• O’zbekiston Respublikasining Bosh vaziri SH. MIRZIY OY EV
  • II. Asosiy tushunchalar
  • III. Elektron tijorat sub’ektlari
  • IV. Elektron savdo maydonchasini tashkil etish
  • V. SHartnoma tuzish tartibi
  • VI. Elektron hujjat va elektron xabar
  • VII. Elektron tijoratda to’lovlarni yetkazish va amalga oshirish
  • VIII. SHartnoma shartlarini bajarishni rad etish tartibi
  • IX. Elektron tijoratda eksportni amalga oshirish xususiyatlari
  • Elektron tijorat shaklida tovarlarni sotish (ishlarni bajarish, xizmatlar ko’rsatish) tartib-taomillarini soddalashtirishga yo’naltirilgan
  • Elektron tijorat shaklida tovarlarni sotish (ishlarni bajarish, xizmatlar ko’rsatish) SXEMASI
  • SHartnomalarni tuzishda elektron raqamli imzolarni qo’llash va elektron hujjatlarni hamda elektron tijoratda qo’llaniladigan elektron xabarlardagi mavjud axborotni saqlash tartibi to’g’risida
  • II. Elektron tijoratda shartnomalar tuzishda elektron raqamli imzolarni qo’llash
  • III. Elektron tijoratni amalga oshirishda elektron hujjatlarni va boshqa elektron axborotni saqlash tartibi
  • IV. Tuziladigan shartnomalar bo’yicha elektron hujjatlarni, xabarlarni va boshqa elektron axborotni saqlashda elektron tijorat ishtirokchilari va axborot vositachilarining huquq va majburiyatlari
  • Elektron tijoratda bitimlarni amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida (O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2016 y., 23-son, 266-modda) «Elektron tijorat to’g’risida»




    Download 162.5 Kb.
    Sana07.11.2020
    Hajmi162.5 Kb.
    #12342

    O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining

    qarori


    Elektron tijoratda bitimlarni amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida

    (O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2016 y., 23-son, 266-modda)

    «Elektron tijorat to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, elektron tijorat sub’ektlari o’rtasidagi o’zaro munosabatlarni tartibga solish hamda elektron tijorat sub’ektlari tomonidan bitimlar sodir etilishi tartibini, elektron tijoratda qo’llaniladigan elektron hujjatlar va xabarlarni saqlash tartibini belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

    1. Quyidagilar:

    Elektron tijoratni amalga oshirish qoidalari 1-ilovaga muvofiq;

    SHartnomalarni tuzishda elektron raqamli imzolarni qo’llash va elektron hujjatlarni hamda elektron tijoratda qo’llaniladigan elektron xabarlardagi mavjud axborotni saqlash tartibi to’g’risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    2. Belgilab qo’yilsinki:

    axborot tizimlaridan foydalangan holda tuzilgan shartnoma yozma shaklda tuzilgan va taraflar tomonidan imzolangan, shu jumladan taraflarning muhrlari bilan tasdiqlangan shartnomaga tenglashtiriladi;

    tovarlar sotuvchining o’z avtomobil transportida yetkazib berilganda O’zbekiston Respublikasi hududida avtomobil transportida yo’lovchilar va yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro tashishlarga litsenziya olish talab etilmaydi, qonun hujjatlarida belgilangan holatlar bundan mustasno.

    3. O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Milliy axborot-izlash tizimida elektron tijoratning mahalliy axborot resurslarining doimiy ravishda yangilanadigan bo’limi shakllantirilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

    O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda Milliy axborot-izlash tizimidagi elektron tijoratning mahalliy axborot resurslarining shakllangan bo’limi doimiy ravishda axborot bilan ta’minlasin va texnik ko’maklashsin.

    4. Vazirlar Mahkamasining «Yuridik va jismoniy shaxslarni ro’yxatdan o’tkazishni hamda ular tomonidan savdo faoliyati amalga oshirilishini tartibga solish chora-tadbirlari to’g’risida» 2002 yil 26 noyabrdagi 407-son qaroriga (O’zbekiston Respublikasi QT, 2002 y., 11-son, 71-modda) ilovaning 1-bandi ikkinchi xatboshidan «shuningdek elektron tijoratga nisbatan» so’zlari chiqarib tashlansin.

    5. Vazirliklar va idoralar o’zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.

    6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o’rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.



    O’zbekiston Respublikasining Bosh vaziri SH. MIRZIYOYEV

    Toshkent sh.,

    2016 yil 2 iyun,

    185-son


    Vazirlar Mahkamasining
    2016 yil 2 iyundagi 185-son qaroriga
    1-ILOVA

    Elektron tijoratni amalga oshirish

    QOIDALARI

    I. Umumiy qoidalar

    1. Ushbu Qoidalar «Elektron tijorat to’g’risida», «Elektron hujjat aylanishi to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi qonunlariga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq elektron tijorat shaklida tovarlarni sotishni (ishlarni bajarishni, xizmatlar ko’rsatishni) tartibga soladi.

    2. Ushbu Qoidalarning amal qilishi:

    davlat xaridlari to’g’risidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan tovarlarning (ishlar va xizmatlarning) davlat xaridlariga;

    birja faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan litsenziyaga ega bo’lgan birjalarda, shuningdek axborot vositachilarining axborot tizimlarida sodir etiladigan bitimlarga;

    ko’chmas mulkni sotishga, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq notarial tasdiqlanishi yoki davlat ro’yxatidan o’tkazilishi kerak bo’ladigan bitimlarga tatbiq etilmaydi.

    3. Elektron tijorat shaklida amalga oshiriladigan ulgurji va chakana savdo Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 26 noyabrdagi 407-son qarori bilan tasdiqlangan Ulgurji va chakana savdo faoliyatini amalga oshirish tartibi to’g’risidagi nizom va Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 13 fevraldagi 75-son qarori bilan tasdiqlangan O’zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari bilan tartibga solinadi.

