I BOB. MAKTABGACHA YOSHDAGI BOLALARNING JISMONIY TAYYORGARLIGINI OSHIRISH PEDAGOGIK MUAMMO SIFATIDA




Download 0.94 Mb.
bet7/13
Sana24.06.2021
Hajmi0.94 Mb.
#15177
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   13


I BOB. MAKTABGACHA YOSHDAGI BOLALARNING JISMONIY TAYYORGARLIGINI OSHIRISH PEDAGOGIK MUAMMO SIFATIDA


1.1. Maktabgacha yoshdagi bolalarning rivojlanish dinamikasiga xos xususiyatlar.


Ma’lumki, bola unga kattalarning bevosita ta’siri natijasida, mustaqil faoliyat jarayonida, shuningdek, atrof-muhitdan olayotgan axborotlari ta’sirida rivojlanadi. Bolalar ko’p o’yinchoq o’ynaydilar, harakatlanadilar va shu bilan birga atrofdagi voqealarni qiziqish bilan kuzatadilar, suratlarni tomosha qiladilar, turli sabablar yuzasidan ota-onalariga murojaat qilib, ularning topshiriqlarini bajaradilar.

3 yoshdan 6 yoshgacha – maktabgacha bo’lgan davr rivojlanishga ontogenetik imkoniyatlarning to’xtovsizligi orqali amalga oshiriladigan umumiy sensitivlik nuqtai nazaridan ilk go’daklik davrining to’g’ridan-to’g’ri davomi hisoblanadi. Bu davrda bolada barcha harakat ko’nikmalari rivojlanib, takomillashishda davom etadi, biroq uning tevaragini o’rab turgan olam bilan muloqoti hozircha cheklangan. Asta-sekin bolalar mustaqil bo’la boradilar, ularning organizmi mustahkamlanadi, harakatlari ancha aniq, ishonchli, tezkor bo’ladi. Uy ro’zg’or buyumlari, o’yinchoqlar bilan bajariladigan harakatlarning takomillashuvi xayotiy tajribaning boyishiga yordam beradi. Harakatlar yanada aniq, ongli, maqsadli bo’lib qoladi.

To’g’ri tashkil etilgan jismoniy tarbiya maktabgacha yoshdagi bolalarda tafakkur, xotira, tashabbus, tasavvur, mustaqillikning rivojlanishiga asosiy gigienik ko’nikmalarning paydo bo’lishiga ko’maklashadi. Xuddi ilk go’daklik davridagi kabi maktabgacha yoshda ham atrofdagi olam to’g’risida yorqin tasavvurlarning shakllanishida bolalarning hissiy tajribalari katta ahamiyatga ega bo’ladi. Bu davrda o’yin faoliyatning etakchi turiga aylanadi, lekin bu odatda bola ko’p vaqtini qiziqarli o’yinlar bilan o’tkazgani uchun emas, - o’yin bola psixikasida sifat o’zgarishlarini yuzaga keltiradi. Maktabgacha yoshdagi bolaning o’yini ancha murakkablashadi: unda hayotiy tajriba qo’lga kiritiladi, muayyan maqsad aniqroq namoyon bo’ladi, ijodiy tasavvur ko’zga tashlanadi va rivojlanadi. Yildan yilga bolaning aqliy rivojlanishida kattalarning og’zaki tushuntirishlari va topshiriqlari kattaroq ahamiyat kasb etib boradi.

Sog’lom bolani tarbiyalashda eng muhim vositalardan biri jismoniy mashqlar, harakatli o’yinlar va sport ermak o’yinlari sanaladi. Bolalar bilan jismoniy mashqlarni bajarganda, ularning salomatligini kuzatib borish, tashqi ko’rinishiga, kayfiyatiga, charchashi, ishtahasi, uyqusiga e’tibor berish juda muhim. Xar bir hatto mutlaqo sog’lom bola ham yilda 2-3 marta tibbiy ko’riqdan o’tkazilgani ma’qul. Bunda bolaning bo’yi, og’irligi, ko’krak qafasining aylanasi ko’rsatkichlarini yozib borish tavsiya etiladi, bu uning to’g’ri rivojlanishini kuzatib borish imkonini beradi.

Shartli ravishda bolalik quyidagi davrlardan iborat deb qabul qilingan:

Yangi tug’ilganlik (chaqaloqlik) davri - hayotning dastlabki 3-4 haftasi. Bola yangi sharoitga moslashadi (u o’pkasi bilan nafas oladi, ovqat hazm qilish tizimi ishlay boshlaydi, tanada issiqlik boshqaruvi yo’lga qo’yiladi); uning asab tizimi hali etilmagan - bosh miya po’stlog’ining takomillashmaganligi tufayli faqat shartsiz reflekslar namoyon bo’ladi.

Emish davri - bir yoshgacha bo’lgan davr. Markaziy asab tizimi faoliyati takomillasha boshlaydi; shartli reflekslar ishga tushadi, harakatlar shakllanadi, bo’y va og’irlik tez orta boradi.

Maktabgacha yoshdan oldingi davr - 1 yoshdan 3 yoshgacha. Bo’y o’sishi bir oz sekinlashadi, harakat ko’nikmalari takomillashadi; nutq shakllanadi; bola ayrim gigienik ko’nikmalarni egallaydi.

Maktabgacha bo’lgan davr - 3 dan 7 yoshgacha. Undan avvalgi davrdagi kabi u bo’y o’sishining bir oz sekinlashuvi bilan tavsiflanadi. Bola ortiqcha og’irlikni yo’qotadi, uning mushaklari mustahkamlanib, skeleti kuchli rivojlanadi. Maktabgacha davr oxiriga kelib sut tishlarining almashinishi boshlanadi. Bola kattalar eydigan ovqatga o’tadi, kasalliklarga tez chalinmaydigan bo’ladi.

