O‘zbekiston Respublikasining qonuni




Download 51.63 Kb.
Sana27.01.2023
Hajmi51.63 Kb.
#39862
Bog'liq
1060-XII 06.05.1994
testlar, informatika 9-10-11 sinf test (2), S164-22 ESTJ (TT) Sulaymonov Muhammad Ravshan o\'g\'li, Windows operatsion tizimlari, elektron-hisoblash-mashinalari-va-tarmoqlari, АТ topshiriqlar1-sem (1), 8-sinf mavzulashtirilgan testlar(2), 4436-Article Text-10797-1-10-20211217, d, 7-lab, 14 lab, 2-laboratoriya ishi 1-vazifa, ARNASOY TUMAN 8- MAKTAB YASHIL MAYDON XARITASI, talim tog\'risidagi qonun 23.09.2020



[OKOZ:

1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.14.00.00 Intellektual mulk / 03.14.02.00 Mualliflik huquqi;

2.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.04.00.00 Axborotlashtirish. Axborot tizimlari, texnologiyalari va ularni ta’minlash vositalari / 12.04.01.00 Axborotlashtirish;

3.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.04.00.00 Axborotlashtirish. Axborot tizimlari, texnologiyalari va ularni ta’minlash vositalari / 12.04.02.00 Axborot tizimlari, texnologiyalari va ularni ta’minlash vositalari]

[TSZ:

1.Iqtisodiyot / Axborot va axborotlashtirish. Elektron tijorat (hujjat aylanishi)]

