I.3. Qissachilikda ijtimoiy muhit va badiiy psixologizm




Download 313 Kb.
bet11/14
Sana19.06.2021
Hajmi313 Kb.
#15132
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14
I.3. Qissachilikda ijtimoiy muhit va badiiy psixologizm
O`tgan asrning so`nggi choragida Istiqlol davriga qadar yaratilgan o`zbek qissalarida badiiy shaklga e`tibor berish birmuncha susayib ketgan edi. Yozuvchilarning butun diqqati birinchi navbatda mazmunga, ilgari surilayotgan g`oyaga, kommunistik ideya targ`ibotiga qaratilgan edi. Hukmron mafkuraga xizmat qilish lozim edi. Ya`ni jamiyatimizda faqat yaxshilar bilan eng yaxshilar bor deb uqtirilardi. Turmushdagi kamchiliklar haqida yozish mumkin emas edi. Asar g`oyasi masalasiga kelsak esa uni qotib qolgan dogma holida tasavvur qilish mumkin emas.

Xurshid Do`stmuhammadning qator qissalari shu sirani tashkil etadi. Ayniqsa, uning "So`roq" qissasi adabiy jamoatchilik tomonidan yuqori baholandi. Asarning "So`roq" deb nomlanishida ramziy ma`no bor. Zero, badiiy asar nomi, shu asarga qo`yilgan epigraf, voqealar rivoji, qahramonlar dunyosi qissaning o`ziga xos yo`nalishini belgilaydi.

Qissa "Hadis"dan olingan, "So`roqqa tutilmay turib o`zlaringni o`zlaring so`roq qilinglar" degan epigraf bilan boshlanadi.

YOzuvchi ushbu asarni yaratar ekan, yangicha yo`l tutadi. Fantastik elementlar vositasida asar g`oyasini ifodalaydi. U "So`roq" qissasiga "uchar barkash"lar deb nomlangan maxluqlar qiyofasini olib kiradi. Yana bir muhim tomoni shundaki, doimo qo`rquv bilan yashayotgan kishilarning ichki dunyosi "uchar barkash"da kelgan odamlar bilan bo`lgan muloqotda chuqurroq ochiladi. Shunday muloqotlardan biri qissa qahramoni Bozorboy bilan bo`lib o`tadi.

"U o`takasi yorilib beixtiyor qocharga joy mo`ljallaganida boshi uzra nimaningdir mayin g`uviri eshitildi - birdan vujudidan qo`rquv hissi yo`qoldi - tepaga qaradi - ro`parasida o`ziga ikkita keladigan daroz, kumushdek oq zirhli libosga o`rangan g`alati odamnusxa maxluqni ko`rib tek qotdi. Shu payt bo`lsa kerak derazadan xotinining, "Bozor aka, nima u?" degani eshitildi. Bozor qo`rquv tuyg`usi yo`qolganini tushunolmay, "YOtaver, hozir kiraman", deb ovoz berdi.

- Kimsan? - so`radi odamnusxa maxluq.

- Bozorman, - dedi Bozor. - Bozorqulman.

- Kimning o`g`lisan?

- Alimqul boboning ... otam qaytish qilgan ... - dedi Bozor qo`rqmasa-da, ang - tang bo`lib.

- Kasbing? Nima ish qilasan? Qachondan buyon ishlaysan? Oilang bormi? Bolang-chi?".12

YOzuvchi ushbu parchada ilk daf`a odamnusxa maxluq haqida kitobxonga ma`lumot beradi. Baland bo`yli, oq kiyimli, odamni hayratga soladigan qiyofa. Shov-shuv bo`lgan «uchar barkashlar» haqidagi afsona va haqiqat uyg`unlashib, odamnusxa maxluq obrazi yuzaga keldi

Qissa qahramoni Bozor zavodda ishchi bo`lib ishlaydi. Oddiy hayot kechiradi. Kelgindi maxluqlar Bozorni so`roqqa tutadi. Shu voqea asnosida yozuvchi qissa qahramoni Bozorning ruhiy olamini ochib beradi. Dastlab voqealar shunchaki shov-shuvni eslatsa ham, qissa davomida yozuvchi voqealarga jiddiy tus beradi. Bu voqea zamirida jamiyatdagi qing`irliklar, ko`zbo`yamachiliklar, xullas barcha salbiy xolatlar fosh etiladi, asar g`oyasi shu voqealar orqali ochib beriladi.

"Bozorning ajabtovur hikoyasini radiodan eshittirishdi, ro`znomada surati bilan bosishdi - hafta - o`n kun na hushida, na uyqusida halovat topdi u. Bozorning nomi paxtaqaynarliklar og`zidan tushmadi, o`sha kunlarda o`g`il ko`rganlarning yarmidan ortig`i yangi mehmonga "Bozorboy" deb ism qo`ydi. Lekin ayni terim pallasi emasmi - odamlar yana paxtaga chalg`idi - mish - mishlar so`na boshladi. Faqat ko`cha- ko`yda uchragan tanish - bilishlar Bozorvoyga endi odatdagidan bo`lakcha qarashar, u bilan favqulodda sehrli odamdek muomala qilishardi. Zavod ishchilari nari tursin, hatto Rahmatovdek zot ham u bilan to`xtab so`rashadigan, o`naqay kelsa - birpas - yarimpas suhbatga tutadigan odat chiqardi" (14-15-betlar).

Bizning nazarimizda, odamnusxa maxluqlarning so`roqlari haddan tashqari ko`payib ketgandek. Masalan, Bozorvoyning qachon ishga o`tgani, ilgari nima ish qilgani haqida so`roqlar borki, bular ortiqchadek, biroz cho`zilib ketgandek tuyuladi. Ammo, bu so`roqlar muallif g`oyasini berishda zanjirdagi muhim xalqalardan biri vazifasini o`taydi.