3-6 yoshli bolalarning rivojlanishi. Maktabgacha davrda go’yo sog’lomlik va to’laqonli jismoniy rivojlanishning poydevori qo’yiladi.

Maktabgacha yoshdagi bolalarda tana hali etarlicha turg’un emas, harakat imkoniyatlari ham cheklangan. Ularning asab tizimi tez rivojlanadi, skeleti o’sib, mushak tizimi mustahkamlanadi, harakatlar takomillashadi. Diqqat ancha barqarorlashib, bolalar eng sodda mehnat ko’nikmalarini egallay boradilar. Gavdaning umumiy statik beqarorligi hamda dinamik imkoniyatlari cheklanganligi 3-4 yoshli bolalarga xos bo’lib, bu yoshdagi bolalarda gavdaning yuqori qismi, elka sathi mushaklari va bukuvchi mushaklar nisbatan yaxshi rivojlangan, 3-4 yoshli bolalarda harakatlar etarlicha muvofiq bo’lmagani holda harakat faolligi yuqori darajada bo’lib, bu harakatlarda yirik mushak guruhlari ishtirok etadi. Mazkur davrda uzoq muddat bir xil vaziyat saqlab turilsa yoki bir turli harakatlar bajarilaversa, tez toliqish kuzatiladi.

7 yoshgacha o’pka to’qimasining tuzilishi hali to’la rivojlanmagan holda bo’ladi; burun yo’llari, traxeya va bronxlar nisbatan tor, shu sababli o’pkaga havoning kelishi bir oz qiyinroq; qovurg’alar birmuncha qiyaroq, diafragma yuqoriroq joylashgan, shuning uchun nafas olish harakatlari amplitudasi katta emas. Bola kattalarga nisbatan yuzaki va ancha tez-tez nafas oladi: 3-4 yoshli bolaning nafas olish sur’ati - bir daqiqada 30 marta, 5-6 yoshda - 25 marta, kattalarda 16-18 marta. Bolalarning yuzaki nafas olishi o’pkada havo aylanishining nisbatan yomon bo’lishi, havoning o’pkada bir oz turib qolishiga olib keladi, o’sayotgan organizm esa to’qimalarning kislorod bilan etarlicha ta’minlanishini talab qiladi. Aynan shuning uchun ham ochiq havoda o’tkaziladigan jismoniy mashqlar juda muhim bo’lib, ular havo almashinishini faollashtiradi. 3-4 yoshli bolalarda o’pkaning tiriklik sig’imi (O’TS) 400-500 sm3 ni, 5-6 yoshda esa 800-900 sm3 ni tashkil etadi.

Maktabgacha yoshdagi bolalarning yurak-qon tomir tizimi faoliyati o’sayotgan organizmning talablariga yaxshi moslashgan, to’qimalarning qon bilan ta’minlanishiga bo’lgan kuchli ehtiyoj osonlik bilan qondiriladi, chunki bolaning tomirlari kattalarnikiga nisbatan kengroq bo’lib, ulardan qon erkinroq oqib o’tadi. Bola organizmidagi qon miqdori kattalarnikiga nisbatan ko’proq, uning tomirlar bo’ylab o’tadigan yo’li qisqaroq. Masalan, agar katta odamning tomir urishi bir daqiqada 70-74 zarbaga teng bo’lsa, maktabgacha yoshdagi bolada o’rtacha 90-100 zarbani tashkil etadi. Yurak asab boshqariluvi takomillashgan emas, shuning uchun uning qo’zg’alishi tez, qisqarishlar ritmi osongina buzilishi mumkin, jismoniy yuklama ostida yurak mushagi ancha tez toliqib qoladi. Lekin faoliyat o’zgarishi bilan bolaning yuragi tez tinchlanib, o’z kuchini tiklab oladi. Shuning uchun ham bolalar bilan shug’ullanganda jismoniy mashqlarning xilma-xilligiga e’tibor berish: harakatli o’yinlarni birmuncha tinch sur’atli o’yinlar bilan navbatlash va bolaga tez-tez qisqa muddatli dam olish tanaffuslari berib turish lozim.

Maktabgacha yoshdagi bolalarda 3 yoshgacha bo’lgan bolalarga nisbatan asab tizimi yaxshiroq rivojlangan bo’ladi. Bu davrda bosh miyada asab hujayralarining etilishi jarayoni nihoyasiga etadi, bosh miya tashqi ko’rinishi va og’irligiga ko’ra katta odam miyasiga yaqinlashib qoladi, biroq asab tizimi hali ancha kuchsiz bo’ladi. Shuning uchun maktabgacha yoshdagi bolalarning o’ta ta’sirchanligini hisobga olish, ularga nihoyatda ehtiyotlik bilan muomala qilish: uzoq muddatli, og’ir yuklamalar bermaslik, haddan ortiq toliqtirmaslik kerak, chunki bu yoshda ta’sirlanish jarayonlari tormozlanish jarayonlaridan ustun bo’ladi.

Bolalarda etti yoshgacha, garchi ularda qon bilan ta’minlanish kattalarnikidan yaxshiroq bo’lsa-da, suyaklarning shakllanish jarayonlari tugallanmaydi. Skeletda tog’aysimon to’qimalar ko’p bo’lib, shu tufayli uning keyingi rivoji ro’y beradi; ayni vaqtda suyaklarning yumshoqligi ham shu bilan tushuntiriladi. Mushak to’qimasining o’sishi asosan mushak tolalarining yo’g’onlashishi hisobiga yuz beradi. Ammo suyak-mushak apparatining nisbatan kuchsizligi va tez toliqishi sababli maktabgacha yoshdagi bolalar uzoq muddatli mushak zo’riqishlariga bardosh berolmaydilar.

