• Bolalar va o’smirlarning ovqatlanish tartibi va uni tashkil etish.
  • Ovqatning sifat miqdori va biologik qiymatining ahamiyati.
  • Mahsulotlarni almashtirish .
  • 11.5. Bolalar va o’smirlarning ovqatlanish gigiyenasi
  • Ikkinchi nonushta
  • Tushlikdan keyingi ovqat
  • 11.6. Toksikoz yoki ovqatdan zaharlanish
  • Stafilokokklardan zaharlanish
  • Ichak tayoqchasidan zaharlanish
  • 11.7. Umumta’lim o’rta maktablar, lisey va kasb-hunar kollejlari, ahardan tashqaridagi bolalar oromgohlarida va turistik sayohatlarda ovqatlanishni tashkil etish
  • XII BOB. MODDALAR VA ENERGIYA ALMASHINUVINING YOSHGA OID XUSUSIYATLARI. 12.1. Moddalar almashinuvi hayotning asosiy funksiyasi ekanligi
  • Anabolizm va katabolizm.
  • Moddalarning aylanishi (o’zgarishi).
  • Adenozin uch fosfat kislotasi.
  • 12.2. Oqsillar almashinuvi. Moddalar almashinuvida oqsillarning roli.
  • Organizmda
  • Bolalarda oqsillar almashinuvining o’ziga xos xususiyatlari.
  • 12.3. Yog’lar almashinuvi Yog’larning organizmdagi ahamiyati.
  • Bolalar organizmida yog’lar almashinuvining o’ziga xos xususiyalari.
  • 1 kg tirik vaznga zarur bo’lgan yog’ning miqdori
  • 12.4. Uglevodlar almashinuvi Uglevodlarning organizmdagi roli.
  • O’suvchi organizmni oziqlanishi




    Download 1.67 Mb.
    bet19/23
    Sana24.03.2017
    Hajmi1.67 Mb.
    1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   23

    11.4. O’suvchi organizmni oziqlanishi
    Bolalarning yoshi qancha kichik bo’lsa, ularning to’yimli moddalarga, ayniqsa oqsilga bo’lgan talabi shuncha yuqori bo’ladi. Bolalar va o’smirlarning oziqlanish normasini aniqlashda ular organizmining mo’tadil rivojlanishini hisobga olish zarur.

    Oqsillarning mo’tadil sintezlanishi uchun bola organizmiga yetarli miqdorda suv va tuzlarning tushishi zarur. Odatda yog’lar oqsillar sintezlanishiga biroz to’xtatib turuvchi sifatida ta’sir ko’rsatsa, uglevodlar aksincha oqsillar sintezlanishini tezlashtiradi.

    Bolalar mo’tadil o’sishlari uchun oqsilli optimum zarur, lekin minimum emas, oqsillar yetishmaganida uglevodlarning hazmlanishi buziladi. Lekin katta miqdordagi oqsil organizm uchun zararli, chunki organizmni ishqor-kislotali muvozanatini buzadi va asidozni keltirib chiqaradi. Bolalar organizmining oqsillarini tuzilishi uchun hayvonot dunyosining to’la qimmatli oqsillari zarur. Bolalar iste’mol qilayotgan uglevodlar va oqsillardan yog’lar hosil bo’lishiga qaramay, ular iste’mol qilayotgan ovqatlarning tarkibiy qismini yog’ lar tashkil qilishi kerak.

    Ortiqcha yog’ ham organizm uchun zararli, chunki organizmda asidoz holatini chaqiradi. Bolalarga yedirilayotgan ovqatlar tarkibidagi yog’larning miqdorigagina emas, balki uning sifatiga ham e’tibor berish kerak. To’la qimmatli oziqa yog’larining tarkibida albatta vitaminlar va lipidlar ham bo’lishi zarur. Uglevodlar bolalar organizmi tomonidan juda yengil o’zlashtiriladi (98-99 % gacha). Oziqalar bilan uglevodlarni qabul qilinishi ularning qonida qand miqdorini 2 martagacha oshirishi mumkin. Lekin bolalar va o’smirlarning organizmi voyaga yetgan odamlarnikiga nisbatan ancha chidamli. Bu chidamlilik odatda bolalarning yoshiga (bola qancha yosh bo’lsa, unda shuncha past yoki kam miqdorda oziqlanish giperglikemiyasi kuzatiladi) oziqlanishi, ovqat hazmining holati va boshqalarga bog’liq bo’ladi.

    Bola organizmi tomonidan o’zlashtirilgan madanli moddalarning miqdori faqatgina organizmining ularga bo’lgan talabi bilan emas, balki iste’mol qilinayotgan ovqatlar tarkibidagi miqdoriga bog’liq bo’ladi.

    Organizmning o’sishi uchun kalsiy muhim ahamiyatga ega. Unga bo’lgan talab o’sishning birinchi yilida va balog’ atga yetgan davrda ancha yuqori bo’ladi. O’suvchi organizm uchun fosforning ham ahamiyati katta. Qon hosil bo’lishi uchun temir zarur bo’lsa, natriy, kaliy, kalsiy va boshqa elementlar ionlarining nisbati juda katta ahamiyatga ega, chunki ularning miqdori har bir yoshda o’zgarib turadi.

    O’suvchi organizm uchun suvning ahamiyati juda yuqori. Bolalar organizmning o’sishi organizmdagi moddalar almashinuvining jadal kechishini ta’minlash uchun suvning yetarli miqdorda bo’lishiga bog’liq. Suvning biriktirib olishda va uning berilishida oqsillarning roli juda katta. Yosh bolalarda suvning yetishmasligi oraliq almashnuvni keskin buzadi. Bolalarning yoshiga qarab, 1 kg tirik massaga xarajatlanayotgan bir kecha-kunduzlik energiya miqdori ham kamaya boradi.

    Bolalarning jismoniy va aqliy jihatdan mo’tadil rivojlanishi uchun ratsion asosida oziqlanish juda muhim ahamiyatga ega. Oziqlanish mahsulotlari turli yoshdagi organizm talablarini qondiribgina qolmasdan, ya’ni faqatgina hayotiy jarayonlarni ta’minlash uchungina emas, balki qisman bo’lsada yetarli darajada o’sish va rivojlanish uchun to’la qimmatli oqsillar, yog’lar, uglevodlar, mineral tuzlar, suv va vitaminlarni organizmda zahira holida jamlanishini ta’minlash kerak. Shu sababli, turli yoshdagi bolalarning kunlik oziqlanish ratsionlarida oqsillar, uglevodlar va yog’larning ma’lum miqdordagi nisbati saqlanishi zarur. Bolalarni ovqatlari yetarli miqdorda kletchatka saqlashi zarur va ovqat hazmi kanalining motorikasini ta’minlovchi, chiqariluvchi mahsulotlarni saqlashi kerak.

    Voyaga yetgan odamlardan farqli o’laroq bolalar organizmining mo’tadil o’sishi va rivojlanishi uchun to’g’ri tartib asosida oziqlanish yanada kattaroq ahamiyatga ega. To’yib ovqatlanmaslik kabi me’yoridan ortiqcha yeb qo’yishni oldini olish maqsadida har bir ovqatlanish uchun (5-6 marta hayotning birinchi oyida, 2-3 oylikda –5 marta, 1,5 yoshdan boshlab –4 marta) ma’lum miqdorda ovqatlar taqsimlanishi kerak.

    1,5 yashar bolalar 4 marta ovqatlanishga o’tganidan keyin har kuni kamida 2-marta issiq ovqat yeyishi kerak.

    Bundan tashqari, bolalarni ovqatlantirishda oziq mahsulotlarining nisbati va ulardagi tuyimli moddalar hisobga olinishi zarur, 1 yoshdan 3 yoshgacha bo’lgan davrda bolalarga 75 % hayvonot dunyosi oqsillari va 25 % o’simliklar dunyosi oqsillari (non, meva, sabzavotlar) berish kerak.

    3 dan 5 yoshgacha – 65 % hayvonot va 35 % o’simliklar oqsili, 5 yoshdan katta bolalarga – 50 % hayvonot va 50 % o’simliklar oqsillari (voyaga yetgan odamlarga esa – 30 % dan kam bo’lmagan hayvonot oqsili) berilishi kerak.

    Bolalar organizmining oqsillarga bo’lgan talabi yoz paytida tashqi haroratni ko’tarilishi va katta miqdordagi harakat tufayli 15-20 % ortadi. Sabzavotlar ko’katlar va mevalar bolalik davrida juda foydali, chunki ularning tarkibida katta miqdorda mineral moddalar va vitaminlar saqlanadi, shu bilan birga ichaklarda achish-bijg’ ish va chirish jarayonlarini chiqarmaydi.

    Sutning tarkibi. Emizikli ayollarda bir kecha-kunduzda 1-2 l, sigirlarda 40-60, biyalarda 10-12 va echkilarda 1-3 l sut ajraladi.

    Turli hayvonlarning suti tarkibi, oqsillar, yog’ lar va uglevodlarning miqdori va yog’ lar hamda oqsillarning sifati bo’yicha bir-biridan farq qiladi. Sut tarkibidagi organik moddalarning qon tarkibining bir-biridan farq qilishi u qonning filtrati emas, balki sekretsiya mahsuloti ekanligidan dalolat beradi. Sutning zichligi 1,029-1,055 ga teng bo’lib, muhiti neytrallidir.

    Sut-emulsiya, qaysiki mayda yog’ sharikchalari albuminli xarakterga ega bo’lgan po’stloq bilan o’ralgan bo’lib uning emulsion turg’unligini ta’minlaydi. Sut mikroskop ostida qaralganda unda yog’ sharikchalari ko’rinadi. Qoramollarning sutida yog’larning miqdori 4,5 % gacha bo’ladi.

    Sut tarkibiga yog’lardan tashqari, oqsillar –sut albumini, sut globulinlari, uglevod –sut qandi, neorganik tuzlar, vitaminlar, fermentlar, suv va gazlar kiradi. Laktalbumin va laktglobulin o’zining xususiyatlari bilan qonning aynan shu oqsillari bilan o’xshash va sut tarkibida juda kam miqdorda saqlanadi (0,5 % yaqin).

    Sut yog’i faqatgina yog’lardan hosil bo’lmay balki oziqalarning oqsillari va uglevodlaridan hosil bo’ladi. Unda yuqori molekulali yog’ kislotalari saqlanadi (70 % dan yuqori). Sut yog’i gliseridlar, oliyen, palmitin stearin, moy, kapron va boshqa yog’ kislotalaridan tashkil topgan. Molekulyar og’irligi kichik bo’lganligi sababli sut yog’ini saqlab qo’yish yoki sentrifuga qilish yo’li bilan ajratib olish mumkin. Sut tarkibida mochevina, kreatinin hamda xolesterin, lesitin va purin asoslarni qoldiqlari uchrashi mumkin.

