Toshkent moliya institutida “Talabalik – oltin davrim” shiori ostida noodatiy tadbir uyushtirildi
PRESS-RELIZ
Talabalikni inson umrining oltin davriga qiyoslanganligi bejiz emasdir. Chunki inson o'zining mazmunli hayoti davomida bir marta o'quvchi va bor marta talaba bo'lish baxtiga muyassar bo'ladi. Zero, talabalik inson umrining takrorlanmas va unutilmas bahoridir.
Joriy yilning 17-noyabr kuni Toshkent moliya institutida “Xalqaro talabalar kuni” munosabati bilan noan’anaviy tadbir tashkil etildi.
Tadbir davomida “Dublyor rahbariyat” loyihasi ishga tushirildi. Unga ko’ra, institutning iqtidorli talabalariga bir kun vaqt mobaynida rahbariyat lavozimlari tantanali ravishda topshirildi! Shuningdek, talabalar institutda bo’layotgan jarayonlarni, talabalar nazorati va ular bilan yuzaga kelgan muammolarni birgalikda hal qilishdi.
Mazkur tadbirdan ko’zlangan maqsad esa, talabalarini kelajakda rahbarlik salohiyatini oshirish va ularni kelgusida yetuk mutaxassis kadr qilib yetkazishdan iborat hisoblanadi.
Shundan so’ng amaliy harakatlar institut sport majmuasida tashkil etilgan bayram shousiga ulanib ketdi. Mazkur tadbirda institut rahbariyati vakillari, professor-o‘qituvchilari, talabalar va OAV vakillari ishtirok etishdi. Unda institut rektori T.Teshabayev tadbirni ochib berdi va barcha talabalarni “Xalqaro talabalar kuni” bilan tabrikladi.
Tadbir davomida o’quv yilida har tomonlama faol bo’lgan va sport musobaqalarida g’olib bo’lgan talaba-yoshlar diplom va esdalik sovg’alari bilan taqdirlandilar.
Mana shunday ko‘tarinki kayfiyatda davom etgan bayram dasturi, estrada xonandalari, o‘zbek estradasining taniqli yulduzlari ishtirokchilarining chiqishlari bilan ulanib ketdi.
Ma’lumot o’rnida aytish joizki, bugungi kunda Toshkent moliya institutida bugungi kunda 10 ta fakultet, 25 ta kafedra tomonidan sifatli ta’lim xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Institutda iqtisodiyot, iqtisodiy xavfsizlik, buxgalteriya hisobi va audit, moliya va moliyaviy texnologiyalar, menejment, biznes-tahlil, elektron tijorat, logistika, soliqlar va soliqqa tortish, sug‘urta ishi, investitsion loyihalarga xizmat ko‘rsatish va moliyalashtirish hamda boshqa ta’lim yo‘nalishlarida mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlanmoqda.
Shuningdek, 2022-yildagi ilmiy-innovatsion faoliyati natijalariga ko‘ra milliy reytingda top-10 talikdan, shuningdek, Buyuk Britaniyaning nufuzli reyting tashkiloti – Times Higher Education agentligi o‘zining World University Rankings – 2024 reytingida "reporter", ya’ni " TOP- 1000 talik" oliygohlar reytingidan joy olish uchun da’vogar oliygoh sifatida e’tirof etilgan edi. Bundan tashqari Toshkent moliya instituti Universitas Indonesia tomonidan boshlangan yashil kampus va ekologik barqarorlik (UI GreenMetric World University Ranking) xalqaro reytingiga kiritilgan hamda Polsha poytaxti Varshava shahrida joylashgan IREG Observatory on Academic Ranking and Excellence Bosh assambleyasi to‘la huquqli a’zosi sifatida e’tirof etilgan edi. QS reyting tashkiloti Osiyo universitetlarining 2024-yil uchun reyting (QS Asia University Rankings 2024) natijalarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Toshkent moliya instituti TOP-1000 talikdagi Osiyoning eng yaxshi universitetlari ro‘yxatiga kiritildi.