    Elektron tijorat shaklida tovarlarni sotishda (ishlarni bajarishda va xizmatlar ko’rsatishda) ushbu Qoidalarga 1-ilovada ko’rsatilgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotish tartib-taomillarini soddalashtirishga yo’naltirilgan alohida normalar qo’llaniladi.

    4. Elektron tijorat shaklida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotish ruxsat etish xususiyatiga ega alohida hujjat olinishini talab etmaydi.

    Bunda elektron tijorat shaklida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotishda, agar hujjatni elektron tijoratdan tashqarida rasmiylashtirish zarurligi qonun hujjatlarida belgilangan bo’lsa, ruxsat etish xususiyatiga ega tegishli hujjatni olishni istisno etmaydi.

    5. Tovarlar (ishlar, xizmatlar) elektron tijorat ob’ektlari hisoblanadi, ushbu Qoidalarga 2-ilovaga* muvofiq ro’yxatga binoan aylanmadan olib qo’yilgan yoki aylanmadagi cheklangan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bundan mustasno.

    * Qoidalarga 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.

    6. Elektron tijorat ushbu Qoidalarga 3-ilovaga muvofiq sxemaga binoan axborot tizimida ofertani (taklifni) joylashtirish va ofertaga aktsept olish yo’li bilan amalga oshiriladi.

    II. Asosiy tushunchalar

    7. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qo’llaniladi:

    aktsept — oferta yo’llangan shaxsning uning qabul qilinganligi to’g’risidagi javobi;

    axborot tizimi — axborotni to’plash, saqlash, izlash, qayta ishlash va undan foydalanish imkonini beradigan axborot resurslari, axborot texnologiyalari va aloqa vositalarining tashkiliy tartibga solingan jami;

    axborot vositachisi — elektron tijoratda elektron hujjatlar va elektron xabarlar aylanishi bilan bog’liq xizmatlar ko’rsatuvchi yuridik shaxs;

    axborot resursi — axborot tizimi tarkibidagi elektron shakldagi axborot, ma’lumotlar banki, ma’lumotlar bazasi;

    oferta — bir shaxsga, bir nechta aniq shaxslarga yoki shaxslarning nomuayyan doirasiga yo’naltirilgan, undan taklif bildirayotgan shaxsning (oferentning) taklifda ko’rsatilgan shartlarda kim javob bersa u bilan shartnoma tuzishga bo’lgan irodasi bilinadigan shartnomaning barcha mavjud shartlari mavjud bo’lgan taklif;

    xaridor — pirovard iste’mol, tijorat maqsadlarida foydalanish, o’zining ishlab chiqarish-xo’jalik ehtiyojlari uchun axborot tizimlaridan foydalangan holda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotib oluvchi jismoniy shaxs yoki tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari (O’zbekiston Respublikasining rezidentlari va norezidentlari);

    sotuvchi — axborot tizimlaridan foydalangan holda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotuvchi tadbirkorlik faoliyati sub’ekti;

    elektron tijorat ishtirokchisi — elektron tijoratda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotuvchi yoki ularning xaridori bo’lgan yuridik yoki jismoniy shaxs;

    elektron tijorat — axborot tizimlaridan foydalangan holda tuziladigan shartnomaga muvofiq amalga oshiriladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) oldi-sotdisi;

    elektron savdo maydonchasi — tashkiliy, axborot va texnik qarorlarning dasturiy-apparat majmui, shu jumladan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotish uchun axborot tizimi orqali sotuvchi va xaridorning (buyurtmachining) o’zaro hamkorligini ta’minlaydigan internet-do’kon;

    elektron xabar — axborotni jo’natuvchini identifikatsiyalash imkonini beruvchi elektron shaklda qayd etilgan axborot;

    elektron vosita — elektron shaklda axborotni qayta ishlash, saqlash va uni ayirboshlashga mo’ljallangan kompyuter va (yoki) boshqa texnik asbob, shuningdek telekommunikatsiyalar tarmog’i;

    elektron shartnoma (keyingi o’rinlarda shartnoma deb ataladi) — tovarlar (ishlar, xizmatlar) oldi-sotdisi uchun axborot tizimlaridan foydalangan holda sotuvchi va xaridor o’rtasida tuziladigan shartnoma;

    elektron hujjat — elektron shaklda qayd etilgan, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va elektron hujjatning uni identifikatsiyalash imkonini beradigan boshqa rekvizitlarga ega bo’lgan axborot.

    III. Elektron tijorat sub’ektlari

    8. Elektron tijorat ishtirokchisi (sotuvchi, xaridor) va axborot vositachisi (elektron tijorat sub’ektlari hisoblanadilar).

    9. Elektron tijorat sub’ektlari tuzilgan shartnoma talablariga muvofiq huquqni amalga oshiradilar va ega bo’ladilar, majburiyatlarni bajaradilar.

    10. Sotuvchi quyidagi huquqlarga ega:

    elektron tijorat maqsadlarida mavjud bo’lgan axborot resurslarida ofertani joylashtirish;

    shartnomalar tuzish yo’li bilan tovarlarni sotish (ishlarni bajarish, xizmatlar ko’rsatish);

    axborot vositachilariga elektron hujjatlar va elektron xabarlarni saqlash uchun berish.