O‘zbekiston Respublikasining qonuni
ELEKTRON HISOBLASh MAShINALARI UChUN YaRATILGAN DASTURLAR VA MA’LUMOTLAR BAZALARINING HUQUQIY HIMOYASI TO‘G‘RISIDA
Ushbu Qonun EHM uchun dasturlar va ma’lumotlar bazalarini yaratish, ularning huquqiy himoyasi va ulardan foydalanish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida EHM uchun yaratilgan dasturlar va ma’lumotlar bazalarining huquqiy himoyasi borasidagi munosabatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonunchiligi bilan ham tartibga solinadi.
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
1-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda qo‘llaniladigan asosiy tushunchalar:
Oldingi tahrirga qarang.
ma’lumotlar bazasi — obyektiv shaklda ifodalangan hamda elektron hisoblash mashinalari (EHM) yordamida topish va ishlov berish mumkin bo‘ladigan tarzda bir tizimga solingan ma’lumotlar (masalan: maqolalar, hisob-kitoblar) majmui;
EHM uchun yaratilgan dastur — obyektiv shaklda ifodalangan hamda muayyan natija olish maqsadida EHM, EHM shoxobchalari va boshqa kompyuter vositalarining ishlashi uchun mo‘ljallangan ma’lumotlar va ko‘rsatmalar majmui;
(1-moddaning birinchi qismi ikkinchi va uchinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 5-apreldagi 364-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 74-modda)
boshlang‘ich matn — birorta dasturlash tilida yozilgan, biron-bir kompilyator qayta ishlamagan matn;
obyekt kodi — boshlang‘ich matnning mashina kodiga aylantirilishi natijasida yuzaga kelgan dastur;
EHM uchun yaratilgan dasturni dekompilatsiya qilish — EHM uchun yaratilgan dasturning tarkibiy tuzilishi va kodlanishini o‘rganish maqsadida obyekt kodini boshlang‘ich matnga aylantirishni o‘z ichiga oladigan texnikaviy usul;
EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasining adaptatsiyasi — yuzaga kelgan muayyan sharoitda EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasining ishlashini ta’minlash maqsadidagina amalga oshiriladigan hamda (dekompilatsiya qilish oqibatida) muallifning boshlang‘ich matni o‘zgarishiga olib kelmaydigan qo‘shimchalar kiritish;
EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasini modifikatsiyalash (qayta ishlash) — ularni adaptatsiya deb hisoblanmaydigan va boshlang‘ich matn o‘zgarishiga olib keladigan har qanday tarzda o‘zgartirish;
EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasidan nusxa olish — EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasini har qanday moddiy shaklda bitta yoki ko‘proq nusxada tayyorlash hamda ularni EHMning xotirasiga yozish;
EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasini tarqatish — EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasining har qanday moddiy shaklda, shu jumladan tarmoqlar vositasida va boshqa usullar yordamida, shuningdek sotish, prokatga berish, ijaraga topshirish, qarzga berib turish, jumladan ushbu maqsadlarning istalgani uchun import qilish yo‘li bilan olingan nusxalaridan foydalanishni ta’minlash;
EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasini bosib chiqarish (e’lon qilish) — EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasining nusxalarini muallifning roziligi bilan nomuayyan shaxslar doirasiga berish (shu jumladan EHM xotirasiga yozish va bosma matn chiqarish yo‘li bilan berish);
EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasidan foydalanish — ularni bosib chiqarish, ulardan nusxa olish, ularni tarqatish hamda xo‘jalik muomalasiga (jumladan, modifikatsiyalashtirilgan shaklda) kiritish yuzasidan boshqa harakatlarni amalga oshirish. EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasining bosib chiqarilganligi to‘g‘risidagi xabarlarni ommaviy axborot vositalarining ma’lum qilishi EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasidan foydalanish deb e’tirof qilinmaydi.
Huquq egalari — muallif, — uning merosxo‘rlari, shuningdek qonun yoki shartnoma asosida mutlaq shaxsiy va mulkiy huquqlarga ega bo‘lgan har qanday jismoniy yoki yuridik shaxslar.
2-modda. Xalqaro shartnomalar va bitimlar
Basharti, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari yoki bitimlarida ushbu Qonunda nazarda tutilganidan o‘zgacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma yoki bitim qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Huquqiy himoya obyekti
Ushbu Qonun EHM uchun yaratilgan dasturlar va ma’lumotlar bazalarini mualliflik huquqi obyektlari sirasiga kiritadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Vazifasi va afzalliklaridan qat’i nazar, obyektiv shaklda ifodalangan, bosib chiqarilgan hamda bosib chiqarilmagan, muallif (hammualliflar) ijodiy faoliyatining natijasi bo‘lgan, EHM uchun yaratilgan har qanday dasturlar va ma’lumotlar bazalariga nisbatan mualliflik huquqi tatbiq etiladi. EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasiga mualliflik huquqi toki aksi isbotlanmagunga qadar saqlanib qolaveradi.
(3-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 5-apreldagi 364-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 74-modda)
