Ma’naviyatning shakllanish jarayonlari bosqichlari




Download 3.09 Mb.
bet31/36
Sana10.04.2017
Hajmi3.09 Mb.
#3630
1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   36
Ma’naviyatning shakllanish jarayonlari bosqichlari

Mustaqillik sharofati bilan boshqa sohalarda bo’lgani singari, oila va unda tarbiyalanadigan barkamol farzand haqida tez-tez fikr almashiniladigan bo’ldi. Ayniqsa, bu muammoni davlat siyosati darajasigacha ko’tarilishi muhim ahamiyat kasb etadi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi birinchi chiqiriq IX sessiyasida I.A.Karimov tomonidan qilingan ma’ruzasi barkamol, sog’lom avlodlarning o’tgan vaqtdagi va bugungi hamda kelajakdagi holatini tahlil qilib berdiki, endilikda bu esa tarbiya va ta’limni asosiy dasturini tashkil qiladi, desak xato bo’lmaydi. Chunki yurtboshimiz bola tug’ilganidan boshlab to uning yuqori malakali kadr bo’lishiga qadar hamda uning mehnat faoliyatidagi yuksak ma’rifat va ma’naviyatliligi haqida so’z yuritadi: «Kelajak avlod haqida qayg’urish, sog’lom, barkamol naslni tarbiyalab etishtirishga intilish bizning milliy xususiyatimizdir.

Bu mukaddas zaminda yashayotgan har qaysi inson o’z farzandining baxtu saodati, fazlu kamolini ko’rish uchun butun hayoti davomida kurashadi, mehnat qiladi, o’zini ayamaydi.

Bola tug’ilgan kunidan boshlab oila muhitida yashaydi. Oilaga xos an’analar, qadriyatlar, urf-odatlar bola zuvalasini shakllantiradi.

Eng muhimi, farzandlar oilaviy hayot maktabi orqali jamiyat talablarini anglaydi, his etadi».

O’zbek xalqi urf-odatlari, qadriyatlari o’ziga xos noziklik bilan shakllanganki, ularda insoniy xislatlari ustuvor. Bu insoniylik xislatlari asrlar osha silsilalarga bardosh berib, o’z mohiyatini yo’qotgani yo’q. U o’zining falsafiy teranligini hamisha namoyon qiladi. Shu sababli ham ota-ona bilan farzandlar o’rtasida iliq munosabatlar, o’zaro hurmat-izzat, mehr-oqibatlar markaziy o’rinni oladi. Ular o’rtasidagi bu holatlar zaruriy davrda bir-birini to’ldiradi ham. To’g’ri, ota-ona faoliyati farzand uchun tengi yo’q mehr-oqibat bilan yo’g’rilgan asosli his-tuyg’ular yig’indisidir. Ota-onaning farzand oldidagi burchlari, o’zlarining oxiratini obod etuvchi qarzlari bor. Dinu-diyonatli xonadon oqsoqollaridan so’rasangiz, ularni lo’nda qilib sanab beradi: yaxshi nom qo’yish, yaxshi muallim qo’liga topshirib, savodini chiqarish, ilmli, kasbli-hunarli qilish,boshini ikki, uyli - joyli qilish.

Ana shu istaklar zaminida ota-ona o’z farzandlarini kelajagini mustahkamlash uchun hali ularni turmush qurishidan oldinroq, hayotga tayyorlashni unutmaydi. Avvalo oila qurishga undalayotgan farzandlarni o’zaro mosligi, sog’lig’i, ruhiy tayyorligi, iqtisodiy jihatdan mustahkamligi, kasb-hunariga egaliklari tahlil qilinadi. Bu o’rinda bobokolonlarimizdan Amir Temur faoliyatiga nazar tashlasak, u kishi farzandlarining uylanishini nafaqat bir oila uchun kerakligi balki, jamiyat miqyosidagi vazifa ekanligini sezgan holda:

«O’g’illarim, nabiralarim va yaqinlarimni uylantirmoq tashvishida kelin izlamoqqa e’tibor berdim. Bu ishni davlat yumushlari bilan teng ko’rdim. Kelin bo’lmishning nasli-nasabini, etti pushtini surishtirdim. Xos odamlar orqali sog’liq-salomatligini, jismonan kamolatini aniqladim. Kelin bo’lmish nasli-nasibasi, odob-ahloqi, sog’lom va baquvvatligi bilan barcha qusurlardan holi bo’lsagina el-yurtga katta to’y-tomosha berib, kelin tushirdim», - deydi.

