2-Mavzu: Media va axborot savodxonligi - raqamlashuv davrining asosiy talabi hamda raqamli gegiyena va niteket
Reja:
1.Axborot texnologiyalarning rivojlanishiva internetning paydo bo‘lishi
2.Media va axborot savodxonligi konsepsiyasi umuminsoniy huquqlarga
3.YuNESKOning media va axborot savodxonligi to‘g‘risidagi nashrlarida
4.Raqamli dunyo va raqamli fuqarolarning huquqlari
Tayanch tushunchalar: Yunesko, Media, media savodxonlik, axborot, madaniyat,savodxonlik
Inson ma’lum bir ekologik muhitda xavf-xatarsiz hayot kechirishi uchun avvalo o‘sha muhitda yashashning o‘ziga xosliklari haqida xabardor bo‘lishi zarur. Xuddi shunday zamonaviy inson eng ko‘p vaqtini sarflayotgan, hayot kechirayotgan media muhitda xavfsiz yashashi uchun ham u o‘zi faoliyat olib borayotgan, hayotiy zarur qarorlar qabul qilishiga ta’sir etayotgan muhitning o‘ziga xosliklaridan xabardor bo‘lishi ushbu muhitda xavfsiz yashashi uchun muhim zaruratdir. Ayniqsa, bugun mediatizatsiya hayotimizga chuqur va tezkor kirib borayotgan, ma’lumotlar hajmi tobora ortib borayotgan yangi global davrga kirib borishimiz jarayonida insonning ishonchli axborotga nisbatan ehtiyoji tobora ortib bormoqda. Axborot makonining globallashuvi, ochiqligi va ommaviy kommunikatsiyaning kuchayishi natijasida axborotlar inson ongu shuuriga shiddat bilan oqib kelmoqda. Axborot asrida ommaviy axborot vositalari soni kundan kunga oshib bormoqda. Ixtisoslashgan, o‘zining maxsus auditoriyasiga ega bo‘lgan yangi tele va radiokanallar, gazeta va jurnallar faoliyat boshlayapti.
Insoniyat iste’mol qiladigan mahsulotlar ichida eng xaridorgiri – axborotdir. Unga ehtiyoj hamisha yuqori bo‘lgan. Ayniqsa, hozirgi sharoitda, uning o‘rni va ahamiyati har qachongidan ham ortib borayapti. Axborotga bo‘lgan talabning yuqoriligi, nafaqat uni uzatish vositalari, turlariga, balki axborotning asosiy vazifasi, mazmun-mohiyatiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmayapti. Axborot texnologiyalarning rivojlanishi, ayniqsa, internetning paydo bo‘lishi, birinchidan, axborotni tayyorlash va yetkazish tezligini bir necha barobar oshirgan bo‘lsa, ikkinchidan, uni qabul qilish imkoniyatlarini mislsiz darajada kengaytirib yubordi. Shu bois bu jarayonda uzatilayotgan axborotning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligi u qadar e’tiborga olinmayapti. Natijada, axborot zamiridagi maqsad-muddao mavhumlashmoqda, undan turli maqsad va manfaatlar yo‘lida foyda-lanilmoqda. Yolg‘on, uydirma, soxta axborotlar esa auditoriya ongini salbiy ta’sir ko‘rsatib, odamlar orasidagi turli munosabatlar, jamiyatda mavjud tartib-qoidalar, qadriyat va an’analarning izdan chiqishiga olib kelayapti. Qolaversa, bugungi kunda nafaqat ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan yangiliklar, balki jiddiy elektron OAV, ayniqsa axborot saytlaridagi xabarlar ichida ham noto‘g‘ri axborotlar ko‘p uchraydi. Bu esa yangiliklar kontenti iste’molchilari ularni tahlil qilmasdan qabul qilish va ularga ko‘r-ko‘rona ishonishlariga olib kelyapti.
