VI. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va davlat organlarining majburiyatlari
57. Murojaat ko‘rib chiqilayotganda jismoniy va yuridik shaxs murojaat ko‘rib chiqilishining borishi haqida axborot olish, shaxsan vajlarini bayon etish va tushuntirishlar berish, murojaatni tekshirish materiallari hamda uni ko‘rib chiqish natijalari bilan tanishish, qo‘shimcha materiallar taqdim etish yoki ularni boshqa organlardan so‘rab olish to‘g‘risida iltimos qilish, advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega.
Jismoniy va yuridik shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq murojaatlarni ko‘rib chiqishda boshqa huquqlardan ham foydalanadilar.
58. Murojaatni ko‘rib chiquvchi mansabdor shaxslari yoki boshqa vakolatli shaxslari:
jismoniy va yuridik shaxsga ularning huquqlariga, erkinliklariga hamda qonuniy manfaatlariga daxldor hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan, agar ularda davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirlarni tashkil etuvchi ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlariga, erkinliklariga hamda qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa, tanishib chiqish imkoniyatini ta’minlashi;
murojaatni ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan qabul qilingan qarorning ijrosini nazorat qilishi, shuningdek agar jismoniy yoki yuridik shaxsga uning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari buzilishi natijasida moddiy zarar yoki ma’naviy ziyon yetkazilgan bo‘lsa, qonunda belgilangan tartibda moddiy zararning o‘rnini qoplash yoki ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishi;
murojaat etuvchiga ko‘rib chiqish natijalari hamda qabul qilingan qaror haqida murojaat ko‘rib chiqilganidan so‘ng zudlik bilan yozma yoxud elektron shaklda xabar qilishi shart.
Murojaat yuzasidan qaror qabul qilgan mansabdor yoki boshqa vakolatli shaxsi, agar jismoniy yoki yuridik shaxs qarorga rozi bo‘lmasa, uning yuzasidan shikoyat berish tartibini tushuntirishi shart.
|