G’ARB VA SHARQ DAVLATLARI JAMIYATIDA DINNING O’RNI.
Reja:
1. Islom madaniyatining shakllanishi va uning asosiy yo’nalishlari.
2. O’rta asrlarda Yevropa xalqlari madaniyatining shakllanishi va uning xususiyati.
3. Sharq va g'arb mamlakatlarining o'rta asrlar madaniyatida dinning ustuvorligi.
4. Sharq va g'arb diniy madaniyatining o'ziga xos xususiyatlari.
5. Diniy madaniyatlardagi yutuqlar va ularning jahon madaniyatidagi o'rni.
6. Xulosa
Din azaldan inson va jamiyat hayotining ma'naviy asosi, poydevori bo'lib kelgan. Din vositasida insonning biologik tabiati, hayvonot olami bilan umumiy jihatga ega bo'lgan fiziologik mayllari, ehtiyoj va instinktlari jilovlandi, ularga insoniy qiyofa berildi. Diniy ongning ibtidosida «yaxshilik va yomonlik», «ezgulik va yovuzlik», «adolat va adolatsizlik» kabi axloqiy kategoriyalarning dastlabki elementlari shakllangani, din kishilik jamoasini mazkur kategoriyalar atrofida jipslashtira olgani bois, unda dunyoqarash, integrativ, regulyativ, kompensatorlik va boshqa funksiyalar mustahkamlandi.
Hozirgi kunga kelib, din ijtimoiy hayotning muhim omiliga aylandi, u ijtimoiy-siyosiy hayotdagi o'rnini saqlab qoldi. Lekin uning ahamiyati turli ijtimoiy-siyosiy tuzumlarda turlichadir. Din yetakchi mafkura hisoblangan davlatlar ham talaygina. Dunyoning qator davlatlarida din o'zining siyosiy mavqeini mustahkamlash uchun harakat qilmoqda.
Din - o'ta murakkab ijtimoiy hodisa. U o'ziga xos tarkibga ega bo'lib, kishilik jamiyatining uzoq davom etgan ijtimoiy-tarixiy taraqqiyoti hosilasidir. Din kishilarning g'ayritabiiy kuchlarning mavjudligiga ishonishdan yuzaga kelgan. Zero, «din» so'zi arab tilidan olingan bo'lib, o'zbek tilida «ishonch», «ishonmoq» degan ma'nolarni anglatadi.
Hozirgi zamon dinlari murakkab tarkibiy qismga ega. Uning tarkibiy qismiga diniy ong, marosim va tashkilotlar kiradi.
Diniy ong diniy dunyoqarash tarkibida muhim o'rin tutadi. Diniy ong diniy tasavvurlar, g'oyalar, his-tuyg'u va kayfiyatlarni ifodalaydigan qarashlar tizimidir. Dinni tarkibiy qisimlari qatorida diniy ong ustuvor ahamiyatga ega, chunki diniy marosim va diniy tashkilot kishilar ongida va jamiyatda diniy tasavvurlarni mustahkamlaydi va saqlanib qolishiga ko'maklashadi.
Diniy ongning o'zaro bog'liq va nisbatan mustaqil bo'lgan ikki darajasi yoki bosqichi mavjud. Bular diniy psixologiya va diniy ideologiyadir. Diniy psixologiya - kishilarning diniy his-tuyg'ulari, odatlari, an'analari va kayfiyatlari majmui. Diniy ideologiya esa diniy tashkilotlar orqali malakali diniy shaxslar targ'ib etadigan turli diniy g'oyalarning muayyan tizimidir.
Diniy psixologiya va diniy ideologiya o'rtasida muayyan darajadagi umumiylik mavjud. Bu umumiylik voqelikni sarobiy aks ettirishda, g'ayritabiiy kuchlarga sig'inishda namoyon bo'ladi.
Tarixan diniy psixologiya diniy ideologiyaga nisbatan oldin paydo bo'lgan. Kishi ruhiyati barqaror voqelik emas, chunki ijtimoiy jarayonlar ta'sirida o'zgarib turishi mumkin. Shuningdek, amaliyot bilan diniy ideologiyaga nisbatan yaqindan aloqada bo'ladi. U kishilarning tabiat kuchlaridan qo'rqishlari, ular oldida taslim bo'lishlari va ularni ilohiylashtirishlari natijasida shakllanadi. Diniy ideologiya esa jamiyatda mehnat taqsimoti, sinflar va davlatning vujudga kelishi bilan bog'liq.
Diniy psixologiya taraqqiy etgan sayin diniy tasavvurlar ham takomillashib boradi. Diniy tasavvurlardan diniy g'oyalar shakllangan. Oqibatda qadimgi diniy e'tiqod shakllari - sehrgarlik, animizm, fetishizm, shomonlik va boshqalar kelib chiqqan.
Diniy ideologiya diniy psixologiyadan farq qiladi. Zero, u muayyan tushuncha va qarashlarning tartibli tizimidir. Diniy ideologiya insoniyat taraqqiyotining nisbatan yuqori bosqichlarida yuzaga keladi. Uni ruhoniylar, kohinlar, dinni o'rganuvchi faylasuflar ishlab chiqadilar va targ'ib qiladilar.
Diniy ideologiya ayrim manbalarda teologiya deb yuritiladi. Teologiyaning asosini odatda diniy ideologiyaning muntazam va muayyan tizimli ko'rinishi bo'lmish muqaddas kitoblar (Tavrot, Zabur, Injil, Qur'on kabilar) tashkil qiladi. Diniy ideologiya quyidagi tarkibiy qismlarga bo'linadi:
1) dogmatika (grekcha dogmatos - fikr, ta'limot, yechim degan ma'nolarni anglatadi) diniy ta'limotning barqaror, kam o'zgaruvchan qoidalari tizimi;
2) apologetika (grekcha apologeomai - himoya qilaman degan ma'no- ni anglatadi) ilohiyot sohasi va diniy ta'limotni insoniyat tafakkuri hamda tajribasiga asoslanib himoya qilish;
3) ilohiyot va axloqning o'zaro aloqadorligi (din axloq qoidalariga ilohiy mazmun beradi);
4) amaliy ilohiyot - cherkov va machitlarning faoliyati va xudoga sig'inish tartiblarini ishlab chiqish.
Dinning tarkibiy qismlari qatorida diniy ong bilan birga diniy marosim ham ahamiyatga ega. Biz dinni g'ayritabiiy kuchlarning mavjudligiga ishonch yoki kishilarning o'zaro munosabati va harakatlari sifatida ham baholashimiz mumkin. Bunday munosabatlar diniy marosim deb ataladi.
Diniy marosim individ, guruh yoki tabaqalarning manfaatlari, g'oyalari va orzu-istaklarini ifodalaydigan munosabatlar va harakatlar tizimidir. Diniy g'oyalar, qarashlar, his-tuyg'ular va harakatlar tizimi diniy ta'limotni vujudga keltiradi. Dindorlar diniy marosim orqali muloqotning boshqa vositalari samara bermaydigan vazifalarni bajaradilar. Unda harakat yoki munosabat muayyan sirli mazmunni ifodalaydi. Har bir harakat yoki o'qilgan duo ramziy mazmun kasb etadi. Inson va sig'inish obyekti o'rtasida g'ayritabiiy aloqa mavjudligiga ishonch mustahkamlanadi. Kishi diniy marosimlarni bajarish bilan g'ayritabiiy kuchni o'z ittifoqchisi va madadkoriga aylantirishga umid qiladi.
Qadimda diniy marosimning keng tarqalgan turi qurbonlik bo'lgan. Qurbonlik turli (oziq-ovqatlarning bir qismini ajratish, hayvonlar so'yish kabi) usullarda amalga oshirilgan.