“Oxirgi yillarda OAV axborot uzatish kanallaridan ham ko‘ra fikr almashish vositasiga aylanib qolmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda borgan sari blogerlarning faoliyat ortib, jamoatchilik yetakchilarining fikrlari auditoriyani an’anaviy OAV va internet axborot resurslaridan sekin-asta tortib olmoqdalar. Ijtimoiy tarmoqlar, bloglar, forumlar, foto va video xostinglarda omma e’tiboriga havola etilayotgan materiallar foydaluvchilar orasida keng muhokama qilinyapti. Zamonaviy kommunikatsiya vositalari borgan sari tekshirilmagan yoki mish-mishlarga asoslanib tarqatilayotgan axborot manbalariga aylanib qolmoqda. Afsuski, buni nazorat qilish imkonsizligicha qolmoqda.
Olimlar postindustrial jamiyat nazariyasida axborot qadriyatdan tovarga aylanarkan, uning sifati ham talab darajasida o‘zgarishi tabiiy holligi ta’kidlaydilar. Xalqaro ekspertlarning axborot resurslari borgan sari “feyk” xabarlarga to‘lib borayotgani va insoniyat yangi davr – post haqiqat (post-truth) davriga o‘tayotgani xususidagi xavotirlari o‘zini oqladi. Oksford lug‘atiga ko‘ra, “post-haqiqat” iborasi 2016 yil atamasi sifatida e’tirof etildi.
Sotsial tarmoqlar mutaxassislari ogohlantirganidek, total axborot appokalipsis (oxirat)ning yaqinlashishi haqiqat va yolg‘on o‘rtasidagi chegaralarning yo‘qolishida ko‘rina boshlaydi. Kunning asosiy qismini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazadigan insonlarda bora-bora zerikarli reallikka apatiya (zerikarli kontent layk yig‘ishi mushkul) shakllanib, haqiqatni yolg‘ondan farqlash ehtiyoji yo‘qolib boradi. Masalan, Facebook, Twitter va Googleda klik, layk, repostlar ta’minlab beradigan reklamali o‘tishlar va shu orqali pul topish muhim (targeting reklamaning sozlashlari) bo‘lishi mumkin. Axborot sifati esa ikkinchi darajali masalaga aylandi.
Haqiqiy voqelikni buzib ko‘rsatuvchi arzon va ommabop vositalarning keng tarqalishi infokalipsisning asosiy sababidir. Bunday sharoitda har qanday inson aslida u sodir bo‘lganmi-yo‘qmi, istalgan voqeaga taqlid kilishi mumkin.
Voqelikni buzib ko‘rsatuvchi texnologiyalarning dastlabki namunalari allaqachon barchaga ma’lum. Generativ neyrotarmoqlar yangi multimedia olamini shakllantirishni allaqachon boshlab yuborgan. Ularning yordamida odamlar hech qachon qilmagan ishlarini qiladigan yoki hech ham aytmagan gaplarini aytadigan qilib ko‘rsatuvchi videolavhalar yaratish mumkin. Mazkur texnologiya asoschisi Yan Gudfellouning o‘zi ham ushbu ma-salalar bilan bog‘liq xavflarni tan olgan va yana 10 yildan so‘ng YouTube ijtimoiy tarmog‘ini haqiqiylaridan ajratish qiyin bo‘lgan soxta videolavhalar bilan to‘lib ketishini taxmin qilgandi. Yaqinda Nvidia algoritmi soxta videolavhalarni yaratishning ishonchli yo‘llarini bilib oldi. Ma’lumki, tarmoqqa joylashtirilgan pornografik videolarda mashxur shaxslar yoki istalgan insonning yuzini suratga olish imkonini beruvchi dastur allaqachon paydo bo‘lgan. Shu bilan birga, dunyodagi olimlar odamlar nutqni irod qilish, yuz ifodalari va imo-ishoralar ustida ishlamoqdalar. Endilikda taniqli siyosiy yetakchining o‘zi hech qachon aytmagan so‘zlarini xuddi gapirgandek qilib ko‘rsatuvchi video-lar yaratish hech qanday qiyinchilik tug‘dirmaydi. Bunda uning ovozi va yuz ifodalari (mimikasi) aslidan deyarli farq qilmaydi. Bir gap bilan, shu paytga qadar “feyk” yangiliklar qanday rezonans berayot-ganini jamiyatda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalardan juda yaxshi anglash mumkin.