    Sigir sutida neogranik moddalarning miqdori o’rtacha 0,75 % ni tashkil etadi: ular Na, K, Ca va Mg ning fosfatlari, sulfatlari va xloridlaridan tashkil topgan bo’ladi va uncha katta bo’lmagan temir oksidi ham saqlanadi.

    Ayollar sutida quyidagi mikroelementlar; Li, Fe, Cu, Ni, Yn, Mn, Ag, J, Br, Ag, Si, Al va boshqalar bor.

    Sut tarkibidagi vitaminlar iste’mol qilingan oziqa xarakteri va undagi vitaminlar miqdoriga bog’liq bo’ladi. U vitamin A va B guruhi, C, D va E vitaminlariga boy bo’ladi. Sutda amilaza, lipaza, katalaza va peroksidaza va boshqa fermentlar bo’ladi. Fermentlarning ayrimlari sut bezlarida hosil bo’lsa, boshqalari mikroblardan tushsa kerak deb taxmin qilinadi.

    Yangi sog’ib olingan sutda hajmiga ko’ra 60-70 % gacha CO2 va O2 saqlanadi.Sutga ona qonidan ko’plab toksinlar, antitanachalar, alkogol, tuzlar, ko’plab alkoloidlar, achchiq moddalar va boshqa moddalar o’tadi. Qaysiki bolaning oshqozoni bunday moddalarga bir yoshgacha juda tez reaksiya qiladi, shu sababli laktasiya davrida onalarni davolashda juda katta ehtiyotkorlik talab etiladi. Bundan tashqari bu davrda kuchli hidli medikamentlar va dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalanishni cheklash zarur.

    Yangi tug’ilgan bolalar uchun ona suti ideal to’yimli mahsulot bo’lib hisoblanish bilan birga bola uchun juda muhim ahamiyatga egadir. Ona suti bola organizmining barcha talablarini qondiradi, shu jumladan o’sish va rivojlanish uchun zarur bo’lgan moddalarga bo’lgan talabini ham qondiradi. Bolalar emadigan davrda ularni sun’iy oziqalar bilan oziqlantirganda ularda ortiqcha kasalliklarga chalinuvchanlik holati kuzatiladi, bu esa ona sutining yuqori darajadagi biologik qiymatga ega ekanligini ko’rsatib turibdi.

    Ona sutini emayotgan bolada ona organizmida ishlab chiqilgan va sutga o’tgan antitanalar hisobiga turli infeksion kasalliklarga qarshi vaqtinchalik passiv immunitet hosil qiladi. Yangi tug’ilgan bola organizmida ona organizmidan olingan jiddiy darajada temir zahirasi saqlanadi va o’shaning hisobiga sutdagi temir taqchilligi qoplanadi. Bolalar sut bilan mu’tadil rivojlanishi uchun zarur bo’lgan vitaminlar miqdorini ham oladilar. Tabiiy tanlash ham sutning tarkibiga o’z ta’sirini ko’rsatadi, qaysiki bu tarkib avlodning hayotchanligi uchun juda katta ahamiyatga ega. Turli hayvonlarning sutini tarkibi ularning yangi tug’ilgan bolalarininig organizmini talablarini to’liq qondirishga qaratilgan bo’ladi.

    Aynan ana shu hayvon suti tarkibi bilan uning o’sishining biologik xususiyatlarini nisbati hayvonlar sutining kimyoviy tarkibining o’zgartirib bolasining organizmiga moslanuvchanligini ko’rsatib turibdi. Organizmni vaznining ortish muddati bilan sutdagi oqsil, kalsiy va fosfor miqdori orasida teskari bog’lanish ham mavjud. Filogenez jarayonida ona sutining tarkibi o’zgargan. Tez o’suvchi hayvonlarning suti, sekin o’suvchi hayvonlar sutiga qaraganda organizmdagi hujayra va to’qimalarning hosil bo’lishi uchun zarur bo’lgan oqsillar, kalsiy va fosforni ko’p saqlashi aniqlangan.

    Ona suti tarkibida qancha lesitin miqdori ko’p bo’lsa yangi tug’ilgan bolaning bosh miyasi massasi shuncha katta bo’ladi. Bu esa boshqa moddalarning orasida lesitin miyaning o’sishi uchun jiddiy ahamiyatga ega ekanligini ko’rsatib turibdi.

    Ayollarda uvuzning ajralishi tug’ishdan bir necha kun oldin va tug’ishdan keyingi birinchi kunlari kuchayadi. Uvuz suti –sariq nordonroq suyuqlik bo’lib sutga nisbatan ancha quyuq (zich) va uning zichligi 1,040-1,089 ga teng bo’ladi. U qaynatilganda ivib qoladi, o’ziga xos hidli, sho’rroq ta’mli, katta miqdorda uvuz tanachalarini – yog’ga o’xshash neytrofillarni saqlaydi. Sutga nisbatan uvuz katta miqdorda fermentlar, albuminlar, globulinlar, lesitin, fosfor kislotasi, Ca va P ni saqlasada, lekin kaziyen va sut qandini kamroq saqlaydi.

    Uvuz suti katta miqdorda tuzlarni saqlaganligi sababli u yangi tug’ilgan bola organizmiga ich bo’shatuvchi sifatida ta’sir ko’rsatadi va uning dastlabki tezagini (mekoniya) ajralishini ta’min etadi.

    Sut ajralishi murakkab reflektor jarayon bo’lib, uning hosil bo’lishida alveolalarni tashkil qiluvchi hujayralarni o’zlarida sutning yog’li tomchilarini va boshqa qismlarini jamlaydi va o’lchami jihatidan ortadi, undan keyin uning ichki qismi qaysiki sekretlar jamlangan va tashqariga yo’nalgan qismi so’tilib yoriladi hamda o’zgargan sitoplazmaga bezlar yuzasiga qo’yiladi. Ajralayotgan sut sisterna va sut yo’llariga yig’iladi, bu paytda emchaklarning sfinkterlari uning oqib ketishiga qarshilik ko’rsatib turadi.

    Ayollarning bitta sut bezidagi emchak uchini qo’zg’atilishi reflektor ravishda har ikkala sut bezlarida ham laktatsiyani kuchaytiradi.

    Sut bezlari hatto orqa miya shikastlangandan keyin ham sut ajratishi mumkin, lekin mo’tadil sharoitda emish paytida emchak uchlaridagi retseptorlarni mexanik qo’zg’atilishi natijasida laktatsiya reflektor holda qo’zg’atiladi. Odamlarning sut bezlarining nerv tolalari 4-7 qovurg’alararo nervlardan boshlanadi. Sutning tarkibi simpatik nervi kesilganidan keyin o’zgaradi. Demak, simpatik nerv tolalari faqatgina uning tomirlariga ta’sir ko’rsatmasdan balki, to’g’ridan-to’g’ri sut bezlarining sekretor hujayralariga ham ta’sir ko’rsatadi.

    Qo’rqish, hayajonlanish, shovqin va boshqa ruhiy ta’sirlar sut hosil bo’lishiga va uni chiqarilishga salbiy ta’sir ko’rsatadi.

    Sut hosil bo’lishi va sut chiqarilishi orasida o’zaro uzviylik bo’ladi va asosan oziqlanishga bog’liqdir.



    Bolalar va o’smirlarning ovqatlanish tartibi va uni tashkil etish. Bolalar va o’smirlarning ovqatlanishini gigiyenik talablar asosida tashkil qilinishi, ularni mutadil o’sishi va rivojlanishi uchun, juda ko’plab yuqumli kasalliklarga chalinishini oldini olishdek dolzarb muammolarni hal qilish imkonini beradi.Ovqatlanishni tashkil qilish bu faqatgina bolani ovqatlantirishdan iborat bo’lmay, balki bola va o’smir organizmi talab qilgan darajadagi tuyimli moddalarni; oqsil, yog’ va uglevodlardan iborat, bola ishtaha bilan iste’mol qiladigan to’yimli taomlar yig’indisidir. To’yimli taom organizmni unga zarur bo’lgan oziq moddalar bilan ta’minlashi zarur. Zarur oziq moddalar tarkibiga –almashtirib bo’lmaydigan amino va yog’ kislotalari, karbonsuvlar, vitaminlar, mineral moddalar va suv kiradi.Ovqat o’z vaqtiga qarab kunda reja asosida iste’mol qilinishi kerak.

    Ishtaha bilan iste’mol qilingan ovqat, organizm uchun zarur bo’lgan kuch - energiyani to’la qoplashi zarur. Ovqat rasionida yuqorida qayd qilingan komponentlar to’lig’icha muvozanatlashtirilgan bo’lishi va bola uni oson hazm qila olishi lozim.

    Ulg’ayish davrlarida ovqatlanish tartibi bir necha marta o’zgaradi (og’iz suti, ko’krak bilan emizish, qo’shimcha ovqat berish, asta-sekin aralash ovqatlantirishga o’tish) shu sabab ovqatlanish tartibiga e’tibor berish muhim ahamiyatga ega. Nozik va sog’ligida o’zgarishlar bo’lgan bolalarni,shuningdek sport bilan shug’ullanayotgan bolalar va o’smirlarni individual tartibda ovqatlantirish zarur. O’tkazilgan qator tadqiqot ishlarini natijalariga ko’ra, bolalar organizmidagi oqsillar, vitaminlar, karbonsuvlar, yog’ va mineral moddalar almashinuvi ular organizmining sarflagan energiyasini o’rnini qoplashi uchun zarurligini ko’rsatadi. Bu esa o’z navbatida bolalar ovqatlanishini tashkil etishda dasturil amal bo’lib xizmat qiladi.

    Ovqatning sifat miqdori va biologik qiymatining ahamiyati. Bolalar va o’smirlarning ovqatlanishini tashkil qilishda har tamonlama muvozanatlashtirilgan ratsion tuzishning amaliy ahamiyati katta. Muvozanatlashtirilgan ovqat ratsioni tuzishning 4 asosiy tamoyili mavjud:


    1. Shaxs- individning bir kecha-kunduzlik ratsioni tarkibidagi umumiy kaloriya bilan uning organizmida sarflanadigan energiya miqdorlari bir-biriga muvofiq kelishi kerak.

    2. Ratsiondagi organik moddalarning miqdori hech bo’lmaganida, minimal (eng kam) darajadagi ehtiyojga mos kelishi zarur.

    3. Ratsion tarkibidagi dormondorilar, makro va mikroelementlarning tuzlarini miqdori minimal talab darajasida bo’lishi zarur.