Ushbu Qonun bilan beriladigan huquqiy himoya:
har qanday dasturlash tilida va har qanday shaklda ifodalanishi mumkin bo‘lgan EHM uchun yaratilgan dasturlarning barcha xiliga (shu jumladan, operatsiya tizimlari va dasturiy majmualarga) nisbatan, boshlang‘ich matn va obyekt kodiga nisbatan ham, shuningdek ma’lumotlarni tanlash va tashkil etish bo‘yicha ijodiy mehnatning natijasi bo‘lgan ma’lumotlar bazalariga nisbatan tatbiq etiladi;
EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki ma’lumotlar bazalari yohud ularning biron-bir qismiga asos bo‘lgan g‘oyalar va prinsiplarga, shu jumladan interfeys hamda algoritm tashkil qilish g‘oyalari va prinsiplariga, shuningdek dasturlash tillariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
4-modda. EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki ma’lumotlar bazalariga nisbatan mualliflik huquqini e’tirof etish shartlari
EHM uchun dasturlar yoki ma’lumotlar bazalariga nisbatan mualliflik huquqi ular yaratilgach yuzaga keladi. EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasiga bo‘lgan mualliflik huquqi e’tirof etilishi va ro‘yobga chiqarilishi uchun ro‘yxatdan o‘tkazish yoki o‘zga rasmiyatchiliklarga rioya etish talab qilinmaydi.
Mualliflik huquqi obyekti bo‘lmagan materiallardan (asarlardan) tarkib topgan ma’lumotlar bazasiga nisbatan mualliflik huquqi ma’lumotlar bazasini yaratgan shaxslarga tegishli bo‘ladi.
Boshqa shaxsning mualliflik huquqi obyekti bo‘lgan materiallarni o‘z ichiga olgan ma’lumotlar bazasiga bo‘lgan mualliflik huquqi bunday materiallarning har biriga nisbatan mualliflik huquqiga rioya qilingan taqdirdagina e’tirof etiladi.
Ma’lumotlar bazasiga kiritilgan materiallarning har biriga nisbatan mualliflik huquqi saqlanadi. Bu materiallar ma’lumotlar bazasidan qat’i nazar ishlatilishi mumkin.
Ma’lumotlar bazasiga bo‘lgan mualliflik huquqi boshqa shaxslarning ushbu ma’lumotlar bazasiga kirgan materiallar va asarlarni mustaqil ravishda tanlashi va tashkil etishiga monelik qilmaydi.
Huquq egasi o‘z huquqlaridan xabardor qilish maqsadida EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasining birinchi bor bosib chiqarilishidan e’tiboran mualliflik huquqining uch qismdan: doira yoki kichik qavs ichiga olingan “S” harfi; huquq egasining nomi (ismi); EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasi birinchi bor bosib chiqarilgan yil ko‘rsatilgan yozuvdan tarkib topgan himoya belgisini qo‘llashi mumkin.
EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki ma’lumotlar bazalariga bo‘lgan mualliflik huquqi ularning moddiy ashyosiga nisbatan mulk egaligi huquqi bilan aloqador emas. Moddiy ashyoga nisbatan bo‘lgan huquqlarni o‘zgalarga har qanday tarzda berish EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki ma’lumotlar bazalariga bo‘lgan mualliflik huquqlaridan birortasining o‘zgalarga o‘tib qolishiga sabab bo‘lmaydi.
5-modda. Mualliflik huquqining amal qilish muddatlari
Oldingi tahrirga qarang.
EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki ma’lumotlar bazalariga bo‘lgan mualliflik huquqining amal qilish muddatlari qonunchilikda ko‘zda tutilgan mualliflik huquqi normalariga muvofiq belgilanadi.
(5-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunining 35-moddasiga qarang.
6-modda. Mualliflik, shaxsiy va mulkiy huquqlar
Oldingi tahrirga qarang.
EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasiga mualliflik, shuningdek muallifning (mualliflarning) yoki o‘zga huquq egasining shaxsiy va mulkiy huquqlari amaldagi qonunchilikka muvofiq aniqlanadi. EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasining muallifi (mualliflari) yoxud o‘zga huquq egasi EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasini modifikatsiyalashni, shu jumladan dasturni bir dasturlash tilidan boshqa tilga o‘tkazishni amalga oshirish va (yoki) amalga oshirishga ruxsat etish borasida mutlaq huquqqa ham egadir.
(6-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
7-modda. Mulkiy huquqlarni o‘zgalarga o‘tkazish
EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasiga bo‘lgan mulkiy huquqlar shartnoma bo‘yicha o‘zga jismoniy yoki yuridik shaxslarga to‘liq yoki qisman o‘tkazilishi mumkin. Shartnoma yozma shaklda tuziladi va unda albatta quyidagilar belgilab qo‘yiladi: EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasidan foydalanish hajmi va usullari, haq to‘lash tartibi va mukofot puli miqdori, shartnomaning amal qilish muddati.
EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki ma’lumotlar bazasiga bo‘lgan mulkiy huquqlar qonunda belgilangan tartibda meros bo‘lib o‘tadi.
LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasining Fuqarorlik kodeksining V bo‘limiga qarang.
8-modda. Xizmat vazifalarini bajarish tartibida yaratilgan EHM uchun dastur yoki ma’lumotlar bazasiga bo‘lgan mulkiy huquqlar
Xizmat vazifalarini bajarish tartibida yoki ish beruvchining topshirig‘iga binoan yaratilgan EHM uchun dastur yoki ma’lumotlar bazasiga bo‘lgan mulkiy huquqlar ish beruvchiga, basharti u bilan muallif o‘rtasidagi shartnomada o‘zgacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, tegishli bo‘ladi.
