AKT tizimidagi yoshlar bilan ochiq muloqot bo'lib o'tdi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 27-dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda yoshlar bilan o‘tkazgan yig‘ilishi muhim tarixiy ahamiyat kasb etib, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rsatgandi.
Bugun, 18-yanvar kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov soha tizimidagi o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan hamda mehnat faoliyatini olib borayotgan yoshlar bilan uchrashdi. Muloqotda videokonferensaloqa orqali viloyatlardagi yoshlar ham ishtirok etishdi.
Vazir so‘z olib, qator dolzarb masalalarni o‘rtaga tashladi. Xususan, eng muhim yo‘nalishlardan biri axborot texnologiyalari sohasida yetuk kadrlar tayyorlash ekanini qayd etdi. Chunki, dunyo bo‘ylab kun sayin yangi va yangi nou-xaular yuzaga kelmoqda, jahon iqtisodiyotining raqamlashuvi va boshqa ko‘plab omillar texnologiyalar sohasi oldiga yuksak vazifalarni qo‘ymoqda. Ana shu tendensiyani yaxshi tushungan tizim jamoasi mamlakat yoshlarini jahon maydonida mustaqil va qat’iy yondashuviga ega bo‘lgan, ma’naviy va jismonan barkamol bo‘lib yetishishlari, zamonaviy yuqori texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini oshirish masalalariga katta e’tibor qaratmoqda.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning 5 ta filiali, Toshkent shahridagi Inha va Amiti universitetlari hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashgan maktablarda nafaqat eng zamonaviy texnologiyalar, balki xorijiy mutaxassislarni jalb qilishga ham ustuvor masala sifatida qaraladi. Ushbu ta’lim muassasalarida yoshlarga munosib ta’lim berish uchun 57 nafar xorijning yetakchi professor-o‘qituvchilar jalb qilingan.
Bundan tashqari, talabalar almashinuv dasturi doirasida 2019 yil mobaynida soha tizimidagi oliy ta’lim muassasalari tomonidan jami 128 nafar yoshlar Janubiy Koreya, Italiya, Amiti universitetining Birlashgan Arab Amirliklari va Hindiston kompusiga bakalavr, magistratura hamda doktoranturada o‘qishga yuborilgan. Bu jarayon an’anaviy ko‘rinish olgan.
Vazirlik tomonidan kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan soha xodimlaridan 100 nafariga oliy ta’lim muassasalariga suhbat asosida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida sirtqi va kechki ta’lim shaklida 2019/2020 o‘quv yilida o‘qishga qabul qilinishi uchun tavsiyanoma berildi. Mazkur tavsiyanomalarning 43 foizi sohadagi 30 yoshgacha bo‘lgan yosh xodimlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ochiq muloqot davomida Shuhrat Sodiqov tizimda faoliyat olib borayotgan yoshlarning ilmga bo‘lgan ishtiyoqini ko‘rib, ushbu ko‘rsatkichni 2020/2021 o‘quv yillarida 60 foizga yetkazishga va’da berdi.
Muloqotda yoshlarning o‘z ustida ishlashi, izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, mehnatiga yarasha rag‘batlantirish masalalari bo‘yicha ham atroflicha fikrlashildi.
Tizimidagi ta’lim muassasalarining iqtidorli, o‘qish jarayoni davrida yuqori ko‘rsatkichlarga erishayotgan talaba va o‘quvchilarini rag‘batlantirish maqsadida Vazirlik stependiyasi ta’sis etilgan. Tadbir doirasida tanlov g‘olibi bo‘lgan qator iqtidorli talaba yoshlarga sertifikatlar topshirildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning uchinchi tashabbusi doirasida respublika bo‘yicha 22 ta Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etildi.
Ushbu markazlarda yoshlarga dasturlash asoslari, kompyuter grafikasi, robototexnika, veb va mobil ilovalar yaratish hamda kibersport yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qishlar olib borilmoqda va 3000 dan ortiq tinglovchilar tegishli ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi. Shuningdek, ushbu ishlar davomi natijasida 2020 yil yakunigacha respublikada shunday o‘quv markazlarini ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Uchrashuvda yoshlarning tashubbuslari juda muhim ekanligi ta’kidlandi. Tizimda yoshlar bilan alohida ishlashning samarali tizimini yo‘lga qo‘yish, vazirlik tizimidagi rahbarlarga yoshlar masalasini o‘zi uchun ustuvor vazifa qilib belgilab olishi bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Muloqot davomida yoshlar tomonidan sohani rivojlantirishga oid takliflar, mulohazalar bildirildi. Vazir Shuhrat Sodiqov ular tomonidan bildirilgan tanqidiy mulohazalar yuzasidan sohadagi tegishli korxonalar rahbarlariga topshiriq berar ekan, ayrim iqtidorli yoshlarning takliflarini shaxsan o‘zi bafurja ko‘rib chiqishga tayyorligini, lozim topilsa, ularning amaliyotga joriy qilinishi ustida ish olib borilishini qayd etdi.
Yoshlarning maqsad-muddaolarini yaqindan bilish, ularni katta-katta ishlarga safarbar etish maqsadida tashkil etilgan ushbu muloqot salkam uch soat davom etdi, videokonferensaloqa orqali viloyatlardagi yoshlardan ham dolzarb takliflar bildirildi.
|