    11. Sotuvchi:

    a) elektron tijoratda tovarlarni sotishda (ishlarni bajarishda, xizmatlar ko’rsatishda), shu jumladan tovarlar (ishlar, xizmatlar) to’g’risidagi zarur va ishonchli axborotni xaridorga taqdim etish bo’yicha raqobat va iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to’g’risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi;

    b) elektron hujjatlar va elektron xabarlarni belgilangan tartibda saqlashni ta’minlashi;

    v) elektron tijoratning boshqa ishtirokchilarini o’zi to’g’risida elektron shaklda davlat tilida, zaruriyat bo’lganda esa boshqa tillardagi ishonchli axborotdan tegishli foydalanishni ta’minlashi shart, axborot quyidagi ma’lumotlarni o’z ichiga olishi kerak:

    yuridik shaxs uchun — tadbirkorlik faoliyati sub’ektining tashkiliy-huquqiy shakli ko’rsatilgan holda uning to’liq nomi; yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxs uchun — familiyasi, ismi, otasining ismi;

    davlat ro’yxatidan o’tkazilganligi to’g’risidagi ma’lumotlar, tadbirkorlik faoliyati sub’ektining soliq to’lovchining identifikatsiya raqami;

    joylashgan joyi (pochta manzili), elektron pochta manzili, bog’lanish telefoni raqami;

    qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning mavjudligi to’g’risidagi ma’lumotlar (litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning raqami, amal qilish muddati, litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berishga vakolatli organning nomi).

    12. Sotuvchidan chiquvchi oferta yoxud taklif etilayotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) to’g’risidagi axborot axborotni buzmasdan qayta tiklash va sotuvchi to’g’risida, shuningdek u tomondan taklif qilinayotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar), ularning narxlari va tariflari, shuningdek ularni sotish (ishlarni bajarish, xizmatlar ko’rsatish) shartlari to’g’risida ishonchli tasavvur hosil qilish imkonini beruvchi elektron shaklda taqdim etilishi kerak.

    13. Elektron tijorat sub’ektlari, elektron hujjatlar va elektron xabarlarni ayirboshlash uchun tegishli axborot tizimlarini boshqarishni aniq tashkil etishni ta’minlab shartnoma asosida axborot vositachisi xizmatlaridan foydalanishlari mumkin.

    14. Axborot vositachilari jumlasiga quyidagilar kiradi:

    elektron tijorat ishtirokchilarining elektron hujjatlari va elektron xabarlari aylanishi bo’yicha xizmatlar ko’rsatuvchi telekommunikatsiya tarmoqlari operatorlari va provayderlari;

    elektron tijorat ishtirokchilarining to’lov tizimlaridan foydalanilishini va to’lovlar o’tkazilishini ta’minlash bo’yicha xizmatlar ko’rsatuvchi banklar;

    elektron yarmarkalar, kimoshdi savdolari va tanlovlar tashkil etilishini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar;

    elektron tijorat ishtirokchilarining elektron hujjatlari va elektron xabarlarini saqlash bo’yicha xizmatlar ko’rsatuvchi yuridik shaxslar.

    Axborot vositachilari jumlasiga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa yuridik shaxslar ham kiritilishi mumkin.

    15. Axborot vositachilari sotuvchi va xaridor o’rtasida tuziladigan shartnomalarning taraflari hisoblanmaydilar.

    16. Axborot vositachisi quyidagi huquqlarga ega:

    o’z vakolati doirasida shartnoma asosida elektron tijoratda elektron hujjatlar va elektron xabarlar aylanishi bilan bog’liq xizmatlar ko’rsatish;

    elektron tijorat ishtirokchilariga ko’rsatiladigan xizmatlar shartlarini belgilash.

    17. Axborot vositachisi:

    elektron tijorat sohasidagi standartlar, normalar va qoidalarga rioya etishi;

    o’zining to’liq nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, ko’rsatiladigan xizmatlar, ularni ko’rsatish shartlari va qiymatlari (tariflari) haqidagi axborotni elektron tijorat ishtirokchilariga oshkor qilishi;

    elektron hujjatlarning va elektron xabarlarning mazmunini, ulardan foydalanish tartibini o’zgartirmasligi, elektron tijorat ishtirokchilari bilan tuzilgan shartnomalarda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;

    elektron hujjatlarni, elektron xabarlarni hamda shaxsga doir ma’lumotlarni ruxsatsiz foydalanishdan himoya qilish chora-tadbirlari bilan ta’minlashi;

    elektron hujjatlarni va elektron xabarlarni uchinchi shaxslarga yubormasligi shart (qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno).

    Axborot vositachisi qonun hujjatlariga hamda shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ega bo’lishi va o’z zimmasiga o’zga majburiyatlar olishi mumkin.

    elektron tijoratni amalga oshirishda foydalaniladigan ma’lumotlarning elektron arxivini tashkil etishi, ular belgilangan tartibda saqlanishini ta’minlashi;

    axborot tizimlaridagi mavjud axborotning yaxlitligi va maxfiyligini ta’minlashi shart.

    18. Axborot vositachisi berilayotgan, olinayotgan, saqlanayotgan elektron hujjatlar va elektron xabarlarni nazorat qilishga yoki ularning ishonchliligini, shuningdek ularning qonun hujjatlariga muvofiqligini nazorat qilishga yoki ishonchliligini tekshirishga majbur emas, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada o’zgacha hol nazarda tutilmagan bo’lsa.

    19. Elektron tijorat sub’ektlarining axborot vositachisi orqali yuborilayotgan elektron hujjatlar va elektron xabarlar mazmuni bilan bog’liq bo’lgan huquqiy oqibatlar uchun axborot vositachisi javobgar bo’lmaydi.

    20. Xaridorga ushbu Qoidalarda, tuzilgan shartnomada va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan barcha huquqlar beriladi va zimmasiga majburiyatlar yuklanadi.

    IV. Elektron savdo maydonchasini tashkil etish

    21. Sotuvchi va axborot vositachisi elektron tijorat sub’ektlarining o’zaro hamkorligini ta’minlaydigan elektron savdo maydonchasi orqali elektron tijorat shaklida tovarlarni sotish (ishlarni bajarish, xizmatlar ko’rsatish) huquqiga egadir.

