|
1. Din, dinshunoslik, din falsafasi, teologiya, teosofiya, xudojoʻylik, diniy eʼtiqod, aqida, ilohiyot tushunchalarining mohiyati
|
bet | 5/13 | Sana | 29.06.2024 | Hajmi | 321,72 Kb. | | #266205 |
Bog'liq 1. Din, dinshunoslik, din falsafasi, teologiya, teosofiya, xudojDiniy tashkilot diniy qarashlarga ega maslakdoshlarning muayyan birligi bo‘lib, umumiy e’tiqod va sig‘inishlar zaminida yuzaga keladi. U insoniyat tarixiy taraqqiyotining turli bosqichlarida xilma-xil aks etadi. Diniy tashkilotlar kishilik jamiyatida keskin sinfiy tabaqalanish yuzaga kelishi, aqliy mehnatning nisbiy mustaqilligi mustahkamlanishi bilan alohida ijtimoiy mavqega ega bo‘lib boradi.
Diniy tashkilotlar masjid (cherkov), sekta (mazhab), xarizmatik marosim va denominatsiya kabilarga bo‘linadi.
Cherkov – diniy qarashlar va g‘oyalarni ishlab chiqadigan, saqlaydi-gan hamda almashadigan, diniy faoliyatni tashkil etadigan, dindorlarni nazorat qiladigan, iyerarxiya tizimi asosida boshqariladigan dindorlar tashkiloti. Cherkovga taalluqlilik mustaqil tanlov asosida emas, balki an’ana bilan belgilanadi. Unga qabul qilinish uchun dindor maxsus marosimdan o‘tishi kerak. Cherkov, odatda, dindorlarning marosimlarni bajarishlari yoki xulq-atvorlarini qat’iy nazorat qilmaydi. Cherkovga a’zolik an’anaga ko‘ra belgilansa, sekta a’zolari e’tiqodiga ko‘ra birlashadilar.
Sekta (mazhab) – diniy qarashlari va marosimlaridagi tafovutlariga ko‘ra rasmiy cherkovdan ajralib chiqqan guruh yoki tashkilot. Diniy sektalar, odatda, davlat hokimiyati va rasmiy cherkovga muxolafatda turadi. Shu bois sekta a’zolari davlat hokimiyati va rasmiy din vakillari tomonidan ta’qib qilinishi mumkin. Sektaga a’zolik qat’iy tartibga solinadi, ularning boshqa tashkilotlar bilan aloqasi cheklanadi yoki taqiqlanadi. Sekta a’zolarining tengligi e’tirof etiladi. Ular ruhoniylar va dindorlarga bo‘linmaydi.
Xarizmatik marosim tashkil etilish prinsipi (tamoyili)ga ko‘ra sektaga o‘xshaydi. Tashkilot o‘tkir zakovat (xarizma)ga ega shaxs atrofida maslakdoshlarining jipslashuvidan yuzaga keladi. Unda rahbarning shaxsi ilohiylashtirilib, xudo darajasiga ko‘tariladi. Tashkilot a’zolari o‘rnatilgan tartib-intizomga qat’iy amal qiladilar. Tashqi aloqalari cheklanadi yoki butunlay to‘xtatiladi, rahbarga so‘zsiz itoat etiladi.
Hozirgi dinlarda «denominatsiya» (lotincha denominatio – boshqa nom qo‘yish, nomini o‘zgartirish) degan diniy-tashkiliy hodisani ham kuzatish mumkin. Ilmiy adabiyotda bu hali chuqur o‘rganilmagan. Biroq denominatsiya hozirgi zamonda buddaviylik, xristianlik, islom va iudaizm kabi dinlarda katta ahamiyatga ega.
Denominatsiya diniy tashkilotlarning oraliq yoki vositachi shakli bo‘lib, cherkov va mazhablar oralig‘ida turadi. Uni din falsafasi va din sotsiologiyasi fanlari o‘rganadi.
Diniy tashkilotlarning yuqorida qayd etilgan tartibda tasniflanishi shartli ahamiyatga ega. Ijtimoiy hayotda yuz berayotgan murakkab jarayonlar ta’sirida ularning sifati o‘zgarishi mumkin. Sektalar cherkovga aylanishi yoki yangi sektalar yuzaga kelishi mumkin. Hozirgi davrda jahon dini darajasiga ko‘tarilgan dinlarning dastlab sekta sifatida yuzaga kelgani va uzoq rivojlanish bosqichidan o‘tgani fikrimizning isbotidir.