    4. Ratsionning organik moddalarsiz qismi; -vitaminlar, tuzlar va mikroelementlarning miqdori toksinli darajadan past bo’lishi, ya’ni iste’mol qilingan tuzlar bola organizmiga salbiy ta’sir ko’rsatmasligi kerak.

    Ovqatlanishda foydalaniladigan taomlarning barcha to’yimli moddalar bilan muvozanatlashtirilishi, bolalar va o’smirlarni oziqlantirishda ortiqcha muammolarni keltirib chiqarmaydi.Chunki, bolalar va o’smirlarni ovqatlantirishda ovqatning tarkibiga kiruvchi almashtirib bo’lmaydigan oziq moddalariga asosiy e’tibor beriladi, ular organizmning o’zida sintez qilinmaydi va unga iste’mol qilingan taomlar tarkibida zarur miqdorda kirishi lozim. Sog’lom odam uchun ratsionda oqsillar, yog’lar va uglevodlarning eng maqbul nisbati 1:1:4 ga yaqin nisbat hisoblanadi. Ovqat ratsionini belgilashda oqsillar bir kecha-kunduzlik kaloriyalilikning 15% ni tashkil qilishi kerak bo’ladigan bo’lsa, uning yarmini hayvonlar oqsillari, yog’lar - 30% va uglevodlar - 55% tashkil qilishi kerak. Kichik maktab yoshidagi bolalar uchun 1:1:6, ilk go’dak yoshidagi bolalar uchun 1:2:3 nisbat tadqiqotlar va tekshirishlarda ijobiy yechimini topgan nisbat hisoblanadi.

    Oziq moddalarning tavsiya etilgan nisbati biroz o’zgartirilganda jiddiy buzilish yuz bermaydi. Yog’lar va uglevodlar kaloriyasi jihatidan bir-birining o’rnini bosishi mumkin.

    Ovqatning tarkibidagi umumiy kaloriya sarflangan energiya miqdoriga mos kelmagan taqdirda tananing vazni kamayib boradi, turli kasalliklarga chidamliligi, ish qobiliyati pasayadi yoki odam semirib ketadi, natijada ovqat hazm qilish organlari, jigar, me’daosti bezi kasalliklari paydo bo’ladi, yurak muskuli zaiflashadi ateroskleroz kuzatiladi. Semiz odamlar normal odamlarga qaraganda 5-12 yil kam umr ko’rishi aniqlangan. Oziq moddalar nisbati buzilganda ham organizmdagi almashiniuv jarayonlari izdan chiqadi. Yoshlikda yetarli (to’yib) ovqatlanmaslik o’sishdan, jismoniy va ruhiy rivojlanishdan orqada qolishga sabab bo’ladi.

    Kaloriyalilikni energiya sarfi bilan muvofiqlashtirish uchun iste’mol qilinayotgan taomlar tarkibidagi mavjud umumiy energiya aniqlanishi zarur.Insoniyat iste’molida foydalanilayotgan barcha oziq-ovqat mahsulotlari kaloriyasi jihatidan 4 guruhga bo’linadi:

    1) kaloriyasi eng yuqori - 400 dan 900 kkal gacha bo’lgan mahsulotlar;

    2) kaloriyasi yuqori mahsulotlar - 250 dan 400 kkal gacha;

    3) o’rtacha kaloriyali mahsulotlar - 100 dan 250 kkal gacha;

    4) kam kaloriyali mahsulotlar - 100 kkal gacha.



    Mahsulotlarni almashtirish. Bir kecha-kunduzlik taomnomani tuzishda unga kiritiladigan mahsulotlarning to’rli-tumanligi, kimyoviy tarkibi va kaloriyasini hisobga olish zarur.

    Taomlar xilma-xil bo’lishi uchun faqat mahsulotlar yig’indisini o’zgartirish kifoya qilmaydi, buning uchun bitta mahsulotdan tayyorlanadigan taomlar turini ko’paytirish kerak. Masalan, go’shtdan kotletlar, bitochkalar, gulyash, befstrogen va hokazolar tayyorlash mumkin.

    Zarur bo’lganda bir mahsulotni boshqasi bilan almashtirish mumkin, biroq almashtiriladigan mahsulotlar qimmati teng bo’lishi zarur. Masalan, go’sht o’rniga baliq, suzma, tuxum berish mumkin, biroq ularni yormalar yoki sabzavotlar bilan almashtirib bo’lmaydi, chunki bu mahsulotlar kimyoviy tarkibi jihatidan bir xil yemas, go’shtda to’la qimmatli sifatli oqsillar ko’p, yorma va sabzavotlarda esa asosan uglevodlar bo’ladi.

    Mahsulotlarni shunday hisob bilan almashtirish kerakki, o’smirning bir kecha-kunduzlik ratsionida oqsillar va yog’lar miqdori o’zgarmasin.Ba’zi mahsulotlar, non, sariyog’, sut, shakar kabilar ham albatta taomnomaga kiritiladi. Bu oziq-ovqat mahsulotlari o’rnini hyech narsa bosaolmaydi. Qaymoq, pishloq, suzmani esa har kuni yeyish shart emas. Biroq, haftaning oxiriga borib, mahsulotlar to’plamini to’la tenglashtirib olish kerak.


    11.5. Bolalar va o’smirlarning ovqatlanish gigiyenasi
    Bolalar va o’smirlarning organizmida iste’mol qilingan taomlarning to’lig’icha hazmlanishida, ovqatlanish tartibining ham ahamiyati katta. Bola dastlabki 3 yoshida kundalik ratsionini taxminan bo’lib kun bo’yi olsa, keyinroq 7, 6, 5 va 4 martalik ovqatlanishga o’tadi.Maktabgacha yoshda esa kundalik ovqatlanish ratsionini tuzayotganda albatta tushlikda qabul qilinadigan ovqat hajmi kengaytiriladi, biroq bu kengaytirish sekinlik bilan amalga oshiriladi. Chunki maktabgacha yoshdagilar uchun bir kecha-kundizlik ratsion teng hajmlarga bo’lingani ma’qul. Chunki bunday yo’l tutilganda bolaning ishtahasi ochiladi, bir kecha-kundizlik ratsion teng hajmlarga bo’linadi (o’smirlar uchun har 3-4 soatdan keyin ovqatlanish belgilanadi) va organizm faoliyati susaymasligi uchun albatta bola uxlashi lozim.

    Ertalabki nonushta - bu bir kecha-kundizlik energiyaning 20-25% ni tashkil etadi. U poliz mahsulotlaridan tayyorlangan shakarli, go’shtli, sutli, xamirli issiq ovqat, tuxum, sut, pishloq, shirin choy yoki kofedan iborat bo’lishi zarur.

    Ikkinchi nonushta - 15% ni tashkil etadi-pechenye, choy, yengil mahsulotlar, sut.

    Tushlik - 3 xil bo’lishi kerak: 1) suyuq ovqat, ishtahani qo’zg’aydi va ovqat hazmini yaxshilaydi. 2) go’sht va baliq, yoki oqsilga boy ovqatlar, sabzovatlar, garnirlar. 3) sharbatlar. Tushlikning kaloriyasi bir kecha-kunduzlik ovqatning 30-35% ini tashkil qilishi lozim.

    Tushlikdan keyingi ovqat - bu bir kecha-kunduzlik energiyaning 15-20% ini tashkil etishi kerak. Bolada kunduzgi uyqudan keyin chanqoqlik kuchayadi. Shuning uchun bu paytda bolaga meva, sabzovat hamda turli xil sharbatlar berish lozim.

    Kechki ovqat - kundalik ratsionining 20-25% ini tashkil etishi lozim. Bu payt sutli, sabzovatli, mevali va yormali yoki yengil hazm bo’ladigan mahsulotlardan tayyorlangan ovqatlar ma’qul bo’ladi.

    Kechqurun uyquga ketish oldidan bir piyola qatiq ichish maqsadga muvofiq bo’ladi. Kechki ovqatni uxlashdan kamida 3 soat oldin yeyish kerak. Ovqatni ancha kech yeganda me’dada dam olish o’rniga shira ajratiladi, oqibatda ovqat hazm qiladigan bezlarga zo’r keladi.

    Go’sht va baliqdan tayorlangan yoki oqsilga boy bo’lgan ovqatlar bola organizmida moddalar alamashuvini oshirib, miya po’stlog’ining asab tizimida qo’zg’alish jarayonini yuzaga keltiradi. Shuning uchun taomnomani tuzayotganda ayrim xil ovqatlarni kuning birinchi yarmiga qo’shish maqsadaga muvofiqdir.

    Kuchsiz nimjon bolalar oqsilga boy bo’lgan taomdan tez-tez iste’mol qilishlari zarur.O’quvchi va talabalarning ovqatlanish tartibi o’qish jarayoniga va yoshiga qarab taqsimlanib beriladi. Maktab yoshidagi bolalar ratsioni taxminiy sutkalik ovqatlar ro’yxatiga asoslanib tuzilishi lozim.

    Bolalar va o’smirlar butun yil davomida har xil xarakterdagi aqliy yoki jismoniy ishlar bilan mashg’ul bo’ladilar. Jismoniy ish bilan shug’ullanganida o’smir organizmining oqsilga (kaloriyaga) bo’lgan talabi 10% oshadi. Shuning uchun bunday hollarda, albatta oqsilga boy taomlardan iste’mol qilish tavsiya etiladi.

    Ma’lumki maktablarda darslar 2 smenada olib boriladi. Shu sababli ovqatlanish tartibi ham har qaysi smena uchun o’ziga xos bo’ladi. Masalan, 1-smenada shug’ullanadiganlar uchun 1-nonushta soat 7-8 da, yoki bola maktabga ketishidan oldin, 2-nonushta soat 10-11 da, tushlik maktabdan qaytgandan so’ng, yoki soat 14-15, kechki ovqat esa 19-20 da bo’lishi maqsadga muvofiqdir.

    Ikkinchi smenada shug’ullanadiganlar uchun 1-nonushta soat 8.00 larda, tushlik o’qishga ketishidan oldin yoki soat 12-13 larda, tushlikdan keyingi ovqat soat 15-16 da, kechki ovqat esa 19-20 larda bo’lishi kerak. O’quvchilar maktabda bor yo’g’i 6 soat bo’ladilar. Shuning uchun bir paytda ovqatlanish uchun vaqt ajratish ularning ishlash qobiliyati, kayfiyati va ovqat hazm qilish tizimi faoliyatiga ta’sir qiladi.

