O‘zbekiston Respublikasi davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti




Download 308.81 Kb.
Sana31.12.2019
Hajmi308.81 Kb.

Ozbekiston Respublikasi davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi

Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Birlashgan Arab Amirliklari bosh vaziri o‘rinbosari, Prezident ishlari bo‘yicha vazirini qabul qildi,

Litva delegatsiyasi O‘zbekistonda,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 9 may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi,

Ajdodlarimiz jasorati va qahramonligi xotiramizda mangu qolajak,

O‘zbekiston Prezidenti AQSH Qurolli Kuchlari markaziy qo‘mondonligi qo‘mondonini qabul qildi,

Federal davlat avtonom Oliy ta’lim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “Misis”ning olmaliq shahridagi filiali faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori,

Muborak ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori,

O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida Vazirlar  Mahkamasining Qarori,

Tarix fanlari doktori, professor Abduxalil Mavrulovning

Mardlik va jasoratning yorqin namunasi nomli maqolasi


(15.05.2018 yil)




Samarqand- 2018 y

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY,

IJTIMOIY-SIYOSIY VOQEALARGA DOIR

MA’LUMOTLAR
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI BIRLASHGAN ARAB AMIRLIKLARI BOSH VAZIRI O‘RINBOSARI, PREZIDENT ISHLARI BO‘YICHA VAZIRINI QABUL QILDI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 may kuni mamlakatimizga tashrif buyurgan Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, Prezident ishlari bo‘yicha vazir shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayonni qabul qildi. 

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida turli darajadagi aloqalar faollashgani, barcha sohalardagi ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. 

Uchrashuvda ikki tomonlama amaliy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, Amirliklar investorlarini mamlakatimizdagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga keng jalb etish, ularning faoliyatini tizimli ravishda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. 

Bu borada neft-gaz, kimyo, qurilish, qishloq xo‘jaligi, logistika, turizm, shaharsozlik va boshqa qator sohalarda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishib olindi. 

O‘z navbatida, shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayonning yuksak hurmati va ezgu tilaklarini etkazdi. 

Uchrashuvda mehmon joriy yil mart oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyada O‘zbekiston ilgari surgan tashabbuslar hamda Islom hamkorlik tashkiloti doirasida bildirgan takliflarni Amirliklar hukumati to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. 



Shuningdek, shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon Birlashgan Arab Amirliklari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi har tomonlama va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, jumladan, aniq istiqbolli investitsion loyihalarni hayotga to‘la tatbiq etishga tayyor ekanini qayd etdi. 
LITVA DELEGATSIYASI O‘ZBEKISTONDA
Mamlakatimizga tashrif buyurgan Litva Respublikasi tashqi ishlar vaziri Linas Linkyavichus boshchiligidagi delegatsiya a’zolari 8 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov bilan uchrashdi. 

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston bilan Litva o‘rtasida o‘zaro ishonch va manfaatdorlikka asoslangan munosabatlar qaror topgani qayd etildi. Ikki tomonlama aloqalar rivojida parlamentlararo hamkorlik guruhi muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi. 

Mehmonlarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi faoliyati to‘g‘risida so‘zlab berildi. Siyosiy partiyalar, parlamentlararo hamkorlik guruhlari, qo‘mitalar va komissiyalar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, qonunchilik tizimidagi yangiliklar va istiqbolli loyihalar haqida ma’lumot berildi. Harakatlar strategiyasi doirasida olib borilayotgan ishlar barqaror rivojlanishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. 

Mehmonlar O‘zbekistonda ko‘plab sohalarda ulkan o‘zgarishlar kuzatilayotgani, mamlakatda qaror topgan tinchlik va barqarorlik bunda muhim omil bo‘layotganini qayd etdi. 

– Litva O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdori, – dedi L.Linkyavichus. – Mamlakatingizda fuqarolik jamiyatini qaror toptirish, davlat boshqaruvini erkinlashtirishga qaratilgan islohotlar qat’iylik bilan olib borilmoqda. Bu kabi maqsadlarga erishishda qonun ijodkorligi va nazorat faoliyati bo‘yicha o‘zaro tajriba almashinuvini faollashtirish muhim ahamiyatga ega. 

Uchrashuvda ikki mamlakat oliy qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi hamkorlikka doir masalalar yuzasidan fikr almashildi. 

Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida “O‘zbekiston – Litva savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorligini rivojlantirish istiqbollari” mavzuida davra suhbati tashkil etildi. Unda Litva delegatsiyasi hamda ikki mamlakatning vazirlik va idoralari, ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi. 

Tadbirda O‘zbekiston – Litva savdo munosabatlarida kimyo, oziq-ovqat, qurilish, farmatsevtika hamda turizm sohalari etakchilik qilayotgani qayd etildi. 2017 yilda o‘zaro tovar aylanmasi 250 million AQSH dollarini tashkil qildi. Mamlakatimizda Litva investorlari ishtirokidagi 14 korxona faoliyat yuritmoqda. 

Muzokaralar davomida mehmonlar mamlakatimizda investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni huquqiy himoya qilishga qaratilgan ishlar, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida joriy etilgan soliq va boshqa imtiyozlar bilan tanishtirildi. 

Tadbir doirasida ikki mamlakat tadbirkorlari uchun o‘tkazilgan kooperatsion birjada tomonlar o‘zaro tajriba almashish, qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi. 

Litva delegatsiyasi, shuningdek, qator vazirlik va idoralarda ham muzokaralar o‘tkazdi. 


O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SHAVKAT MIRZIYOYEVNING 9 MAY – XOTIRA VA QADRLASH KUNIGA BAG‘ISHLANGAN TANTANALI MAROSIMDAGI NUTQI
Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar! 

Muhtaram faxriylar! 

Hurmatli mehmonlar! 

Bugun jonajon Vatanimizda 9 may – Xotira va qadrlash kuni, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk G‘alabaning 73 yilligi keng nishonlanmoqda. 

Ana shu qutlug‘ ayyom bilan sizlarni, sizlar orqali ko‘p millatli butun xalqimizni chin qalbimdan muborakbod etaman. Barchangizga o‘zimning chuqur hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni bildiraman. 

Siz, azizlarni biz fashizmga qarshi mardona kurashgan, buyuk G‘alabaga beqiyos hissa qo‘shgan, Vatanimizning haqiqiy qahramonlari, deb bilamiz va sizlar bilan cheksiz faxrlanamiz. 

Sizlarning bugun oramizda mana shunday nuroniy bo‘lib, duogo‘y bo‘lib yurishlaringiz biz uchun, albatta, katta baxt, katta davlatdir. 

Hammamizga ayonki, bu dunyoda tinchlik va omonlik, baxtu saodat barqaror bo‘lishi uchun inson o‘zini ayamasdan kurash olib borishi, fidokorona mehnat qilishi kerak. Sizlarning yuksak jasorat va matonatingiz, butun hayotingiz bunga yaqqol misol bo‘la oladi. 

Bugun fashizmga qarshi kurashda halok bo‘lgan minglab vatandoshlarimizning so‘nmas xotirasini yod etib, ularning ruhi poklariga hurmat bajo keltirish – biz uchun ham qarz, ham farzdir. 

Qonli jang maydonlarida mardlik ko‘rsatgan, front ortida mehnat qilib, bugun hayotimizga fayz bag‘ishlab yurgan muhtaram faxriylarimiz oldida barchamiz bosh egib ta’zim qilamiz. 

Ayni vaqtda mustaqil Vatanimiz ozodligi, el-yurt tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan jasur harbiylarimizning nomlarini ham hurmat va ehtirom bilan esga olamiz. Ularning oila a’zolari, farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishni o‘zimizning muqaddas burchimiz, deb bilamiz. 

Aziz va muhtaram do‘stlar! 

Ikkinchi jahon urushi haqiqatan ham insoniyat tarixidagi eng dahshatli, eng qonli qirg‘in bo‘lgan edi. Bu urush xalqimiz boshiga qanday og‘ir azob-uqubat va talafotlar, behisob qurbonlar keltirganini el-yurtimiz hech qachon unutmaydi. 

Albatta, bu haqda juda ko‘p gapirish mumkin. Ruxsatingiz bilan, men, takror bo‘lsa ham, faqat ba’zi misollarga to‘xtalib o‘tmoqchiman. 

Urush arafasida O‘zbekistonda 6,5 million aholi yashagan bo‘lsa, shundan 1 million 500 mingdan ziyodi frontga safarbar etilgan. Bu o‘sha paytdagi xalqimizning 22 foizini, mehnatga yaroqli aholining esa 40-42 foizini tashkil etardi. 

Mehribon ota-onasini, aziz farzandlari, tabarruk ona yurt tuprog‘ini himoya qilishga otlangan bu botir insonlar kechayu kunduz qon kechib, Moskvadan to Berlingacha bo‘lgan olovli yo‘llarni qahramonlarcha bosib o‘tdilar. 