Muallif qissasida kechagi kun manzaralarini tasvirlashga harakat qilgan. Asarda Rahmatov, Oqsoqol, Narziqul, Aminvoy, Davlatov kabi bir qator obrazlar bo`lib, ularning ma`naviy dunyosini ochishda mana shu "uchar barkash"lar omil vazifasini o`tagan.

So`roqlar zanjiri asardagi har bir adabiy qahramon bilan bog`lanib ketaveradi. Chunki Paxtaqaynarda bo`layotgan voqealar, ularning har biriga bevosita daxldordir. Muallif ko`proq paxta zavodi atrofida kechayotgan voqealarni qalamga oladi. Qissadagi obrazlar orasida Aminvoy obrazi ham alohida ajralib turadi.

"Bozor o`rnidan turdi. Aminvoyning aftiga merovlanib tikildi. Yuzini yuziga yaqinlashtirdi. Guppi tislandi. - Bozor unga tomon bir - bir qadam bosib yana yaqinlashdi.

- Gapir! - o`dag`ayladi guppi ovozi o`zgarib.

- Aka... - dedi Bozor nihoyat o`ta sirli ohangda shivirlab.- Ular deganimnimas, ko`nglimdagini eshitadi... sezadi... Aljigani uchun amakni so`kdim... ichimda so`kindim - eshitdi, sezdi - jonimni ko`zimga ko`rsatib qo`ydi!..” (40 - bet.)

Ko`ramizki, Aminvoy zavodda bo`layotgan barcha qing`irliklardan xabardor. Balki, bevosita ishtirokchisi hamdir. Aminvoyning bu qadar asabiylashishi bejiz emas. Oxir-oqibatda sirlarining fosh bo`lishidan qo`rqqan kimsa mana shunday holatga tushadi.

Qissada yozuvchi voqealar tasviridan, ikkinchi bir voqea tasviriga o`tar ekan, ularni rivojlantiradi. Pirovardida, ziddiyatli vaziyat yuzaga keladi. Bu esa qissadagi obrazlar xarakterini ochishda qo`l keladi. Yozuvchi qahramonlarining yaxshi-yomonligini ta`rif-tavsif qilib o`tirmaydi. Ularni turli vaziyatlar girdobida ko`rsatadi, asar g`oyasi xuddi shu vaziyatlarni tasvir orqali ochib boradi.

YUqorida ta`kidlaganimizdek muallif badiiy obraz yaratishda o`ziga xos yo`lni tanlaydi. U kesatiq, kinoya, turli uchiriqlardan foydalanadi.

Narziqul amaki obrazi buning yorqin isbotidir. Narziqulning o`n ikki bolasi bor, jo`jabirday jon. Zavodning taftish qilinishi Narziqul amakini ham tashvishga qo`ydi. Bu o`rinda muallif Narziqul amakining qing`ir ishlarga daxldorligidan voqif etyapti. U alamzada ham alamini Bozordan olmoqchi bo`ladi.

Qissada paxta yig`im-terim manzaralari tasvirlanadi. Unda paxtadan boshqa tashvishni bilmagan kishilar obraziga keng o`rin berilgan.

Qissada Bozor va uning bilan birga yashayotgan kishilarning o`ziga xos dunyosi badiiy detallar yordamida ishonarli tarzda ochib beriladi.

"Ayrim keluvchilar Narziqul amakining ahvolini surishtirdi. Bozor, "U kishi tuzuk, uyida" deb javobni qisqa qildi, kimdir, "Bechorani uch kun uxlatib ketibdiya, qizitaloqlar!" deb vahima ko`tardi. Bozor unga ham ortiq e`tibor qilmadi - "Narzi amaki xo`p charchagan ekan - o`zi bosh ko`tarmay uxladi", dedi qo`ydi.

Nihoyat, alla - pallada so`nggi mehmon - tog`asini kuzatib darvozani tambalab qaytgan Bozorga hovli o`rtasida turgan qaynotasi otalarcha mehribonlik qildi:

- CHarchadingiz, ulim...

Bozor beixtiyor qaynotasining o`siq qoshlari ostida miltirab turgan mitti ko`zlariga, siyrak, cho`qqi soqoliga termildi. Boboyning kimsasiz tog`u toshda yolg`iz, beg`am - betashvish qo`ychivonlik qilishini eslab qaynotasiga havasi keldi, shuning barobarida mo`ysafid odamni xavotirga qo`yganidan xijolat chekdi" (48-bet).

Bu olingan parchadan ko`rinib turibdiki, Bozorning so`zlari kitobxonni befarq qoldirmaydi. Chunki, u atrofda kechayotgan voqealarning bevosita ishtirokchisidir. Voqealar oqimi ziddiyatli girdoblar osha davom etaveradi. Garchand gap "uchar barkash"lar to`g`risida ketayotgan bo`lsa-da, asosiy maqsad insoniy qadr-qimmat toptalgan davrning badiiy manzarasini berish. Qaynota va kuyov (Bozorboy) obrazida yozuvchi qissaning tub maqsadi - ma`naviy erkinlik masalasini ko`taradi.

Qissada o`z qadri uchun kurashayotgan inson obrazi Bozor timsolida ochib beriladi. Dastavval Bozorboy sodda va ishonuvchan, hamma narsaga ko`nikib yashayotgan obraz sifatida tasvirlansa, voqealar rivojida u o`zgarib boradi. Bu “uchar barkash”ning ta`siri edi.

"Bozor o`zini yulduzni benarvon uradiganlar toifasidan sanamasa-da, judayam go`l, valakisalang deb ham bilmas edi. U Aminvoy bilan suhbatni o`ylagani sayin haqorat ko`ngliga og`ir botayotganini sezdi. "Bundan chiqdi, onam - so`takning onasi, SHabnam so`takning xotini ekan-da!" Bozor nafsoniyati toptalganini qattiqroq his qila boshladi... "Bundan chiqdi, erta-indin tug`iladigan o`g`lim ham so`takning o`g`li bo`larkan-da!... ehtimol, o`g`li so`tak otaning betiga qarolmaslik vajidan tug`ilgisi kelmayotgandir?". (55-bet).

