Xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi to‘g‘risida XABARNOMA




Download 159,82 Kb.
bet6/7
Sana22.02.2024
Hajmi159,82 Kb.
#160579
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
707 22.11.2021

Xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi to‘g‘risida
XABARNOMA


Yakka tartibdagi tadbirkor ___________________________________________ bilan fuqaro ________________________________o‘rtasida 20__ yil “___” ____________da tuzilgan “___”-sonli mehnat shartnomasi 20__ yil “___” ____________dan bekor qilinganligi sababli 20__ yil “__”_________da berilgan ____-sonli xodimning hisobga qo‘yish kartochkasini bekor qilishingizni so‘rayman.

_______________________

_______________________

(to‘ldirilgan sanasi va vaqti)

(YTT)

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 707-son qaroriga
2-ILOVA
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq solinadigan daromadlar va chegiriladigan xarajatlarning hisobini yuritish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq solinadigan daromadlar va chegiriladigan xarajatlarning hisobini yuritish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizomning amal qilishi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ayrim yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan daromad — hisobot davrida tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan tushgan jami tushum summasi;
sof daromad — tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan daromaddan ushbu tovarlarning (xomashyoning) hujjatlar bilan tasdiqlangan tannarxi, ularni sotib olish, saqlash, sotish va ma’muriy xarajatlar chegirilgan holda yakka tartibdagi tadbirkorning ixtiyorida qolgan daromad (foyda) summasi.
2-bob. Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari
3. Yakka tartibdagi tadbirkorlar soliq solinadigan daromadlarni va xarajatlarni hisobga olish registrlarida daromadlar va xarajatlar hisobini yuritishi shart.
Daromadlar va xarajatlarni hisobga olish registrlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
yakka tartibdagi tadbirkorning daromadlari va xarajatlarini hisobga olish daftari;
tovar cheklari daftari yoki nazorat-kassa texnikasi cheki.
Bunda, daromadlar va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari daftar shaklida (keyingi o‘rinlarda — hisobga olish daftari) tikiladi, uning birinchi varag‘i yakka tartibdagi tadbirkor to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan to‘ldiriladi.
Hisobga olish daftarining keyingi varaqlarida faoliyat turidan kelib chiqib:
chakana savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarning daromadlarini hisobga olish registrlari;
xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarning daromadlarini hisobga olish registrlari;
xarajatlarni hisobga olish registrlari o‘z faoliyati uchun lozim bo‘ladigan miqdorda (varaqda) tikiladi.
4. Aholi bilan pullik hisob-kitoblarni nazorat-kassa texnikasini qo‘llamasdan amalga oshirishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari bilan shug‘ullanadigan yakka tartibdagi tadbirkor tovar cheklari daftarini davlat soliq xizmati organlariga ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etishi lozim.
Tovar cheklari daftari yakka tartibdagi tadbirkorning arizasiga asosan u ro‘yxatdan o‘tkazilgan joydagi davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq solinadigan daromadlar va chegiriladigan xarajatlarning hisobini yuritish ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari raqamlar qo‘yilgan, ip o‘tkazib bog‘langan holda tegishli davlat soliq xizmati organlarining muhri bilan tasdiqlanadi va yakka tartibdagi tadbirkorga bir ish kunidan kechiktirmay taqdim qilinadi.
Daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari yakka tartibdagi tadbirkorda oxirgi yozuv kiritilgan paytdan e’tiboran besh yil mobaynida saqlanadi.
3-bob. Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan daromadlar va tovar operatsiyalari hisobini yuritish
6. O‘z faoliyatining xususiyatiga ko‘ra aholi bilan pullik hisob-kitoblarni nazorat-kassa texnikasini qo‘llamasdan amalga oshirishi mumkin bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar tovar cheklari daftarini yuritishlari shart.
Aholi bilan pulli hisob-kitoblarni nazorat-kassa texnikasini qo‘llagan holda amalga oshiradigan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan tovar cheklari daftari yuritilmaydi.
7. Hisobga olish daftaridagi yozuvlar ularning to‘g‘riligini tasdiqlash uchun u bilan birga saqlanadigan hujjatlar asosida yuritiladi.