Urushda o‘zbekistonlik jangchilardan 500 mingdan ko‘prog‘i – frontga safarbar etilganlarning har uchtasidan biri halok bo‘ldi, 60 mingdan ortiq hamyurtimiz nogiron bo‘lib qaytdi. 

Bu yovuz urush tufayli qancha-qancha oilalar o‘z boquvchisidan ajraldi, go‘daklar etim, ayollar beva bo‘lib qoldi. O‘z jigarbandidan judo bo‘lgan ming-minglab onalar qalbidagi alam va iztirobni ifoda etishga so‘z ojiz. 

El-yurtimizning buyuk G‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasi haqida gapirar ekanmiz, quyidagi raqamlarga alohida to‘xtalish o‘rinli, deb o‘ylayman. Urushda qatnashgan 120 mingdan ortiq O‘zbekiston farzandi jangovar orden va medallarga sazovor bo‘lgan. Ularning 280 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan, 82 nafari esa uchala darajadagi “Slava” ordeni bilan mukofotlangan. 

Urush yillarida O‘zbekiston frontning mustahkam ta’minot bazasiga aylandi. Yurtimizdagi sanoat korxonalari harbiy sohaga moslashtirildi, barcha imkoniyatlar front uchun, g‘alaba uchun safarbar etildi. 

O‘lkamizga evakuatsiya qilingan yuzdan ziyod zavod va fabrikalarni ishga tushirishda ishchi va muhandislar bilan birga ayollar va keksalar, o‘spirin bolalar mardlik va matonat bilan mehnat qildilar. 

Urush davrida xalqimiz tomonidan frontga 2 mingdan ziyod samolyot, ko‘plab qurol-yarog‘, yuzlab harbiy-sanitariya poezdlari, dala oshxonalari, palatkalar, juda katta miqdordagi oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa zarur mahsulotlar etkazib berildi. 

O‘zbekiston mehnatkashlari to‘plagan mablag‘lar hisobidan o‘nlab harbiy samolyot va tanklar, jangovar mashinalar barpo etildi. 

1941-1945 yillarda mamlakatimiz sobiq Ittifoq miqyosidagi ulkan gospitalga aylandi. Bu yerda ming-minglab jangchilar davolanib, urush va mehnat frontlariga qaytdilar. 

O‘sha suronli yillar haqida gapirganda, xalqimizning olijanob gumanistik fazilatlari to‘g‘risida har qancha faxrlanib, g‘ururlanib so‘z yuritsak, arziydi, albatta. 

O‘zbekiston urush tufayli uy-joyi, ota-onasi va qarindoshlaridan ajralgan, front hududlaridan ko‘chirib keltirilgan qariyb 1 million kishini o‘z yaqinlaridek kutib oldi. Ularning 200 ming nafari bolalar edi. Yuzlab o‘zbek oilalari evakuatsiya qilingan etim bolalarni o‘z tarbiyasiga oldi. Oxirgi burda nonini ham ular bilan baham ko‘rdi. 

Toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudov xonadoni ana shunday oilalardan biri edi. 

Bahri aya va Shoahmad ota 14 nafar och-yupun, etim bolani o‘z tarbiyasiga olib, ularga mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatdilar. 

Xalqimizga xos ana shunday buyuk insonparvarlik yuksak ma’naviy jasorat namunasi sifatida butun dunyoda e’tirof etildi. 

Keyingi paytda jamoatchiligimiz tomonidan bildirilgan ko‘plab murojaatlarni hisobga olib, biz Shoahmad Shomahmudov oilasiga qo‘yilgan haykalni Toshkent shahri markazidagi avvalgi joyiga qaytarishga qaror qildik. 

Ushbu yodgorlik yonida joylashgan markaziy ko‘chalardan biriga Shoahmad Shomahmudov nomi berildi. Shuningdek, haykal o‘rnatilgan maydon, shu hududdagi metro stansiyasi, san’at saroyining “Xalqlar do‘stligi” degan avvalgi nomi qayta tiklandi. 

Albatta, bunday qaror chuqur asosga ega. Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari do‘stlik, o‘zaro hurmat muhitida tinch-totuv yashamoqda. 

Ishonchim komil, O‘zbekiston poytaxti markazida qayta tiklangan majmua azaldan xalqimizga xos bo‘lgan, tobora mustahkamlanib borayotgan bag‘rikenglik va hamjihatlik, saxovat va olijanoblik fazilatlarining yorqin timsoli bo‘lib qoladi. 

Aziz do‘stlar! 

Ikkinchi jahon urushi yillarida xalqimiz ko‘rsatgan mardlik va olijanoblik haqida ko‘plab ilmiy va badiiy asarlar yaratilganini, albatta, minnatdorlik bilan ta’kidlaymiz. 

Shu bilan birga, el-yurtimizning buyuk G‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasi hali to‘la ochib berilmagan, desak, bu ham adolatdan bo‘ladi. 

Bugungi fursatdan foydalanib, men tarixchi olimlarimizga, adabiyot va san’at arboblariga, keng jamoatchiligimizga bir taklif bilan murojaat qilmoqchiman. Bu dahshatli urushda qatnashgan ota-bobolarimizning qahramonligi haqida yangi-yangi asarlar yaratish, jumladan, aniq tarixiy hujjatlar asosida mukammal kitob-albom tayyorlab, nashr etishning, o‘ylaymanki, vaqti soati keldi. 

Haqiqatan ham, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimiz fashizm balosiga qarshi kurashda jasur ajdodlarimiz ko‘rsatgan mardlik va matonatni aslo yodidan chiqarmasligi kerak. Bu tarixiy haqiqatni ularga to‘la etkazish, farzandlarimizni milliy g‘urur va iftixor ruhida, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda barcha mutasaddi tashkilotlar, olimlarimiz, ijodkor ziyolilarimiz faol ishtirok etadilar, deb ishonaman. 

Qadrli yurtdoshlar! 

Bugun azim poytaxtimiz Toshkent shahrida, barcha viloyat va tumanlarda el-yurtimiz Xotira maydonlarini ziyorat qilib, urushda halok bo‘lgan vatandoshlarimizni yod etmoqda. Muhtaram faxriylarimiz bilan samimiy uchrashuvlar o‘tkazilib, ularga mukofotlar, esdalik sovg‘alari topshirilmoqda. 

Hammamiz yaxshi tushunamiz, keksalarimiz, mo‘‘tabar otaxon va onaxonlarimizni rozi qilsak, butun xalqimiz, jamiyatimiz bizdan rozi bo‘ladi. Ularning tabarruk duolari – bu, avvalo, el-yurtimizning duosi, desak, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi. 

Shu munosabat bilan ta’kidlab aytmoqchiman – keksa avlod vakillariga e’tibor va g‘amxo‘rlikni kuchaytirish, ularning ijtimoiy ta’minoti, tibbiy xizmatdan foydalanishi, maishiy sharoitlarini yaxshilash, hurmatli faxriylarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, e’zozlash va ardoqlash bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘lib qoladi. 

Albatta, mana shu qutlug‘ bayram kunlarida, yam-yashil tabiat bag‘rida, musaffo osmon ostida turib, har birimiz tinch va ozod hayotning qadrini, ahamiyatini yanada chuqur his etmoqdamiz. 

Lekin, ming afsuski, dunyoning turli mintaqalarida keskinlik o‘choqlari ko‘payib bormoqda. Bu ham ayni haqiqat. Shunday murakkab davrda tinchlik uchun kurash chindan ham eng dolzarb vazifaga aylanmoqda. 

Shuning uchun biz yaqin va uzoq qo‘shnilarimiz bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni kuchaytirmoqdamiz. Ayniqsa, mintaqamizda do‘stlik va hamkorlik ruhini mustahkamlash bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirayotganimiz sizlarga yaxshi ma’lum. Jumladan, jafokash Afg‘oniston zaminida salkam 40 yildan buyon davom etayotgan mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish borasidagi tashabbuslarimiz xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda. 

Mintaqamizdagi tinchlik va taraqqiyot barchamizning birgalikdagi sa’y-harakatlarimizga bog‘liq. Shu ma’noda, bugun Markaziy Osiyo davlatlari o‘zaro hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga ko‘tarishga intilayotgani g‘oyat muhim ahamiyatga ega. 

Ayni paytda Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, sarhadlarimiz daxlsizligini saqlash, xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafik kabi xatarlarga qarshi kurashish bosh vazifamiz bo‘lib qoladi. Bu borada Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini oshirib, tinchlik va xavfsizlik yo‘lida olis va yaqin davlatlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytiramiz. 

Fursatdan foydalanib, O‘zbekistonni xayrixohlik bilan qo‘llab-quvvatlab kelayotgan, bugungi davramizda ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillariga, barcha xorijiy mehmonlarimizga yuksak hurmat va ehtirom bildiramiz. Ularning mamlakatlari va xalqlariga o‘z nomimdan, el-yurtimiz nomidan tinchlik va ravnaq tilashga ijozat bergaysiz. 

Qadrli va muhtaram vatandoshlarim! 