    22. Elektron savdo maydonchalari Internet butunjahon axborot tarmog’idagi resurslar, Milliy axborot-izlash tizimida ko’rsatiladigan dasturiy mahsulotlar va mobil ilovalar bo’lishi mumkin.

    23. Elektron savdo maydonchasi elektron tijoratni amalga oshirish uchun zarur funksiyalarni, shu jumladan:

    ushbu Qoidalarda nazarda tutilgan tartibda ofertani joylashtirish, aktseptni amalga oshirish va shartnomalar tuzish;

    elektron tijorat sub’ektlariga ushbu Qoidalarga muvofiq nazarda tutilgan axborotdan foydalanish;

    ushbu Qoidalar talablariga muvofiq elektron hujjatlar va elektron xabarlarni xavfsiz ayirboshlashni ta’minlash;

    O’zbekiston Respublikasi hududida joylashgan serverlarda elektron hujjatlar va elektron xabarlarni belgilangan tartibda saqlash imkoniyatini o’z ichiga olishi kerak.

    V. SHartnoma tuzish tartibi

    24. SHartnoma oferta va aktseptdan iborat bo’ladi. SHartnoma, agar shartnomada o’zgacha hol nazarda tutilmagan bo’lsa, oferta yuborgan taraf tomonidan boshqa taraf yuborgan aktsept olingan paytdan boshlab tuzilgan deb e’tirof etiladi.

    25. Oferta o’zida elektron hujjatni ifodalaydi, uning vositasida elektron tijorat ishtirokchisi bitta shaxsga, bir nechta aniq shaxslarga va shaxslarning nomuayyan doirasiga shartnoma tuzishni taklif etadi va ularning shartnoma shartlari mavjud bo’lgan, shu jumladan ushbu Qoidalarga muvofiq majburiy shartnoma shartlari mavjud bo’lgan matndan foydalanilishini ta’minlaydi.

    26. Elektron tijorat ishtirokchisidan chiquvchi ofertada shartnomaga kiritilishi kerak bo’lgan barcha shartlar yoxud bunday shartlar mavjud bo’lgan elektron hujjatlar yoki elektron xabarlarga xavolalar bo’lishi kerak.

    27. Oferta unda ko’rsatilgan muddat mobaynida haqiqiydir. Elektron tijorat ishtirokchisi tomonidan olingan oferta, agar ofertaning o’zida o’zgacha hol qayd etilmagan yoxud taklifning mohiyatidan yoki taklif bildirilgan vaziyatdan kelib chiqmasa, uning aktsepti uchun belgilangan muddat mobaynida chaqirib olinishi mumkin emas.

    28. Ofertani chaqirib olish uni oluvchiga chaqirib olish sabablari ko’rsatilishi kerak bo’lgan elektron hujjat yoki elektron xabar shaklida chaqirib olish to’g’risida bildirishnoma yuborish orqali amalga oshiriladi.

    29. SHartnoma:

    uning elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanishini nazarda tutuvchi elektron hujjat tarzida;

    matnida elektron tijorat ishtirokchisining roziligi bildirilgan matn bo’lgan elektron xabar tarzida;

    ofertada ko’rsatilgan shartlarni bajarish bo’yicha harakatlarni sodir etish orqali aktseptni amalga oshirish yo’li bilan tuzilishi mumkin.

    30. Aktsept o’zida elektron hujjatni yoki elektron xabarni, shuningdek ofertadagi mavjud shartlarni bajarish bo’yicha harakatlarni ifodalaydi, uning orqali shaxs ofertada taklif etilgan shartlarda shartnoma tuzishga to’liq va so’zsiz rozilikni ifodalaydi.

    31. Aktseptda oferent tomonidan taklif etilgan shartnomaning barcha shartlari o’zgartirilmasligi kerak. Oferentga shartnomaning o’zgartirilgan shartlari bilan javob yuborilgan taqdirda, bunday javob aktsept hisoblanmaydi va yangi oferta hisoblanadi.

    32. Oferta yoki aktsept, agar taraflarning ahdlashuvida o’zgacha hol nazarda tutilmagan bo’lsa, axborot tizimi tomonidan avtomatik aniqlanadigan oluvchi tomonidan uning olinganligi to’g’risida bildirishnoma jo’natilgan paytdan boshlab olingan deb hisoblanadi.

    33. Oferta olinganligi to’g’risidagi bildirishnoma ushbu Qoidalarda belgilangan tartibda aktsept olinmasdan shartnomani ijro etish uchun asos hisoblanmaydi.

    34. Oferta va aktsept jo’natuvchi tomonidan ularning mazmuni o’zgartirilmasdan, ular yuborilgan tarzda, oluvchi tomonidan esa — agar taraflarning ahdlashuvida o’zgacha hol nazarda tutilmagan bo’lsa, shartnomaning amal qilishi to’xtatilgan paytgacha ular olinganda qanday bo’lsa, shu tarzda saqlanishi kerak.

    35. Oferta va aktseptni tayyorlash, rasmiylashtirish, amalga oshirish bilan bog’liq umumiy talablar va ayrim masalalar qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

    36. Axborot tizimlaridan foydalanilgan holda tuzilgan shartnoma yozma shaklda tuzilgan va taraflar tomonidan imzolangan, shu jumladan taraflarning muhrlari bilan tasdiqlangan shartnomaga tenglashtiriladi.

