• Adabiyotlar
  • «sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati




    Download 434.34 Kb.
    bet37/73
    Sana18.06.2021
    Hajmi434.34 Kb.
    #15104
    1   ...   33   34   35   36   37   38   39   40   ...   73
    Savol va topshiriqlar:

    1. Xalq termalarining xususiyatlarini sanab bering, ularni

    izohlang.



    2. Termalarning amaliy ahamiyati haqida so‘zlang.

    3. Qaysi baxshilar termalar yaratishda faol ishtirok etganlar?

    4. ≪Termalar va hayot≫ mavzuida og‘zaki hikoya qiling.

    5. Termalardan namunalar yodlang.

    Adabiyotlar:

    1. Imomov K., Mirzayev T., Sarimsoqov B., Safarov O. O‘zbek

    xalq og‘zaki poetik ijodi. T., ≪O‘qituvchi≫. 1990. 169—173-betlar.

    2. Hodi Zarif. Ulkan xalq san’atkori. Ergash shoir va uning

    dostonchilikdagi o‘rni. (Tadqiqotlar). T., ≪Fan≫. 1973. 8—39-betlar.

    3. Hodi Zarif. Fozil shoir — mashhur dostonchi. Fozil shoir

    (Tadqiqotlar). T., ≪Fan≫. 1973. 5—29-betlar.

    4. Gulyor. O‘zbek xalq ijodi turkumi. Qo‘shiqlar. G‘afur

    G‘ulom nomidagi badiiy adabiyot nashriyoti. T., 1967., 49—102-

    betlar.


    5. Alaviya M. O‘zbek xalq qo‘shiqlari. T., ≪Fan≫ 1959.

    6. Xorazm qo‘shiqlari. (To‘plovchi va tahrir qilib, nashrga

    tayyorlovchi J. Qobulniyozov). T., ≪Fan≫. 1965.

    ASKIYA

    O‘zbeklarning xalq og‘zaki ijodidagi ko‘p janrlar boshqa

    xalqlarda ham bor. Ertak, doston, qo‘shiq, maqol, matal,

    topishmoq, tez aytish kabilar shular jumlasidandir. Ammo

    bizda yana shunday janr ham borki, boshqa xalqlarda

    uchramaydi. Bu askiyadir. Askiya tilimizning juda boy

    imkoniyatlarga ega ekanini ko‘rsatadigan janrdir. Eng

    103


    muhimi, askiyani aytish, uni o‘ylab topish, uni tushunib

    yetish oson emas. O‘zbeklar ana shunday fazilatga ega xalq.

    Askiya o‘zbek xalq og‘zaki ijodining o‘ziga xos janri

    hisoblanadi. Unda o‘zbek tilining boyligi, so‘zlarning ma’ -

    nodorligi, ko‘rinishdan sodda bo‘lib tuyulgan jumlaning

    kezi kelganda odamni haddan tashqari mushkul vaziyatga

    tushirib qo‘yishi mumkinligi va, ayni paytda, o‘ylab topilgan

    ikkinchi bir javob — jumla bilan mushkul holatdan

    chiqish yechimi topilgani namoyon bo‘ladi.

    Hayotda bevosita chiroyli topilgan so‘z bilan bog‘liq

    ibratli lavhalar tez-tez uchrab turadi. Bunday lavhalar ona

    tilimiz imkoniyatlari qanchalar cheksiz ekanini isbotlovchi

    daqiqalarni vujudga keltiradi: aytilgan so‘zning ma’no qirralari

    kengligini dalillaydi. Keyinchalik bu go‘zal lavhalar -

    ning ayrimlari tildan-tilga o‘ta boshlaydi. Aslini olganda,

    askiyaning vujudga kelishi, shakllanishi tilimiz boyligi

    namoyon bo‘lgan ana shunday lavhalarga asoslanadi.

    Masalan, kunlardan bir kun dutorchi qizlar ansambli

    ishtirokchisi Sanobar ismli xonanda musiqa mashqi o‘tkaziladigan

    xonaga birinchi bo‘lib keladi va ustozi G‘anijon

    Toshmatovdan: ≪Qizlar kelishmadimi?≫ — deb so‘raydi.