Siz, azizlarni qutlug‘ bayram – Xotira va qadrlash kuni bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman. 

Hammangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman. 

Dunyodagi eng katta baxt – farzandlar, nabiralarning baxtu kamolini ko‘rish barchangizga nasib etsin. 

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin! 

Osmonimiz doimo musaffo bo‘lsin! 
AJDODLARIMIZ JASORATI VA QAHRAMONLIGI XOTIRAMIZDA MANGU QOLAJAK

Xalqimizning qadr-qimmati, or-nomusini himoya qilish, bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi kurashlarda bukilmas iroda va jasorat namunasini namoyon etib, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jonini fido qilgan ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etish, ularning ezgu ishlarini davom ettirish biz uchun azaliy qadriyatdir. 

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan keng nishonlanayotgan Xotira va qadrlash kuni mazmun-mohiyatida ana shunday ezgu tamoyillar mujassam. 

Ushbu ayyomda bugungi tinch-osoyishta hayotga qanday og‘ir sinov va mashaqqatlar evaziga erishilganini chuqur his etamiz. Bu yo‘lda qurbon bo‘lgan yurtdoshlarimiz xotirasiga ta’zim qilamiz. Bizga nasib etgan mustaqillik, tinchlik va osoyishtalikning ahamiyatini yanada teran anglaymiz. 

Davlatimiz tomonidan keksa avlod, jumladan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va frontorti xizmatchilarining ko‘nglini ko‘tarish, salomatligini mustahkamlash, ular uchun qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 16 apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida urush qatnashchilari holidan xabar olish, yurt tinchligi va ozodligi yo‘lida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasini yod etishdek ezgu maqsadlar ifodasini topgan.

Ushbu hujjatlarga muvofiq Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining har biriga Prezidentimiz tabriknomasi, 5 million so‘mdan pul mukofoti va bayram sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. Ularning holidan xabar olinib, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat, Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi, Badiiy akademiya, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Nuroniy” jamg‘armasi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi boshqa tashkilotlar bilan birgalikda Vatanimiz ozodligi himoyachilariga bag‘ishlangan maxsus uchrashuvlar va ma’rifiy-badiiy kechalar o‘tkazildi. 

9 may. Poytaxtimizdagi Xotira maydoni har qachongidan gavjum. Bu erga senatorlar va deputatlar, hukumat a’zolari, harbiylar kelgan. Soat 9:00. Maydonga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdilar. 

Davlatimiz rahbari Ikkinchi jahon urushida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi – harbiy orkestr sadolari ostida Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qo‘ydi. 

Motamsaro ona haykali turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari tomonidan qo‘yilgan gullarga burkandi. 

Shu kuni Toshkent shahridagi Botanika bog‘ida Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 73 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan urush va mehnat faxriylari taklif etildi. 

Bog‘ bayramona bezatilgan. Sahna ortidagi ulkan monitorda xalqimizning urush davrida ko‘rsatgan matonati va jasorati, yovqur o‘g‘lonlarining mislsiz qahramonliklari aks etgan lavhalar namoyish qilindi. Mardlik, ozod Vatan, tinchlik tarannum etilgan shiorlardan yuraklar junbushga keldi. 

Bog‘ ichidagi maydonda urush yillaridagi muhit aks etgan. Qo‘mondonlik shtabi, okop va blindajlar, tibbiyot punkti, dala oshxonasi qurilgan, Ikkinchi jahon urushi davridagi harbiy texnika, qurol-aslaha namunalari joylashtirilgan. Jang maydonlarida askarlarimiz ko‘rsatgan mardlik va jasorat, urushdan qaytmagan minglab yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasi, ota-bobolarimizning frontorti mehnat faoliyati aks etgan. 

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Markaziy ashula va raqs ansambli ijrosida musiqa yangradi. 

Bayram tantanasida hozir bo‘lganlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni qarsaklar bilan kutib oldi. 

Chorlov musiqasi yangraydi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev minbarga taklif etildi. 

Davlatimiz rahbari bu erga yig‘ilganlarni, butun xalqimizni 9 may – Xotira va qadrlash kuni, Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 73 yilligi munosabati bilan tabrikladi. 

Janggohlarda mardlik ko‘rsatgan, front ortida mehnat qilib, bugun hayotimizga fayz bag‘ishlab yurgan faxriylarimiz oldida barchamiz bosh egib ta’zim qilishimiz, ayni vaqtda Vatanimiz ozodligi, el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan jasur yurtdoshlarimizning nomlarini ham hurmat-ehtirom bilan esga olish, ularning oila a’zolari, farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishni o‘zimizning muqaddas burchimiz, deb bilishimiz zarurligini ta’kidladi. 

Butun dunyoda millionlab insonlar umriga zomin bo‘lgan, mislsiz yo‘qotishlar, talafot va musibatlar olib kelgan Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng dahshatli, eng qonli qirg‘in bo‘lganini hech kim unutmaydi. Urush arafasida O‘zbekistonda 6,5 million aholi yashagan. Unda qatnashgan 1,5 milliondan ortiq o‘zbekistonlikning yarim milliondan ziyodi halok bo‘lgani, yana qancha-qanchasi mayib-majruh bo‘lib qaytgani, qanchasi bedarak yo‘qolgani hisobga olinadigan bo‘lsa, bu g‘alaba xalqimiz uchun naqadar qimmatga tushgani yaqqol namoyon bo‘ladi. 

Xalqimizning urush yillaridagi chinakam matonat va jasorati butun insoniyat uchun ibratdir. O‘zbek xalqi jang maydonlaridan yurtimizga evakuatsiya qilingan bir millionga yaqin kishiga o‘z uyidan joy berdi. Ular orasidagi 200 ming bolani yuzlab o‘zbek oilalari “Sen yetim emassan”, deb o‘z panohiga olgan, oxirgi bir burda nonini ular bilan baham ko‘rgan. Toshkentlik Shomahmudovlar oilasi 14 nafar, kattaqo‘rg‘onlik Samadovlar oilasi 12, buxorolik Jo‘raev va Ashurxo‘jayevlar oilasi 8 nafardan bolani o‘z bag‘riga olgan. Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. 

Xotira va qadrlash kuni nishonlanayotgan shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan poytaxtimizdagi Xalqlar do‘stligi maydoniga toshkentlik temirchi Shomahmudovlar oilasi xotirasiga hurmat sifatida barpo etilgan haykal qayta o‘rnatilgani bu bag‘rikenglikning namunasidir. 

Shuningdek, general Sobir Rahimov haykali Toshkent shahri Olmazor tumani hokimligi qarshisidagi eski o‘rniga qaytarilgani 1941-1945 yillarda Ikkinchi jahon urushi frontida matonat ko‘rsatgan yurtdoshlarimiz xotirasini ulug‘lash yo‘lidagi yana bir ezgu qadam bo‘ldi. 

– 1943 yil urushga ketdim, ikkinchi Ukraina frontida xizmat qildim, – deydi Samarqand viloyati Payariq tumanida yashovchi Mahmadali ota Siddiqov. – 1946 yilda yurtga qaytib keldim. U davrlarni eslash biz uchun azob. G‘alabaga hissa qo‘shgan o‘nlab quroldosh do‘stlarimiz xoki begona yurtlarda qolib ketdi. Urushdan so‘ng Samarqand o‘qituvchilar tayyorlash maktabini tamomlab, uzoq yillar yoshlarga dars berdim. Yoshim 96 da, to‘rt farzand, qirqdan ziyod nevara-chevara ko‘rdim. Bugungi bayram, Prezidentimizning e’tibori ko‘nglimizni tog‘dek ko‘tardi. Shunday kunlarga etkazganiga shukr. Ilohim, elimizdan mehr-oqibat, ahillik arimasin. Yurtimiz hamisha tinch, xalqimiz omon bo‘lsin! 

Sahnada va ulkan monitorda Ikkinchi jahon urushi yillaridagi hayot aks ettirilgan lavhalar o‘tadi. 

...O‘zbekiston san’at arbobi Turob To‘laning «Ona monologi» yangraydi. 

Mashhur suxandon Yuriy Levitanning urush boshlangani to‘g‘risidagi e’lonni o‘qigan ovozi yangraydi. Yigitlar Vatan himoyasiga otlanadi. Monitorda Ikkinchi jahon urushi voqealari tasvirlanadi. 

Bu yilgi Xotira va qadrlash kuni tadbirlarida Ikkinchi jahon urushida xalqimizning tinchligi va omonligi yo‘lida o‘z jonini fido qilgan bobolarimizni xotirlash, bugun oramizda bo‘lgan faxriylarimizning ko‘nglini ko‘tarish, umriga umr qo‘shishdek olijanob maqsad ko‘zlangan. Zero, ularning qahramonligi qalblarimizga faxr tuyg‘usini bag‘ishlaydi. 

