• HAMIDULLA HAMDI – OQShAMSIDDIN ChALABIY (1448-1509)
  • “GUL ILA ALIShER” dostoni




    Download 0.65 Mb.
    bet32/63
    Sana15.03.2017
    Hajmi0.65 Mb.
    #157
    1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   ...   63

    “GUL ILA ALIShER” dostoni


    Ulkan tarixiy voqealar, buyuk shaxslar haqida xalq doim o‘z fikrini aytib kelgan. Shunday yorqin siymolar borki, ularning xotirasi hamisha xalqning qalbida. Bunday kishilarning olijanob ishlari, qahramonliklari umumbashariy ahamiyat kasb etib, ularning o‘zlari ham, bir xalq vakili doirasidan chiqib, jamiki insoniyatning farzandiga aylanadilar. Ulug‘ Alisher Navoiy ana shunday zotlardan bo‘lib, hayotligidayoq xalq u haqda ko‘plab rivoyatlar to‘qilgandi. Navoiy haqida o‘zbek, turkman, uyg‘ur, turk va boshqa sharq xalqlari to‘qigan afsonalar uning umumbashar farzandiga aylanganligining yorqin misolidir.

    Navoiy haqidagi “Gul ila Alisher hikoyasi” deb nomlanuvchi turk xalq dostoni shu jihatdan xarakterliki, ko‘pgina A. Navoiy haqidagi xalq afsonalari ulug‘ shoirning donoligi, olijanob ishlari, xalqparvarligi, adolatgo‘yligi xaqida bo‘l­sa, bu doston ishqiy-romantik bo‘lib, Alisher va Guli o‘rtasida­gi muhabbat haqidadir.

    Dostonni mashhur turk folklorshunosi Partav Noili Baratov 1941 yilning 27 fevralida baxshi Mudomiydan yozib olib, 1946 yilda Anqarada nashr qilingan “Xalq hikoyalari va xalq hikoyachilari” kitobida e’lon qilgan.

    Doston hamd bilan boshlanib, baxshi Mudomiy 1501 yildan beri bu rivoyat xalq orasida yashab kelayotganligini aytadi va voqealar bayoniga o‘tadi. Samarqand hukmdori Husayn Boyqaro nihoyatda badavlat, fuqaroparvar, adolatli shoh ekan. Xalqi to‘q yasharkan. Ko‘chmanchi qabilalardan birining begi bo‘lmish Alisher Samarqandga mol suruvini haydab keladi va uni kamba­g‘allarga nasiyaga berishini, haqini esa Husayn Boyqaro vafotidan so‘ng olishini aytadi. Bu gap shohga yetgach u Alisherni huzuriga chaqirtirib keladi. Alisher shoh huzurida ta’zim bajo aylab, shoh ko‘rsatgan joyga o‘ltiradi. Boyqaro Alisherdan nima uchun mollarini nasiyaga berib, haqini sulton vafot etgandan so‘ng olmoqchi bo‘lganligini so‘raganda, Alisher xalq Husayn Boyqaroning umri uzoq bo‘lishini tilab duo qilishl­arini istaganligi uchun shunday qilganligini aytadi. Bu gap sultonga yoqib tushib Alisherni vazir qilib tayinlaydi. Alisher bir kun ovga ketayotib, kir yoyayotgan go‘zal qizni ko‘rib qo­ladi va u bilan ikki og‘iz gaplashadi. Keyin qo‘shnilaridan surishtirib, u Xo‘ja Solihning qizi ekanligini biladi. Oradan bir hafta o‘tgach Alisherning o‘zi Xo‘ja Solihnikiga sovchi bo‘­lib boradi. Xo‘ja Solih Alisherga javob berishdan oldin qizi bilan maslahatlashadi va Gulining roziligini aytadi. Alisher bu haqda hech kimga aytmaydi.

    Ittifoqo kunlardan bir kun sulton Husayn ham Gulini ko‘­rib oshiq bo‘lib qoladi va qozi kalonni sovchilikka yuboradi. Guli rad javobini beradi. Xo‘ja Solih qizining unashtirilganligini aytadi-yu, lekin Alisherning hayoti xavfsizligini o‘ylab kimligini aytmaydi.