Bu o`rinda Bozor obrazi timsolida o`zini tanishga harakat qilayotgan, o`zligini anglayotgan minglab zamondoshlarni ko`rish mumkin. Chunki, Bozor kabi bir xil tarzda hayot kechirishga o`rganib qolgan insonlar qalbida bu kabi kechinmalar kechishi tabiiydir. Bozor ham umr bo`yi buyruqqa bo`ysunib yashab kelayotgan insonlardan biri. Quruq shiorlar, qizil gaplarga o`rganib qolgan kishilari qiyofasini Bozor obrazi orqali tasavvur qilamiz. U o`z qobig`iga o`ralib qolgan, bu ijtimoiy illatga aylangan. Bunday paytda inson o`zini - o`zi so`roq qilishdan to`xtaydi. Yozuvchi buni quyidagi epizodda juda o`rinli tasvirlashga muvaffaq bo`lgan.

"Sening kiftingga tushadigan turmush tashvishlariyu taqdir mushkulotlariga elka tutishadiganlaring bisyorligida oshig`ing olchi - do`pping yarimta... qo`ling cho`zgan joyingga etadigandek erka - tantiq bo`lib yurasan. Yaqin - yiroqdagi suyanchiqlaring bois dunyoni-da suv bosishidan cho`chimaysan go`yo!... Ajoyib kunlar adoqsizdek tuyulgan kezlarda ittifoqo, osmondagi oyni tusaydi ko`ngil - shunday orzuing ijobatiga yana suyanchig`ing- o`zi, o`zi bo`lmasa uning suyanchig`i, suyanchig`ining suyanchig`i - hamma suyanchiqlar bir bo`lib Oymo`maning etagidan ip solib, oyog`ing ostiga tortib tushiradigandek tuyuladi go`yo!.. Va novzanbillohkim, ana shunday yaydoq xayollar qanotida oyoq er iskamay yurganda nogahon bir arzimas nimadir yuz beradi... Aytishga-da, yozishga-da arzimas bu hodisa, masalan, o`zga sayyoralik bir toifa jondor. Erga qo`nish havosini olib, senga ro`para keladi - savollarga tutadi..." (68-bet).

Bu epizodda Bozor va uning zamondoshlari ruhiyatida yuz berayotgan o`zgarishlar o`z ifodasini topgan. Inson azaldan orzular olamida yashaydi. Goho orzular yo`lida mashaqqat borligini unutib qo`yadi. Ma`naviy tanazzul yoqasiga kelib qolgan inson iztiroblari kitobxon ko`z o`ngida gavdalantiriladi.

"Inson ta`qibidan jon saqlamoq tahlikasida orqa - oldiga qaramay qochayotgan yirtqichdek ko`zlaring qontalash, tiling osilgan - xars - xars nafas olasan... qaddingni rostlamoqqa urinasan - belingga og`riq turib ingrab yuborasan - oyoqlaring jonsizdek - uzilib qolib ketayotgandek ortingdan bazo`r sudraladi... So`nggi daqiqada xudo senga ravo ko`rgan tinch, osuda yo`lga qaytish ilinjida uzr so`rayotgandek, tazarru qilayotgandek ingraysan - ingranasan - tavbalar bo`lsinkim, ingrashlaring qopqonga tushgan sichqonning so`nggi bor chiyillashiga o`xshab ketadi - o`zing buni sezmaysan, negaki, vujuding, vujudinggina emas, butun yorug` dunyo qo`rquvga limmo-lim to`lgan, binobarin qulog`ing, shuuring zimiston og`ushidagi sarhadsiz dalani tutgan yurak dupuri ostida tom bitgan bo`ladi, Bozor!.." (71-72-betlar).

YOzuvchi qissada inson qalbida kechayotgan tug`yonlarni chuqurroq ochishga intiladi va bu asnoda davr kishilarining umumlashma obrazini yaratishga muvaffaq bo`lgan. Asarda so`roqqa tutilgan insonlarning ayanchli qismati g`oyat ishonarli tasvirlangan. O`zini ba`zi-ba`zida so`roqqa tutishni unutgan insonga ularni o`zga sayyoraliklar so`roqqa tutishi saboq vazifasini o`taydi. Voqealar rivoji bir-biriga zanjirday bog`lanib ketgan. Qissadagi voqelikda sun`iylik yo`q. «Uchar barkash» fantaziyaning mahsuli, xolos, uning tashrifi yozuvchiga voqelik ichiga kirish uchun vosita. «Uchar barkash» ijtimoiy voqelikni tasvirlashda ruhiy-psixologik asos sifatida xizmat qilgan. Asar g`oyasini ochishda xizmat qiluvchi unsurlardan biri.

Qissada Narziqul amaki obrazi ancha mukammal ishlangan. U o`zining soddaligi, qo`rqoqligi bilan kimligini bildirib turadi. U - paxta qurboni. Undagi qo`rquv hadik «uchar barkash»lar bilan bo`lgan suhbatda aniq tasvirlangan. Paxta zavodida ko`p yillar ishlagan Narziqul aka oxir-oqibatda vijdon qiynog`ida qoladi.

