Bojxona vositalari - huquqiy, boj tariflari, tashkiliy, bojxona nazorati va boshqa vositalarning ahamiyatini pasaytirib ko’rsatish va ularga bo’lgan e‘tiborni susaytirish mamlakat iqtisodiy manfaatlariga jiddiy zarar yetkazishi va siyosiy, iqtisodiy hamda ijtimoiy islohotlar yo’lidagi harakatga to’sqinlik qilishi mumkin.
Ikkinchidan, bojxona siyosati ichki siyosatning tarkibiy qismi sifatida o’z xususiyatiga ko’ra davlat manfaatlarini, korxonalar, tadbirkorlar, fuqarolarning huquqlarini himoya qiluvchi huquqni muhofaza qilish organi hisoblanadi. U ichki bozorga tashqaridan buzg’unchi unsurlar kirib kelishidan himoya qilishga da‘vat etilgandir.
Bojxona siyosatining huquqiy muhofaza qiluvchi funksiyasi bojxona nazorati vositalaridan samarali foydalanishga asoslanadi. Bunday vositalarga quyidagilar kiradi:
bojxona nazorati maqsadida bojxona nazorati zonalarini tashkil etish, bojxona nazoratiga ko’maklashish va uni amalga oshirish uchun mutaxassislar va ekspertlarni jalb qilish;
bojxona organlarining mansabdor shaxslari tomonidan bojxona maqsadlari uchun zarur bo’lgan hujjatlar va ma‘lumotlarning tekshirilishi;
tovarlar va transport vositalarini ko’zdan kechirish, shaxsiy buyumlarni ko’zdan kechirish, hisob-kitob tizimini tekshirish, vaqtincha yuk saqlanadigan omborlar va joylar hududini, bojxona omborlarini ko’zdan kechirish;
bojxona nazoratining tanlab tekshirish prinsipini qo’llash, g’ayriqonuniy zarar yetkazilishiga yo’l qo’ymaslik.
Uchinchidan, bojxona siyosati O’zbekiston tashqi siyosatining ajralmas qismi sifatida davlatimizning tashqi iqtisodiy manfaatlarini ta‘minlash va amalga oshirish maqsadlariga xizmat qiladi, uning tashqi iqtisodiy faoliyatini amalga oshirishning asosiy vositalaridan biridir.
Samarali bojxona siyosati milliy iqtisodiyotni jahon bozori strukturasining keskin o’zgarishlaridan himoya qilishga, uning jahon xo’jaligiga qo’shilishiga faol ko’maklashishga da‘vat etilgandir. O’zbekistonning bojxona ishi sohasida hamkorlikda qatnashishi ushbu yo’nalishdagi juda muhim qadam hisoblanadi.
O’zbekiston Respublikasining bojxona siyosati jahondagi siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlarni nisbatan tez o’zgarayotganligini hisobga olib, dinamik, harakatchan, moslashuvchan bo’lishga, ayni vaqtda O’zbekiston Respublikasi jahon xo’jaligiga qo’shilayotgan bir sharoitda gap iqtisodiy suverenitet, vatan iqtisodiyotini rag’batlantirish, mamlakatning tub manfaatlariga rioya qilish to’g’risida borar ekan, yetarlicha barqaror bo’lishga da‘vat etilgandir. Bunga bojxona siyosati o’z rivojlanishining umumiy asoslangan konsepsiyasiga tayangandagina erishish mumkin.
Bojxona siyosati tamoyili uch elementga asoslanadi.
Iqtisodiyotdagi ahvolni tahlil qilish. Oqilona bojxona siyosati ana shundan boshlanadi. Tahlil makrodarajada - mamlakat iqtisodiyotining ahvoli, uning byudjetga, to’lov balansi va boshqa makroiqtisodiy ko’rsatkichlarni o’rganish, aniq, bozorlar darajasida esa, talab va taklif nisbatini, milliy va xorijiy taklifni, tovarlarning sifat tavsifini, raqobatni va jazolarni o’rganish asosida amalga oshiriladi. Tahlil davomida hal etilmagan muammolar aniqlanadi, ularni hal etish, salbiy hodisalarni bartaraf etish yoki bartaraf etmaslikning muqobil oqibatlari baholanadi.