    Rad javobini olgan Boyqaro bu ishni Alisherdan o‘zga bitira olmaydi deb, dardini Alisherga aytadi. Alisher oqibatda Gulinikiga sovchilikka boradi. Guli Alisherga shart qo‘yadi, rozi bo‘lgan Alisher Guli yozib bergan qog‘oz (resept) bo‘yicha baqqolga borib ikki xil dori olib keladi. Dorining birini Guli, birini Alisher ichadi. Guli ichgan dori sekin-asta, qirq kunda ta’sir qiladigan zahar, Alisher ichgani esa uni bir umr farzand ko‘rishdan benasib qiladigan dori ekan.

    To‘yi bo‘lib, Guli saroyga keltirilgach, u Husayn Boyqarodan qirq kungacha unga tegmasligini iltimos qiladi. Gulini qattiq sevganidan shoh ham rozi bo‘ladi. Zahar ichganidan o‘ttiz besh kun o‘tgach Guli xastalanib qoladi.

    Qayg‘urgan Husayn Boyqaro ovga chiqib ketadi. Alisher kasalligi (Gulining xizmatkori ogohlantirgani uchun o‘zini kasallikka solgan edi) tufayli shikorga borolmaydi. Vidolashish uchun joriyasi Alisherni ayol kiyimida Gulining oldiga, haramga boshlab keladi.

    Alisher haramdan chiqmasdan Boyqaro ovdan qaytadi, xizmatkorlar Alisherni katta qozonga solib yashirincha olib chiqib ketayotganida, shoh qiziqib qozonning qopqog‘ini ochib qaraydi. Alisherni ko‘rsa ham azbaroyi indamaydi. Bu voqeadan so‘ng Alisher hajga jo‘naydi, ammo sulton chopar yuborib, uni yo‘ldan qaytaradi. Doston Gulining o‘limi va uning qabri tepasida Alisherning ertalabgacha o‘tirib chiqqanligi va umrining oxirigacha Guliga vafo qilib uylanmay o‘tganligini aytish bilan yakunlanadi.

    Ko‘rinadiki, dostonda haqiqat va badiiy to‘qima qorishib ketgan. Asarda Alisher Navoiyning Guliga bo‘lgan sevgisi asosiy mavzu qilib olingan. Alisher ko‘chmanchi qabilalardan birining begi, so‘ngra vazir sifatida tasvirlanadi. A. Navoiy­ning buyuk shoirligi, xalq farovonligi yo‘lida amalga oshirgan ishlari, ulkan davlat arbobi sifatida ko‘rsatgan faoliyati ha­qida hech nima deyilmaydi. Doston boshlnanishida jasur, sa­hiy, bilimdon tasvirlangan Alisher obrazi, o‘z sevgilisiga yetishish fursati kelganida passivlashadi, ya’ni u sulton Hu­sayn Boyqaroga qarshi hech nima qilolmaydi, hatto bunga hara­kat ham qilmaydi. “Taqdir ekan” deb Gulidan voz kechadi. Dostondagi Guli obrazi ayniqsa xarakterli. Ko‘pgina sharq dostonlaridagi ayollar obrazi kabi Guli obrazi ham yorqin tasvirlangan. U sevgan kishisiga bir umr sodiq qoluvchi sharq ayolining timsolidir. Alisher “taqdir ekan” - deb, sevgilisiga yetish yo‘lida passivlik qilganida, Guli undan o‘zganiki bo‘lmas­ligi aytib, sekin ta’sir qiluvchi zahar ichadi. O‘z qadrini yaxshi bilgan Guli, malika bo‘lishdan ko‘ra Alisherga vafo qilib, dunyodan o‘tishni afzal ko‘radi. Gulining ana shunday olijanob, vafodor qiz bo‘lib yetishuvida oilaviy tarbiyaning ahamiyati katta bo‘lgan, albatta. Gulining otasi Xo‘ja Solih o‘zi oddiy kishi bo‘lsa ham ma’naviy olami yuksak inson. U musulmon odaticha qiziga o‘z hukmini o‘tkazishga intilmaydi. Guliga Alisher sovchi bo‘lib kelganda ham, Husayn Boyqarodan sovchi kelganda ham, oilada hech nima sevgining o‘rnini bosolmasligini aytib, qizining fikrini bilib, so‘ngra javob qiladi. O‘sha o‘rta asrlar davridan kelib chiqsak bu juda katta olijanoblikdir.