    Tabiatan askiyachi ustoz shogirdiga qarab: ≪Kelishgani ke -

    lishdi!≫, — deb javob beradi. Ustoz san’atkor, javobida

    askiyaning juda muhim jihati aks etgan. Chunki G‘anijon

    aka o‘z javobida, birinchidan, mashg‘ulotga kelgan qiz ya -

    gona Sanobar ekanini ta’kidlagan bo‘lsa, ikkinchidan,

    shogirdining qaddi-qomati kelishganini lutf qiladi. Bu kichik

    dialogda xalqimiz og‘zaki ijodiga oid askiya janrining asosiy

    belgisi — so‘z o‘yini bo‘lib o‘tganini qayd etish mumkin.

    Bu san’at bilan maxsus shug‘ullangan olim Rasul

    Muhammadievning ma’lumot berishicha, askiya o‘zbeklar

    orasida qadimdan keng tarqalgan ekan. Xususan, XV asrda

    yashagan shoir Zayniddin Vosifiy o‘z xotiralarida Hirot

    shahrida Mirsarbaraxno, Burxoniy Gung, Hasan Voiz, Said

    G‘iyosiddin, Sharfiy, Halil sahhob, Muhammad Badaxshiy

    kabi o‘tkir so‘z ustalari borligini aytib o‘tgan. Keyinchalik

    esa Qo‘qon xonligi hududida bu san’at yana rivojlandi, xalq

    orasida mashhur bo‘ldi. Ayniqsa, Yusufjon qiziq Shakar -

    jonov, M. Tillaboyev, Erka qori Karimov, J. Sultonov, G‘.

    Toshmatov, T. Aminov A. Qozoqov, U. Abdullayev, M.

    Rahimov kabi mashhur so‘z ustalari askiya san’atini rivoj -

    lantirishda munosib hissa qo‘shganlar. Bugungi kunda ham

    askiyaning mohir ustalari o‘z faoliyatlari bilan xalqqa

    manzur namunalar yaratmoqdalar. Yurtimizning mustaqil-

    104


    lik, Navro‘z, Hosil va boshqa bay ram larida, xalq sayillarida

    yirik ommaviy tomoshalarga askiya fayz kiritmoqda. Ayni

    paytda, ulfatlarning yig‘ilishlari, gap-gashtaklar, to‘y

    marosimlari askiyabozlik bilan qizimoqda.

    Askiya arab tilidan olingan so‘z bo‘lib, ≪zakiy — sof

    fikrli, o‘tkir zehnli degan ma’nolarni anglatadi. ≪Azkiyo≫

    so‘zning ko‘plik shaklidir. Xalq jonli tilida ≪askiya≫ tarzida

    talaffuz qilinadi.

    Askiya aytishdan bosh maqsad odamlarni kuldirish

    bo‘lsa ham, aslida askiya aytuvchilar o‘zlarining so‘zga

    ustaliklarini, hozirjavob ekanliklarini atrofdagi yurtdoshla -

    riga ko‘z-ko‘z qilishni ham nazarda tutganlar. Shuning

    uchun ham mashhur askiyabozlar el orasida alohida hurmatga

    sazovor bo‘lishgan.

    Tilimiz boyligidan foydalanib atrofdagi odamlarni

    kuldirishda bir necha usullardan foydalanilgan. Ulardan biri

    askiyabozlar tomonidan omonim so‘zlarni qo‘llash

    hisoblangan.

    Ma’lumki, mumtoz adabiyotimizda iyhom san’ati

    mavjud bo‘lib, u kamida ikki ma’noga ega bir shaklli

    so‘zning shoir tomonidan she’riy misrada keltirilishi orqali

    yaratiladi. Zahiriddin Muhammad Bobur qalamiga mansub

    quyidagi baytga e’tibor qiling:

    Labing bag‘rimni qon qildi, ko‘zimdan qon ravon qildi.

    Nechun holim yamon qildi, man undan bir so‘rorim bor.

    Bu baytda ≪so‘rorim≫ iyhom san’atiga misol bo‘ladi.