Amir Temur yashagan davrda hozirgi zamon meditsinasining yangi yutuqlari hali tushunib etilmagan bo’lsada, uzoqni ko’ra bilgan Sohibqiron hayot tajribasidan kelib chiqib mazkur fikrlarni bildirganki, ularga hozirgi kunda ham amal qilinish bo’lajak oilaning mustahkamligini ta’minlash uchun shunday faoliyatlar qo’l keladi.

Farzandalarni tarbiyalash homiladorlik davridan boshlab muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki, bo’lajak inson, shaxs o’zini shaklanishini asosini shu davrlarda poydevorini qo’yadi. Ba’zi xalqlarda insonga yosh berganda ona qornidagi 9 oyni ham e’tirof etib aytishlari bejiz emas. Albatta, ota-ona farzandi to’g’risida sog’lom fikr yuritib uni ardoqlashi, sevishi, qayg’urishi darkor. Bolaga ta’sir qiladigan har qanday nojo’ya harakatdan himoya qiladi. Mutaxassislar fikricha, homiladorlikning ikkinchi oyidan to’rtinchi oyigacha ko’p onalarning o’ziga nisbatan loqaydligi natijasida bola tushirish hodisalari bo’lib turadi. Og’ir yumushlar bilan mashg’ul bo’lishi, qo’rquv bosishi, kamquvvatlilik, iztirob chekish, qayg’urish kabilar noxush holatni paydo qiladi. Bunday jarayonning oldini olish ko’proq ayolning turmush o’rtog’i bo’lmish erkakka bog’liq. Ya’ni o’z turmush o’rtog’iga g’amxo’rlik qilish, uni uzoq muddatda yolg’iz qoldirmaslik, og’ir ishlarni buyurmaslik, ayolning istagan oziq-ovqatlaridan o’z vaqtida iste’mol qildirish, sayrlarga olib chiqish, yoqimsiz holatlardan asrash bo’lajak «ota» ismini oluvchiga bog’liq. Aks holda hayot yuzini ko’radigan farzand hayotiga zomin bo’lishi ehtimoldan holi emas. Mazkur vazifalarni o’z bo’yniga olmagan erkak farzand tarbiyasidan uzoqligini bildiradi. Farzandlari joniga qasd qiladilar. Ayniqsa bu paytlarda er va xotinning birga yotib turishi ham ehtiyotkorlikni talab etadi. Bunday paytlarda qiziqqonlik bilan ish tutish, temperamentni jilovlash ayniqsa muhimdir. Sabr va ehtiyotkorlik rivojlanishini ta’minlashga yordam beradi. Homilador ayol ana shu paytlarda turli jihatdan noziklashgan bo’ladi. Har xil vaziyatni tushunishda injiqlik holatlari ro’y beradi. Natijada qayg’urishga molik bo’ladi. Bu holatlarning ta’siri paydo bo’layotgan bolaga ham o’tadi va uni rivojlanishini qiyinlashtiradi. Shu sababli erkak kishi o’z turmush o’rtog’ini asrab-avaylashi, ardoqlashi yaxshi natijalar beradi. Ayollar o’zini parvarishiga e’tiborini qaratganda birinchi galda parhezni ham unutmasligi lozim. Qiyin hazm bo’luvchi ovqatlardan iste’mol qilishdan ogoh bo’lishlari talab etiladi. Mabodo kasal bo’lganlarida do’xtirlar qarmog’ida vaqti- vaqti bilan maslahatlar olib turishlari sog’lom bola ko’rishning asosiy sabablaridandir.

Bolaning ona qornida rivojlanishi juda tez va murakkab taraqqiyot davrini bosib o’tadi. Uning rivojlanishi ona qornidagi fiziologik harakatga ham bog’liq. Bola ona qornida rivojlansada u ma’lum darajada tashqi muhit ta’sirida ham bo’ladi. Shuning uchun bu tashqi ta’sirni ijobiy bo’lishini ta’minlash zarur. Mutaxassislarni ko’rsatishicha, sog’lom tug’ilgan bolaning o’rtacha og’irlik vazni 2,8-3,5 kg, bo’yi esa 45-52 sm. bo’ladi. U olti oyga etganda esa uch barobar ortadi. Bir yoshli sog’lom bolani og’irligi 9 kg etadi. Bir yosh atrofida bolaning vazni va bo’yi tez o’sadi. Agar bola bir yoshgacha 25 sm.ga o’ssa, keyingi ikki yil davomida 18 smga o’sadi. Bu holatda rivojlanish bolada ma’naviy xislatlarni yaxshi shakllanishiga yordam beradi.