    37. SHartnomada quyidagi majburiy shartlar bo’lishi kerak:

    shartnoma predmeti;

    taraflarning asosiy huquqlari va majburiyatlari;

    tovarlarning (ishlar, xizmatlarning) narxi va tavsifi hamda taraflar o’rtasida hisob-kitob qilish tartibi;

    kafolat muddati, agar bu aniq bir tovar uchun belgilangan bo’lsa;

    etkazib berish joyi va shartlari (etkazib berish xizmatlari mavjud bo’lganda);

    taraflarning javobgarligi;

    majburiyatlarni bajarish tartibi va muddatlari;

    shartnomaga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish imkoniyati va tartibi;

    bitimni rad etish shartlari;

    tovar va pul mablag’larini qaytarish shartlari va tartibi;

    shartnoma tuzilgan til to’g’risidagi ma’lumot;

    elektron hujjatga va elektron xabarga havola qilish vositasida shartnomaga kiritiladigan shartlar va tegishli havoladan foydalanish tartibi (ular mavjud bo’lganda);

    shartnomaning amal qilishini to’xtatish shartlari;

    nizolarni hal etish tartibi;

    taraflarning joylashgan joyi (pochta manzili), elektron manzili va bank rekvizitlari;

    taraflar tomonidan kelishilgan boshqa shartlar.

    38. SHartnoma unga hamma foydalanishi mumkin bo’lgan axborot resursida joylashtirilgan elektron hujjatga havola qilish yo’li bilan kiritiladigan alohida shartlarni o’z ichiga olishi mumkin. Bu holda elektron hujjatni joylashtirgan elektron tijorat ishtirokchisi qonun hujjatlarida yoki shartnomada belgilangan muddat mobaynida undan erkin foydalanish imkoniyatini ta’minlashi, bu muddat o’tganidan keyin esa mazkur elektron hujjatning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda saqlanishini ta’minlashi shart.

    39. SHartnomaga kiritiladigan o’zgartirishlar shartnomaning ajralmas qismi hisoblangan elektron hujjat va (yoki) elektron xabar sifatida rasmiylashtiriladi.

    VI. Elektron hujjat va elektron xabar

    40. Elektron hujjat va elektron xabar qog’ozdagi o’z qo’li bilan imzolangan hujjatga tenglashtiriladi.

    41. Elektron hujjat va elektron xabarning mazmuni uchun, agar shartnomada yoki qonun hujjatlarida o’zgacha hol nazarda tutilmagan bo’lsa, elektron tijorat ishtirokchisi javob beradi.

    42. Sotuvchi yoki axborot vositachisi elektron hujjatlarni, elektron xabarlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda saqlashi shart.

    43. Elektron hujjat va elektron xabar:

    bevosita elektron tijorat ishtirokchisi tomonidan;

    elektron tijorat ishtirokchisi nomidan ish ko’rish vakolatlari berilgan shaxslar, shu jumladan axborot vositachisi tomonidan;

    elektron tijorat ishtirokchisining axborot tizimi yoki uning nomidan — avtomatik rejimda ishlaydigan tizim tomonidan yuborilishi mumkin.

    44. Elektron hujjat va elektron xabarni oluvchi ularning jo’natuvchiga tegishliligi holatini tasdiqlashni talab qilish huquqiga egadir.

    VII. Elektron tijoratda to’lovlarni yetkazish va amalga oshirish

    45. Ishlarni bajarish va xizmatlar ko’rsatish shartnomada ko’rsatilgan joyda va muddatlarda amalga oshiriladi.

    46. Agar shartnoma tovarni yetkazib berish sharti bilan tuzilgan bo’lsa, sotuvchi tovarni shartnomada ko’rsatilgan muddatlarda xaridor tomonidan ko’rsatilgan joyga yetkazib berishi shart.

    47. Tovarlarni xaridor tomonidan ko’rsatilgan joyiga yetkazib berish uchun sotuvchi:

    O’zbekiston Respublikasi hududida o’zining avtomobil transportida shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro tashishlarga litsenziya olmasdan yo’lovchilar va yuklarni avtomobil transportida yetkazib berishni mustaqil amalga oshirishi;

    tovarlarni yetkazib berish bo’yicha xizmatlar ko’rsatish huquqiga ega bo’lgan uchinchi shaxslarning xizmatlaridan foydalanishi;

    etkazib berishning qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa usullaridan foydalanishi mumkin.

    48. Elektron tijoratda to’lovlar faqat quyidagi usullar bilan amalga oshiriladi:

    bank plastik kartalaridan foydalangan holda to’lovlarni qabul qilish bo’yicha hisob-kitob terminalini qo’llash orqali;

    shaxsiy kabinet yoki chakana to’lovlar tizimi orqali (onlayn-to’lov) bank plastik kartasidan mablag’larni o’tkazish vositasida;

    bank hisob raqamidan pul mablag’larini o’tkazish vositasida.

    VIII. SHartnoma shartlarini bajarishni rad etish tartibi

    49. Tovarni (ishlarni, xizmatlarni) sotib oluvchi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda tovarni, ishlarni bajarish va xizmatlar ko’rsatishni rad etish sabablarini ko’rsatgan holda sotuvchini xabardor qilib o’zi bilan tuzilgan shartnomani bajarishni rad etish huquqiga egadir.

    50. Xaridor shartnomada nazarda tutilgan hollarda shartnoma shartlarini bajarishni rad etishi mumkin emas.

    51. Elektron tijoratda tovarni qaytarish «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida», «Xo’jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi qonunlariga, Fuqarolik kodeksiga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, shuningdek tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshiriladi.

    52. Pul mablag’larini qaytarish zarur bo’lgan hollarda sotuvchi tovar (ishlar, xizmatlar) xarid qilinganligi uchun to’lov qanday usulda amalga oshirilgan bo’lsa, o’sha usulda tovarning (ishlar, xizmatlarning) haqi to’langanligini tasdiqlaydigan taqdim etilgan va chekka tenglashtirilgan hujjat asosida xaridorga qaytarishi shart.

    53. Pul mablag’larini qaytarish shartnomada ko’rsatilgan tartibda va muddatlarda amalga oshiriladi.

    54. Tovarni va pul mablag’larini qaytarish bilan bog’liq hujjatlar elektron hujjat yoki elektron xabar tarzida rasmiylashtirilishi mumkin.

