|
Geoaxborot tizimida qoʻllaniladigan ekspert tizimlarning turlari
|
bet | 127/142 | Sana | 21.12.2023 | Hajmi | 9,82 Mb. | | #126251 |
Bog'liq Ma’lumotlarni voqea, hodisa, faoliyat yoki undagi tafsilotlar bi Geoaxborot tizimida qoʻllaniladigan ekspert tizimlarning turlari
Ekspert tizimlar (ET) tushunchasi GATdagi ma’lumotlar bazasi ma’lumotlarni qayta ishlash jarayonida usullarni takomillashtirishidan keyin paydo boʻla boshladi. Bu tizimlar ma’lumot inson tarafidan bajariladigan qayta ishlash jarayonini avtomatlashtirish natijasi hisoblanadi.
Oxirgi yillarda GAT texnologiyalariga keng masshtabda ekspert tizimi jalb qilinmoqda. Ekspert tizimni soddaroq tarzda “qoʻllanilish sohasi qisqa boʻlgan aniq masalani hal qiluvchi sun’iy intellekt” deb tushunishimiz mumkin. Ya’ni ekspert mutaxassis oʻrniga dastur tizimda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarni dasturlangan bilimlar asosida hal qiladi. Faqatgina ekspert tizimga qisqa ma’lumotlar va buyruqlarni kiritib qoʻyish va algoritmlar ham mos holda qisqa boʻlishi zarur. Bu yerda bilim deganda inson faoliyati yoki fanda ishlatiladigan faktlarning umumiy yigʻindisi tushuniladi. Ma’lumot aniq roʻyxatga olingan faktlar asosida boʻlib, bu ma’lumotlar asosida biz bilim olamiz. Ekspert tizimlarning ishlab chiqilishidan koʻzlangan maqsad, avvalambor, hozirgi axborot texnologiyalari rivojlanish zamonida paydo boʻlayotgan ulkan miqdordagi va turli xil axborotlardir. Bu, oʻz navbatida, axborotlar qayta ishlanishi va tahlilini avtomatlashgan tizimga oʻtkazish zaruriyatini yuzaga keltirmoqda. Yuqorida ta’kidlanganidek, ekspert tizim boshqa avtomatlashgan tizimlardan oʻzining yuksak intellektga ega ekanligi va belgilangan boʻlim
muammolarini hal qilishga moʻljallanganligi bilan ajralib turadi.
GATni samarali ishlatish va rivojlantirish yuqori darajali avtomatlashtirish va ekspert tizimlarni qoʻllash orqali amalga oshirilishi mumkin. Ekspert tizimga ta’rif beradigan boʻlsak, u axborot tizimining bir sinfi boʻlib, foydalanuvchi yoki mutaxassisning buyrugʻisiz yoki amallarisiz oʻzida mavjud boʻlgan bilim, ma’lumot va algoritmlar asosida geografik ma’lumotlarni tahlil qilish, qaror qabul qiish va tasniflash ishlarini amalga oshiruvchi avtomatlashgan tizimdir. ET kirayotgan axborotni sinflarga ajratib, ularni kerakli formatlarga oʻtkazishi va mos oʻrinlarga tayinlashi ham zarur.
Ekspert tizimning ishlashi uchun uning bazasiga ma’lumotlar ikki tamoyil boʻyicha kiritilishi mumkin: yuzaki va chuqurlashtirilgan. Birinchi tamoyil boʻyicha ma’lumotlar ma’lum qonun-qoidalar asosida kiritilsa, ikkinchisida ramkalar yordamida kiritiladi.
GATdagi quyidagi masalalar ekspert tizim yordamida hal qilinadi:
videotasvirlarni qayta ishlash;
rastr formatdagi tasvirlarni vektor grafik modelga oʻzgartirish;
kartografik axborotlarni qayta ishlash;
turli turdagi axborotlarni qayta ishlash;
obyekt yoki ma’lum joyning modelini qurish;
GAT modellarini tahlil qilish;
geoinformatika asosida qaror qabul qilish.
GAT turli xil qiyin ma’lumotlar bilan ishlaganligi uchun sun’iy intellekt va ekspert tizimlarni jalb qilishda juda qulay muhit hisoblanadi, shu bilan birga ekspert tizimlarga boʻlgan ehtiyoj ham ulkandir. Ekspert tizimlar nafaqat GAT tizimida, balki boshqa tizimlarda ham muvaffaqiyatli qoʻllanilishi mumkin. GATda ekspert tizim kartalarni tasvirlashda, kartadagi kerakli belgilarni ajratib olishda, mavzuli kartalar hosil qilishda, qaror qabul qilishni qoʻllab-quvvatlashda qatlamli strukturalarni yaratish kabi vazifalarni bajaradi.