Mamlakatimizda diniy tashkilotlar O‘zbekiston Respublikasining «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi 1998-yil 1-may (yangi tahrirdagi) qonuni asosida faoliyat yuritadi. Mazkur qonun 1991-yil 14-iyunda qabul qilingan variantidan farq qilib, diniy tashkilotlar faoliyatini huquqiy jihatdan mukammalroq kafolatlaydi. Dinlar tarkibida, diniy tashkilotlardan tashqari, turli mazhablar ham muhim o‘rin tutadi. Mazhab muayyan diniy mafkuraning xususiy ko‘rinishi, ortodoksal, ya’ni fundamental diniy ideologiyadan qisman farq qiluvchi yoki unga muxolafatda bo‘lgan diniy maslakdoshlar birlashmasidir. Masalan, xristianlikda baptistlar, yevangelistlar, kalvinistlar, lyuteranlar, murmonlar va boshqa diniy sektalar mavjud. Ular rasmiy xristian dinining ayrim g‘oyalaridan farq qiluvchi diniy tasavvurlarni targ‘ib qila-dilar.
Islom dinida ham shunga o‘xshash ismoiliy, zaydiy, nizoriy, druz va boshqa diniy mazhablar mavjud. Shuni alohida qayd etish joizki, mazhablar nafaqat sof diniy, balki ko‘pincha siyosiy va huquqiy asosga ham ega bo‘ladi. Ular ko‘pincha o‘zlarining siyosiy va huquqiy manfaat-larini diniy niqobda ifoda etadilar. Jamiyatdagi muayyan tabaqaning hukmron siyosiy tartibdan ijtimoiy noroziligini ochiq ifoda eta olishi uchun yetarli shart-sharoitlarning mavjud emasligi ham bunga sabab bo‘ladi. Jamiyatdagi ijtimoiy adolatsizlik, davlatning byurokratlashuvi fuqarolarda norozilikni shakllantirishi mumkin. Sektalar esa buni diniy qiyofada yoki din vositasida ham ifoda etishga harakat qiladilar. Bunday urinishlar rivojlana borib, ochiqdan-ochiq siyosiy tus olishi, diniy davlat qurish da’vosini yuzaga keltirishi mumkin. Buning oldini olishning yagona yo‘li dunyoviy qadriyatlarning ustuvorligiga erishish, qonuniylikni mustahkamlash, inson huquqlari va erkinliklarining ro‘yobga chiqishi uchun real sharoit yaratishdir.
Din o‘z mavqei va inson hayotidagi o‘rniga ko‘ra ijtimoiy hayotning muhim qismi hisoblanadi. Shuning uchun ham u inson va jamiyat hayotida muhim o‘rin tutadi va ahamiyatiga ko‘ra turli vazifalarni ba-jaradi. Odatda, din dunyoqarash, regulyativ, integrativ, kompensatorlik, legitim (qonuniy) va shu kabi boshqa vazifalarni bajaradi.
Dinning dunyoqarash vazifasi shundan iboratki, dindor atrofdagi narsa va hodisalarni o‘tkinchi deb, ya’ni insonning real hayotdagi faoliyati narigi (boqiy) dunyo uchun faqat asos, tayyorgarlik deb biladi. Dindor (diniy dunyoqarashga asoslangan kishi) umr mazmunini narigi dunyoga tayyorlanish, bu dunyoning azob-uqubatlari va adolatsizliklariga sabr-qanoat qilish, chidashdan iborat deb hisoblaydi. U o‘limni hech qanday qo‘rquvsiz qabul qilishi kerak, chunki o‘lim insonning boqiy hayotga o‘tish yo‘li, deb bilinadi. Dunyoqarash vazifasi shu o‘rinda dinning taskin berish (kompenatorlik) vazifasi bilan uyg‘unlashib ketadi.
Dinning kompensatorlik (lotincha compensare – tenglashtirish, muvozanatlashtirish, to‘ldirish degan ma’nolarni anglatadi) vazifasi kishilarning hayotini boyitadi, diqqatlarini kundalik muammolardan boshqa narsalarga jalb qiladi, ularni ovutadi. Mazkur vazifa orqali din kishilarda ertangi kuniga ishonch tuyg‘usini shakllantiradi. Ularni hayotiy qiyinchiliklarga taslim bo‘lmaslikka va har qanday sharoitda xudoga ishonchini yo‘qotmaslikka o‘rgatadi.