Haq to‘lash tartibi va mukofot puli miqdori muallif bilan ish beruvchi o‘rtasidagi shartnomada belgilab qo‘yiladi.
EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasiga nisbatan mulkiy huquqlarga ega bo‘lgan tashkilot yoki korxona (mulkchilik shaklidan qat’i nazar) qayta tashkil qilinsa, tarqatib yuborilsa yoki tugatilsa, barcha mulkiy huquqlar tegishli ravishda sudning yoki tugatish komissiyasining qaroriga ko‘ra muallifga (mualliflarga), davlatga yoki boshqa huquqiy vorisga o‘tkazilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
9-modda. EHM uchun yaratilgan dasturlar va ma’lumotlar bazalarini ro‘yxatdan o‘tkazish huquqi hamda ularni ro‘yxatdan o‘tkazish
(9-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 5-apreldagi 364-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 74-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki ma’lumotlar bazalariga nisbatan barcha shaxsiy va mulkiy yoki shartnomaga ko‘ra faqat mulkiy huquqlarga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining, boshqa davlatlarning jismoniy yoki yuridik shaxslari dasturlar yoki ma’lumotlar bazalarini ro‘yxatdan o‘tkazish huquqiga egadirlar. Huquq egasi EHM uchun yaratilgan dasturni yoki ma’lumotlar bazasini bevosita yoxud o‘z vakili orqali Dasturiy mahsulotlar davlat reyestrida yoki Ma’lumotlar bazalari davlat reyestrida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligiga (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) talabnoma berish orqali ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin.
(9-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 5-oktabrdagi O‘RQ-640-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.10.2020-y., 03/20/640/1348-son)
Oldingi tahrirga qarang.
EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasini rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish so‘ralgan talabnoma (matnda bundan buyon ro‘yxatdan o‘tkazish talabnomasi deb yuritiladi) EHM uchun yaratilgan bitta dastur yoki bitta ma’lumotlar bazasiga taalluqli bo‘lishi kerak. Ro‘yxatdan o‘tkazish talabnomasini rasmiylashtirish qoidalarini Agentlik belgilaydi.
(9-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 26-dekabrdagi O‘RQ-312-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 52-son, 555-modda)
LexUZ sharhi
Qarang: Davlat patent idorasi direktorining “Elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlarni rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talabnomani va ma’lumotlar bazalarini rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talabnomani tuzish, topshirish va ko‘rib chiqish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1402-son).
Oldingi tahrirga qarang.
Ro‘yxatdan o‘tkazish talabnomasi kelib tushgach, Agentlik kerakli hujjatlarning bor-yo‘qligi va qoidalarning talablariga qanchalik muvofiqligini tekshirib chiqadi. Tekshirish natijasi ijobiy bo‘lsa, Agentlik EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasini tegishli Reyestrga kiritadi, talabnoma beruvchiga rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilganlik to‘g‘risida guvohnoma topshiradi hamda ro‘yxatdan o‘tkazilgan EHM uchun yaratilgan dasturlar va ma’lumotlar bazalariga doir ma’lumotlarni Agentlikning rasmiy axborotnomasida e’lon qiladi.
(9-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 26-dekabrdagi O‘RQ-312-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 52-son, 555-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Talabnoma beruvchi Agentlikning so‘roviga ko‘ra yoki o‘z tashabbusi bilan ma’lumotlar rasmiy axborotnomada bosib chiqarilguniga qadar talabnoma materiallarini to‘ldirish, ularga aniqlik kiritish va ularni tuzatishga haqlidir. Tekshirish natijasi salbiy bo‘lsa, Agentlik talabnoma beruvchiga rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish rad etilganligini bildiruvchi hujjat topshiradi.
(9-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 26-dekabrdagi O‘RQ-312-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 52-son, 555-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini, rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma shakllarini, ularda ko‘rsatiladigan ma’lumotlar tarkibini Agentlik belgilaydi. Rasmiy axborotnomada e’lon qilinadigan ma’lumotlar ro‘yxati ham Agentlik tomonidan belgilanadi.
(9-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 26-dekabrdagi O‘RQ-312-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 52-son, 555-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasiga bo‘lgan mulkiy huquqlarning o‘zgalarga o‘tkazilishi to‘g‘risidagi shartnomalar tomonlarning kelishuviga binoan Agentlikda ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin.
(9-moddaning oltinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 26-dekabrdagi O‘RQ-312-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 52-son, 555-modda)
LexUZ sharhi