Quyidagilar yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan xarid qilingan tovarlar (xizmatlar) manbaini tasdiqlaydigan hujjatlar hisoblanadi:
shartnoma;
hisobvaraq-faktura;
bankdagi hisobvarag‘idan tovarlar (xizmatlar)ni pul o‘tkazish yo‘li bilan sotib olganligi to‘g‘risidagi to‘lov topshiriqnomasi;
tovarlar (xizmatlar) sotib olinganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar.
8. Quyidagilar tovarlar (xizmatlar) realizatsiya qilinganligini tasdiqlaydigan hujjat hisoblanadi:
nazorat-kassa texnikasi cheklari nusxalari — nazorat-kassa texnikasi qo‘llanilishi orqali tovarlar sotilganda (shu jumladan, virtual kassa);
bank plastik kartalaridan foydalangan holda to‘lovlar qabul qilish bo‘yicha hisob-kitob terminallari cheklari nusxalari — hisob-kitob terminali qo‘llanilganda;
bankdagi hisobvarag‘iga tushgan pul mablag‘lari — tovarlar (xizmatlar) pul o‘tkazish yo‘li bilan sotilganligi to‘g‘risidagi to‘lov topshiriqnomasi;
tovar cheklari daftari — tovar cheki berilganda;
tovarlar (xizmatlar) realizatsiya qilinganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar.
9. Sotilgan tovarlar va ko‘rsatilgan xizmatlar rekvizitlari (tovarlar, xizmatlar nomi, o‘lchov birligi, tovarlarni xarid qilish, sotish va ko‘rsatilgan xizmatlar summasi) to‘g‘risidagi ma’lumotlar hisobga olish daftarida kalendar oy yakunlanganidan so‘ng keyingi oyning uchinchi kunidan kechiktirmasdan tegishli yozuvlar bilan qayd etiladi.
Kalendar oy davomida sotilgan tovarlar va ko‘rsatilgan xizmatlar summasi nazorat-kassa texnikasi ko‘rsatkichi, bank plastik kartalaridan foydalangan holda to‘lovlar qabul qilish bo‘yicha hisob-kitob terminallari cheklari, yozilgan tovar cheklari summasi hamda bankdagi hisobvaraqqa pul ko‘chirish orqali tushgan pul mablag‘larining umumiy summasi bilan mos tushishi kerak.
10. Har bir mijozga tovarlar (xizmatlar)ning realizatsiya qilinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar tovar cheklari daftarining alohida varag‘ida aks ettiriladi. Tovar cheklari daftaridagi varaqa ikki nusxada to‘ldiriladi, bir nusxasi qirqib olinadi va xaridorga beriladi, ikkinchi nusxasi tovar cheklari daftarida tikilgan holda qoladi.
Bunda, xaridorga beriladigan va o‘zida qoladigan tovar cheklari daftaridagi varaqda barcha yozuvlar aynan bir xil bo‘lishi kerak.
11. Tovar cheklari daftaridagi varaqlarda quyidagi yozuvlar:
yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, familiyasi, ismi, otasining ismi va imzosi — tovar cheklari daftarini davlat soliq xizmati organida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etilgunga qadar barcha varaqlarda yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan mustaqil ravishda kiritiladi;
qolgan yozuvlar — tovar cheki xaridorga berilgunga qadar sotish, xizmat ko‘rsatish va buyurtmalarni bajarish paytida kiritiladi.
12. Tovar cheklari daftarining varaqlari to‘ldirilganda:
xaridorga sotiladigan tovarlar va ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lovning umumiy summasi aks ettiriladi;
bitta xaridorga sotiladigan tovarlar va ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun tovar cheki bitta varaqda rasmiylashtirib beriladi;
tovarlar (xizmatlar) narxi, o‘lchami, soni va jami summasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar raqamlar bilan kiritiladi.
Tovar cheklari daftari to‘lishiga qadar yakka tartibdagi tadbirkor davlat soliq xizmati organlarida qo‘shimcha faqat bitta yangi tovar cheklari daftarini ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin.
4-bob. Soliq organlari tomonidan yakka tartibdagi tadbirkorlarning soliq solinadigan daromadlarini aniqlash mezonlari
13. Yakka tartibdagi tadbirkorning tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan daromadi quyidagi mezonlar asosida aniqlanishi mumkin:
taqdim etiladigan hisobot ma’lumotlari;
tijorat banklarida ochilgan bank hisobvaraqlarida amalga oshirilgan tovar aylanmalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
taqdim etilgan soliq hisoboti kameral soliq tekshiruvi orqali tahlil qilinganda qo‘shimcha aniqlangan daromadlar;
sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish davomida haqiqatda olingan daromadlar hamda ularning shakllanishi manbalari va xarajatlarni tahlil qilish natijalari.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan davlat soliq xizmati organlariga hisobot taqdim etish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
14. Yakka tartibdagi tadbirkorning tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan daromadi bir kalendar yildagi oylar davomida o‘sib boruvchi tushumdan kelib chiqib aniqlanadi.
