I BOB.YOG‘-MOY SANOATINING PAYDO BО‘LISH TARIXI VA RIVOJLANISH ISTIQBOLLARI.
Yog‘-moy sanoatining paydo bо‘lishi tarixi hamda texnika va texnologiyaning rivojlanish istiqbollari.
Yog‘-moy sanoati respublika oziq-ovqat sanoatining yetakchi tarmoqlardan biridir. О‘zbekistonda qadimdan kunjut, zig‘ir, indov, maxsar urug‘i, paxta chigiti, poliz ekinlari urug‘laridan juvozlarda о‘simlik moyi olingan. О‘zbekistonda paxta chigitidan moy oluvchi dastlabki korxona 1884-yili Qо‘qonda qurilgan. 1913-yili 30 ta kichik yog‘ korxonalarida 57 ming tonna paxta moyi ishlab chiqarilgan. Hozirda Respublikamizda ishlash quvvati 3 million tonna moyli о‘simlik urug‘larini qayta ishlaydigan 19 ta korxona ishlab turibdi. Sanoatning bu tarmog‘ida paxta, soya, raps, meva danaklari, sabzavot urug‘laridan moylar olinadi. Atir-upa, farmatsevtika, oziq-ovqat tarmoqlarida ishlatiladigan moylar, margarin mahsulotlari, mayonez, kirsovun, atirsovun, texnika maqsadlari uchun boshqa turli mahsulotlar ishlab chiqariladi. О‘simlik moyi ishlab chiqarishda yiliga о‘rtacha 2,1 mln.tonnadan kо‘proq paxta chigiti ishlatiladi. Raps, zig‘ir, maxsar urug‘i, shuningdek import bо‘yicha olinadigan soya dukkagi qayta ishlanadi. Respublika yog‘-moy sanoati oziq-ovqat sanoati umumiy mahsuloti hajmining 40 % ga yaqinini beradi. Koson, Guliston yog‘ ekstraksiya korxonalari, Farg‘ona yog‘-moy kombinati, Qо‘qon yog‘-moy kombinati, Kattaqо‘rg‘on yog‘-moy kombinati, Denov yog‘-moy ekstraksiya korxonasi, Urganch yog‘-moy kombinati tarmoqdagi eng yirik korxonalardir.
Qо‘qon yog‘-moy kombinati tarkibida meva danaklari va sabzavot urug‘laridan moy ishlab chiqaradigan maxsus korxona (quvvati kuniga 50t. danak) ishlaydi. Bu korxona 15 nomdagi mevadanagi moylari (о‘rik, shaftoli, pomidor, uzum va b.) ishlab chiqarishga о‘zlashtirildi. Toshkent yog‘-moy kombinatida margarin mahsulotlari (yillik quvvati 52,4 ming t.) va mayonez (yillik quvvati 2 ming t.), tarmoqdagi 10 korxona - Farg‘ona, Yangiyо‘l, Andijon, Urganch va Kattaqо‘rg‘on va boshqa yog‘-moy kombinatlarida kirsovun (yalpi yillik umumiy quvvati 103,7 ming t.) ishab chiqariladi. Farg‘ona yog‘-moy kombinati yiliga 16,7 ming t. turli kichik о‘lchamdagi (25,40,100 grammli) atirsovunlar ishlab chiqarmoqda, gliserin (yillik quvvati 2 ming t.) ishlab chiqarish о‘zlashtirildi. Tarmoq korxonalarida texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish, xorijiy firmalar uskunalari bilan jihozlash ishlari davom ettirilmoqda. Korxonalarni texnikaviy jihatdan qayta jihozlashda Krup, Sket (Germaniya), «Alfa-Laval» (Shvetsiya), «Jon Braun», «Karven», «Kraun» (AQSh), «Madsioni», «Bollistra» (Italiya), Germaniya, Polsha, Ukraina, Rossiya firmalari bilan hamkorlik yaxshi samara bermoqda. Qadim zamonlardan buyon о‘simlik moyi uchun xom ashyo - zig‘ir, nasha о‘simligi va paxta chigiti moyi ishlab chiqarish bо‘yicha 1-о‘rinni egallab kelgan. Kungaboqar Yevropaga Janubiy Amerika va Meksikadan keltirilgan. XVI asr boshlarida Ispaniya о‘zlashtirgan, keyinchalik Sharqda tarqala boshlagan. Moy olish uchun kungaboqarni Rossiyada yetishtirish 1829- yilga tо‘g‘ri keladi.
Turkiston о‘lkasi paxtachilik sohasida qadim zamonlardan buyon dunyoga mashhur. О‘lkada paxta tozalash korxonalari bо‘lmaganligi sababli paxta chigiti bilan birga chet elga chiqarilib yuborilgan. Faqat qismangina chigit qovun, tarvuz urug‘lari, kunjut, zig‘ir va meva danaklari bilan aralashtirilib, yog‘ olish uchun moy-juvozlarda ishlatilgan xolos. Bunday moyni zig‘ir yog‘i deb ataganlar.