Media va axborot savodxonligi konsepsiyasi umuminsoniy huquqlarga asoslanadi hamda ayrim shaxslar, jamoalar va butun millatlar so‘z erkinligi huquqi va axborotdan foydalanish erkinligi huquqidan foydalanishining asosiy sharti deb hisoblanadi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 19-moddasida qayd etilishicha, “Har bir inson e’tiqod erkinligi va uni erkin ifoda qilish huquqiga ega; bu huquq hech bir to‘siqsiz o‘z e’tiqodiga amal qilish erkinligini hamda axborot va g‘oyalarni har qanday vosita bilan, davlat chegaralaridan qat’i nazar, izlash, olish va tarqatish erkinligini o‘z ichiga oladi”.
Ushbu tamoyildan kelib chiqib, YuNESKO ta’kidlaydiki, media-axborot savod-xonligi konsepsiyasi dunyoning barcha mamlakatlari fuqarolariga to‘la ma’noda ushbu asosiy inson huquqidan foydalanish imkonini beradi. YuNESKOning media va axborot savodxonligi to‘g‘risidagi nashrlarida ta’kid lanadiki, “media va axborot savodxonligini o‘zlashtirgan fuqarolar: 1) tegishli texnologiyalardan foydalangan holda axborot va mediakontentni olish, baholash, yaratish va tarqatish layoqatiga ega bo‘ladi”. Bu odamlar: 2) o‘zlarining axborot va OAV bilan ishlash sohasidagi huquqlarini, shuningdek, o‘z ixtiyoriga bepul, mustaqil va turli-tuman axborot va mediatizimlar berilishi bo‘yicha talab uchun o‘z mas’uliyatini tushunadi va biladi. Media bilan munosabatda ular: 3) axborot va media ta’minotchilari roli va funksiyasini, shuningdek, ushbu funksiyalarning amalga oshirilishi shartlarini tushunadi. Bu hali hammasi emas, o‘zaro axborot almashishning faol ishtirokchisi bo‘lgani holda, ular: 4) bilim yaratishga va ularni keng ko‘lamda tarqatishga qodir.
Mediasavodxonlik ko‘nikmalarini uchta asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha taqsimlash mumkin:
tushunish;
foydalanish;
yaratish
Mediasavodxonlikning markaziy tushunchalari haqida quyidagi grafikadan ko‘rish mumkin.
Aslida, bu so‘zlarning barchasi markazdagi so‘zni to‘ldiradi. Agarda ilgari savodxonlik haqida so‘z ketganda odamning ma’lumoti, uning yozma va og‘zaki nutqi, fikrlash kengligi va tafakkuri ko‘zda tutilgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu tushuncha inson faoliyatining ko‘p sonli yo‘nalishlarini, shu jumladan, axborot, media va raqamli kommunikatsiya vositalari bilan bog‘liq faoliyatni ham qamrab oladi. Bu esa ushbu tushunchaning kengayishiga olib kelgan.