Qurbonlik negizida boshqa diniy marosimlar yuzaga kelgan. Jumladan, diniy marosimning eng rivojlangan shakllaridan biri sig'inish ham qurbonlik asosida shakllandi. Qurbonlik diniy marosimini bajarish jarayonida g'ayritabiiy kuchga sig'inish yuzaga kelgan va keyinchalik undan ajralib chiqqan. Sig'inish dindorning so'z vositasida real yoki uydirma obyektga ta'sir qilishga qaratilgan duolari, ramziy xatti-harakatlari majmuasidir. Kishining qanday his-tuyg'ularni ifodalashiga qarab, uni olqishlovchi, minnatdorlikni ifodalovchi, gunohlarning kechirilishini so'rashga yo'naltirilgan va boshqa turlarga bo'lish mumkin.
Sig'inish turli xatti-harakatlar, xulq-atvorlar bilan birga moddiy hodisalarni ham o'z ichiga oladi. Sig'inishning muhim xususiyati hissiy- ramziy obrazlarda ifodalanishidir. Sig'inish tarkibiga turli udumlar, an'analar, qurbonliklar, duolar, o'zini hayot ne'matlaridan cheklash (jumladan, ro'za tutish) kabilar kiradi. Sig'inish u yoki bu predmetni ilohiylashtirish (masalan, Ka'badagi qora tosh, ayrim daraxtlar, muqaddas qabrlar, qadamjolar) vositasida amalga oshiriladi. Sig'inishda turli tumorlar, tasbeh, diniy liboslar ham muhim o'rin tutadi. Bularning barchasi birgalikda sig'inishga hissiy-ramziy obraz tusini beradi va kishining ruhiyatiga qattiq ta'sir qiladi. Sig'inishning alohida ahamiyati shundaki, kishi o'z hayotining ma'nosini eng oliy qadriyat - narigi dunyoda erishadigan lazzat va fa- rovonlik bilan bog'laydi, bu dunyodagi hayotining o'tkinchi ekanligiga, o'zining qandaydir tashqi qudratli kuch tomonidan idora etilishiga ishonadi.
Shveysariyalik olim K. G. Yungning fikricha, diniy ramz (simvol)lar inson hayotiga ma'no bag'ishlaydi. Uning ta'kidlashicha, Amerikadagi pueblo qabilasining hindulari o'zlarini Quyosh ota farzandlari deb hisoblashadi. Bu narsa ularga umid bag'ishlaydi, tasalli beradi, hayotini muayyan mazmun va ma'no bilan t?ldiradi .
Umid kishiga kuch-quvvat bag'ishlaydi va insonni nochor real hayotidan tashqari kelajakda kutayotgan rohatbaxsh daqiqalar sari xayolan yetaklaydi. G'ayritabiiy kuchga ishonish kishining kundalik azob- uqubatlarni o'tkinchi bir narsa deb qarashiga, hatto o'limdan ham qo'rqmasligiga yordam beradi. Chunki taqvodor kishi kelajakda farovon hayotga erishishiga ishonadi. Dinning kuchi ham ana shunda. Kishining xudoga ishonishi bu dunyoni o'tkinchi sifatida anglashiga ko'maklashadi, narigi dunyodagi «hayoti»ga umid va ishonch bag'ishlaydi. Bunday holatni mustahkamlash uchun din turli-tuman ramziy hodisalardan foydalanadi.
Diniy marosimlar ongga ta'sir qiladi. Bu ta'sir jarayonida u nafaqat axloqiy-ma'naviy, balki estetik vositalardan ham foydalanadi. Masalan, diniy marosimlar o'tkaziladigan joylar - masjid, cherkov, sinagogalarni bezashga katta e'tibor beriladi. Bunday joylarda bo'lgan kishining ruhiyatida o'zgarishlar yuz beradi. Buni xristianlikning katolitsizm yo'nalishi misolida ham ko'rsatish mumkin. Cherkovning ichki va tashqi qismlari rassomchilik, haykaltaroshlik asarlari bilan bezatiladi, marosimlarga tantanali tus beriladi, xor va organ musiqasidan foydalaniladi. Dindor cherkovdan o'zini yengil his qilib chiqadi, diniy bilimi kengayadi, e'tiqodi mustahkamlanadi.
Islom dinida ham badiiy-hissiy usullardan ustalik bilan foydalaniladi. Masalan, Qur'onni yoki biror-bir duoni qiroat bilan o'qish, og'zaki nutq madaniyati, notiqlik san'ati usullaridan foydalanish yordamida bajariladi. Ta'kidlash joizki, aksariyat din peshvolari va allomalar nutqining ta'sirchanligi hatto ba'zi mashhur professorlarnikidan ham ustun turadi.
Din tarkibida e'tiqod ham muhim o'rin egallaydi. E'tiqod - kishining muayyan hodisa, uning xossa va xususiyatlari haqqoniy ekanligiga ishonchi.
Ishonch e'tiqodning asosini tashkil etadi. Biroq har qanday ishonch ham e'tiqodga aylanavermaydi. Garchi ishonch va e'tiqod bir-biriga juda yaqin va o'xshash bo'lsa-da, biroq ular o'rtasida farq ham mavjud. Odatda, e'tiqod deganda diniy e'tiqod tushuniladi. Aslida, e'tiqod diniy ham, dunyoviy ham bo'lishi mumkin. Diniy e'tiqod g'ayritabiiy kuchlar va hodisalarga ishonish, sig'inish orqali shakllanadi. E'tiqodning dunyoviy ko'rinishi esa insonni o'rab turuvchi obyektiv olamdagi narsa va hodisalarni hissiy tajriba va ilmiy bilish asosida shakllanadi.
Diniy marosimlarni dindorlar yakka tartibda yoki jamoaga birlashib amalga oshiradilar. Ularning jamoaga birlashuvi osonlikcha kechmaydi. Shu tariqa diniy ijtimoiy institutlar shakllanadi. Bunday institutlarning boshlang'ich bo'g'ini dindorlar guruhidir. Dastlabki dindorlar guruhi mehnat, urug' jamoalari negizida yuzaga kelganligi bois butun urug' yoki qabila a'zolarini birlashtirgan. Diniy marosimlarda barcha urug' a'zolari ishtirok etgan. Diniy tajribaning ortib borishi bilan diniy marosimlarni bajarishni tashkil etuvchi va boshqaradigan mutaxassislar - shomonlar, sehrgarlar - ajralib chiqqan. Ular asta-sekin mazkur faoliyat turini o'zlashtirib, kasbiy gu- ruhlarga birlashganlar.
Xususiy mulk, sinflar va davlatning paydo bo'lishi bilan dinning ijtimoiy vazifalari kengayib borgan. Dinning vazifalaridan biri hukmron sinf va davlat manfaatlariga xizmat qilish bo'lgan. Mavjud siyosiy tizim va hukmdorning shaxsi ilohiylashtirilgan.
Jamiyatdagi o'zgarishlar diniy marosimlar va institutlarga ham ta'sir etgan. Diniy marosimlarning murakkab tizimlari shakllangan. Nisbatan mustaqil faoliyat ko'rsatadigan kohinlar korporasiyasi yuzaga kelgan. Diniy korporatsiya faoliyat turiga ko'ra birlashgan kishilarning tashkiloti bo'lgan. Lekin u davlat apparatining tarkibiy qismi sifatida faoliyat ko'rsatgan. Shu davrdan boshlab kohinlar alohida tabaqaga birlashganlar. Davlat tuzumi va hukmdorning muqaddaslashtirilishi kohinlarning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlab borgan. Kohinlar o'z davrining eng bilimdon vakillari sifatida davlatning siyosiy tizimi shakllanishida faol ishtirok etganlar.
Ijtimoiy taraqqiyot va ijtimoiy institutlarning takomillashuvi jarayonida din davlat siyosiy tizimining tarkibidan ajralib chiqqan va mustaqil faoliyat ko'rsata boshlagan. Diniy tashkilot ham davlatning siyosiy tizimidan mustaqil faoliyat ko'rsatuvchi tashkilotga aylangan.
