Badiiy grafika fakulteti




Download 4.7 Mb.
bet27/37
Sana21.06.2021
Hajmi4.7 Mb.
#15154
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   37
KASHTACHILIK MAKTABLARI

Kashtachilik - O’zbekiston amaliy bezak san’ati turlari orasida o’zining qadimiy an’analariga ega bo’lgan san’at turi hisoblanib O’zbekistonning yirik savdo hunarmandchilik markazlari va qishloqlarida keng tarqalgan. San’atning ushbu turi o’zining poetik rang - barangligining saqlab qolishi bilan birga xalq orasida qadrlanib, o’z mohiyatini yo’qotmadi.

Kashtachilik asosan 6 ta hududiy guruhlarga, ya’ni maktablarga bo’linadi. Bular, Nurota, Buxoro, Samarqand, Shahrisabz, Toshkent hamda Farg’ona kashtachiligi maktablaridir.

Yurtimizning turli viloyatlarida kashtachilikning o’ziga xos maktablari mavjud.

So’zana-yu palaklarga nazar tashlar ekanmiz, ularda aks etgan manzaralarni ko’rib, o’zbek ayolining bilim va salohiyatiga tan bermaslik mumkin emas, - deydi O’zbekiston Badiiy akademiyasi a’zosi, rassom Botir Gulmirzaev.

So’zanalar asosan ayollar qo’l mehnatining mahsuli sanaladi. Ta’kidlash kerakki, har bir so’zana yoki palakda olam-olam sir-sinoat mujassam. Ularda nabotot dunyosidan tortib, koinot kengliklarigacha bo’lgan ko’z ilg’amas ajoyibotlar turli shakl va kompozistiyalarda aks ettirilgan.

Nurota kashtalari asosan “bosma” uslubi bilan tikiladi va naqshlarning cheti zanjirsimon uslub bilan aylantiriladi. Kashta ranglari och ranglar bilan tikilgan. Nurota kashtachiligida quyidagi kashta turlari va badiiy buyumlar tikiladi: so’zana, nimso’zana, takiyapo’sh, joynamoz, joypo’sh, zardevor, gulko’rpa, dastorpech, belbog’, qo’lro’mol, yostiq, oynaxalta, choyxalta, choyshab.

Kashta asosan bo’z, chit, satin, shoyi, baxmal movutga tikiladi. Iplari ipakdan yigirilib, bo’yoqlari tabiiy o’simliklardan olinadi, lekin hozirgi kunda sun’iy toladan yigirilgan va kimyoviy bo’yoqlar bilan bo’yalgan iplar kashtachilikda ishlatilmoqda.

Nurota maktabida so’zana asosan oq fondagi gulli naqshlarni aks ettirishi bilan farqlanadi. Qush va jonivorlar ramzi ularni yanada to’ldiradi, o’zgacha ma’no va mazmun bag’ishlaydi. Buxoro kashtachilik maktabi yopiq kompozistiyali bo’lib, markazi va cheti zanjirli kashta bilan ajratilgan. Samarqand kashtachilik maktabiga kelsak, naqshi to’q qizil rangdan iborat bo’lib, aylana shakldagi to’pbarggul so’zana atrofiga joylashtiriladi. Urgutlik chevarlar esa asosan oppoq bosma chokdan foydalanishadi.

Ulardagi to’q qizil va sariq gulli naqshlar quyosh ramzini ifodalaydi. So’zana markazida katta aylana, unga nisbatan chorak kattalikdagi to’rt dona aylana to’rt chetiga joylashtirilgan bo’lsa, bilingki u Shahrisabz kashtachilik maktabiga taalluqli. Toshkentlik chevarlar esa katta aylanali qoramtir qizil rangli palak mato ustiga zich qilib tikilgan gulko’r­pani afzal ko’radilar.

Kashtachilik san’atining qadimgi maktablaridan bo’lmish Buxoro viloyatining milliy kashtachilik, san’atini o’ziga xos xususiyatini, tabiiy bo’yoqlarini qo’llanilishi texnologiyasi va bezaklarining qadimiy nusxalarini tikilishi, shu kunda xalqimiz diqqat e’tiborini o’ziga tortdi. Buxoro kashtachilik san’ati bilan tanishish, uni o’rganish yoki avlodga etkazish kerak. Buxoro kashtalarining o’ziga xos belgilaridan biri ularda “yo’rma” choki mahorat bilan qo’llanilishida va havo rang, gul rang,binafsha rang, pushti va och sariq rang, qizil malina va ko’k ranglar bilan uyg’unlashidadir.



Buxoro kashtalarida “yo’rma” chokdan tashqari, kompozistiyasi, tuzilishi va gullarni ham juda xilma - xildir. Mato yuziga bir tekis joylashgan ingichka shoxdagi gullar shoxlar bilan o’ralgan yo’rma do’zi qilinganligi bilan ajralib turadi. Buxoro maktabida esa, ko’proq igna bilan birga yo’rma choki bajarilgan.

G’ijduvon chevarlari ipak ipni chap - rost qilib chillikda tob berib bajarsalar, buxoroliklar birishim iplari bilan chap rost toblamasdan kashta tikishgan.