15. Yakka tartibdagi tadbirkorlarning tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan daromadi miqdori faoliyatning bir necha turi bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkor uchun barcha faoliyatidan tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan jami tushumidan kelib chiqib aniqlanadi.
5-bob. Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan deklaratsiya asosida daromad solig‘ini to‘lashning o‘ziga xos xususiyatlari
16. Kalendar yilda tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan daromadi yuz million so‘mdan oshmaydigan yakka tartibdagi tadbirkorlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini (keyingi o‘rinlarda — daromad solig‘i) qat’iy belgilangan miqdorda yoki jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida to‘lashni tanlashga haqli.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar soliq to‘lash tartibini quyidagilar orqali tanlashga haqli:
tadbirkorlik subyektining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi chog‘ida tanlangan soliq to‘lash tartibini ko‘rsatish;
doimiy yashash joyi bo‘yicha soliq organlariga joriy yilning 25-yanvaridan kechiktirmasdan tanlangan soliq to‘lash tartibi to‘g‘risida bildirish xati taqdim etish.
Yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan bildirish xati belgilangan muddatda taqdim etilmasligi uning soliqni qat’iy belgilangan miqdorda to‘lashga roziligini bildiradi.
17. Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan daromad solig‘i faqat jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida to‘lanadi.
18. Daromad solig‘ini jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida to‘lashni tanlagan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan doimiy yashash joyidagi soliq organiga:
joriy yilning 1-fevralidan kechiktirmay;
yangi ro‘yxatdan o‘tgan yoki tadbirkorlik faoliyatini qayta boshlagan tadbirkorlik subyektlari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan oyning oxiriga qadar dastlabki tarzdagi deklaratsiya taqdim etiladi.
19. Daromad solig‘i yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan taqdim etilgan dastlabki deklaratsiya yoki soliq organining xabarnomasi asosida, har oyda daromad olingan oydan keyingi oyning 15-kuniga qadar to‘lanadi.
Yakka tartibdagi tadbirkorning faoliyati qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda vaqtincha to‘xtatilgan davrda dastlabki deklaratsiya asosida daromad solig‘ining hisoblanishi to‘xtatib turiladi.
20. Yakka tartibdagi tadbirkorlar jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyani ro‘yxatdan o‘tkazilgan joydagi davlat soliq xizmati organiga hisobot yilidan keyingi yilning 1-aprelidan kechiktirmay taqdim etadi.
Bunda, yakka tartibdagi tadbirkor tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan haqiqatda amalga oshirilgan va hujjatlar bilan tasdiqlangan xarajatlarni tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromaddan chegirib tashlash huquqiga ega.
Yakka tartibdagi tadbirkor tadbirkorlik faoliyatini butunlay to‘xtatmoqchi bo‘lsa, faoliyatini to‘xtatishidan o‘n kun oldin ro‘yxatdan o‘tkazilgan joyidagi davlat soliq xizmati organiga jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etadi.
21. Jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida hisoblab chiqarilgan daromad solig‘ining yillik summasi yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan o‘tgan hisobot yili davomida to‘langan soliq summasidan qat’i nazar hisobot yilida haqiqiy olingan daromad miqdoridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Bunda, hisoblanadigan soliq summasi hisobot yili davomida mazkur Nizomning 19-bandiga asosan to‘langan soliq summasiga nisbatan kamayishga hisoblanishi mumkin.
22. Yil yakuni bilan hisoblab chiqarilgan daromad solig‘ining yillik summasi bilan yil mobaynida to‘langan summalar o‘rtasidagi farq kelgusi yilning 1-iyunidan kechiktirmay soliq to‘lovchidan undirilishi yoki unga qaytarilishi lozim.
Faoliyatini butunlay to‘xtatmoqchi bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorning jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyasi asosida hisoblab chiqarilgan daromad solig‘ining yillik summasi bilan yil mobaynida to‘langan summalar o‘rtasidagi farq faoliyatini to‘xtatguniga qadar soliq to‘lovchi tomonidan to‘lanishi yoki unga qaytarilishi lozim.