    Kasb-hunar kolleji o’quvchilari 3 mahal ovqatlanadilar. Ovqatlanish orasidagi vaqt 3-4 soatdan ortiq bo’lmasligi kerak. O’quvchilarning ota-onalariga ularning to’g’ri ovqatlanishi haqida mukammal tushuntirish kerak.

    Ovqatlanish taomnomalarini tuzishda ovqatlanishni to’g’ri tashkil qilish uchun quyidagilar zarurligiga (tegishli kaloriyalik, ovqat rasion tarkibi va organizmning ovqatdan maksimal foydalanish sharoiti) e’tibor beriladi. Bunga to’g’ri ovqatlanish tartibi va oziq ovqat mahsulotlarini tanlash hamda ovqat tayorlashning to’g’ri texnologiyasi kiradi.

    Bolalar va o’smirlarni ovqatlantirishda ishtaha ochadigan ovqatlar berish zarur. Ishtaha ( appetit - lotincha so’z bo’lib) istak yoki xohish degan ma’nonni anglatadi. Ishtaha qo’zg’atish uchun o’smirlarga ovqat oldidan rediska, suzma yoki o’simlik moyi qo’shilgan karam, pomidor, yangi uzilgan bodring, ko’k piyoz, qaymoq yoki sut berish foydali, bular ishtahani qo’zg’aydi ovqat hazm qiladigan shiralarning ajaralishiga imkon beradi.

    Bundan tashqari, ishtahani qo’zg’atish uchun bolalar ovqatlanadigan xona,ozoda va shinam, idish tovoqlar chiroyli, bir xil rangda va shaklda, ovqatlar turli tuman va mazaligina emas, balki chiroyli ham qilib tayorlangan bo’lishi lozim, shunga mos ravishda ovqatlanadigan joy ham qulay va tinch bo’lishi kerak.

    Bolalarda ba’zan muayyan oziq moddalarga ehtiyoj bo’lganligidan ular ayrim ovqatlarni ishtaha bilan yeydi. Ayrim hollarda ularning ishtahasi bo’lmay, u bo’r, ko’mir, ohak, tuproq kul singarilarni yeyishga urinadi. Bunday ehtiyoj organizmda metabolizm jarayonlari xususiyatlariga bog’liq bo’ladi va tezda o’tib ketadi.

    Dorivorlari ko’p, achchiq ovqat hamda alkogol qizilo’ngach va me’da epiteliyasini kuydiradi, hazm shiralari ishlab chiqarishni izdan chiqaradi. Ko’p miqdorda hosil bo’ladigan va me’dani himoya qiladigan shilimshiq ovqat hazmini qiyinlashtiradi. Go’sht va qo’ziqorinli sho’rvalarga ulardagi azotli ekstraktiv moddalar o’tib birlamchi oshqozon shirasi ajralishiga ta’sir qiladi, hazm bezlarining qo’zg’aluvchanligini shakillanishiga imkon beradi.Bola va o’smirlarning kundalik taomida turli sabzovotlar va mevalar katroshkaga qaraganda ko’p bo’lishi kerak. Ularda ichakning harakat funksiyasini oshiradigan klechatka, organik kislotalar, efir moylari, pitin moddalar, shuningdek kasallik qo’zg’atuvchi mikrooganizmlarni nobud qiladigan yoki rivojlanishini to’xtatadigan biologik faol moddalar fitansidlar ko’p bo’ladi. Yuqoridagi moddalarni saqlovchi taomlarni bo’lishi hazm shiralarining yaxshi ajralishiga yordam beradi, chirish jarayonlarini to’xtatadi, so’rilishini yaxshilaydi, boshqacha qilib aytganda ovqatlarni normal hazm bo’lishini taminlaydi. Sabzovot va mevalar, vitaminlar va mineral moddalarning manbai bo’lib xizmat qilishi necha bor tasdig’ini topgan, bularsiz bolaning o’sishi va rivojlanishi mumkin emas.

    O’qituvchi ovqatlanishga doir gigiyenik ko’nikmalari va tajribasini bolalarga singdirishi kerak. Ovqat vaqtida gaplashish, kitob o’qish, chappillatib yeyish, shoshilish, og’ziga ovqatni to’ldirib solish, katta tishlab uzish yaramaydi. Ovqatni asta-sekin yaxshilab chaynash kerak, uni yaxshi chaynamaslik shira ajralishi va ichak peristaltikasini buzadi, bunda ovqat yomon o’zlashtiriladi, hazm organlarida uzoq turib qoladi natijada hazm tizimida buzilish yuz beradi.

    Maktab, lisey va kollejlarda to’g’ri va gigiyenik talablarga javob beradigan ovqatlanishni tashkil etish sog’lomlashtirish omillaridan biri bo’lib hisoblanadi.

    O’smirlik davri organizm tez o’sib shakllanadigan, unda turli o’zgarishlar yuz beradigan davrdir. Bunda ovqatlanish me’yori jinsga qarab taqsimlanadi.

    Yoz mavsumida bolalar oromgohlarida iste’mol qilinadigan ovqatlar kaloriyasi 10-15 foizga oshiriladi,chunki toza havoda uzoq yurish, jismoniy, harakatli o’yinlar bilan shug’ullanish, qishloq xo’jalik ishlarida qatnashish, sayohatlar organizmning energiya sarfini oshiradi.

    Yoz mavsumida moddalar almashinuvi kuchayadi, bolada o’sish jarayoni tezlashadi. Shu sababdan bolalar oromgohlarida vitamin hamda oqsilga boy bo’lgan turli-tuman taomlar va mevalardan iborat taomnoma tuziladi.

    Bolalar sanatoriylarida ovqatlanish tartibi ularning tibbiy ko’rsatmalari asosida bo’ladi. Bunday muassasalarda ovqatning yenergetik baholanishi yuqori bo’lishi va ko’proq oqsilga boy hayvon mahsulotlaridan tayyorlangan bo’lishi zarur. Masalan, o’pka yoki sil kasalligi bilan og’rigan bolalar va o’smirlar uchun ixtisoslashgan maktab-internat va sanatoriylarda tayyorlanishi zarur bo’lgan ovqat moddalarining kundalik me’yori yuqoriroq belgilangan. Ular uzluksiz ravishda echki suti bilan oziqlantirilishi maqsadga muvofiq, chunki echki sutining tarkibida yuqoridagi kasalliklarga qarshi kurashadigan antitanalar ko’plab uchraydi. Kundalik ovqatni foizlarda ifodalaydigan bo’lsak: oqsil 15-20 foiz, yog’ 25-30 foiz, uglevod 50-55 foiz bo’ladi va 4 martalik ovqatlanish tartibi tashkil qilinadi.

    Sportchilar ovqatlanishini tashkil etishda ham gigiyenik talablariga rioya qilish zarur. Ular musobaqa vaqtida ko’p kuch sarf qiladilar, shu sababli ularning umumiy ovqat miqdorining kuchi 500-600 kkal dan oshishi lozim.

    Organizmi gurkirab o’sib, jismoniy va aqliy jihatdan yetuklikka erishadigan paytda, jismoniy va aqliy mashg’ulotlar natijasida keskin o’zgarib borayotgan yosh sportchilarning to’g’ri ovqatlanishini tashkil etishga katta e’tibor berish lozim. Buni ko’proq sport internatlari va maktablarda qo’llash zarur. Organizmning energiya xarajatlarini o’rnini to’ldirib borishda nafaqat sportchining yoshi, balki ovqat miqdori va sifatiga ham ahamiyat berish zarur. Ayniqsa, mashg’ulotlar paytida ovqat sifatiga, tarkibiga e’tiborni oshirish, ya’ni oqsil-uglevodli ovqatlardan ko’proq iste’mol qilish tavsiya etiladi. Chunki, muskul energiyasining manbai bu karbonsuvlardir. Sport bilan shug’ullanadiganlarning organizmida ko’pincha turli vitaminlarga, fosfor, kalsiy va boshqa mineral moddalarga bo’lgan taqchillik doimo seziladi. Albatta, ovqatlanishni tashkil qilishda buni hisobga olish lozim.

    Shifokorlar bolalar muassasalaridagi oshxonalar, ovqat tayyorlash sexlarida ovqat tayyorlash vaqtida mahsulotlarni tashilishi va saqlanishi ustidan nazorat ishlarini olib boradilar. Nazorat davomida ovqatlanish rejimi va ratsioniga baho berib boriladi. Shunday qilib, ovqatdan zaharlanish va turli kasalliklar kelib chiqmasligi uchun olib borilayotgan kompleks gigiyena va sanitariya tadbirlari ustidan tekshiruv olib boriladi. Kundalik gigiyenik va sanitariya tekshiruviga yuqorida sanab o’tilganlardan tashqari xodimlarning tibbiy ko’rikdan o’tgan-o’tmaganligini ham nazorat qilib borish kiradi.

    Piyoz, sarimsoqpiyoz va boshqa o’simliklar fitansidlarga juda boy. Bu moddalar taomlar tarkibida yetarli miqdorda bo’lganida hazm shiralarining mo’tadil ajralishiga yordam beradi, chirish jarayonlarini to’xtatadi, so’rilishni yaxshilaydi, boshqacha qilib aytganda ovqat normal hazm bo’lishini taminlaydi.

    Kuzatishlar natijasida ovqatlanish tartibiga va taomnoma tarkibiga baho berib boriladi. Shunday qilib, ovqatdan zaharlanish va turli kasalliklar kelib chiqmasligi uchun olib borilayotgan kompleks sanitariya tadbirlari ustidan tekshiruv olib boriladi. Sanitariya qonunchiligiga asosan kishi umumiy ovqatlanish korxonalariga ishga kirayotganda albatta tibbiy ko’rikdan o’tadi. Shundan keyin o’sha davolash muassasasi tomonidan ishlash uchun unga ruxsatnoma beriladi. Keyinchalik ovqat tayyorlash sexida ishlovchilar har 3 oyda tibbiy ko’rikdan va yiliga bir marta flyuorografiyadan o’tib turadilar. Epidemiologiya ko’rsatmalari asosida qilinishi kerak bo’lgan profilaktik emlashlar va bakteriya tashuvchilar ustidan tekshiruv ishlari o’z vaqtida olib boriladi.