    Chunki bu so‘z bir o‘rinda ≪so‘ramoq≫, ikkinchi o‘rinda

    ≪so‘rmoq≫ (o‘pmoq) ma’nosini anglatadi.

    Omonim so‘zlar xalq og‘zaki ijodidagi she’riy parchalarda

    ham uchraydi. Xususan, Ergash Jumanbulbul aytgan

    bir to‘rtlikda shunday deyiladi:

    Qo‘lingdan kelgancha chiqar yaxshi ot,

    Yaxshilik qil bolam, yomonlikni ot.

    Nasihatim yodingda tut farzandim,

    Yolg‘iz yursa, chang chiqarmas yaxshi ot.

    Ko‘rinib turibdiki, to‘rtlikdagi uch marta qo‘llangan

    ≪ot≫ so‘zi uch xil ma’noni anglatadi. Birinchi qatorda

    ≪ism≫, ikkinchi qatorda ≪otmoq≫ (fe’l), to‘rtinchi qatorda

    xalqimizning sevimli hayvoni ≪ot≫ nazarda tutiladi. Keyingi

    misolda xalq shoiri iyhom emas, tajnis san’atidan foydalangan.

    Chunki bir shakldagi ko‘p ma’nodagi so‘zlarning

    o‘zaro qofiya bo‘lib kelishi tajnis deb ataladi. Askiyada esa

    105

    ko‘proq iyhom san’atidagi so‘z o‘yini yetakchilik qiladi.



    Ba’zan bu san’at shu qadar murakkablashib ketadiki, uni

    tezda anglab olish juda qiyin bo‘ladi. Masalan, olim Rasul

    Muhammadiev o‘zining 1962 yilda e’lon qilgan ≪Askiya≫

    kitobida quyidagi matnni keltiradi:

    ≪Qodirjon aka:

    — Ikromiddin, bu yoqqa qarang, bizga pishirishingiz

    bitta osh, qovoq ham solasiz-a!

    Ikromiddin:

    — Qodirjon aka, sizlardaqa aziz mehmonlarga atab har

    xil ovqat qilganmiz: bu sho‘rva, osh qovoqda.

    Amin buva:

    — Mulla Ikrom, Qodirjon akadan tashvish qilmang, bu

    kishiga osh qovoqdan olinsa bo‘ldi.

    Qodirjon aka:

    — Amin buva, ajoyib xushfe’l odamsiz-da, indamay

    olaverasiz: oshga qovoq solinmaydi, deb.

    Amin buva:

    — Siz ham tushuraversangiz-a, qovoqdan osh yaxshi

    deb.

    Qodirjon aka:



    — Siz ham indamay tushiraversangiz-a, oshdan qovoq

    yaxshi deb.

    Qodirjon aka:

    — Bir oz u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tiringlar, boshqa

    ovqat qilaman: qovoqsiz!≫

    Yuqoridagi matnni zehn bilan o‘qisak, ≪qovoq≫ so‘zi bir

    necha marta ham insonning yuzidagi qosh osti qism —

    qovoq, ham poliz ekini qovoq ma’nosida kelgan. Oxirgi

    jumlada esa hatto xalq orasida qovoq so‘zining ≪befahm≫ga

    teng ma’nosi beriladi va ≪qovoq siz≫, ya’ni ≪befahm≫ odam

    tushunchasi anglashiladi. Shunday qilib, askiyada mana shu

    yo‘sinda so‘z o‘yini o‘z ifodasini topadi.

    Askiyada kulgi hosil qiladigan ikkinchi usul askiyabozlar

    laqablarining tilga olinishi hisoblanadi. Ammo haqiqiy

    askiyabozlar laqabni askiyaga shunday singdirib yuborar

    edilar-ki, natijada hech kimning ko‘ngli og‘rimasdi, savoljavobni

    esa hammaga lazzat beruvchi hazil deb qabul qi -

    lishardi. R. Muhammadiev safar paytida ro‘y bergan bir

    voqeani eslaydi. Mashhur hofiz Mamayunus (laqabi kal)

    do‘sti Erka qorini (ko‘zi ojiz) askiyaga tortar ekan, qori

    akaning ko‘zi ojizligiga shama qilib:

    — Turing, qoriaka! Ko‘r otga (kurortga) keldingiz! —

    dedi. Erka qori yostiqdan boshini ko‘tarar ekan,

    106


    shoshib-pishib, paypaslanib derazadan tashqariga qaragan

    bo‘ldi-da, darhol yuizini Mamayunus aka tomonga

    burib:

    — Hovliqmay qoling, Mamayunus! Sho‘rtepa-ku! —



    dedi.

