Oʻzbеkiston rеspublikasi prеzidеntining qarori qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga mеxanizatsiya va sеrvis xizmatlarini koʻrsatish samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻGʻrisida




Download 45 Kb.
Sana24.09.2020
Hajmi45 Kb.

OʻZBЕKISTON RЕSPUBLIKASI PRЕZIDЕNTINING

QARORI

QISHLOQ XOʻJALIGI MAHSULOTLARI ISHLAB CHIQARUVCHILARGA MЕXANIZATSIYA VA SЕRVIS XIZMATLARINI KOʻRSATISH SAMARADORLIGINI OSHIRISH BOʻYICHA QOʻSHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA

[Koʻchirma]

Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligining tezkor rivojlanishi va mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash imkonini beruvchi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga mexanizatsiya va servis xizmatlarini koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

2016 yilda qishloq xoʻjalik texnikasini ishlab chiqarish, yetkazib berish va servis xizmati koʻrsatish hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga mexanizatsiya xizmatlari koʻrsatishning yagona oʻzaro bogʻlangan tizimining yaratilishi qishloq xoʻjaligi korxonalari, “Oʻzagroservis” AJ tashkilotlarining servis korxonalari va mashina-traktor parklarini qayta jihozlashni taʼminlash imkonini berdi.

Shu bilan birga, mazkur sohada oʻtkazilgan tahlillar, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga mexanizatsiya va servis xizmatlarini koʻrsatish tizimida qator tizimli muammolar saqlanib qolayotganligini koʻrsatdi. Ular qatorida:

birinchi, “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ, “Oʻzagroservis” AJ va ular tarkibidagi korxonalarning, xususan, mashina-traktor parklarining yakuniy moliyaviy koʻrsatkichlari va faoliyatining samarasiz tashkil etilganligi mazkur tashkilotlar faoliyati va boshqaruv tizimini takomillashtirish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan choralar koʻrilishini talab etmoqda;

ikkinchi, tadbirkorlik subyektlarining mashina-traktor parklari faoliyatiga jalb etilmaganligi ularni rivojlantirish va modernizatsiya qilish samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda;

uchinchi, yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan mexanizatsiya va servis xizmatlarini koʻrsatishlari borasidagi cheklovlar mazkur xizmatlar bozorining tezkor rivojlanishiga va qishloq xoʻjaligi yerlarining zarur texnika bilan keng qamrab olinishiga toʻsqinlik qilmoqda;

toʻrtinchi, mexanizatsiya va servis xizmatlari koʻrsatuvchi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etishda mahalliy ijro hokimiyati organlari manfaatdorligining past darajadaligi ularning moliyaviy barqarorligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda;

beshinchi, ayrim mansabdor shaxslarning mexanizatsiya va servis xizmatlari koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga aralashishlari xususiy mulk daxlsizligining kafolatlari buzilishiga va mazkur faoliyatni amalga oshirishning jozibadorligi pasayishiga olib kelmoqda;

oltinchi, agrotexnik ishlarni tashkil etishda alohida yondoshuvning mavjud emasligi, jumladan hududlarning oʻziga xosligidan kelib chiqilmasligi, shuningdek hosildorligi past boʻlgan yerlarda mexanizatsiya xizmatlari koʻrsatish sohasida davlat moliyaviy koʻmagining mavjud emasligi mashina-traktor parklarida sezilarli darajada qarzdorliklar paydo boʻlishining asosiy sabablaridan biri boʻlib qolmoqda;

yettinchi, qishloq xoʻjalik texnikasi va uning ehtiyot qismlariga boʻlgan narxlarni optimallashtirish, shuningdek oʻzaro manfaatdorlik shartlari asosida mamlakatga yangi ilgʻor ishlab chiqaruvchilarni jalb qilish borasidagi ishlarning lozim darajada amalga oshirilmaganligi mexanizatsiya va servis xizmatlari bozorining rivojlanishiga toʻsqinlik qilmoqda, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari chiqaruvchilariing noroziligini keltirib chiqarmoqda va mashina-traktor parklari faoliyatining samaradorligini pasaytirmoqda.

