Operatsion faoliyat tahlili va uning muhim jihatlari
Operatsion faoliyat korxonaning asosiy faoliyat turi hisoblanadi. Uning tashkil etilishida, asosiy faoliyat turining (OKONX) belgilanishi ham shu bilan izohlanadi.
Korxonlarning asosiy qismi ishlab chiqarish va savdo faoliyati bilan shug`ullanadilar. Agar korxonalar qo`shimcha faoliyatni amalga oshirsalar, ular ikkinchi darajali faoliyat hisoblanadi. Bunday faoliyat turlariga investitsion va moliyaviy faoliyatlar kirishi mumkin. Bunday faoliyat turlari korxonani qo`llab-quvvatlashning qo`shimcha qatorlariga kiradi.
Opreratsion faoliyatning ustuvorligi shundaki‚ bunday faoliyat to`liq mijozga yo`naltirilgan bo`ladi.
Operatsion faoliyat asosiy faoliyat yoki biznesga nisbatan, pul tushumlariga nisbatan eng ko`p ishlatiladigan tushuncha hisoblanadi.
Operatsion faoliyatning zamonaviy tahlilining muhim jihatlarini quyidagilarda ko`rish mumkin:
-ishlab chiqarish va biznes samaradorligini o`stirish istagining yuqoriligida;
-erkin qarorlar qabul qilish yuzasidan xo`jalik yuritish imkoniyatlarining kengligida;
-reja va dasturlarni doimiy korrektirovka qilish imkoniyatlari mavjudligida;
-boshqaruv qarorlarini qabul qilishda ko`p variantli hisob-kitoblarni amalga oshirishda axborotlar bazasidan foydalanish imkoniyatlarining yuqoriligida;
-faoliyatni rivojlantirishda barcha ichki va tashqi omillarning hisobga olinishida;
-joriy va istiqbolli rejalashtirish funksiyalarining o`zgarishida;
-real erishilgan natijalarni boshqaruvning barcha bo`g`inlari bo`yicha baholash imkoniyatlarining mavjudligida;
-matematik usullardan va elektron hisoblash mashinalaridan foydalanish imkoniyatlarining kengligida;
-keng jamoaning boshqaruvga jalb etilishida;
-innovatsion jarayonlarni faoliyat va boshqaruvning barcha bo`g`inlarida qo`llash imkoniyatlarining mavjudligida;
-risklarni baholash va ularnri boshqarishda menejerlar rolining ortishida ko`rish mumkin.
Operatsion faoliyat bo`yicha pul oqimlari asosan tadbirkorlik subyektining asosiy daromad keltiruvchi faoliyatidan kelib chiqadi. Binobarin, ular asosan foyda yoki zararni aniqlashda ishtirok etadigan operatsiyalar yoki boshqa hodisalar natijasida kelib chiqadi.
Operatsion faoliyatda pul oqimlariga quyidagilar misol bo`ladi:
- tovarlarni sotish va xizmatlarni ko`rsatishdan kelib tushgan pul mablag`lari;
- royalti, xizmatlar haqi, komission to`lovlar va boshqa daromadlar ko`rinishida kelib tushgan pul mablag`lari;
- mol yetkazib beruvchilarga tovarlar va xizmatlar uchun to`lovlar;
- xodimlarga va xodimlar nomidan to`lovlar;
- sug`urta tashkilotining sug`urta polislari bo`yicha mukofotlari va talablari, annuitetlar va boshqa sug`urta to`lovlari bo`yicha pul tushumlari va pul to`lovlari;
- foyda solig`i bo`yicha to`lovlar hamda soliqlarning qaytarilishi, agar ular moliyaviy yoki investitsion faoliyat bilan aniq bog`liq bo`lmasa;
- vositachilik yoki oldi-sotdi maqsadlarida tuzilgan shartnomalar bo`yicha pul tushumlari va to`lovlari.