    55. Tovarni qaytarish bilan bog’liq transport xarajatlarini qoplash shartnomada ko’rsatilgan shartlarga muvofiq amalga oshiriladi.

    IX. Elektron tijoratda eksportni amalga oshirish xususiyatlari

    56. Tovarlarning (ishlar, xizmatlarning) elektron tijorat shaklidagi eksporti bojxona qonunchiligining barcha talablariga majburiy rioya qilingan holda amalga oshiriladi.

    57. Elektron tijorat sotuvchisi elektron raqamli imzolardan foydalangan holda elektron hujjat tarzida shartnoma — eksport kontrakti tuzishi mumkin.

    58. SHartnoma-eksport kontrakti bo’yicha axborotni Tashki savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritish, shuningdek ularni bajarish Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 30 sentyabrdagi 416-son qarori bilan tasdiqlangan Tashqi savdo operatsiyalari ustidan monitoring olib borish tartibi to’g’risidagi nizom talablariga qat’iy muvofiq ravishda amalga oshiriladi.

    X. Yakunlovchi qoidalar

    59. Elektron tijoratni amalga oshirish bilan bog’liq nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

    60. Elektron tijorat sub’ektlari ushbu Qoidalar qoidalariga rioya etilmaganligi, shuningdek o’z majburiyatlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shartnoma doirasida bajarmaganligi uchun javob beradilar.

    61. Soliq solish ob’ektlarini va soliq solish bilan bog’liq bo’lgan ob’ektlarni aniqlash uchun, shuningdek soliq majburiyatlarini hisoblab chiqish uchun asos hisoblangan hisobga olinadigan hujjatlarni tuzish soliq to’g’risidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

    Elektron tijoratni amalga oshirish qoidalariga


    1-ILOVA

    Elektron tijorat shaklida tovarlarni sotish (ishlarni bajarish, xizmatlar ko’rsatish) tartib-taomillarini soddalashtirishga yo’naltirilgan

    ALOHIDA NORMALAR
    1. SHartnomaga ilova sifatida tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) jismoniy shaxslarga, shuningdek chakana savdo bilan shug’ullanuvchi yuridik shaxslarga elektron tijorat shaklida ulgurji va mayda turkumlar bilan sotishda xaridor (buyurtmachi) joylashgan joy bo’yicha davlat soliq xizmati organining turg’un savdo shoxobchasi mavjudligi va nazorat-kassa mashinasi ro’yxatdan o’tkazilganligi to’g’risidagi ma’lumotnomasi talab qilinmaydi.

    2. Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda turg’un savdo shoxobchalaridan tashqarida va nazorat-kassa mashinalaridan foydalanmasdan (№306) yuridik shaxslar tomonidan chakana va ulgurji sotishga, shuningdek yakka tadbirkorlar tomonidan elektron tijorat shaklida tovarlarni chakana sotishga yo’l qo’yiladi.

    3. Elektron tijorat shaklida non va non-bulka mahsulotlarini sotishda maxsus inventar (sanchqilar, pichoqlar, bo’lish taxtalari, stellajlar va javonlarni non ushoqlaridan tozalash uchun cho’tkalar va shu kabilar) talab etilmaydi.

    4. Elektron tijorat shaklida tovarlarni sotishda ish joylaridan tashqarida tarozilardan va boshqa o’lchov asboblaridan foydalanishga yo’l qo’yiladi.

    5. Kartoshka va meva-sabzavot tovarlarini elektron tijorat shaklida sotishda ularni taxta tokchalarga, etajerka va javonlarga va peshtaxtalarga, shu jumladan sovutgichlarga, lotoklarga, kassetalarga, savatlarga, qutilarga, shuningdek boshqa jihozlangan inventarga qo’yish talab etilmaydi.

    Elektron tijoratni amalga oshirish qoidalariga


    3-ILOVA

    Elektron tijorat shaklida tovarlarni sotish (ishlarni bajarish, xizmatlar ko’rsatish)



    SXEMASI

    Vazirlar Mahkamasining


    2016 yil 2 iyundagi 185-son qaroriga
    2-ILOVA

    SHartnomalarni tuzishda elektron raqamli imzolarni qo’llash va elektron hujjatlarni hamda elektron tijoratda qo’llaniladigan elektron xabarlardagi mavjud axborotni saqlash tartibi to’g’risida

    NIZOM

    I. Umumiy qoidalar

    1. Ushbu nizom «Elektron tijorat to’g’risida», «Elektron raqamli imzo to’g’risida» va «Elektron hujjat aylanishi to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq shartnomalar tuzishda elektron raqamli imzolarni qo’llash va elektron hujjatlarni va elektron tijoratda qo’llaniladigan elektron xabarlardagi mavjud axborotni saqlash tartibini belgilaydi.

    2. Ushbu nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo’llaniladi:

    aktsept — oferta yo’llangan shaxsning uning qabul qilinganligi to’g’risidagi javobi;

    elektron raqamli imzolarning yopiq kaliti (ERI yopiq kaliti) — faqat imzolovchi shaxsga ma’lum bo’lgan va elektron hujjatda elektron raqamli imzolarni yaratish uchun mo’ljallangan elektron raqamli imzolar vositalaridan foydalanilgan holda olingan ramzlarning izchilligi;

    axborot tizimi — axborotni to’plash, saqlash, izlash, qayta ishlash va undan foydalanish imkonini beradigan axborot resurslari, axborot texnologiyalari va aloqa vositalarining tashkiliy tartibga solingan jami;

    axborot vositachisi — elektron tijoratda elektron hujjatlar va elektron xabarlar aylanishi bilan bog’liq xizmatlar ko’rsatuvchi yuridik shaxs;

