“Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirishga oid
qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida “Davlat organlari, xo‘jalik
boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va tashkilotlari matbuot xizmatlarining
jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorligi yetarli
darajada yo‘lga qo‘yilmagan”i qayd etilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar
agentligi
zimmasiga davlat organlari va boshqa tashkilotlarga ular faoliyatining ochiqligini
ta’minlashda, davlat xizmatchilariga ommaviy axborot vositalari bilan ochiq,
ommaviy o‘zaro hamkorlik qilish madaniyatini singdirishda, shu
jumladan,
ularning Axborot xizmatlari (jamoatchilik bilan ishlash bo‘yicha bo‘linmalari)
faoliyatini muvofiqlashtirish va uslubiy jihatdan ta’minlash orqali ko‘maklashish
vazifasi ham yuklatildi. Bu vazifalar to‘la-to‘kis bajarilishi uchun avvalo har bir
vazirlik, idora, muassasa va tashkilotning Axborot xizmatlari ham mas’uldirlar.
Axborot xizmatining asosiy vazifalaridan biri – tashkilotning jamoatchilik bilan
aloqalarini rivojlantirishdan iborat ekan, bunda ommaviy axborot vositalarining
davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati ustidan
jamoatchilik hamda
parlament nazoratini ta’minlash, davlat va jamoatchilik o‘rtasida mustahkam aloqa
o‘rnatish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Yurtimizda OAVning samarali
faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratish, fuqarolarning
axborotni erkin va moneliksiz olish hamda foydalanish huquqlarini amalga
oshirish, axborotning muhofaza qilinishi, shaxs, jamiyat va davlatning axborot
borasidagi xavfsizligini ta’minlash yuzasidan
keng qamrovli ishlar amalga
oshirilmoqda. Sohadagi izchil islohotlar jarayonida davlat hokimiyati va
boshqaruvi organlari, barcha vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlarida axborot
xizmatlari tashkil etilib, ular faoliyati davr talabi asosida yo‘lga qo‘yilmoqda.
Turli idora va tashkilotlar tomonidan muntazam ravishda dolzarb mavzularda
matbuot konferensiyalari, brifinglar o‘tkazilishi, bunda jamoatchilik bilan
muloqotning interfaol usullaridan
keng foydalanish, tegishli ma’lumotlarning
maxsus veb-saytlarda joylashtirilishi aholining axborot olishga bo‘lgan ehtiyojini
qondirishga xizmat qilmoqda. Ayni paytda bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada
samarali tashkil etish, davlat va jamoat birlashmalari axborot xizmatlari, media-
tuzilmalar ishini
faollashtirish, soha mutaxassislarining bilim va ko‘nikmalarini
muttasil oshirib borish dolzarb ahamiyatga ega.
Axborot xizmatlarida asosan shu soha siru-sinoatlaridan boxabar jurnalistlar
faoliyat ko‘rsatishadi. Ular ham OAV xodimlari kabi asosan axborot to‘plash va
tarqatish bilan shug‘ullanadi. Axborot xizmati xodimi o‘qimishli bo‘lishi zarur.
Ya’ni, aytmoqchi, yozmoqchi bo‘lgan har bir fikrini avvalo ishonchli manbalardan
o‘qib-o‘rganishi maqsadga muvofiqdir.