Jin mashinasi yordamida paxta tolasini chigitidan ajratib olish qо‘llanila boshlangandan sо‘ng, chigit kо‘payib ketgach, uni sanoat miqyosida qayta ishlash zaruriyati tug’ildi. Korxonalarda bir necha yuz ming tonna paxta chigitdan ajratila boshlangach, chigitlar «chiqindi» tariqasida paxta korxonasida joylashgan shahar hududlari va temir yо‘l yoqalarini ifloslantirib yubordi. Bunga qarshi mahalliy hukumat tomonidan, sog‘liqni saqlash me’yorlarini buzmaslik uchun, chigitlarni yо‘qotish tо‘g‘risida bir necha farmonlar chiqarildi. «Chigit balosi» dan qutilish eng zarur ishlardan biri hisoblanganligi uchun, uning mumkin qadar foydali tomonlarini qidira boshladilar.
XIX asrning ikkinchi yarmida О‘rta Osiyoda yog‘ korxonasi qurish zaruriyati paydo bо‘ldi. 1883-yilda Laxtin, Sagatelev va boshqalar Qо‘qonda yog‘ korxonasini qurdilar. Ammo ularning bu sohada qilgan harakatlari, mahalliy xalq paxta moyini iste’mol qilmagani va uni boshqa maqsadlarda ishlata olmaganligi uchun, deyarli natija bermadi.
Xorvat va Yugovich 1893-yilda Kattaqо‘rg‘onda yog‘ korxonasini qurib, 1896-yilda о‘z mahsulotlaridan ancha qism moyni Moskvaga jо‘natdilar. Keyingi yil shu korxonada ishlab chiqarilgan bir vagon moy Moskvaga yuborildi. Buni kо‘rgan kapitalistlar yog‘ korxonalari qurish ishini jadallashtirib yubordilar. Sekin-asta paxta moyini iste’mol qilishga о‘rgana boshlagan yerli xalq ham sanoatning rivojlanishiga sababchi bо‘ldi. Tez orada paxta tozalash korxonalari yonida 1-2 pressli kichik yog‘ korxonalari qurila boshlandi.
1917-1918-yillarda butun О‘rta Osiyoda 150 ta pressga ega bо‘lgan 40dan ortiq yog‘ korxonasi qurilib, bulardan 19 ta korxona (105 press) Farg‘ona vodiysida joylashgan edi. О‘zbekistonda asosan 1924-yildan boshlab yog‘-moy sanoati о‘sa boshladi. Eski uskunalar yangi uskuna va jihozlar bilan, eski texnologik rejimlar esa ilmiy ravishda asoslangan rejimlar bilan almashtirila boshlandi. Chigitlarni namlash, avtomatik tarozilar о‘rnatish, chigit tozalaydigan yangi mashinalar, guller, separator, valsovka va mexanik ravishda ishlaydigan kunjara qirquvchi mashinalar о‘rnatish ishlari avj olib ketdi. Shu bilan birga yangi yog‘ korxonalari qurilish ishlari ham boshlab yuborildi. 1920-yilda Yangiyо‘l yog‘ korxonasi qurildi, 1930yilda Farg‘ona shahrida 24 gidropressli yog‘ korxonasi ishga tushirildi.
1934-yilda moy olishning ekstraksiya usuliga asoslangan Kattaqо‘rg‘on moy-ekstraksiya korxonasi ishga tushirildi.
1943-1946-yillarda kichik yog‘ korxonalari - Alimkent, Denov, G‘ijdivon Xo’jayli, Xiva korxonalari qurilib, ishga tushirildi.
Keyingi yillarda Qо‘qon, Uchqо‘rg‘on, Buxoro va Qarshi shaharlarida ekstraksiya va ekspeller korxonalari qurildi. Shundan sо‘ng paxta korxonalari beradigan hamma chigit respublikaning о‘zida qayta ishlanadigan bо‘ldi. Hozirda mustaqil О‘zbekistonimizda 38 ta ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlari, 4 ta qо‘shma korxona о‘z faoliyatlarini olib bormoqda. Respublikamizda kuchli yog‘-moy sanoati potensiali yaratilgan bо‘lib, quvvati jihatdan mustaqil davlatlar hamdо‘stligi mamlakatlari orasida yetakchi о‘rinlardan birini egallaydi[3, 4].
Yaqin vaqtlargacha dezodorasiya va qadoqlash sexlari faqatgina Toshkent, Farg‘ona yog‘-moy kombinatlaridagina bо‘lgan bо‘lsa, bugungi kunda «Urganch yog‘-moy», «Koson yog‘-ekstraksiya», «Guliston yog‘-ekstraksiya», «Qarshi yog‘-ekstraksiya» OXJ larida bunday sexlar faoliyat kо‘rsatmoqda, yaqin kelajakda esa barcha о‘simlik moyi ishlab chiqariladigan korxonalarda dezodorasiya qilingan va did bilan kichik hajmdagi idishlarga qadoqlangan о‘simlik moylari ishlab chiqariladi. Shu maqsadda, bugungi kunda Belgiyaning «De-Smet», Germaniyaning «Lurgi», Fransiyaning «Steka-Bottlez» firmalari bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda.