Ma’lumki, bola tug’ilgandan so’ng bir necha kun o’tishi bilan ona ovozini taniy boshlaydi. Turli harakatlarni amalga oshira boshlaydi. Onaning o’ziga xos hidini ham aniqlaydi. Hatto 15 kunlik bola ona kayfiyati, his-tuyg’usini ham seza boshlaydi. 20-25 kunligida esa o’ziga ko’rsatilayotgan mehr-oqibatni sezib yig’lashi yoki kulishi mumkin. O’zining bezovtaligini his-tuyg’usi bilan bildira boshlaydi. Bu aytilgan fikrlar quruq bir gap, so’z emas, balki ilmiy izlanishlar, hayotiy tajribalarga asoslangan fikrlardir. Demak, bola his-tuyg’usi juda nozik bo’lib ana shu davrlardayoq uning egiluvchanligi yoki o’jarligi shakllandi. Binobarin, bola hulqining shakllanishi ham ko’proq shu davrning mahsulidir. Shu sababli ota-ona go’dakning xulq- atvoriga qarab nima istayotganini ham sezishi darkor. Buning uchun ota-ona ziyrak va o’ta xushyor bo’lishi kerak. Bola xulqini sezadigan va shakllanayotgan xulqqa qarab tarbiya ustida bosh qotirishi lozim. Zero, tug’ilgan farzandlarning ba’zilari faol bo’lsa faollikka qarab yuvosh bo’lsa yuvoshlikka qarab xulosalar chiqarish ayni muddao bo’ladi. Bolaning his-tuyg’ulariga javob qaytarishi tarbiya qayoqqa ketayotganidan dalolat beradi. Chunki bolaning ta’sirchanligi noziklik davrini boshdan o’tkazayotganligini bildiradi. Mabodo shu davrlarda bolani ko’p kuldiradigan bo’lsangiz katta bo’lganida ham ko’p kuladigan, yig’lash jarayoni bolada ko’p kechgan bo’lsa, yig’laydigan bo’lib qolishi hech gap emas.

Farzandda shakllanayotgan his-tuyg’uda sevilish va ardoqlanish ustuvordir. Shu bilan birga bolada ham boshqalarni, ayniqsa ota- onani sevish tuyg’usi shakllana boshlaydi. Demak, boladagi bu jarayonlarni me’yorida bilmaslik tarbiyada ham kech qolishlik demakdir. Boladagi bu davr va holatlar ma’naviyat shakllanishining birinchi bosqichlaridan biridir. Shu munosabat bilan aytish kerakki, bu davrlarda farzandga yoqadigan ishlarni bajarish unda ma’lum bir malakani shakllantirishga olib keladi. 1-3 yoshdagi bolani hatto sanoqli vaqtlarda ham nazardan chetda qoldirib bo’lmaydi. Ulardagi sezgirlik o’ta shiddat bilan shakllanadi. Shu paytlardan bola bilan muloqot umr davomidagi (ijobiymi yoki salbiymi undan qat’i nazar) muloqotni belgilab beradi. Chunki bola aynan ana shu davrlarda ulkan e’tiborni talab qiladi va shundan xulosa qila boshlaydi. Alla aytadigan bo’lsa, allani bola tomondan his qilishini sezildimi, demak tarbiyani ham qabul qilishi shu davrdan boshlangan. Ana shu paytlarda bolani faqat ardoqlash sevish yoki yaxshi to’yintirish, kiyintirish bilan mashg’ul bo’lib qolish kelajakda ko’p xatolarga olib keladi. To’g’ri, bolani ona suti bilan to’ydirish, bu bebaho jarayondir. Ona suti go’dak organizmini nafaqat chiniqtiradi, balki bolaga bir umrli mehr, oqibatni ta’minlaydi, ma’naviy ozuqani ham beradi. Shu sababli, ham bolani 2 yoshga to’lganiga qadar emizish talabi o’ta muhimdir.