    Matnni tahlil qilishda bu askiyaning mavzui, ya’ni payrovi

    laqab bilan bog‘liqligi ayon bo‘ladi. Mamayunus Erka

    qori kelgan manzilni ≪ko‘r ot≫ deb atash bilan do‘stining

    ko‘zi ojizligini ta’kidlayapti. Erka qori bo‘lsa o‘rnidan turdi,

    deraza pardasini ko‘tardi va nihoyatda zukkolik bilan

    ≪Sho‘rtepa≫ so‘zini topdi. Bu so‘z Mamayunus akaning

    savolidan zakiyroq — go‘zalroq hisoblanadi. Ayniqsa,

    Mamayunus akaning kal ekanini bilgan odamlargina bu

    javobdan kulishi mumkin edi, xolos. Chunki issiqdan terlash,

    bosh kiyimni olishdan keyin shabada tegishi bilan

    boshning qurishi oxir-oqibatda Sho‘rtepani eslatadi.

    Askiyada kulgini hosil qilish usullaridan yana biri

    mavzuga aloqador so‘zdagi tovushlarni atayin buzib talaffuz

    qilish hisoblanadi. Masalan, yuqoridagi askiya matnida

    Mamayunus aniq qilib, ≪ko‘r ot≫ degan. U ≪ko‘r≫ so‘zidagi

    ≪o‘≫ tovushini ≪u≫ga yaqin talaffuz qilish bilan birga bu

    tovushni bir oz cho‘zgan, natijada aslida ≪kurort≫ so‘zi

    talaffuzda ≪ko‘r ot≫ga yaqin aytilgan va kulgi hosil qilgan.

    Askiyada ≪kishmish≫ (uzum) — kishi-mishi (odam); chanqoq

    (suvsiz) — chang qoq (changini qoqish); sovliq

    (urg‘ochi qo‘y) — sog‘liq (salomatlik) tarzida talaffuz qilinadi

    va kulgi yaratiladi.

    O‘zbek xalqi farzandlari askiyani sevadilar va uning

    imkoniyatlaridan foydalanib, o‘zlarining hordiqlarini

    chiqaradilar. Askiya og‘zaki ijodimizning alohida janri

    bo‘lishi bilan birga uning tarkibida ham kichik atamalar

    bor. ≪Payrov≫, ≪o‘xshatdim≫, ≪gulmisiz sunbulmisiz≫, ≪bilganlar

    unday deydi≫ kabilar shular jumlasidandir.

    Payrov askiya aytuvchilar tanlagan mavzudir. Xususan,

    sayil, to‘y, gap-gashtaklarda askiya aytishga shaylangan

    san’atkorlar askiya boshlanishidan oldin mavzu belgilaydilar.