    Sil, teri yiringli kasalliklari, o’tkir yuqumli ichak kasalliklari, o’tkir so’zak va zaxm kabi kasalliklar bilan og’riyotganlarga bolalar muassasalarida ishlashga ruxsat berilmaydi. Agar ovqat tayyorlash sexi ishchisining oilasida ich terlama, paratif, ichburug’, bo’g’ma va qizilcha (skarlatina) bilan biror kishi og’rib qolsa, tibbiy ruxsatnomasiz u ishchiga ishlashga ruxsat berilmaydi.
    11.6. Toksikoz yoki ovqatdan zaharlanish
    Odam kasallik qo’zg’atuvchi mikroblar yoki organizm uchun zararli moddalarni saqlagan taomlarni iste’mol qilish hisobiga zaharlanib qoladi. Zaharlanishning bakterial va bakteriyasiz turlari farqlanadi.

    Bakterial zaharlanish ovqatda o’zidan toksin (zahar) ajratuvchi mikroblar to’planishi tufayli sodir bo’ladi. Bakteriyasiz zaharlanish o’simlik, hayvonlarning zaharli moddalari, shuningdek, ba’zi kimyoviy moddalarning ovqatga tushishi natijasida sodir bo’ladi.



    Bakterial zaharlanish. Bolalar va o’smirlarda salmonellyoz kasalligi salmonellalar tushgan ovqatni yeganda rivojlanadi. Oshxonada xom go’sht to’g’ralgan stol, taxtakach, pichoq va boshqalarda salmonellalar bo’lishi mumkin. Ularni pashsha, sichqon, kalamush, it, mushuk ham tarqatadi. Qo’l iflos bo’lganda ham kasallikga chalinish ehtimoli yuqori bo’ladi. Salmonellasi bor g’oz, o’rdak tuxumini iste’mol qilganda ham odam zaharlanishi mumkin.

    Salmonellalar tashqi muhitning turli ta’siriga;- quyosh nuriga chidamli, past haroratda quritilganda ham nobud bo’lmaydi. Ularning ko’payishi uchun ayniqsa sun’iy qobiqqa tiqilgan sosiska, kolbasa qulay muhit hisoblanadi. Salmonellalar bilan zararlangan mahsulotlarning hidi ham, tashqi ko’rinishi ham, ta’mi ham o’zgarmaydi.



    Zaharlanish belgilari. Salmonellalar tushgan ovqatni iste’mol qilgandan bir kun o’tgach zaharlanish alomatlari paydo bo’ladi. O’t pufagining atrofida og’riq paydo bo’lib, bemor qusadi, ichi ketadi, harorati ko’tariladi. Og’ir hollarda bosh og’riydi, bemorning tinka-madori quriydi, sovuq ter chiqadi, terisi quriganga o’xshaydi, tirishishadi, qon bosimi pasayib ketadi, rangi sarg’ayadi. Davo qilinsa bemor sog’ayadi.

    Botulizm. Tabiatda keng tarqalgan botulinus tayoqchasi bilan zararlangan ovqatni iste’mol qilish tufayli odam o’tkir va og’ir zaharlanadi. Ko’pincha odam toksinli qonserva mahsulotlari (sabzavotlar, mevalar, qo’ziqorin), tuzlangan baliq, dudlangan mahsulotlar va boshqalarni iste’mol qilganda zaharlanadi. Botulinus tayoqchasi tushgan qonservaning usti bir oz ko’tarilgan bo’ladi. Odam zararlangan ovqatni yegandan keyin bir necha soat o’tgach zaharlanish belgilari paydo bo’la boshlaydi. Muskullari bo’shashadi, boshi og’riydi, ko’zi yaxshi ko’rmay qoladi, og’zi quriydi, yutishi qiyinlashadi, nutqi buziladi. Og’ir hollarda nafas olishi va yurak faoliyati buziladi, bemor hatto o’lib qolishi mumkin. Kasallik 2-3 kundan 2-3 haftagacha davom yetadi.

    Stafilokokklardan zaharlanish. Terisiga yara chiqqan (rinit, qon’yuktivit, angina) va boshqa kasalliklar bilan og’rigan kishilar infeksiya tashuvchi hisoblanadi. Taxminan 50% sog’lom odamlarning tomog’ida, burun shilliq qavatida, terisi yuzasida, ichagida kasallik qo’zg’atuvchi stafilokokklar bo’ladi.

    Stafilokokklar ko’pincha sut, baliq mahsulotlarida, sabzavotlarda tez ko’payadi. Zaharlanishning dastlabki belgilari zararlangan ovqatni iste’mol qilgandan 2-4 soat o’tgach paydo bo’ladi. Bunda odam qusadi, ko’ngli ayniydi, qornida og’riq paydo bo’ladi, tez-tez ichi ketadi, harorati ko’tariladi, qaltiraydi, og’ir hollarda yurakning faoliyati buziladi.



    Ichak tayoqchasidan zaharlanish. Bu tayoqcha odam va hayvon ichagida yashaydi, tashqi muhitda uzoq saqlanadi. Qaynatilgan kartoshka, vinegretda, sho’rva va boshqa suyuq ovqatlarda tez ko’payadi. Ana shunday sifasiz ovqatni yeganda odam zaharlanadi.

    Bakteriyasiz zaharlanish. Qo’ziqorinlardan zaharlanish odatda bahorda ko’p uchraydi. Zaharli qo’ziqorinni yegandan keyin 6-10 soat o’tgach qorinda og’riq turadi, bemor qusadi, ichi ketadi. Organizmning suvsizlanishi tufayli qon quyuladi, ko’karadi, talvasa tutadi, rangi zahil tortadi. Ko’pincha yosh bolalar, ayniqsa kichik yoshdagi bolalar zaharli o’simliklardan zaharlanadi.

    Odam qo’rg’oshindan zaharlanganda og’izda metall ta’mi seziladi, qorni tutib-tutib og’riydi, talvasa tutadi va hokazo.O’rik, shaftoli, olxo’ri, olcha, bodom danagidan ham zaharlanish mumkin.

    Ovqatdan zaharlanishning oldini olish uchun mahsulotlarni to’g’ri saqlash, sanitariya-gigiyena qoidalariga qa’tiy rioya qilish shart. Ovqatni sifatli mahsulotlardan tayyorlash, buzilgan mahsulotlarni ovqatga ishlatmaslik kerak. Oshxonada masalliqni alohida-alohida taxtalarda to’g’rash, so’ngra stol, taxtakach, myasorubka, pichoqni yaxshilab sovunlab yuvish zarur. Tez buziladigan taomlar (go’sht, baliq, qaynatilgan ovqat, kolbasa, sosiska, sut, sut mahsulotlari, tort, pirojniy va boshqalar)ni tez tarqatish lozim. Go’shtni 0°S haroratda 5 kun, qaynatma kolbasa, sardelki, sosiskani 3 kun, baliq, tovuq, o’rdakni 2 kun, tuxumni 20 kun, sariyog’ni 10 kun, tvorogni 36 soat, smetanani 72 soat, sutni 20 soatdan ortiq saqlamaslik kerak. Qopqog’i shishgan qonservalarni ovqatga ishlatish mumkin emas. Meva va sabzavotlarni albatta yuvib yegan ma’qul.

    Zaharlangan odamga bir stakan iliq suv ichirib qustiriladi. Achchiq shirin choy ichirib, o’ringa yotqizib, qalin qilib o’rab qo’yiladi.Zaharlanishning dastlabki belgilari paydo bo’lishi bilan darhol shifokorni chaqirish zarur. Shifokor kelgunicha bemorga 3-4 stakan suv ichirish kerak. Zahar kamroq shimilishi uchun 1 litr suvga 2-3 ta tuxum oqini aralashtirib yoki kaliy permanganatning kuchsiz suvli eritmasi ichiriladi.


    11.7. Umumta’lim o’rta maktablar, lisey va kasb-hunar kollejlari, ahardan tashqaridagi bolalar oromgohlarida va turistik sayohatlarda ovqatlanishni tashkil etish
    Bolalar va o’smirlar issiq ovqat iste’mol qilganda kamroq charchaydi va ish qobiliyati uzoqroq muddatga saqlaydi. Ovqat ikkinchi yoki uchinchi tanaffus vaqtida yeyiladi. Bolalar muassasalarida oshxona o’quvchilar soniga qarab tashkil etiladi va xom masalliq bilan ishlaydigan oshxonalarga: boshqa umumiy ovqatlanish korxonalaridan masalliq olib, pishirib beradigan oshxonalarga, boshqa oshxonalarda tayyorlangan ovqatlarni issiq holda (nonushta va tushlikka) tarqatuvchi oshxonalarga bo’linadi.

    320-780 o’quvchi yoki talabaga mo’ljallangan bolalar muassasalarida masalliq bilan ishlaydigan oshxonalar, 30 ta sinfga mo’ljallangan bolalar muassasalariga olingan masalliqni pishirib beradigan oshxonalar tashkil yetiladi. Oshxonada yetarlicha idish-tovoq, qoshiq, sachqi, usti silliq toza stollar bo’lishi kerak. Qo’l yuvish uchun oshxona zalida 20 o’ringa bitta hisobidan chig’anoq o’rnatiladi. O’quvchi va talabalarga oshxonada xizmat ko’rsatish quyidagicha tashkil etiladi: O’quvchi va talabalar uchun kerakli idishlar, qoshiq, sanchqilar qo’yib chiqiladi. Bolalar kelishiga 5-10 daqiqa qolganda navbatchilar nonushta yoki tushlik ovqatni tarqatishadi. Bo’shagan idishlarni bolalarning o’zlari idish yuviladigan xona darichasiga yoki arava - konveyrlarga olib qo’yishadi. Har bir guruh uchun ma’lum stollar, har bir o’quvchi uchun esa o’rindiqlar qo’yiladi.

    Yuqori sinf o’quvchilari va kollej talabalariga xizmat ko’rsatishning eng qulay shakli o’z-o’ziga xizmat ko’rsatishdir. Bunda nonushta va tushlik ovqatlarni, o’quvchi va talabalarning o’zlari oshxonadan olishadi. Bo’shagan idishlarni o’quvchilarning o’zlari idish yuvadigan xona darchasiga olib borib qo’yishadi.

    Oshxonasiz joylarda bolalarga bufet xizmati tashkil etiladi.

    Bolalar va o’smirlar oromgohlarda asosan ochiq havoda bo’lishadi, jismoniy tarbiya va sport bilan ko’proq shug’ullanishadi, serharakat o’yinlarda qatnashishadi va hokazo. Bu energiya sarfini taxminan 10% ga oshiradi. Demak, ovqat kaloriyasini ham oshirish kerak bo’ladi. Dam olayotgan 7-14 yoshli bolalar uchun kunlik ovqatda taxminan 100 gr oqsil, 100 gr yog’, 400 gr uglevod bo’lishi, ovqatning umumiy kaloriyasi 3000 k/kal ni tashkil etishi zarur.