«Toshkent yog‘-moy» XJ ning margarin sexida Shvesiyaning «Alfa-Laval» firmasini avtomatlashtirilgan tizimida quyma margarin ishlab chiqarish, Amerikaning «Djon-Braun» firmasi uskunalarida margarinni 200-250 grammli plastik idishlarga qadoqlash yо‘lga qо‘yilgan.
Taxminan 1600-yillar atrofida Yevropada ponali presslar paydo bо‘ldi, ular mustahkamroq bо‘lgani sababli richagli va vintli presslarni о‘rnini ola boshladi. Bu pressning ishchi organi ikki juft vertikal joylashgan chо‘yan plitalardan iborat, ular dubdan yasalgan, tо‘g‘ri burchakli tog‘oraga kiritilgan. Tashqi plitalar pressning korpusi devorlariga harakatlanmaydigan qilib mustahkamlangan, ichki plitalar esa gorizontal harakatlanishi mumkin. Material qoplarda plitalar orasiga joylashtiriladi va qarama-qarshi joylashgan ponalar harakati yordamida siqiladi. Tо‘g‘ri ponali qoqish bilan teskari ponalar harakati yordamida siqiladi. Tо‘g‘ri ponali qoqish bilan teskari ponalar tortilib, plita va materialga ta’sir etuvchi bosim hosil qilinadi. Moy plitalar teshikchalaridan oqib chiqadi. Moy oqishi tugagandan sо‘ng press bо‘shatiladi. «Moyjuvoz» termini ham ayni shu usul bilan bog‘langan bо‘lsa kerak. 1750-yilda juft valli (juvalar) stanoklar, 1795-yilda gidravlik presslar (Angliyada) kashf etildi va qо‘llanila boshlandi. 1832-yilga kelib yopiq turdagi presslar paydo bо‘ldi, ular 1880-yildan boshlab keng qо‘llanila boshlandi. Amerikada 1880-yili kо‘p qavatli presslardan foydalana boshladilar.
Gidravlik presslarning barcha turlari kо‘pgina kamchiliklarga ega edi, ulardan asosiysi - presslar davriy ravishda ishlardi. Bundan tashqari ular juda kо‘p miqdorda press movuti sarflashni talab etardi, kо‘p moy kunjara bilan qо‘shilib ketardi, murakkab gidravlik bosim sistemasi qurilmalarini talab yetardi. Bularning hammasi tо‘xtovsiz ishlaydigan presslar ishlab chiqarishdagi izlanishlarga undadi.
Qator konstruksiyalar orasida Bessemer pressi shu turkum presslari orasida birinchilardandir. Shnekli ishchi mexanizmi tо‘xtovsiz harakat qiladigan presslar birinchi bо‘lib XX asr boshlarida Anderson tomonidan kashf etilgan. Germaniyada chiqariladigan shnekli presslar Yevropada keng tarqalgandi.
Hozirgi davrda SKET (Germaniya) firmasi turli xil yangi tipdagi presslar ishlab chiqarmoqda. Shnekli tо‘xtovsiz harakat qiladigan presslarning katta yutuqlari bilan birga, bu usul kamchiliklarga ham ega: kunjara tarkibida kо‘p miqdorda moy qolib ketadi. Bu moy olishning yangi va puxta usullarini ishlab chiqishni talab etardi. Natijada moyni yengil uchuvchan organik erituvchilar yordamida ishlab chiqarish, ya’ni ekstraksiya usuli kashf etildi va birinchi marta 1856-yilda Fransiyada Diss tomonidan sanoat masshtabida qо‘llanildi. Diss organik erituvchi sifatida uglerod sulfiddan foydalandi. Ammo apparaturaning sodda va qoloqligi, sistemada germetiklikning yо‘qligi va ishlab chiqarish rejimining yaxshi yо‘lga qо‘yilmaganligi tufayli bu usulning keng tarqalishini qiyinlishtirdi. Benzin bilan ekstraksiyalash usuliga birinchi patent 1867-yili Germaniyada olindi, 1879-1882-yillarda tindirish usuli bilan ishlaydigan qurilmalarga patentlar olindi. Ekstraksiya qurilmalarining keyingi rivojlanishi, qator ekstraksiya materialini ketma-ket bug‘sizlantirishga asoslangan, batareyali sistemasi paydo bо‘lishiga olib keldi. Geyilning ekstraksion qurilmasi shu qurilmalarniig tipik vakilidir [13, 14].
XXasr boshlarida «Keber» firmasining batareyali ekstaksion qurilmalari paydo bо‘ldi va sanoatda keng tarqaldi, ular ba’zi Yevropa mamlakatlarida hozirgi paytgacha ishlab kelmoqda.
|