G’ijduvon kashtalari asosan oq, kulrang, malla, tabiiy rangli karbos, qizil satin, oq surp va qo’ng’ir rang rensga tikilgan bo’lsa, Buxoro kashtalari oq karbos, rangli adras, shoyi va hisori matolarga bajarilganligi bilan farqlanadi. G’ijduvon so’zanalari joypo’sh va joynamozlari kompozistiyasi an’anaviy markaziy maydon, keng hoshiya va 2 ta tor hoshiyalardan iborat, markaziy maydonda simmetrik naqshlar ketma - ket holatda joylashtiriladi. Keng hoshiyada asosan markaziy maydondagi naqshlar simmetrik holatda takrorlanadi yoki “islimiy” holatda takrorlanadi, naqshdan iborat bo’ladi. Ikkita tor hoshiyada bir – biriga o’xshash geometrik “islimiy” ngaqsh, “miandr”, “mavj” yoki “sebarga”dan ikki yoki uch qator yo’rma chiziqlari o’tkazilgan. Kompozistiyani birinchi holatda asosan geometrik doiralar, “to’pbarggullar”, butalar va shoxchalar tashkil qiladi. Ochiq qolgan joylarga barg, shoxcha, ko’zacha, oftoba, ayrim hollarda qushlar tasviri tikib to’ldiriladi.

Kashtalarda - butagul, gul daraxt, qo’shko’rak, tagalak, anguri, shobarg kabi shaqshlar uchraydi. Ba’zi hollarda katta binolarning arab yozuvida forsiy va turkiy tillardagi baytlar tikib bezatishgan. Odatda, yirik katta buyumlari nusxalarini maxsus tajribaga ega bo’lgan chizmakash - nusxachalar chizishgan. Chizmakash naqshlarni “rangli siyo” - qora tabiiy bo’yoqlar bilan chizgan. Kashta kompozistiyasi chizilayotganda, matoh yaxshi taxta qilib tikilgan, uning dioganallari bo’yicha qatlab markazi topilgan, keyin asosiy maydon va keng hoshiyaga ajratilgan.

Har bir kashta nusxasini yaratish chizmakash uchun ijodiy jarayon hisoblangan. U hech vaqt tayyor ulgudan nusxa kuchirmagan. Ammo u kashta nusxasini kashtachiga ham chizma tariqasida bermagan. Uning hunari shaxsiy sirga ega deb hisoblangan. Kashtachilar kashta tikishda ayrim unsurlarni tikmay qoldirishgan. Buning ma’nosi, kashtachi chevarga ko’z tegmasin. “Chashmi bulbul”, “dandon”, “dutarafa dandon”, “zanjiri”, “barra tishi” naqshlari kashta qismlarini chegaralashda qo’llanilgan.

G’ijduvon kashtachilari ranglarni mahalliy tilda: pistoqi yashil, nofarmon - siyohrang gulobi ko’k, shirchoyi - nilobi, gilosi - to’q qizil, kabo’ti - yashil, siyoh - qora, zard - sariq, xokistar - kulrang.

Farg’ona kashtachiligi maktabida so’zana qoramtir yashil va binafsha rang ipak gazlama yoki satinga nafis naqshlar tikiladi. So’zana kashtasi yorqin va o’ziga xosdir. Yorqin ranglar, jimjimador naqsh­lar insonni bir qarashdayoq o’ziga jalb eta oladi.

Qorong’u xonaga yorug’lik va yorqinlik kiritadi. Shuningdek, uni bugungi kunda zamonaviy mehmonxona, yotoqxona, hatto bolalar xonasiga ham ilib qo’yish mumkin. Endilikda o’zbek so’zanalaridagi naqshlar xorijlik dizaynerlarning ham diqqatini tortmoqda. Zamonaviy dizaynerlar o’z ishlarida so’zanadagi naqsh va ranglardan foydalanishni ma’qul ko’rishadi. Bu o’zbek so’zanasiga bo’lgan qiziqish xalqaro miqyosda kun sayin ortib borayotganini anglatadi. Bugungi kunda - hatto o’zimiz va xorijda ishlab chiqarilayotgan devorga ilinadigan gilam, mebel qoplamalari, yostiq yoki pardalarda ham so’zana elementlaridan foydalanilayotganligini kuzatish mumkin.

So’zanalarimiz bugungi kunda jahon bozoriga chiqmoqda. Uning bu qadar tez shuhrat qozonishi, avvalo nafis, serjilo va betakrorligi bilan izohlanadi. Mashhur inter’yer - dizaynerlar so’zanadan dekorativ detal sifatida ham foydalanishmoqda. Haqiqiy so’zana, albatta, qo’lda tikilishi kerak, unda ko’proq uzum, anor, rang - barang gul, qush va aylana shaklidagi naqshlar aks etadi. Bugungi kunda ko’rpalarni ham yorqin so’zana naqshlari bilan bezash urfga kirib bormoqda, chunki har qanday so’zana inter’yerga mos tushaveradi.

Uning yordamida rangga urg’u berish, yostiq, das­turxon, gilamcha, karkas panellarga ham o’zgartirish kiritish mumkin.

Jahon inter’yer dizayniga doir sayt­larda faqat qo’lda tikilgan so’zanaga e’tibor qaratish lozimligi, texnika vositasida bosilgan so’zana naqshlarni tanlamaslik tavsiya qilinadi. Milliy so’zanalarimizga bo’lgan qiziqish xorijda ham kun sayin ortib borayotganidan faxr va g’urur qilamiz. Ana shunday sirli, serjilo, ma’no va mazmunga, tasvir, naqshu nigorga boy so’zanalar qadr topib, dunyo miqyosida ommalashayotgani, e’tirof etilayotgani o’zbek xalq amaliy san’ati va milliy hunarmandchiligimizga berilgan yuksak bahodir. Zotan, xalqimizning noyob durdonasi bo’lgan milliy meros va an’analarimiz barhayotdir.



Download 4.7 Mb.
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   37




Download 4.7 Mb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Badiiy grafika fakulteti

Download 4.7 Mb.