    elektron raqamli imzolarning ochiq kaliti (ERI ochiq kaliti) — elektron raqamli imzoning yopiq kalitiga mos bo’lgan axborot tizimidan istalgan foydalanuvchi kira oladigan va elektron hujjatdagi elektron raqamli imzolarning haqiqiyligini tasdiqlash uchun mo’ljallangan elektron raqamli imzolar vositalaridan foydalangan holda olingan ramzlarning izchilligi;

    oferta — bir shaxsga, bir nechta aniq shaxslarga yoki shaxslarning nomuayyan doirasiga yo’naltirilgan, undan taklif bildirayotgan shaxsning (oferentning taklifda ko’rsatilgan shartlarda kim javob bersa u bilan shartnoma tuzishga bo’lgan irodasi bilinadigan shartnomaning barcha shartlari mavjud bo’lgan taklif;

    elektron raqamli imzolar kalitining sertifikati (ERI kalitining sertifikati) — ERI ochiq kalitining Elektron raqamli imzolar kalitlarini ro’yxatdan o’tkazish markazi tomonidan ERI yopiq kaliti egasiga berilgan ERI yopiq kalitiga muvofiqligini tasdiqlaydigan elektron hujjat;

    noyob identifikator — ob’ektning bir xilligini ta’minlaydigan va uni boshqa ob’ektlardan farqlash imkonini beradigan belgi;

    elektron tijorat ishtirokchisi — elektron tijoratda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotuvchi yoki ularning xaridori bo’lgan yuridik yoki jismoniy shaxs;

    elektron tijorat — axborot tizimlaridan foydalangan holda tuziladigan shartnomaga muvofiq amalga oshiriladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) oldi-sotdisi;

    elektron raqamli imzo (ERI) — ERI yopiq kalitidan foydalangan holda muayyan elektron hujjatdagi axborotni maxsus qayta o’zgartirish natijasida olingan va ERI yopiq kaliti yordamida elektron hujjatdagi axborotda buzish yo’qligini aniqlash va ERI yopiq kaliti egasini identifikatsiyalash imkonini beradigan elektron hujjatdagi imzo;

    elektron xabar — elektron hujjat hisoblanmaydigan, elektron vositalar yordamida jo’natilgan, olingan va saqlanadigan elektron shakldagi axborot;

    elektron hujjat — elektron shaklda qayd etilgan, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va elektron hujjatning uni identifikatsiyalash imkonini beradigan boshqa rekvizitlarga ega bo’lgan axborot.

    II. Elektron tijoratda shartnomalar tuzishda elektron raqamli imzolarni qo’llash

    3. ERIlar elektron tijoratda shartnomalarni tuzishda:

    yuridik ahamiyatli elektron hujjatlar aylanishini ta’minlash hamda o’zgartirishlarni aniqlash va elektron tijorat shartnomasi (keyingi o’rinlarda shartnomalar deb ataladi) tuzish doirasida huquqiy munosabatlarni to’xtatishni;

    axborot xavfsizligining zarur talablarini ta’minlash, shu jumladan, imzolangandan keyin axborotning yaxlitligi va o’zgarmasligini tasdiqlash uchun;

    elektron hujjatni imzolagan ERI egasining shaxsini identifikatsiyalashni ta’minlash maqsadida qo’llanilishi kerak.

    4. SHartnomani tuzishda ERIlar kalitlarini ro’yxatdan o’tkazishning bir yoki bir nechta markazlari tomonidan berilgan ERI kalitlari qo’llanilishi mumkin.

    5. Elektron hujjatlarning yaxlitligini tekshirish jarayoni ERI kaliti sertifikatining amal qilishini va elektron hujjatdagi ERIning haqiqiyligini tekshirish yo’li bilan amalga oshiriladi.

    6. ERI kaliti sertifikatining amal qilishini tekshirish sotuvchi yoki axborot vositachisi tomonidan beriladigan ERIlar vositalaridan foydalangan holda elektron tijorat ishtirokchilari tomonidan mustaqil amalga oshiriladi.

    7. ERI kaliti sertifikatining amal qilishini tekshirish bekor qilingan sertifikatlar ro’yxatini tekshirish yoki so’rovni shakllantirish va ERI kaliti sertifikatini bergan ERIlar kalitlarini ro’yxatdan o’tkazish markaziga jo’natish yordamida amalga oshiriladi.

    8. Elektron hujjatlardagi ERIning haqiqiyligini tekshirish axborot tizimi bilan yoxud ERI kalitlarini ro’yxatdan o’tkazish markaziga murojaat qilish yo’li bilan amalga oshiriladi.

    9. Operatsiya muvaffaqiyatli yakunlanganligi tasdiqlanishidan oldin elektron tijorat ishtirokchilari shartnomani tuzishda shartnoma tuzish doirasida foydalaniladigan elektron hujjatlarning yaxlitligini tekshiradilar.

    10. ERI shakllantirishda ERI kaliti sertifikatining amal qilishini tekshirish ERI kalitlarini ro’yxatdan o’tkazish markazida:

    ERI kalitining amal qilish muddatini va elektron hujjatni imzolangan yopiq kalit egasining ERI kaliti sertifikati maqomini;

    elektron hujjatni imzolangan yopiq kalit egasining ochiq kaliti sertifikatining amal qilish muddatini;

    ERI kaliti sertifikati maqomini (amal qiladi, amal qilishi to’xtatib qo’yilgan ERI shakllantirish paytida bekor qilingan);

    ERI amal qilish muddatini va tekshirilayotgan sertifikatni chiqargan ERI kalitlarini ro’yxatdan o’tkazish markazi vakolatli shaxsining ERI kaliti sertifikati maqomini tekshirishni o’z ichiga olishi kerak.