Diniy tashkilot diniy qarashlarga ega maslakdoshlarning muayyan birligi bo'lib, umumiy e'tiqod va sig'inishlar zaminida yuzaga keladi. U insoniyat tarixiy taraqqiyotining turli bosqichlarida xilma-xil aks etadi. Diniy tashkilotlar kishilik jamiyatida keskin sinfiy tabaqalanish yuzaga kelishi, aqliy mehnatning nisbiy mustaqilligi mustahkamlanishi bilan alohida ijtimoiy mavqega ega bo'lib boradi.
Diniy tashkilotlar masjid (cherkov), sekta (mazhab), xarizmatik marosim va denominatsiya kabilarga bo'linadi.
Cherkov - diniy qarashlar va g'oyalarni ishlab chiqadigan, saqlaydigan hamda almashadigan, diniy faoliyatni tashkil etadigan, dindorlarni nazorat qiladigan, iyerarxiya tizimi asosida boshqariladigan dindorlar tashkiloti. Cherkovga taalluqlilik mustaqil tanlov asosida emas, balki an'ana bilan belgilanadi. Unga qabul qilinish uchun dindor maxsus marosimdan o'tishi kerak. Cherkov, odatda, dindorlarning marosimlarni bajarishlari yoki xulq- atvorlarini qat'iy nazorat qilmaydi. Cherkovga a'zolik an'anaga ko'ra belgilansa, sekta a'zolari e'tiqodiga ko'ra birlashadilar.
Sekta (mazhab) - diniy qarashlari va marosimlaridagi tafovutlariga ko'ra rasmiy cherkovdan ajralib chiqqan guruh yoki tashkilot. Diniy sektalar, odatda, davlat hokimiyati va rasmiy cherkovga muxolafatda turadi. Shu bois sekta a'zolari davlat hokimiyati va rasmiy din vakillari tomonidan ta'qib qilinishi mumkin. Sektaga a'zolik qat'iy tartibga solinadi, ularning boshqa tashkilotlar bilan aloqasi cheklanadi yoki taqiqlanadi. Sekta a'zolarining tengligi e'tirof etiladi. Ular ruhoniylar va dindorlarga bo'linmaydi.
Xarizmatik marosim tashkil etilish prinsipi (tamoyili)ga ko'ra sektaga o'xshaydi. Tashkilot o'tkir zakovat (xarizma)ga ega shaxs atrofida maslakdoshlarining jipslashuvidan yuzaga keladi. Unda rahbarning shaxsi ilohiylashtirilib, xudo darajasiga ko'tariladi. Tashkilot a'zolari o'rnatilgan tartib-intizomga qat'iy amal qiladilar. Tashqi aloqalari cheklanadi yoki butunlay to'xtatiladi, rahbarga so'zsiz itoat etiladi.
Hozirgi dinlarda «denominatsiya» (lotincha denominatio - boshqa nom qo'yish, nomini o'zgartirish) degan diniy-tashkiliy hodisani ham kuzatish mumkin. Ilmiy adabiyotda bu hali chuqur o'rganilmagan. Biroq denominatsiya hozirgi zamonda buddaviylik, xristianlik, islom va iudaizm kabi dinlarda katta ahamiyatga ega.
Denominatsiya diniy tashkilotlarning oraliq yoki vositachi shakli bo'lib, cherkov va mazhablar oralig'ida turadi. Uni din falsafasi va din sotsiologiyasi fanlari o'rganadi.
Diniy tashkilotlarning yuqorida qayd etilgan tartibda tasniflanishi shartli ahamiyatga ega. Ijtimoiy hayotda yuz berayotgan murakkab jarayonlar ta'sirida ularning sifati o'zgarishi mumkin. Sektalar cherkovga aylanishi yoki yangi sektalar yuzaga kelishi mumkin. Hozirgi davrda jahon dini darajasiga ko'tarilgan dinlarning dastlab sekta sifatida yuzaga kelgani va uzoq rivojlanish bosqichidan o'tgani fikrimizning isbotidir.
Mamlakatimizda diniy tashkilotlar O'zbekiston Respublikasining «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida»gi 1998 yil 1 may (yangi tahrirdagi) qonuni asosida faoliyat yuritadi. Mazkur qonun 1991 yil 14 iyunda qabul qilingan variantidan farq qilib, diniy tashkilotlar faoliyatini huquqiy jihatdan mukammalroq kafolatlaydi. Dinlar tarkibida, diniy tashkilotlardan tashqari, turli mazhablar ham muhim o'rin tutadi. Mazhab muayyan diniy mafkuraning xususiy ko'rinishi, ortodoksal, ya'ni fundamental diniy ideologiyadan qisman farq qiluvchi yoki unga muxolafatda bo'lgan diniy maslakdoshlar birlashmasidir. Masalan, xristianlikda baptistlar, yevangelistlar, kalvinistlar, lyuteranlar, murmonlar va boshqa diniy sektalar mavjud. Ular rasmiy xristian dinining ayrim g'oyalaridan farq qiluvchi diniy tasavvurlarni targ'ib qiladilar.
Islom dinida ham shunga o'xshash ismoiliy, zaydiy, nizoriy, druz va boshqa diniy mazhablar mavjud. Shuni alohida qayd etish joizki, mazhablar nafaqat sof diniy, balki ko'pincha siyosiy va huquqiy asosga ham ega bo'ladi. Ular ko'pincha o'zlarining siyosiy va huquqiy manfaatlarini diniy niqobda ifoda etadilar. Jamiyatdagi muayyan tabaqaning hukmron siyosiy tartibdan ijtimoiy noroziligini ochiq ifoda eta olishi uchun yetarli shart- sharoitlarning mavjud emasligi ham bunga sabab bo'ladi. Jamiyatdagi ijtimoiy adolatsizlik, davlatning byurokratlashuvi fuqarolarda norozilikni shakllantirishi mumkin. Sektalar esa buni diniy qiyofada yoki din vositasida ham ifoda etishga harakat qiladilar. Bunday urinishlar rivojlana borib, ochiqdan-ochiq siyosiy tus olishi, diniy davlat qurish da'vosini yuzaga keltirishi mumkin. Buning oldini olishning yagona yo'li dunyoviy qadriyatlarning ustuvorligiga erishish, qonuniylikni mustahkamlash, inson huquqlari va erkinliklarining ro'yobga chiqishi uchun real sharoit yaratishdir.
Din o'z mavqei va inson hayotidagi o'rniga ko'ra ijtimoiy hayotning muhim qismi hisoblanadi. Shuning uchun ham u inson va jamiyat hayotida muhim o'rin tutadi va ahamiyatiga ko'ra turli vazifalarni bajaradi. Odatda, din dunyoqarash, regulyativ, integrativ, kompensatorlik, legitim (qonuniy) va shu kabi boshqa vazifalarni bajaradi.
Dinning dunyoqarash vazifasi shundan iboratki, dindor atrofdagi narsa va hodisalarni o'tkinchi deb, ya'ni insonning real hayotdagi faoliyati narigi (boqiy) dunyo uchun faqat asos, tayyorgarlik deb biladi. Dindor (diniy dunyoqarashga asoslangan kishi) umr mazmunini narigi dunyoga tayyorlanish, bu dunyoning azob-uqubatlari va adolatsizliklariga sabr- qanoat qilish, chidashdan iborat deb hisoblaydi. U o'limni hech qanday qo'rquvsiz qabul qilishi kerak, chunki o'lim insonning boqiy hayotga o'tish yo'li, deb bilinadi. Dunyoqarash vazifasi shu o'rinda dinning taskin berish (kompenatorlik) vazifasi bilan uyg'unlashib ketadi.
Dinning kompensatorlik (lotincha compensare - tenglashtirish, muvozanatlashtirish, to'ldirish degan ma'nolarni anglatadi) vazifasi kishilarning hayotini boyitadi, diqqatlarini kundalik muammolardan boshqa narsalarga jalb qiladi, ularni ovutadi. Mazkur vazifa orqali din kishilarda ertangi kuniga ishonch tuyg'usini shakllantiradi. Ularni hayotiy qiyinchiliklarga taslim bo'lmaslikka va har qanday sharoitda xudoga ishonchini yo'qotmaslikka o'rgatadi.
