III. MA’RUZU MATN VA O‘QUV MATERIALLARI.
Mavzu :“Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarni savodxonlikka o‘rgatish” (2 soat nazariy)
Reja
1. Maktabgacha yoshdagi bolalarni o‘qish va yozish malakalarini shaklantirish
2. O‘zbek tilining tovush tizimi va yozuvi.
Maktabgacha yoshdagi bolalarni o‘qish va yozish malakalarini shaklantirish
O‘zbekiston Respublikasining ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo‘yiladigan Davlat talablarining asosiy sohalaridan biri “Nutq, muloqot, o‘qish va yozish malakalari” bo‘lib, u quyidagi kichik sohalardan iborat: nutq va til, o‘qish malakalari, qo‘l barmoqlari mayda motorikasi.
Ushbu kichik sohalarning maqsad va vazifalarini amalga oshirish uchun tayyorlov guruhlarida o‘quv yili davomida jami 72 ta mashg‘ulot rejalashtirilgan, shundan 36 tasi bolalarning og‘zaki nutqini o‘stirish, 36 ta mashg‘ulot savodxonlikka o‘rgatishga mo‘ljallangan bo‘lib, ularning davomiyligi 25-30 daqiqani tashkil etadi.
Maktabgacha ta’lim tizimida savodxonlikka o‘rgatish metodikasi o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lib, u elementar o‘qish va yozish ko‘nikmalarini shakllantirishdan boshlanadi.
Savodxonlikka o‘rgatish metodikasida o‘zbek tili tovushlar va harflar tizimining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olish talab etiladi.Savodxonlikka o‘rgatish jarayonida harflarning bosh va kichik bosma shakli va ularning ishlatilish o‘rni o‘rgatiladi.Maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarni o‘qishga o‘rgatish bo‘g‘in asosida olib boriladi. Bo‘g‘inlab o‘qishga o‘rgatish uchun so‘zni bo‘g‘inga bo‘lish, bo‘g‘in chegarasini aniqlashni o‘rgatish muhim sanaladi. Savodxonlikka o‘rgatish davrida tarbiyalanuvchilar so‘zlarni bo‘g‘inlarga to‘g‘ri ajrata oladi, bo‘g‘inli kartochkalar yordamida bo‘g‘inlardan so‘zlar tuzadi.Savodxonlikka o‘rgatish jarayonini tashkil etishda analiz-sintez metodida savodxonlikka o‘rgatish jarayoni
2 bosqichda davom etadi.
Birinchi bosqichda
– tarbiyalanuvchilarga quyidagilar
og‘zaki va yozma nutq,
gap,
so‘z,
bo‘g‘in,
tovushlar,
nutqning gaplardan, gaplarning so‘zlardan tuzilishi,
so‘zlarning bo‘g‘inlarga bo‘linishi,
bo‘g‘inlarning tovushlardan tashkil topishi haqida ma’lumot beriladi.
tovushlarning unli va undosh tovushlarga ajratilishi o‘rgatiladi hamda ulardan amaliy foydalana bilish ko‘nikmalari hosil qilinadi.
Shuningdek, bu bosqichda bolalarning bog‘lanishli nutqi ustida ishlanadi. Bunda tarbiyachi bolalarga nutq haqida tushuncha beradi, nutqning kichikroq bo‘lagi gap bilan tanishtiradi. Gapning so‘zlardan tuzilishi, gapning birinchi so‘zi bosh harf bilan yozilishi, oxirida nuqta, so‘roq, undov belgilari qo‘yilishi ko‘rsatmali didaktik materiallar orqali tushuntiriladi.
Har bir narsaning nomi-bu so‘z ekani, so‘z bo‘g‘inlarga bo‘linishi, bo‘g‘in va so‘z tovushlardan tuzilishi, tovushni talaffuz qilish, eshitish mumkinligi, tovushlar unli va undosh bo‘lishi, ularning yozuvdagi ifodasi harf bilan ifodalanishi aytiladi.
Savodxonlikka o‘rgatishning bu bosqichida analiz quyidagi metodik yondashuv bo‘yicha olib boriladi:
1. Nutq tarkibidan gapni ajratish.
2. Gapdan so‘zlarni ajratish va so‘zlarning bosh shaklini topish.
3. So‘z ichidagi yangi tovushni aniqlash va uning bo‘g‘indagi o‘rnini belgilash.
4. Bo‘g‘in tarkibidagi yangi tovushlarning talaffuzini orfoepik me’yorda o‘rganish.
5. Bosma harfda o‘rgatilgan yangi tovushning yozma shaklini tanishtirish.
Bolalarni savodxonlikka o‘rgatish ommaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlarining tayyorlov guruhlari, qisqa muddatli guruhlarda, boshlang‘ich ta’limga tayyorlov guruhlari mavjud maktabgacha ta’lim tashkilotlarida amalga oshirilib, o‘quv yili oxirida tarbiyalanuvchilar maktab ta’limiga quyidagi bilim, ko‘nikma, malaka va kompetensiyalarga ega bo‘lgan holda kirib boradilar.
1. O‘qish ko‘nikmasi bo‘yicha:
so‘zni bo‘g‘inlab o‘qiydi;
barcha harflarni biladi va ularni o‘qiydi;
so‘zlarni bo‘g‘inlarga bo‘ladi;
bo‘g‘inli kartochkalar yordamida bo‘g‘inlardan so‘zlar tuzadi;
so‘z, tovush, bo‘g‘in, gap haqida tushunchaga ega;
so‘zning lug‘aviy, bo‘g‘inli va fonetik tuzilishi to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘ladi;
peshlavha, kitob nomlari, rasm tagidagi yozuvlar va hokazolarni o‘qiydi.
2. Yozuv ko‘nikmasi:
qog‘ozda ilgak, gajakcha, to‘g‘ri chiziqlar, so‘zlar va qisqa gaplarni bosma harflarda yozadi;
daftardagi yozuv qatorlarini aniqlay oladi;
rasmlarni to‘g‘ri joylashtiradi;
hamma harfni bosma ko‘rinishini yozishni biladi;
qo‘lni uzmasdan nuqta chiziqlarini birlashtirib rasm chizadi.
3. Tovushni tahlil qilishga tayyorgarligi:
so‘zni bo‘g‘inlarga bo‘ladi;
so‘z yoki bo‘g‘indagi tovushni ajratadi;
hamma tovushni to‘g‘ri talaffuz qiladi.
4. Og‘zaki bog‘lanishli nutqi:
o‘z ona tilida erkin so‘zlashadi;
turli gaplarni tuzadi;
shaxsiy tajribasiga tayanib rasm yuzasidan tasviriy hikoyani mustaqil tuzadi;
turli janrdagi badiiy asarlarni ifodali hikoyalaydi;
topishmoqlar topadi;
kichik she’rlarni yoddan aytadi;
boshqa bolalarga eslab qolgan kitob mazmunini so‘zlab beradi.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, savodxonlikka o‘rgatish o‘ta ma’suliyatli jarayon bo‘lib, mashg‘ulotlar bolalarning faol ishtirokini ta’minlaydigan ta’limiy o‘yinlar, interfaol metodlar va AKTdan foydalangan holda tashkil etilishiga erishish lozim.
|