Xurshid Do`stmuhammad ushbu qissasida adabiy tip yaratish yo`lining o`ziga xos yo`lini tanlagan. Qissa qahramoni Bozor so`nggi yillar o`zbek qissachiligida yaratilgan boshqa obrazlardan farq qiladi. U ikki davr oralig`ida yashayotgan odam. Yana shuni ta`kidlash joizki, yozuvchi Bozor obrazida uyg`onish arafasida turgan mudroq kimsaning ichki iztiroblarini ishonarli tasvirlay olgan. "Uchar barkash"lar mavzusini qissaga olib kirilishini ham tabiiy hol deb qarash kerak. Bunda muallif paxtaqaynarlik kishilarni "uchar barkash"lar bilan ataylab uchrashtiradi. Narziqul amaki bundan vahimaga tushadi. Rahmatov va Davlatovlar esa o`z qilmishlari ochilib qolishidan qo`rqib o`zlarini to`rt tomonga uradilar. Yozuvchi ta`kidlaganidek, bunday paytda SHabnam Bozorga, Bozor Aminvoyga, Davlatov Rahmatovga, Rahmatov allakimlarga ishonib yashaydi. "Uchar barkash"larning paydo bo`lishi esa mana shu ishonchga putur etkazadi. Qissadagi ayrim obrazlarning bir-biriga chambarchas bog`lanib ketishida ma`lum ma`no bor. Masalan, Aminvoyning Davlatovga, Davlatovning Rahmatovga bo`lgan munosabatlari zamirida qing`ir yo`llar bilan topilayotgan moddiy manfaatdorlik yotadi. Yozuvchi mana shu jarayonni tasvirlar ekan, fojialar sababini ochishga harakat qiladi.

"Bozorni duv ter bosdi... Ortiq yotolmadi - boshini tizzalariga solintirgancha boshi qotib o`tirib qoldi: tushuntiraman, meni tinch qo`yinglar, men Rahmatovdi ham, Davlatovdi ham tanimayman... Aminvoydan bir marta iltimos qilganman, bir marta, xolos... Boshqa hech gap bo`lmagan, xudo haqqi tushuninglar!... Abdufaol tagi - tugi yo`q odam aslida, surati bor, xolos, zavudda odam zoti borki, uni bir chaqaga omaydi - tuyqus xo`roz hovlini boshiga ko`tarib qichqirdi!... - cho`chiganidan Bozor o`ringa qapishdi, qo`llari musht bo`lib tugildi... O`zini osganidan bexabarman, toqqa kim bilan, qaysi moshinda borganini ham eshitmadim... Qari onam bo`lsa, xotinim homilador, erta - indin ko`zi yoriydi, baraka topgurlar, tug`ilmagan bolam hurmati, meni tinch qo`yinglar..." (105-bet).

Bozorning ushbu monologi davr so`rog`i oldidan so`nggi talvasa, ammo endi g`isht qolipidan ko`chgan.

Bozorning tavba tazarrulari qissa syujetida alohida o`rin egallaydi. Faol o`zini osib qo`yishi, Narziqul amakining kasal bo`lib qolishi, Rahmatov va Davlatovning jon talvasasida to`rt tomonga yugurishlari asarga xotima yasaydi. Chunki, ular kuni kecha o`zlarini so`roqdan xoli deb hisoblaganlar. Bugun esa ana shu so`roqlarga javob berish oni keldi. Qissada yozuvchi fantastik element13dan foydalanib, o`z oldiga qo`ygan maqsad va vazifalarga erishgan. Mana shu yo`l bilan davr jarohatlarini yoritgan.

Muallif "uchar barkash"larning hayot tarzi haqida chuqur ma`lumotlar berib o`tirmaydi. "Uchar barkash"larning erliklar bilan o`zaro suhbati, munosabatlarini berishdan maqsad, o`zligini unutayotgan odamlarni ogoh etish. “Uchar barkash”larni shartli ravishda jamiyatdagi sog`lom fikrli kishilar, insonga xos iymon tuyg`usi deb ham talqin etish mumkin.

Qissada yozuvchi "uchar barkash"lar timsolida davrning muhim muammolarini kun tartibiga olib chiqadi. Asarda yozuvchi paxta ishi masalalari to`g`risida ko`p gapirmaydi. Aksincha, adabiy qahramonlarning o`zlariga, o`zini fosh ettiradi.

Paxta ishi bo`yicha ro`y berayotgan olatasir voqealar paxtaqaynarliklarni sarosimaga solib qo`yadi.

YOzuvchi bu ishlarning boshida turgan zavod direktori Rahmatovni shafqatsiz fosh etadi. Bu erda ro`y bergan qing`ir ishlar haqida tergovchilar emas, "uchar barkash"lar so`roq qiladilar. Bu so`roqlarning natijasi nima bilan tugaganini qissa qahramoni Bozorboyning gapidan anglab olamiz:

"Gapimni bo`lma, SHabnam, ichimni bo`shatib olay - ana o`shanda butun Paxtaqaynarda birinchi qo`rqmaydigan odam deb ovoza bo`laman, yana mish - mish boshlanadi, yana savollaru - so`roqlarga tutilaman -"Qandoq qilib qo`rqmaydigan bo`b qollingiz. Bozorboy?" deya qisdi - basdiga oladigan bo`lishadi. Gazitga chiqaradi, radiyolda gapirtiradi. Qo`shni qishloqlardan so`rab-surishtirib kela..." "Bozor aka! Voy, o`lmasam!..." "Faqat-chi, SHabnam, sen ham sira qo`rqmagin, odamga aylansang, o`-o`, jonimiz kirardi-ya! Osmondan tushadimi, erdan chiqadimi - so`roqchi zotidan cho`chimaysan, negaki, javobing tayin bo`ladi. Tinchiymiz, sen tinchlansang, anavi tinchlanadi, ana o`shanda u eson - omon tug`iladi. Paxtaqaynarda qo`rquvni bilmaydigan yana bir odam tug`iladi! Qo`rqmaydigan odamlarimiz ko`payadi...” (116-117-betlar).

Keltirilgan bu parchadan Bozor o`zining kimligini anglash darajasiga etgani, bu yo`lda ko`p mashaqqatlar, azoblar tortgani, qanday yashash kerakligini anglab etgani ma`lum bo`ladi. U kelajakka umid bilan qaray boshladi.

X.Do`stmuhammadning "So`roq" qissasida “uchar barkashlar” obrazi asardagi boshqa adabiy tiplarning xarakterlarini ochishga xizmat qilgan. Muallif badiiy shakl masalalariga e`tibor bilan yondashib, har bir obraz qiyofasini, xarakterini alohida boblarda ochib beradi. Bu kitobxonda har bir obraz haqida muayyan taassurot qoldiradi.

