5-maruza: Axborotlashgan jamiyatda inson. Axboriy madaniyat va uni
shakllantirish.
Reja:
1. Axborotlashgan jamiyatda inson.
2. Axboriy madaniyat tushunchasi va uning mazmuni.
3. Axboriy madaniyatni shakllantirish va rivojlantirish shart sharoitlari.
Axborotlashgan jamiyat tushunchasi va uning mazmun-mohiyati. XX
asrning oxiri - XXI asrning boshlarida dunyo xalqlarining ijtimoiy, iqtisodiy,
siyosiy hayotda, shuningdek, tabiatda yuz berayotgan global o‘zgarishlar
bugungi jamiyatni "Axborotlashgan jamiyat" deb atashga asos bo‘lmokda.
Xo‘sh axborotlashgan jamiyat nima? Bu savolga o‘zbek tilida nashr etilgan
adabiyotlarda: "Axborotlashgan jamiyat - ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, eng
avvalo, axborotni ishlab chikarish, unga "ishlov berish", saklash va jamiyat
a’zolariga yetkazish bilan bog‘liq bo‘ladigan jamiyat".
Keyingi davrlarda axborotning tobora oshib borayotgani hamda ishlab
chiqarishda AKT’ning keng qo‘llanilishi, rivojlanish asosini — bilim, ilm-fan,
inson kapitali kabi nomoddiy intellektual resurslar tashkil etuvchi yangi turdagi
jamiyat
— «axborotlashgan jamiyat»ning shakllanishiga olib keladi.
«Axborotlashgan jamiyat» tushunchasi XX asrning ikkinchi yarmida yuzaga
kelgan bo‘lib, ilk marotaba 1966-yilda Yaponiyada ilmiy-texnik va iqtisodiy
yo‘nalishlarda ilmiy-tadqiqot ishlarini yuritgan bir guruh olimlarning ilmiy
ma’ruzalarida qo‘llanilgan. Ma’ruzada axborotlashgan jamiyat o‘zida yuqori sifatli
axborotni mujassam etuvchi, uni saqlash, tarqatish va foydalanish uchun zarur
shart-sharoitlar yaratgan jamiyat sifatida aks etgan.
Axborotlashgan jamiyat mohiyatini o‘zida aks ettiruvchi uchta asosiy ilmiy-
nazariy yondashuv mavjud bo‘lib, ularning birinchisini, amerikalik olimlar F.
Maxlup [1], M. Porat, D. Bell [2]larning ilmiy yondashuvlari aks ettiradi. Ularning
fikricha, axborotlashgan jamiyat mavjudligini asoslovchi mezon — bu
axborotlashgan (nomoddiy) sektorning YAIM’dagi ulushidir. Ikkinchi ilmiy
yondashuv «axborotlashgan portlash» nazariyasiga asoslanadi. Bu nazariyaga
muvofiq, jamiyat qabul qila oladigan axborotning miqdoran oshishi iqtisodiyot
taraqqiyotining sifat ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va bu o‘z-o‘zidan
axborotlashgan jamiyatni shakllantiradi. Bunday konsepsiya yapon olimlari T.
Umesao [3], YU. Xayoshi [4] va YU. Ito[5]larning ilmiy-tadqiqot ishlarida
yoritilgan. Uchinchi yondashuvga ko‘ra axborotlashgan jamiyatning asosiy
xususiyatlaridan biri — bu AKT’ning barcha sohalarda keng tarqalishidir. Bunday
nazariya yevropalik iqtisodchilar E. S. Daff, S. Nor va A. Minkalarga tegishlidir
[6].
Yaponiya axborotlashgan jamiyat instituti asoschisi va prezidenti Yonedzi
Ma’suda axborotlashgan jamiyatni quyidagicha ta’riflaydi: «Kompyuter
texnologiyalari va kommunikatsiya vositalarining yaratilishi natijasida kirib kelgan
axborotlashgan davr sanoatlashgan jamiyatga shunchaki ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan
ta’sir qilibgina qolmay, katta o‘zgarishlar natijasida tamomila yangi ko‘rinishdagi
inson jamiyatini yaratadi. Ana shu jamiyat axborotlashgan jamiyatdir» [7].