Dinning integrativ vazifasi jamiyat a'zolarini - ijtimoiy kelib chiqishi, mavqei, millati kabi xususiyatlaridan qat'i nazar - birlashtiruvchi kuch ekanligida namoyon bo'ladi. Integrativ yoki funksionalistik yondashuvning asoschilaridan biri E. Dyurkgeymning fikricha, din xuddi yelim kabi kishilarni umumma'naviy qadriyatlar, e'tiqod, urf-odat va an'analar asosida birlashtirishga, yaxlit bir majmuaga aylantirishga xizmat qiladi. E. Dyurkgeym ayniqsa diniy sig'inish masalasiga alohida e'tibor beradi. Uningcha, din sig'inish orqali jamiyatni bir butun qiladi, shaxsni ijtimoiy hayotga tayyorlaydi va itoat etishga undaydi, ijtimoiy yaxlitlikni mustahkam- laydi, an'analarni qo'llab-quvvatlaydi, kishida qanoat hosil qiladi.
Dinning integrativ vazifasi bilan regulyativlik (lotincha reguiare - muayyan tartibga bo'ysundirish, tartibga solish, o'rnatish degan ma'nolarni anglatadi) vazifasi uzviydir. Regulyativlik vazifasi diniy xulq- atvor normalari vositasida ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi, ushbu normalarni dindorlarning bajarishlarini nazorat qiladi. Bunday normalarga diniy urf-odatlar, marosimlar, an'analar va bayramlarni misol qilib keltirishimiz mumkin.
Dinning regulyativlik vazifasi dindorlar faoliyatining tartibga solinishi qonuniylashtirilishini taqozo etadi. Bu esa uning legitimlik vazifasini keltirib chiqaradi. Mazkur vazifani birinchi bo'lib amerikalik sotsiolog olim T. Parsons ajratgan. Uning fikricha, muayyan qonuniyliksiz, ya'ni legitimliksiz hech bir ijtimoiy tizim mavjud bo'la olmaydi. Legitimlik vositasida jamiyat a'zolarining xatti-harakatlari muayyan qolipga solinadi, jamiyatda barqarorlik ta'minlanadi. T. Parsons diniy normalarni jamiyat taraqqiyoti davomida shakllanib, o'zgarib va rivojlanib boruvchi boshqa ijtimoiy normalardan ustun qo'yadi, chunki diniy normalar jamiyatning axloqiy-ma'naviy tartibini belgilaydi.
Legitimlik dindorlarning e'tiqod bilan bog'liq o'zaro aloqalarini taqozo etadi. Bu esa uning navbatdagi aloqa vazifasini yuzaga keltiradi. Dinning aloqa vazifasi dindorlarni diniy mafkura vositasida birlashtiradi. Shu bilan birga, jamiyat va shaxs o'rtasida o'zaro aloqa o'rnatilishiga yordam beradi.
Yuqoridagi tahlildan ko'rinib turibdiki, din o'z tarkibiga ko'ra juda murakkab va rang-barang mazmunga ega. U insonning hissiy-obrazli faoliyatidan tortib hayot ma'nosini anglashi bilan bog'liq bo'lgan yuksak axloqiy-ma'naviy faoliyati, tafakkuri va ijodiga xos hodisalarni qamrab oladi. Din tarkibida axloqiy elementlar bilan birga huquqiy va siyosiy jihatlar ham mavjud. Shu bois dinga faqat axloqiy-ma'naviy hodisa deb qarash noto'g'ri. Unda qonuniylik va uni siyosiy jihatdan mustahkamlashga qaratilgan ruhiy imkoniyat ham mavjud. Dinning bunday jihatlarini mazkur qo'llanmada alohida mavzu tarzida o'rganamiz.
VI-XVI asrlar davri tarix fanida o'rta asrlar deyilib, qadimgi va an'anaviy madaniyatlar o'rtasidagi davrni bildiradi. Bu davr madaniyatida mifologik tafakkur va an'analarning kuchli ta'siri hamda yangi davrning texnogen madaniyatidagi aqliy-mantiqiy tafakkur, ilmning amaliy xususiyatlari seziladi. Arab xalifaligi va Yevropa mamlakatlari o'rta asrlar madaniyatidagi xususiyatni islom va xristianlik belgilaydi. O'rta asrlar madaniyatining shakllanish qiyofasini islom va xristianlik belgilashi bilan birga, ularning o'zi ham mifologik tushunchalar asosida shakllanib, an'anaviy madaniyatning ko'plab jihatlarini o'zlashtirdi, o'z navbatida o'rta asrlar madaniyati negizida keyingi davrlar madaniyatining shakllanishi uchun yangi madaniyat kurtaklari va yangicha tafakkur tarzi vujudga keldi. Yana shuni ham inkor qilmaslik kerakki, o'rta asrlarda o'zining tafakkur tarzi va dunyoqarashi jihatidan o'tmishda va keyingi davrlarda vujudga kelgan diniy madaniyatdan keskin farq qiluvchi diniy madaniyat yaratildi.Diniy madaniyat ko'p mazmunlidir, negaki uning asosida turli xalqlarning madaniyat merosi mavjud: arab, turk, german, slavyan xalqlarining arxaik (ibtidoiy) madaniyati; antik meros va qadimgi sharq sivilizatsiyasi meroslarini tanlash va ijodiy qayta ishlab o'zlashtirgan. Bundan tashqari g'arb va Sharqning o'rta asrlar madaniyati tarixning ming yillar davomida doimo muloqot va akkulturatsiya jarayonini kechirdi, bunda salib yurishlari davri juda shiddatli kechdi (XI-XIII asrlar). Diniy madaniyatning ko'p qirraligi uning tarkibida ko'plab submadaniyatlarning mavjudligidir: xalqona (qishloq madaniyati), shahar, dunyoviy, monastir va so'fiylik madaniyatlari. Shuningdek, din o'sha davrdagi madaniyat va submadaniyatning barcha sohalarini birlashtirib o'z ichiga qamrab oldi.
O'rta asrlar davrida yakka xudolikka asoslangan jahon dinlari-xristianlik va islom Yevropa, Osiyo va Afrikaning ko'p joylarida ko'plab kishilar uchun dunyoqarashning ustuvor shakli bo'lib, inson va butun jamiyatning tafakkurini, butun turmush tarzini belgiladi. Diniy aqidalar asosida o'sha davrning qiyofasi kishilar ongida shakllanib madaniyatning o'ziga xos xususiyatini belgiladi. Koinot va osmon jismlarini dastlabki va boshlang'ich o'rnini Xudo (Olloh) belgilab, dunyo va insonni yaratuvchisi hamda barcha mavjudot xudoning (Olloh irodasining) ijodiy yaratuvchanlik natijasidir. Insoniyat tarixi davrlarning izchillik bilan takrorlanib turishi kabi namoyon bo'ladi, natijada davrlarning o'rin almashishi navbatdagi payg'ambarning kelishi bilan sodir bo'ladi. Payg'ambar jamiyatda buzg'unchilik va gunohlarni tuzatishda «ilohiy aralashuvchi»ning timsoli hisoblangan. Bu «xudoning elchilari» bo'lgan payg'ambarlar tarixidir. Xristianlikka ko'ra «elchilarning» so'nggisi «xudoning o'g'li» Iisus Xristosning yerga tushishi hisoblanib, uning chormix qilinishi bilan Yerda Xudoning hukmronligi boshlanadi. Islom dini bo'yicha Iisus faqat payg'ambarlardan biri xolos, oxirgi payg'ambar «payg'ambarlik tamg'asi» bo'lgan Muhammaddir. Kishilarga payg'ambarlar orqali oliy haqiqat ma'lum qilingan. Ya'ni, yaxshilik va yomonlik, nomukammal – takomilga muhtoj bo'lgan yerdagi ko'rinadigan tabiiy mavjudlik, bunda, yerdagi oliy hilqat inson ruhi bo'lib, u Xudo bilan birlashishga harakat qilishi lozim. Din – inson uchun namuna-mo'minlik, jafokashlik, ruhoniyat, gunohlarni yuvish ishtiyoqi, qutilishdir. Har kim, har doim nazorat ostidaligiga, o'zining Olamda zarradek ekanini his qilishi, bu ulkan Olamning o'ziga xos markazida sezilarli kuch harakatda bo'lishi, idrok qilib xudoning (Olloxning) e'tiborida ekanligiga iqror bo'ladi.