    Dostondagi yetakchi obrazlardan biri Husayn Boyqaro obrazidir. Husayn Boyqaro Samarqand hukmdori sifatida, fuqaro­parvar, adolatli shoh qilib tasvirlangan. Xalq o‘zi orzu qilgan adolatli shoh timsolida Boyqaro obrazini yaratgan. Albatta, har qanday badiiy asardagi obraz, xalq dostonlaridagi faktlarni ham ayni haqiqat deb qabul qilib bo‘lmaydi. Biror tarixiy shaxs haqida yaratilgan folklor namunalarida o‘sha shaxsning o‘zida bo‘lmagan xususiyatlarni ham xalq unga nisbatan berishi mumkin. Bir tarixiy shaxsning obrazi ikki xalq og‘zaki ijodida ikki xil yaratilishi mumkin. Shuning uchun ayrim rivoyatlarga qarshi o‘laroq Boyqaro obrazi sadoqatli do‘st, sahiy, olijanob inson sifatida sodda tasvirlanganligiga ajablanmaslik kerak.

    Doston turk xalqi turmushiga oid ularning urf-odatlarini ko‘rsatuvchi badiiy detallarga boy. Masalan, A. Navoiy Xo‘ja Solihnikiga mehmon bo‘lib kelganda, Solih uning oldiga bosh­qa sharq xalqlaridek choy emas, balki chilim va qahva quyib mehmon qiladi. Dostonning tuzilishi ham an’anaviy xalq dostonlari yo‘lida. Aytuvchi nazm bilan boshlangan bo‘lsa ham asosiy voqealar nasrda bayon qilinadi. Faqatgina qahramonlar­ning dialoglarida she’r formasidan foydalanilgan. Dostonda A. Navoiyning ulug‘ shoirligi haqida bir og‘iz ham so‘z yo‘q. Shu­ningdek, uning boshqa ko‘pgina oliyjanob ishlari haqida ham gapirilmaydi. Lekin dostondagi qahramonlar tilidan aytiladigan she’rlar bevosita yodingizga Navoiy satrlarini soladi. Masalan, dostonda Alisher qizning yuzini gulga qiyoslab:

    Senga o‘xshar gulistonda qaysi gul

    Ismida gul, jismida gul, rangi gul - deydi.

    Bu misralar “Farhod va Shirin” dostonida Shirin ta’rifida aytilgan “Yuzi gul, lek yuz gul xirmanidek...” hamda “Sab’ai sayyor” asaridagi satrlarini yodingizga soladi yoki Guli vafot qilgach Alisher Husayn Boyqaroga shum xabarni she’riy satrlarda yo‘llaydi:

    Chun foniydir bu jahon, har kelgan ketmoq kerak,

    Sarv toli soyasinda gul so‘ldi, netmoq kerak,

    Boyqaro:


    Bo‘lar ish bo‘ldi na chora, naylamoq, netmoq kerak,

    Sarv tolidan tobutin, guldan kafan etmoq kerak.

    (So‘zma-so‘z tarjima- A. A)

    Yuqoridagi misralar beixtiyor yodingizga Navoiyning mashhur

    Qora ko‘zim, kelu mardumlug‘ emdi fan qilg‘il,

    Ko‘zim qarosida mardum kabi vatan qilg‘il

    matlasi bilan boshlanadigan g‘azal va uning yozilish tarixi bilan bog‘liq afsonani soladi. Navoiy haqidagi dostonda, shoir asarlarini esga soluvchi, uning misralariga ohangdosh misralarning bo‘lishi, Navoiy ijodining turk xalqi o‘rtasida keng tarqalganligi va unga bo‘lgan mehrining nishonasidir.

    Dostonda turklarga xos yumor elementlarini ham ko‘rish mumkin. Alisherning ayol kiyimida Gulining oldiga kelishi, Boyqaro kelib qolgach xizmatkorlarning uni katta qozon ichida olib chiqib ketishlari kabi holatlar tasviri A. Navoiy haqi­dagi boshqa birorta xalq dostonlarida uchramaydi. Buni aslo Navoiy shaxsini kamsitish deb qarash kerak emas. Aksincha o‘sha sharoitda Navoiydek odam ham shunday yo‘l tutishga majbur bo‘lganligi, qolaversa sevgilisi bilan vidolashmoq uchun har qanday ishga tayyorlik deb baholamoq kerak. “Gul ila Alisher” dostoni ulug‘ Navoiy haqida xalq to‘qigan ishqiy-romantik dostonning yaxshi namunasidir. Dostonda turk xalqi uchun hazrat Navoiy qanchalik ardoqli shaxs ekanligi ko‘rinib turibdi. Zero, turk xalqi o‘rtasida Navoiy asarlarining mashhurligi va xalq Alisherning shaxsiy hayotiga juda qiziqqanligi uchun ham buningdek doston yuzaga kelgan.