Qarang: Davlat patent idorasi direktorining “Ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutug‘i, tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisiga bo‘lgan huquqlarni berish va litsenziya shartnomalaridan foydalanish, integral mikrosxemalar topologiyasiga bo‘lgan huquqni to‘liq yoki qisman berish, elektron hisoblash mashinalari uchun dasturga, ma’lumotlar bazasiga bo‘lgan barcha mulkiy huquqlarni butunlay yoki qisman o‘zgalarga berish va mulkiy huquqlarni berish to‘g‘risidagi shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1481).
Reyestrga kiritilgan ma’lumotlar toki aksi isbotlanmagunga qadar to‘g‘ri deb hisoblanadi. Ko‘rsatilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi uchun talabnoma beruvchi javobgar bo‘ladi.
Oldingi tahrirga qarang.
EHM uchun yaratilgan dasturlarni yoki ma’lumotlar bazalarini ro‘yxatdan o‘tkazish hamda EHM uchun yaratilgan dasturlar va ma’lumotlar bazalaridan foydalanishga bo‘lgan mulkiy huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq yuridik ahamiyatga ega harakatlarni bajarganlik uchun davlat boji undiriladi. Ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat bojining miqdorlari va uni to‘lash muddatlari, davlat bojini to‘lashdan ozod qilish, uning miqdorlarini kamaytirish yoki uni qaytarib berish uchun asoslar, shuningdek ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat boji summasidan foydalanish tartibi qonunda belgilanadi.
(9-moddaning sakkizinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 6-yanvardagi O‘RQ-600-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.01.2020-y., 03/20/600/0023-son)
10-modda. EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasini boshqa davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazish
O‘zbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki ma’lumotlar bazalarini boshqa davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazishga yoki ularni xalqaro miqyosda ro‘yxatdan o‘tkazishga haqlidirlar.
Oldingi tahrirga qarang.
(10-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 26-dekabrdagi O‘RQ-312-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — O‘R QHT, 2011-y., 52-son, 555-modda)
11-modda. EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasidan huquq egasi bilan tuzilgan shartnoma asosida foydalanish
EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasidan boshqa shaxslarning (foydalanuvchilarning) foydalanishi huquq egasi bilan tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi, ushbu Qonunning 13-moddasida ko‘rsatilgan hollar bundan mustasno.
EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki ma’lumotlar bazalari sotilganda yohud ommaviy foydalanuvchilar uchun berib qo‘yilganda shartnomalar tuzishning alohida tartibi qo‘llanishi, xususan EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki ma’lumotlar bazalarining berilayotgan nusxalarida shartnomaning tipik talablari bayon etib qo‘yilishi mumkin.
12-modda. EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki ma’lumotlar bazalaridan erkin nusxa olish va ularning adaptatsiyasi
EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasining nusxasiga qonunan ega bo‘lgan shaxs huquq egasidan qo‘shimcha ravishda ruxsat olmagan holda EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasi o‘z vazifasiga monand ishlashi bilan bog‘liq har qanday harakatlarni amalga oshirishga, shu jumladan EHMga yozib qo‘yish va uning xotirasida saqlashga, shuningdek aniq ko‘rinib turgan xatolarni tuzatishga haqlidir. EHMga yozib qo‘yish va uning xotirasida saqlashga, basharti, huquq egasi bilan tuzilgan shartnomada o‘zgacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, bitta EHM yoki shoxobchadagi bitta foydalanuvchiga nisbatan yo‘l qo‘yiladi.
EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasining nusxasiga qonunan ega bo‘lgan shaxs huquq egasining roziligini olmay va unga qo‘shimcha haq to‘lamay turib (basharti, shartnomada o‘zgacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa), quyidagi harakatlarni amalga oshirishga haqlidir: EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasini adaptatsiyalashga; EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasi nusxasini, ushbu ko‘chirma nusxa arxiv maqsadlarigagina mo‘ljallangan taqdirda va qonuniy tarzda olingan nusxani almashtirish uchun kerak bo‘lib qolgan (EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasining asl nusxasi yo‘qolib qolgan, yo‘q qilingan yoki yaroqsiz holga kelgan) taqdirda o‘zlari tayyorlashga yoki tayyorlash uchun topshiriq berishga. Bunda EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasining ko‘chirma nusxasidan yuqorida aytib o‘tilgan maqsadlardan bo‘lak maqsadlarda foydalanilishi mumkin emas va EHM uchun yaratilgan ushbu dasturdan yoki ma’lumotlar bazasidan bundan buyon foydalanish qonuniy bo‘lmay qolsa, ular yo‘q qilinishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
EHM uchun yaratilgan dastur nusxasiga haqli ravishda egalik qilayotgan shaxs mazkur dasturning kodlanishi va tuzilishini o‘rganish maqsadlarida uni muallifning yoki o‘zga huquq egasining yozma roziligi bo‘lgan taqdirda yoki quyidagi hollarda bunday rozilik bo‘lmasa ham dekompilatsiya qilishi mumkin, agar:
dekompilatsiya qilish natijasida olingan hamda mazkur shaxs tomonidan ishlab chiqilgan dasturning EHM uchun yaratilgan boshqa dasturlar bilan o‘zaro hamkor ishlashi uchun zarur axborotni boshqa manbalardan olish mumkin bo‘lmasa;
EHM uchun yaratilgan dasturning faqat bunday hamkor ishlashini yo‘lga qo‘yish uchun zarur bo‘lgan qismlarining o‘zi dekompilatsiya qilinayotgan bo‘lsa;
dekompilatsiya natijasida olingan axborotdan ifodasiga ko‘ra EHM uchun yaratilgan, dekompilatsiya qilinayotgan dasturga juda o‘xshash bo‘lgan EHM dasturi ishlab chiqish, ishlab chiqarish yoki tarqatish uchun foydalanilmasa yoxud bunday axborot mualliflik huquqini buzadigan boshqa har qanday harakatni amalga oshirish uchun ishlatilmasa.
(12-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 5-apreldagi 364-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 74-modda)
13-modda. EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasi nusxasini erkin olib sotish
EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasi nusxasiga bo‘lgan egalik huquqi yoki o‘zga mulkiy huquqlar ushbu nusxaga egalik huquqi birinchi marotaba sotilganidan keyin yoki boshqacha tarzda o‘zgaga o‘tkazilganidan keyin, huquq egasining roziligini olmay va unga qo‘shimcha haq to‘lamagan holda olib sotilishiga yoki boshqacha usulda o‘zgalarga o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yiladi.
14-modda. Mualliflik huquqini muhofaza qilish
EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasining muallifi va o‘zga huquq egalari:
huquqlari tan olinishini;
huquq buzilishiga qadar mavjud bo‘lgan holat tiklanishini va huquqni buzayotgan yoki uning buzilishi xavfini tug‘dirayotgan xatti-harakatlar to‘xtatilishini;
yetkazilgan zarar uning miqdoriga huquqbuzar tomonidan g‘ayriqonuniy olingan daromad summasini qo‘shgan holda qoplanishini;
Oldingi tahrirga qarang.
foyda ko‘rgan huquqbuzardan yetkazilgan zarar qoplanishi o‘rniga bazaviy hisoblash miqdorining tegishli sud qarori bilan belgilanadigan yigirma barobaridan ming barobarigacha bo‘lgan miqdorida tovon to‘lanishini;
(14-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi O‘RQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
Oldingi tahrirga qarang.
ularning huquqlari muhofaza qilinishi bilan bog‘liq qonun hujjatlarida nazarda tutilgan o‘zga choralar ko‘rilishini talab qilishga haqlidir.
(14-modda birinchi qismining oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasi muallifi va o‘zga huquq egalari o‘z huquqlari muhofaza qilinishini so‘rab tegishli sudga murojaat etishlari mumkin.
Sud EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki ma’lumotlar bazalarining mualliflik huquqi buzilgan holda tayyorlangan nusxalarini musodara etish va ularni yo‘q qilib yuborish to‘g‘risida qaror chiqarishi mumkin. EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasidan bunday nusxalar olishda foydalaniladigan materiallar va uskunalar sudning qarori bilan budjet daromadiga o‘tkazilishi yohud da’vogarning iltimosiga binoan zararlarni qoplash hisobiga berilishi mumkin.
15-modda. Mualliflik huquqining buzilishi
Huquq egalarining mutlaq huquqlariga taalluqli ushbu Qonun talablarining jismoniy yoki yuridik shaxs tomonidan bajarilmasligi mualliflik huquqining buzilishi hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasini o‘zganing nomi bilan chiqarish yohud undan g‘ayriqonuniy ravishda nusxa olish yoki bunday asarlarni tarqatish qonunchilikda belgilangan tartibda ma’muriy yohud jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 149-moddasiga qarang.
Tayyorlanishi yoki ulardan foydalanilishi mualliflik huquqi buzilishiga olib keladigan EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki ma’lumotlar bazalarining nusxalari qonunchilikda belgilangan tartibda olib qo‘yilishi lozim.
(15-moddaning ikkinchi va uchinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
16-modda. Chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari
Chet ellik yuridik va jismoniy shaxslar ushbu Qonunda nazarda tutilgan huquqlardan O‘zbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari bilan teng ravishda yoki o‘zarolik prinsipi asosida foydalanadilar.
(16-modda O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 5-apreldagi 364-II-son Qonuniga muvofiq kiritilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 74-modda)
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 6-may,
1060-XII-son


(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 5-son, 136-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 74-modda, 9-son, 165-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 52-son, 555-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son; 07.01.2020-y., 03/20/600/0023-son, 05.10.2020-y., 03/20/640/1348-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Download 51.63 Kb.




Download 51.63 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



O‘zbekiston Respublikasining qonuni

Download 51.63 Kb.