Maqsadlarni tahlil qilish. U barcha imkoniyatlarni aniqlashdan, ya‘ni maqsadlarni umumlashtirishdan boshlanadi, so’ngra har bir maqsadning xususiyati aniqlanadi. Ushbu maqsadlar dastlabki, bevosita yoki pirovard, miqdorli yoki sifatli, qisqa muddatli yoki o’rta muddatli maqsadlarga bo’linadi. Ayrim maqsadlarga bir vaqtning o’zida turlicha tavsiflar berilishi mumkin. Bunday holda zamonaviy vaziyatdan kelib chiqqan holda ularning asosiylarini ko’rsatish zarur. Maqsadlar shuningdek ularning iqtisodiyotga ta‘sir ko’rsatish ko’lamlari va xarajatlarning miqdor ko’rsatkichlari, institutsional, moliyaviy va kadrlar ta‘minoti, imkoniyatlari bo’yicha ham farqlanadi. So’ngra maqsadlar o’rtasidagi o’zaro munosabatlar aniqlanadi, ular uyg’un, betaraf yoki nizoli bo’lishi mumkin.
Bojxona orqali tartibga solish vositalari qo’llanishini tahlil qilish. Bojxona siyosati konsepsiyasini ishlab chiqishda ayrim tartibga soluvchi vositalar qo’llanilishi shartlarini, ayrim vositalarning birgalikda qo’llanilishi darajasini, ularning maqsadga muvofiqligini, ularni qo’llashdan ko’riladigan qo’shimcha samaralarni, tartibga solish vositalari samaradorligini va ularni zarurligining yetarlicha asoslanganligini aniqlash muhimdir.
Bojxona orqali tartibga solishda bir-birini to’ldiruvchi, biroq, turlicha asosga ega bo’lgan vositalar guruhidan - ma‘muriy va iqtisodiy vositalardan foydalaniladi. Ma‘muriy vositalar hukumat tomonidan qabul qilinadigan qarorlarga asoslanadi, ular moliyaviy rag’batlantirish chora-tadbirlari, moddiy manfaatdorlik yoki tartibga soluvchi organlarning jazo jarimalari bilan bog’liq bo’lmaydi, ya‘ni ular tovarlar va sarmoya aylanishining iqtisodiy shartsharoitlarini emas, balki ular harakatining tashqi imkoniyatini belgilaydi.
Tartibga solishning klassik ma‘muriy vositalari uch turga bo’linadi: ta‘qiqlash, ruxsat berish va majburlash. Masalan, davlat organlari u yoki bu tovar (qurol-yarog’, alkogol, doridarmonlar) importini ta‘qiqlashi, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarini bojxona nazoratidan o’tishga majbur qilishi mumkin va boshqalar. Ta‘qiqlash, ruxsat berish va majbur qilish litsenziya berilishi yoki uni berish rad etilishi, qonunlar va qonunlar asosida hujjatlar qabul qilinishi orqali amalga oshiriladi.
Tartibga solishning tarifsiz usullari ma‘muriy usullar hisoblanadi. Ularga quyidagilar kiradi:
tashqi iqtisodiy bitimlarni litsenziyalash va kvotalash;
tovarlar mamlakat hududiga olib kirish yoki chiqishga doir bo’lgan cheklashlar;
tovarni sertifikatlash;
import uchun to’lovlar rejimida mustahkamlangan cheklashlar;
milliy tarkibiy, texnik va sanitariya talablari oqibati hisoblangan cheklashlar;
davlatning import operatsiyalarida qatnashishi bilan bog’liq cheklashlar va boshqalar.
Bojxona orqali tartibga solishning iqtsodiy vositalariga eng avvalo boj tarifi hamda eksport va import tovarlariga soliq solish tegishlidir. Ular bozor munosabatlari shakllanishi sharoitida markaziy o’rinda turadi.
O’zbekiston qonun hujjatlari bilan nazarda tutilgan yangi bojxona tarifi xalqaro normalarga to’liq javob beradi va xalqaro Konvensiya tomonidan joriy etilgan tovarlarni tariflash va kodlashtirishning uyg’unlashtirilgan tizimiga asoslanadi. Ushbu hujjatning qo’llanishi O’zbekistonning xalqaro savdo tizimida to’la huquq bilan qatnashishi uchun shartsharoitlar yaratish imkonini beradi.
Bojxona orqali tartibga solishning ma‘muriy va iqtisodiy vositalari bojxona ittifoqlari va bojxona konvensiyalarida qatnashish, erkin savdo zonalari tashkil etish, bojxona nazoratining davlat organlari tarmog’ini barpo etish, bojxona faoliyatining zarur qonunchilik normalarini qabul qilish orqali amalga oshiriladi.
Bojxona siyosati konsepsiyasi ishlab chiqilishi bojxona orqali tartibga solishning real amaliyotidan oldinda borishi kerak, ya‘ni u aniq maqsadlar qo’yilishi va ular amalga oshirilishigacha iqtisodiyotdagi ahvol o’zgartirishini anglangan zaruriyati sifatida shakllantirilishi kerak. Agar konsepsiya davlat boshqaruv apparatining iqtisodiy-siyosiy eksperimentlari jarayonida shakllansa, bojxona siyosatidan orqada qolishi ham mumkin.
|