– Bugungi tadbir yurtingizda faxriylarga ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtiromning yorqin namunasi bo‘ldi, – deydi Amerika Qo‘shma Shtatlarining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlen xonim. – Bayramga O‘zbekistonning barcha hududidan nuroniylar taklif etilgan, harbiy libos kiygan yigit-qizlar ularga xizmat ko‘rsatmoqda. Keksalarga izzat-hurmatli, mehr-oqibatli bo‘lish xalqingizga xos yuksak fazilatdir. Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida bugungi tinch-osoyishta, baxtli-saodatli kunlarni ta’minlashga hissa qo‘shgan faxriylarning hurmatini joyiga qo‘yish va hayotini mazmunan boyitish yo‘lidagi bu harakatlar tahsinga loyiq. 

Bayram dasturida atoqli shoir va san’atkorlarimizning she’r va qo‘shiqlariga keng o‘rin berilgani Xotira va qadrlash kuni mazmun-mohiyatiga mos tushgan. Hamid Olimjonning «Fashizm balosi», Zulfiyaning «Jangga ketgan o‘g‘ilga», G‘afur G‘ulomning «Sen etim emassan» she’rlarining mualliflardan yozib olingan parchalari eshittirilganda, qalblar larzaga keldi. 

...Kamtarning "Frontdan xat", Habibiyning "Ko‘rgum kelur", G‘afur G‘ulomning "Yigit omon bo‘lsa", Konstantin Simonovning "Jdi menya", Yakov Galitskiyning "Siniy platochek" she’rlariga bastalangan qo‘shiqlar yangradi. 

Konsert harbiy orkestr va milliy ijrochilar ishtirokida davom etdi. 

Urush tugab, g‘alabaga erishilgani haqida Yuriy Levitan e’lon qiladi. 

73 yil oldingi bu quvonch, surur yana bir bor tadbir ishtirokchilarini hayajonga soldi. 

– Biz baxtli avlodmiz – shunday tinch-osoyishta mamlakatda yashayapmiz, – deydi Toshkent temir yo‘l transporti kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Ilhom To‘laxo‘jaev. – Bunda bobo-buvilarimizning, barcha nuroniylarimizning hissasi beqiyos. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ularga g‘amxo‘rlik qilish, umrlarini uzaytirish uchun barcha sharoitlarni yaratish hammamizning farzandlik burchimizdir. 

– O‘zbekistonda Xotira va qadrlash kuni nishonlanayotgani zamirida juda katta ma’no-mazmun bor, – deydi Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ito Nobuaki. – Ikkinchi jahon urushi o‘tganiga ancha bo‘ldi, lekin undan chiqariladigan saboq, xulosalar hali tugagani yo‘q. Bu esa g‘alabaning qadr-qimmatini oshiradi. O‘zbek xalqi ana shu ulkan g‘alabaga munosib hissa qo‘shgani bilan faxrlanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida fashizmga qarshi kurashda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning xotirasini yod etish, ularning ruhi poklariga hurmat bajo keltirish zarurligini ta’kidladi. Darhaqiqat, xotira bugungi avlodni tinchlikni qadrlashga o‘rgatadi. Prezidentingiz, shuningdek, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa mamlakatlar bilan hamkorligi bundan buyon ham mustahkamlanib borishini qayd etdi. Biz bu munosabatlarni g‘oyat qadrlaymiz. O‘zaro hamkorligimiz bundan keyin ham izchil taraqqiy etaverishiga ishonamiz. 

Urush yillarining ayanchli xotiralari, bugungi tinch-osoyishta hayot qadri aks ettirilgan badiiy dastur qatnashchilarda unutilmas taassurot qoldirdi. 

9 may – Xotira va qadrlash kuni mamlakatimizning barcha hududlarida keng nishonlandi.


O‘ZBEKISTON PREZIDENTI AQSH QUROLLI KUCHLARI MARKAZIY QO‘MONDONLIGI QO‘MONDONINI QABUL QILDI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 may kuni amaliy tashrif bilan mamlakatimizga kelgan AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Jozef Votelni qabul qildi. 

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik ayniqsa siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, texnologik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda jadal rivojlanayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi. 

Uchrashuvda xavfsizlik, harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlik sohalaridagi o‘zaro aloqalarga alohida e’tibor qaratildi. 

Mintaqada barqarorlikka tahdid solayotgan zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi kurash, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. 

General J.Votel davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, AQSH Prezidenti D.Trampning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. 

AQSH joriy yil mart oyida Toshkent shahrida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya yakunlarini yuksak baholashi va qo‘llab-quvvatlashi qayd etildi. 

Ushbu mamlakatda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, Afg‘oniston va butun Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlari yo‘lida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratishi alohida ta’kidlandi. 

Muloqot yakunida O‘zbekiston Prezidentining AQSHga kutilayotgan rasmiy tashrifi O‘zbekiston-Amerika hamkorligini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishi, o‘zaro manfaatli hamkorlikni aniq amaliy mazmun bilan boyitishiga qat’iy ishonch bildirildi. 
FEDERAL DAVLAT AVTONOM OLIY TA’LIM MUASSASASI “MILLIY TEXNOLOGIK TADQIQOTLAR UNIVERSITETI “MISIS”NING OLMALIQ SHAHRIDAGI FILIALI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

Q A R O R I
Respublika ishlab chiqarish-sanoat tarmog‘i uchun yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlashni yanada rivojlantirish va takomillashtirish, oliy texnik ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:

1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, “Olmaliq TMK” AJ, “Navoiy KMK” DK, Toshkent viloyati hokimligi va Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning (Rossiya Federatsiyasi) Olmaliq shahrida (Toshkent viloyati) Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning filialini (keyingi o‘rinlarda Filial deb yuritiladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Quyidagilar Filial faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

respublikaning ishlab chiqarish-sanoat tarmog‘i uchun muhim ilmiy- texnologik vazifalarni hal qilishga qodir yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni xalqaro ta’lim standartlari darajasida tayyorlash;

metallurgiya, konchilik ishi va sanoat ishlab chiqarishning boshqa tarmoqlarida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borish;

mutaxassislar hamda ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini ta’lim va fanning uzviyligi hamda uzluksizligi, shuningdek, jahon ta’lim va ilmiy hamjamiyatiga majburiy integratsiya hisobiga rivojlantirish;

muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan yangi ta’lim dasturlari hamda o‘qitish shakllarini ishlab chiqish va joriy etish;

ta’lim va ilmiy faoliyatning ishlab chiqarish-sanoat faoliyati bilan uzviy integratsiyasi uchun shart-sharoitlar yaratish;

pedagogik salohiyatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, pedagogik texnologiyalarni va o‘qitish uslublarini faol takomillashtirish;

ta’lim va ilmiy-texnik sohalarda xorijiy mamlakatlarning etakchi ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari hamda biznes-hamjamiyatlari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

Filial Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning (keyingi o‘rinlarda – “MISiS” MTTU) alohida tarkibiy bo‘linmasi hamda kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni inobatga olgan holda, ta’limning kelishilgan asosiy yo‘nalish(mutaxassislik)lari bo‘yicha barcha darajadagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni, jumladan, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni amalga oshiradigan oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi;

Filialda o‘qitish O‘zbekiston Respublikasi davlat ta’lim standartlari talablarini e’tiborga olgan holda “MISiS” MTTU tomonidan tasdiqlangan o‘quv rejalar va dasturlar bo‘yicha amalga oshiriladi;

abiturientlarni qabul qilish va Filial bitiruvchilarining attestatsiyasi “MISiS” MTTU tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;

Filial bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan “MISiS” MTTUning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

4. Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi “Milliy tadqiqot texnologik universiteti “MISiS”ning Olmaliq shahridagi filialida mutaxassislarni o‘qitish va tayyorlashning asosiy yo‘nalish(mutaxassislik)lari 1-ilovaga muvofiq ma’qullansin.

5. Filialga tekin foydalanish uchun:

Navoiy davlat konchilik institutining Toshkent viloyati, Olmaliq shahri, Amir Temur ko‘chasi, 56-uy manzilida joylashgan binosi;

2017/2018 o‘quv yili yakuni bo‘yicha faoliyati tugatilayotgan Olmaliq sanoat kasb-hunar kollejining Toshkent viloyati, Olmaliq shahri, Amir Temur ko‘chasida joylashgan binosi berilsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:

“MISiS” MTTU va “Olmaliq TMK” AJ bilan birgalikda bir oy muddatda o‘rnatilgan tartibda Filial ta’sis hujjatlarining ishlab chiqilishi, kelishilishi hamda uning belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;

bir oy muddatda “MISiS” MTTU bilan Filialning tashkiliy tuzilmasini kelishsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tegishli hukumat qarori loyihasini kiritsin;

2018 yil 1 sentyabrga qadar muddatda Filialni tanlov asosida yuqori malakali professor-o‘qituvchilar tarkibi bilan ta’minlasin.

7. Filialga 2018/2019 o‘quv yili uchun ta’limning kunduzgi shakli bo‘yicha qabul kvotasi jami 150 kishi, jumladan, bakalavriatning “Konchilik ishi” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 75 kishi, “Metallurgiya” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 50 kishi, “Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish (tarmoqlar bo‘yicha)” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 25 kishi etib belgilansin.