Din har xil milliy an'analarga ega bo'lgan turli xalqlarga arablar Sharqi va Yevropada kuchli bir sivilizatsiya yaratishi uchun birlashtiruvchi ibtido bo'ldi. Din madaniyatning siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, badiiy-barcha sohalariga o'z ta'sirini ko'rsatdi. Xristianlik Rim imperiyasida eramizning IV asrlarida uning g'arbiy qismi gullagan paytga kelib (er.476 y.) to'la shakllangan cherkov tizimi va qattiq intizomga asoslangan davlat dini tarzda qaror topdi. Cherkovning tayanchi bu paytda butun Yevropada keng tarqalgan va xristianlikni o'z dini sifatida qabul qilagan «yovvoyi» xalqlar (jumladan: gotlar, gallar, irlandlar va b.) tashkil etdi. Yevropa bo'ylab tarqalgan german, slavyan, turk qabilalari antik sivilizatsiyasini xarob etib yangi hayot tarzini qabul qildilar.
O'rta asr Yevropasi- bu agrar sivilizatsiya gullab yashnagan, natural xo'jalik hukmronlik qilayotgan tarixiy davr. Dehqonlar uncha katta bo'lmagan, bir-biridan ajralgan jamoalar shaklida yashar, ularni istak va manfaatlarini yildan-yil takrorlanadigan qishloq xo'jaligi bilan bog'liq tarzi belgilardi. Bunday xayot tarzida odamning tafakkur doirasi tor-manfaati doirasidan tashqari har qanday muloqotlarga ehtiyoji yo'q hisob bo'ladi. Bunda Yevropa tarkib topgan davlatchilikka ham hech qanday zamin yo'q edi. So'ngroq xristian cherkovi jamiyatni barcha tomonlarini siyosiy tashkilot shakliga keltirishning namuna asosini tashkil etdi. Tobe'lik munosabatlariga qurilgan feodal tabaqachilik asosida Cherkov iyerarxiyasi yotadi. (ruhoniylar-yepiskoplar-kardinallar-rim papasi), qirol xudoning vassali, saroy ayonlari-qirolning vassali, dehqon-saroy ayonining, ayol erkakning, uy hayvoni ayolning tosh va o'simliklar uy hayvonining vassali va bosh.”Toshdan Xudogacha” keng tarqalgan umumiy vassallik haqidagi g'oya ham Cherkovni qo'llab quvvatlagan. Musulmon Sharqida islom ta'limoti paydo bo'lishi bilan barobar teokratik boshqaruv shakli qaror topadi, bunda diniy va dunyoviy hokimiyat payg'ambar, keyin uning «o'rinbosarlari-xalifalar» qo'lida birlashgan.
V-VI asrlarda Arabistonda yangi dunyo qaror topaboshladi. Etnik va madaniy uyushish, integratsiya jarayoni kechib, yagona din, umumiy ong elementlari tarqala boshladi. Bu avvalgi xudolaridan xafsalasi pir bo'lgan arablarning ma'naviy-ruhiy izlanishiga turtki bo'ldi. Muhammadning payg'ambarlik faoliyati yagona ma'naviy-mafkuraviy va sotsial birlikka intilish yo'lida qonuniy jarayon bo'ldi. Islomiy e'tiqod 5 asosiy talabga tayanadi. Yagona Ollohni tan olish va Muhammadni uning payg'ambari deb bilish, namoz o'qish, ro'za tutish, beva-bechoralar yo'lida zakot berish, xaj ziyorati. Islomning ushbu 5 ahkomidan 4 tasi axloqiy-udum tabiatiga ega. Xususan, payg'ambar shaxsi u haqidagi ma'lumotlar nufuzi islom diniga betakror o'ziga xoslik, ma'naviy-ruhiy qudrat baxshida etdi va uni jahon tarixidagi muhim voqea, o'zida ilohiy va dunyoviy hokimiyatni mujassamlashtirgan musulmon davlatchiligining qaror topish tomirini belgiladi.
Din hayotni muqaddas shaklda tasvirlovchi g'oyalarni yaratdi: Falsafada- teologiya, adabiyotda-ilohiy, didaktik janrlar, yevropa musiqasida cherkov gimnlari-liturgiya va messa, tasviriy san'atda xristianlik syujetlari asosiy o'rin tutdi. Asosiy fanlar ilohiyot va sxolastika (o'rta asr falsafasida yunoncha shunday atalgan va bu atama fikr to'qish, dogmatizm, mazmunsiz, formal bilimni anglatgan). Ilohiyot olam va inson haqidagi o'z «ilmiy» manzarasini yaratdi. Koinot xususidagi ilmda Yer Olamning, Ierusalim dunyoning markazi degan qarash hukmronlik qildi. Inson majoziy tarzda mikrokosmos- tana-yer, qon-suv, nafas-havo, harorat-olov, ya'ni u boshlang'ich ibtidodan iborat deb qaraldi.
Asosiy mavzu-xudoni kuylash, Injil asotirlari, avliyolar xayoti, ruhiy-axloqiy poklanish, gunohdan, mag'firat bo'lish aqidalari edi. Musiqaviy madaniyat negizini cherkov qo'shiq-kuyi (liturgiya), musiqa, she'riyat va dramaturgiyani o'zida uyg'unlashtirgan cherkov tantanalari tashkil etdi. Me'morchilik va tasviriy san'at ilohiyatni unsiz targ'ib shakli tarzida namoyon bo'ldi. Xristianlik ehromlarini (Sobor) «savodsizlar Injili» deb bejiz aytmaganlar. Uning butun ifoda shakli- bino ichining xoch shaklidaligi, atrofning bezak-hashami, oddiy bandalariga munosib ko'rilmagan mehrob qismi, turli haykalchalar, mo'l bo'yoqli tasvirlarda aslida xristian ramzlari va xristianlik aqidalari ifodalangan. Bosh janr ikona bo'lib, u savodsiz omma uchun xudo bilan ruhiy-hissiy bog'lanish aloqa shakli sanalgan. Tasvirda xudoni bandalarining gunoh kechmishlari, ularni mag'firat etishga qaratilgan motamsaro ko'rinishi ifodalangan.