Savodxonlik ham MASning asosiy tushunchalaridan biridir. Ushbu nuqtai nazardan uni quyidagi tavsiflar bilan to‘ldirgan va aniqlashtirgan holda ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq:
Ushbu kategoriyalardan har biri o‘z chegarasiga, o‘zining farqli, ba’zan kesisha-digan, avvalgi jihatni to‘ldiruvchi xususiyatiga ega. Masalan, computer literacy (kompyuter savodxonligi) bu kompyuter texnikasidan foydalanish layoqati, informatika asoslarini bilishni anglatsa, audiovisual literacy va visual literacy (audiovizual savodxonlik) makon va vaqtga oid audiovizual voqelikni tahlil va sintez qilish qobiliyatini ko‘zda tutadi. Bu audiovizual mediamatnni o‘ziga xos “o‘qish” layoqati, audiovizual texnikadan foydalana olish, uning asoslarini bilish bo‘lib, bular media kompetensiyasining tarkibiy qismidir. Information literacy (axborot savodxonligi) umuman barcha sanab o‘tilgan tushunchalarni qamrab axborot bilan tanishish, tahlil va sintez qilishni qamrab oladi. Barcha sanab o‘tilganlardan media literacy (mediasavodxonligi) tushunchasi ajralib turadi va u media voqeligini tahlil va sintez qilish, mediamatndan foydalanish va uni tushunish, mediamadaniyat asoslarini bilishni, ya’ni mediata’lim natijasini nazarda tutadi.
Mediata’lim raqamli texnologiyalarning o‘sib borayotgan ta’siri bilan uzviy bog‘liq va dolzarb ahamiyatga ega. Agar ilgari Internetdan foydalanish oddiy syorfing va chatlardagi muloqot bilan chegaralangan bo‘lsa, hozirgi paytda raqamli tashuvchilar bilan axborot almashinuvi shunchalik keng tarqalgan va faolki, tarmoqdan mobil foydalanish smartfonning dunyoga o‘ziga xos oyna bo‘lishini ta’minlaydi, uning foydalanuvchisini esa faol foydalanuvchiga, axborot tarqatuvchiga, uni yaratuvchiga aylantiradi. Shu sababli mediata’lim sohasidagi raqamlashtirish bilan bog‘liq yana bir muhim tushunchani — prosyumer—mediani yaratish/ishlab chiqarish ishtirokchisini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq. Bu so‘z 1980 yilda Elvin Toffler tomonidan taklif qilingan bo‘lib, “ishlab chiqaruvchi” va “iste’molchi/konsyumer” so‘zlaridan tashkil topgan. Yangi axborot voqeligi va mediaga to‘lib toshgan dunyoda newmedia: raqamli media, mobil media, ijtimoiy tarmoqlar va h.k. lar foydalanuvchisidan netvorking, remiksing, sharing, kontent va multimediani yuklab olish, yaratish, tarqatish va savodli tarzda foydalanish ko‘nikmalarini talab qiladi. Aynan shu sababli newmedia ekotizimini ta’riflovchi yangi tushunchalar — raqamli savodxonlik, yangi mediasavodxonligi, multimediasavodxonligi tushunchalari paydobo‘ldi. Hozirgi paytda gipermatnlilik tushunchasi nafaqat raqamli axborotga, balki tarmoqdan foydalanuvchilarga ham tegishlidir. Netvork raqamli aloqalar vositasida barchani va barcha narsalarni bog‘lash tamoyili sifatida odamlar va mashinalar, mashinalar va dasturlar, robotlar va boshqa texnikalar o‘rtasidagi muayyan kommunikatsiyani anglatadi. Mediasavodxonlik haqida so‘z ketganda ekspertlar shuni qayd etadiki, “ko‘nikmalarning an’anaviy to‘plami kengaymoqda; katta ma’lumotlardan xabardorlik, shaxsiy ma’lumotlarning maxfiyligi, internetda qo‘llaniladigan algoritmlarni bilish, shuningdek, mediaga kirishish va undan chiqish o‘rta-sidagi muvozanatga rioya qila olish yangi mediasavodxonlik komponentlari hisoblanadi”. Shu tariqa foydalanuvchining “online” yoki “offline” rejimini tavsiflovchi tushunchalar bugungi kunda insonlararo munosabatlarda va axborot almashinuvida eng muhim signalga aylandi.
MASning YuNESKO tomonidan ilgari surilgan 5 tamoyili.
1-tamoyil. Axborot, kommunikatsiya, kutubxona, media, texnologiyalar,
internet jamiyat tomonidan tanqidiy foydalanilishi kerak. Ular maqomi bo‘yicha teng va ushbu manbalarning birontasini boshqalariga nisbatan ahamiyatliroq deb qaramaslik kerak.