8. “MISiS” MTTU:

o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik hamda axborot texnologiyalarini, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini joriy etishga;

mutaxassislarning malakasini oshirishga va Filialning professor-o‘qituvchilari tarkibini qayta tayyorlashga;

Filialning kutubxona fondini zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik hamda ilmiy-texnik adabiyotlar bilan shakllantirish va to‘ldirishga ko‘maklashishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi “Olmaliq TMK” AJ, “Navoiy KMK” DK, “O‘zmetkombinat” AJ, “O‘zikkilamchiranglimetall” AJ, boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda har yili yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga bo‘lgan ehtiyojni tahlil qilsin va uning natijasi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga keyingi o‘quv yillarida Filialga ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklari bo‘yicha qabul qilinadigan talabalar soni yuzasidan takliflar kiritib borsin.

10. Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi “Milliy tadqiqot texnologik universiteti “MISiS”ning Olmaliq shahridagi filiali Vasiylik kengashining (keyingi o‘rinlarda – Vasiylik kengashi) shaxsiy tarkibi 2-ilovaga muvofiq ma’qullansin.

11. Belgilab qo‘yilsinki:

a) Filial faoliyatini moliyalashtirish:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga talabalarni, lekin Filialga ta’lim olish uchun qabul qilinadigan talabalar umumiy sonining 40 foizidan ortiq bo‘lmagan holda, davlat granti asosida o‘qitishga ajratiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;

talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hamda maqsadli badallaridan Vasiylik kengashi qarorlari asosida shakllantiriladigan pul mablag‘lari;

xalqaro moliya institutlari grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

b) Filialni tashkil qilish, uning moddiy-texnik va o‘quv bazasini shakllantirish bo‘yicha tashkiliy tadbirlarni, jumladan, ta’mirlash-tiklash ishlarini olib borishni, bino va inshootlarni zarur mebel, inventar, zamonaviy o‘quv hamda laboratoriya jihozlari, kompyuter va boshqa orgtexnika, kutubxona fondi bilan ta’minlashni, shuningdek, “MISiS” MTTU mutaxassislarini jalb qilish bilan bog‘liq xizmat safari xarajatlarini, Filial mahalliy o‘qituvchilarining stajirovkasi va malakasini oshirish xarajatlarini moliyalashtirish “Olmaliq TMK” AJ mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

v) “MISiS” MTTUdan Filialga jalb qilinadigan professor-o‘qituvchilarning xizmat safari xarajatlarini to‘lash:

30 kungacha bo‘lgan qisqa muddatli xizmat safari bo‘yicha – Rossiya Federatsiyasining qonun hujjatlari bilan oliy o‘quv yurtlari xodimlari uchun belgilangan normalarga muvofiq;

uzoq muddatli xizmat safari bo‘yicha – o‘quv jarayoni ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, tuzilgan shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.

12. Filialga o‘qituvchilik va ilmiy ishlar uchun taklif qilinadigan xorijiy professor-o‘qituvchilarning yashash hamda transport xarajatlarini tuziladigan shartnomalar asosida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tariflar bo‘yicha to‘lashga ruxsat berilsin.

13. Belgilab qo‘yilsinki, Filialni saqlash uchun byudjet mablag‘lari 2018 yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining ijtimoiy soha bo‘yicha tasdiqlangan xarajatlar parametrlari doirasida ajratiladi, 2019 yildan boshlab esa mazkur sohaning yillik xarajatlar parametrlarida nazarda tutiladi.

14. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Filialga ikkita avtotransport vositasini, jumladan, bitta xizmat va bitta navbatchi engil avtotransport vositasini saqlashga limit ajratsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi “Toshkent viloyatida sanoat ishlab chiqarish sohasi uchun muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3153-son qarori bilan tuzilgan, Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning Olmaliq filialini tashkil etish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita:

2018 yil 1 iyulga qadar muddatda Filialning bino va inshootlari rekonstruksiya qilinishini, shuningdek, Filial talaba va o‘qituvchilari yashashi uchun yotoqxona tayyorlanishini;

2018 yil 31 avgustga qadar muddatda Filial joylashtirilishini va uni zarur mebel, inventar, zamonaviy o‘quv va laboratoriya jihozlari, kompyuter va boshqa orgtexnika, kutubxona fondi bilan jihozlanishini ta’minlasin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Filial buyurtmalariga binoan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-o‘qituvchilar va ma’muriy xodimlar, shuningdek, ularning oila a’zolari uchun kirish vizalari konsullik hamda boshqa yig‘imlar undirilmasdan, belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.

17. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Filial buyurtmalariga binoan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-o‘qituvchilar va ma’muriy xodimlarga hamda ularning oila a’zolariga davlat bojlari to‘lashdan ozod etgan holda ko‘p martalik vizalar berilishi va uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash joyida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazilishi hamda vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazish muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda ta’minlasin.

18. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Filial buyurtmalariga binoan Filialni tashkil qilishda va uning faoliyatida ishtirok etadigan malakali xorijiy mutaxassislarni respublikaga jalb etish uchun belgilangan tartibda ruxsatnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini), shuningdek, xorijiy fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) ta’minlasin.

19. 2019 yil 1 yanvarga qadar muddatda Filialni jihozlash va uning faoliyatini ta’minlash uchun belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha olib kiriladigan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan zamonaviy o‘quv va ilmiy laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, o‘quv va ilmiy-uslubiy adabiyot, inventar va moddiy-texnika resurslari bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etilsin.

20. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda:

Olmaliq sanoat kasb-hunar kolleji xodimlarini ishga joylashtirish;

Olmaliq sanoat kasb-hunar kolleji o‘quvchilar kontingentini yaqin bo‘lgan tegishli kasb-hunar kollejlariga yo‘nalish(kasb)lar bo‘yicha joylashtirish orqali ularning kelgusida ta’lim olishini ta’minlash choralarini ko‘rsin.

21. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

22. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari Q.V.Akmalov, A.S.Sultonov, O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U.Madjidov hamda “Olmaliq TMK” AJ boshqaruvi raisi A.Q.Farmonov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti  SH.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018 yil 11 may 
MUBORAK RAMAZON OYINI MUNOSIB TARZDA O‘TKAZISH TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

Q A R O R I
Xalqimiz uchun ezgulik, saxovat, mehr-shafqat ramzi hisoblangan muborak Ramazon oyining ijtimoiy hayotimizda o‘zaro ahillik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash borasidagi alohida o‘rni va ahamiyatini inobatga olgan holda hamda muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyatini, uning tinchlik, bag‘rikenglik, shukronalik kabi olijanob g‘oyalarini keng targ‘ib etish, diniy-ma’rifiy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash maqsadida:

1. 2018 yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 17 may kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Ramazon oyini azaliy an’ana va qadriyatlarimiz ruhida har tomonlama munosib o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

Joylarda Ramazon oyining mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan ezgu g‘oyalar, dinimiz arkonlarini e’zozlash, hozirgi tinch va osuda hayotimizning qadriga etish, odamlarni bir-biriga yaxshilik qilishga, ahil va hamjihat bo‘lib yashashga da’vat etadigan, yosh avlodimizni Vatanga muhabbat, milliy va diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan ma’rifiy tadbirlar va targ‘ibot ishlari tashkil etilsin.

Ushbu muqaddas oyda yordamga muhtoj va ehtiyojmand kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oilalar va mahallalarda mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, buyuk allomalar, aziz-avliyolarimizning ziyoratgohlarini, qabristonlarni obodonlashtirishga qaratilgan tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida ahamiyat berilsin.

3. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon oyini o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti  SH.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018 yil 11 may

 

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA MAJBURIY MEHNATGA BARHAM BERISHGA DOIR QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA


Vazirlar Mahkamasining 

QARORI
2018 yil 10 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 349-son “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasida inson hayoti va faoliyatining barcha sohalarida majburiy mehnatning oldini olish va unga to‘liq barham berishga doir aniq hamda amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilishiga qaratilgan. Unga ko‘ra:



Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida va boshqa qonun hujjatlarida fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlangani, har qanday shakldagi majburiy mehnatdan foydalanish, biron-bir jazo qo‘llanishi bilan qo‘rqitgan holda ishlarni bajarishga majburlashni taqiqlovchi normalar mustahkamlanganini e’tiborga olib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimlari, barcha darajalardagi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlariga quyidagilar belgilab berildi:

– fuqarolarni, jumladan, ta’lim, sog‘liqni saqlash muassasalari, boshqa byudjet tashkilotlari xodimlarini, ta’lim muassasalari o‘quvchilari va talabalarni majburiy mehnatga, shu jumladan tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari, metall chiqindilari va makulatura yig‘ish, shuningdek, boshqa turdagi mavsumiy ishlarga jalb qilish holatlarining zudlik bilan oldini olish va bunga chek qo‘yish;

– fuqarolarni, xususan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasi, boshqa byudjet tashkilotlari xodimlarini, talabalar va ta’lim muassasalari o‘quvchilarini majburiy jamoat ishlariga bevosita yoki bilvosita jalb qilgan mansabdor shaxslarga nisbatan qat’iy intizomiy choralar qo‘llanilishi;

– avtomobil yo‘llari, harakatlanish tig‘iz bo‘lgan ko‘chalar, suv obyektlari, qirg‘oqbo‘yi hududlar va zonalar, qurilish maydonlari, bino va inshootlar tomlari, xavfli ishlab chiqarish obyektlari, shuningdek, insonlarning hayotiga yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘ilishi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan boshqa joylarda ixtiyoriy tashabbus bilan hasharlar va boshqa ishlarni o‘tkazish taqiqlandi.



Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga:

fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash va O‘zbekiston Respublikasi hududida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni kuchaytirish, bu boradagi tekshiruvlar samaradorligini oshirish va majburiy mehnat holatlari aniqlanganda esa aybdor shaxslarga nisbatan tegishli javobgarlik choralarini qo‘llash topshirildi.



Uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga:

a) xodimlarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash, biron-bir shakldagi majburiy mehnatdan foydalanish holatlarini o‘z vaqtida aniqlash hamda bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi normalari amalga oshirilishini nazorat qilish choralarini kuchaytirish;

b) Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Savdo-sanoat palatasi hamda O‘zbekiston fermer, dehkon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda:

davlat organlari, shu jumladan, mahalliy davlat organlarining, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi ishlari qizg‘in davrda xodimlarning huquqlari hamda manfaatlariga rioya etilishi bo‘yicha faoliyati yuzasidan tizimli monitoring olib borish;

o‘tkazilgan monitoring yakunlari bo‘yicha fuqarolik jamiyati institutlarini jalb etgan holda, xususan, hududlarda ommaviy eshituvlar tashkil etilishini ta’minlash, bunda majburiy mehnatdan foydalanishning har bir holati, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida muhokama qilinishi belgilandi.

To‘rtinchidan, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashiga:

jamoa shartnomasi va mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi, xususan, majburiy mehnatdan foydalanishning oldini olish borasida tashkilotlardagi kasaba uyushmalari boshlang‘ich bo‘g‘inlarining javobgarlik choralarini kuchaytirish;

majburiy mehnat holatlari aniqlangan taqdirda ular to‘g‘risida prokuratura organlariga hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat huquq inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalariga zudlik bilan ma’lum qilish;

boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlikda ushbu sohadagi jamoatchilik nazoratini faollashtirish.



Beshinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Adliya vazirligi hamda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan birgalikda:

fuqarolarni majburiy jamoat ishlariga noqonuniy jalb qilish yoki har qanday shakldagi majburiy mehnatdan foydalanishda aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlik choralarini kuchaytirish;

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat huquq inspeksiyasi vakolatlarini kengaytirish, shu jumladan, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan mehnat qonunchiligiga rioya etilishi yuzasidan nazoratni kuchaytirishga doir vakolatlarini kengaytirish.

Vazirlar Mahkamasining ushbu qarori O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatni oldini olish va bartaraf etishga xizmat qiladi.
MARDLIK VA JASORATNING YORQIN NAMUNASI
2015 yil 16 mart kuni dunyoning qator mamlakatlaridagi ommaviy axborot vositalarida Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani Bordimko‘l qishlog‘ida istiqomat qilib kelayotgan 93 yoshli Kamoljon Turg‘unovning vafot etganligi to‘g‘risidagi xabar tarqatildi. Marhumning oila a’zolariga nafaqat mahalliy davlat idoralari, hattoki, xorijiy davlatlardan ham ta’ziya izhor etildi. Tabarruk yoshga etgan Kamoljon Turg‘unovning shaxsini bilgan, u kishi bosib o‘tgan mashaqqatli hayot so‘qmoqlaridan xabardor barchaning chuqur qayg‘uga tushishi bejiz emas edi.

58 kunlik qamal

Xo‘sh, Namangan viloyatining uzoq bir qishlog‘ida umrguzaronlik qilgan otaxonga ko‘rsatilgan bunday izzat-ikromning boisi nimada? Buning javobi oddiy: Kamoljon Turg‘unov Ikkinchi jahon urushi qahramonlaridan biri edi. Dunyodagi deyarli barcha mamlakatlarda tarix sahifalarida qolgan mash’um urushga oid kitoblar yaratilgan bo‘lib, unda namanganlik o‘zbek yigitining jasorati keng tasvirlangan. “Pavlov uyi”ning mard va qo‘rqmas himoyachisi, o‘zbek xalqining faxri va iftixori bo‘lgan Kamoljon Turg‘unov vafoti shuning uchun ham dunyo hamjamiyatini befarq qoldirmadi.

Men Kamoljon ota bilan ko‘p bor suhbat qilganman, uning urush yillariga oid achchiq xotiralarini eshitganman. U Ikkinchi jahon urushiga safarbar etilganidan so‘ng barcha o‘zbek o‘g‘lonlari singari Volga daryosi bo‘yida, mashhur Stalingrad shahrida fashistlarga qarshi janglarda ishtirok etganini dam mahzun, dam mamnun bo‘lib hikoya qilgan. Sobiq jangchining qahramonlik yo‘li sirtdan qaraganda oddiy va barcha quroldosh do‘stlarinikiga o‘xshash. Ammo unda o‘z yurtini sevish, uni asrab-avaylashdek tuyg‘u kuchli bo‘lgani bois, ko‘rsatgan mardlik va jasorat namunasi hali-hanuz barchani hayratga solib keladi. 1942 yilning sentyabr oyida serjant Yakov Pavlov boshchiligidagi sovet qo‘shinlari to‘rt qavatli oddiy uyni ishg‘ol qilib, fashistlar qo‘lidan tortib oladi.

25 kishilik kichik otryad egallagan uy to‘rt taraflama dushman tomonidan qamal qilinadi. 58 kunlik qamalni eslagan Kamoljon otaning eti jimirlab ketganini sezaman. U kishining hikoya qilishicha, bino har ikki tomon uchun ham juda katta strategik ahamiyatga ega bo‘lgani sababli hayot-mamot jangi 58 kun davom etgan. 11 millat vakillaridan iborat mazkur otryad ko‘rsatgan qahramonlik butun front bo‘ylab tillarda doston bo‘ldi. Tishidan tirnog‘igacha qurollangan fashist bosqinchilari mo‘ljaldagi uyni tinimsiz o‘qqa tutib, hujum uyushtirishiga qaramay, tarixda “Pavlov uyi” nomini olgan bino himoya qilindi, asrab qolindi. Bir maqsad-muddao yo‘lida kurash olib borgan sobiq jangchilardan birortasi bugun tirik qoldimikan? Ollohning azmu irodasi ekan-da, Kamoljon ota ham bu yorug‘ olamni tark etdi.

Tutingan qiz

1942 yili “Pavlov uyi”da istiqomat qiluvchi fuqarolardan birining xonadonida qizaloq tug‘iladi. Fashist gazandalari bilan janglar qizib turgan bir paytda ro‘y bergan bu voqea Kamoljonni ham quvontirdi. Zina (Zinaida Petrovna Selezneva) ismli bu qizaloq g‘alabadan so‘ng “Pavlov uyi” qahramonlari, jumladan, Kamoljon ota bilan ham uchrashib turganini maroq bilan hikoya qilgan suhbatdoshim. Zinaida Petrovna O‘zbekistonga — Kamoljon Turg‘unov oilasiga doimiy ravishda kelib turadigan mehmonlardan biri edi. Iliq va samimiy munosabat tufayli ular keyinchalik ota-bola tutindilar. Zinaida Petrovna Kamoljon otaning o‘n olti farzandi qatoriga qo‘shilib, o‘n ettinchisi bo‘lgan. Ota vafot etsa-da, tug‘ishgan va tutingan kishilar o‘rtasidagi beg‘araz, do‘stona aloqa hamon uzilgani yo‘q. Kamoljon otaning farzandlari va Zinaida Petrovna o‘rtasida do‘stona, samimiy munosabat davom etmoqda.

Kamoljon Turg‘unov g‘alaba bilan o‘z yurtiga qaytganidan so‘ng uzoq yillar Bordimko‘l qishlog‘ida traktorchi bo‘lib ishladi. Qishloq xo‘jaligi yumushlarida ishlash er yigitga xosligini namoyon etdi. Urushdan keyingi og‘ir tiklanish yillarida erkaklarning o‘rni, xizmati kattaligini anglagan Kamoljon ota xuddi jangdagi singari mehnatkashligi, tirishqoqligi bilan obro‘-e’tibor qozondi.