D. Bell, O. Tofflerlar konsepsiyasiga muvofiq, axborotlashgan jamiyat — bu
postindustrial jamiyatning bir ko‘rinishidir. Jamiyat taraqqiyotining barcha
bosqichlarini hisobga olib, ushbu konsepsiya tarafdorlari axborotlashgan jamiyatni,
iqtisodiy taraqqiyot bosqichlarida asosiy fenomen sektorlar hisoblangan: qishloq
xo‘jaligi, sanoat va xizmat tarmoqlaridan keyingi bosqichda shakllangan
axborotlashgan tarmoqning vujudga kelishi bilan bog‘laydilar. Ularning fikricha,
sanoatlashgan jamiyatning asosi — kapital va mehnat hisoblansa, axborotlashgan
jamiyat negizida axborot va bilimlar yotadi.
Professor U. Martin axborotlashgan jamiyatni G‘arb mamlakatlarida yuzaga
kelgan rivojlangan postindustrial jamiyat sifatida izohlaydi. Uning fikricha,
axborotlashgan jamiyat shunday jamiyatki, aholi turmush darajasi, mamlakatning
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish istiqbollari ushbu jamiyatda axborotning muhimlilik
va undan keng foydalanish darajasiga bog‘liq. Bunday jamiyatda mehnat va dam
olish shakllari, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa muhim tarmoqlar axborot va ilm
sohasidagi erishilgan yutuqlarga bog‘liq bo‘ladi [8].
Hozirgi zamon olimlarining yondashuvlariga asoslanib, axborotlashgan
jamiyatga ta’rif beradigan bo‘lsak, ushbu jamiyat — individlar o‘rtasida ijtimoiy-
iqtisodiy faoliyatda axborot almashinuvi natijasida yuzaga kelgan munosabatlar
tizimidir. Bunday konsepsiyaga ko‘ra, axborot miqdorining oshishi —
axborotlashgan jamiyat shakllanishi uchun zarur sharoit yaratadi, AKT’ning keng
qo‘llanilishi — obyektiv zaruriyat, iqtisodiyotda nomoddiy ishlab chiqarish
tarmog‘i ulushining oshishi — iqtisodiyotning tarkibiy o‘zgarish natijasi
hisoblanadi. Axborotlashgan jamiyatda axborot va uning «oliy» shakli — ilmiy
bilim davlat va korxona uchun raqobatbardoshlik ustunliklarini yaratuvchi
strategik resurs hisoblanadi. Bular quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
Bozor munosabatlarining an’anaviy shakli o‘zgaradi. Ijodiy mehnatning
keng tarqalishi, mahsulot narxining unga sarflangan mehnat qiymati bilan emas,
balki ushbu mahsulotning samaradorlik qiymati bilan o‘lchanishiga olib keladi.
Bilim sig‘imkorligi yuqori bo‘lgan tovar va xizmatlar ishlab chiqarilishining
oshishi. Buning asosiy sababi mahsulot ishlab chiqarishda ilmiy-tadqiqot va
konstruktorlik loyiha natijalaridan keng foydalanishlikdir.
Intellektual tovar va xizmatlar bozorining rivojlanishi. Mutaxassislarning
baholashiga ko‘ra, hozirda intellektual tovar va xizmatlarning jahon bozori
an’anaviy bozorlarga nisbatan 5 barobar tez o‘sib kelmoqda.
Axborotni ishlab chiqarish, saqlash, tarqatish va foydalanish bilan bog‘liq
faoliyat muhimliligining oshishi. Ushbu faoliyatda muhim o‘rinni ta’lim egallaydi.
XX asrning 60-yillaridan boshlab ta’limga ajratilgan mablag‘lar miqdori
iqtisodiyotning boshqa tarmoqlariga ajratilgan mablag‘larga nisbatan oshib
bormoqda. Ko‘pgina mamlakatlarda ta’lim davlat tomonidan moliyalashtiriladi,
davlat ushbu tarmoqqa mudofaa, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya bilan bir
qatorda investitsiya qiladi.