    Yozda shaharda qoladigan bolalar uchun maktablarda yoki bog’larda sog’lomlashtirish oromgohlari tashkil etiladi. Bu yerda kuniga ikki mahal issiq ovqat beriladi, bu ovqat kunlik kaloriyaning 60% ni tashkil etadi (nonushta 25% va tushlik taxminan 35%).

    Me’da-ichak kasalliklarining oldini olish maqsadida ichish yoki ovqat tayyorlashga ishlatiladigan suv sanitariya-epidemologiya xodimlari tomonidan tekshirilgan buloqlar yoki yopiq quduqlardan olinadi.

    Sog’liqni saqlash tarmog’i ovqatning sifatini, biologik qiymatini har kuni nazorat qilib turadi. Joriy sanitariya nazoratining asosiy vazifasi ovqatning bola organizmi xususiyatlariga to’g’ri kelishini kuzatib borish, ovqatdan zaharlanish, yuqumli kasalliklar hamda gijja tarqalishining oldini olishdir.

    Ovqatning sifatli bo’lishi uchun bolalar muassasalari tibbiy xodimlari maxsus jadvallardan foydalanib, taomlarning kaloriyasini hisoblab chiqarishlari kerak.

    Tayyor ovqatni vaqti-vaqti bilan laboratoriyalarda tekshirib ko’rib, kaloriyaning miqdorini, jumladan, oqsillar, yog’lar, uglevodlar va vitamin C miqdorini aniqlash, ovqatlanishni nazorat qilib turish zarur. To’g’ri ovqatlanish deb asosiy oziq moddalarning organizmda hazmlanishi bilan ularning organizmda sarflanishi o’rtasidagi muvozanat qaror topadigan tarzda organizmning fiziologik ehtiyojiga yarasha ovqatlanishga aytiladi.

    Masalliqlarni saqlashda, ulardan ovqat pishirishda sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’i amal qilish bolalar muassasalarida ovqatlanishni tashkil etishning asosiy shartidir.

    Maktabda ovqatlanishni tashkil etishni muassasa rahbari, tibbiy xodim, oshxona xodimi, ota-onalar qo’mitasining vakillaridan iborat ovqatlanishni tashkil etish hay’ati bilan birgalikda, vaqti-vaqti bilan tuman sanitariya-epidemologiya xizmati xodimlari ham nazorat qilib turishlari lozim.



    XII BOB. MODDALAR VA ENERGIYA ALMASHINUVINING YOSHGA OID XUSUSIYATLARI.
    12.1. Moddalar almashinuvi hayotning asosiy funksiyasi ekanligi
    Moddalar va energiya almashinuvi – organizmning hayot faoliyati jarayonlarining asosini tashkil etadi. Moddalar va energiya almashinuvi barcha organizmlarning eng oddiydan eng murakkab tuzilgan odamlar organizmining ham hyotining asosidir.

    Odamlar organizmida, uning organlari, to’qimalari, hujayralarida tinimsiz ravishda juda oddiylardan murakkab moddalarning hosil bo’lish jarayoni bajariladi. Shu bilan bir vaqtda organizm hujayralari tarkibiga kiruvchi murakkab organik moddalarning oksidlanishi, parchalanishi bajariladi.

    Organlarning ishi doimiy ravishda ularning yangilanishi bilan birgalikda kechadi: ayrim hujayralar o’ladi, boshqalari ularni o’rnini almashtiradi. Voyaga yetgan odamlarda bir kecha-kunduz davomida teri epiteliyasi hujayralarining 1/20 miqdori, ovqat hazmi trakti epiteliyasining hamma hujayralarining yarmi, 25 grammga yaqin qon va boshqalar o’ladi va almashinadi.

    Organizm hujayralarining yangilanishi, o’sishi faqatgina organizmga tinimsiz ravishda kislorod va to’yimli moddalar tushib turgandagina amalga oshishi mumkin. To’yimli moddalar – bular organizmni tarkibiy qismlari hosil bo’ladigan asosiy plastik materiallardir.

    Organizmning yangi hujayralari hosil bo’lishi uchun, ularning tinimsiz yangilanishi, yurak, oshqozon-ichaklar trakti, nafas organlari, buyraklarni ishlashi uchun, hamda odamlar tomonidan maxsus va zarur ishlarni bajarishi uchun energiya zarur. Odam bu energiyani moddalar almashinuvi jarayonida yuz beradigan oksidlanish va parchalanishi reaksiyalari hisobidan oladi.

    Shunday qilib organizmga tushuvchi to’yimli moddalar faqatgina plastik qurilish materiali bo’lib qolmasdan balki hayot uchun zarur bo’lgan energiya manbai bo’lib ham xizmat qiladi.

    Moddalar almashinuvi deganda, moddalarning ovqat hazmi traktiga tushganidan boshlab organizmdan chiqarib tashlanadigan parchalanishning oxirgi mahsulotlari hosil bo’lgunicha yuz beradigan o’zgarishlari yig’indisi tushuniladi.

    Anabolizm va katabolizm. Moddalar almashinuvi jarayoni, yoki metabolizm, bir-biri bilan juda yumshoq (nozik) kelishgan holda ma’lum navbatlashuv asosida kechadi. Energiya xarajati talab qiluvchi biologik sintez reaksiyalari yig’indisi anabolizm deb ataladi.

    Anabolik jarayonlarga oqsillar, yog’lar, lipoidlar, nuklein kislotalarining biologik sintezlanishlari kiradi. Bu reaksiyalar hisobiga nisbatan oddiy moddalar hujayralarga tushgach, fermentlar ishtirokida organizmning o’zini moddalariga aylanadi. Anabolizm o’z xizmatini o’tab bo’lgan tuzilmalarning tinimsiz yangilanishi uchun zamin yaratadi.

    Anabolik jarayonlar uchun zarur bo’lgan energiya katabolizm reaksiyalari bilan yetkazib beriladi, reaksiyalar tufayli murakkab organik moddalarning molekulalari parchalanishi natijasida energiya ajralib chiqadi. Katabolizmning oxirgi mahsuloti bo’lib – suv, karbonat angidrid gazi, ammiak, siydikchil, siydik kislotasi va boshqalar hisoblanadi, ular hujayralarda navbatdagi biologik oksidlanishga uchramaydi va organizmdan chiqarib tashlanadi.

    Anabolizm va katabolizm jarayonlari bir-biri bilan chambarchas bog’liq. Katabolik jarayonlar anabolizm uchun energiya va dastlabki moddalarni yaratib beradi; anabolik jarayonlar o’layotgan hujayralarning tiklanishi uchun sarflanadigan tuzilmalarni tiklanishiga olib keladi, organizmni o’sish jarayoni bilan bog’liq bo’lgan yangi to’qimalarning shakllanishiga, hujayralarning hayot faoliyati uchun zarur bo’lgan gormonlar, fermentlar va boshqa birikmalarni sintezlanishi uchun hamda katabolizm reaksiyalari uchun parchalanishi kerak bo’lgan makromolekulalarni yetkazib beradi.

    Barcha metabolik jarayonlar tabiatan oqsil modda bo’lgan fermentlar tomonidan tezlashtiriladi va boshqariladi. Fermentlar organizm hujayralarida reaksiyalarni bajarilishini ta’minlovchi biologik katalizatorlar hisoblanadi.

    Moddalarning aylanishi (o’zgarishi). Oziq moddalarning kimyoviy o’zgarishi ovqat hazmi traktida boshlanadi. Bu yerda ovqatlarning murakkab moddalari qon yoki limfaga surilishi mumkin bo’lgan ancha oddiy moddalargacha parchalanadi.

    Surilish natijasidla qon va limfaga tushgan moddalar hujayralargacha yetib kelganidan keyin u yerda asosiy o’zgarishlarga uchraydi.Hosil bo’lgan murakkab organik moddalar hujayralar tarkibiga kiradi va ularning funksiyalarini bajarilishida ishtirok etadi.

    Hujayralar ichida kechadigan moddalarning o’zgarishi hujayralar ichidagi bo’shliq yoki oraliq almashinuv deyiladi.Hujayralar ichidagi almashinuvda hal qiluvchi rolni hujayraning ko’plab fermentlari o’ynaydi. Ularning faoliyati tufayli hujayra moddalarida murakkab o’zgarishlar yuz beradi, ularning molekulalari ichidagi kimyoviy bog’lari uziladi, bu esa energiya ajralishiga olib keladi.

    Bu yerda oksidlanish va tiklanish reaksiyalari muhim ahamiyat kasb etadi, hujayrada boshqa maxsus fermentlar ishtirokida fosfor kislotasi qoldig’i (fosforlanish), NH2 aminoguruhni (qayta aminlanish), metil guruhi CH3 (transmetillanish) va boshqa o’tish reaksiyalari kabi, shu tipdagi boshqa kimyoviy reaksiyalar ham bajariladi. Bu reaksiyalar paytida ajraladigan energiyalar hujayralarda yangi moddalarning hosil bo’lishi uchun, organizmni hayot faoliyatini ta’minlash uchun ishlatiladi.

    Hujayralar ichidagi almashinuvning oxirgi mahsulotlari qisman hujayralarning yangi moddalarini tuzilishi uchun sarflanadi, hujayralar tomonidan foydalanilmaydigan moddalar organizmda ayiruv organlari orqali chiqarib tashlanadi.

    Adenozin uch fosfat kislotasi. Sintetik jarayonlar paytida foydalanilmaydigan energiyani asosiy akkumulyatori va tashuvchisi bo’lib, adenozin uch fosfat kislota hisoblanadi. AUF kislotasi molekulasining tarkibida azotli asos (adenin), qand (riboza) va fosfor kislotasi (fosfor kislotasining uch qoldig’i) bor.

    Adenozin uch fosfataza fermenti ta’sirida AUF kislotasi molekulasidagi kislorod va fosfor orasidagi bog’lar uziladi va bir (ayrim hollarda ikki) molekula suv bilan birikadi. Bu jarayon bir (ayrim hollarda ikki) molekula fosfor kislotasining ajralishi bilan birga bajariladi. AUF kislotasi molekulasidagi har ikki oxirgi fosfatli guruhlarni ajralishi katta miqdorda energiya ajralishi bilan kechadi.

    Buning natijasida AUF kislotasi molekulasidagi ikki oxirgi fosfatli bog’lar energiyaga boy bog’lar yoki makroergik bog’lar deb nom oldi. Makroergik fosfatli bog’lar tufayli tirik hujayra energiya saqlashni qulay shakliga ega bo’ladi, zarur paytda esa bu energiya juda tez ajraladi va organizmni hayot faoliyati uchun foydalaniladi.