Kichik maktab yoshidagi bolalar yurish paytida hali aniq harakatlana olmaydilar: ular ritmik tarzda yugurolmaydilar, tez-tez muvozanatni yo’qotib yiqiladilar. Ularning ko’pchiligi pol yoki erdan yaxshi itarila olmaydilar, oyoq kaftiga to’la tayanib yuguradi. Ular o’z tanalarini hatto arzimas balandlikka ham ko’tara olmaydilar, shuning uchun balandlikka to’siqlar osha hamda bir oyoqlab sakrashlarni bajarishga qiynaladilar. Bu davrda maktab yoshidagi bolalar qiziqish bilan koptok o’ynaydilar, lekin hali ularning harakatlari o’zaro muvofiqlashmagan, ko’z bilan mo’ljal olish rivojlanmagan: ularning koptokni ilib olishlari qiyin. Bolalar har turli harakatlardan tez toliqadilar, chalg’iydilar.

4,5-5 yoshlarga kelib bolalarning harakatlari ancha muvofiqlashib qoladi, ular sakrash, to’siqlar osha sakrab o’tish, to’pni ilish ko’nikmalarini o’zlashtiradilar. 6 yoshlilarda engillik paydo bo’lib, yugurish ritmi barqarorlashadi, yon tomonga tebranishlar kamayadi, ular balandlikka, uzunlikka, to’siqlar osha sakraydilar, koptokni nishonga urishni o’zlashtiradilar, ko’z bilan mo’ljal olish kuchayadi. Katta maktab yoshidagi bolalarning kichiklarga qaraganda gavdasi baquvvat, mushaklari mutanosib rivojlangan. Yurish va yugurish chog’idagi asosiy harakatlari asta-sekin avtomatik darajasiga etadi, harakatlar muvofiqligi kuchayadi, qo’l mehnatiga qobiliyat sezilarli darajada ortadi. Turg’unlik ortgani uchun oddiy muvozanat mashqlarini, chaqqonlik bilan yugurishni amalga oshirish osonlashadi. Bolalar chidamliroq bo’la boradilar, biroq ular dastlabki holatlarini tez-tez o’zgartirib, rang-barang harakatlarni bajarishlari lozim. Bu yoshda ularning faoliyati asta - sekin mazmun bilan boyib, ongliroq bo’la boradi.

Jismoniy tarbiya va sport sohasining ko’pgina olimlari fikricha, o’sib kelayotgan yosh avlodni jismoniy tarbiyalashdan maqsad shaxsning jismoniy va ma’naviy madaniyati asoslarini shakllantirish, salomatlik zahiralarini sog’lom turmush tarzida faol hamda uzoq muddat davomida amalga oshirilayotgan qadriyatlar tizimi sifatida yuksaltirishdan iboratdir.

Ularning mulohazalaridan kelib chiqib, maktabgacha yoshdagi bolalarga nisbatan tatbiq etilsa, jismoniy tarbiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan tarkib topadi.


  • bolalarda salomatlik, jismoniy tarbiya va sport qadriyatlarini o’zlashtirishda ongli ehtiyojni shakllantirish;

  • boladagi jismoniy sifatlar, harakat ko’nikma va malakalari rivojining zarur hamda etarli darajasini ta’minlovchi jismoniy imkoniyatlarning tabiiylikka muvofiq va individual - mos rivojlantirilishi;

  • maktabgacha yoshdagi bolalarga umumiy jismoniy ma’lumotlarni berish, bunda ularning jismoniy tarbiyasiga oid aqliy, texnologik, axloqiy, etik va estetik qadriyatlarni o’zlashtirishiga erishish;

  • bilimlarning mustaqil mashg’ulotlar o’tkazishning boshlang’ich ko’nikmalari darajasida dolzarblashuvi.

Maktabgacha yoshdagi bolalar jismoniy tarbiyasi tizimi, tuzilishining innovatsion qo’shimchalariga xos asosiy muammolar quyidagilardir:

a) bolalarning psixik rivojlanishi jarayoni sharoitlarini maqbullashtirish uchun jismoniy tarbiya vositalaridan foydalanish imkoniyatlari;

b) maktabgacha yoshdagi bolalar jismoniy sifatlarini rivojlantirish va asosiy harakatlarini shakllantirishning yosh xususiyatlari;

v) maktabgacha bolalar muassasalarida jismoniy tarbiyaning metodologik muammolari;


g) maktabgacha jismoniy tarbiya mutaxassislarini tayyorlashning tashkiliy-mazmuniy asoslari.


1.2. Maktabgacha yoshdagi bolalarda jismoniy sifatlarni

tarbiyalash xususiyatlari.


Bolaga tug’ilganidayoq, uning qoniga alohida rivojlanishning irsiy dasturlari tomonidan joylashtirilgan jismoniy imkoniyatlarning tegishli yig’indisi ato etilgan bo’ladi. Organlar, organizm tuzilmalarining biologik etilishi davomida shaxsiy imkoniyatlar rivojlanib, insonning har-xil jismoniy xususiyatlarini belgilaydi.

E.A Pimonova (1990), L.V Karmanova va boshqalar (1992) bergan ma’lumotlarga ko’ra, so’nggi 20 yil mobaynida bolalarning jismoniy rivojlanishida qayd etilgan umumiy ijobiy yo’nalishlar (gavdaning barcha o’lchamlari kattalashuvi) fonida ularning harakat tayyorgarligida sezilarsiz o’sish kuzatiladi, bir qator ko’rsatkichlar esa (tezkorlik, tezlik-kuch, imkoniyatlari) ancha pasayadi.

Shunga qaramay, mutaxassislar, jismoniy sifatlarni maqsadli tarbiyalash aynan maktabgacha davrda boshlanishi kerak, deb hisoblaydilar (Vavilova E.N., 1974,1980; Kistyakovskaya M.Yu., 1980; Volkov A.V., 1981; Vilchkovskiy E.S., 1983).