GAT uchun moʻljallangan ekspert tizimni uch guruhga ajratish mumkin:
Axborot toʻplashda – skanerlangan kartografik tasvirlarni qayta ishlash jarayonida belgilarni aniqlashning avtomatlashgan ekspert tizimi qoʻllaniladi.
Modellashtirishda – aniqlangan ma’lumotlarni qayta tekshirishni avtomat- lashtirish tizimida qaror qabul qilish jarayonida foydalanuvchilar soʻrovini tahlil qilish avtomatlashgan ekspert tizimi qoʻllaniladi.
Ma’lumotlarni tasvirlashda – kartalarni generalizatsiyalash, joy nomlarini kiritish va boshqa bosma ishlarning avtomatlashgan ekspert tizimi qoʻllaniladi.
Quyida GATda qoʻllaniladigan ekspert tizim uchun ishlab chiqilgan dasturlar toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtamiz:
MAREX – raqamli chiziqli ma’lumotlarni avtomatik ravishda generalizatsiya qilish uchun moʻljallangan dastur. Ma’lumotlar 1:24000 masshtabda generalizatsiya qilinadi.
AUTOMAP – joy nomlarini kiritish uchun qoʻllaniladigan avtomatik tizim dasturi. Bunda ma’lum jarayon va shartli belgilar asosida mantiqiy usullar yigʻindisining bilimlari qoʻllaniladi. Dasturga 30 ga yaqin aniq bilimlarning
yigʻindisi kiritiladi va ma’lumotlar bazasida saqlanadi. Birinchi navbatda joyning elementlari aniqlanadi, keyingi bosqichda nuqta va chiziqlarning xususiyati belgilanadi.
GATdagi foydalanuvchilar sonini kengaytirish maqsadida maxsus ET yaratilmoqda va ular:
LOBSTER – fazoviy ma’lumotlar bazasi bilan ishlashga moʻljallangan foydalanuvchining intellektual interfeysi;
KBGIS – ulkan miqyosdagi geografik ma’lumotlar bazasida zarur boʻlgan ma’lumotlarni tezlikda izlash va topishni avtomatlashtirish dasturi;
SRAC ‒ fazoviy ma’lumotlarni toʻplash uchun ishchi stoli. Geografik ma’lumotlar bazasiga soʻrov aniq tilda amalga oshiriladi.
Geografik masalalarni hal qilish uchun bir qator ET lar ishlab chiqilgan:
ASPENEX – GAT yordamida oʻrmonchilik sohasida oʻrmon turlarini nazorat qilish uchun;
EXSYS – foydalanuvchi uchun interfeys, baza qonun-qoidalari va dasturlar orasidagi bogʻliqlikni ta’minlash uchun;
URBYS – shaharsozlikni hududiy rejalashtirish va tahlil qilish uchun;
AVL 2000 – avtotransportning joylashgan joyini avtomatik ravishda aniqlash va uning navigatsiyasi uchun real vaqt davomida global navigatsiya tizimi ma’lumotlari asosida ishlaydi;
GEODEX – yerdan foydalanishni baholash uchun ishlatiladi. Bu dastur geografik ma’lumotlar asosida yer uchastkalaridan foydalanuvchilarning uchastka chegaralari joylashuvini mantiqiy buyruqlar asosida tahlil qilib, toʻgʻri yoki notoʻgʻri joylashganligini koʻrsatib beradi;
EIA Ekspert –atrof-muhit ta’sirini baholash amallari bajariladi.
Ekspert tizimlari mantiqiy algoritmlar asosida ishlaydi va ularga “AGAR”
….. boʻlsa, “KEYIN” … boʻlishi kerak mazmunidagi mantiqiy buyruqlar toʻplami kiritiladi. Masalan, Mekong tizimining qonun-qoidalari yoki mantiqiy amallari toʻplami 1000 guruhlangan qoidalardan iborat.
Yuqoridagi ET lardan tashqari, konsultativ ET lar sinfi ham mavjud. Bu tizimlar qaror qabul qilish jarayonini yaxshilash, geoinformatsion bilimlarni qonun-qoidalar asosida shakllantirish va ma’lumotlardagi mavhumliklarni bartaraf qilish boʻyicha koʻrsatmalar beradi.
Ekspert tizimdan samarali foydalanish uchun bu tizimni barcha holat va jarayonlar uchun ishlatib boʻlmaydi. Buning sabablariga toʻxtaladigan boʻlsak, ular uch turga boʻlinadi, ya’ni ET ni yaratayotgan paytda quyidagi uch muammoga duch kelish mumkin:
dastur xotirasiga toʻliq axborot kiritishni ta’minlash;
tizimning toʻla va sifatli ishlashi uchun yetarli boʻlgan baholash ishlarining kamligi;
hal qilinayotgan va tahlil qilinayotgan natijalarning ehtimollik xarakteridan kelib chiqib notoʻgʻri boʻlib qolishi.
|
| |