    12.2. Oqsillar almashinuvi.
    Moddalar almashinuvida oqsillarning roli. Moddalar almashinuvida oqsillar muhim o’rinni egallaydi. Oqsillarning bunday ahamiyatga ega ekanligi, qo’yidagicha baholangan: «Hayot – bu oqsilli tanalarning yashash sharoiti bo’lib, uning eng asosiy jihati bo’lib ularni o’rab turuvchi tashqi muhit bilan doimiy ravishdagi moddalar almashinuvi hisoblanadi, bu moddalar almashinuvining to’xtashi bilan hayot ham to’xtaydi, qaysiki oqsillarning chirishiga olib keladi.»

    Oqsillar sitoplazmalar, gemoglobin, qon plazmasi, ko’plab gormonlar, immunli tanalar, tarkibiga kiradi, organizmni suv-tuzli muhitini doimiyligini ta’minlaydi. Oqsilsiz o’sish yo’q. Moddalar almashinuvining barcha bosqichlarida albatta ishtirok etuvchi fermentlar ham oqsillardir. Ovqatlar oqsillarining biologik qiymati. Organizmning oqsillari uchun sarflanadigan aminokislotalar jihatidan har xildir. Ayrim aminokislotalar organizm uchun (leysin, lizin, metionin fenilalanin va boshqalar) almashtirib bo’lmaydigan aminokislotalar hisoblanadi. Agar ovqatlar tarkibida almashtirib bo’lmaydigan aminokislotalar yetishmasa, unda organizmidagi oqsillar sintezi keskin buziladi. Lekin boshqa aminokislotalar bilan almashtirib bo’ladigan aminokislotalar ham mavjud yoki moddalar almashinuvi jarayonida organizmning o’zida sintezlanishi mumkin. bular almashtirib bo’ladigan aminokislotalardir.

    Organizmda oqsillar sintezini mutadil kechishi uchun zarur bo’lgan barcha aminokislotalar majmuasini saqlovchi ovqatlar oqsillar to’la qimmatli oqsillar hisoblanadi. Bu oqsillarga asosan hayvonot dunyosi oqsillari kiradi. Organizmda oqsillar sintezi uchun zarur bo’lgan barcha aminokislotalarni saqlamaydigan ovqatlar oqsillari to’la qimmatli bo’lmagan oqsillar deyiladi. Misol uchun jelatina, makkajo’xori oqsili, bug’doy oqsili va hokazo. Eng yuqori biologik qimmatga – tuxum, go’sht, sut va baliq oqsillari ega.

    15-Jadval



    Aminokislotalar

    Almashtiriladigan

    Almashtirilmaydigan

    Alanin

    Arginin

    Asparagin kislota

    Valin

    Glikokol

    Gistidin

    Glisin

    Izoleysin

    Glutamin kislota

    Leysin

    Norleysin

    Lizin

    Oksilizin

    Metionin

    Oksiprolin

    Treonin

    Ornitin

    Triptofan

    Prolin

    Fenilalanin

    Serin




    Tirozin




    Sistin




    Sitrullin



    Aralash oziqlanish paytida, ya’ni ovqatlar tarkibida hayvonot va o’simliklar dunyosi mahsulotlari bo’ladi, va organizmga odatda oqsillar sintezi uchun zarur bo’lgan aminokislotalar majmuasi yetkazib beriladi.

    O’sayotgan organizm uchun barcha almashtirib bo’lmaydigan aminokislotalarning yetkazib berilishi juda muhim. Ovqatlar tarkibida lizin bo’lmaganida bolalar o’sishdan qoladi, ularning muskullar tizimini oriqlab ketishiga olib keladi. valin yetishmaganida esa bolalarning harakat muvozanati buziladi.

    Hozirgi paytda odamlarning turli organlari va to’qimalarining hamda ovqatlarning aminokislotali tarkibi o’rganilgan.. Shu sababli, oziqlanish rasionida odam barcha hayotiy zarur aminokislotalarni zarur miqdorda va nisbatda olishi uchun oziq mahsultlarni normalash mumkin.

    To’yimli moddalardan faqat azot, oqsillar tarkibigagina kiradi. shu sababli, oqsilli oziqlanishni miqdoriy tomoni haqida azot muvozanati bo’yicha hisob-kitob qilish mumkin. Azotli muvozanat – bu bir kecha-kunduz davomida ovqatlar bilan organizmga tushgan va undan bir-kecha kunduz davomida oqsillarni parchalanishi natijasida siydik, najas va ter bilan ajralgan azotlarning o’zaro nisbatidir.

    Oqsillarda o’rtacha 16 % azot saqlanadi, ya’ni 6,25 g oqsilda 1 g azot saqlanadi. O’zlashtirilgan azotning miqdorini 6,25 ga ko’paytirib organizmga kiritilgan oqsilni miqdorini aniqlash mumkin.

    Voyaga yetgan odamlarda odatda mutadil, ya’ni tenglashgan azot muvozanati kuzatiladi – oziqlar bilan kiritilgan azotning miqdori va ajralish mahsulotlari bilan chiqarilgan azotning miqdori teng bo’ladi. Organizmga oziqlar bilan tushgan azotning miqdori organizmdan chiqarilgan miqdoridan ko’p bo’lsa bu vaqtda musbat azot muvozanati haqida gap yuritish mumkin. Bunday muvozanat bolalarda tana og’irligi ortgan paytda, kuchli jismoniy ish bajarganida, kasaldan sog’ayganida kuzatiladi.

    Manfiy azot muvozanati qabul qilingan azot miqdoridan, ajralgan azot miqdorini ko’p bo’lishi bilan harakterlanadi. Bunday holat oqsil taqchilligida, og’ir kasalliklar paytida kuzatiladi.



    Organizmda oqsillarning parchalanishi. Organizmni o’zi uchun xos bo’lgan oqsillar sintezlanishi uchun sarflanmagan aminokislotalar o’zgarishga majbur bo’ladi, uning natijasida azotli moddalar hosil bo’ladi. Bunday o’zgarishlar paytida aminokislotalardan ammiak – NH3 shaklidagi azot ajraladi. Aminoguruhlar NH2 shaklida bitta aminokislotadan ajralgan azot ikkinchisiga qo’shilishi mumkin va bunday hollarda organizmga yetishmayotgan aminokislota yuzaga kelishi mumkin. Bunday jarayonlar odatda jigarda, muskullarda va buyraklarda bajariladi. Aminokislotalarning azotsiz qoldiqlari yana o’zgarishda davom etadilar va ulardan karbonat angidrid gazi hamda suv hosil bo’ladi.

    Organizmda oqsillarning parchalanishi natijasila hosil bo’lgan ammiak (zaharli modda) jigarda zararsizlantiriladi, va u yerda mochevinaga aylanadi, oxirgisi siydik tarkibida organizmdan chiqariladi.

    Organizmda oqsillarning parchalanishining oxirgi mahsulotlari bo’lib faqatgina mochevina hisoblanmasdan, ular qatoriga siydik kislotasi va boshqa azotli moddalar ham kiradi. Ular organizmdan siydik va ter bilan chiqarib yuboriladi.

    Bolalarda oqsillar almashinuvining o’ziga xos xususiyatlari. Bolalar organizmida o’sish va rivojlanish, yangi hujayralarning va to’qimalarning shakllanish jarayonlari jadal kechadi. Bu esa bolalar organimiga voyaga yetgan odamlardagiga nisbatan ancha katta miqdordagi oqsillarning tushishini talab qiladi. O’sish jarayoni qanchalik jadal kechsa, oqsilga bo’lgan talab ham shunchalik katta bo’ladi.

    Organizmdagi oqsillar almashinuvi darajasining ko’rsatkichi bo’lib oqsilli ovqatlar bilan organizmga kiritilayotgan va siydik bilan organizmdan chiqarilayotgan azotlar miqdori orasidagi nisbat hisoblanadi. Barcha to’yimli moddalar orasida faqatgina oqsillar tarkibida azot saqlanganligi va faqat u bilangina organizmga tushadi. organizmga oqsilli ovqatlar bilan kiritilayotgan azotning miqdori, siydik bilan chiqarilayotgan azotning miqdoridan yuqori bo’lganligi sababli bolalarda azotli muvozanat musbat bo’ladi, faqatgina yuqoridagiday holatlarda o’sayotgan organizmning oqsillarga bo’lgan talabi qondiriladi.

    Bolalar bir yoshgacha bo’lgan muddatda har bir kilogramm tirik vaznga 4-5 g dan; 1 yoshdan 3 yoshgacha bo’lgan muddatda 4-4,5 g; 6 dan 10 yoshgacha 2,5-3 g; 12 yoshdan yuqori bo’lganda –2-2,5 g ni tashkil etsa, voyaga yetgan odamlarda 1,5-1,8 g ga teng bo’ladi. Demak, bolalarning yoshi va tirik og’irligiga bog’liq holda 1 yoshdan 4 yoshgacha bo’lgan vaqtda bir kecha-kunduzda 30-50 g, 4 yoshdan 7 yoshgacha –70 g ga yaqin, 7 yoshdan boshlab –75-80 g oqsil olishlari kerak. Bunday ko’rsatkichlarda organizmda azot maksimal darajada ushlab qolinadi.

    Oqsillar organizmda zahira holda jamlanmaydi, shuning uchun organizmning talab darajasidan oziqlar bilan ular ko’p berilsa azotning ushlab qolinishi ham ko’payadi va nihoyat oqsillar sintezlanishi kuzatilmaydi. Bu paytda bolalarning ishtahasi yomonlashadi, kislota –ishqor tengligi buziladi, siydik va najas bilan azotning chiqarilishi tezlashadi. Bolalarga maqbul miqdorda barcha aminokislotalar yig’indisiga ega bo’lgan oqsillar berilishi zarur, bu vaqtda oqsillar, yog’lar va uglevodlarni ovqatlar tarkibidagi miqdorlarining o’zaro nisbati 1:1:3 bo’lishi ta’minlanishi kerak, ana shunday sharoitlardagina organizmda ushlab qolinadigan azotni miqdori maksimal darajada bo’ladi.

    Biz yuqorida aytganimizdek organizmga oqsilli oziqlar bilan tushayotgan azotning katta qismi siydik bilan ajratiladi. Yosh o’zgarishi bilan siydik tarkibidagi azotning miqdori ham o’zgaradi. Bolani dastlabki tug’ilgan kunlarining boshida bir kecha kunduzlik siydikni 6-7 % ni azot tashkil qiladi. Yosh ulg’ayishi bilan siydik azotining nisbiy miqdori kamayadi.
    12.3. Yog’lar almashinuvi
    Yog’larning organizmdagi ahamiyati. Ovqatlar bilan ovqat hazmi tizimiga tushgan yog’lar gliserin va yog’ kislotalarigacha parchalanib deyarlik to’lig’icha limfaga va qisman qonga so’riladi.