Katta urushdagi ulush

Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilarining hayot yo‘li haqida shunga o‘xshash misollar juda ko‘p. Ammo Kamoljon Turg‘unov bilan bog‘liq xotiralarning e’tiborli jihati shundaki, u singari millionlab o‘zbek o‘g‘lonlari fashizm ustidan g‘alaba qozonishni o‘z fuqarolik burchi deb bilishdi.

Qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz urush tufayli orttirgan qalb va tan jarohatlari azobini hamon tortmoqda. Jang maydonlaridan qaytmagan ming-minglab yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasi oldida bosh egish, ularning ruhi poklariga hurmat bajo keltirish barchamizning insoniy burchimizdir. Ayniqsa, bu hayotiy haqiqat haqida mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev aytgan gaplar butun xalqimizning dilidagi gaplardir: “Ayni vaqtda jang maydonlarida mardlik va jasorat ko‘rsatgan, front ortida fidokorona mehnat qilib, bugun oramizda sog‘-salomat bo‘lib yurgan muhtaram faxriylarimizga ta’zim qilamiz. Hozirgi tinch-osoyishta hayotimiz, musaffo osmonimiz uchun ularga cheksiz minnatdorchilik bildiramiz. Hech shubhasiz, bu dahshatli urush, butun insoniyat qatori, bizning xalqimizga ham mislsiz kulfat va yo‘qotishlar olib keldi” (Mirziyoyev Sh. Milliy taraqqiyot yo‘limizni qat’iyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga ko‘taramiz” (1-jild. — Toshkent, 2017 y. 395-b).

73 yil ortda qoldi, ammo uning dog‘i, nolayu afg‘oni hamon har bir millatning qalbida aks sado beradi. Bundan o‘zbek xalqi ham mustasno emas, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga O‘zbekistonning qo‘shgan hissasi haqida har qancha jo‘shib gapirsak ham oz. Zero, mardlik va jasoratni o‘zining uch ming yillik tarixida bayroq qilgan xalqimiz bunga arziydi. Keling, o‘zbek jangchilari ko‘rsatgan ayrim qahramonliklarga murojaat qilamiz.

Toshkentda tuzilgan va general Sobir Rahimov rahbarligida dushmanga tinchlik bermagan diviziya uch oyning o‘zida fashistlarning 8 mingdan ortiq askar va ofitserlarini yo‘q qildi. Farg‘onalik Ahmadjon Shukurovning Oryol yaqinidagi Zolotarevka qishlog‘ida ko‘rsatgan qahramonliklari tillarda doston bo‘ldi. Jumladan, bir o‘zi 110 nafar fashistni er bilan yakson qildi, 15 nafarini asir oldi. Yana bir vatandoshimiz Zilmat Hasanov 80 nafar dushman bilan olishib, ularning 60 nafarini yer tishlatadi. O‘q-dorilari tugaganidan so‘ng u o‘zini va yonidagi fashistlarni granata bilan portlatib yuboradi. Hamyurtlarimizdan yana biri, mashhur razvedkachi Mamadali Topvoldiev 67 nafar fashist gazandasini yo‘q qildi, 180 nafar dushmanni asir oldi.

Vatandoshlarimiz partizanlik harakatida ham faol qatnashdilar. Xususan, “Qasoskorlar” partizan brigadasida o‘zbekistonlik Jonibek Otaboyevning kichik otryadi Gomel ostonalarida qahramonlik namunalarini ko‘rsatish asnosida “rels urushlari”da o‘nlab fashist eshelonlarini portlatib yubordi, politsiya uchastkalariga hujum uyushtirib, dushmanning tinka-madorini quritdi.

O‘zbek o‘g‘lonlarining front ichkarisida ko‘rsatgan jasoratlari munosib taqdirlandi. Urushda qatnashgan 120 mingdan ortiq mard yigit-qizlar jangovar orden va medallar bilan taqdirlandi, 82 nafar yurtdoshimiz o‘sha paytda ta’sis etilgan “Shuhrat” ordenining har uchala darajasi bilan mukofotlangan. 280 nafar o‘zbekistonlik sobiq “Sovet ittifoqi qahramoni” degan eng oliy unvonga sazovor bo‘ldi (“Istoriya Uzbekistana”. — Tashkent, 2005. 260-b.).Front ortidagi jasorat Urushda g‘alabaga erishish qahramonlik bo‘lsa, front ortida jangchilarga qurol-aslaha, kiyim-kechak, oziq-ovqat yetkazib berish yo‘lidagi sa’y-harakatning o‘zi yana bir jasoratdir. Bunga O‘zbekistonning ulkan hissasi qo‘shilganligini aniq misollar bilan asoslaymiz. O‘sha paytda yurtimizda qariyb 6,5 million aholi istiqomat qilgan bo‘lsa, ulardan taxminan 1,5 million nafari urushga safarbar etilgan. O‘z Vatanining erkinligi va ozodligi uchun, bugun biz kechirayotgan osuda hayot uchun 500 ming nafardan ziyod vatandoshimiz urush maydonlarida qurbon bo‘lgan, qanchadan-qanchasi bedarak ketgan. 1941 yilning noyabridan 1942 yilning mart oyigacha O‘zbekistonda 14 ta milliy harbiy bo‘linma, 9 ta o‘q otish va 9 ta otliq diviziya tashkil etildi. O‘zbekiston xalqi harakatdagi armiya uchun 2 mingdan ortiq samolyot, 1700 dan ko‘proq aviamotor, shuncha miqdorda minomyot, 22 millionta mina, 560 mingta snaryad, bir milliondan ortiq granata, 330 mingta parashyut, 5 ta bronepoezd, 18 ta sanitar poezd, millionlab kirza etiklar, bosh kiyimlari, gimnastyorka yetkazib berdi.

Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasidagi zavodlarda, og‘ir va rangli metallurgiya kombinatlarida 155 ming nafar vatandoshimiz g‘alaba uchun ter to‘kkani ko‘pchilikka ma’lum emas. Urush yillarida O‘zbekistonda yetishtirilgan 82 million pud don, 213 ming sentner sholi, 4 million tonna paxta, 55 ming tonna ipak, 57,5 ming tonna meva-sabzavot, 159,3 ming tonna go‘sht mahsuloti frontga jo‘natildi.

Shukrki, bugun mamlakatimiz tinch va osoyishta, barqaror rivojlanish yo‘lidan bormoqda. Har bir xonadonda farzandlari, nevara-chevaralari bag‘rida farovon hayot kechirayotgan keksa avlod vakillari dorilomon kunlarga etkazgani uchun Yaratganga shukrona keltiradi, urush balosi hech qachon qaytmasin, deya duo qiladi.

Tinchlikparvarlik siyosati

Urushning butun ziyon-zahmati, mashaqqatlarini sobiq SSSR tarkibidagi barcha respublikalar, ularning millionlab xalqlari o‘z elkasida birdek ko‘targanini eslamaslik, tan olmaslik siyosiy jihatdan katta xatolikdir. O‘zbekistonning fashizm ustidan qozonilgan tarixiy g‘alabaga qo‘shgan hissasi to‘g‘risida bor haqiqatni aytish, uni yoshlarimiz ongiga chuqur singdirish, bu orqali ularda urush balosiga nisbatan nafrat uyg‘otish, ota-bobolarimizning mardligi, jasorati hamda qahramonliklari alohida o‘ringa egaligini anglatish lozim.

Darhaqiqat, tinchlik degan ulug‘ ne’matni asrab-avaylash va ta’minlashda o‘zbek xalqining ko‘ksi baland, yuzi yorug‘, hech kimdan kam emas. Davlatimiz rahbarining “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida tinch¬lik va omonlik o‘zbek xalqining eng ulug‘, eng aziz qadriyatlaridan biri sifatida e’tirof etiladi. “Butun dunyoda, — deyiladi qarorda, — millionlab insonlar halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan, mislsiz yo‘qotishlar, talafot va musibatlar olib kelgan Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng dahshatli, eng qonli qirg‘in bo‘lganini hech kim unutmaydi. Ushbu beshafqat urushda qatnashgan 1,5 milliondan ortiq o‘zbekistonliklarning yarim milliondan ziyodi halok bo‘lganini xalqimiz hech qachon yodidan chiqarmaydi. Urush boshlanishi bilan front hududlaridan O‘zbekistonga ko‘chirilgan bir millionga yaqin oila va bolalarni qabul qilib, oxirgi bir burda nonini ular bilan baham ko‘rgan, “Sen yetim emassan” deb o‘z bag‘riga olgani xalqimizning naqadar olijanobligini, mehr-muruvvatini, yuksak ma’naviyatini yaqqol namoyon etdi” (“Xalq so‘zi”, 2018 yil 17 aprel).