Operatsion faoliyat tahlili yuzasidan quyidagi axborotlarga tayaniladi:
- aylanma mablag`lar miqdori;
- resurslarni safarbar qilish yo`llari;
- moliyaviy mablag`lardan samarali foydalanish usullari;
- sarf-xarajatlarni optimallashtirish;
- asbob-uskunalarni ijaraga olish yoki sotib olish;
- tovarlarni ishlab chiqarish uchun sarflangan qiymat bilan sotish qiymati o`rtasidagi ijobiy farqlanish;
- sotish hajmi va rentabellikning o`sishi haqidagi ma`lumotlar.
Mahsulot (ish, xizmat) larning tarmoq va faoliyat tavsifi
Savdo korxonalari. Chakana va ulgurji savdo korxonalari boshqa korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotish bilan shug`ullanadilar. Ular uchun aktivlarning muhim qismi tovarlar zaxirasi hisoblanadi. Shu sababli ham tahlilda muhim e`tibor tovarlar zaxirasining tarkibiga va dinamikasiga qaratiladi. Tovarlar zaxirasining aylanish darajasi va bir martalik aylanishga ketadigan vaqt ko`rsatkichlari ular faoliyatini baholashning muhim ko`rsatkichi hisoblanadi. Ushbu ko`rsatkichlar qisqa va uzoq davriylikda o`rganiladi va uning o`zgarishlariga mos ravishda boshqaruv strategiyalari o`zgarib boradi. Naqd mablag`lar harakati savdo turiga va shakliga ko`ra o`zgarib turadi.
Aktivlarning aylanish davriyligi tavsifi
Faoliyat sikli
|
Naqdlik
|
Tovarlarni sotib olish qiymati
|
Tovarni qayta sotish qiymati
|
Foyda
|
1-davra
|
Naqd pul mablag`lari
50 mln sum
|
Tovarlarni sotib olish
50 mln sum
|
Naqd pullar kirimi
75 mln sum
|
+25 mln sum
|
2- davra
|
Naqd pul mablag`lari
75 mln sum
|
Tovarlarni sotib olish
75 mln sum
|
Naqd pullar kirimi
105 mln sum
|
+30 mln sum
|
3- davra
|
Naqd pul mablag`lari
105 mln sum
|
Tovarlarni sotib olish
105 mln sum
|
Naqd pullar kirimi
130 mln sum
|
+25 mln sum
|
4-davra
|
Naqd pul mablag`lari
130 mln sum
|
.....
|
......
|
.......
|
5-davra
|
...
|
.....
|
......
|
.......
|
.....
|
...
|
.....
|
......
|
.......
|
Chakana savdoda tovarlar naqd pulga sotib olinadi. Shu sababli ham ularda debitorlik majburiyatlarining jami aktivlar tarikibidagi salmog`i unchalik yuqori bo`lmaydi. Ulgurji savdoda tovarlarni kreditga sotish hisobiga jami aktivlar tarkibida majburiyatlar summasi biroz yuqori summani tashkil etadi. Shu sababli ham analitiklar birinchi navbatda etiborni majburiyatlarning sifatiga va muddatiga qaratmog`i lozim. Shuningdek, savdo korxonalarida ish hajmiga ta`sir etuvchi muhim faktorlardan biri sifatida mavsumning o`zgarishiga tahlilda alohida ahamiyat qaratmoq lozim.
Xizmat ko`rsatuvchi korxonalar. Xizmat ko`rsatuvchi kompaniyalarning o`ziga xos xususiyati shundaki‚ ularda yangidan qiymat (mahsulot) yaratilmaydi. Xizmatlar omborda saqlanmaydi, zaxiralarning jami aktivlar tarikibidagi salmog`i uncha yuqori bo`lmaydi. Kompaniyalarda asosiy rolni intellektual kapital egallaydi. Bunday kompaniyalar tahlilida asosiy e`tibor, aylanma aktivlarning samaradorligiga qaratiladi.