Bolani etuk, yuksak ma’naviyatli bo’lishini ta’minlovchi asosiy omillardan biri onalik-otalik qobiliyatini ijobiy holda namoyon qilishga bog’liq. Masalan, onalar «Alla bolam»ni aytish bilan birga bolani beshikka belash paytida «egalari kirsin, yomonlari chiqsin», «bolam vaqtida yotsin, vaqtida tursin» degan iliq so’zlarni ko’plab aytishi boladagi intilishlarga sabab bo’ladi. Ona o’z bolasini turli erkalashlar bilan ma’naviy yuksaltirsa, ota esa turli o’yinchoqlar orqali zaruriy xarakterni shakllantiradi.

1-3 yoshli bolalarda nutqni o’stirish, tevarak-atrof bilan tanishtirish, ularda turli harakat va ko’nikmalarni hosil qilish, tasviriy jarayonlarga e’tiborini qaratish, musiqa mashg’ulotlarini sirlari bilan tanishtirish yo’lga qo’yiladi. Ana shu jarayonlarda bolani ma’naviy yuksalishiga ta’sir etuvchi omillardan to’g’ri foydalanilmas ekan tarbiya etarli beriladi, deb bo’lmaydi.

Mazkur yoshlarda turli ko’nikmalarni shakllantirishda bolani ovutishda qo’llaniladigan o’gitlarning o’rni juda ahamiyatlidir. Jumladan, chapak chalish «Barmoqqa barmoq», «G’oz-g’oz», «Toy-toy», «Achom-achom», «esonmisiz-omonmisiz», «Qaysi qo’limdagini top», «Ko’zingni yum, og’zingni och» kabi sohalar orqali ham bolani xatti- harakatlariga ta’sir etiladi. Ushbu o’yinlar bilan birinchidan bolani sog’lomlashtirishga harakat qilinsa, ikkinchidan o’ylashga, tafakkur ellementlarini paydo qilishga ko’maklashiladi. O’z navbatida tafakkur ellementlari bolada paydo bo’lar ekan, demak ma’naviyat shakllanishi uchun ham shart-sharoit yaratila boshlanadi. Bu yoshlarda ayniqsa, nutq o’stirishga ko’proq e’tibor berish zarur. Nutq bo’lajak inson, shaxs faoliyatini negizidir.

Buning uchun qo’g’irchoqlar, koptok, mashinalar, turli tasvirlar ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi. Bular orqali bolaga turli savollarni berilishi, o’rtoqlarini faolliyatini misol qilinishi, tabiatdagi narsalarni so’ralishi rasmlar bilan mashg’ulot o’tkazilishi bolada fikrlash qobilliyatini o’stiribgina qolmasdan, uning nutqiga ham ta’sir qiladi.

Bola tarbiyasi uzlkusizlikni talab etadi. 1-3 yoshdagi bolalar tarbiyasi 3-7 yoshdagi bolalarda yuqoriroq bosqichda davom etadi. Ayniqsa, bolaning ko’p so’rash va ko’p gapirish davri shu yoshlarga to’g’ri keladi. Shu sababli bu davrda salomlashish odobidan boshlab bola nutqidagi grammatik tuzilishini shakllantirish tevarak-atrof bilan tanishtirish, ona Vatan haqida, Buyuk siymolar va bayramlar, kattalar mehnati, buyumlar haqida suhbat she’rlaridan yod oldirish, hikoya aytish, ifodali o’qish, miqdor va sifat haqida tushuncha berish, fazo haqida tasavvurlashga intiltirish, rasmlar chizdirish, turli ob’ektlar qurish, yasash, jismoniy tarbiyaga o’rgatish kabilar orqali amalga oshirilishi lozim.

Zero, Vatan tuyg’usi vatanparvarlik xislari milliy g’urur, milliy istiqlol g’oyasi hamda Vatan hududi, o’lkasi, xalqiga mehr va sadoqati bolaning yoshiga mos ravishda shakllantirilishi ma’naviy vazifalarning negizini tashkil qiladi.

5-7 yoshdagi bolalar tarbiyasi, 3-4 yoshdagi tarbiyaning murakkabroq bosqichlarini qamrab oladi. Bu davrda ham bolalarda lug’at yoki so’z boyligini oshirish maqsadida «O’zbekiston mustaqil davlat» mavzusida suhbat uyushtirish bola ma’naviyati yuksalishiga ham ta’sir etadi. Ma’lum malakaga ega qiladi.