Saksoninchi yillar o`zbek prozasi haqida so`z ketar ekan, yozuvchi Erkin A`zamovning ham o`ziga xos o`rni borligini ta`kidlash joizdir. Yozuvchi o`zining "Bayramdan boshqa kunlar" qissasi bilan keng kitobxonlar ommasiga tanish. Bu asar o`ziga xos jihatlari bilan boshqa asarlardan ajralib turadi. Qissa muqaddimasida muallif:

"Qadim o`tgan zamonda emas, uzoq olis tomonda ham emas, mana shu kecha- kunduzda, mana shu shahri shovqinda bir yigit yashar edi. U bolaligidan boshlab uchmoqni, uchuvchi bo`lmoqni orzu qilar edi. Ammo sharoit taqozosi bilan niyatiga etolmadi. Erda qolib ketdi. O`zi erda yursa ham hali - hanuz orzusi - osmon! Bu orzuning etagida yashab, u bir talay sarguzashtlarga duch kelibdi.

Hikoyamiz shu haqda"14, - deb tushuntirish beradi.

Qissa axborot berish tarzida boshlangan. Ammo, shu jumlalardanoq qahramon xarakteri, ma`naviy dunyosi, olamga munosabati ko`rinib turibdi.

Qissa qahramoni ana shunday orzular og`ushida yashaydi. Bakir oddiy kasb egasi. Bolalikdan parvoz qilishni orzu qiladi. Ammo orzulari ro`yobga chiqmadi. U avtobus haydovchisi bo`lib ishlaydi. Voqealar rivoji Bakir yordamida o`quvchiga etkaziladi, bu qissa janriga xos usullardan biri. Bu qissa bilan bog`liq tadqiqotlarda e`tirof etilgan15.

Qissadagi voqealar bilan Bakir orqali tanisha boramiz. Bu obraz tabiatidagi o`ziga xos tomonlari bilan ajralib turadi. Ko`rganlaridan nuqson emas, fazilat qidiradi. Lekin hayot unga o`xshaganlar bilan hisoblashmaydi YOzuvchi Bakirga xos beg`uborlikni tasvirlashda peyzajdan foydalanadi:

"Bakir hozir xuddi shunday holatda edi. Osmon tiniq, musaffo, cheksiz qadar yuksalib ketgan; havo engil, mayin, gard - g`ubordan asar yo`q; quyosh qizdirib bezor qilmaydi - jilva sochadi, erkalaydi, allalaydi; daraxtlar shoxida chuldurab yurgan parrandalar xunuk, jaydari chumchuqlar emas, yo`q - yo`q - xushxon bulbullar; yo`l bo`ylarida shildirab yotgan uyum - uyum barglar umri poyoniga etgan xazonlar emas - bir zumgina erga bosh qo`yib mudramoqqa izn olgan horg`in chechaklar; haydovchi xalqiga oddiy aravakash, yulg`ich deya shubha bilan qaraydigan izzattalab yo`lovchilar - bugun muloyim, muruvvatli birodarlar; haydovchining o`zi ham hozirgina ko`nglida mash`ala porlagan, ertasidan umidvor, kuch - g`ayratga to`la navqiron yigit"... (5- bet).

Bakirning qalbidan nimalar kechayotganini atrofidagi kishilar tushunmaydi, uning ko`ngli bilan hisoblashishmaydi.

Adabiyotshunos Abdulla Ulug`ov qissa, undagi qahramonlar xususida:

"Erkin A`zamov asarlarida muammo to`g`ri qo`yiladi. Syujetga uyushtirilgan barcha voqea - hodisalar shu qo`yilgan muammoni yoritishga safarbar etiladi. Qahramonning o`z boshidan o`tkazayotgan hodisalarga munosabatiga ham albatta alohida e`tibor beriladi. Ana shu e`tibor tufayli uning asarlaridagi psixologik tahlillarning ta`siri baland bo`ladi. Muallif o`zligini tanishga urinayotgan va shu tariqa bizni ham o`zligimizni anglash haqida o`ylantira oladigan o`ychan qahramonlari bilan qiziqtirib qo`yadi"16, - deb fikr bildiradi.

Bakir obrazi orqali atrofga nazar tashlaymiz va beixtiyor qissa qahramonining orzulariga sherik bo`lamiz. Qissa qahramoni Bakir haqida yozuvchi quyidagi ma`lumotni beradi: "Maktabni bitirgach, u Saratovdagi uchuvchilik bilim yurtiga ketish uchun hujjat topshirgan edi, dadasi borib uni qaytarib olib keldi, bu ham kamdek, kechqurun dasturxon boshida dag`dag`a qildi: "SHu qoluvdi endi! Sen uyoqda osmonda charxpalak bo`lib yursang, oying bu erda yuragini hovuchlab o`tirsa! Ahvoli o`zinglarga ma`lum".

O`sha mash`um kun Bakirning yodidan chiqmaydi. Maktabdan kelsa - darvozalari tagida "Tez yordam" mashinasi. Dadasi, aka - opalari sarosimada, hamma o`zini yo`qotib qo`ygan. Tepasida do`xtirlar oyisi o`lim to`shagida yotibdi: shumxabarni eshitibdiyu, turgan joyiga qulab tushibdi. Bakir kenja tog`asini hammadan yaxshi ko`rar, mashhur futbolchi Omon ergashevning jiyani" sifatida doimo kerilib yurar edi. Sevimli tog`asi osmondagi falokatda "paxtakor"chi birodarlari safida juvonmarg ketibdi...

SHu-shu, osmon desa, samolyot tovushini eshitsa - tamom, oyisining rangi o`chib, dir-dir titrab qoladi; yurak o`ynog`i» (8-bet).