Bolalar va o’smirlar harakat faolligi sifat jihatlarini rivojlantirishning fiziologik omillari mushaklar hamda vegetativ organlar faoliyatining boshqarilishini takomillashtirishda namoyon bo’ladi. Qisqa muddatli, tezkorlik va kuch harakatlarida asab-mushak tizimi faoliyati boshqaruvini yaxshilashga ko’proq ahamiyat beriladi. Birmuncha uzoq muddatli faoliyatda harakat funktsiyalarini takomillashtirish bilan birga vegetativ funktsiyalarni muvofiqlashtirish ham jiddiy ahamiyat kasb etadi.

Biroq bolalar va o’smirlar organizmining kuch, tezlik va chidamlilik ko’rsatkichlari yaxshilanishini belgilaydigan funktsiyalarining fiziologik boshqarilishini yaxshilashda eng muhim o’rinni asab tizimi, ayniqsa, mushak zo’riqishlarida organizmning funktsiyalari yaxshilanishini ta’minlovchi aloqalarning shaklanishi egallaydi.

Shunday qilib, bolalik davrida kuch, tezlik va chidamlilikning o’zaro aloqadorligiga oid turli-tuman shakllarni belgilovchi fiziologik mexanizmlar ham xilma-xildir. Shartli-reflektor omillar muhim ahamiyatga ega. Mashg’ulotlar davomida biror yo’nalishdagi kuch, tezlik yoki chidamlilikni rivojlantiruvchi harakatlar uchun markaziy asab tizimida mushaklar hamda vegetativ organlar ishini dasturlashtirishning ma’lum shakllari yuzaga keladi.

Bolaning asosiy jismoniy sifatlarini rivojlantirishning yosh dinamikasi V.S.Farfel (1957, 1959), F.G.Kazaryan (1969), L.V.Karmanova (1971), N.A.Fomin, V.P.Filin (1980) va boshqalarning ishlarida ochib berilgan.

Olimlar fikricha, bola hayotining oltinchi yili kuchni (G.M.Kasatkina, 1982; V.N.Novoxatko, 1982), jumladan, tezlik-kuch qobiliyatlari hamda harakatlar tezkorligini (N.A.Notkina, 1980; M.N.Koroleva, 1985) tarbiyalashning sensitiv davri hisoblanadi.

Olti yoshda mazkur sifatlarni shiddat bilan rivojlantirish qobiliyati saqlanib qoladi va umumiy chidamlilikni tarbiyalash imkoniyatlari paydo bo’ladi (N.V.Zimkin, 1956; V.G.Frolov, 1977; G.P.Yurko, A.V.Yashchenko, V.V.Beloyartseva, 1976; N.A.Notkina, 1980 va b.).

T.Yu.Logvinaning (1991) fikricha, 5-6 yoshli bolalarda kuch, chidamlilik, egiluvchanlik, makonda mo’ljal olish kabi sifatlar eng kuchli namoyon bo’ladi, asosan o’g’il bolalarda ushbu ko’rsatkichlar qizlarga nisbatan yuqoriroq.

Etti yoshda muntazam mashg’ulotlarda harakatlar muvofiqligi etakchi sifat bo’lib qoladi (A.I.Kozlov, 1964; L.I.Penzullaeva, 1972; G.M.Kasatkina, 1982). Shuningdek, turli muvofiqlash (koordinatsiya) qobiliyatlarining eng jadal rivojlanish davri 4-5 yoshlar orasi ekanligi to’g’risida ma’lumotlar bor (T.I.Osokina, 1983; 1986; L.T.Mayorova, 1988; V.M.Zuev, 1982 va b.)

Bunda harakatlarni takrorlash, tabaqalashtirish (differentsiatsiyalash) hamda ularning o’lchamalarini olish qobiliyatlarining ko’rsatkichlari bo’yicha o’g’il va qiz bolalar orasidagi jinsiy tafovutlar ahamiyatsiz, ya’ni jiddiy emas. Boshqa ko’rsatkichlar (vaqt tanqisligi sharoitida harakat faoliyatini tez o’zgartirish maqsadida mo’ljal olish qobiliyatlari) bo’yicha etti yoshli o’g’il bolalar shu yoshdagi qizlardan o’zib keta boshlaydi. Biroq harakatlarni muvofiqlash qobiliyatlarining ko’pgina ko’rsatkichlari bo’yicha o’g’il bolalarning yakqol ustunligi faqat 13-14 yoshlarga kelib ko’zga tashlanadi.

V.M.Zuev (1992) tadqiqotlarida qo’lga kiritgan ma’lumotlar muallifga maktabgacha bo’lgan davr turli jinsli bolalarda asosiy o’lchamlari bo’yicha harakatlar aniqligining notekis va har xil muddatli rivojlanishi bilan tavsiflanishi haqida xulosa chiqarish imkonini beradi. Tajriba qizlarning besh va olti yoshlarda, o’g’il bolalarning esa etti yoshga kelib makoniy aniqlikqa oid topshiriqlarni bajarishda ustunroq ekanligini ko’rsatdi. Besh va olti yoshga o’tgan o’g’il bolalarda harakatning vaqt o’lchamini takrorlash aniqligi qiz bolalarnikiga nisbatan yuqoriroq, etti yoshli o’g’il bolalar esa tengdosh qizlarga nisbatan topshiriqni yomonroq uddaladilar.

Qizlarning barcha yosh guruhlarida harakatning dinamik xususiyatini takrorlash aniqligi o’g’il bolalardagiga karaganda yuqoriroq.

Maktabgacha bo’lgan davrda jismoniy sifatlarning rivojlanish dinamikasiga xos jinsiy tafovutlarni qayd etar ekanlar, olimlar mazkur tafovutlarning kattaliklari hamda ishonchliligi xususidagi savolga uzil-kesil javob bermaydilar.