    HAMIDULLA HAMDI – OQShAMSIDDIN ChALABIY
    (1448-1509)


    Turk adabiyoti tarixida birinchilardan bo‘lib “Xamsa” yozgan shoir Hamdi Bolu yaqinidagi Go‘ynukda tug‘ildi. Uning otasi Oqshamsiddin bayramiya tariqati shayxlaridan bo‘lib, Ha­mdining yoshligi so‘fiylar davrasida kechadi. 10 yoshligida yetim qolgan Hamdini akalari o‘z tarbiyasiga oladilar. Hamdi Chalabiy oilada 12-farzand edi. Tazkiralarda H. Chalabiy haqida ma’lumotlar kam. Uning Bursa madrasalaridan birida mudarrislik qilgani va Shayx Ibrohim Tannuriyning muridi bo‘l­ganligi ma’lum. Hamdining hayoti qashshoqlikda kechgan. Akalari uning fiqh ilmini o‘rganib, qozi bo‘lishini istashgandi, ammo bo‘lajak shoir bu yo‘ldan bormadi. Akalari bilan orasi buzilgan Hamdi shoir sifatida o‘ziga homiy ham topmagan. U “Yusuf va Zulayho” asarini yozib, Sulton Boyazid II ga taqdim qilganligi, biroq shoir e’tiborsiz qolgani haqida yozadilar. Shuning uchun shoir “Yusuf va Zulayho”ga o‘z taqdiridan shikoyat qilib yozilgan bobni kiritgan. Bir umr moddiy muhtojlikda yashagan shoir Hamdi Chalabiy Go‘ynukda vafot etadi va otasining yonida dafn qilinadi.

    Shoirning asosiy adabiy merosi bo‘lgan “Xamsa” dostonlari quyidagilar:

    1. “Yusuf va Zulayho”; 2. “Layli va Majnun”; 3. “Tuhfat-ul ushshoq”; 4. “Qiyofatnoma”; 5. “Mavlud”.

    “Yusuf va Zulayho” dostoni 1491–92 yillarda yozib tugatilgan. Bu dostonni “Xamsa”ning birinchi asari qilib olishni shoir o‘z taqdiri ham Yusuf taqdiriga o‘xshab ketganligi uchunligini aytadi. Hamdi o‘z dostonini yozishda mashhur tojik shoiri A. Jomiyning “Yusuf va Zulayho”siga suyangan. Yusuf obrazi sharq adabiyotida keng tarqalgan obrazdir. Bu obraz dast­lab “Tavrot”va “Injil”da, so‘ngra “Qur’on”da o‘z ifodasini topgan. Xalq og‘zaki ijodi va yozma adabiyotda Yusuf nihoyatda go‘zal, olijanob, dono shaxs sifatida tasvirlanadi. Sharq xalq­lari adabiyotining bir qancha yirik namoyandalari “Yusuf va Zulayho” nomida dostonlar yaratganlar. Dostonlarda Yusufning hasadgo‘y akalari tomonidan savdogarlarga qul qilib sotilishi, oqibat Yusuf Misr fir’avnining amaldorlaridan Potifarning xonadoniga kelib qolishi hikoya qilinadi. Potifarning xotini Zulayho Yusufni sevib qoladi va unga izhori dil qiladi. Xojasiga sadoqatli Yusuf Zulayho ishqini rad qiladi. Alamzada Zulayho tuhmat qilib Yusufni zindonga tashlatadi. Zindonda Yusuf fir’avnning soqiysi va novvoyi bilan birga bo‘ladi. Ularning tushlari ta’birini aytadi. Ma’lum vaqtdan so‘ng fir’avn qo‘rqinchli tush ko‘rib, ta’birini so‘rash uchun Yusufni zindondan chiqaradi. Yusuf fir’avnga yurtda yetti yil to‘qchilik, yetti yil ocharchilik bo‘lishini aytib, to‘qchilikda g‘alla g‘amlashni maslahat qiladi. Fir’avn bu ishlarni Yusufning o‘ziga topshiradi. Qahatchilik boshlangach boshqa ellardan ham Misrga g‘alla izlab odamlar kela boshlaydi. Yusufning akalari ham keladilar. Xullas, Yusuf o‘zini tanitgach akalari kechirim so‘rashadi. Yusuf otasi va boshqa qarindoshlarini Misrga oldirib keladi. Yusuf dardida yig‘lab-yig‘lab ko‘r bo‘lib qolgan Yoqub o‘g‘li Yusufning barmoqlari ko‘ziga tekkach ko‘ra boshlaydi (Yusufning ko‘ylagini ko‘ziga surtish varianti ham bor.) Yusuf va Zulayho o‘rtasidagi munosabatlarga ham shoirlar turlicha yondoshganlar.

