NI Multisim dasturining interfeysi. Foydalanuvchining interfeysi menyu, asboblar paneli va ishchi sohadan iborat (3-rasm). Menyu quyidagi komponentlarga ega: fayllar bilan ishlash menyusi (File), tahrirlash menyusi (Edit), zanjirlar bilan ishlash menyusi (Circut), sxemalarni simulyatsiya qilish menyusi (Simulate), oynalar bilan ishlash menyusi (Window), yordam fayllari bilan ishlash menyusi (Help).
Asboblar panelida radioelektron sxemalar elementlarining tasvirlari bo‘lgan ikonkalar mavjud (3-rasm). Ikonkalar bosilganda ularga mos bo‘limlar ochiladi, masalan, diodning tasviri bosilsa diodlar bo‘limi ochiladi.
3.-rasm. NI Multisim dasturiy kompleksining interfeysi
Dasturning bosh oynasi standart interfeysga ega. Sxema oynasi dastur oynasining markaziy qismini egallaydi. Ushbu oynada elektr zanjirlar hosil qilinadi va ularga kerakli o‘gartirishlar kiritiladi.
4-rasm. Komponentlar menyusi.
Komponentlar menyusi bir qancha bo‘limlardan iborat bo‘lib, ular dasturiy ta`minotda turli xildagi murakkab sxemalarni yig‘ishda foydalaniladi. Ushbu menyu quyidagi asosiy bo‘limlardan iborat.
Manbalar bo‘limi;
Passiv komponentlar bolimi;
Diodlar bo‘limi;
Tranzistorlar;
Analog komponentlar bo‘limi (Operatsion kuchaytirgichlar);
TTL texnologiyasi asosida qurilgan raqamli mikrosxemalar bo‘limi;
CMOS texnologiyasi asosida qurilgan raqamli mikrosxemalar bo‘limi;
Raqamli komponentlar bo‘limi;
Analog va raqamli komponentlar bo‘limi;
Indikatorlar bo‘limi va h.k.
Yuqorida keltirilgan bo‘limlardan tashqari komponentalar menyusi yuqori chastotali komponentlar, mikrokontroller, elektromexanik komponentlar bo‘limlaridan tashkil topgan.
Komponentlar menyusidagi bo‘limlardagi elementlardan foydalanish uchun kerakli bo‘lim ustiga sichqonchaning chap tugmasi bilan bosiladi va kerakli elementni tanlaymiz va OK tugmasini bosamiz. Misol tariqasida manbalar bo‘limiga kiramiz va natijada ishchi stolda quyidagi oyna paydo bo‘ladi (5-rasm).
5-rasm. Manbalar bo‘limi.
Bu yerda turli xildagi manbalar guruhlari mavjud bo‘lib, biz Power_sources guruhiga kiramiz va u yerdan kuchlanish manbai elementi ya`ni DC-Power elementini tanlaymiz va OK tugmasini bosamiz (6-rasm). Natijada ishchi stolda kerakli element paydo bo‘ladi va uni ish stolga qo‘yish uchun kompyuter sichqonchasining chap tugmasi bosiladi.
6-rasm. Power_sources guruhi.
Ikkinchi misol tariqasida sodda bir zanjir yig‘amiz. Ushbu zanjirimiz kuchlanish manbai, yuklama qarshiligi, ampermetr va voltmetrdan iborat bo‘ladi.
Buning uchun yuqorida keltirilgan amallar yana takrorlanadi faqatgina sxemani yig‘ish uchun kerak bo‘ladigan ba`zi elementlar boshqa bo‘limlardan tanlab olinadi. Passiv komponentlar bo‘limidan rezistorlar guruhiga kirib 1 kOmli rezistorni olamiz (7-rasm).
7-rasm.Rezistorlar guruhi.
Rezistorning nominalini o‘zgartirishning ikki xil yo‘li mavjud bo‘lib, biri rezistorlar guruhini tanlab kerakli nominalni oynaning yuqori qismida joylashgan darchaga yoziladi. Ikkinchi yo‘li esa ishchi stoldagi rezistorning ustiga sichqonchaning chap tugmasi bilan 2 marta bosiladi va natijada quyidagi darcha hosil bo‘ladi (7-rasm).
8-rasm. Rezistorning nominalini o‘zgartirish darchasi.
Voltmetr va ampermetr o‘lchov asboblarini olish uchun komponentlar menyusining indikatorlar bo‘limiga kiramiz (9-rasm). Bo‘limda voltmetr va ampermetr guruhlari mavjud bo‘lib u yerdan ampermetr va voltmetrni tanlaymiz va ishchi stoliga qo‘yamiz (10-rasm). Misoldagi elementlarni bir biriga ulab zanjirni hosil qilamiz. Yig‘ilgan zanjirni simulyatsiya qilishimiz uchun zanjirga yer (GROUND) elementini ulashimiz shart, aks holda simulyatsiya qila olmaymiz. Ushbu elementni manbalar bo‘limining Power_sources guruhidan tanlab olamiz va zanjirga ulaymiz. Natijada zanjirimiz 1.10-rasmdagi ko‘rinishga ega bo‘ladi va simulyatsiya tugmasini bosamiz. Shundan so‘ng o‘lchov asboblarimiz yordamida zanjirdan o‘tayotgan tok va qarshilikdagi kuchlanish tushuvini ko‘rishimiz mumkin.
9-rasm. Indikatorlar bo‘limi.
10-rasm. NI Multisim dasturiy ta`minotida yig‘ilgan sxema.
10-rasmda NI Multisim dasturiy ta`minotida yig‘ilgan eng sodda elektr zanjiri sxemasi ko‘rinishi berilgan.
|