Ayrim tadqiqotchilar asosiy harakat sifatlarining rivojlanish darajasi bobida o’g’il bolalarning qizlarga nisbatan ustunligi haqida fikr yuritib, bolalarga jismoniy tarbiya jarayonida tabaqalashtirib yondashish zarurligini ta’kidlaydilar (Ts.V.Kakabadze, 1971; Z.I.Kuznetsova, va b., 1974; A.E.Lyubomirskiy, 1979) boshqalari etti yoshgacha o’g’il bolalar va qizlarning jismoniy sifatlari rivojlanish darajasidagi farq u qadar jiddiy emas, uni jismoniy tarbiya vositalarini tanlashda e’tiborga olish shart emas, deb hisoblaydilar va maktabgacha yoshdagi bolalar jismoniy tarbiyasiga ularning jinsidan kelib chiqib turlicha yondashish maqsadga muvofiqligini ko’rsatadilar (M.N.Koroleva, 1985; E.S.Vilchkovskiy, 1989).

Ko’pgina mualliflar maktabgacha yoshdagi bolalarda alohida harakat sifatlarining namoyon bo’lish darajasida muayyan ritm mavjudligini aniqlaganlar. Harakatlarning eng yuqori darajadagi muvofiqligi kunduz kuni kuzatilgan. Mushaklarning ishchanlik qobiliyati bahorda orta borib iyunda maksimal qiymatgacha etadi, ayni vaqtda jismoniy rivojlanish sur’atlari ham tezlashadi (K.V.Smirnov, 1980). Bunday qonuniyat Rossiyaning barcha iqlimiy mintaqalari uchun xosdir.

Olimlar noqulay iqlim sharoitlari bolalarning jismoniy sifatlari rivojlanishiga salbiy tasir ko’rsatishini qayd etadilar (G.V.Sendek, 1972). Katta maktabgacha yoshdagi bolalarning alohida harakat qobiliyatlari rivojiga sensitiv davrlarni e’tiborga olgan holda aktsentli ta’sir ko’rsatishning ulkan imkoniyatlari tajriba yordamida tasdiqlangan (G.V.Shaligina, 1977; V.G.Frolov, 1977; G.M.Kasatkina, 1982; M.N.Koroleva, 1985; V.G.Bakashvili, 1986; L.T.Mayorova, 1988; V.M.Zuev, 1992 va b.). Bu qobiliyatlar shu yosh uchun etakchi jismoniy sifatlarni rivojlantirishga qaratilgan bo’lib, ular faqat darajani ko’tarishgagina imkon bermay, boshqalarining to’laqonli, har tomonlama shakllanishini ta’minlaydi (N.A.Notkina, 1980).

Katta maktabgacha yoshdagi bolalarda chidamlilikni tarbiyalashda jismoniy yuklamalarning tuzilishini tatbiq etar ekan, I.G.Maltseva (1988) olti yoshda bir tomondan chidamlilik bilan jismoniy ishchanlik qobiliyati orasida, ikkinchi tomondan tezkorlik, tezlik-kuch sifatlari va chaqqonlik orasida aloqadorlik hamda o’zaro bir-birini taqozo etish munosabatlari mavjud ekanligini, ular ko’p hollarda juda ahamiyatli ekanligini aniqladi. Buni, ehtimol, alohida harakat qobiliyatlarining rivojlanish jarayonidagi o’zaro aloqadorligi asosida yotuvchi turli mashqlar va harakatlarni bajarish vaqtida ro’y beradigan inson organizmidagi o’zgarishlar umumiyligi bilan tushuntirish mumkindir (V.S.Farfel, 1957; B.V.Sermeev, 1973; V.M.Zatsiorskiy, 1976; B.V.Sermeev, V.R.Nikolaev, 1979; V.S.Pereverzev, 1985 va h.k.).

Etti yoshga kelib, jismoniy qobiliyatlarning rivojlanishida miqdorning va aloqadorlik darajasining kamayishiga moyillik kuzatiladi (I.G.Maltseva, 1988). V.K.Balsevich (1988), M.A.Godik (1988) kuch, tezkorlik, chidamlilik, chaqqonlikni faol rivojlantirishni bu davrda jismoniy tarbiya jarayonidagi eng muhim maqsadlardan biri deb hisoblaydilar, chunki mazkur yosh davrida bolalar endi murakkab harakat faoliyatlarini bajara oladilar.

Asosiy harakat turlari bo’yicha ko’nikmalarning shakllanish tezligi va mustahkamligi eng avvalo jismoniy sifatlarning rivojlanish darajasiga bog’liqdir (A.I.Bikova, 1941; E.G.Levi-Garinevskaya, 1960; E.S.Vilchkovskiy, 1989; S.Ya.Layzene, 1987; I.I.Sergeenya, 1973; Yu.Yu.Rautskis, 1976 va b.). Shuningdek, jismoniy tarbiya bilan shug’ullanmaydigan maktabgacha yoshdagi bolalarda harakat sifatlari ko’rsatkichlariga irsiy ta’sirotlar o’lchami xuddi tananing barcha o’lchamlari kattaliklariga (uzunligi va og’irligi) bo’lgani kabi yuqori darajadadir. Muntazam ravishda jismoniy mashqlar bilan shug’ullanib turuvchi bolalar orasida o’sha dastur asosida o’tkazilgan tadqiqot harakat sifatlarining namoyon bo’lishiga irsiy ta’sirotlar darajasining pastligini ko’rsatdi.

Maktabgacha yoshdagi bolalar jismoniy tarbiyasi bo’yicha turli adabiyotlarda bolalarning jismoniy va harakat tayyorgarligi jarayoni mazmuni bir xil talqin etilmaydi.

Masalan, T.I.Osokinaning darsliklarida harakat faoliyatlarini shakllantirish bilan birga jismoniy sifatlar: chaqqonlik (shu jumladan, harakatlarni muvofiqlash qobiliyatlari), umumiy chidamlilik, tezlik-kuch sifatlari, shuningdek, muvozanat saqlash qobiliyatini rivojlantirish zaruriyati qayd etiladi. A.V.Keneman va D.B.Xuxlaevaning o’quv qo’llanmasida kuch, chidamlilik, egiluvchanlik, chaqqonlik, tezkorlik kabi jismoniy sifatlarni muvozanatni saqlash qobiliyatini alohida ajratgan holda rivojlantirish zarurati xususida so’z boradi.