Qishloq xoʻjaligi texnikasidan foydalanish samaradorligini taʼminlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga koʻrsatilayotgan mexanizatsiya va servis xizmatlari koʻrsatish darajasi va sifatini oshirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi savdo faoliyatini, eksport salohiyatini, mashinasozlik, avtomobil, elektrotexnika, mudofaa, paxtani qayta ishlash sanoatini, yengil sanoatni rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari kompleksi rahbariga (N.S. Otajonov) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 17 noyabrdagi PQ-2658-son “Oʻzagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori 7-bandining “Avtosanoat Agrotexservis” MCHJ va “Oʻzagroservis” AJ mashina-traktor parklari tizimini optimallashtirish qismi bajarilmaganligi qatʼiy koʻrsatib oʻtilsin.

“Oʻzagroservis” AJ “Oʻzavtosanoat” AJ va “Agrobank” ATB bilan birgalikda ikki oy muddatda “Avtosanoat Agrotexservis” MCHJ va “Oʻzagroservis” AJ mashina-traktor parklari tizimini optimallashtirish boʻyicha hukumat qarori loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin va optimallashtirishning barcha jarayonlarini 2018 yilning 1 oktyabriga qadar yakunlasin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ, “Oʻzavtosanoat” AJning:

2018 yil 1 iyuldan “Oʻzagroservis” AJning “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ tashkiliy tuzilmasidan chiqarish;

“Oʻzagroservis” AJ ustav jamgʻarmasidagi “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJga tegishli boʻlgan ulushni “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ ustav jamgʻarmasini oʻtkazilayotgan ulushning balans qiymatiga kamaytirgan holda davlat tasarrufiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ va “Oʻzagroservis” AJ bilan hamkorlikda ikki oy muddatda “Oʻzagroservis” AJni “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJning tashkiliy tuzilmasidan chiqishi bilan bogʻliq barcha tashkiliy chora-tadbirlar koʻrilishini taʼminlasin.

5. “Oʻzagroservis” AJ Kuzatuv kengashi tarkibi 1-ilovaga* muvofiq maʼqullansin.

Belgilansinki:

“Oʻzagroservis” AJ Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi savdo faoliyatini, eksport salohiyatini, mashinasozlik, avtomobil, elektrotexnika, mudofaa, paxtani qayta ishlash sanoatini, yengil sanoatni rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari kompleksi tarkibiga kiradi;

“Oʻzagroservis” AJ bosh direktori jamiyat aksiyadorlarining umumiy yigʻilishi tomonidan saylanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimiga tasdiqlanadi va maqomiga koʻra vazirga tenglashtiriladi;

“Oʻzagroservis” AJ bosh direktori oʻrinbosarlari jamiyatning Kuzatuv kengashi tomonidan saylanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimiga tasdiqlanadi va maqomiga koʻra vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi.

6. “Oʻzagroservis” AJ ikki oy muddatda:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda “Oʻzagroservis” AJ tashkilotlarining boʻsh turgan va foydalanilmayotgan binolari va inshootlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazsin hamda ularni tashkilotlarning Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari oldidagi qarzdorliklarini tegishli ravishda kamaytirgan holda balans qiymati boʻyicha mahalliy davlat hokimiyati organlariga oʻtkazish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

“Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, tijorat banklari bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga mashina-traktor parklarining “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar kafilligida taqdim etilgan kreditlari boʻyicha majburiyat taʼminotini (kafillik, mol-mulk garovi) almashtirish toʻgʻrisida takliflar kiritsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi, “Oʻzagroservis” AJ, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklarining 2018 yil 1 noyabrdan quyidagilar orqali mashina-traktor parklarini boshqarishning eng samarali shaklini tanlash boʻyicha eksperiment (keyingi oʻrinlarda — eksperiment) oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik bildirilsin:

“Oʻzagroservis” AJning 2-ilovaga* muvofiq 26 ta mashina-traktor parklarini tadbirkorlik subyektlariga sotish;

“Oʻzagroservis” AJning 3-ilovaga* muvofiq 3 ta mashina-traktor parklarini davlat unitar korxonalariga (keyingi oʻrinlarda — “Tuman MTP” DUK) aylantirish.