Bu o`rinda biz osmonlarda parvoz qilmoqni istagan yigit iztiroblari va o`g`lining doimo yonida bo`lishini istagan ona orzusi bilan to`qnash kelamiz. Bakir uchun osmon orzulari ushaladigan maydon. Ona uchun esa fojia. Ukasi bilan bo`lgan voqeani qaytarilishini istamaydi. Bakir ko`nglida armoni bilan yashaydi. U ota-onasining rayiga qarab "aravakashlik" qilayotganidan noliydi. Shu tariqa, ikki qiyofaning intilishlari, maqsadlari bilan kitobxon tanishishda davom etadi:

"Besharm, nainki besharm, yovuz, sharmanda manzaralar ko`z oldidan o`tarkan, Bakir birdan Bargidani, hozirgina bu erdan chiqib ketgan xotinlarni, jamiki, ayol zotini, yo`q, umuman, odamzodni cho`chqadan ham battar yomon ko`rib, nafratlanib ketdi. Chiqib jo`nay desa, hamma o`tiribdi, qimirlamoqchi ham emas jon quloq bo`lib, vujudlar ko`zga aylangan. Innakeyin, bir o`zi chiqsa, bularning oldida nima degan yigit bo`ladi?" (27- bet).

Qissada yangi hayot arafasida turgan yoshlar bilan tanishamiz. Ularning qatorida faqat o`z manfaatini o`ylab yashaydiganlari ham bor.

Mana shu ikki qutb o`rtasida Rajik singari bir avlod etishib kelmoqdaki, yozuvchi bunday kimsalardan bizni voqif etadi, bizni ularning tarbiyasiga befarq qaramaslikka da`vat etadi.

Rajikka o`xshaganlar oramizda yo`q emas, uchrab turadi. Atrofdagilar Rajikka o`xshaganlarga nisbatan befarq tomoshabinlarga aylangan. Yozuvchi CHinnibekning o`g`li Rajik obrazi orqali ma`naviy tanazzul jarayonini ochib beradi. Tanazzul jarayoni tasviri asar g`oyasini ochishga xizmat qilgan.

YOzuvchi asarga Rajik obrazini kiritmasligi ham mumkin edi. Ammo, u Rajik kabilar bilan bog`liq hayotning ushbu xavotirli jabhasini ham yoritish maqsadida bu obrazni asarga olib kiradi. Qat`iy axloqiy mezonlarni Rajik kabi qahramonlarga qo`llash qiyin. U bunday mezonlarni nazar-pisand qilmaydi.

Rajik obrazida o`zligini unutib borayotgan ba`zi yoshlar taqdirini ko`rish mumkin, shuningdek, o`z dardi bilan yashayotgan manfaatlariga qul bo`lib qolgan kishilar qiyofasi ham yozuvchi tomonidan juda jonli tasvirlangan. Ammo, yozuvchi ularni ta`riflab o`tirmaydi. Balki ularni oilaviy muhitda, harakatda ko`rsatadi. Yozuvchi qissada qahramonlar galereyasini yaratar ekan, mo`g`ulbashara Muftillaga alohida urg`u beradi. Qahramonlarining xarakteriga xos chizgilarni yoritishga harakat qiladi. Kutilmaganda Bakir boshqarayotgan avtobusda tekshiruvchilar taftish o`tkazishadi. Turli bahonalar bilan to`ldirishadi. Voqea shu darajaga borib etadiki, Bakirning «aybi» to`rt yillik qamoq muddati bilan yakun topishi kerak edi. Chinnibek tergovchilar bilan gaplashadi. Ular buning evaziga to`rt ming so`m pul so`rashadi. Shundan so`ng Bakirning haqiqiy sarguzashtlari boshlanadi.

"Dadasi u tug`ilgan yili yaxshi niyat bilan sug`urta qildirganidan chiqqan pulu boshqa yiqqan - tergani va Bakirning o`zi to`rt yil ishlab orttirgan ozroq sarmoyaning bari to`y xarajatlari bilan uchma - uch bo`lgan, qolgan - qutgani ham shu bahonada turli hoyu havaslarga sarflangan edi.

Oilaviy kengashdan ma`lum bo`ldiki, uydagilardan hech najot yo`q. Yolg`iz najot ..." (32-bet).

YOzuvchi shu bahonada oshna - og`aynilarning, yoru - birodarlar o`rtasidagi munosabatlarni ham ochib beradi.

"Oyisining qiyin - qistovi bilan Bakir pulni zo`rg`a oldi, boyagining yoniga qo`shib qo`ydi. endigina ming so`m bo`libdi! YAna...

Smenadosh og`aynisi Grisha ming so`m berdi. Xotini Natasha po`stin olmoqchi bo`lib yig`ib yurgan ekan.

- Bu yil kiymasa shuni, o`lib qolmas. Balki bu yil qish ham bo`lmas, - dedi u kulib. - Kuzda Bolgariyaga sayohat qilmoqchimiz, o`shangacha bersang bo`ldi.

YAna bir ming so`mni, hech kutilmaganda, Safura in`om qilib qoldi". (34-bet).

... Bakir butun tashvishlardan qutulganday bo`ldi. U hech nima ko`rmaganday ishini davom ettiraverdi. Chunki olingan qarzlar o`z ta`sirini ko`rsatmoqda edi. Bakir adolat istab, adolatsizlikka duch keldi. Buning uchun katta tovon ham to`ladi. Kitobxon esa CHinnibekning nimalarga qodir ekanligini ko`rib qo`ydi. Bo`lib o`tayotgan voqealarni yozuvchi Bakir nigohi bilan baholaydi.

Qissada ijtimoiy qatlamlarga mansub kishilarning hayot tarzlari ishonarli tasvirlangan. Misol uchun, qissa qahramonlari Bakir hamda Bargida turli oilaviy muhitda tarbiya topgan yoshlar. Bakir oddiy o`qituvchi oilasida tug`ilgan. Bargida esa tamomila uning aksi. Bakirlar oilasi maoshdan - maoshgacha qanoat qilib yashaydilar. Bargidalar xonadonida bo`lsa, "har kuni bayram" edi. Shu bir hafta ichida charlar bo`ldi, singlisi Basiraning tug`ilgan kuni o`tkazildi, oyisi Afro`za Kamolovna o`zi mudirlik qiladigan dorixonadagi xizmatdosh hamkasabalarini mehmonga chaqirdi, o`zlari ham bir marta allakimning yubiley ziyofatiga borib kelishdi - xullas, biror kun uyda tinchgina o`tirmoq yo`q, hamisha bayram, dabdabayu as`asa, to`y - taraddud. Har kech yotishdan oldin oilaviy tarzda birgina savol muhokama etiladi: ertaga nima qildik? Keyin yo birovnikiga mehmondorchilikka boriladi, yo kimdir, ko`pincha mashhurroq odam, sabab - besabab uyga chaqiriladi.