Shuni qayd qilish kerakki, amaliyotchi xodim uchun muayyan usuliy tavsiyalar, tadqiqotlarda o’rnatilgan maktabgacha yoshdagi bolalarning asosiy harakatlari shakllanishi hamda jismoniy sifatlarining rivojlanishiga oid yosh xususiyatlariga asoslangan etarli miqdordagi ilmiy-usuliy adabiyotlar va dasturlar mavjud emas. Shunga ko’ra, bizningcha, jismoniy tarbiyaning asosiy tamoyillaridan biri – jismoniy tarbiya yo’nalishlarining yoshga adekvatligi tamoyili – mazkur jarayonning ustuvor yo’nalishini uning turli bosqichlarida insonning yoshga muvofiq rivojlanish tendentsiyalariga mos ravishda o’zgartirishga majbur qiladigan tamoyil etarlicha amalga oshmaydi.

A.N.Livitskiy, X.A.Meliev va boshqalar fikriga ko’ra, maktabgacha ta’lim muassasalaridagi o’qitish va tarbiyaga oid mavjud dasturlar tahlili bolalar bilan kun tartibida o’tkaziladigan jismoniy tadbirlarning bosh vazifasi asosiy harakatlarning shakllanishi ekanligidan dalolat beradi. Mazkur maqsadni ro’yobga chiqarish uchun ularda, odatda, jismoniy mashqlar va harakatli o’yinlardan iborat bo’lgan keng qamrovli o’quv materiali taqdim etilgan.

Ayni vaqtda maktabgacha ta’lim muassasasidagi jismoniy tarbiya vazifalarida kichik yoshlardan boshlab jismoniy sifatlarni maqsadli yo’naltirish zarurati to’g’risidagi mulohazalarning yo’qligi e’tiborni tortadi. Faqat tayyorlov guruhi uchun dasturda chaqqonlik, tezkorlik, chidamlilik va kuchni takomillashtirishning maqsadga muvofiqligi haqidagi muayan eslatma paydo bo’ladi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, maktabgacha yoshda saralashning prognostik shakli muayan murakkabliklarni yuzaga keltiradi. Besh-etti yoshli bolalarda harakat sifatlari darajasini bevosita testlash noaniq natija beradi, chunki bu natija mazkur sifatning mavjud imkoniyatlari bilan bog’liqmi, yoki uning yoshga bog’liq holda shakllanish sur’atlari – tezlashgan yohud sekinlashgan sur’atiga xos xususiyatlargami, aniq emas (Nikityuk B.A.va b., 1975).

Adabiyotlarda maktabgacha yoshdagi bolalarda maktabgacha ta’lim muassasasi sharoitida harakat sifatlarini majmuali rivojlantirish bo’yicha etarli miqdordagi tadqiqotlar mavjud emas.



1.3. Harakatli o’yinlarning maktabgacha yoshdagi bolalar jismoniy xususuyatlari va psixik jarayonlari rivojlanishiga ta’siri.


Harakatli o’yinlar harakat qobiliyatlari va psixik jarayonlarni majmuali rivojlantirish vazifasining amalga oshirilishini maqsimal darajada ta’minlaydi, chunki ularning mazmuni harakat dasturlarini shakllantirish va almashtirishga yo’naltirilgan.

Ma’lumki, insonning rivojlanish jarayonida egallab boradigan harakat tajribasi turli darajadagi xarakat dasturlarining yuzaga kelishi va mustahkamlanishida o’z ifodasini topadi. Harakat malakalari qanchalik xilma-xil bo’lsa, yangi harakatlarni o’zlashtirish imkoniyatlari shuncha ko’p bo’lishi tabiiy (N.A.Bernshteyn, 1991; V.S.Gurfinkel, Yu.S.Levik, 1985; A.Thorstensson, 1986) harakatli o’yinlar murakkab tizimlar bo’lgan tana va uning qismlari xolatlari, harakatlar va harakat faoliyatlarining tez-tez almashinib turishi bilan tavsiflanadi.

Shunday qilib sensor va motor tarkibiy qismlar, ularning tizimidagi turli sathlari orasida o’zaro ta’sir yuzaga keladiki, bu yangi harakat dasturlarining paydo bo’lishi bilan kuzatiladi.

Pedagogika amaliyotida predmetlar bilan syujetli, harakatli va didaktik o’yinlar farqlanadi. Bolalar jismoniy tarbiyasida xarakatli o’yinlar juda katta ahamiyatga ega, harakatli o’yinlar kichik, o’rta va katta harakatchanlik darajasiga ega bo’lishi mumkin. Kichik maktabgacha yoshdagi bolalar tabiiy harakatlarni o’yinlar yordamida o’zlashtiradilar (qadamlab yurish, yugurish, sakrash, uloqtirish, tirmashish). Harakatli o’yinlar bolalarni jismonan tarbiyalashning asosiy vositalaridan biri. Ularni ikki yoshdan boshlab qo’llash mumkin. Bu davrda bolalar yugurish, sakrash, uloqtirish, tirmashib chiqish kabi hayot uchun zarur harakat ko’nikmalarini o’zlashtira boshlaydilar.

Katta maktabgacha yoshdagi bolalar kuch (qo’llarda tortilish), tezkorlik (qisqa masofaga yugurish, mokisimon yugurish) va boshqa sifatlar bobida musobaqalashar ekanlar, o’z harakat va imkoniyatlarini baholashga qodir bo’ladilar. Jismoniy rivojlanishdan tashqari, harakatli o’yinlar bolalarda iroda, mardlik, qat’iyatlilik, chidamlilik, jur’at kabi xislatlarni tarbiyalashga yordam beradilar.