    Yog’lar limfa va qon tomirlari tizimlari orqali organizm uchun yog’ depolari ahamiyatiga ega bo’lgan yog’ to’qimalariga tushadi. Teriosti kletchatkasida, ayrim ichki organlari atrofida (masalan, buyraklar ichaklar) hamda jigar va muskullarda yog’lar ko’p bo’ladi. Yog’lar hujayralar tarkibiga (sitoplazma, yadro, hujayra membranasi) kiradi, va u yerda uning miqdori turg’un holatda doimiydir. Jamlangan yog’lar boshqa funksiyadlarni ham bajaradi. Masalan, teriosti yog’i issiqlikni kuchli tarqalashini oldini oladi, buyrakoldi yog’lari buyraklarni, zarbalardan himoya qiladi va hokazo.

    Yog’lar organizm tomonidan energiyaga boy bo’lgan manba sifatida foydalaniladi.

    Organizmda 1g yog’ parchalanganida, xuddi shuncha miqdordagi oqsillar yoki uglevodlar parchalanganidagidan ikki martadan ortiq energiya hosil bo’ladi.

    Ovqatlar tarkibida yog’larning yetishmasligi markaziy asab tizimi va ko’payish organlari faoliyatini buzadi, organizmni turli kasalliklarga chidamliligini pasaytiradi.

    Organizmda yog’lar faqatgina gliserin va yog’ kislotalaridan sintezlanmasdan, balki oqsillar va uglevodlar almashinuvi mahsulotlaridan ham sintezlanadi.

    Organizm uchun zarur bo’lgan ayrim chegaradosh bo’lmagan yog’ kislotalari (linolat, lenolenat, va araxidin), organizmga ovqatlar bilan tayyor holda tushishlari kerak, qaysiki ularni organizm sintezlay olmaydi. Almashtirib bo’lmaydigan yog’ kislotalari o’simliklar moylarida ham saqlanadi. Ular ayniqsa zig’irli va kanopli moylarida juda ko’p, lekin linolat kislota kungaboqar moyida juda ko’p. Ana shular bilan tarkibida jiddiy miqdorda o’simlik yog’lari saqlovchi margarinni yuqori to’yimlilik qiymatiga ega bo’lishini tushuntirish mumkin.

    Organizmga yog’lar bilan birga odam hayoti uchun muhim hayotiy ahamiyatga ega bo’lgan unda eriydigan vitaminlar ham (A, D, E, va boshq) tushadi.

    Voyaga yetgan odamlar bir kecha-kunduzda 1 kg tirik vazn uchun ovqatlar bilan 1,25 g (80-100 g bir kecha-kunduzda) yog’ olishlari zarur. Yog’lar almashinuvining oxirgi mahsulotlari bo’lib karbonat angidrid gazi va suv hisoblanadi.

    Bolalar organizmida yog’lar almashinuvining o’ziga xos xususiyalari. Bolalar hayotining birinchi yilidan keyin ular organizmining energiyaga bo’lgan talabining 50 % yog’lar hisobiga qoplanadi.

    Yog’larsiz organizmda umumiy va spesifik immunitetlar hosil qilib bo’lmaydi. Bolalarda yog’lar almashinuvi turg’un emas, ovqatlar tarkibida uglevodlar yetishmaganida yoki ularning kuchli xarajatida yog’ depolari juda tez kambag’allashadi.

    Bolalar organizmida yog’ larning surilishi juda jadal kechadi. Bolalar ona suti bilan oziqlanganda sutning 90 % gacha yog’i organizm tomonidan o’zlashtiriladi, sun’iy oziqlantirilganida –85-90 % gacha, katta yoshdagi bolalarda esa yog’lar 95-97 % ga o’zlashtiriladi.

    Yog’ lardan yaxshi foydalanish uchun bolalarning ovqatlarida yetarli miqdorda uglevodlar ham bo’lishi zarur, oziqlanishda uglevodlar taqchilligi natijasida yog’larning to’liq bo’lmagan oksidlanishi yuz beradi va qonda almashinuvning kislotali mahsulotlari ko’payadi.

    Bolalarning yoshi qanchalik kichik bo’lsa ular organizmining 1 kg tirik vaznga hisobiga yog’ga bo’lgan talabi shuncha yuqori bo’ladi. (jadvalga qarang).
    16-Jadval

    1 kg tirik vaznga zarur bo’lgan yog’ning miqdori.( A.G.Xripkova bo’yicha)


    Yoshi

    Yog’ga bo’lgan talab (g.da)

    Emadigan bola

    5,5-6

    1 yoshdan 4 yoshgacha

    4-3,5

    4 dan 7 yoshgacha

    3-2,5

    7 yoshdan katta

    2,5-3

    10-11 yoshgacha

    1,5

    10-18 yoshgacha

    1

    Yosh ulg’ayishi bilan bolalarning mutadil rivojlanishi uchun zarur bo’lgan yog’larning mutlaq miqdori ortadi. 1 yoshdan 3 yoshgacha bir kecha-kunduzlik yog’ga bo’lgan talabi 32,7 g, 4 dan 7 yoshgacha –39,2 g, 8 dan 13 yoshgacha –38,4 g ni tashkil etadi.

    12.4. Uglevodlar almashinuvi
    Uglevodlarning organizmdagi roli. Odam hayoti davomida 10 tonnaga yaqin uglevodlarni iste’mol qiladi va ular organizmga asosan kraxmal shaklida tushadi. ovqat hazmi traktida glyukozagacha parchalangan uglevodlar qonga so’riladi va hujayralar tomonidan o’zlashtiriladi. Ayniqsa uglevodlarga non, yormalar, sabzavot va mevalar kabi o’simliklar oziqalar juda boy. Hayvonot dunyosi mahsulotlari (sut bundan mustasno) juda kam miqdorda uglevodlar saqlaydi.

    Uglevodlar – ayniqsa kuchli jismoniy ish bajarganda energiyaning asosiy manbai hisoblanadi. Voyaga yetgan odamlarning organizmi uchun zarur bo’lgan energiyaning yarmidan ko’pini uglevodlar hisobidan oladi. Uglevodlar parchalanishi natijasida energiyaning hosil bo’lishi ham kislorodsiz muhitda, ham kislorod ishtirokida amalga oshishi mumkin. Kislorodli muhitda uglevodlar parchalanishining oxirgi mahsuloti bo’lib – karbonat angidrid gazi va suv hisoblanadi. Uglevodlar boshqa organik moddalarga nisbatan juda tez parchalanadi va oksidlanadi.

    Og’ir musobaqalar paytida kuchli charchagan paytida bir necha bo’lak qand iste’mol qilinsa organizmning holati yaxshilanadi.

    Qon tarkibida glyukozaning miqdori nisbatan doimiy darajada (110 mg %) saqlanib turiladi. Glyukoza miqdorining kamayishi tana haroratining pasayishini chaqiradi, asab tizimi faoliyatining buzilishiga, holsizlanishga olib keladi. Qon tarkibidagi qand miqdorini doimiy darajasini ta’minlashda jigar katta rol o’ynaydi. Glyukoza miqdorini ortishi uning jigarda zahira hayvon kraxmali –glikogen shaklida o’tirishini chaqiradi. Qon tarkibidagi qand miqdori kamayganida jigar tomonidan glikogenni glyukozaga aylantirilishi yuz beradi. Glikogen faqatgina jigarda hosil bo’lmasdan, balki muskullarda ham hosil bo’ladi va u yerda 1-2 % gacha jamlanishi mumkin. Glikogenning jigardagi zahirasi 150 g gacha yetadi. Ochlik paytida va jismoniy ish bajarganda bu zahiralar kamayadi.

    Agarda qon tarkibidagi qandning miqdori 0,17 5 gacha ortsa, u organizmdan siydik bilan chiqariladi. Odatda bu holat ovqatlar bilan katta miqdorda uglevodlar qabul qilganda yuz beradi. Shunday bo’lsada qondagi qandning miqdori o’z holiga qaytib tenglashadi.

    Lekin qon tarkibidagi qandning miqdori turg’un holda ko’tarilgan –oshgan bo’lishi mumkin, bu esa sekresiya bezlari faoliyati buzilganida (ayniqsa me’daosti bezi) yuz beradi, qaysiki bu qandli diabetni rivojlanishiga olib keladi. Bu kasallik paytida to’qimalar qandni o’zlashtirish xususiyatini yo’qotadi, hamda uni glikogenga aylantirish va jigarda jamlanishi ham buziladi. Shu sababli, qondagi qandni miqdori doimo ko’tarilgan, bu esa uning siydik bilan kuchli ajralishini chaqiradi.

    Glyukozaning organizm uchun ahamiyati uning energiya manbai ekanligi bilan tamom bo’lmaydi. U sitoplazma tarkibiga kiradi va demak ayniqsa o’sish davrida yangi hujayralar hosil bo’lishi uchun zarur. Uglevodlar nuklein kislotalar tarkibiga ham kiradi.

    Uglevodlarning markaziy asab tizimidagi moddalar almashinuvida ham ahamiyati juda kattadir. Qon tarkibida qandning miqdori keskin kamayganida asab tizimi faoliyatida keskin buzilish kuzatiladi. Muskullarning tortilishi, alahsirash, hushini yo’qotish, yurak faoliyatining o’zgarishi boshlanadi. Agarda bunday odamning qoniga glyukoza kiritilsa yoki odatiy qand yedirilsa, ma’lum muddatdan keyin bu og’ir simptomlar yo’qoladi.

    Ovqatlar tarkibida qand yoki uglevodlar bo’lmaganida ham qonda qand yo’qolmaydi, chunki organizmda oqsillardan va yog’lardan ham uglevodlar hosil bo’ladi.

    Turli organlarning glyukozaga bo’lgan talabi har xil. Masalan jigar o’ziga kelgan glyukozaning 12 % gacha bo’lgan miqdorini ushlab qolsa, ichaklar –9 %, muskullar –7 %, buyraklar – 5 % ushlab qoladi. Taloq bilan o’pkalar umuman glyukozani o’zida ushlab qolmaydilar.




    Download 1.67 Mb.
    1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   23




    Download 1.67 Mb.

    Bosh sahifa
    Aloqalar

        Bosh sahifa



    O’suvchi organizmni oziqlanishi

    Download 1.67 Mb.