8. Belgilansinki:

a) “Oʻzagroservis” AJ mashina-traktor parklarini sotish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimlari tomonidan 2018 yil 31 dekabrgacha quyidagilar orqali taʼminlanadi:

baholash boʻyicha ishlar xarajatlarini tegishli mashina-traktor parklari mablagʻlari hisobidan qoplagan holda mashina-traktor parklarining mulki va mulkiy huquqlarni baholash;

bir yoki bir nechta tadbirkorlik subyektlari tomonidan tegishli mashina-traktor parklarining ustav jamgʻarmasidagi taʼsischi ulushini ellik bir foizidan yuz foizigacha bozor narxida sotib olish boʻyicha eng yaxshi takliflar tanlovini eʼlon qilish va oʻtkazish;

mashina-traktor parklarining ustav jamgʻarmasidagi yuz foiz ulush sotib olingan vaqtdan boshlab ikki yil davomida tashkiliy-huquqiy shakl va asosiy faoliyat turini (mexanizatsiya va servis xizmatlari koʻrsatish) saqlab qolish sharti bilan “Oʻzagroservis” AJ va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida tegishli shartnoma tuzish;

mashina-traktor parklarining ustav jamgʻarmalaridagi taʼsischi ulushini sotishdan kelib tushgan barcha mablagʻlarni “Oʻzagroservis” AJ tashkilotlarining qarzdorliklarini qoplashga yoʻnaltirish;

b) taʼsischining tegishli mashina-traktor parklarining ustav jamgʻarmalaridagi ulushini baholash qiymati boʻyicha sotish imkoni boʻlmagan taqdirda, “Oʻzagroservis” AJ sotishga qoʻyilgan aktivlarning narxlarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 3 iyuldagi PQ-2200-son “Davlat mulki obyektlarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga sotish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida nazarda tutilgan tartibda bosqichma-bosqich pasaytirish mexanizmini qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli;

v) “Oʻzagroservis” AJ mashina-traktor parklarini “Tuman MTP” DUKga aylantirish tegishli viloyatlar hokimliklari tomonidan 2018 yilning 31 dekabrigacha quyidagilar orqali taʼminlanadi:

mashina-traktor parklarining ustav jamgʻarmalaridagi ulushni keyinchalikda ularni “Tuman MTP” DUKga aylantirgan holda tegishli tuman hokimliklariga balans qiymati boʻyicha oʻtkazish;

“Oʻzagroservis” AJ ustav jamgʻarmasidagi davlat ulushini tuman hokimliklariga oʻtkazilayotgan ulushning balans qiymatiga kamaytirish;

tegishli tuman hokimliklari tomonidan “Tuman MTP” DUK ustavlarini tasdiqlash, shuningdek ularni malakali kadrlar bilan toʻldirish;

g) tadbirkorlik subyektlariga sotilgan mashina-traktor parklari, shuningdek “Tuman MTP” DUK tegishlicha “Oʻzagroservis” AJning sotiladigan va qayta tashkil etiladigan mashina-traktor parklarining barcha huquqlari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorislari hisoblanadi;

d) tegishli tuman hokimligi “Tuman MTP” DUKning taʼsischisi hisoblanadi va mazkur korxonaning mulki yetarli boʻlmagan hollarda uning majburiyatlari boʻyicha subsidiar tarzda javobgar boʻladi;

ye) tadbirkorlik subyektlariga sotilgan mashina-traktor parklari va “Tuman MTP” DUKlarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 17 noyabrdagi PQ-2658-son “Oʻzagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorining 14-bandi bilan “Oʻzagrotexmash” AJ va “Oʻzagroservis” AJ tashkilotlari uchun belgilangan barcha bojxona, soliq imtiyozlari va preferensiyalar, boʻshagan mablagʻlarni qarzdorlikni yopishga yoʻnaltirgan holda, tatbiq etiladi.

9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyat hokimlariga eksperimentning muvaffaqiyatli oʻtkazilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.

10. 2019 yilda “Tuman MTP” DUKlarga qishloq xoʻjaligi texnikasini yetkazib berishning maqsadli parametrlari 4-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.

* 1 — 4-ilovalar rustilidagi matnda berilgan.

12. Eksperimentda ishtirok etuvchi tashkilotlarga quyidagilarni taʼminlash tavsiya etilsin:

mashina-traktor parklari tomonidan koʻrsatiladigan mexanizatsiya va servis xizmatlari roʻyxatini kengaytirish, jumladan yuk va yengil avtotransport vositalariga hamda texnikaning boshqa turlariga servis xizmatlari koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish;

mashina-traktor parklari faoliyatiga investorlarni, jumladan ularga xonalar, bino va inshootlarni ijaraga berish hamda mashina-traktor parki hududida birgalikda tadbirkorlik faoliyatini olib borish yoʻli bilan jalb qilish;

tegishli mashina-traktor parklarining jihozlarini modernizatsiya qilish, shuningdek mexanizatsiya va servis xizmatlarini koʻrsatish uchun zarur boʻlgan jihozlarning yangi zamonaviy turlarini sotib olish.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

2020 yil 1 yanvarga qadar oʻtkazilgan eksperiment natijalari boʻyicha mashina-traktor parklarini boshqarishni tashkil etishning eng samarali shaklini qoʻllash boʻyicha asoslangan taklif kiritsin;

2020 yilga Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjetini shakllantirishda hosildorligi past yerlarga xizmat koʻrsatuvchi “Oʻzagroservis” AJ mashina-traktor parklari uchun qishloq xoʻjaligi texnikasini sotib olishga subsidiyalar ajratishni nazarda tutsin.