Bolalar o’zlarining harakatiga bo’lgan ulkan ehtiyojlarini, odatda, o’yinlar vositasida qondirishga urinadilar. Ular uchun o’yin – birinchi navbatda, faoliyat, harakat. Harakatli o’yinlar chog’ida bolalarning harakatlari takomillashadi, tashabbuskorlik va mustaqillik, ishonch va qat’iyat kabi sifatlari rivojlanadi. Ular o’z harakatlarini muvofiqlashtirish, hatto ayrim qoidalarga rioya qilishni (dastlab, albatta, sodda shaklda) o’rganadilar.

Uch yoshgacha bo’lgan bolalar, odatda, juda ta’sirchan, emotsional holatlari noturg’un: ular serharakat bo’ladilar, lekin bir turli harakatlardan tez charchaydilar, tanafussiz uzoq vaqt yura (yugura) olmaydilar. Shuning uchun o’ta faol bolalarni nazorat qilib turish: qo’llarida osilishga, katta balandlikdan sakrashga ruxsat bermaslik, ularning e’tiborlarini birmuncha sust sur’atli o’yinlarga tortish kerak. Asta-sekin o’yinlarning mazmuni ham o’zgarib boradi. Bolalar dastlab kattalarning ko’rsatmalari bilan harakatlarni bajaradilar: masalan tovuq yoki qushchani tasvirlaydilar – «don cho’qiydilar», «uchadilar». Uch yoshda bolalar kattalarning harakatlariga taqlid qilishdan turli «tasviriy» yoki rollar bo’yicha bo’ladigan o’yinlarga o’tadilar: ular «xola – xola» o’ynaydilar, shifokor, sotuvchi, haydovchi, oshpaz va boshqalarni tasvirlaydilar. Bolalar o’zlariga tanish harakatlarnigina emas, ko’rganlarini faol ravishda takrorlaydilar. O’yin uzoqroq davom etadi, uning syujeti xilma – xil va tushunarliroq bo’lib boradi. Keyinroq o’yin yanada murakkablashadi: unda uchta rol paydo bo’ladi, masalan bir bola qo’yni, ikkinchisi – bo’rini, uchinchisi – cho’ponni tasvirlaydi.

Har xil o’yinchoqlar bilan o’tkaziladigan mustaqil xarakatli o’yinlar juda foydali; bolalarni ikkita, uchtadan guruxlash mumkin. Bolaning harakatlari odatda o’yinchoq turlari bilan belgilanadi: masalan, bayroqchalar, halqalar bilan yugurish, mashinalarni yurgizish, koptoklarni dumalatish, otish, ilib olish kerak.

Bolalar bunday o’yinchoqlar bilan qiziqib shug’ullanadilar. Biror mustaqil o’yinlarda bolalar darhol faollik va tashabbuskorlikni namoyon eta olmaydilar, ularning xarakatlari bir turli va cheklangan. Lekin kattalarning topshirig’ini bajarish bilan bog’liq o’yinlarda bolalarning harakatlari aniq maqsadga yo’naltirilgan bo’ladi, ular harakatlarni bir necha bor takrorlab, harakat ko’nikmalarini mustahkamlaydilar, chaqqonlik, epchillikni rivojlantiradilar.

Bolalar hatto o’zlari o’yin bilan mashg’ul bo’lgan vaqtlarida ham ularga rahbarlik qilib turish juda muhim. Ulardan ayrimlarining o’yinini murakkablashtirish, boshqalariga boshlagan ishini oxiriga etkazishini o’rgatish, uchinchisi agar jimgina o’ynayotgan bo’lsa, gaplashib turish maqsadga muvofiq.

Ko’pincha mustaqil o’yinlarda bolalar noto’g’ri va hatto xavfli harakatlarni ham bajaradilar: kursi yoki xoda ustidan butun oyoq kaftiga tayangan holda deyarli to’g’ri oyoq bilan sakrab tushadilar; erdan butun oyoq kafti bilan itarilib yuguradilar. Bunday hollarda har xil yo’llardan foydalaniladi: katta odam o’zi o’yinga kirishadi; bolalarga ular taqlid qila oladigan biror tanish va yaqin obrazni eslatadi (mushuk qanday yumshoq sakrashini, qushchalar qanday shovqinsiz uchishlarini) (33).

Bolalarga o’rgatilishi kerak bo’lgan dastlabki o’yinlar muayyan syujet va qoidalarga ega bo’lmaydi. Bola oddiy, qiziqarli topshiriqlarni bajaradi: kelib, o’yinchoqni qo’liga oladi, kattalar oldiga yugurib borib, ular qo’lida nima yashirilganligini ko’radi.

(«Bayroqchani ol», «Mening yonimga yugur», «Bayroqchani top»).

O’yinlarni o’rgatishda muayyan izchillikka rioya qilish kerak. Masalan, «meni tutib ol» o’yini «seni tutib olaman» o’yiniga qaraganda soddaroq. Birinchi xolatda bola o’zidan katta kishini tutib olishi lozim; ikkinchi o’yinda tutilish xavfi yuzaga keladi, shuning uchun bola ko’proq jismoniy kuch sarflashiga to’g’ri keladi. o’yinlar tobora mazmunan boyroq va xilma- xilroq bo’lib borishi, yanada murakkabroq topshiriqlarni o’z ichiga olishi zarur. Agar bola dastlab o’yinchoqni olish uchun o’zi istagan sur’atda yugurgan bo’lsa, o’yin yaxshi o’zlashtirilib olinganidan so’ng yugurish sur’atini kattalar belgilashi kerak.