    11. Elektron hujjat yaxlitligini tekshirish jarayonining ijobiy natijasi elektron hujjatda axborotni (shartnoma tuzish doirasida foydalaniladigan) buzish yo’qligini tasdiqlaydi.

    12. ERIni yaratish va tekshirish tartib-taomili shartnoma majburiyatlarining haqiqiyligi va amalda ekanligining, shuningdek ularni har tomonlama o’zgartirish yoki bekor qilishdan himoya qilishning kafolati hisoblanadi.

    III. Elektron tijoratni amalga oshirishda elektron hujjatlarni va boshqa elektron axborotni saqlash tartibi

    13. Elektron ma’lumotlar bazalarida:

    elektron hujjatlarni yaratish, ularning harakati va ularni yo’q qilish;

    ofertalarni va ularning qabul qilinishi holatlarini e’lon qilish (aktsept);

    elektron xabarlarni yuborish va olish;

    elektron tijoratda shartnomalar tuzish bilan bog’liq barcha elektron hujjatlar, elektron xabarlar va operatsiyalar saqlanishi kerak.

    14. Barcha ma’lumotlar:

    tuzilgan shartnomaning taraflarini identifikatsiyalash va shartnomalarni amalga oshirishning barcha shartlarini aniqlash;

    operatsiyalar, shartnomalarni amalga oshirishning aniq sanasi va vaqtini hamda shartnoma va oferta shartlarini o’zgartirishni aniqlash imkonini beradigan tarzda saqlanishi kerak.

    15. Sotuvchi yoki axborot vositachisining axborot tizimlari doirasida har bir elektron shartnoma va ofertaga uning bir xilligini ta’minlaydigan va boshqa ob’ektlardan farqlash imkonini beradigan noyob identifikator berilishi kerak.

    16. Elektron hujjatlar va xabarlarni saqlash muddati shunga o’xshash o’zgartirishning qog’oz manbadagi hujjat uchun belgilangan muddatdan kam bo’lmasligi kerak.

    17. Tuzilgan shartnomalar bo’yicha barcha saqlanadigan ma’lumotlar shartnomaga va oferta shartlariga munosabatni aniq belgilash imkonini berishi kerak.

    18. Elektron hujjatlar va elektron xabarlarni yaratish, hisobga olish, saqlash va ularning arxivlaridan foydalanish tartibi qonun hujjatlariga muvofiq elektron hujjatlarni saqlaydigan tashkilot tomonidan belgilanadi.

    19. Elektron hujjatlarni, elektron xabarlarni va elektron tijoratda tuziladigan shartnomalar bilan bog’liq boshqa ma’lumotlarni saqlash O’zbekiston Respublikasi hududida amalga oshirilishi kerak.

    IV. Tuziladigan shartnomalar bo’yicha elektron hujjatlarni, xabarlarni va boshqa elektron axborotni saqlashda elektron tijorat ishtirokchilari va axborot vositachilarining huquq va majburiyatlari

    20. Elektron tijorat ishtirokchilari va axborot vositachilari, agar qonun hujjatlarida o’zgacha hol belgilanmagan bo’lsa, ushbu nizomga muvofiq elektron tijoratni amalga oshirish davomida shakllantiriladigan elektron hujjatlar va elektron xabarlarni saqlash tartibiga rioya etishlari shart.

    21. Agar tuzilgan shartnomada hamma foydalanadigan axborot resursida joylashtirilgan elektron hujjatga xavola qilish yo’li bilan unga kiritilgan alohida shartlar mavjud bo’lsa, elektron hujjatni joylashtirgan elektron tijorat ishtirokchisi qonun hujjatlarida yoki shartnomada belgilangan muddat mobaynida unga erkin kirish imkoniyatini, bunday muddat tamom bo’lgach esa — ushbu elektron hujjatni ushbu nizomga muvofiq saqlashni ta’minlashi shart.

    22. Sotuvchi axborot vositachisi bilan axborot vositachisiga elektron tijoratni amalga oshirish davomida shakllantiriladigan elektron hujjatlar va elektron xabarlarni saqlash huquqini beradigan ikki tomonlama shartnoma tuzish huquqiga ega.

    23. Sotuvchi va (yoki) axborot vositachisi:

    elektron tijoratdagi elektron hujjatlar va xabarlar saqlanishini;

    qonun hujjatlarida yoki shartnoma shartlarida belgilangan muddat mobaynida shartnoma ishtirokchilari va vakolatli shaxslarning elektron hujjatlar va elektron xabarlardan foydalanishini;

    qonun hujjatlari talablariga muvofiq ham xaridorlar, ham boshqa jismoniy shaxslarning elektron tijorat shartnomalarini tuzish davomida ularga ma’lum bo’lgan shaxsiy ma’lumotlari saqlanishini;

    o’z axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari, elektron hujjatlar, xabarlarni saqlash vositalari va muhiti himoya qilinishini ta’minlashi shart.

    24. Elektron tijorat ishtirokchilari, shuningdek axborot vositachilari:

    saqlanayotgan ma’lumotlarning mazmunini o’zgartirish;

    ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga berish huquqiga ega emas, qonun hujjatlarida yoki tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

    V. Yakunlovchi qoidalar



    25. SHartnomalarni tuzishda ERIni qo’llash, elektron hujjatlarni va elektron tijoratda qo’llaniladigan elektron xabarlardagi mavjud axborotni saqlash bilan bog’liq nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

    26. Elektron tijorat ishtirokchilari va axborot vositachisi ushbu nizom talablariga rioya etilmaganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.

    Download 162.5 Kb.




    Download 162.5 Kb.

    Bosh sahifa
    Aloqalar

        Bosh sahifa



    Elektron tijoratda bitimlarni amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida (O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2016 y., 23-son, 266-modda) «Elektron tijorat to’g’risida»

    Download 162.5 Kb.