    Yusuf va Zulayho haqidagi rivoyatlar asosida Firdavsiy (X-XI asr), Baxtiyoriy (X asr), Shiod Hamza (XIII), Ali (XIII asr), Suli Faqix (XIII), Shahobiddin Oshiq (XIV), Rabg‘uziy (XIV), Dariy (XIV), Durbek (XV), A. Jomiy (XV), H.H. Chalabiy (XV), Nozim Xiraviy (XVII), Hoziq (XIX) va yana boshqa ko‘pgina fors-tojik, o‘zbek, turk, ozarbayjon shoirlari dostonlar yaratganlar. Dostonlarda har bir shoir o‘z davrining muhim voqealari, axloqiy va falsafiy qarashlarini aks ettirishga intilganlar. Masalan, Durbekning “Yusuf va Zulayho” dostonida shahar­ning qamal qilinish kartinasining berilishi, shuningdek dostonlarda Yusuf obrazining talqini ham turlicha. Yusuf haqida­gi ilk dostonlarda Yusuf va Zulayho ilohiy obraz markazida tasvirlansa (masalan Yusuf va Zulayhoning qayta yosharishi), keyinchalik Yusuf va Zulayho muhabbati dunyoviy talqin qilina boshlandi. Durbek va Abdurahmon Jomiy dostonlarida bosh qahramonlar tarixiy shaxs, Zulayhoni go‘zal qiz sifatida tasvirlaganlar.

    Yusuf va Zulayho obraziga XX asrning yirik so‘z ustalari Nozim Hikmat va T. Mannlar ham murojaat qilganlar. T. Mann “Yusuf va uning akalari” asarini, Nozim Hikmat “Go‘zal Yusuf” asarini yaratdi. O‘zbek shoiri Ramz Bobojon ham “Yusuf va Zulayho” nomli asar yaratgan.

    Hamdi o‘z obrazlarining yanada hayotiyroq chiqishi uchun dostonga o‘z davriga xos xususiyatlarni, turmush tarzidagi detallarni kiritadi.

    “Layli va Majnun” Hamdi “Xamsa”sining ikkinchi dostoni bo‘lib, Nizomiy dostoni asosida yozilgan. 1499–1500 yillarda yozilgan bu dostonga A. Navoiy “Xamsa”sining ta’siri ko‘proq bo‘lgan.

    Uchinchi doston “Tuhfat-ul ushshoq”ning yozilgan sanasi aniq emas. Tasavvuf ruhidagi bu asar ikki yoshning sevgisi haqidadir.

    “Qiyofatnoma” va “Mavlud” Hamdining to‘rtinchi, beshinchi dostonlaridir. 150 baytlik “Qiyofatnoma” insonning ichki va tashqi dunyosi uyg‘unligi haqida bo‘lsa, “Mavlud” payg‘ambarning tug‘ilishi to‘g‘risidadir.

    H. Chalabiyning kichik bir devoni ham bizgacha yetib kelgan va u Sulaymoniya kutubxonasida saqlanadi.


    Katalog: ata -> dil

    Download 0.65 Mb.
    1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   ...   63




    Download 0.65 Mb.

    Bosh sahifa
    Aloqalar

        Bosh sahifa



    “GUL ILA ALIShER” dostoni

    Download 0.65 Mb.