Mamlakatimiz rahbariyati, vazirlik, qo‘mita, tashkilot, muassasalar, barcha oddiy insonlar urush maydonlarida jang qilgan faxriylar holidan xabar olish, ularga sovg‘a-salom ulashish chora-tadbirlarini ko‘rmoqda. Halok bo‘lganlar xotirlanadi. Yoshlar ularning qahramonliklaridan ibrat olmoqda. Ta’lim muassasalarida O‘zbekiston bugun o‘z qahramonlarini munosib qutlab, ularga ehtirom ko‘rsatishi bilan bog‘liq tarbiyaviy tadbirlar o‘tkaziladi. Mamlakat rahbarining “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoniga binoan, janggohlarda mardlik va jasorat namunalarini ko‘rsatgan barcha urush qatnashchilari va nogironlariga 5000000 (besh million) so‘m miqdorida biryo‘la pul mukofoti beriladi. Mazkur qarorga muvofiq, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining istaklari asosida ularning o‘zlari jang qilgan mamlakatlarga bir nafar kuzatuvchi bilan safarini tashkil etish, urush faxriylarining istaklari asosida Yalta va Kislovodsk shaharlaridagi “O‘zbekiston” hamda respublika hududidagi boshqa sanatoriylarga bir nafar kuzatuvchisi bilan birga bepul yuborilishini tashkil etish mamlakat hukumatiga vazifa sifatida yuklatildi.

Hech shubhasiz, bunday tadbirlar xalqimiz tomonidan juda katta minnatdorlik bilan qabul qilinmoqda. Masalaning boshqa tomoni ham borki, uni esdan chiqarishga haqqimiz yo‘q. Ikkinchi jahon urushida faol qatnashib, fashizm balosini bartaraf etishda mislsiz qahramonliklar ko‘rsatgan ayrim mamlakatlardagi urush qatnashchilari bugunga kelib ba’zi siyosiy kuchlar, kaltabin davlat rahbarlarining siyosiy ojizligi tufayli kamsitilmoqda, tahqirlanmoqda, ularga “insoniyat dushmani” degan yorliq yopishtirilmoqda, g‘alabani qo‘lga kiritgan oddiy askarga o‘rnatilgan haykallar buzib tashlanmoqda. Ayrimlar Ikkinchi jahon urushi tarixini o‘zlarining tor mafkuraviy qarashlari asosida qaytadan yozmoqda. Natijada Ikkinchi jahon urushi tarixini bilmaydigan, hayotiy tajribaga ega bo‘lmagan, tevarak-atrofda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni tahlil qila olish ko‘nikmasi yo‘q yoshlarda urush, fashizm, yovuzlik to‘g‘risida noto‘g‘ri fikr va xulosa shakllanmoqda.

Ana shunday sharoitda O‘zbekiston, o‘zbek xalqi o‘zining an’anaviy tinchliksevar siyosatiga sodiq qolmoqda. “An’anaviy” deyishimizga sabab, yurt tinchligi g‘oyasi, aslida, xalqimizning ming-ming yillar davomida orzu qilgan qadriyatidir. Milliy madaniy merosimiz poydevorini ham xalq manfaati yo‘lida izlangan, kurashilgan tinchlik fenomeni tashkil etadi. Buyuk bobomiz Alisher Navoiy bu haqda shunday deydi: “Bu dunyoda tinch-xotirjam bo‘lmagan kishi ranju azobdan xoli bo‘lolmaydi. Odamlarning g‘am-tashvishlarga giriftorligi osoyishtalikning yo‘qligidan. Osoyishtalik bo‘lgan joyda turmush osuda kechadi” (Alisher Navoiy. Hikmatlar. — Toshkent, 2014 y., 53-b.).

Milliy qadriyatlarimiz tizimida yurt tinchligi, xalq osoyishtaligi odamlarning tafakkur tarzi, istak va mayllariga bog‘liq ekani ta’kidlanadi. Kishilar qay darajada tarbiya ko‘rgan, butun jamiyatda tinchlikni saqlashga o‘zlarini safarbar etgan bo‘lsa, bunday joyda xotirjamlik, rivojlanish, taraqqiyot bo‘lishi, aksincha, ushbu qadriyatlar ahamiyatini sezmaydigan, olomon darajasidagi kishilar boshi falokatu kasofatlardan chiqmasligi Sharq falsafiy merosida yaqqol ifodasini topgan. “Hazrati Odam alayhissalom davrlaridan boshlab, — deydi Hazrati Shayx Abu Bakr Varroq Termiziy, — to bugungacha yuz bergan fitnalarning yagona sababi olomonga aralashuvdir. Yana o‘sha davrdan boshlab to bugungi kungacha ixtilotni—olomonga aralashuvni daf etmagan biror-bir inson omonlik topmadi” (Saidov A. Attorshunoslik. — Toshkent, 2013 y., 259-b.).

Mehnatkash xalq asrlar davomida orzu qilib kelayotgan “adolatli podsho”, “adolatli davlat”, “baxtli o‘lka”, “quyosh shahri”, “ozod orol” kabi ijtimoiy ideallar tag-zaminida, ularning falsafasi asosida ham, aslida, tinchlik g‘oyasi yotadi. Tinchlik hukm surgan joyda farovonlik bo‘y ko‘rsatadi, ezgulik qanot qoqadi.

Xotira maydoniga xush kelibsiz!

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 1999 yildagi “9 mayni Xotira va qadrlash kuni deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyat markazlarida Xotira maydoni qad rostladi. Har bir viloyatda “Motamsaro ona” haykali o‘rnatilib, Vatan ozodligi va tinchligi uchun jon berganlar nomi abadiylashtirildi.

Xotira va qadrlash — inson aql-zakovatining betakror ma’naviy ne’matlari, tiriklikning azaliy mezonlaridir. Homiylik, saxovat va himmat, mehr va muruvvat fazilatlari xotira va qadr tushunchalari bilan o‘zaro uyg‘unlik kasb etadi. Zero, qalbi saxovatga, mehr-muhabbatga, shafqat va shafoatga to‘la insonlargina o‘z tarixini, ajdodlarini doimo xotirlaydi, fidoyi yurtdoshlari, yorug‘ kelajak yo‘lida mehnat qilayotgan kishilarning qadriga etadi.

Janggohlarda jon bergan vatandoshlarimiz nomlari muhrlangan “Xotira kitobi”ning zarhal varaqlari Vatanning fidoyi o‘g‘lonlari qismatidan shahodat beradi. Motamsaro ona qiyofasida esa iztirob va umid namoyon. Beva-bechorayu yetim-yesirlar, farzandi yo‘liga ko‘z tikkan onaizorning umidu nadomatlari mujassam shu birgina qiyofada.

Ushbu sanani Xotira va qadrlash kuni sifatida keng nishonlay boshlaganimizga 19 yil bo‘ldi. O‘tgan yillar mobaynida marhumlarni yod etish, keksalar, bemorlar, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olish nafaqat o‘zbeklar, balki yurtimizda istiqomat qiladigan barcha millat va elat vakillari uchun odat tusiga kirdi. Binobarin, o‘tganlar xotirasi oldida ta’zim bajo keltirish, insonni tiriklik chog‘ida qadrlashdek hayotiy qarashlar el-yurtimizning qon-qoniga singib borayotgani tarbiyaviy ahamiyat kasb etmoqda.

Pragmatik yondashuv

Mamlakatimiz rahbariyati 9 may sanasini keng nishonlashda uzoq va yaqin davlatlarga o‘rnak bo‘layotir. O‘zbekiston Prezidenti bugungi tashqi siyosatimizning asosiy ma’no-mazmuni tinchliksevarlik, boshqa davlatlarning ichki siyosatiga aralashmaslik, yuzaga keladigan ziddiyat va qarama-qarshiliklarni faqat tinch, siyosiy yo‘l bilan hal etish, barcha xorijiy davlatlar va jahon hamjamiyati bilan amaliy hamkorlik qilishdan iboratligini bot-bot takrorlamoqda. O‘zbekistonning bu siyosati, aslida, pragmatik xususiyatga ega bo‘lib, uning real ta’siri mintaqamiz va butun dunyoda o‘z ifodasini ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimiz rahbarining O‘zbekiston tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalish sifatida yaqin qo‘shnilarimiz bilan raqobat emas, aksincha, hamkorlik qilish muhim ahamiyatga ega ekanligi to‘g‘risidagi amaliy faoliyatini butun dunyo siyosatchilari o‘rganib, qo‘llab-quvvatlayotganini ham alohida ta’kidlash lozim.

Biz bugun Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabani nishonlar ekanmiz, undan muayyan xulosa va saboq chiqarmog‘imiz lozim. Bugungi tahlikali zamonda, dunyoning hali u chetida, hali bu burchagida turli siyosiy, geopolitik maqsadlar uchun urush olovlari o‘chmayotgan bir sharoitda, barchamiz “tinchlik” degan muqaddas so‘zning salmog‘ini yanada chuqurroq, ongli ravishda anglashimiz kerak. Buning uchun har doim ogoh va sezgir bo‘lishimiz, bugungi va ertangi kunimizni o‘zimiz asrashimiz, osuda hayot uchun kurashmog‘imiz lozim.


Abduxalil MAVRULOV,

tarix fanlari doktori, professor

Download 308.81 Kb.




Download 308.81 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



O‘zbekiston Respublikasi davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti

Download 308.81 Kb.