Islomda san'atga nisbatan qat'iy biryoqlama, diniy aqidalar timsoli ifodasini ko'ramiz. Bunda cherkov tizimini yo'qligi, har bir odamni Olloh bilan tanho muloqotining mumkinligi aholi manzillari, mahallalarda qurilishning ommaviy shakli-masjidlarni bino etilishi bo'lib, uning dastlabki namunasi Muhammad payg'ambar tomonidan Madina shahrida solingan masjiddir. Yuqori ma'lumotli musulmonlar orasida Yevropa mamlakatlaridagi universitetlardan ilgariroq oliy ta'lim maktab-madrasalari keng tarqalishini belgiladi. Musulmon adabiyotida ustivorlik qilgan she'riyatni rivojlanishida sufiylik katta rol o'ynaydi. Sufiylar o'zlarining chuqur hissiy-ruhiy holatlari, yaratuvchiga bo'lgan e'tiqodini tinglovchilariga yetkazish, individual ta'sir etish mahoratini namoyish etardilar. Islom tadqiqotchilardan bo'lgan. G. Gryunbaumning ta'kidiga ko'ra, tahliliy, ma'joziy boy ifoda vositalariga ega bo'lgan mukammal ifoda shakli, chuqur mazmun uyg'unligini o'zida mujassam etgan takbir imkoniyatlarini musulmon madaniyati doirasi hatto undan tashqarida topish mumkin emas. Sharqning barcha yirik Sakkokiy, Jomiy, Rumiy, Sa'diy, Xofiz, Nizomiy, Navoiy singari ijodkorlari sufiylikka u yoki bu tarzda aloqador bo'lganlar. Ilohiy haqiqat Olamning aldamchi ko'rinishi tarzda taxayyul etilganligi tufayli ham islom san'atda asl tasvir-ifodani inkor etgan (Kitobiy miniatyura bundan mustasno). Ayni paytda Islomda olamning mohiyati, asl hayot xaqiqatni naqshlarda muhrlangan belgilarida ifodalashga e'tibor qaratilgan. Mahobatli me'morchilik yodgorliklarini betakror go'zallik timsollariga aylantirgan, ixlosmandlarni nafaqat ko'zini, qalbini ham quvontiradigan murakkab geometrik shakllar (girix), o'simliklar shakli ifodasi (islimiy), qo'lyozma, amaliy bezak, san'ati naqshlari asosida islomiy ramz tasvirlari yotadi. Jumladan, uchburchak-Ollohning nazari, to'rtburchak-musulmonlarni Muqaddas manzilgoxi-Ka'ba, beshburchak-dinning 5 asosiy arkoni, jimjimador o'simliksimon shakl, va gullar-jannat bog'i-Bo'ston timsollaridir. Musulmon Sharqida san'atda diniy aqidalar o'ta izchilik bilan qo'llangan. San'atda kalligrafik miniatyurani istisno qilgan holda deyarli voqelikni tasvirlash ta'qiqlangan, tasvir ramziy shakllarda, naqsh sifatida ifodalangan.
Umuman, g'arbda ham Sharqda ham borliq Ilohiy « Oliy hukmdor»ning aksi sifatida idrok qilingan. Xudo (Alloh) tabiatdagi narsalarni yaratuvchisi sifatida va narsalarda uning qudrati namoyon bo'lish tarzida tushuniladi. Narsalarni mohiyatini bilish Xudoni (Allohni) tanishdir. Olamni bilish nazariy bo'lib, mashhur faylasuf, xususan Arastuning va teologlar asarlarida faqat borliqning tizimi sharhlangan. Barcha narsalardagi yashirin mazmunni topishga va fahmlashga harakat qilingan. Shundan boshlab o'rta asrlarda nafaqat alximiya va astrologiya, balki an'anaviy, majoziy matematika, jug'rofiya, filologiya va boshqa fanlar ham rivojlanib, aniq jug'rofiy muqaddas joylar bilan bog'liq (jannat, do'zax, arosat) sanalar, so'zlarning ramziy ma'nosini tushunishga harakat qilindi.
O'rta asrlarning ilohiyotga oid muammolaridan biri idrok va e'tiqod masalasi hisoblanadi. g'arbda bu bir tomondan, e'tiqodni idrokdan mustaqil, mutloq ustun deb biluvchilar (Bernar Klervosskiy, Anselm Kenterberiyskiy) va boshqalar tomondan diniy aqidalarni asoslashda idrokning rolini e'tirof etuvchilar (Boetsiy, Abelyar, Siger Brabantskiy) o'rtasidagi munozaralarda ifodalanadi. Agar –birinchilar Avgustinning «Anglash uchun ishonaman» degan iborasini shior qilib, e'tiqodni zakovatdan ustun ekanligini asoslashga uringan bo'lsalar, ularning muxoliflari Per Abelyarning «Ishonish uchun anglayman» so'zini shior deb bilganlar. XIII asrda Foma Akvinskiy «Oltin oraliq»ni topish – zakovat orqali e'tiqodni qisman asoslashga urinib, aslida arab Sharqining «Ikki haqiqat» to'g'risidagi (dualizm) nazariyasini e'tirof etdi. Ikki haqiqat g'oyasini falsafa olami haqida o'z haqiqatini, din Xudo haqida o'z haqiqatini beradi, deb S. Brabantskiy asoslagan edi. Binobarin haqiqatning diniy va falsafiy talqini qiyoslanib anglanmog'i lozim.
Shuningdek, musulmon Sharqida xam islom e'tiqodidagilar va sufizm vakillari o'rtasida murosasiz to'qnashuvlar sodir bo'ldi. Haqiqatni bilishni inkor qiluvchilar va haqiqatga muroqaba yo'li bilan yaqinlashish mumkin deyuvchilar (Al-Ashiriy, G'azzoliy, Junaydiy, Bistomiy) hamda aqliy bilishni ustun qo'yuvchi mashhur faylasuflar Farobiy, Ibn Sino, Beruniy) ta'limoti vujudga keldi. Yevropa madaniyatida bu munozaralar natijasida idrok va e'tiqodning ajralishi sodir bo'ldi. Uilyam Okkam (XVI asr)-e'tiqod va idrok, falsafa va din o'rtasida hech qanday umumiylik yo'q, bo'lishi ham mumkin emas, demakki, ular mutlaqo bir-biridan mustaqil tushunchalar ekan, bir-birini nazorat qilmasligi kerak deb, asoslaydi. Bu g'arbda oliy qudrat sifatida ayniqsa, «XVII asr ilmiy inqilobi» davrida tabiiy inson idrokini o'stirishning katta g'alabasi uchun turtki bo'ldi.
Musulmon Sharqida boshqacharoq yo'nalish ustunlik qildi. Bunda ilm, idrok har doim faqat ma'naviy yuksalish yo'lidagi bosqich sifatida qaralgan, idrok va ilm boshqa maqsadga qaratilishi mumkin emas. Shuning uchun ham IX-XVI asrlardagi arab tiliga asoslangan tajriba fanlari va falsafa taraqqiyotidagi katta yutuqlarning barchasi dindan ajralmagan holda sodir bo'ldi, ilmning bosh vazifasi hayot uchun zarur hisoblangan ma'naviy asosni qidirishda davom etgan.
G'arb va Sharq mamlakatlarining diniy madaniyatlarida sezilarli farqlar ham mavjud.O'rta asr Yevropasida cherkovning ahamiyati alohida o'rin tutadi. Cherkov xudo va inson o'rtasidagi vositachi bo'lib, faqat u insonning ruhini iloxiy «mo'jiza» yordamida xalos qilishi mumkin (cho'qintirish, tavba, nikoh udumlarida). Cherkov, o'zining yozma an'analariga ega bo'lmagan Yevropadagi qabilalar uchun bilimlarni to'plovchi va saqlovchi joy bo'lib, ta'lim tizimining shakllanishida, jamiyatning ijtimoiy tuzilishida, huquqiy va axloqiy mezonlari shakllanishida muhim rol o'ynadi. Islomiy an'analarning asosiy o'ziga xosligi shundaki, uning negizi diniy va dunyoviy, ilohiy va oddiy tafovutga ajratmasdan, mutloq «sof diniy» mazmunda ekanligidir. Islomda hech qachon xristianlikdagi diniy aqidalarni qonunlashtiruvchi Vselensk sobori kabi institutlar bo'lmagan. Islomdagi teokratik ideal davlat bilan bir qatorda turuvchi alohida diniy institutning (cherkovni) mavjud g'oyalari bilan muvofiq kelmagan. E'tiqod aqidalarini ishlab chiqish va sharhlash davlat yoki diniy muassasaning, xalifalarning sud qilish ishlariga kirmagan. Jamoatchilik fikrining shakllanishi xususiy shaxslar, diniy arboblar (ulamolar) zimmasida bo'lib, ularning obro'yi diniy bilimlarga asoslangan. Din masalalari bo'yicha o'z fikrini bildirish huquqiga har bir musulmon ega bo'lgan, faqat u Qur'on va hadisga zid bo'lmasligi lozim edi.
