Kartonga naqsh (gul) tushirish va qirqish. Zardo’zlik texnologiyasiga ko’ra islimi naqshlar guldo’zi usulida, geometrik naqshlar esa zamindo’zi usulida hosil qilinadi. Murakkab naqsh turlarida esa ikkala tikish usulidan ham foydalaniladi. Guldo’zi tikish usullarida zar ip kartondan qirqilgan gul naqshlari ustidan tikiladi.
Qog’ozga chizilgan naqshlar kartonga axta usulida ko’chirilgan. Axta yordamida naqshlarni ko’chirishda yupqa shaffof xitoy qog’ozi naqshlaridan yuzaga qo’yilib, o’lchab olinadi va shu yuzaga mos axta tayyorlanadi, ya’ni naqshning yarim yoki chorak qismi (agar naqsh simmetrik bo’lmasa, u holda naqsh butun holatda) qog’ozga yumshoq qora qalam bilan chiziladi. Shaffof qog’oz simmetrik o’qlar bo’yicha ikki, to’rt va undan ortiq bo’laklarga buklanadi. Buklangan qog’oz yostiqcha ustiga qo’yiladi va naqsh chiziqlari ustidan igna bilan teshib chiqiladi. Teshilgan nusxa aniq va ravshan ko’rinishi uchun teshikchalar oralig’i naqsh nusxasining yirik yoki maydaligiga qarab belgilanadi. Nusxa qanchalik mayda bo’lsa, teshikchalar oralig’i shuncha yaqin bo’lishi kerak. Shundan so’ng shaffof qog’oz yoyib yuboriladi va butun naqsh nusxasi hosil bo’lgani ko’zga tashlanadi. Nusxa naqsh tushiriladigan karton yuzasiga yoyilib, uning ustidan xoka bilan yengil bosib yurgiziladi, natijada naqsh nusxasi kerakli yuzaga o’tadi. Xoka izlari o’chib ketmasligi uchun darhol uning ustidan qalam yoki mo’yqalam bilan yurgiziladi. Xoka tayyorlashda maydalangan pista ko’mir, bo’r kukuni yoki belil poroshogi yupqa mato yoki ikki qavat dokaga solinib xalta xolida tugiladi.
Endilikda zardo’zlikda bu usulni bir oz o’zgartirgan holda qo’llaydilar. Ular gazeta bo’yog’i bilan solyarka moyini aralashtirib, yumshoq lattaga shimdirishadi. Axta tushirilgan yupqa shaffof xitoy qog’ozi («kalka» ham deyiladi) naqsh tushirilgan karton yuzasi qo’yiladi va ustidan buyum bostirib qo’yiladi. Sababi, axta surilib, naqsh nusxasi sifati buzilmasligi kerak. So’ng moy shimdirilgan latta naqsh nusxasi ustidan sekin-asta yurgiziladi. Shundan so’ng naqsh nusxasi karton ustida mayda-mayda yog’ dog’lari shaklida hosil bo’ladi. Xokadan ko’ra moyli lattaning afzalligi shundaki, uning izlari tezda o’chib ketmaydi. Naqshlarni qirqishda oddiy qaychilardan foydalanish qiyin bo’ladi. Shuning uchun o’ziga xos tuzilishga ega bo’lgan tuyabo’yin qaychidan foydalaniladi. Bu qaychining tuzilishi xaqiqatdan tuyaning bo’yniga o’xshab ketadi. Bunday qaychi bilan naqsh qirqayotganda qaychi kartonning tagida turadi. Qirqayotganda asoan qaychini emas, balki naqsh kompozisiyasi tushirilgan kartonni yurgazish kerak, shundagina qaychi bilan qirqayotgan chiziqlar tekis chiqadi. Naqshlarni qirqish avvalo ularning ichini «kovlab olishdan» boshlanadi. Chunki gullarning ichi eng kichik qirqiladigan yuzalar hisoblanadi. Bu yuzalar qirqib olingach, so’ng ular atrofidagi nokerak yuzalar qirqib olinadi. Gullarni qirqayotganda qirqish chiziqlariga e’tibor berish kerak, aks holda, ularning ko’rinishi buzilishi mumkin, bu esa zardo’zi buyumining sifatiga katta ta’sir etadi.
|