Ilmiy adabiyotlarda hozirgi zamon «yangi iqtisodiyoti» turli atamalar bilan
nomlanadi. Masalan, «postindustrial iqtisodiyot» (D. Bell), «axborotlashgan
iqtisodiyot» (O. Toffler), «megaiqtisodiyot» (V. Kuvaldin), «axborot va aloqaga
asoslangan iqtisodiyot» (I. Niiniluto), «texnoiqtisodiyot» (B. Geyts), «bilimlarga
asoslangan iqtisodiyot» (D. Tapskott). Ushbu tushunchalarni bog‘lab turadigan
omil — bu iqtisodiy jarayonlarning globallashuv jarayonida axborot
texnologiyalarining birlamchi o‘rinni egallashidir. Ushbu tushunchalar orasida
«postindustrial iqtisodiyot» kategoriyasi eng keng qo‘llaniladi. Ammo ushbu
kategoriya ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning ketma-ketlikdagi mantiqiy bosqichi
hisoblanib, iqtisodiyotdagi tub o‘zgarishlar mohiyatini yoritmaydi. Bunday fikrni
rus olimi, professor A. Yu. Nisnevich o‘zining ilmiy ishlarida bayon etgan.
Shunday ekan, axborot va bilim ishlab chiqarishning asosiy resurslariga
aylanganligi tufayli, zamonaviy iqtisodiyotni bilimlar iqtisodiyoti deb ham talqin
qilish mumkin. Ilmiy ishlanmalar iqtisodiyotni asosiy harakatlantiruvchi kuchiga
aylanadi, ishchining bilimi, malakasi, kasbi, kreativ ongi muhim ahamiyatli
sifatlarga aylanadi [1]. Ammo yana bir narsani alohida aytish joizki,
axborotlashgan iqtisodiyotda abstrakt kategoriya hisoblangan bilim emas, balki
nomoddiy aktiv, litsenziya, patent, texnologiya, nou-xau ko‘rinishidagi axborot
asosiy strategik resurs hisoblanadi [9]. Shunday bo‘lsa ham, axborot va bilim doim
dialektik birlik hisoblanib, chambarchas bog‘langan tushunchalardir.
O‘zbek olimlaridan professor A. M. Qodirov axborotlashgan jamiyat
yaralishi zaminida quyidagi jarayonlar yotadi deb hisoblaydi [10]:
texnika va texnologiyalarning tez almashinuvi;
AKT’ning keng qo‘llanilishi natijasida mehnat unumdorligining oshishi;
mintaqaviy mehnat taqsimotida tarkibiy o‘zgarishlarning amalga oshirilishi;
nazariy bilim va ta’lim rolining oshishi;
transport va telekommunikatsiya infratuzilmalarining takomillashishi;
Internet bilan bog‘liq biznesni tashkillashtirish yangi shakllarining paydo bo‘lishi
(virtual firmalar, internet-kommersiya, internet banking va boshqalar);
autsorsingning keng tarqalishi.
X. V. Muksimova ilmiy-texnik yoki boshqa barcha turdagi axborotning
ishlab chiqilishi va undan foydalanishni axborotlashgan jamiyat taraqqiyotining
asosiy omili deb hisoblaydi. Sh. G. Akramova shakllanayotgan «yangi jamiyat»da
ishlab chiqarish munosabatlarini birinchi navbatda, axborot texnologiyalari va
kompyuterlashgan tizimlar, innovatsion texnologiyalar, innovatsion tizimlar va
inson faoliyatining turli sohalarini tashkil etishning innovatsion shakli kabilar
amalga oshirishini o‘zining ilmiy-tadqiqot ishlarida ta’kidlab o‘tgan [11].
Yuqorida keltirilgan ilmiy-nazariy yondashuvlarni tahlil etib, axborotlashgan
jamiyat shakllanishining asosiy mezonlarini quyidagicha izohlash mumkin:
1. AKT, axborotlashgan mahsulot va xizmatlarning YaIM’dagi ulushining ortishi.
2. Barcha tarmoq va sohalarda AKT’ning keng qo‘llanilishi.
3. Jamiyat hayotida axborot, bilim va AKT ahamiyatining oshishi.
4. Telefon, radio, TV, Internet, an’anaviy va elektron OAV’dan keng foydalanish
orqali jamiyatning «axborotlashishi».
5. Insonlarning axborot mahsulotlari va xizmatlariga bo‘lgan talabini qondirish
maqsadida ularning jahon axborot-resurslariga kirishishini ta’minlovchi global
axborot makonining yaratilishi.
6. Axborotlashgan mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqishda bandlar sonining
ortishi va boshqalar.
|