Barnoshaning tug`ilgan kuni, Bargishaning tug`ilgan kuni, Basirashkaning tug`ilgan kuni, Afro`za Kamolovnaniki, Rajikniki... Yilda bir necha martadan! Bular go`yo tug`ilgan kunlarini nishonlamoq uchungina tug`ilishgan edi" (45-46-betlar).

Qissaning "Bayramdan boshqa kunlar" deb nomlanishida ham chuqur ma`no bor. Inson umri faqat kayfu safo, bayramlar, tomoshalar bilan o`tmaydi. Hayotning ertasi, tashvishlari, umidlari, orzularini bir kunlik dabdabalarga almashtirib bo`lmaydi.

Qissada yoshlar o`rtasida ma`naviy aynish, tubanlikka yuz tutish kabi holatlar ham qalamga olingan.

"Ular, qo`llariga neki tushmasin, ertaning g`ami bilan ishlari yo`q, shu kuniyoq eb - ichib bitirishadiyu so`ngra yana biror joydan biror nima unishini poylab osmonga boqib yallo qilib yotishaveradi - qanoatni ham bilishadi” (47-bet).

Bu kabi holatlar jamiyatda katta ma`naviy yo`qotishlarga olib keldi. Hayotni eb-ichishdan, o`yin kulgidan iborat deb bilgan bu toifadagi kimsalardan jamiyat ertaga nimani kutishi mumkin. Yozuvchi bu vaziyatni adabiy qahramon nuqtai nazaridan baholar ekan, uning sabablarini ochishga harakat qiladi. Qissada yozuvchi Bakir obrazi bilan bir qatorda, boshqa qahramonlar qiyofasini chizishga alohida e`tibor beradi. Ular orasida kundalik tashvishlardan qochadigan, shu bilan o`zlarini ovutadigan kimsalar ham bor.

Ularning bunday hayoti halol kasb egasi bo`lgan Bakirda nafrat o`yg`otadi.

"Bular hamma narsaga beparvo, hamma narsaga yovuzona shubha bilan qaraydi, hech bir millatni, hech bir e`tiqodni tan olmaydi. Bular nasl - nasabi betayin, millati quyqa haromzodalar. Bular -osmondan oyog`ini tikka osiltirib tushgan bepadarlar. Bularning yagona e`tiqodi, yagona xudosi - bugun, bugun, bugun; o`zim, o`zim, o`zim..." (65-bet).

Bakirning bu fikrlari asarning kulminatsion nuqtasi, uning jamiyatga, o`zi yashayotgan muhitga nisbatan bahosi, isyonidir.

Qissada o`zligini unutib borayotgan qiyofalar, g`urur nimaligini bilmaydigan kimsalar tip darajasiga ko`tarilgan. Safura obrazi shular sirasidandir. Dastlab, u madaniyatli, obro`li ayol sifatida taassurot qoldiradi. Biroq yozuvchi uning ichki olamini chuqurroq tahlil qilish jarayonida bu uning niqobi ekanligi ma`lum bo`ladi. Aslida:

"Uning fe`liga tushunish, ko`nglidagini payqash - bamisoli yangi tug`ilgan chaqaloqning hayotini bashorat qilmoq bilan barobar. Ta`b - tabiati ko`klam na`malarining o`zginasi: bir qarasangiz - quyoshdek charaqlagan, xiyol o`tmayoq-chi - jala, shafqatsiz bo`ron. Shundayinki, bir gap bilan osmondagi yulduzni olib kelib balchiqqa uradi, balchiqda yotgan qurbaqadan esa hayratomuz joziba topib, uni ko`kka chiqarib qo`yadi. Bir og`iz gap bilan. Lekin koshki odamga o`xshab gapirsa! U deyarli o`zbekcha so`zlamaydi. Sirasi, ruscha ham so`zlamaydi. Uning o`zi o`ziga to`qib olgan bo`lakcha tili bor. Umuman, ko`p gapirib og`zini charchatmaydi. Demoqchi bo`lgan fikrini biron bitta alomatroq so`zga jamlaydi - qo`yaqoladi. Xuddi mashhur "O`n ikki stul"dagi tantiq ellochkaga o`xshab. Masalan: "bravo", "ujas", "genial’no", "shik", "se lya vi", "chi gap", "oybay", "salyut", "chao", "okey" va hokazo. Bu baynalmilal - qurama so`zlarni u doimo xitob bilan, ohangini keltirib talaffuz qiladi. Siz o`zbekcha gapiravering, u ana shu "til"da javob qaytaraveradi" (79- bet).

Xullas, Erkin A`zamov "Bayramdan boshqa kunlar" qissasida ma`naviy yuksalish yo`lini izlayotgan zamondoshlar obrazini yaratadi. Chunki yozuvchining fikricha, inson qalbini masrurlik, beg`uborlik egallagan kun uning uchun eng katta bayram. Inson bunday paytda dunyoga teran nigoh bilan boqadi. Va beixtiyor kitobxonni ham shunga da`vat etadi.