2-tamoyil. Har bir fuqaro axborot/bilim yaratuvchisidir. Har kim axborot/ bilimdan foydalanish va o‘zini ifodalash huquqiga ega. Media va axborot savodxonligi erkaklar uchun ham, xotin-qizlar uchun ham inson huquqlari bilan uzviy bog‘liq bo‘lishi kerak.
Internet va zamonaviy media sharoitida har qanday kishi axborot muallifi/hammuallifi va tarqatuvchisi bo‘lishi mumkin. Bu turdagi faoliyatni amalga oshirish uchun jahon hamjamiyati tomonidan barchaga axborot berish vositalaridan foydalanish bo‘yicha teng imkoniyat yaratish usullari ishlab chiqilmoqda. Hukumatlar bu borada ish olib bormoqda va o‘z qonunchilik hujjatlariga axborot almashinuvi soha-sidagi huquqiy munosabatlarni, ma’lumotlarni olish va tarqatish bo‘yicha huquqni, alohida shaxslarning chop etilgan materiallar bo‘yicha majburiyatlari va mas’uliyatini tartibga soluvchi turli me’yorlarni kiritmoqda.
3-tamoyil. Axborot, bilim va xabarlar har doim ham betaraf, mustaqil yoki xolis bo‘lavermaydi. MASning har qanday konseptualizatsiyasi, undan foyda-lanish va qo‘llash ushbu tasdiqning barcha fuqarolar uchun shaffof va tushunarli bo‘lishini ta’minlashi kerak.
Faktlarni ajratib olish va tanlashni amalga oshirar ekanmiz, biz axbo-rotga va uning filtratsiyasiga ta’sir ko‘rsata boshlaymiz. Bu har doim ham manipulyatsiya bilan bog‘liq bo‘lmaydi, balki urg‘u berish uchun biz birinchi darajali va ikkinchi darjali ma’lumotlarni ajratamiz. Ayni paytda, bu dunyoni o‘zimizning nuqtai nazarimizdan ko‘rsatish yo‘lidagi qadam hisoblanadi. Ushbu tamoyil, manbalar bilan ishlashda ham va umuman media bilan ishlashda ham bunday vaziyat kuzatilishi mumkinligini ta’kidlaydi, 21 ushbu faktni albatta hisobga olish kerak.
4-tamoyil. Har bir fuqaro, bunday intilishni namoyish etmasa-da, yangi ma’lumotlar, bilim va xabarlarni olish va ularni tushunishni, boshqalar bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘lishni istaydi. Ularning bunday huquqi hech qachon buzilmasligi kerak.
Ushbu tamoyil, shuningdek, deyarli barcha mamlakatlarning qonunchiligida mustahkamlangan. Ammo AKT rivojlanishi tufayli bu huquq shu bilan birga texnologiyalarga ham tegishli bo‘lib qoldi, texnologik imkoniyatlar kommuni-katsiya usullarini o‘zgartirdi, shu munosabat bilan ushbu konstitutsiyaviy huquq hatto hozirgi axborot almashish jarayoniga elektron formatga raqamli o‘tish sharoitida ham buzilmasligi kerak.
5-tamoyil. Media va axborot savodxonligini birdaniga o‘zlashtirib bo‘lmaydi. Bu — doimiy va dinamik tajriba va jarayon. U o‘z ichiga axborotdan foydalanish, uni yaratish va uzatish, media va texnologik kontent bo‘yicha bilim, ko‘nikma va qarashlarni qamrab olganda yakunlangan, deb hisoblanishi mumkin.