Dinning integrativ vazifasi jamiyat a’zolarini – ijtimoiy kelib chiqishi, mavqei, millati kabi xususiyatlaridan qat’i nazar – birlash-tiruvchi kuch ekanligida namoyon bo‘ladi. Integrativ yoki funksionalistik yondashuvning asoschilaridan biri E. Dyurkgeymning fikricha, din xuddi yelim kabi kishilarni umumma’naviy qadriyatlar, e’tiqod, urf-odat va an’analar asosida birlashtirishga, yaxlit bir majmuaga aylantirishga xizmat qiladi. E. Dyurkgeym ayniqsa diniy sig‘inish masalasiga alohida e’tibor beradi. Uningcha, din sig‘inish orqali jamiyatni bir butun qiladi, shaxsni ijtimoiy hayotga tayyorlaydi va itoat etishga undaydi, ijtimoiy yaxlitlikni mustahkamlaydi, an’analarni qo‘llab-quvvatlaydi, kishida qanoat hosil qiladi.
Dinning integrativ vazifasi bilan regulyativlik (lotincha reguiare – muayyan tartibga bo‘ysundirish, tartibga solish, o‘rnatish degan ma’nolarni anglatadi) vazifasi uzviydir. Regulyativlik vazifasi diniy xulq-atvor normalari vositasida ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi, ushbu normalarni dindorlarning bajarishlarini nazorat qiladi. Bunday normalarga diniy urf-odatlar, marosimlar, an’analar va bayramlarni misol qilib keltirishimiz mumkin.
Dinning regulyativlik vazifasi dindorlar faoliyatining tartibga solinishi qonuniylashtirilishini taqozo etadi. Bu esa uning legitimlik vazifasini keltirib chiqaradi. Mazkur vazifani birinchi bo‘lib amerikalik sotsiolog olim T. Parsons ajratgan. Uning fikricha, muayyan qonuniyliksiz, ya’ni legitimliksiz hech bir ijtimoiy tizim mavjud bo‘la olmaydi. Legitimlik vositasida jamiyat a’zolarining xatti-harakatlari muayyan qolipga solinadi, jamiyatda barqarorlik ta’minlanadi. T. Parsons diniy normalarni jamiyat taraqqiyoti davomida shakllanib, o‘zgarib va rivojlanib boruvchi boshqa ijtimoiy normalardan ustun qo‘yadi, chunki diniy normalar jamiyatning axloqiy-ma’naviy tartibini belgilaydi.
Legitimlik dindorlarning e’tiqod bilan bog‘liq o‘zaro aloqalarini taqozo etadi. Bu esa uning navbatdagi aloqa vazifasini yuzaga keltiradi. Dinning aloqa vazifasi dindorlarni diniy mafkura vositasida birlashtiradi. Shu bilan birga, jamiyat va shaxs o‘rtasida o‘zaro aloqa o‘rnatilishiga yordam beradi.
Yuqoridagi tahlildan ko‘rinib turibdiki, din o‘z tarkibiga ko‘ra juda murakkab va rang-barang mazmunga ega. U insonning hissiy-obrazli faoliyatidan tortib hayot ma’nosini anglashi bilan bog‘liq bo‘lgan yuksak axloqiy-ma’naviy faoliyati, tafakkuri va ijodiga xos hodisalarni qamrab oladi. Din tarkibida axloqiy elementlar bilan birga huquqiy va siyosiy jihatlar ham mavjud. Shu bois dinga faqat axloqiy-ma’naviy hodisa deb qarash noto‘g‘ri. Unda qonuniylik va uni siyosiy jihatdan mustahkamlashga qaratilgan ruhiy imkoniyat ham mavjud.
Mavzu yuzasidan tinglovchilarning mustaqil mulohaza yuritishi, ko‘nikma va malaka hosil qilishlari uchun quyidagi chizmalar berildi.
1-chizma.
|
|
Bosh sahifa
Aloqalar
Bosh sahifa
1. Din, dinshunoslik, din falsafasi, teologiya, teosofiya, xudojoʻylik, diniy eʼtiqod, aqida, ilohiyot tushunchalarining mohiyati
|