Xristianlik shaxsning bir qadar maishiy mustaqilligini ta'minladi. Diniy va dunyoviy ibtidoning bir qadar mustaqilligi xususida Injilda shunday deyilgan: «qaysarga hokimiyat, taqvodorga esa Xudoni bering». Islomda kishi faqat va so'zsiz Xudoga tegishlidir. Musulmon kishi islom buyurganicha fikr yuritadi, shunga muvofiq «din» va «mentalitet» tushunchalarini ajratish mumkin emas. Agar xristian uchun injilga madaniyat yodgorligi sifatida munosabat bildirishi mumkin, musulmon uchun Qur'on biron-bir madaniyatga qiyos qilib bo'lmaydigan, ilohning beqiyos timsoli, balki sifatidir. Xristianlikda «qism» va «butun»ning maqsadi o'zaro munosabatda bir-birini taqozo qiladi (dindor va cherkovning, individ va umumning), o'z iroda kuchidan xoli bo'lganidek, cherkovdan tashqarida shaxsiy najot mumkin emas. Islomda alohida individning taqvodorligini uning qanchalik shaxsiy zohidligi emas, umma(musulmonlar qavmi) ishlarida shunchalik qat'iy yo'l-yo'riq asosida ishtiroki belgilaydi, busiz najot topishi mumkin emas, ya'ni islomda ayrim butunga qo'shilgan kabi seziladi.Diniy va dunyoviy asosdagi bir qadar avtonomiya oqibatda dunyoviy hokimiyat va cherkov o'rtasida kurashni keltirib chiqardi. Yevropada butun o'rta asrda davom etgan bu kurash Reformatsiyani vujudga keltirdi. Reformatsiya jarayonida (XVI asr) Yevropada ruhoniylar guruhisiz (ilohiyat xizmatchilari) yangi cherkovlar vujudga keldi. Dindorlar o'z oralaridan va'zchilarini belgilaydilar, hashamatli an'analardan voz kechadilar va o'z ibodatlarida to'g'ridan-to'g'ri xudoga murojaat qiladilar. Islohiy cherkovlar dunyoviy alomatlarga ega bo'lib siyosiy hokimiyat izmida bo'ladilar. Reformatsiya Yevropa xalqlarining milliy madaniyatlar rivojiga, milliy tillarni qaror topishiga sharoit yaratdi, jumladan, Martin Lyuter Injilni lotinchadan nemischaga tarjima qildi. Islom siyosiy madaniyati «maslahatli demokratiya» shaklini yaratdi,Xalifalik tamoyili Qur'ondagi uchta qoidaga binoan yaratildi. Ulardan birinchisi hukmdorni o'z fuqorolari bilan «maslahatlashishini» va umumning fikrini inobatga olib qaror qabul qilishni talab qiladi, boshqasi boshqarishni va munozaralarni adolat bilan hal qilishga chaqiradi, uchinchi qoida esa «Allohning elchisiga» dindorning bo'ysunishini talab qiladi. Xalifa monarx ham, despot ham emas, uning boshqa musulmonlardan farqi, faqat e'tiqodni avaylash va shariat me'yorlarini bajarish uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olgan shaxs.
Xalifa hokimiyatni meros tarzda olishi va qoldirishi mumkin emas. Xaliflikka da'vogar va jamoat o'rtasida kelishuv-mubayi asosida xalifa hokimiyatni olishi mumkin. U barcha musulmonlar jamoasidan yoki ularning taniqli vakillari bo'lgan-mujaxitlar tomonidan saylanadi. Har bir musulmon singari xalifa ham musulmon huquqi me'yorlariga to'la bo'ysunushi va har qanday nojo'ya hatti-harakati uchun javobgarlikka tortilishi mumkin. Islom tadqiqotchilari ta'kidlashicha, xalifa haqidagi shartnoma – mubayi ko'p asrlar davomida «jamiyat shartnomasi»(J.J. Russo) g'oyasini ifoda etib keldi.Yevropada Cherkov qadimgi yozuv sirlarini saqlab kelgani uchun uzoq vaqt ta’lim sohasida monopoliyaga aylanib qoldi. O'rta asrlarda Yevropaning ko'p aholisi, shu jumladan yuqori tabaqalar ham savodsiz edi. Ko'p ritsarlar o'zining savodsizligidan fahrlanib, o'qish va yozishga ehtiyoji yo'qligi, bu vazifani mirzo va monaxlar bajaradi deb hisoblaganlar. Yevropada shaharlarning qayta tiklanib, rivojlanishi Cherkovning ta'lim va ilm sohalaridagi monopoliyasiga chek qo'ydi. X asrdan boshlab savdogar va hunarmandlar bolalari uchun dastlab dunyoviy maktablar, keyin universitetlar paydo bo'ldi.
Musulmon Sharqida bu jarayon bir oz boshqacha kechdi. Har bir e'tiqodli mo'min-musulmon arab tilini bilishi va Qur'onni o'qiy olishi farz bo'lgan. Qur'onni xatga bitilishi jarayonida arab tilining ham taraqqiyoti boshlanadi. VIII asrda As-Sibavayxiy arab grammatikasiga oid asar yozadi, XIII asrda arab tilining ikkita lug'ati yaratildi, bu As-Sag'aniyning lug'ati va Ibn-Manzuriyning «Arablar tili» lug'atlaridir. VIII-XI asrlarda qadimgi Yunon olimlarining deyarli barcha asarlari, shuningdek, hind, shom va fors mualliflari asarlari ham arab tiliga tarjima qilingan. Falsafa, astronomiya, matematika, tibbiyotga oid ilmiy atamalar deyarli ishlab chiqiladi. Arab tili o'rta asrlardagi eng taraqqiy etgan tillardan biri bo'lishi bilan birga, Hindistondan to Ispaniyagacha bo'lgan xalqlarni birlashtiruvchi xalqaro muomala til bo'lib hisoblangan.
Musulmon madaniyatining o'ziga xos xususiyatlaridan biri ilm va kitobga muhabbatdir.Yangi arabiy janr-adabning shakllanishi bilan ilmga bo'lgan ishtiyoqni qondirib, turli fanlarning mazmunini ommabop shaklda ifodalash imkoni yaratildi. Ta'lim olish huddi qadimgi Xitoydagi kabi nufuzga ega bo'ldi. Musulmon Sharqida ma'lumotli kishi hokimiyatning eng yuqori pog'onasiga chiqishida oqsuyaklar bilan teng turgan. Ko'pincha Sharq hukmdorlari saroyida shoirlar, faylasuflar, ilohiyotchilar, tarixchilar, qonunshunoslar, tabiblar, mirzolar, munajjimlar saroy xizmatchisi sifatidaga ma'lumotli kishilarga katta ehtiyoj bo'lgan. Ma'lumotli kishi grammatikani, ritorikani, geografiyani, tarixni yaxshi bilishi, kiyinishni farqlashi, she'r yozish qobiliyatiga ega bo'lishi, o'z joyida askiya, hikoya ayta bilishi, zarur bo'lgan. Turli xil ta'lim tizimi: diniy ta'lim beruvchi maktab va madrasalar, shuningdek, dunyoviy ta'lim-xususiy maktablar rivojlanadi.
Diniy madaniyat umuminsoniy madaniyat taraqqiyotining eng muhim davri hisoblanadi. O'rta asrlar davrida davlatchilik, millatlarning yangi shakllari vujudga kelishi yuz beradi, hozirda muomalada bo'lgan tillar shakllanib, ta'lim va fan tizimi yanada taraqqiy etadi. Fanning turlari va uslublari zamonaviylik kasb etib bordi.