Biz tahlilga tortgan qissalarda har bir muallifning bir-biriga o`xshamagan jihatlarini ko`ramiz. Masalan, Tog`ay Murod yaratgan adabiy qahramonlar shiddatli va mard kishilar. SH.Xolmirzaev qissalaridagi adabiy qahramonlar ancha bosiq, etti o`lchab bir kesadigan insonlar. E.A`zamov adabiyotga olib kirgan qahramonlar yoshlikning beg`ubor damlarini boshdan kechirayotgan yigit, qizlar. Sh.Bo`taev qissalarida esa tamomila boshqacha bir holatni ko`ramiz. Ular sho`ro tuzumi azobini chekkan jabrdiyda insonlar, turmushining ayanchli onlari ular qiyofasida o`z aksini topgan. Bundan ko`rinadiki, har bir yozuvchining qahramon yaratishning o`ziga xos usuli bor.

Biz tahlilga tortgan qissalarda voqelikning badiiy in`ikosi masalasini ko`rib chiqdik. Badiiy voqelik o`zi nima?, - degan savol tug`iladi.

Hayotiy va ijtimoiy voqelikdan terib, saralab olingan muayyan g`oya va estetik ideal asosida umumlashtirilgan, tipiklashtirilgan va badiiy asar maydonida mavjud bo`lgan odamlar, voqea-hodisalar va hatti-harakatlar majmui badiiy voqelik deb atalishi mumkin. Ammo, badiiy voqelik ijtimoiy va hayotiy voqelikning aynan nusxasi emas. U go`zallik qonuniyatlari asosida o`zlashtirilgan voqelik, sifat jihatidan yangi hodisadir.

G`oya, ya`ni ijodkor o`z asari orqali aytishga jazm etgan umumlashma fikr asarda yaratilgan yoki yaratilayotgan badiiy voqelik tabiatiga faol ta`sirini o`tkazadi. U badiiy g`oyaga muvofiq bo`lishi lozim. O`z navbatida badiiy voqelik boshlang`ich va umuman g`oyaning yangi-yangi qirralarini ochadi. Badiiy voqelik turg`un xarakterga ega. U ob`ektiv hodisadir. G`oya esa o`zgaruvchan, doimo mukammallikka intiladigan fikriy-emotsional tushunchadir. Badiiy g`oya doimiy harakatdagi hodisadir.


XULOSA
O`tgan asrning so`nggi choragida yaratilgan qator qissalarni tahlil qilish orqali qissa kompozitsiyasi va voqelikning badiiy in`ikosi bo`yicha quyidagi xulosalarga kelindi:

- Qissalarda voqelik tasvirlanar ekan, asar zimmasiga yuklatilgan g`oya asosiy o`rinda turadi.

- Voqelik aks etgan makonda ranglar uyg`unligi o`z o`rnini topishi lozim.

- Bu Tog`ay Murod qissalarida o`z isbotini topgan. Surxon vohasining o`ziga xos tabiati, odamlaridagi jo`mardlik yozuvchining “YUlduzlar mangu yonadi” qissasidagi Bo`ri polvon, “Momo Er qo`shig`i”dagi serjant Tursunqul Orziqulov (Pahlavon Daho)ning otasi obrazlarida aks etgan.

- Voqelikni tasvirlashda muayyan bir guruh kishilarning o`zaro konflikti, ular misolida hayot haqiqatini ochishda foydalaniladi. Guruhlar o`rtasidagi konflikt G`.Hotamovning “Quduq tepasidagi oy” qissasida o`z badiiy ifodasini topgan.

- Ijtimoiy davr bilan bog`liq masalalar qissada tasvirlanayotgan voqelikka singdirib yuborilar ekan, u ma`lum bir timsollar orqali ochib beriladi. Shukur Xolmirzaevning “Cho`loq turna” qissasi buning yorqin misolidir.

- Davr o`zgarishlari epik turning qissa janrida o`z badiiy ifodasini topgan. Davr in`ikosi, jamiyat kishilarida ro`y berayotgan fikriy va falsafiy o`zgarishlar, ularning psixologik talqini SH.Xolmirzaev, Tog`ay Murod, O`tkir Hoshimov, Xurshid Do`stmuhammad, Xayriddin Sultonov, Erkin A`zamov, G`affor Hotamovlar qalamiga mansub qissalarda badiiy aks etgan. O`zbek xalqiga xos mardlik, soddalik, poklik, rostgo`ylik kabi xislatlar Ziyodulla kal obrazida o`z ifodasini topgan bo`lsa, oriyat, milliy g`urur,chuqur psixologik kontrastda Bo`ri polvon va Nasim polvon misolida talqin etilgan.

- Shukur Xolmirzaevning “Yur, tog`larga ketamiz”, “CHo`loq turna”, Tog`ay Murodning “Ot kishnagan oqshom” asarlarida jamiyat pok tabiat, inson munosabatlari Tarlon, Qoravoy, To`riq kabi obrazlarda va Ziyodulla kal, bolakay kabi obrazlarda inson ruhiy dunyosining butun murakkabliklari tasvirlab berilgan. Jamiyatga moslashmagan inson qismati lirizm va dramatizm uyg`unligida badiiy talqin etiladi.

- 60-90-yillar o`zbek qissachiligida L.Tolstoy, A.CHexov, M.SHoloxov, V.Rasputin, N.Dumbadze, CH.Aytmatov kabi dunyo miqyosidagi ijodkorlar an`analari ijodiy o`zlashtirildi va ular bilan bo`ylasha oladigan asarlar yuzaga keldi. Ijtimoiy, mafkuraviy konfliktlar o`rnini endilikda ruhiy psixologik, ichki ziddiyatlar tahlili egalladi.

- Sho`ro davrida shakllangan qarashlarning tub-tubidan emirilishi, jamiyat ichra inqirozi Sh.Bo`taev, X.Do`stmuxammadlar ijodida yangi tipdagi qissa qaxramonlari shaklida namoyon bo`ldi.

XX asr so`nggi choragida yaratilgan qissalarda ayrim ziddiyatlarga boy inson obrazi, jamiyat bilan murosasiz yangi tafakkurning tamoyillari etakchilik qiladi.



Download 313 Kb.
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14




Download 313 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



I.3. Qissachilikda ijtimoiy muhit va badiiy psixologizm

Download 313 Kb.