Ishlab chiqarish korxonalari. Ishlab chiqarish korxonalari tarmoqning eng faol, yuqori potensialli, ko`p mehnat va xarajat talab qiladigan tarmoq bo`g`ini hisoblanadi. Ularga xos bo`lgan eng muhim jihatlar asosiy vositalar, tovar moddiy zaxiralar va tugallanmagan ishlab chiqarish aktivlari qiymatining juda yuqoriligi bilan xarakterlanadi.
Kommunal xizmatlar. Mazkur korxonalarda tahlilda eng muhim e`tibor an`anaviy hisoblangan to`lovga qobillik, likvidlik, aktivlar va xususiy kapital rentabelligi ko`rsatkichlarini baholash bilan farqlanadi. Kommunal xo`jalik korxonalari uchun eng muhim ta`sir birligi sifatida uzoq muddatli majburiyatlarning qoplanuvchanlik darajasi baholanadi. Kommunal xo`jalik korxonalari xarajatlarining qoplanishiga alohida urg`u beriladi. Ularning moliyalashtirishdagi mavjud holat (o`z-o`zini moliyalashtirish, mahalliy va respublika byudjetidan, turli jamg`armalardan, fondlardan mablag` ajratish hisobiga) baholanadi. Debitorlik majburiyatlarining sifatliligi tahliliga alohida urg`u beriladi.
Gaz va neftni qayta ishlash korxonalari. Gaz va neftni qayta ishlash korxonalari moliyaviy hisobotlarida muhim element sifatida gaz va neft zaxiralarini qidirib topish va qazib chiqarish bilan bog`liq xarajatlarni hisobga olish usullariga ahamiyat qaratiladi. Gaz va neftni qayta ishlash korxonalarida asosiy kapitalning miqdori jami aktivlar qatorida eng yuqori salmoqni tashkil etadi. Majburiyatlar summasi ham boshqa tarmoq kompaniyalariga nisbatan juda yuqori. Investitsion kapitalning samaradorligi va natijaviyligi muhim ko`rsatkich sifatida baholanadi.
Transport korxonalari. Transport tashkilotlari barcha bo`g`inlarda o`z ahamiyati va muhimligi bilan alohida o`rin tutadi. Transport tashkilotlarida muhim samaradorlik ko`rsatkichlari sifatida bir kilometr, bitta yo`lovchi, tonna yukga qilingan xarajatlar darajasi baholanadi.
Qishloq xo`jaligi. Qishloq xo`jaligi korxonalari aktivlari tarkibida eng muhim element bu yer hisoblanadi. Boshqa aktivlardan farqli ravishda yer amortizatsiya qilinmaydigan aktiv hisoblanadi. Shuningdek‚ aktivlar qatorida biologik aktivlar salmog`i ham yuqori ulushni tashkil etadi. Faoliyat samaradorligi va natijaviyligidagi dinamik o`zgarishlar (o`sish) qishloq xo`jaligi korxonalarini rivojlanishining muhim omili hisoblanadi.
Moliyaviy soha. Moliyaviy kompaniyalarda aktivlar tarkibida asosiy ulushni qimmatli qog`ozlarga, ko`chmas mulkka va boshqa instrumentlarga yo`naltirilgan qisqa va uzoq muddatli investitsiyalar hajmi tashkil etadi. Shu sababli birinchi navbatda ushbu investitsiyalarning sifatini baholashga.
Passivlar tarkibida eng yuqori ulushni albatta qarz mablag`lari tashkil etadi. Masalan banklar ushbu majburiyatlarning jami passivlar tarkibidagi salmog`i 90-95 foizga yetadi. Shu sababli‚ jalb qilingan qarz mablag`larining qiymatiga, ularning qoplanishiga muhim ahamiyat beriladi.
Banklarning moliyaviy hisobotlari va ularning yuritilishi boshqa tarmoq korxonalaridan tubdan farq qiladi. Axborotlarni olinishi va ularda ma`lumotlarning ochib berilishi yuzasidan albatta farqli jihatlarni tarkiblash mumkin.
Banklar uchun eng muhim samaradorlik ko`rsatkichi sifatida aktivlar rentabelligi, xususiy kapital rentabelligi ko`rsatkichlari baholanadi.
|