14. 2018 yil 1 iyuldan yakka tartibdagi tadbirkorlarga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga mexanizatsiya va servis xizmatlari koʻrsatish faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga qishloq aholisini qishloq xoʻjaligi mahsulotlari chiqaruvchilarga mexanizatsiya va servis xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha faoliyatga jalb etish boʻyicha keng qamrovli tushuntirish ishlarini olib borish, shuningdek ularga oʻz faoliyatlarini tashkil etishda amaliy yordam koʻrsatish tavsiya etilsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi eksperiment oʻtkazishda qonunchilikka rioya etilishi hamda davlat organlari mansabdor shaxslarining mashina-traktor parklari, fermerlik xoʻjaliklari va tadbirkorlik subyektlarining qonuniy faoliyatiga aralashishlariga yoʻl qoʻyilmasligi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatilishini taʼminlasin.

16. Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga qishloq xoʻjaligi texnikasini yetkazib berish, taʼmirlash hamda mexanizatsiya va servis xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha shartnoma majburiyatlarining bajarilishi ustidan tizimli monitoring va jamoatchilik nazoratini olib borish, ularning natijalari boʻyicha fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari manfaatlarini koʻzlab sudlarga daʼvo arizalari kiritish tavsiya etilsin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi Iqtisodiyot vazirligi va Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi texnikasi va ular ehtiyot qismlari narxlarining jahon konʼyunkturasini oʻrganish va tahlil qilish asosida ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga quyidagilar boʻyicha aniq takliflar kiritsin:

qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun import qilinadigan ehtiyot qismlarni bevosita ishlab chiqaruvchilardan xarid qilish tizimini joriy etish;

oʻzaro manfaatli shartlar asosida Oʻzbekiston Respublikasiga qishloq xoʻjaligi texnikasining yangi ilgʻor ishlab chiqaruvchilarini jalb qilish.

18. “Oʻzagroservis” AJ:

bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda “Oʻzagroservis” AJ va uning tashkilotlari xodimlarining ish haqi fondi miqdorini oshirish boʻyicha aniq choralar koʻrsin;

ikki oy muddatda, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda real vaqt rejimida mexanizatsiya xizmatlari koʻrsatishning yagona elektron hisobini yuritish va monitoring qilishni joriy etish choralarini koʻrsin, bunda ushbu tizimning “Oʻzagroservis” AJ uchun ochiq boʻlishini taʼminlashni nazarda tutsin;

2019 yil 1 yanvariga qadar tegishli huquq va majburiyatlarni “Oʻzagroservis” AJga oʻtkazgan holda hududiy “Agroservis MTP” MCHJlarni “Oʻzagroservis” AJ tarkibiga qoʻshib yuborishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqsin.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 yanvardagi PQ-3459-son “Qishloq xoʻjaligining texnik jihozlanish darajasini yanada oshirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining 12-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

20. “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:

“Oʻzagrotexmash” AJ va “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJlarning bir-birini takrorlovchi funksiyalari va tuzilmalarini, ularni birlashtirish hamda “Oʻzagrolizing” AJni “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJning tashkiliy tuzilmasidan chiqarish yoʻli bilan optimallashtirish toʻgʻrisida;

qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida taklif kiritsin.

21. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ, “Oʻzagroservis” AJ, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezident devonining Islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish xizmatiga mazkur qarorning ijro holati toʻgʻrisida axborot kiritib borsinlar.

22. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B. Murodov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018 yil 29 may,

PQ-3751-son



(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.05.2018 y., 07/18/3751/1284-son)

Download 45 Kb.




Download 45 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Oʻzbеkiston rеspublikasi prеzidеntining qarori qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga mеxanizatsiya va sеrvis xizmatlarini koʻrsatish samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻGʻrisida

Download 45 Kb.