Shunday qilib MAS asta-sekin, har bir shaxsning shakllanishiga parallel tarzda shakllantiriladigan kompetensiyaga kiritiladi. Raqamli huquq g‘oyasi Internet tarmog‘i paydo bo‘lishi bilan dunyoga keldi. Raqamli qonunchilik shakllanish jarayonini boshdan o‘tkazib, doimiy o‘zgarishlarga yuz tutmoqda. Hozir tarmoqda o‘zini to‘g‘ri tutish va xavfsizlik ko‘nikmalarini shakllantirish uchun uning murakkab qoidalarini o‘rganishning ayni vaqti. Raqamli etika haqida gapirganda kengroq ko‘lamda xulq va o‘zaro ta’sirni nazarda tutamiz, raqamli gigiena esa - axborot xavfsizligining turli darajalarda namoyon bo‘lishiga oid qoidalardir.
Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari moliyaviy va kiberjinoyatlar oldida ojiz bo‘lib qolyaptilar, tarmoqda himoya borasida esa aniq va tushunarli normalar hali-hanuz mavjud emas. Shu bois, raqamli gigiena qoidalari - endilikda tavsiya emas, har kim uchun real ehtiyojdir!
Raqamli fuqarolik
Raqamli fuqaro - bu mamlakat va jamiyat hayotida ishtirok etish uchun axborot texnologiyalaridan keng foydalanadigan kishi. Ushbu maqomga erishish uchun Internetdan muntazam va samarali foydalanish, shu bilan birga, texnologiyalarni qo‘llashda mas’uliyatli bo‘lish kifoya.
Oddiy fuqarolik bilan raqamli fuqarolikning farqi nimada?
Birinchi navbatda, raqamli fuqarolik beradigan yangi imkoniyatlarda:
•davlat elektron xizmatlaridan foydalanish;
•qog‘ozbozlikning kamayishi;
•jamiyat hayotiga tegishli masalalar yuzasidan muhokamalarda elektron ishtirok etish;
•kelishuvlar;
•tovar va xizmatlardan foydalanish;
•global jamiyat hayotida ishtirok etish.
Hatti-harakatlarning eksterritorialligi ham e’tiborga loyiq — axir, muhimi, onlayn bo‘lish.
Bugun ijtimoiy tarmoqlar va boshqa servislar barcha qiziqishlarimizdan boxabar, bu ularga foydalanuvchi haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lish, uning portretini yaratish imkonini beradi. Shuning uchun, Siz bo‘lishayotgan har bir narsa beiz qolmasligini - Sizning izingizni qoldirishini anglash muhim.
Keyin nima bo‘ladi?
- target reklama
- marketing va ijtimoiy tadqiqotlar va h.k.
Yuqorida sezilarli zarar keltirmaydigan, kezi kelsa, foydali misollar keltirildi. Biroq Siz haqingizdagi axborot servis va platformalarda narx-navo shakllanishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin, bu esa zaruriy mahsulotlar reklamasidek yoqimli emas. Yodingizda bo‘lsin, hech bir ijtimoiy tarmoq ma’lumotlar o‘g‘irlanishi xavfidan mutlaq himoyaga ega emas. Demak, Siz izlagan ma’lumotlar tarixi va kontent bilan bog‘liq harakatlaringiz jinoyatchilar qo‘liga tushib qolishi mumkin. Shuning uchun ham bugun har bir ongli foydalanuvchi uchun raqamli savodxonlik ko‘nikmalariga ega bo‘lish va o‘z ma’lumotlarini qanday himoyalashni bilish muhim.
Har kuni ijtimoiy tarmoqlar, veb-sayt va boshqa resurslar cheksiz ko‘lamdagi shaxsiy ma’lumotlarni yig‘adi va qayta ishlaydi.
Shaxsiy ma’lumotlar - bu muayyan jismoniy shaxsga bevosita yoki bilvosita tegishli bo‘lgan axborot. Masalan, ism va familiya, telefon raqami va elektron manzil - biz kuniga bir necha marotaba xayrixohlik bilan bo‘lishadigan ma’lumotlar.
Maxsus shaxsiy ma’lumotlarga misollar:
- ma’lum millatga mansublik;
- siyosiy va diniy qarashlar;
- salomatlik to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- sudlanganlik va qarzdorlik haqidagi axborot;
- telefon raqami va elektron pochta manzili;
- STIR va pasport ma’lumotlari.