23. Agar soliq to‘lovchi jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etmagan bo‘lsa, shuningdek, oldin taqdim etilgan deklaratsiyada noto‘g‘ri ma’lumotlar aniqlangan va soliq to‘lovchi tomonidan jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning o‘zgarganligi haqidagi ariza belgilangan muddatlarda taqdim etilmagan taqdirda, soliq organi soliq summasini o‘zidagi mavjud axborot asosida hisoblashga va to‘lanishi lozim bo‘lgan, hisoblangan soliq summasi to‘g‘risida soliq to‘lovchiga o‘n kunlik muddatda to‘lov xabarnomasini topshirishga haqli.
Soliq to‘lovchi tomonidan jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiya yoki to‘g‘rilangan deklaratsiya taqdim etilgan taqdirda, soliqning yakuniy summasi ushbu deklaratsiyani hisobga olgan holda aniqlanadi.
24. Daromad solig‘ini jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida to‘lashga o‘tkazilgan yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan Hisobga olish daftari yuritilmaganligi yoki belgilangan tartibda yuritilmaganligi aniqlangan taqdirda, soliq amalga oshirilgan faoliyat turlari uchun belgilangan qat’iy miqdordagi summadan kam bo‘lmagan miqdorda to‘lanadi.
6-bob. Sof daromadni aniqlash va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini hisoblab chiqarish
25. Yakka tartibdagi tadbirkorning sof daromadi hisobot davrida tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan jami daromaddan ushbu tovarlar (xomashyo)ning tannarxi va mazkur Nizomning 7-bobida ko‘rsatilgan tovarlar (xomashyo)ni sotib olish, saqlash, sotish va ma’muriy xarajatlar chegirilgan holda aniqlanadi.
26. Daromad solig‘i yakka tartibdagi tadbirkorning sof daromadini O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga muvofiq belgilangan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasiga ko‘paytirish yo‘li bilan hisoblab chiqariladi.
7-bob. Tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan daromaddan chegiriladigan xarajatlar
27. Quyidagilar tovarlar (xomashyo)ni sotib olish xarajatlari hisoblanadi:
tovarlar (xomashyo)ni sotib olish narxi;
manzilga borish va kelish uchun yo‘l xarajatlari;
tovarlar (xomashyo)ni olib kelish bo‘yicha transport xarajatlari;
mehmonxona xizmatidan foydalanish uchun qilingan xarajatlar.
28. Quyidagilar tovarlar (xomashyo)ni saqlash xarajatlari hisoblanadi:
joy ijarasi (omborxona, ayvon va h.k.) uchun to‘lovlar;
tovarlarni qadoqlash xarajatlari;
kommunal to‘lovlar;
savdo (xizmat ko‘rsatish) obyektlarini isitish yoki sovitish moslamalarini xarid qilish yoki ta’mirlash xarajatlari.
29. Quyidagilar tovarlar (xizmatlar)ni sotish xarajatlari hisoblanadi:
tovarlar (xizmatlar)ni yetkazib berish bo‘yicha transport xarajatlari;
reklama xarajatlari;
savdo (xizmat ko‘rsatish) shoxobchasi uchun ijara shartnomasiga asosan to‘langan to‘lov.
30. Quyidagilar ma’muriy xarajatlar hisoblanadi:
tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat beruvchi hujjatlar uchun to‘lovlar;
tadbirkorlik faoliyati uchun soliq to‘lovlari;
ishchi va xodimlar uchun ish haqi to‘lovlari.
31. Mazkur bobda ko‘rsatilganlardan tashqari tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan va hujjatlar bilan tasdiqlangan boshqa xarajatlar ham tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan jami daromaddan chegiriladigan xarajatlar sifatida hisobga olinishi mumkin.
32. Shartnoma, hisobvaraq-faktura, to‘lov amalga oshirilganligi to‘g‘risidagi bank hujjatlari, nazorat-kassa texnikasi va to‘lov terminallari cheklari mazkur bobda ko‘rsatilgan tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan jami daromaddan chegiriladigan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar hisoblanadi.
33. Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq rejimini qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi hamda boshqa qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
34. Yakka tartibdagi tadbirkorlar ushbu Nizom talablarini hisobga olgan holda soliqlar va yig‘imlarni hisoblashning to‘g‘riligi hamda ularning qonunchilikka muvofiq o‘z vaqtida to‘lanishi yuzasidan javobgardir.
35. Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan hisoblab chiqarilishi, to‘lanishi lozim bo‘lgan soliqlar va yig‘imlar ustidan nazorat hamda tegishli choralar davlat soliq xizmati organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
36. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq solinadigan daromadlar va chegiriladigan xarajatlarning hisobini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq solinadigan daromadlar va chegiriladigan xarajatlarning hisobini yuritish
SXEMASI


Download 159,82 Kb.
1   2   3   4   5   6   7




Download 159,82 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi to‘g‘risida XABARNOMA

Download 159,82 Kb.