Oliygohda xalqaro ta’lim standartlariga mos o‘quv jarayoni kredit-modul tizimi asosida tashkil etilgan. Har bir ta’lim yo‘nalishida ingliz tilida dars jarayonlarini olib borishga ixtisoslashgan guruhlar tashkil etilgan. Institut ta’lim sifati va salohiyatini xalqaro e’tirof etilgan standartlar asosida tashkil etish yo‘lidan bormoqda. Bu borada qator xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan o‘quv, ilmiy va boshqa ko‘plab yo‘nalishlardan ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirmoqda.
Ta’kidlash joizki, Akademik mobillik dasturlari bo‘yicha 25 ta mamlakatning 33 ta universitetlari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Ayni vaqtda 100 nafarga yaqin xorijiy talabalar tahsil olmoqda. Bundan tashqari, Malayziyaning Bayneri universiteti, Belarus Respublikasining Polotsk davlat universiteti, Tojikiston Davlat huquq, biznes va siyosat universitetlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari amalga oshirilmoqda.
2022/2023 o‘quv yilidan boshlab Toshkent moliya instituti Andijon fakulteti tashkil etildi va mazkur fakultetda kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakli asosida buxgalteriya hisobi va audit , soliqlar va soliqqa tortish, Moliya va moliyaviy texnologiyalar, Bank ishi va auditi, moliya-bank tizimida Axborot tizimlari va texnologiyalari, menejment, iqtisodiyot kabi qator yo‘nalishlarda qabul amalga oshirildi. Institut huzurida Sertifikatlangan diplomli buxgalterlar xalqaro assotsiasiyasi (Association of Chartered Certified Accountants — ACCA) bilan hamkorlikda ACCA tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan "International institute of finance and accounting" innovatsion ilmiy-o‘quv startap markazi, shuningdek, institutda IT park hamkorligida “Digital finance” inkubatsiya va akseleratsiya Markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Institutda “fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi” uzluksizligini ta’minlash yuzasidan soha ishlab chiqarish tashkilotlarida kafedra filiallari tashkil etilgan bo‘lib, talabalar bevosita o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha turli tijorat banklari, moliya tashkilotlari, sug‘urta kompaniyalari, byudjet tashkilotlarida amaliy mashg‘ulotlar olib borishadi. Institut bitiruvchilariga mamlakatimizning moliya-iqtisod va boshqa sohalarida talab yuqori ekanligi bilan ahamiyatidir. Xususan, 2021-2022 o‘quv yilida bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanish ko‘rsatkichi 98,7 foizni tashkil etgan va ular o‘z sohalarida muvaffaqiyatli faoliyat olib borishmoqda. Albatta, ushbu ko‘rsatkichlar institut bitiruvchilarining har jihatdan zamonaviy bilim darajalarining yuqoriligi va xorijiy tillarni bilish darajasining ham oshib borayotganligi hamda mehnat bozorida yuqori baholanayotganligidan dalolatdir.
Toshkent moliya institutida “Talabalik hayoti”ni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida, talabalar kengashi, “Moliyachi” sport klubi, ashula va raqs ansambli, QVZ jamoasi, teatr studiyasi, talabalar media jamoalari tashkil etilgan va mazkur yo‘nalishlarda barcha imkoniyatlar va qulayliklar yaratilgan. Talabalar o‘zlarining iqtidorlarini yuzaga chiqarish uchun yuqori saviyadagi amaliy ishlar olib borilmoqda. Amaliy harakatlar natijasi o‘laroq institut talabalari sport sohasida respublika, mintaqaviy, xalqaro darajadagi musobaqalarda munosib qatnashib, faxrli o‘rinlarni egallab kelishmoqda. Alohida iqtidorga ega talaba-yoshlar uchun doimiy moddiy rag‘batlantirish tizimli yo‘lga qo‘yilgan.
Toshkent moliya institutida kreativ yondashuvlar o‘laroq innovatsion faoliyat olib borish yo‘lida salmoqli natijalarga erishilmoqda va Yangi O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyotini kafolatlovchi raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda butun jamoa bor kuch g‘ayratini, bilimini va shijoatini safarbar etadi.
|