Bolada ma’naviyat yuksalish maktabga borganda yanada yuqoriroq bosqichga ko’tariladi. endi bola, oila va bog’chada olgan tarbiyaviy malaka maktabda o’z samarasini bera boshlaydi. Bu samarani to’g’ri baholash, ijobiylarini bolada mustahkamlash va rivojlantirish maktab o’qituvchisiga bog’liq. Maktab o’qituvchisi berayotgan ma’naviy tarbiya oldingi olingan tarbiya bilan uzviy aloqada bo’lishi lozim. Maktab yoshidagi bolani tarbiya qilishda, bolani harakatini o’ta chegaralamaslik, jahl va zulm qilmaslik lozim. Yosh bolani o’ta qattiq qo’llik va zulm, badjahllik bilan tarbiyalasa bolani xotirasiga, shodligiga, mavqeiga putur etkaziladi. Bunday tarbiya natijasida uning ma’naviy yuksalishi ham ko’ngildagidek natija bermaydi. Bolada qo’rquvlik alomatlari paydo bo’ladi. Parishonxotirlik, g’amginlik, xafsalasizlik elementlari paydo bo’ladi. Bu esa o’z navbatida tarbiya va bilim olishga o’ta salbiy ta’sir etadi. Unda sustkashlik xislatlari mujassamlasha boshlaydi. O’z ustidan nafratlangan o’quvchi yolg’onlik, riyokor, hiylagar, ruhiyati pas, nojo’ya ishlarga egiluvchan bo’lib qoladi. Yuksak ma’naviylikka eltadigan xislatlar ikkinchi o’ringa tushib qoladi.

7-12 yoshlarda bolalarga jismoniy tarbiyani ahamiyatini yo’qotmagan holda ko’proq aqliy va ahloqiy tarbiyani shakllantirish o’ta muhimdir.



Yuqorida biz bolalarning 3–7 yoshlaridagi tarbiyasiga taaluqli omillar ustida to’xtalgan edik. Endi aytmoqchimizki, yuqoriroq yoshdagi bolalarga beriladigan aqliy tarbiya bolaning keyingi, ya’ni etuklik davrini ko’proq belgilab berishga asos bo’la oladi. Insonning aqli farosatini yuksaklik darajasi nimada, deb savol qo’yilganda, insonning yaxshi bilimga ega bo’lishi, bilimni chuqur o’rganishi va o’rgangan bilimni to’g’ri fikrlashidir, desak xato bo’lmas. Buning uchun maktabda o’qitilayotgan fanlar ayniqsa katta rol o’ynaydi. Mazkur fanlardagi tarbiyaviy jihatlar ustuvor bo’lsa yuksak ma’naviyatni shakllanishi ham oson kechadi. Ayniqsa, birinchi va ikkinchi sinflar dasturlarida ko’rsatilgan mavzular o’ta ehtiyotkorlik bilan bolalarga singdirilsa, uning kelajakdagi natijasi yomon bo’lmaydi. Bu sinflarda o’qiyotgan bolalarga savodxonlikni o’rgatish, hikoyalar aytish buyuk siymolar faoliyati bilan tanishtirish, bayramlar haqida, xalq ijodidan so’zlab, mehnat qilish haqidagi badiiy adabiyotdan misollar olish, she’rlar o’qib berib, ulardan namunalar yodlatish, ifodali o’qishlariga intiltirish yuksak ma’naviyat shakllantirishning asosiy omillaridandir. Jumladan: savodxonlikka o’rgatish uchun gap haqida tushuncha berish, gapning so’z tarkibi haqida suhbat uyushtirish uchun xalq ertaklarida «Egri va to’g’ri», «Zumrad va Qimmat», A. Navoiyning «Sher bilan Durroj», A. Avloniyning «Xo’roz va bo’ri», tevarak atrof bilan tanishtirganda «Ona yurtim Toshkentim», «Samarqand qadimiy shahar», «O’lkamizda oltin kuz» kabilar yuksak ma’naviylik shakllantirishni ilk bosqichlaridir, yoki buyuk siymolar haqida gapirganda Mirzo Ulug’bek, Abu Ali Ibn Sino fikrlari, Behzod rasmlari, Amir Temur, Jalollidin Manguberdi faoliyatlari ma’naviylikni singdirishda yorqin misollardir. Tarbiya va bilim berish jarayonida yaqindan yordam beradigan sohalar: mehnat va ona tili haqida suhbat va she’rlar borki bolalarni zavq va shavqini oshirishga yordam beradi. Binobarin, dehqonchilik va chorvachilik, tadbirkorlik, o’ymakorlik va bo’yoqchilik, kiyim-kechak va tikishlar, she’rlardan A. Oripovning «Ona tilimga», Barot Isroilning «Shunday o’lka bor», Safo Ochilning «Ota-ona duosi», «O’z tilim», Nurbekning «Mening Vatanim» kabi she’rlari shular jumlasidandir. Nomlari zikr qilingan ushbu asarlar orqali bolani ichki dunyosiga ta’sir etish mumkin. Bu davrda bolalar xarakteri o’ta egiluvchan bo’lganligi uchun asarlarni mazmuni va mohiyati ham tanlanishi zarur. Mazkur yoshlarda aqliy tarbiya singdirilar ekan salbiy xislatlarni eslatadigan (ishqiy yoki chekishlik) asar va hikoyalardan ehtiyotkorlik bilan foydalanish zarur. Sababi bunday xolatlarni izohlaydigan sohalar umumiy tarbiyani salbiy tomonga etaklab ketishi ehtimoldan uzoq emas. Maktabda mazkur sohaga oid bo’lgan ko’rgazmali ashyolar-ta’sirchan videofilmlardan fodalanish lozim. Maktab o’quvchisini ruhiy holatini sinchiklab o’rganishning samarali vositalari haqida boshqotirish ulardan unumli foydalanishda kech qolmaslik tarbiyada muhimdir. Ijobiy ruhni 3-12 yoshli bolalarda shakllantirish yuksak ma’naviyatni shakllantirish uchun asosiy zamin bo’ladi. 7-13 yoshlardagi bolalar faoliyatiga ko’proq maktab o’qituvchisi, jamoasi mas’ul bo’lsada, bu paytlarda ota-onalarning mas’uliyati yanada oshadi. Bolani bu yoshlarda quruq so’zlar, do’q-po’pisalar bilan emas, haqiqiy dalillar, to’g’ri so’zlik, jonkuyarlik bilan qo’lga olish mumkin.