Nutq o’yin mazmunining ijodiy rivojlantirilishiga, qoidalar va taktika bilan boyitilishiga, o’yinlar tajribasining almashinishiga, yangi o’yinlarning yaratilishiga yordam beradi. Nutq o’yin jarayonida ishtirok etuvchilarning xatti-harakatlarini to’g’ri yo’naltirib, o’yinni o’rgatishga, o’yinga rahbarlik qilishga yordam beradi. Nutq kishiga mavhum fikrlash va umumlashmalar qilish imkonini beradi, o’z obrazlarini yaratishga, o’yinni ijodkorona yondashuv asosida boyitishga yordam beradi.

O’yin faoliyati psixik jarayonlarda ixtiyoriylikning shakllanishiga ta’sir ko’rsatadi. Masalan, o’yinlar tufayli bolalarda ixtiyoriy diqqat hamda ixtiyoriy xotira rivojlana boshlaydi. o’yin sharoitida bolalar laboratoriya tajribalariga qaraganda yaxshiroq fikran jamlanib, ko’proq narsani eslab qoladilar. Ongli maqsad (diqqatni jamlash, eslab qolish va yodga olish) aynan o’yinlar chog’ida bola harakatlarida tez va oson namoyon bo’ladi. o’yin sharoitlari boladan o’yin vaziyatiga kiritilgan predmetlarda fikrni jamlash, o’ynalayotgan harakat va syujet mazmuniga chuqur kirishni talab qiladi. Agar bola o’yin vaziyati undan nimani talab qilayotganiga diqqatini qaratmasa, o’yin shartlarini eslab qola olmasa, u tengdoshlari tomonidan chetlashtirilib qo’yiladi. Muloqotga, hissiy rag’batga bo’lgan ehtiyoj bolani maqsadli ravishda fikrlarini jamlash va eslab qolishga majbur qiladi. O’yin vaziyati va u bilan bog’liq harakatlar maktabgacha yoshdagi bolaning aqliy rivojlanishiga muntazam ravishda ta’sir ko’rsatadi. o’yinda bola narsaning (predmetning) o’rinbosari bilan munosabatga kirishadi – u o’rinbosarga yangi o’yinbop nom beradi va u bilan shu nomga muvofiq faoliyat olib beradi. o’rinbosar predmet tafakkur uchun tayanch bo’lib qoladi. o’rinbosar predmetlar bilan faoliyatini amalga oshirish asosida bola haqiqiy mavjud narsa to’g’risida fikr yuritishni o’rganadi. Asta – sekin predmetlar bilan o’yin faoliyatlari qisqarib, bola predmetlar haqida fikrlab, ular bilan aql nuqtai nazaridan faoliyat olib borishga o’rganadi. Shunday qilib, o’yin bolaning tasavvurlarga tayanib fikrlashni o’zlashtirishiga ko’maklashadi.

Ayni vaqtda syujetli – rolli o’yinlarda bolaning o’yin va, ayniqsa, real (haqiqiy) o’zaro munosabatlari tajribasi tafakkurning alohida xususiyati asosini tashkil etib, u tufayli boshqa kishilarning nuqtai nazari o’rganiladi, ularning keyingi xatti – harakatlarini oldindan qo’ra bilish va shunga qarab o’z xatti – harakatlarini shakllantirish imkoniyati paydo bo’ladi.

Rolli o’yin tasavvurning rivojlanishida belgilovchi ahamiyatga ega. o’yin faoliyatida bola bir xil predmetlarni boshqalari bilan almashtirishni, o’ziga har turli rollarni olishni o’rganadi. Bularning barchasi tasavvurning rivojlanishiga yordam beradi.

Katta maktabgacha yoshdagi bolalarning o’yinlarida o’rinbosar predmetlar ham, ko’pgina boshqa o’yin harakatlari ham shart emas. Bolalar predmetlar va ular bilan bog’liq faoliyatlarni tenglashtirib, o’z tasavvurlarida yangi vaziyatlarni yuzaga keltira boshlaydilar. O’yin ichki tomondan amalga oshirilishi mumkin. Bola shaxsining rivojlanishiga o’yinning ko’rsatadigan ta’siri shundan iboratki, u orqali bola kattalarning yurish – turishi, o’zaro munosabati bilan tanishadi, bular uning o’z xatti-harakatlari uchun namuna bo’lib xizmat qiladi; bola o’yinda muloqot olib borishning asosiy ko’nikmalarini, tengdoshlari bilan munosabat o’rnatish uchun zarur sifatlarni o’zlashtiradi. Bolani butunlay qamrab olgan o’yin uni zimmasidagi rolga muvofiq qoidalarga bo’ysunishga majburlaydi, his-tuyg’ularning rivojlanishi hamda xatti-harakatlarni iroda orqali boshqarish qobiliyatining takomillashishiga ko’mak beradi.

O’yin faoliyati tarkibida o’quv faoliyati ham shakllana boshlaydi va keyinchalik u etakchi o’rinni egallaydi. o’quv elementlarini katta odam kiritadi, ular o’yin mohiyatidan bevosita kelib chiqmaydi. Maktabgacha yoshdagi bola o’ynab turib o’qiydi – u o’qishga xuddi muayyan qoidalari mavjud bo’lgan o’ziga xos rolli o’yinga qaraganday qaraydi. Biroq mazkur qoidalarga amal qilish asosida bola o’zi sezmagan holda eng sodda o’quv faoliyatlarini o’zlashtiradi. Maktabgacha yoshdagi bolada o’qishga ishtiyoq paydo bo’lib, dastlabki bilimlar shakllana boshlaydi.



II BOB. HARAKATLI O’YINLARDAN FOYDALANISh ASOSIDA BOLALARNING JISMONIY HAMDA PSIXIK TAYYoRGARLIGINI MAQSADLI RIVOJLANTIRISh TEXNOLOGIYaSI





Download 0.94 Mb.
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   13




Download 0.94 Mb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



I BOB. MAKTABGACHA YOSHDAGI BOLALARNING JISMONIY TAYYORGARLIGINI OSHIRISH PEDAGOGIK MUAMMO SIFATIDA

Download 0.94 Mb.