Qiziq jihati shundaki, ma’lumotlar birgalikda mujassam bo‘lsa, shaxsiy ma’lumotga aylanadi, masalan, telefon raqami mazkur shaxsga tegishli ekani ko‘rsatilsa. Shu bilan birga, kishining fiziologik va biologik o‘ziga xosliklarini ifodalovchi biometrik shaxsiy ma’lumotlar ham alohida ajratib ko‘rsatiladi: barmoq izlari, genetik axborot, ovoz namunalari va h.k. Shaxsiy ma’lumotlar mavzusi raqamli huquqlar, xususan, tarmoqda privatlik huquqi bilan chambarchas bog‘liq. Shuning uchun o‘z haqingizdagi axborotni muhofaza qiling!
Shaxsning raqamli huquqlari
Raqamli huquqlar - insonning raqamli asarlardan foydalanish, yaratish va e’lon qilish, kompyuter va boshqa elektron vositalardan foydalanish va ularda ishlash imkoniyati, shuningdek, Internet tarmog‘iga ulanish bilan bog‘liq huquqlaridir. BMT rezolyusiyasi (A/HRC/20/2)ga binoan, «... inson oflayn muhitda ega bo‘lgan huquqlar, onlayn muhitda ham himoyalanishi kerak, xususan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi hamda Fuqarolik va siyosiy huquqlar xalqaro paktining 19-moddasida belgilangan davlat chegaralaridan qat’iy nazar, har qanday vositalar orqali fikr bildirish erkinligi huquqi ham shular jumlasidandir...»
Raqamli huquqlar - bu:
• Internet;
• Shifrlash;
• Privatlik;
• Anonimlik;
• Axborotdan foydalanish;
• Fikr erkinligi huquqlari.
Internetdan foydalanish huquqi
2011 yil 3 iyunda Internetdan foydalanishni insonning asosiy huquqi sifatida e’tirof etuvchi BMT rezolyusiyasi qabul qilindi. Shu tariqa u yoki bu hududlarning Internet tarmog‘odan uzilishi inson huquqlarining poymol etilishi sanaladi. Shu bilan birga, tarmoqdan foydalanish imkoniyati qator mamlakatlar qonunchiligiga asosan insonning ajralmas huquqi deb belgilab qo‘yilgan.
Qiziqarli faktlar:
- HeadHunter kompaniyasining tadqiqot markazi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoq faol foydalanuvchilari - o‘smirlar va 35 yoshgacha bo‘lgan kishilar.
- 2021 yil 25 sentabr holatiga O‘zbekistonda 655 Internet-OAV ro‘yhatga olingan.
- 2022 yil holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda mobil Internet foydalanuvchilari soni 27,2 mln kishini tashkil etadi.
- O‘zbekistonda Internet foydalanuvchisining 5 Gb hajmdagi HD-filmni yuklab olishi uchun 5 soatdan ortiq vaqt kerak bo‘ladi.
- Ayni damda O‘zbekistonda har 100 kishiga 12,7 keng polosali ulanish abonenti to‘g‘ri keladi - o‘rtacha jahon ko‘rsatkichidan biroz past.
So‘z erkinligi haqida
Har birimiz so‘z erkinligi va axborotni izlash, undan foydalanish va tarqatish huquqiga ega ekanimizni eslatib o‘tamiz. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 19-moddasi: “Har bir inson e’tiqod erkinligi va uni erkin ifoda qilish huquqiga ega; bu huquq hech bir tusqsiz o‘z e’tiqodiga amal qilish erkinligini hamda axborot va g‘oyalarni har qanday vosita bilan, davlat chegaralaridan qat’i nazar, izlash, olish va tarqatish erkinligini o‘z ichiga oladi.”
Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 19-moddasi:
1. Har bir inson hech bir to‘siqsiz o‘z fikriga sobit bo‘lish huquqiga ega. 2. Har bir inson o‘z fikrini erkin bayon etish huquqiga ega; bu huquq davlat chegaralaridan qat’i nazar yozma ravishda yoki matbuot orqali yoki ifodalashning badiiy shakllari yoki o‘z ixtiyoriga ko‘ra boshqacha usullarda turli axborot va g‘oyalarni qidirish, olish va tarqatish erkinligini qamrab oladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29-moddasi: “Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir.
Axborotdan foydalanish huquqi
Inson ega bo‘lgan fundamental huquqlardan yana biri. Axborotdan foydalanish huquqi davlat chegaralaridan qat’iy nazar axborotni istalgan usulda va har qanday shaklda izlash, olish va tarqatishni nazarda tutadi.
Axborot sohasida munosabatlarni tartibga solish tamoyillari:
– har kim qonuniy yo‘l bilan axborotni erkin izlash, olish va tarqatish huquqiga ega.
– har kim qonun doirasida axborotni erkin ishlab chiqarish va tarqatish huquqiga ega.
Internetga kim egalik qiladi?
Dunyoning turli mamlakatlaridagi kompyuter moslamalarini birlashtiruvchi axboriy-telekommunikatsion tarmoq bizga makon va ob-havo sharoitlaridan qat’iy nazar istalgan hajmda axborot almashinish imkonini beradi. Buning uchun tarmoqda bo‘lish kifoya. Internetni boshqarish tugmachasi yo‘qligi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
Ha, u chindan ham mavjud emas, chunki Internetning mutlaq egasi yo‘q.
Har birimiz - foydalanuvchilar, fuqarolik jamiyati, davlat, biznes - Internet tarmog‘iga egalik qilishimiz mumkin. Ba’zan bu risklarning paydo bo‘lishi va huquqbuzarliklar uchun sharoit yaratadi, shuning uchun bugun raqamli huquqlarni o‘rganib, Internet bilan to‘g‘ri munosabatlarni yo‘lga qo‘yish muhim.
Dijital (raqamli) gigiena
Bugun zamonaviy lug‘atda "raqamli madaniyat", "raqamli gigiena", "raqamli savodhonlik" kabi yangi atamalar paydo bo‘ldi. Raqamli dunyo insoniyatga cheksiz imkoniyatlar eshigini ochib, uning bir qismiga aylandi. Bunda esa me’yor eng muhim omildir.
Quyida "raqamli gigiena" qoidalari bilan tanishishingiz mumkin:
📌 Ekran vaqtingizni nazorat qiling
📌 Uy ichida telefon bilan yurmang
📌 Gadjetlaringizni uyqudan bir soat oldin o‘chiring
📌 Sizda xavotir yoki xasad uyg‘otadigan sahifalardagi obunani bekor qiling
📌 YouTube, Netflix va shu kabi boshqa servislardagi keyingi videoning avtoyoqilish funsiyasini o‘chirib qo‘ying
📌 Kimdir xonaga kirganda ekrandan ko‘zingizni uzib, odamning ko‘zlariga qarang
📌 Uzun va ishonchli parollardan foydalaning
📌 Kerakli har qanday hujjat va ma’lumotlaringizni zahira nusxasini tayyorlab qo‘ying
📌 Ortiqcha/keraksiz ma’lumotlarga obunani bekor qiling
📌 Ortiqcha xabarlar signalini o‘chirib qo‘ying
📌 Oilaviy kechki ovqatni gadjetlarsiz o‘tkazing.
Yuqorida keltirilgan qoidalarga amal qilish media iste’molchining nafaqat vaqtini tejaydi, balki uni axborot oqimi ichiga yo‘q bo‘lib ketishdan ham himoya qiladi.
Mavzuni mustahkamlash uchun savollar.
Raqamli dunyo qanday dunyo?
Raqamli fuqaro qanday huquqlarga ega?
Siz ekran vaqtingizni qanday nazorat qilasiz?
Raqamli gigiena deganda nimani tushunasiz?
Raqamli gigienaning zarurati nimada?
|