Natural xo`jalik hukmronligi mamlakatning turli hududlari o`rtasidagi iqtisodiy aloqalarni zaiflashtirgan. Bu hodisa XII asrga kelib Kiyev Rusining mustaqil knyazliklarga bo`linib ketishiga olib keldi. Kiyev Rus davlati 15 ta mustaqil knyazlikka bo 'linib ketdi. Ular ichida Kiyev, Buyuk Novgorod, Galich-Volin, VladimirSuzdal knyazliklari eng yiriklari edi. Ularning har biri mustaqil o`z ichki va tashqi siyosatiga ega edi. Kiyev Rusining bo`linib ketishi, avvalo, knyazliklar o`rtasida o`zaro urushlarning kuchayishiga olib kelgan. Bundan tashqari, feodal tarqoqlik mamlakat mudofaa qobiliyatini ham pasaytirgan. Ayni paytda knyazlarning o`zlariga qarashli ayrim hududlarni vorislari o`rtasida taqsimlashlari knyazliklarning yanada maydalashib ketishiga olib kelgan.
Feodal tarqoqlik knyaz hokimiyati bilan yirik feodal (boyar)lar o`rtasida nizolarning kuchayishiga ham sabab bo`lgan. Chunki knyazlar cheklanmagan hokimiyatga ega bo`lishga intilganlar. Yirik feodallar esa bunga qarshilik ko`rsatganlar.
Kiyev Rusidan ajralib chiqqan dastlabki knyazliklardan biri - Novgorod knyazligi edi. Kiyev Rusi tarkibida bo`lgan davrida Novgorod Kiyev Buyuk knyazining o`g`li tomonidan boshqarilar edi. Novgorod shahri knyazlikning poytaxti bo`lgan. Novgorod eng muhim savdo yo`llari kesishgan yerda joylashgani uchun ,,dengiz porti" deb atalgan. Novgorod knyazligida boyarlar ta'siri kuchli edi. 1136- yilda ular knyazni taxtdan ag`darganlar. Knyazlik boyarlar respublikasiga aylangan. Novgorod hukmdorini xalq vechesi saylagan. U ,,Boyarlar kengashi" oldida javobgar bo`lgan. Xalq vechesini ham boyarlar boshqargan. Shu tariqa butun hokimiyat boyarlar qo`lida to`plangan. Novgorod respublikasi amalda boyarlar respublikasi edi. Yuriy Dolgorukiy (Vladimir Monamaxning o`g`li) knyazligi davrida Vladimir-Suzdal kuchli knyazliklardan biriga aylandi. Ayni paytda u Kiyev knyazligi yerlarini egallash uchun ham intilgan va o`z maqsadiga erishgan. 1147- yilda Moskva shahriga asos solgan. Suzdalni boshqarishni o`g`li Andreyga topshirgan. U Vladimir shahrini poytaxtga aylantirgan. Andrey 25 yil knyazlik qildi. Andreyning keyingi yillarda olib borgan harbiy yurishlari boyarlar tomonidan qo`llab-quvvatlanmagan. Oqibatda ikki tomon o`rtasidagi nizo yanada keskinlashgan. 1174- yilda Andrey boyarlar fitnasining qurboni bo`ldi. 1176- yilda knyazlik taxtini uning ukasi Vsevolod egalladi. U Vladimir-Suzdal knyazligini 1212- yilgacha boshqardi.
|