Yuksak ma’naviyatni shakllanishida ahloqiy tarbiya asosiy negizni tashkil etadi. Ahloqiy tarbiya ham ko’proq bolaning 3-12 yoshlarda izchil holda berilishi uning keyingi butun umri bilan bog’langan. Insonning baxtli yoki baxtiz bo’lishi ko’p jihatlardan o’ziga bog’liqdir. Avvalo ta’kidlash lozimki, yoshlikdan boshlab hamma ham baxtli bo’lishga intiladi. To’g’ri, 7-12 yoshli bolalarga eng muhimi o’sha baxt haqida fikrlarni sodda qilib singdirilishi yutuqlarga olib kelishi mumkin. Bolada ana shu baxt haqidagi tasavvur ahloqiy normalar bilan birga tushuntirilsa, u samarali bo’ladi. Mazkur yoshdagi bolalar orzular qilishga juda moyildirlar. Ana shu moyillikning o’z vaqtida anglab uni boshqarish imkoniyatiga ega bo’linsa, boladagi axloqiy xususiyatlarni ijobiy tomonga borishi uchun qulaylik yaratiladi. yomon ishlarning oqibatini bolaga hayotiy voqealardan kelib chiqib anglatish kerak. Baxt izlovchi bola, ba’zida, «shu baxt ehtiyoji» jirkanch holatlarga olib kelishini o’qituvchi tomonidan mohirlik bilan tushuntira olsagina maqsadga erisha oladi. Ayniqsa, bu yoshlardagi bolalarga qimor o’ynash, sharob ichish, ahloqsiz o’yinlarni qilish, vaqtni bekorga ketkazish xatti-holatlarga duchor bo’lish natijasida, vaqtincha baxtga erishishi, ammo oxiri «voy bo’lishi» haqidagi ta’sirchan fikrlar berilganda har bir bolaning umr bo’yi esida qoladi. Bu yoshdagi bolalarni turli nojo’ya so’zlar yoki qo’rqitish yo’llari bilan tarbiyalash natija bermaydi. Urushish, so’kishish natijasida qalbi lat egan boladan yaxshilik chiqmaydi. Yuksak ma’naviyat qirralaridan uzoqlashadi. Shu sababli, bu yoshdagi bolalar tarbiyasi o’ta nozik lekin sharaflidir.



Katalog: umk

Download 3.09 Mb.
1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   36




Download 3.09 Mb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Ma’naviyatning shakllanish jarayonlari bosqichlari

Download 3.09 Mb.