    Tarafma-taraf askiyabozlar kitob, imorat, dehqonchilik,

    shaxmat, ona tili, qo‘shiqlar va hokazo mavzulardan birini

    tanlaydilar. Masalan, shaxmat haqida askiya qilishga ke -

    lishilgandan so‘ng birinchi navbatda donalar teriladi, oq

    yoki qora tarafda o‘ynash hal etiladi, shundan keyin

    sipohlarning yurishi boshlanadi. Bu jarayonning hammasi

    tilda, so‘z o‘yinlari vositasida amalga oshiriladi. Askiya biron

    tomonning mot bo‘lishi bilan yakunlanadi. Yoki paxta pay-

    107

    rovi boshlansa, yer paxta ekishga tayyorlanadi, paxta ekiladi,



    yagana qilinadi, sug‘oriladi, chekanka qilinadi, paxta gullaydi,

    nishonalaydi, terim boshlanadi, davlatga topshiriladi,

    hatto, gazlama to‘qilib, undan turli kiyimlar, ko‘rpa-yostiq

    tayyorlanadi. Demak, askiyaboz so‘z o‘yini qilishi bilan

    birga tanlangan mavzuning mukammal yechimini topgan

    bo‘lishi ham kerak. Shundagina askiya talabga javob bergan

    hisoblanadi. Undan tashqari, askiya bo‘layotgan joyda ting -

    lovchilar ham mavzuni qabul qilishlari lozim. Tomoshabin

    askiyani tushunmasa, unday askiya ham muvaffaqiyatsiz

    yakunlanadi. Ehtimol, shuning uchun askiyabozlar mavzu

    tanlashga e’tiborsiz qaramaydilar. Ular ko‘pincha to‘y

    egasining kasbiga qarab to‘y qatnashchilariga qanday mavzu

    ma’qul bo‘lishini aniqlaydilar. Mashina, tabobat, dehqonchilik,

    savdo mavzulariga murojaat ana shu tarzda amalga

    oshadi.

    Askiyaning qadimgi shakllaridan biri ≪Gulmisiz, rayhonmisiz,

    jambilmisiz≫ hisoblanadi.

    Masalan:

    — Gulmisiz, rayhonmisiz, jambilmisiz?!

    — Aytganingizman.

    — Andijonni yo‘lida adashib qolib: ≪oyim≫, — deb

    yig‘lab yurganmisiz.

    — Gulmisiz, rayhonmisiz, jambilmisiz?!

    — Aytganingizman.

    — Man-ku ≪oyim≫, — deb yig‘lab yuribman. Siz oyi n -

    gizni Uchqo‘rg‘ondan topganmisiz?

    Yuqoridagi matnda askiyabozning birinchisi raqibini

    Oyim qishlog‘ini axtarayotganini aytib kulgi hosil qilsa,

    ikkinchisi o‘zbeklarda gap talashib qolgan odamning

    ≪Onangni Uchqo‘rg‘ondan ko‘rsataman≫, — deb do‘q

    urishiga shama qilyapti. Har ikki savol-javobda ham o‘rinjoy

    nomi, askiyachining onasi tilga olinyapti va kulgili

    vaziyat vujudga keltirilyapti.

    Endi e’tiboringizga ≪O‘xshatdim≫ askiyasidan bir namuna

    havola qilamiz.

    Nasriddin:

    — Eshon, ho Eshon, sizni o‘xshatdim.

    Odilxo‘ja:

    — Kimga?


    Nasriddin:

    — Musobaqa komissiyalariga ko‘rinmay chap berib yurgan

    brigadirga.

    108


    Odilxo‘ja:

    — Nima qilardim?

    Nasriddin:

    — G‘o‘za parvarishi ayni qizigan chog‘larda shaharda

    qovun tushirib yurardingiz.

    Bu matnda askiyaboz g‘o‘za parvarishi paytida o‘z ishiga

    sovuqqonlik bilan qaragan brigadirlarni tanqid qilishga

    kirishgan. Tekshiruvchi komissiyadan qochib tutqich ber -

    magan brigadirning ahvoli tang ekani qayd etilishi bilan

    birga ≪qovun tushirish≫ iborasi ham qo‘llangan. Mazkur

    ibora ko‘ngilsiz ish qilib qo‘ygan odamga nisbatan aytiladi.

    Xullas, askiya o‘zbek xalq og‘zaki ijodidagi milliy tilimiz

    imkoniyatlaridan samarali foydalanish mahsuli sifatida

    vujudga kelgan va shakllangan janrdir. Unda o‘zbek tilining

    ma’nodosh so‘zlarga boyligi, ba’zan tovushlarni o‘zgartirish

    vositasida ham omonim so‘zlar hosil qilish mumkinligi

    namoyon bo‘ladi. Askiya xalq farzandlarining kulgi yaratish

    imkoniyatlaridan mahorat bilan foydalanganliklarini dalillaydi.





    Download 434.34 Kb.
    1   ...   33   34   35   36   37   38   39   40   ...   73




    Download 434.34 Kb.

    Bosh sahifa
    Aloqalar

        Bosh sahifa



    «sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati

    Download 434.34 Kb.