A.Gumbold aytgani kabi, arablar «tabiiy fanlar ijodkori» bo'lib, ular tajriba va me’zon yo'liga asos soldilar. IX-asrda musulmon Sharqida rasadxona quriladi; yulduzlarning aniq joyi belgilangan katalog tuzildi; geometriya, trigonometriya, optika, alximiya, mexanika, tibbiyot, jug'rofiya sohalari bo'yicha ko'plab asarlar yozildi. Ulug' alloma Al-Xorazmiy matematikaning yangi tarmog'i bo'lgan algebraga asos soldi. Buyuk Sharq olimlari Xorazmiy, Farobiy, Ibn sino, Ibn Rushdiy kabi ko'plab alloma asarlaridan Yevropaning yangi avlod olimlari ta'lim oldi. Tabiatni ratsional anglash an'analarni o'zlashtirib va yanada takomillashtirib, XIII-asrda R. Bekon induktiv mantiq usulini yaratadi hamda ilmiy idrokninig bosh usuli sifatida malaka va tajribani tasdiqlaydi.
VI-XVI asrlarda badiiy qadriyati yuksak yodgorliklar yaratildi:Al-Hamrodagi Saroy, Qurdoba, Jazoir, Sammadra, Dehlidagi masjidlar, Reyms, Parijdagi gotika uslubidagi soborlar, Istambuldagi Avliyo Sofiya ibodatxonasi; ajoyib ikona va haykaltaroshlik asarlari, kalligrafiya va kitob miniatyurasi, ayniqsa Sharqda she'riyat yuksak darajada taraqqiy etadi. Bu sohalarda asosiy g'oya yaratuvchilik, hayotbaxshlik bo'lib, Muhabbat va Idrok ijtimoiy taraqqiyotning bosh harakatlantiruvchi kuchi sifatida e'tirof qilinadi. Ilohiy ishq va payg'ambar she'riy san'at va shoirlarning asosiy mavzui bo'lib qoladi. Bu janrlar aniq badiiy shakl kasb etib, keyingi asrlar badiiy madaniyatining mazmunini boyitdi.
Bu davrning muhim badiiy yutuqlari qatoriga aholining barcha qatlamlari e'tirof etgan madaniyat qadriyatlarni qo'yish mumkin. Xristian va Islom dinlari boy va kambag'alni, kuchli va ojizni turli irqdagi va turli ijtimoiy guruhlarni bir-biridan ajratmaydi. Barcha e'tiqod qiluvchilar uchun umumiy axloq mezonlari: mo'minlik, tavba, yaxshi va rahm shafqatli bo'lish, gunoh qilmaslik kabilar mavjud. o'rta asrlarda umum e'tirof qilgan axloqiy me'yorlarning mustahkamlanishi umuminsoniy xulq va axloq mezonlarini ishlab chiqishda katta ahamiyatga ega bo'ldi.
O'rta asrlar madaniyatining ko'p qirrali ekanligi yuqorida ta'kidlangan edi. Bu davr madaniyati ijodkorligi jarayonida ilk marta aholining barcha tabaqalari ishtirok etib,har bir qatlam o'zining madaniyatini yaratadi va o'z navbatida an'anaviy madaniyat sifatida jamiyatning ma'lumotli, yuqori qatlamining madaniyatigina namoyon bo'ladi. Ruhoniylar inson ruhiyati, ritsarlar davlat ishlari bilan mashg'ul bo'ldilar. Agar birinchilarning ideali bu dunyo farog'atlaridan batamom foriq bo'lib mangu haqiqatga erishish istagi bo'lsa, ikkinchilarining ideali kelib chiqish nufuzi, bahodirlik, sobit so'z, burch haqida qayg'urish, dunyoviy jasoratlarga hamisha tayyorlikdir.Ana shunday ritsarlik fazilatlari «Nibelunglar qo'shig'i» (Germaniya), «Roland haqida qo'shiq» (Fransiya), «Sid haqidagi qo'shiq» (Ispaniya)) dostonlari va turbadurlar lirikasida kuylangan. Oddiy xalq-dehqonlar va shaharliklar yuqoridagilarga muxolifatda edi. Dehqonlar orasida xristianlik qarashlarning ta'siri o'taboshlagan qadimgi dinlarga xos tasavvur, an'ana va rasm-rusmlar saqlanib qoldi. Dehqonlar xalqona madaniyatning konsevatizmi tufayli dastlabki dinlarning xudolari, afsonaviy qahramonlari haqida xikoya qiluvchi (Islandlarning «Kukilinlar haqida Saga», inglizlarning «sovular»i, skandinaviyaliklarning «Edda»si) singari qadimgi ertaklar, asotirlar, qo'shiq, odat va udumlar saqlanib keldi. Shahar hayoti odamlarda faollik, hisob-kitobda aniqlik, ishbilarmonlik ratsional tafakkur tarzini shakllanishiga turtki berdi. Shaharliklar orasida ilm, ma'rifatga intilish boshqa tabaqalar mezonlariga tanqidiy yondoshish ruhiyati uyg'ondi. Yirik asarlar (Ai xaqida roman), ixcham hikoyalar (novella, fabio, shvanklar)da ruhoniylar va ritsarlarning takabburligi, dangasaligi, nafsibuzuqligi hajv etildi, shaxarliklarning saxovati va mehnatsevarligi ulug'landi.
O'rta asr Sharqi madaniyatida tabaqaviy submadaniyatlar emas, ikki yirik madaniyat-shahar va ko'chmanchilar madaniyati ajralib turadi. Shahar sharoitida «Yusuf va Zulayho», «Layli va Majnun», «Lubna va Qays» singari dostonlar turli poetik shakl va janrdagi (qasida, masnaviy, g'azal, madhiya, ruboiy makom) adabiy asarlar, hikoya va ertaklar to'plamlari, (1001 kecha ertaklari, Kalila va Dimna) latifa va rivoyatlar yaratildi. Miniatyura bezagiga boy kitoblar, musiqa san'ati va raqsining xilma-xil janrlari xalq orasida keng tarqaldi.
Ko'chmanchilar orasida turli musiqa asboblarida kuyga solib aytiladigan (baxshi va oqinlar tomonidan) xalq og'zaki ijodining yirik badiiy shakllari- epos, dostonlar yaratish ustuvorlik qildi. Shahar, ritsarlik, dunyoviy, monaxlik va so'fiylik kabi submadaniyatlarning paydo bo'lishi madaniyatni sezilarli boyitdi, yanada rivojlanishida ko'plab yo'nalishlar yaratdi hamda Renessans (Uyg'onish) deb atalgan yuksak taraqqiyotga zamin tug'dirdi.
Uyg'onish davri tadqiqotchilar asarlarida turlicha baholanib, turlicha yondoshuvlarga sabab bo'ldi. Xususan, Uyg'onish yo'nalishi umumjahon jarayoni sifatida Xitoyda VII-VIII asrlarda boshlanib, IX-XII asrlarda Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqni qamrab oldi, XIV-XVI asrlarda Yevropada takomiliga yetdi. Shuningdek, tadqiqotchilar Uyg'onish davrining bosh maslakdoshi haqiqiy gumanizm bo'lganligini bir ovozdan e'tirof qiladilar. Xitoyda «insonparvarlik» so'zining sinonimi «jen», Sharqda «odamiyat» atamalari hisoblanadi.Uyg'onish davri tadqiqotchilar asarlarida turlicha baholanib, turlicha yondoshuvlarga sabab bo'ldi. Xususan, Uyg'onish yo'nalishi umumjahon jarayoni sifatida Xitoyda VII-VIII asrlarda boshlanib, IX-XII asrlarda Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqni qamrab oldi, XIV-XVI asrlarda Yevropada takomiliga yetdi. Shuningdek, tadqiqotchilar Uyg'onish davrining bosh maslakdoshi haqiqiy gumanizm bo'lganligini bir ovozdan e'tirof qiladilar. Xitoyda «insonparvarlik» so'zining sinonimi «jen», Sharqda «odamiyat» atamalari hisoblanadi.
Uyg'onish davri madaniyati- diniy madaniyat taraqqiyotining va yangi texnika madaniyati rivojining ko'prik bog'lovchisidir.
|